OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Choi Xi Su. Sajdagohimsiz, otam (hikoya)

Birinchi farzandim o'lik tug'ilgan o'sha daqiqalardan buyon men uchun hayot ma'nosini yo'qotdi. Buning ustiga erimning achchiq va alamli yig'isi yuragimga o'qdek qadaldi. O'g'lim bir soniya bo'lsa-da, bu olam yorug'ligini ko'rolmasdan, ota-ona mehriga to'yolmasdan meni tashlab ketdi.

Bolam uchun sotib olgan jajji kiyimchalarga tikilib, ko'zlarimda yosh qalqiydi. Har doim nimalarnidir xayol suradigan, parishonxotir bo'lib qoldim. Ich-ichimdan zil ketib, oxir-oqibat to'shakka mixlanib qoldim. Kechasi tushlarimga nuqul o'tgan yili olamdan o'tgan onam, kechagina ayrilganim farzandim kirib, alaxsirab chiqdim. Ko'zimni ochsam, tepamda erim o'tiribdi.

-Nima bo'ldi?- dedi erim ma'yus nigoh tashlab. Keyin ichimdagini uqdi, shekilli, qo'shib qo'ydi:
- Ko'p o'zingni siqaverma.

Razm solib qarasam, otam ham kelibdi. U eshik yaqinidagi qiyshiq stulchada bazo'r o'tiribdi. Meni o'ylab, qalban qiynalayotgani, yordam berishga ojizligidan nima qilishni bilmay xayronligi yuzidan sezilib turardi.

- O'zingni qo'lga ol,- dedi u bir nuqtaga tikilgancha. Lekin gap menga tegishli ekanligini sezdim...

Kechga yaqin bosh ko'tara olmaydigan darajada yotib qoldim... Bolam yuklagan qayg'u meni adoyi tamom qilayozgan edi. Otam qo'lida allaqanday dori bilan kirib keldi. Rangsizlanib qolgan piyolada iliq suv va dori tutdi:

- Mana shuni ichib ol, bolam.

O'lgan farzandimni yuragimga ko'mgan, shuning uchun negadir bo'g'zimga yig'i tiqilaverar edi. Jonxolatda dori va piyolani irg'itib yubordim:
-Ichmayman!!! Ichmayman!!! Ichmayman!!!

Yoshligimdan mening erkaliklarimga ko'nikib qolgan otam indamay qo'ya qolar edi. Bu safar negadir qahrli o'tkir nigoh bilan qaradi.

- O'g'lingning orqasidan ketmoqchimisan!!!- dedi baqirib. Men otamni bunaqa holatda umuman ko'rmagandim. - Nima men o'ylamayapmanmi o'g'lingni... Senga o'g'ling kerak, bilaman... Lekin sen ham mening farzandimsan. Mengayam sen keraksan, tushundingmi? Sen meni ham o'yla... O'rningga meni qo'yib ko'r...

Bir so'z demay o'zimni otamning bag'riga otdim. Bolaligimda otam meni ko'targanda dimog'imga kuygan yog' hidi urilar edi. Hozir ham "qadrdon hid"ni tuydim.

- Meni o'yla, bolam... Sening qiynalayotganingni ko'rib, tomoshabin bo'lib turolmayman,- bu safar otam yumshadi. - Siqilma. Hali bag'ring bolalarga to'lib ketadi. Bolalaringga o'zim buvalik qilaman...

Ko'nglim buzilib ketdi. Otamning yelkasiga bosh qo'yib, yum-yum yig'ladim. 
- Otajon!!!

Shu kundan boshlab, tushlarimda otamning o'sha qahrli qiyofasi namoyon bo'ladigan, meni ko'nglimni ko'taradigan bo'ldi.

"Nima bo'lsa ham meni o'ylaydigan otajon! Siz mening sajdagohimsiz! Siz oltindan-da bebaho keragimsiz!"

Otabek Yo'ldoshev tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.