OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dino Butssati. Yetti qavat (hikoya)

Bir kecha-kunduz poezdda silkina-silkina toriqqan Juzeppe Korte martning yarimyorug‘ sahar-mardonida o‘sha mashhur klinika joylashgan shaharga yetib keldi. Issig‘i jinday baland esa-da, biroq shunga qaramasdan, vokzaldan kasalxonagacha bo‘lgan yo‘lni jomadonini ko‘targancha piyoda bosib bordi.
    Juzeppe Korte kasallikning yengil shakli bilan og‘rigandi, buning ustiga dardning boshlang‘ich davri edi, xolos, shunga qaramay, unga katta shuhrat qozongan, aynan shu kasallikni davolashga ixtisoslashgan ushbu klinikaga murojaat qilishni maslahat berishdi; bu dovrug‘ unga bu yerdagi tabiblar eng bilimdonu asbob-uskunalar oqil va samarali degan ishonchni bag‘ishlardi.
    Juzeppe Korte qachondir tasodifan allaqanday reklama taqdimqog‘ozida ko‘ziga tushgan suratdagi klinikani uzoqdan ko‘riboq darhol tanidi — kasalxona unda ajib taassurot qoldirdi. Ayvonlari galma-gal chiqarib-kirg‘izib qurilgan bu yetti qavatli oppoq bino nimasi bilandir mehmonxonaga ham o‘xshab ketardi. Kasalxonani hamma tomondan baland daraxtlar o‘rab turardi.
    Umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgan Juzeppe Korteni yanada sinchkov tekshiruv oldidan eng yuqoriga — yettinchi qavatga joylashtirishdi. Xona quvnoqlikka moyil edi, ozodaligidan yarqirab turardi — jihozlar yorug‘, darpardalar qorday oppoq, yog‘och oromkursilar alvon rangin matoga chulg‘angandi. Derazadan shaharning eng go‘zal mavzelaridan biri dilga huzur bag‘ishlab yaqqol ko‘rinib turardi. Bu yerda hamma narsa xotirjamlik, mehmondo‘stlik nafasini ufurar, ko‘ngilga umid urug‘ini sochardi.
    Juzeppe Korte darhol to‘shakka cho‘zildi, bosh ustidagi chiroqni yoqdi-da, o‘zi bilan olib kelgan kitobini o‘qishga tutindi. Birozdan so‘ng xonaga hamshira kirdi, biror narsa kerak-kerakmasligini surishtirdi.
    Juzeppe Kortega hech narsa kerakmasdi, ammo u qizni gapga solib, kasalxona haqida kengroq ma’lumot surishtirishga tushdi. Shu yo‘sinda u bu klinikaning g‘alati bir o‘ziga xosligidan xabardor bo‘ldi. Mijozlarni bu yerda kasalligining og‘ir-engilligiga qarab qavatlarga taqsimlashar ekan. Eng yuqori, yettinchi qavat dardi hammadan ham yengillar uchun mo‘ljallangan. Oltinchi qavatga dardi unchalik og‘ir bo‘lmasa-da, har holda uncha-muncha xavotirli tomoni borlar yotqiziladi. Beshinchi qavatda esa ahvoli ruhiyasi ancha og‘ir bo‘lganlar davolanardilar, shu tariqa — qavatma-qavat tushilaveradi. Ikkinchi qavatda kasali juda og‘ir sho‘rliklar yotar edi. Birinchi qavatda esa — endi dunyodan ilinji batamom uzilganlar, tuzalishidan umid yo‘qlar...
    Bu o‘ziga xos tizim nafaqat xizmat qilishni yengillashtirardi, shu bilan barcha qaysidir bir dardi yengil bemorni bedavo qo‘shnisining ingrog‘i behuzur qilishining ham oldini olar, har bir qavatda bir taxlitdagi vaziyatni yaratish imkonini berardi. Boshqa tomondan, bunday tartib davolash va qarovni to‘g‘ri taqsimlash imkonini ham tug‘dirardi.
    Natijada o‘ziga xos pog‘ona yuzaga kelgandi — kasallar dardining jiddiyligiga qarab yettita alohida toifaga bo‘lingan edi. Har bir qavat go‘yo o‘z qoidalari va an’analariga ega mustaqil dunyochaga aylangan edi. Har bir bo‘limni o‘z tabibi boshqarishini hisobga olsak, har bir qavatdagi davolash usullarida ham unchalik bo‘lmasa-da, muayyan farqlar borligi aniq; ammo umumiy rahbarlikni direktor amalga oshirar, institutning barcha ishlarini u bir yo‘singa solib turardi.
    Hamshira chiqib ketgach, Juzeppe Korte, issig‘i tushganiga batamom ishonch hosil qilib, o‘rnidan turdi, xona bo‘ylab bir necha qadam qo‘ydi-da, derazadan qaradi — yo‘q, notanish shaharning qiyofasiga termulib, huzur qilish uchunmas, oyna orqali pastki qavatlardagi xonalardagi boshqa kasallarni ko‘rish umidida qaradi. Peshayvonlardagi kirgan-chiqqan ko‘shklar bunga imkon berardi. Juzeppe Korte diqqatini birinchi qavatdagi derazalarga jamladi, ammo ular ancha olisda, pastda edi, yonboshidangina ko‘rinardi, uning diqqatini tortadigan qiziqroq narsa ko‘zga tashlanmadi. Derazalarning ko‘pchilmigida parda tushirilgan, ular rangpar qopqalar bilan qattiq berkitib qo‘yilgan edi.
    Shu joyiga kelganda Korte qo‘shni xonadan qandaydir erkak kishi bo‘y cho‘zayotganini sezib qoldi. Ular bir-birlariga uzoq termuldilar, havaslari tobora ortayotganiga qaramay, na bu, na u gap qo‘shishga botinmasdi. Nihoyat Juzeppe Korte o‘zini jamlab, so‘radi:
    - Siz ham yaqinda keldingizmi?
    - Afsuski, yo‘q, — erkak javob berdi, — kelganimga ikki oycha bo‘lib qoldi... — Biroq sukut saqlab, u gapni qanday davom ettirishni bilib-bilmay, qo‘shib qo‘ydi: — Men pastda o‘z akamga qarab turgandim.
    - Akangizga?
    - Ha, — dedi notanish odam. — Biz u bilan kasalxonaga birga tushdik, — bunday hodisa kam uchraydi — ammo uning ahvoli kundan-kunga yomonlashaverdi, qarabsizki, u endi to‘rtinchigacha bordi.Odamni vahima bosadi.
    - To‘rtinchigacha, deganingiz nimasi?
    - To‘rtinchi qavatgacha, — tushuntirdi u, notanish qo‘shnisining yuzidagi qayg‘u va darddoshlikni ko‘rib, Juzeppe Korteni qo‘rquv bosdi, badani sovub ketdi.
    - Nima to‘rtinchi qavatda shu qadar og‘ir kasallar yotadimi? — u ehtiyotkorlik bilan so‘radi.
    - Ey, xudoyim, — erkak boshini sekin chayqab gap qotdi, — ular, albatta, hali umidi batamom uzilganlar emas, ammo, har holda, u yerga tushishning quvonadigan joyi yo‘q.
    - Unday bo‘lsa, — Korte biz shaxsan o‘zimizga taalluqli bo‘lmagan qayg‘uli narsalar haqida gapiradigan ohangda quvnoq ko‘tarinkilik bilan yana so‘radi, — unday bo‘lsa, to‘rtinchi qavatda bu qadar og‘ir kasallar yotsa, birinchi qavatga kimni yotqizishadi?
    - Voh, birinchida butkul o‘layozganlar. U yerda do‘xtirlarga ish qolmagan. U yog‘i faqat ruhoniylarninng tashvishi. Yana go‘rkov-po‘rkov deganday...
    - Ammo birinchi qavatda kasallar juda oz-ku, — Korte gapni bo‘ldi, go‘yo u fikrini tezroq tasdiqlab olmoqchiday edi, — deyarli barcha xonalar bekitilgan.
    - Hozir, rostdan ham, ozchilik, ammo ertalab yetarli edi, — notanish kishi zo‘rg‘a seziladigan kulgu bilan javob berdi, — deraza qopqalari tushirilgan xonalarda kimdir yaqindagina o‘lgan. Boshqa qavatlarda hamma qopqalar ko‘tarilganini ko‘rib turgan bo‘lsangiz kerak? Biroq meni kechirasiz, — u derazadan ohista uzoqlashayotib qo‘shib qo‘ydi, — sovuq tushayotir, shekilli. To‘shakka biroz cho‘zilay. Sizga esa barcha yaxshiliklar yor bo‘lsin...
    Erkak ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, deraza kuch bilan yopildi, keyin qo‘shni xonada chiroq yondi. Juzeppe Korte esa hali-hanuz deraza oldida qotib turar, birinchi qavat derazalarining zich berkitilgan qopqalariga tikilgancha qolgandi. U uzluksiz, dardchil bir qiziquvchanlik bilan termular, kasallar o‘lish uchun joylanadigan birinchi qavatning qayg‘uli sirlarini tasavvur qilishga urinardi, o‘zining bu qavatdan uzoq ekanini o‘ylarkan, ko‘ngliga allaqanday ko‘tarinkilik quyildi. Ayni paytda shaharga kechki qorong‘ulik cho‘kdi. Ulkan kasalxonaning yuzlab derazalarida birin-ketin chiroq yondi — uzoqdan uni bayramona yoritilgan caroyga o‘xshatish mumkin edi. Faqat birinchi qavatda — o‘sha yoqda, olisda, eng pastda — bir necha derazalar o‘liklarni berkitib ko‘r va qorong‘uligicha qolgandi.

    Tibbiy ko‘rik natijalari Juzeppe Korteni ancha tinglantirdi. U yomon oqibatlarni tasavvur qilishga moyil edi, ich-ichida shafqatsiz hukmni kutar, tayyorlanib borardi va agar tabib uni bir qavat pastga joylashtirish lozimligini aytsa ham hech hayratlanmasdi. Aslida esa, umumiy ahvol avvalgiday yaxshi bo‘lsa-da, issig‘i butkul tushmayotgan edi. Biroq do‘xtirning so‘zlari nafaqat samimiy, hatto ancha ko‘ngilni ko‘taradigan edi.
    - Kasallikning kurtaklari bor, — dedi u, — biroq juda yengil ko‘rinishda; ikki-uch haftada ehtimol, hammasi o‘tib ketsa kerak.
    - Demak, men yettinchi qavatda qolaman-a! — xavotirga to‘lib so‘radi Juzeppe Korte.
    - Iya, bo‘lmasa-chi! — tabibi uning yelkasini do‘stona qoqib qo‘ydi. — Xo‘sh, ayting-chi, sizningcha, bo‘lmasa sizni qayoqqa joylashtirish kerak? Balkim, to‘rtinchigadir? — so‘radi u kulib, go‘yo bu eng mumkin bo‘lmagan ehtimol edi.
    - Qanday yaxshi, qanday soz,- dedi Korte, — bilasizmi, kasal bo‘lib qolsang, hamisha eng dahshatli oqibatlarni tasavvur eta boshlarkansan...
    Juzeppe Korte rostdan ham avvaldan joylashtirilgan xonasida qoldi. O‘rnidan turishga ruxsat berilgan ayrim kunlari boshqa xonalardagi ayrim bemorlar bilan ham tanishib ulgurdi. U do‘xtirlarning barcha ko‘rsatmalarini sidqidildan bajarar, tezroq sog‘ayishiga astoydil urinar, biroq, shunga qaramay, uning ahvoli, bil’aks, hech bir o‘zgarishsiz qolayotgandi.
    
    Qavatning katta feldsheri Juzeppe Kortening xonasiga kirib kelganda yotganiga taxminan o‘n kunlar bo‘lgandi. Feldsher do‘stona bir iltimos bilan tashrif buyurgandi: ertaga bir ayol ikkita bolasi bilan yotadi; ular uchun aynan uning xonasi yonidagi ikkita xona bo‘sh, ammo ularga uchinchi xona yetishmaydi, janob Korte boshqa shunday qulay, shunday huzurli xonaga o‘tishga rozi bo‘larmikin?
    Juzeppe Korte, turgan gapki, qarshilik qilmadi; bu xonami yo boshqa xonami — baribir emasmi; ehtimol, o‘sha yangi xonada unga yangi va yanada yaxshiroq hamshira qo‘yishar.
    - Sizga chin ko‘ngildan minnatdorchilik bildiraman,- dedi katta feldsher yengil tavoze bilan. — Sizday insonning bu qadar xayrli ish qilishi hayratlanarli emas. Agar qarshi bo‘lmasangiz, ko‘chishni bir soatlardan so‘ng boshlasak. Faqat shuni unutmangki, bir qavat pastga tushishimizga to‘g‘ri keladi, — u go‘yo gap butkul arzimas narsa haqida borayotganday sokin va ravon ovozda qo‘shib qo‘ydi — Afsuski, bu qavatda bo‘sh xonalar yo‘q. Biroq bu vaqtincha, ishoning, — Kortening tez qo‘zg‘alib yana to‘shakka cho‘kkanini va norozilik bildirish uchun gapga og‘iz juftlayotganini ko‘rgan feldsher shoshib aniqlik kiritdi,- vaqtincha. O‘ylaymanki, ikki-uch kundan so‘ng, biror-bir xona bo‘shashi bilan, siz yana yettinchi qavatga qaytishingiz mumkin.
    - Iqror bo‘lishim kerak, — Juzeppe Korte kulib dedi, — rostini aytishim kerak, — bunaqangi ko‘chish mening xohishimga unchalik to‘g‘ri kelmaydi.
    - Biroq sizni tibbiy xulosalarga ko‘ra ko‘chirayotganimiz yo‘q-ku; siz nima demoqchi ekaningizni juda yaxshi tushunib turibman, biroq gap o‘z bolalariga yaqinroq bo‘lgisi kelayotgan bir ayolga nisbatan g‘amxo‘rlik qilish haqida boryapti... Xudo haqqi, — u qahqaha otib kulgancha, qo‘shib qo‘ydi, — boshqa sabablar haqida o‘ylab ham o‘tirmang!..
    - Mayli, shunday bo‘la qolsin, — dedi Juzeppe Korte, — biroq menga bu noxushlikday tuyulyapti.

    Shunday qilib, Korte oltinchi qavatga o‘tdi, garchand bu ko‘chish kasalining yomonlashgani tufayli bo‘lmaganiga ishonchi komil bo‘lsa-da, unga o‘zi va odatdagi dunyo, sog‘lom odamlar dunyosi o‘rtasida allaqachon aniq seziladigan devor paydo bo‘lganini o‘ylash ancha noqulay edi. Yettinchi qavatda, qabul qilish manzilida bemor hali qolgan dunyo bilan ozmi-ko‘pmi aloqani sezardi: u yerdagi jamoatni odatdagi dunyoning davomi hisoblash ham mumkin edi. Oltinchi qavatga ko‘chgach esa, u kasalxona chegarasiga batamom kirdi, bu yerda endi hatto tafakkur biroz o‘zgacha edi — tabiblarda ham, hamshiralarda ham va hatto kasallarda ham. Bu yerda ushbu qavatga og‘ir shakli bilan bo‘lmasa-da, baribir, rostakamiga kasallarni joylashtirishlarini hamma tan olardi. Qo‘shni xonalarning bemorlari bilan, xodimlar va tabiblar bilan bo‘lgan ilk suhbatlardanoq Juzeppe Korte ko‘rdiki, bu bo‘limdagilar yettinchi qavatdagilarga yengil-elpi munosabatda ekanlar, yettinchi qavat birinchi navbatda ortiqcha shubhaga tushgan havaskor kasallar uchun deb hisoblasharkan; aytish mumkin bo‘lsa, hamma ish faqat oltinchi qavatdangina jiddiy boshlanadi.
    Ayni paytda Juzeppe Korte shuni tushundiki, agar yuqoriga, tibbiy xulosalarga muvofiq yotishi kerak bo‘lgan yettinchi qavatga qaytishni istaganda ham, u muqarrar qiyinchiliklarga duch keladi; yettinchi qavatga qaytish uchun u bu murakkab mexanizmni harakatga keltirishi kerak, buning uchun esa oz bo‘lsa-da, baribir ancha kuch sarflashi lozim; shubhasiz, agar uning o‘zi bu haqda tashvishga tushmasa, boshqa hech kim uni yuqori qavatga, “deyarli sog‘lar” oldiga qaytarishni o‘ylamaydi ham.
    Shuning uchun Juzeppe Korte o‘z huquqlarini poymol qildirmaslikka, harakatsizlik komiga tushmaslikka qaror qildi. Bo‘limdagi hamdardlari bilan suhbatlashganda, albatta, har gal shunga aniqlik kiritardiki, u bu kasallar jamoasida bor-yo‘g‘i bir necha kungina bo‘ladi, bir ayolga yaxshilik qilish uchun quyi qavatga tushishga uning o‘zi rozi bo‘lgan va, shubhasiz, biror-bir xona bo‘shashi bilan u tepaga qaytadi. Kasallar uning barcha gaplarini hech bir qiziqishsiz eshitar va ishonqiramay bosh chayqab qo‘yishardi.
    Yangi do‘xtir bilan suhbatlashgach, Juzeppe Kortening ishonchi to‘liq tasdiqlandi. U ham shuni tan oladiki, Juzeppe Korte bemalol yettinchi qavatda qolaverishi ham mumkin edi; unda kasalning ju-da yen-gil shakli, — yangi tabib bu ifodani ta’kidlash uchun atayin bo‘lib-bo‘lib aytdi, — biroq, mohiyatan olganda, u oltinchi qavatda Juzeppe Korte yanada yaxshiroq davolanishi mumkin deb hisoblaydi.
    - Bu gaplarni qo‘ying, — kasal qat’iyat bilan uning gapini bo‘ldi. — O‘zingiz aytyapsiz-ku, mening joyim — yettinchi qavatda va men o‘sha yoqqa qaytishni istayman.
    - Hech kim siz bilan bahslashayotgani yo‘q, — do‘xtir javob berdi, — men sizga faqat maslahat beraman, tabibingiz sifatida ham emas, sa-mi-miy do‘stingiz, habibingiz sifatida! Takror aytaman, sizda kasallikning juda yengil ko‘rinishi, hech vahima qilmasdan aytish mumkinki, siz umuman kasal ham emassiz, biroq, mening nazarimda, sizning ahvolingiz bunga o‘xshash hollardan yaralangan qismining qulami bilan ajralib turadi. Siz meni to‘g‘ri tushunishingizni istayman: kasallikning sur’ati past, ammo u sezilarli maydonni qamrab olgan; hujayralarning yemirilishi jarayoni, — Juzeppe Korte klinikada bo‘lish vaqti mobaynida bu vahshatli iborani ilk bor eshitib turardi, — hujayralarning yemirilish jarayoni, shubhasiz, hali boshlang‘ich bosqichida, ehtimol, hali boshlangan ham emasdir, ammo boshlanish tamoyillari, — men ta’kidlayman, — boshlanish va bir vaqtning o‘zida organizmning keng ko‘lamdagi qismini yaralash tamoyillari mavjud. Hatto xuddi shuning uchun ham, menga tuyuladiki, siz aynan shu yerda, davolash usullari yanada maxsuslashgan va faollashgan oltinchi qavatda davolashingiz maqsadga muvofiqdir.
    Bir kuni unga aytishdiki, kasalxona direktori, taomil bo‘yicha o‘z xodimlari bilan maslahatlashib, kasallarni taqsimlashning mavjud tartibini o‘zgartirishga qaror qilibdi. Kasallarning har biri — agar shunday deyish mumkin bo‘lsa — unvoniga ko‘ra yarim lavozim pastga tushiriladi. Har bir qavatda bemorlar ahvolining jiddiyligiga qarab ikki toifaga bo‘linadi (bunday bo‘lish davolovchi do‘xtirlar tomonidan batamom o‘zlariga qulay tarzda amalga oshirildi); endi kasallarning, aytish mumkinki, yuqori toifasi butkul rasmiy tarzda quyi qavatga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Misol uchun, oltinchi qavat bemorlarining yarmi — ya’ni, kasallikning bir muncha quyushqondan chiqqan ko‘rinishi bilan og‘riganlar — beshinchi qavatga o‘tishlari lozim, yettini qavatning jinday og‘irroq kasallari — oltinchiga tushishlari kerak. Bu xabar Juzeppe Korteni xursand qildi, zero ko‘chishlarning bu qadar o‘ylangan tartibida yettinchi qavatga qaytishga erishish oson bo‘ladi.
    Biroq hamshira bilan suhbatda o‘zining bu umidi haqida gap ochishi bilanoq uni achchiq nadomat bosdi. Eshitdiki, uni rostdan ham ko‘chirishadi, biroq yuqoriga emas, pastga — yana bir qavat quyiga. Hamshira ham tushuntirib berishga qodir bo‘lmagan allaqanday sabablarga ko‘ra uni oltinchi qavatning “og‘ir” yarmisiga qo‘shib qo‘yishibdi, shuning uchun u beshinchi qavatga tushishi lozim.
    Hayronalikdan o‘zini o‘nglagan zahoti Juzeppe Korte g‘azab otiga mindi; baqira boshladi, uni aldaganlarini, quyi qavatga tushish haqida eshitishni ham istamasligini, uyga qaytishini, uning haq-huquqlari borligini, ularni hech kim poymol qilolmasligini, kasalxona ma’muriyati davolovchi tabiblarning xulosasini bu qadar oyoq-osti qilishi mumkin emasligini aytib qichqirishga tushdi.
    U shunday baqirdiki, uni tinchlantirish uchun do‘xtir chaqirishga majbur bo‘ldilar. Do‘xtir unga hayajonlanmaslikni maslahat berdi, aks holda issig‘i ko‘tarilishi mumkin, to‘g‘ri, anglashilmovchilik yuz bergan, har holda, qaysidir darajada... U avvalgiday iqror bo‘ldiki, haqiqatan olganda Juzeppe Korte yettinchi qavatda yotsa to‘g‘ri bo‘lardi, biroq uning ahvoliga kelganda, tabib qo‘shib qo‘yadiki, uning fikri biroz o‘zgacha. Axir, rostini aytganda, uning kasalligi, ayonki, ma’lum ma’noda, yaralanish ko‘lamining kengligiga ko‘ra oltinchi darajali kasallik deb qaralishi mumkin. Biroq tabibning o‘zi ham Korte qanday yo‘sinda o‘z qavatidan ancha og‘ir toifaga tushib qolganini tushunolmaydi. Ko‘rinib turibdiki, aynan shu bugun tongda Juzeppe Kortening klinik ahvolini so‘rab telefon qilgan ma’muriyat kotibi ko‘rsatmalarni yozib olish chog‘ida nimanidir chalkashtirib yuborganga o‘xshaydi. Balkim, ehtimoldan xoli emas, ma’muriyat Kortening ahvoliga tabibi bergan bahoni biroz “og‘irlashtirgan”, zero ma’muriyat Kortening davolovchi do‘xtirini tajribali ekanini tan olsa-da, o‘ta ko‘ngilchan odam hisoblaydi. Umuman olganda, vrach Kortega asabiylashmaslikni va ko‘chirishga qarshilik qilmaslikni maslahat berdi; zero muhimi — kasallikning kechish jarayoni, bemorni qaerga joylashtirishgani esa unchalik muhim emas.
    Davolashga kelsak, — qo‘shib qo‘ydi vrach, — Juzeppe Korte shikoyat qilmasa ham bo‘ladi; beshinchi qavatning do‘xtiri, shubhasiz katta e’tiborga ega; axir, bu deyarli muhim qoidaga aylangan, ya’ni qavat qancha quyida bo‘lsa, vrach shunchalik tajribaliroq bo‘ladi, ya’ni kasallik og‘irlashgani sari tabibi ham tajribali bo‘lishi kerak — har holda, ma’muriyat shunday hisoblaydi. Xonalar ham shunga yarasha shinam va qulay bo‘ladi. Derazadan ko‘rinadigan manzara ham shunga yarasha keng va chiroyli, faqat uchinchi qavatdan boshlab ufqni binoni o‘rab turgan daraxtlarning uchi to‘sa boshladi.
    Odatdagiday kechqurunlari issig‘i xuruj qilib turgan Juzeppe Korte bu uzundan-uzoq tafsilotlarni eshita-eshita charchay boshladi. Nihoyat, u sezdiki, adolatsiz ko‘chishga qarshilik qilish uchun kuchi ham, eng asosiysi istagi ham qolmayotir. Va, nihoyat, boshqa qarshilik va e’tirozlarsiz u o‘zini bir qavat pastga tushirishlariga rozi bo‘ldi.
    Beshinchi qavatga ko‘chirilgan Juzeppe Korte uchun endi faqat bir narsa ozgina bo‘lsa-da taskin berardi: vrachlar, hamshiralr va kasallarning yakdil fikriga ko‘ra, u bo‘limdagi bemorlar orasida — dardining og‘irlik darajasi eng yengili edi. Umuman, issig‘i chiqib turganini aytmasa, bu qavatda u o‘zini eng katta baxtiyor hisoblasa bo‘ladi. Ammo, boshqa tomondan, endi u va sog‘lom odamlar o‘rtasida ikkita to‘siq paydo bo‘lganini o‘ylash unga azob berardi.
    Bahor o‘z hukmini o‘tkazishga kirishdi, havo kun sayin isiy boshladi, biroq Juzeppe Korte endi derazadan boqishni birinchi kunlardagiday yaxshi ko‘rmay qo‘ydi; bunaqa qo‘rquvlar haqiqiy tentaklik bo‘lsa ham, u sezdiki, birinchi qavat derazalariga qarasa, — ularning deyarli barchasi avvalgiday zich yopilgan edi, — uning yelkasidan chumoli o‘rmalaganday bo‘lardi: u endi bu yopiq derazalarga ancha yaqin edi.
    Uning kasali, ayon bo‘lishicha, og‘irlashgani yo‘q. Biroq beshinchi qavatga o‘tganining to‘rtinchi kuni o‘ng oyog‘i qichimaga o‘xshash qandaydir donachalar bilan qoplandi-yu, hech tuzalay demadi. Bu holat, — dedi vrach, — uning asosiy kasalligi bilan bog‘liq emas, xavotir olishga arzimaydi, dunyodagi eng sog‘lom odam ham bu ahvolga tushishi mumkin. Bundan bir necha kunda qutulish uchun gamma-nurlar bilan faol davolash kerak.
    - Bu gamma-nurlar o‘zi bu kasalxonada bormi? — savol berdi Juzeppe Korte.
    - Albatta, — vrach g‘urur bilan javob qildi, — bizning klinikamizda barcha zarur narsalar bor. Faqat bir kichkina noqulaylikni aytmaganda...
    - Yana nima gap o‘zi? — Korte noayon sezgi bilan so‘roqlashga tushdi.
    - E, buni, bunday aytganda, noqulaylik deb aytmasa ham bo‘ladi, — do‘xtir o‘zini o‘nglab oldi. — Men shuni aytmoqchi edimki, nurlarni yuboruvchi uskuna faqat to‘rtinchi qavatda bor, men esa sizga har kuni uch marta zinadan tushib-chiqishni maslahat bermagan bo‘lardim.
    - Demak, xulosa shuki, hech narsa qilib bo‘lmaydi?
    - Nega endi, xulosa shuki, terining qizarishi o‘tib ketguncha siz to‘rtinchi qavatga vaqtincha tushib yashashga rozi bo‘lsangiz yaxshi bo‘lardi.
    - E-e, bo‘ldi, bas, yetar endi! — Juzeppe Korte g‘azablanib baqira boshladi. — Bu ko‘cha-ko‘chlar hiqildog‘imga keldi! — Mayli men yaxshisi shu yerda o‘laman, biroq to‘rtinchi qavatga tushmayman!
    - Xohishingiz, — do‘xtir uni asabiylashtirmaslik uchun murosa ohangida dedi, — biroq, bilib qo‘ying, davolovchi vrach sifatida men kuniga uch mahal zinadan tushib-chiqishingizni man qilaman.
    Eng yomoni, qichima yo‘qolish u yoqda tursin, kun sayin kengayib, izchil yoyila boshladi. Juzeppe Korte halovatini yo‘qotdi va to‘shakda tinimsiz to‘lg‘onishga tushdi. Shu alfozda uch kun o‘tdi, u juda g‘azablandi, biroq keyin chekinishga majbur bo‘ldi. Uning o‘zi vrachdan nurlantirishga ruxsat berishni va pastki qavatga o‘tkazishni so‘radi.
    To‘rtinchi qavatda Korte ichki bir quvonch bilan shuni sezdiki, u bu yerda o‘ziga xos bir istisno ekan. Bu bo‘limdagi boshqa kasallarning ahvoli, shubhasiz, juda og‘ir edi, ularning hatto to‘shakdan qo‘zg‘alishga ham majoli yo‘q edi. U bo‘lsa o‘z xonasidan nurlantiruvchi xonasigacha o‘z oyog‘ida yurib borib kelar, bundan hatto hamshiralar ham hayratda edilar, bu jasorati uchun uni tabriklab qo‘yardilar.
    Yangi vrach bilan suhbatda u o‘zining alohida mavqeini qat’iy ta’kidlab o‘tdi. U, aslini olganda, yettinchi qavatda yotishga haqqi bo‘lgan, to‘rtinchi qavatga tasodifan tushib qolgan kasal. Badanidagi toshmalar o‘tgan zahoti u yuqori qavatga qaytadi. U hech qachon uni bu yerda qandaydir yangi sabab bilan ushlab turishlariga sira yo‘l qo‘ymaydi. U yettini qavatda joylashishga to‘la haqqi bo‘lgan odamdir.
    - Yettinchida, yettinchida! — hayratlandi hozirgina uni ko‘rikdan o‘tkazgan do‘xtir. — Hamisha siz, kasallar, oshirib toshirasizlar! Men birinchi bo‘lib sizga aytaman, siz o‘z ahvolingizdan rozi bo‘lsangiz bo‘ladi; kasalligingiz tarixini o‘rganib, aytishim kerakki, sizda dardning jiddiy og‘irlashuvi yuz bermayotir. Ammo bu gaplar bilan yettinchi qavat o‘rtasida — meni qo‘polligimu ochiqligim uchun kechirasiz — har holda ancha farq bor! Sizning dardingiz anchayin kamroq xavfli, men bunga iqrorman, ammo siz baribir kasalsiz!
    - Xo‘sh, qaysi qavatga, — yuzlariga qon to‘lib, so‘radi Juzeppe Korte, — qaysi qavatga, sizningcha, joylashtirish kerak meni?
    - Ob-bo, xudoyim, bu savolga javob berish oson emas, axir men sizni shunchaki shoshib ko‘rib qo‘ydim; qaror qabul qilish uchun men sizni, hech bo‘lmaganda, bir hafta kuzatib borishim lozim.
 — Xo‘p, yaxshi,-Kortening bir gapdan qolgisi kelmasdi,- ammo siz, hech bo‘lmaganda, taxminan aytolmaysizmi? 
 Do‘xtir uni tinchlantirish uchun o‘zini o‘ylayotganday ko‘rsatib turdi-da, qisqa fursatlik xayol surishdan so‘ng, o‘z so‘zlarining tasdig‘i uchun boshini silkitib, taskin beruvchi sokin so‘zlarini aytdi:
 -Ey, xudoyim, men faqat siz qat’iy turib olganingiz uchun aytayapman... Aslini olganda, biz sizni oltinchi qavatga joylashtirishimiz ham mumkin edi. Ha, ha,- u o‘zini ham ishontirayotganday qo‘shib qo‘ydi, — siz bemalol oltinchida yotishingiz ham mumkin edi.
 Do‘xtir shu tarzda bemorni bir sevintirmoqchi edi. Ammo Juzeppe Kortening chehrasida hayrat ifodasi paydo bo‘ldi: u tushundiki, yuqori qavatlarning vrachlari uni aldaganlar, bu yerda esa bu yangi do‘xtir, ko‘rinib turibdiki, u ancha qobiliyatli va halol odam, bu do‘xtir ich-ichida — bu butkul aniq narsa — uni yettinchi qavatga emas, beshinchi qavatga joylashtirish lozim deb hisoblaydi, buning ustiga, ehtimol, og‘ir kasallar ichiga joylashtirar! Bu kutilmagan hayronalikdan Kortening butkul ruhi tushdi. O‘sha kech uning issig‘i ancha ko‘tarilib ketdi.

 
 To‘tinchi qavatda o‘tgan davri Juzeppe Kortening bu kasalxonada o‘tgan kunlarining eng sokin kunlari bo‘ldi. Vrach ancha ko‘rimli, mehribon va dilkash odam ekan; u ko‘pincha Korte bilan soatlab vaqtini o‘tkazar, turli mavzularda gaplashib qolardi. Juzeppe Korte ham bajonidil suhbatlashar, suhbat asnosida gapni o‘zining odatiy advokatligi va dunyoviy ishlari mavzusiga burib turardi. U o‘zini hali ham sog‘lom odamlar hamjamiyatiga daxldorligiga ishontirmoqchi bo‘lar, ishbilarmonlar dunyosiga bog‘liqday, ijtimoiy hayot hodisalari bilan rostdan ham qiziqadiganday ko‘rsatardi. Gap esa har gal aylanib uning kasalligiga kelib taqalaverardi.
 Jillaqursa ozroq yaxshilanish, tuzalish istagi Juzeppe Korteni tark etmas va bu chekinmas tuyg‘u uni qandaydir o‘rab-chirmab olgan edi. Afsuski, gamma-nurlar toshmaning tarqalishini to‘xtatgan bo‘lsa-da, uni yo‘qota olmadi. Juzeppe Korte har kuni bu haqda vrach bilan uzoq suhbatlashar, o‘zini bardam, hatto biroz kibor tutishga harakat qilar, ammo buni eplay olmasdi.
 -Ayting-chi, do‘xtir,- so‘radi u bir kuni,- hujayralarimning yemirilish jarayoni qanday kechmoqda?
 -I-ya, bu dahshatli so‘zlarni qaydan oldingiz!- do‘xtir hazilomuz yuz burishtirdi.-Cizga kim o‘rgatdi buni? Yaxshi emas, yaxshi emas, ayniqsa kasal odamga to‘g‘ri kelmaydi! Ikkinchi bunaqa gaplarni sizdan eshitmay.
 -Yaxshi,- Korte bilganidan qolmasdi,- biroq siz baribir menga javob bermadingiz.
 -Hozir javob beraman,- do‘xtir ko‘ngilchanlik bilan gapira boshladi.-Hujayralarning yemirilish jarayoni — sizning qo‘rqinchli iborangiz bilan aytganda — sizda juda sust, butkul yo‘q hisobi. Ammo men uni tirishqoq jarayon degan bo‘lardim.
 -Tirishqoq, ya’ni surunkali, demoqchisiz-a?
 -Aytmagan narsamni menga yopishtirmang. Men faqat bir narsani aytdim — tirishqoq , dedim. Aytganday, bu jarayon aksariyat hollarda shunaqa bo‘ladi. Kasalliklar, hatto eng yengil dardlar ham, ko‘pincha jadal va uzoq davolashni taqozo qiladi. 
 -Ammo ayting-chi, do‘xtir, men qachon yaxshilanishdan umid qilsam bo‘ladi? 
 -Qachon? Bunday hollarda bashorat qilish ancha mushkul... To‘xtang-to‘xtang, — vrach biroz o‘ylanib, qo‘shib qo‘ydi, — ko‘rib turibman, siz tezroq sog‘ayishni shunchalar istaysizki, bu sizda o‘ziga xos haqiqiy xudbinlikka aylanibdi... agar hayiqmasam, agar siz xafa bo‘lmasangiz, bilasizmi, sizga nimani maslahat bergan bo‘lardim?
 -Xo‘sh, gapiring, gapiring, do‘xtir...
 -Mayli, buni imkon qadar tushunarliroq ifodalab berishga harakat qilaman. Agar men bu kasalxonaga sizning kasalligingiz bilan og‘rib tushganimda, mayli eng yengil ko‘rinishi bilan og‘rigan bo‘lsam ham, bu o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng yaxshi kasalxonaga tushsam, bilasizmi, men o‘z ixtiyorim bilan meni birinchi kuniyoq — tushunayapsizmi? — birinchi kuniyoq pastki qavatlarning biriga joylashtirishlarini talab qilgan bo‘lardim. Men hatto xohlardimki, meni...
 -Birinchi qavatgami?- Korte ichidan kelayotgan kulguni bosib, zo‘rg‘a aytishib yubordi.
 -E-e, yo‘q! Birinchiga emas!- do‘xtir kinoya bilan javob qildi.-Faqat birinchiga emas! Ammo uchinchiga yoki hatto ikkinchi qavatga yotishim aniq. Quyi qavatlarda, ishoning, ancha yaxshi davolashadi, asbob-uskunalar ham ancha mukammal va kuchli, xodimlar ham ancha bilimli va tajribaliroq. Bu klinikaning yuragi kimligini bilasiz-ku, axir?!
    - Professor Dati bo‘lsa kerak?
    - Albatta, professor Dati. Bu yerda qo‘llaniladigan davolash usulini u yaratgan, klinika ham uning loyihasiga ko‘ra qurilgan va jihozlangan. Shunday qilib, u, bizning ustozimiz, aytishim kerak, birinchi va ikkinchi qavat o‘rtasida ishlaydi. O‘sha joydan turib o‘z quvvatini tarqatadi, uning dono ko‘rsatmalari ana o‘sha yerdan yo‘llanadi. Biroq men sizni ishontirib aytamanki, uning ta’ciri uchinchi qavatdan nariga o‘tmaydi: yuqoriga ko‘tarilgan sari uning farmoyishlari, aytish mumkinki, parchalanadi, soxtalashtiriladi, buzilib talqin etiladi; klinikamizning yuragi — pastki qavatlar, agar siz haqiqiy davo istasangiz pastda yotishingiz kerak.
    - Bir so‘z bilan aytganda, — Juzeppe Korte titroq ovozda chaynaldi, — siz menga, demak, maslahat berasizki...
    -Ayni paytda, yana bir narsani hisobga oling, — do‘xtir qat’iyat bilan davom etdi. — Shuni hisobga olingki, sizning bu ahvolingizda paydo bo‘lgan toshmaga ham e’tibor qilish zarur. Bu narsa o‘zicha olganda hech gap emas, tushunaman, ammo u uzoq davom etsa, sizning ruhiyatingizga ta’sir etishi mumkin, siz sog‘ayib ketish uchun ruhiy xotirjamlikni saqlash qanchalik zarurligini bilasizmi o‘zi? Men sizga yozib bergan nurlantirish ma’lum ma’noda foydali ekan. Nega? Bu, balkim, butkul tasodifiydir, ammo nurlar kuchsizlik qilgani ham ehtimoldan xoli emas. Aytishim kerak, uchinchi qavatdagi nurlantirish asboblari bizdagidan kuchliroq. U yerda sizning qichimangizni davolash imkoniyatlari ancha ko‘p bo‘lardi. Bundan tashqari, bilasizmi yana nima? Agar biror-bir tomondan mabodo yaxshilanish bo‘lsa, demak eng og‘ir qadam qo‘yilgan. Agar yuqoriga ko‘tarila boshlasang, keyin orqaga qaytishing dargumon. Siz o‘zingizni rostdan ham yaxshi seza boshlasangiz, bu yoqqa — bizga yoki yanada yuqoriroqqa qaytib kelishingizga hech nima to‘sqinlik qila olmaydi, ”yutuq”laringizga muvofiq siz beshinchi, oltinchi va, hattoki, aytishim kerak, yettinchi qavatga ham... qaytishingiz mumkin.
    -Shunday qilib, siz bu davolashni tezlashtiradi, deb hisoblaysiz?
    - Bunga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas. O‘rningizda bo‘lganimda nima qilishimni sizga aytdim.
    Do‘xtir bunga o‘xshash suhbatlarni Juzeppe Korte bilan har kuni o‘kazardi. Nihoyat, qichima joniga tekkan bemor, sira ichki xohishi bo‘lmasa-da, do‘xtirning maslahatiga amal qilib, pastki qavatga ko‘chadigan kun ham keldi.

    Uchinchi qavatda u darhol sezdiki, bo‘limda qandaydir o‘ziga xos ko‘tarinkilik hokim — vrachlar orasida ham, hamshiralar va qarovchilar orasida ham jonlanish bor, garchand bu yerda jiddiy xavotirga soladigan og‘ir kasallar yotgan bo‘lsa-da. Bundan tashqari,u hatto sezdiki, bu quvnoqlik kun sayin oshib bormoqda; hamshira bilan ozgina tanishib olgach, u, qiziquvchanligini yashira olmay, bu shodumonlikning sababini so‘radi.
    - Iya, sizning xabaringiz yo‘qmi? — javob qildi hamshira. — Uch kundan so‘ng biz hammamiz ta’tilga ketamiz.
    -Bu qanaqasi: ta’tilga ketasizlar?
    - Ha, shunday. Uchinchi qavat ikki haftaga yopiladi, barcha xodimlar dam olishga ketadi. Bizda barcha qavatlar navbati bilan ta’tilga chiqib turadi.
    - Kasallar-chi? Ularni nima qilasiz?
     - Ular ozchilik bo‘lgani uchun biz ikki qavatni birlashtiramiz.
    -Qanday qilib? Kasallarni uchinchidan to‘rtinchiga ko‘chirasizlarmi?
    - Yo‘q, yo‘q, — hamshira uni to‘g‘riladi, — uchinchidan ikkinchiga tushiramiz. Axir, siz pastki qavatda davolash imkoniyatlari yanada zo‘rligi haqida eshitgandirsiz?! Bu yerda yotganlar pastga tushadi.
    - Ikkinchi qavatga tushish? — Juzeppe Korte murdaday oqarib so‘radi. — Demak, men ham ikkinchi qavatga tushishim lozim, shundaymi?
    - Ha, albatta. Buning hayron qoladigan yeri yo‘q! Biz ikki haftadan so‘ng qaytamiz, keyin siz ham bu xonaga qaytasiz. Meningcha, bundan qo‘rqish shart emas.
    Ammo Juzeppe Korte shafqatsiz qo‘rquv iskanjasida qoldi — qandaydir sirli sezgi uni xavf haqida ogohlantirardi. Biroq u klinika xodimlarining ta’tilga chiqishlariga to‘sqinlik qilolmasligini bilar, shuningdek, yangicha, yanada izchil nurlar bilan davolash unga foyda keltirayotganiga ishonar — qichima deyarli yo‘qolgandi — shuning uchun yangi ko‘chishga rasman norozilik bildirmadi. Biroq u, hamshiralarning masxaralashiga ham qaramay, o‘zining yangi xonasi eshigiga “Juzeppe Korte, uchinchi qavatdan, vaqtincha ko‘chirilgan” deb yozilgan taxtacha osib qo‘yishlarini talab qildi. Bunday ish klinika tarixida bo‘lmagan edi, ammo vrachlar unga qarshilik qilmadilar, chunki, ularning fikricha, Kortenikiday asabiy mijoz bilan eng sokin norozilik ham kuchli chayqalishni keltirib chiqarishi mumkin edi.
 Gap, lo‘ndasini aytganda, ikki hafta — bir kun kam ham emas, bir kun ko‘p ham emas — ikki hafta kutish haqida borardi, xolos. Va Juzeppe Korte asov va qaysar sabrsizlik ila kun sanashga kirishdi, soatlab jomadon yoki oromkursiga termulgancha to‘shakda qimir etmay yotadigan bo‘ldi — bu yerdagi, ikkinchi qavatdagi jihozlar yuqori qavatlardagiday unchalik zamonaviy va ko‘tarinki emasdi, biroq anchayin salobatli, bosiq va vazmin ko‘rinardi. Ko‘pincha u nafasini ichga yutib, jimgina quloq solar: unga tuyulardiki, pastki qavatdan, o‘layotganlar, “mahkum etilganlar” bo‘limidan qandaydir noayon tovushlar eshitiladi — ehtimol, o‘limoldi nola va xo‘rsiniqlari bo‘lsa kerak.
 Bularning bari, shubhasiz, shunga olib keldiki, uning ruhi badtar cho‘ka boshladi. Ruhiy xotirjamlikni yo‘qotish esa, ayonki, kasalga emas, kasallikka yordam beradi — Kortening issig‘i ko‘tarilib ketdi, umumiy quvvatsizlik kun sayin sezilaverdi. Derazadan — yozning avji bo‘lgani uchun oynalar deyarli hamisha lang ochiq turardi — shahar tomlari ham,qo‘shni uylar ham ko‘rinmasdi, faqat klinikani o‘rab turgan daraxtlarning yashil devori ko‘zga tashlanardi.
 Bir haftadan so‘ng, choshgoh, soat ikkilarda xonaga kutilmaganda feldsher va uch sanitar aravani sudrab kirib kelishdi.
 -Xo‘sh, qani, ko‘chishga tayyormizmi? — oshkora hazilomuz ohangda so‘radi feldsher.
 -Qanaqa ko‘chish? — Juzeppe Korte uzuq-yuluq ovozda so‘radi.- Bu yana qanaqa hazil? Axir uchinchi qavatdagilar hali bir haftadan so‘ng ta’tildan qaytishadi.
 -Qanaqa uchinchi qavat? — feldsher tushunmayotganday yelka qisdi.- Menga sizni birinchi qavatga ko‘chirib qo‘yishni buyurishgan. Mana, ko‘ring. — U oz emas, ko‘p emas professor Dati o‘zi imzolagan uni eng pastki qavatga ko‘chirish haqidagi bosma hujjatni ko‘rsatdi.
 Juzeppe Kortening ichida o‘rlagan vahshat va do‘zaxiy alam yuzaga otildi. Uning cheki yo‘q darg‘azab qichqirig‘i butun bo‘lim bo‘ylab jarangladi.
 -O‘zingizni bosing, xudo haqi, sekinroq, — yolvorishdi sanitarlar, — axir bu yerda ahvoli og‘ir kasallar bor!
 Ammo uni tinchlantirish oson emasdi.
 Nihoyat vrach — bo‘lim boshlig‘i yetib keldi. U juda tarbiya ko‘rgan va mehribon odam edi. Vrach gap nimadaligini surishtirdi, bosma hujjatni ko‘rdi, Kortening tushuntirishlarini tingladi. Keyin ijirg‘anib feldsherga murojaat qildi, xatolik yuz berganini, u bunaqa ko‘rsatma bermaganini, anchadan buyon bu yerda misli ko‘rilmagan tartibsizlik hukm surayotganini aytdi, — endi ahvol boshqa bunday davom etishi mumkin emas, unga hech narsani xabar qilishmaydi, hamma narsa haqida u hammadan keyin eshitadi... Nihoyat, qo‘li ostidagi xodimini chilparchin qilib bo‘lgach, u juda samimiy ohangda kasalga murojaat qildi va o‘zining chuqur hamdardligini, kechirimini izhor qildi. 
    - Afsuski, biroq, — qo‘shib qo‘ydi vrach, — afsuski, professor Dati bor-yo‘g‘i bir soat oldin shahar tashqarisiga dam olishga jo‘nab ketdi va kamida ikki kundan so‘ng qaytadi. Men butkul darg‘azabman, ammo uning farmoyishi bekor qilinishi mumkin emas. Sizni ishontirib aytaman... uning o‘zi birinchi bo‘lib bundan afsuslanadi... Qanday xatolik! Umuman tushunmayman, qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin!
    Endi Juzeppe Korte tizginsiz kuch bilan titray boshladi. U o‘zini eplolmay qoldi. O‘sh boladay, bosib kelayotgan vahshatli qo‘rquvga majoli yetmadi. Xonada uning tizginsiz yig‘isi ancha vaqt tinmadi.
    Shunday qilib, la’nati xato tufayli u oxirgi bekatga yetib keldi. O‘layotganlar bo‘limida — u, ahvoliga ko‘ra, eng talabchan vrachlarning ham fikricha, oltinchi, hattoki yettinchi qavatda yotishga haqli bemor! Juzeppe Kortening boshidan kechirganlari shu qadar mantiqsiz ediki, gohida baralla xoxolab yuborgisi kelardi.
    To‘shakda qilt etmay yotar ekan, shaharni yoz choshgohining jaziramasi sekin-sekin komiga tortib borayotganda u derazadagi yashil daraxtlarga termulib o‘zini allaqanday mavjud bo‘lmagan g‘ayrihaqqoniy dunyoda sezar, u dunyoning ma’nisiz devorlari g‘uborsiz chinni bilan qoplangan, oq-oppoq eshiklari murdaxonaga ochiladiganday sovuq, odamlarning qiyofasi ham shu tusda oq-oppoq edi. Uning xayoliga ko‘rinib turgan daraxtlar ham haqiqiymas, yasama bo‘lsa kerak, degan fikr keldi; va, nihoyat, uzoq kuzatgandan so‘ng ularning bargi qilt etmaganini ko‘rib u bunga ishonib ham qoldi.
    Bu fikr Korteni shu qadar hayajonga soldiki, u qarovchisiga sim qoqib chaqirdi, qarovchi ayol unga to‘shakda yotganda taqmagan ko‘zoynagini uzatdi; faqat shundagina u biroz o‘ziga keldi: ko‘zoynak yordamida u ishonch hosil qildiki, daraxtlar haqiqiy tirik va barglarini o‘ynoqi shabbada gohi-gohida sezilar-sezilmas tebratib qo‘yadi.
    Qarovchi ayol chiqib ketganidan so‘ng, o‘n-o‘n besh daqiqadan so‘ng xonaga butkul sukunat cho‘kdi. Olti qavat, olti vahshatli tosh devor, mayli, butkul bema’ni xato tufayli bo‘lsa-da, endi Juzeppe Korteni shafqatsiz vazni bilan bosarodi. Yana qancha yil — ha, yil, endi aynan yillar haqida gapirish kerak — yuqoriga ko‘tarilish uchun, bu jarlikdan chiqish uchun endi yana qancha yillar kerak bo‘larkin?
    Ammo necha xonaga to‘satdan qorong‘ulik cho‘kdi? Axir, ko‘chada hali yop-yorug‘ kun. O‘zini bosgan falajga o‘xshash allaqanday iskanjani so‘nggi bir siltanish bilan uza-uza Juzeppe Korte to‘shak yonidagi soatga ko‘l cho‘zdi. Soat kunduzgi uch yarimni ko‘rsatardi. U yuzini derazaga burib, qopqalar qandaydir sirli buyruqqa bo‘ysunganday, sekin tushayotganini, kunning yorug‘ini yopib borayotganini ko‘rdi.

Karim Bahriyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.