OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ernest Xeminguey. Bu judayam og‘ir hunar

Ernest Xemingueyning rus tarjimoni Ivan Kashkinga maktubidan

…Urush to‘g‘risidagi hikoyalarimda shoshmasdan, turli xil nuqtai nazardan iloji boricha batafsilroq, haqqoniyroq manzara yaratishga harakat qilyapman. Shuning uchun bitta hikoyada mening shaxsiy qarashlarim to‘la-to‘kis aks etishi amrimahol. Bilamizki, urush – yovuzlik. To‘g‘ri, ba’zan jang qilishga majbur bo‘lamiz. Lekin, baribir, urush – yovuzlik, faqat munofiq kishilargina bu haqda boshqacha fikrda bo‘lishi mumkin. Biroq urush haqida haqqoniy yozish juda qiyin. O‘zimning shaxsiy tajribam asosida shuni aytishim mumkinki, masalan, 1918 yili hali o‘smir chog‘imdayoq Italiya kampaniyasida ishtirok etganimda naq o‘takam yorilib ketayozgan edi. Ispaniyada esa bir necha haftadan keyinoq diydam qotib, hech narsadan hayiqmay qo‘yganman. Shunga qaramay, men uchun va umuman yozuvchilar uchun urushda vahimaga tushayotgan odamlarni ko‘rib yelka qisish yoki umuman urushning dahshatli narsa ekanini rad etishdan bemaza ish yo‘q dunyoda. Men bularning hammasini juda yaxshi bilaman. Urushning oldini olib bo‘lmadimi, tamom, endi faqat bitta imkoniyat qoladi, u ham bo‘lsa – G‘alaba. Afsuski, Ispaniyada bizga g‘alaba qilish nasib etmadi… Yetar, jin ursin o‘sha urushlarni. Men hozir faqat ijod qilishni istayman.
Ispaniyada jonlarini fido qilib, oramizdan ketganlar haqida – o‘sha siz tarjima qilgan parchani yozish uchun juda qiynaldim. Chunki, qanday bo‘lmasin, yo‘lini topib, marhumlar haqida bor haqiqatni yozish kerak edi. O‘lgan o‘ldi, deyish bilan kifoyalanmay, yana nimadir aytish zarur edi. Bundan tashqari, qochoqlaru qahramonlar, qo‘rqoqlaru jasurlar, sotqinlaru sotqinlikka qodir bo‘lmagan insonlar haqida vijdonan yozishni istardim. Biz o‘sha odamlar haqida ko‘p narsa bilar edik…
Urush borayotgan paytda hech ishga qo‘l urging kelmaydi, doim seni ham o‘ldirishlari mumkinligini o‘ylaysan kishi. Biroq, mana, men omon qoldim, demak, ishlashim kerak. O‘lish osonu, yashash xiyla qiyin ekaniga, yozish esa hamisha mashaqqat ekaniga o‘zingiz ham ishonch hosil qilgandirsiz-a? Men jon deb tekinga yozardim-u, lekin hech kimsa biror narsa bermagandan keyin ochdan o‘lasan-da. Agar men Gollivudning nog‘orasiga o‘ynaganimda yoki har xil bo‘lmag‘ur narsalarni yozaverganimda juda katta mablag‘ jamg‘arib olishim mumkin edi. Ammo men, toki tanamda jonim bor ekan, faqat yaxshi yozishga, haqqoniy yozishga harakat qilaman. Ayni zamonda, hech qachon tinka-madorim qurib qolmasligiga ham ishonaman.
…bilasizmi, yozuvchilikning juda g‘alati tomonlari bor. Birov senga yordam berishni ming istagan taqdirda ham, sen mustaqil bo‘lishing shart bo‘lgan va dunyodagi hech bir zot senga yordam berolmaydigan (faqat senga xalaqit berishmayotganini yordam deb o‘ylamasak-da!) birdan-bir hunar – bu ijoddir. Do‘stginam, bu juda ham og‘ir hunar…

1939 yil 23 mart

Nabijon Boqiy tarjimasi
«Yoshlik» jurnalining 1985 yil 3-sonidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.