background
logotype

Ernest Xeminguey. Frensis Makomberning omonat baxti (hikoya)

Nonushta payti, ular palatkaning qo‘shqabat, yashil soyaboni ostida xotirjam ovqatlanib o‘tirishar edi.
— Sizga limon sharbati bersinmi yoki limonadmi? — deb so‘radi Makomber.
— Kokteyl, — deya javob qildi Robert Uilson.
— Menga ham kokteyl, — dedi Makomberning xotini. — Ko‘ngil o‘tkirroq narsani tusayapti.
— Ha, darhaqiqat, hammasidan ma’quli shu bo‘lsa kerak, — deya rozi bo‘ldi Makomber. — Unga ayting, uchta kokteyl qilib yuborsin.
Qora tanli xizmatkor ishga kirishib ketdi. Muz solingan qoplardan ter bosgan shishalarni chiqara boshladi. Palatkaga soya tashlagan daraxtlar orasidan shamol esardi.
— Ularga qancha bersam bo‘larkin? — deb so‘radi Makomber.
— Bir funt yetib ortadi, — dedi Uilson, — Ularni taltaytirib yubormaslik kerak.
— Kattasiga bersam-chi, o‘zi taqsimlardi-da?
— Ha, shunday qilgan yaxshi.
Frensis Makomberni bundan , yarim soat oldin oshpaz, xizmatkoru qo‘shni xodim, hammol birgalikda qo‘llarida bardor-bardor qilib, lager chegarasidan tantana bilan o‘z palatasiga olib kelib qo‘yishgandi. Miltiq ko‘tarib yuruvchilar bu ishga aralashishmadi. Mahalliy kishilar uni palatasi yonida yerga qo‘yishganida, u bir-bir hammasining qo‘lini siqib, minnatdorchiligini bildirdi, keyin ularning tabriklarini eshitdi, so‘ngra palatasiga kirib, xotini kelguncha uni kutib karavotda o‘tirdi. Xotini unga hech nima demadi, Frensis o‘sha zahoti tashqariga chiqdi-da, safarda olib yuriladigan chilopchinda yuvingach, ovqatxonaga o‘tib, shabada esib turgan salqin joyga qo‘yilgan qulaygina yoyma kresloga cho‘kdi.
— Mana, nihoyat sherni ham o‘ldirdingiz, — dedi unga Robert Uilson,— o‘ziyam shermisan sher ekan-da.
Makomber xonim Uilsonga yalt etib qarab qo‘ydi. U juda ham chiroyli va yihoyatda nozikta’b edi. U husn-jamoli va xush xulqi bilan jamiyatda o‘ziga yarasha dong qozongandi, bir pardoz-andoz vositalarini targ‘ib etadigan jurnalda rasmi ham bosilib chiqqan, bu reklama ma’nosida attor korchalonlarga katta foyda keltirgan, natijada bundan besh yil oldin Makomber xonim besh ming dollarga ega bo‘lgan edi. U Frensis Makomberga o‘n bir yil avval erga tekkandi.
— Haqiqatan ham zo‘r sher ekan, a? — dedi Makomber.
Endi ayol eriga qarab qo‘ydi. U ikkala erkakka ularni xuddi birinchi marta ko‘rayotgandek, qattiq tikilib qoldi. Binobarin, oq tanli ovchi Uilsonni u birinchi bor ko‘rishi edi. Uilson o‘rta bo‘yli, mallasoch, chaqmoq mo‘ylovli, yuzlari qizil, ko‘zlari esa juda sovuq odam edi. Kulganida yuzidagi ajinlar quyuqlashardi. U xonimga qarab jilmaydi. Ayol ko‘zlarini undan olib qochib, keng frenchisini turtib chiqqan yelkasiga, chap cho‘ntagidagi to‘rtta patronga, oftobda qoraygan beso‘naqay qo‘llariga, chavandozcha eski shimiga, chang-loy poyabzaliga qaradi, keyin yana uning qip-qizil yuziga boqdi. Hozir palatka ustuniga qoqilgan, mixga ilingan, keng ayvonli shlyapasi gardishidan qolgan, peshonasida oppoq bo‘lib oqarib turgan iz bu qizillikni yanada bo‘rttirib ko‘rsatar edi.
— Qani, o‘sha sher uchun ichaylik, — dedi Robert Uilson. U yana ayolga qarab jilmayib qo‘ydi, ayol esa tishini oqini ko‘rsatmay, ovchiga sinovchan, moyilona tikildi.
Frensis Makomber novchagina, xipcha, xushqomat, qora sochi eshkakchi yigitlarnikiday kalta qirqilgan, lablari yupqa odam edi. Uni hamma kelishgan, yoqimli inson deb hisoblardi. Egnida Uilsonnikiga o‘xshagan, faqat yap-yangi ovchilar kiyimi. Yoshi o‘ttiz beshlarda. U mohir tennischi, baliq tutish musobaqalarida bir necha marta birinchi o‘rinni olgan. Ammo u hozir o‘zini noshudlarcha tutar, boshqalarga ham landovurdek ko‘rinar edi.
— Mayli, sher uchun ichaylik! — dedi u. — Qilgan yaxshiligingiz uchun qanday minnatdorchilik bildirishni ham bilmayapman, — dedi u Uilsonga qarata. Margaret yana yalt etib Uilsonga qaradi.
— Sher haqida gaplashmaylik, — dedi Margaret.
Uilson xotinga qaradi, ammo bu safar kulmadi. Ayol unga qarab jilmaydi.
— Bugun juda g‘alati kun bo‘ldi-da, — dedi Margaret. — Siz shlyapangizni kiyib oling, tushga borib soyabon tagi ham qizib ketadi, deb o‘zingiz aytuvdingiz- ku menga.
— Ha, kiysa ham bo‘ladi, — dedi Uilson.
— Bilasizmi, mister Uilson, yuzingiz juda ham qizarib ketibdi, — dedi ayol yana jilmayib.
— Ko‘p ichaman, shuning ta’siri bo‘lsa kerak, — dedi Uilson.
— Yo‘g‘-e, menimcha, bu undan emas, — dedi xotin, — Frensis ham ko‘p ichadi, lekin yuzi hech qachon qizarmaydi.
— Bugun qizardi, — dedi Makomber gapni hazilga burganday.
— Yo‘q, — dedi Margaret, — bugun men qizarganman.. Mister Uilsonning yuzlari doim qip-qizarib turarkan-a, qanday yaxshi!
— Bu milliy xususiyat bo‘lsa kerak, — dedi Uilson. — Umuman, mening basharam haqida gapirishmasak qalay bo‘larkin?
— Men gapni endi boshladim-ku, — dedi Margaret nozlanib.
— Mayli-da, bas qilaqolaylik, — dedi Uilson.
— Unda nima haqda gaplashamiz? — hayron bo‘lib so‘radi Margaret.
— Bachkana bo‘laverma, Margaret! — dedi Frensis.
— Gaplashadigan gap ko‘p, — dedi Uilson. — Mana, masalan, ajoyib bir sher o‘ldirildi.
Margaret ikkala erkakka bir-bir qaradi. Ular ayolning yig‘lab yuboray deb turganini sezishdi. Uilsonga xotin kishining obi-diydasi yoqmasdi. Makomber esa xotinining yig‘i-sig‘isiga anchadan beri e’tibor bermay qo‘ygandi.
— Nega menga yana sherning o‘ldirilganini eslatdingiz-a? — dedi yig‘lamsirab Margo va o‘z chodiri tomon xomush yurib ketdi.
— Ayol istig‘nosi va shunga o‘xshash hokazo qiliqlar, — dedi Uilson bepisandgina. — Hech narsa bo‘lmaydi. Xotin kishining asabi o‘zi shunaqa.
— Yo‘q, — dedi Makomber. — Kechirilmaydigan bir ish bo‘ldi. O‘lgunimcha esimdan chiqmaydi. Sherni o‘zim o‘ldirishim kerak edi.
— Qo‘ying bo‘lmagan gaplarni. Yaxshisi, keling, ichaylik, — dedi Uilson. — Bu voqeani unuting. Ko‘ngilni yozadigan gaplardan gaplashaylik.
—  To‘g‘ri-ku... — deya talmovsirandi Makomber, — ammo siz men uchun shunday bir ish qildingizki, buni hech qachon unutmayman.
— Xijolat bo‘lavermang, — dedi Uilson, — Gapirishga ham arzimaydi.
Ular akatsiya daraxtlarining tarvaqaylagan shoxlari soyasida, sohil tarafga oqayotgan jilg‘a paydo qilgan yam-yashil o‘tloq va o‘rmon etagi o‘rasidagi toshloq bir tepada, chodirda ilib qolgan limon sharbati ichib, bir-birlariga qaramaslikka tirishib, ana shunday suhbatlashib o‘tirishardi. Ayni vaqtda qora tanli xizmatkorlarning nonushtaga dasturxon tuzashlarini kutishardi. Xizmatkorlar hamma narsadan ogoh ekanligiga Uilson shubha qilmasdi. Stolga likopcha qo‘yayotgan Makomberning xizmatkori xo‘jayiniga yer ostidan qiziqib qarayotganini ko‘rgach, Uilson uni suaxili tilida so‘kib berdi. Habash teskari qaradi yuzida mutlaqo beparvolik aks etib turardi.
— Unga nima dedingiz? — deb so‘radi Makomber.
— Hech narsa. Shunchaki tezroq qimirla, yo‘qsa, o‘n besh qamchi yeysan, o‘lasan, — dedim.
— Qanaqasiga? Qamchi dedingizmi?
— Ha, albatta, bu qonunga xilof ish, — dedi Uilson. — Aslida ularga jazo o‘rnida jarima solinadi.
— Sizlarning bu joylaringizda habashlarni hozir ham urishadimi?
— Istaganlaricha urishadi. Agar shikoyat qilishsa, katta janjal ko‘tarilishi mumkin. Lekin shikoyat qilishmaydi. Chunki jarima to‘lash kaltak yeyishdan og‘irroq.
— G‘alati ekan, — dedi Makomber.
— Siz o‘ylaganchalik g‘alati emas, — dedi Uilson. — Deylik, shaxsan siz bu jazolardan qaysi birini afzal ko‘rardingiz. Qamchinimi yoki pulnimi? — Uilson Makomberga bu savolni berishga berdiyu o‘zi noqulay ahvolga tushib qoldi. O‘rtadar xijolat pardasini ko‘tarib tashlash uchun: — Aslida qaydir yo‘sin bilan hammamizni savashmoqda, — dedi.
Uilson ichida: «Bundan battari ham bo‘ladi. Afsus. Siporishni bilmafman, gapni do‘q etkizib aytib qo‘yaqolaman-da», deya o‘yladi.
— To‘g‘ri, hammamizni urishadi, — dedi Makomber hamon unga qaramay. Anavi sher bilan bog‘liq voqea ko‘nglimni juda xijil qilyapti. Mish-mish tarqalib ketmasmikin? Rasvo bo‘ldi-da! Siz...
— Ya’ni, men buni «Matayga-klub»dagilarga aytamanmi-yo‘qmi, shuni bilmoqchimisiz? — deya Uilson Makomberga sovuq nazar tashladi. Makomber buni kutmagandi.
«Ie, bu qo‘rqoqqina emas, nodon ham ekan-ku, — deb o‘yladi Uilson. Boshida u menga ma’qul tushgan edi. Ammo bu amerikaliklarning qanaqaligini kim bilib o‘tiribdi».
— Yo‘q, — dedi Uilson. — Ovchilik mening kasbim. Bizlar o‘z mijozlarimiz haqida hech qachon gapirmaymiz. Bu xususda ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Lekin mijozlar menga shunaqa savol berishganda jinim qo‘ziydi.
Uilson, Makomber bilan g‘ijillashib qolsam yaxshi bo‘larkan, deya o‘yladi. Shunda o‘zi alohida o‘tirib ovqatlanardi, kitob o‘qirdi. Ular ham o‘zlaricha ovqatlanishardi, har xil gap-so‘z bilan Uilsonning boshini qotirishmasdi. Ov tugaguncha birga yurishadi, ammo u rasmiy muomalaga o‘tib oladi. Frantsuzlar aytganidek, «bag‘oyat hurmatli» deganga o‘xshash takalluflardan qutuladi. Ularga yaqinlashmagani, osh-qatiq bo‘lmagani har jihatdan ma’qul. Makomberni haqorat qiladi-yu, ular arazlashib qolishadi. Keyin Uilson o‘zicha alohida, xoli, kitobini o‘qib, ularning viskisini avvalgiday ichib, maza qilib yuraveradi. Bu yerlarda shunaqa, «viskisini ichib yuribman» degan gap bor. Basharti ovda biron g‘idi-bidi chiqsa, ya’ni ovchilar va mijozlar janjallashib qolishsa, shu iborani ishlatishadi. Biron oq tanli ovchini uchratib qolasan-da: «Ishlar qalay?» deb so‘raysan. U: «Chakki emas, anovilarning viskisini ichib yuribman», deydi. Shunda darhol ish chatoqligini tushunasan.
— Kechirasiz, — dedi Makomber, doim, to qariguncha bolalik tusi arimaydigan amerikacha yuzini unga o‘girib. Uilson uning kalta qirqilgan sochini, chiroyli, ammo beqaror ko‘zlarini, qirra burnini, yupqa lablarini va bejirim iyagiki nazaridan o‘tkazdi. — Uzr, fahmlamabman. Axir men ko‘p narsalarni bilmayman.
«O‘ziki bunaqa deb turgandan keyin nima qilarding?» deya o‘yladi Uilson. U shu topda bir narsani vaj qilib uzil-kesil janjal ko‘tarmoqchi edi, hozirgina u haqorat qilgan bu kallavaram esa, dumini chotiga tortib uzr so‘rab o‘tiribdi.
Uilson yana bir bor uning qitig‘iga tegishga urinib ko‘rdi.
— Qo‘rqmang, birovga gullamayman, — dedi u. — Daromadimdan judo bo‘lgim kelmaydi. Bu yerda, Afrikada, bilasizmi, xotin kishining sherga otgan o‘qi, bekor ketmaydi, oq tanli erkak esa hech qachon juftak urib qochmaydi.
— Men quyondek qochvordim, — dedi Makomber.
«Shuni odam deb o‘tiribman-a, shunaqa narsalarni gap deb gapirib o‘tirgan odamni nima ham qilib bo‘lardi?»
Uilson o‘zining befarq, moviy ko‘zlarini Makomberga o‘qday qadagan edi, u Uilsonga qarab iljayib qo‘ydi. Agarda uning ko‘zlari qanday mungli ekanini hisobga olmaganda, bu yaxshi kulgi edi.
— Balki hali qo‘toslar ovida yutib chiqarman, — dedi Makomber. — Axir ularga endi navbat keldi-ku?
— Xo‘p desangiz, ertagayoq men tayyorman, — deb javob berdi Uilson, undan behuda g‘azablangan ekanman, degan fikrga kelib. Makomber haq, o‘zingni xuddi shunday tutishing kerak. Bu amerikaliklarga yorilib ketsang ham tushunolmaysan. Uilsonning ko‘nglida Makomberga nisbatan yana xayrixohlik uyg‘ondi. Qani endi bugungi tongni unutib bo‘lsa. Ammo unutib bo‘larmidi. Tong shunaqa boshlandiki, bundan rasvosi buyurtirganingda ham bo‘lmaydi.
— Ana, sohibamiz ham kelyaptilar, — dedi Uilson.
U bular tomon o‘z palatkasidan asta yurib kelar, dam olib tiniqqan, quvnoq, maftunkor edi. Yuz bichimi shunchalar silliq, ifodasiz ediki, dabdurustdan uni tentak deb o‘ylash ham mumkin edi, «Yo‘q, unaqa emas,— deb yana xayolidan kechirdi Uilson,— yo‘q, bu, xotin tentak emas».
— Qirmizi yuz, suqsur yigit mister Uilson o‘zlarini qanday his qilyaptilar? — deya tamanno qildi ovchiga va eriga ham g‘amza bilan: — Xo‘sh, Frensis, jonginam, sen qalaysan? — dedi.
— Ancha tuzukman, — dedi Makomber.
— Men bundoq o‘ylab ko‘rib, bo‘lib o‘tgan voqeani unutib yuborishga ahd qildim, —dedi Margo, ohista stolga o‘tirdi. — Frensis sherni qanday otadi, o‘ldiradimi-yo‘qmi, menga nima farqi bor? Shu bilan osmon uzilib yerga tusharmidi. Ovchilik uning kasbi emas. Bu mister Uilsonning kasbi. Mister Uilson o‘ljaga hamla qilganida, o‘ldirgan paytida haqiqatan ham jozibali bo‘lib ketarkan. Siz har qanaqa hayvonni ham o‘ldiraverasiz, a, to‘g‘rimi? — deya Uilsonga boqdi.
— Ha, hamma narsani, — dedi Uilson.— Nima duch kelsa otaveraman.
«Bunaqangilar shafqatsiz bo‘ladi, — deya o‘yladi Uilson.— Eng toshbag‘ir, eng bemehr, eng qonxo‘r va eng maftunkor, eng qaqshatqich xotinlar ham xuddi shunga o‘xshagan bo‘ladi. Erlari ularning oldida ortiq darajada muloyim ko‘rinishadi, dumlarini qisib turishadi, yoki birmuncha jazavali, jahldor bo‘lib qolishadi. Balki bunaqangi ayollar gah desa qo‘llariga qo‘nadigan erkaklarni ataylab tanlarmikanlar? Lekin ular bu g‘arazni qanday qilib amalga oshira qolishadi, axir barvaqt erga tegadilar-ku?..» Yaxshiyamki Uilson amerikalik ayollarni birinchi marta ko‘rayotgani yo‘q; ammo, bari bir, bunisi judayam jozibador edi, Uilsonning ko‘nglidagi moyillik tobora kuchaymoqda edi.
— Ertaga qo‘tos oviga boramiz,— dedi u Margaretga.
— Men ham birga boraman,— dedi ayol.
— Siz bormaysiz,— dedi Uilson.
— Yo‘q, boraman. Yo mumkin emasmi, a, Frensis?
— Balki lagerda qolganing yaxshidir,— dedi eri unga.
— Hech-da,— dedi Margo.— Bugungidek tomosha bo‘larmishu men ko‘rmay qolarmishman. Nimaga keldim bu yoqqa-unda?
«Hali u yig‘isini yashirish uchun chodiriga ketayotganida, menga ajoyib ayolday ko‘rinuvdi,— deya o‘ylay boshladi Uilson.— O‘shanda u ahvolini tushungandek, eriga hamdard bo‘lgandek, har ikkalovi uchun xijolat chekkandek tuyulgan edi. Endi esa, chorak soatdan so‘ng, asliga tortib, o‘zining amerikacha shafqatsiz ayollik niqobiga butunlay chulg‘anib olyapti. Ulardan qo‘rqqulik. Ular dahshatli».
— Ertaga sen uchun yana tomosha ko‘rsatamiz,— dedi Frensis Makomber.
— Ammo ertaga ham siz bormaysiz,— dedi Uilson ayolga qarata.
— Bekorni aytibsiz,— dedi Margo shiddat bilan.— Men sizni yana tomosha qilmoqchiman. Bugun ertalab juda yoqimtoy edingiz — bir hayvonning kallasini uzib tashlagan odamning qanday yoqimtoy bo‘lishini tasavvur qila olsangiz kerak?!
Uilson uning gapiga e’tibor bermadi.
— Mana, nonushta ham keldi,— dedi u.— Siz, menimcha, nimadandir xursand ko‘rinasiz?
— Bo‘lmasa-chi! Men bu yerlarga zerikish uchun kelmaganman,— dedi ayol.
— Ha, mayli, hozircha zerikishga to‘g‘ri keladi,— dedi Uilson.
U irmoqning tiniq suvlari ostidagi toshlarga, uzoqdagi baland qirg‘oqqa, ertalab ov qilgan joylaridagi daraxtlarga qaradi-da, hammasini bir-bir esladi.
— Mayli, zeriksam ham chidayman dedi Margo,— Juda ajoyib kun bo‘ldi-da. Ertaga-chi? Men ertani shu qadar hayajonlanib kutayotganimni siz tasavvur qilolmaysiz.
— Mana, antilopa go‘shtidan ham tatib ko‘ring,— dedi Uilson.
— Juda ham mazali go‘sht,— dedi Makomber.
— Antilopa deganingiz sigirga o‘xshash, quyonday sakraydigan haivon-da, a.
— Balli, juda to‘g‘ri ta’rifladingiz,— dedi Uilson.
— Uni sen otdingmi, Frensis?— deya so‘radi Margo.
— Ha.
— Ular xavfli emasmi?
— Ustingizga ag‘anab tushmasa xavfli emas,— deya javob qildi Uilson.
— Qo‘rqmasa bo‘larkan.
— Bas, Margo, evi bilan-da,— dedi Makomber va gushtning bir bulagini kesib vilkasiga ildi-da, ezilgan kartoshka, sabzi aralashtirilgan qaylaga botirib yeya boshladi.        
— Yaxshi, jonim,— dedi Margo,—Sen iltimos qilib turganingdan keyin yo‘q dermidim.
— Kechqurun sherga shampan purkaymiz, hozir kun juda issiq, dedi Uilson.
— Ha, darvoqe, sher ham bor-a,— dedi Margo. — Sher xayolimda ham yo‘q ekan.
«Ana! Endi bu xotin meni tahqirlashga tushadi, — deya o‘ilay boshladi Robert Uilson.— Yoki ichini mushuk tatalayotgan paytida odam o‘zini shu qabilda tutishi kerak, deb o‘ylayaptimikin? Xo‘p, eri nomardligini anglab yetgan ayol o‘zini qandai tutishi lozim? O‘lardek shafqatsiz xotin ekan. Umuman, bularning qaysi biri shafqatsiz emas? Axir ular - hukmron, hukm surgan odam ba’zan shafqatsizlik qilishi tabiiy. Aslida-ku, bularning zolimligi jonimga tegib ketdi...
— Qovurdoqdan olinglar,— dedi Uilson Margoga iltifot bilan.
Kechga tomon Uilson va Makomber qora tanli shofer haidagan mashinaga o‘tirib, ikki nafar qurol tashuvchini ham yonlariga olib, jo‘nab ketishdi. Makomber xonim lagerda qoldi. Havo juda issiq, borgim kelmayapti, dedi u. Ertaga ertalab bari bir ular bilan birga boradi. Mashina yo‘lga tushganda ayol kattagina daraxt ostida ularni kuzatib turar, turishi juda chiroyli edi. Egnida jigarrang kostyum, tim qora sochlari peshonasidan orqaga taralib, yig‘ib-tugilgan. Yuzi nokdek tarang. Xuddi Angliyada turgandek. Uilson xotinning ana shu holatini ravshan tasavvur etdi. Ana, u qo‘lini silkitib ular bilan xayrlashdi. Mashina qalin o‘sgan o‘t-o‘lanlarni bosib pastlikni aylanib o‘tdi, daraxtzor orasidagi egri-bugri yo‘ldan g‘umay poyalari ko‘rinib turgan tepalik sari ilgarilay boshladi. Butazorda bir poda antilopa yotgan ekan, hurkitib yuborishdi. Ularni suv kiyigi desa ham bo‘ladi. Mashinadan tushishdi, shoxlari egilgan qari nar kiyikni otmoqchi bo‘lishdi. Makomber uni merganchasiga bir o‘q bilan qulatdi. Kiyik ulardan ikki yuz qadamcha narida yer tishladi. Ayni paytda qolganlari qo‘zg‘alishib, jon holatda sakrab, bir-birlarining ustlaridan irg‘ib, tuyoqlarini bukib, xuddi odam tushida uchganiday, uzoq-uzoqqa ravon sakray-sakray qocha boshlashdi.
— Yaxshi otdingiz, — Uilson.— Ularga o‘q tekkizish oson emas.
— Ho‘sh, qalay endi, arzigulik tuyoqmi o‘zi?— deya mamnun ohangda so‘radi Makomber.
— Arzigulik bo‘lganda qandoq!— dedi Uilson.— Hamma vaqt shunaqa oting, bu yog‘i yaxshi bo‘laveradi.
— Siz nima deysiz, ertaga qo‘toslarni topa olarmikanmiz? — deb so‘radi Makomber.
— Topsak kerak. Ular saharda o‘tloqqa chiqishadi. Agar ov baroridan kelsa, o‘tloqda ularni uchratamiz.
— Anavi sher bilan bog‘liq noxushliklar g‘uborini yuvib yuborsam degandim, — dedi Makomber. — O‘z xotining oldida shu ahvolga tushish kishiga yoqmaydi har qalay.
«Xotining seni yaxshi ko‘radimi-yo‘qmi, menga nima qizig‘i bor, bu haqda gapirish nodonlik-ku, axir», deya ko‘nglidan kechirdi Uilson. Lekin o‘zini tutib turolmadi va:
— Bu xususda hadeb o‘ylayvermang,— dedi,— Manman degan odam ham sherga birinchi bor duch kelganida o‘takasi yoriladi. O‘tgan ishga salavot. Bas endi.
Lekin kechqurun, gulxan yonida o‘tirib, bir stakandan sodali viski ichib ovqatlanib olishgach, Frensis Makomber pashshaxona tutilgan o‘rnida tund tovushlarga quloq solib yotarkan, o‘sha voqea unga tinchlik bermadi. Qanday ro‘y bergan bo‘lsa shundayligicha, faqat ba’zi tafsilotlari alohida ajralib ko‘z oldiga kelaverdi. Makomber o‘z qilmishidan uyalib, orlanib rosa qiynaldi. Ammo uyatdan ko‘ra ham kuchliroq, dilni kemiruvchi allaqanday bir sovuq qurquv jonu jismiga yopishib olib, uni qattiq behalovat qildi.
Bu tuyg‘u avvalgi kuni kechasi uyqudan uyg‘onib, irmoqning bosh tarafidan kelayotgan sher na’rasini eshitganda boshlangan edi. Bu bo‘g‘iq o‘kirik, irillash tingach, yo‘tal ovozi eshitildi. Keyin Makomberga sher xuddi chodirning yonginasida o‘kirayotgandek tuyulib, yuragi o‘ynab ketdi. Yonida xotini bir maromda uxlab yotardi. Frensis miq etishga qo‘rqar, dardini aytishga dardkash yo‘q, o‘zi yonib, o‘zi jig‘ibiyron bo‘lar, bu esa qo‘rquvni battar oshirar edi.
Makomber o‘zining xuddi mana shu holatiga oid bir samoli rivoyatini eshitmagandi. U rivoyatda aytilishicha, dovyurak kishi umrida uch marta qo‘rqadi: birinchisi — sher izini ko‘rganda, ikkinchisi — sher o‘kirigini eshitganda, uchinchisi — unga duch kelganda. Ertalab ular chiroq yorug‘ida nonushta qilayotganlarida, sher yana o‘kirdi, Frensisga ovoz shundoqqina yonlaridan kelayotganday tuyuldi.
— Qari sherga o‘xshaydi,— dedi Robert Uilson qahva ichayotib,— qarang, qanaqa yo‘talyapti.
— U bu yerga juda yaqinmi?
— Jilg‘a boshida, ikki chaqirimcha narida.
— Uni ko‘rarmikanmiz?
— Ko‘rishga harakat qilamiz.
— Tovushi hamisha ham shunaqa uzoqdan eshitiladimi? Xuddi lager ichkarisiga kirganga o‘xshaydi-ya.
— Juda uzoqdan eshitiladi, uning olisda turganiga ishonish ham qiyin,— dedi Robert Uilson.— Ovimiz baroridan kelsin, deb turaveramiz-da. Shu yerliklar bu atrofda juda katta sher bor, deb aytishgandi.
— Agar otishga to‘g‘ri kelib qolsa, qaerini mo‘ljallash kerak?—deb so‘radi Makomber.
— Kuragini,— dedi Uilson.— Uddasidan chiqsangiz, bo‘yniga oting. Suyagini nishonga oling. Bir o‘q bilan o‘ldirishga harakat qiling.
— O‘qim bekorga ketmas deb o‘ylayman,— dedi Makomber.
— Siz yaxshi otasiz,— dedi Uilson.— Faqat hovliqmang. Jon joniga oting. Birinchi o‘q hal qiluvchi bo‘ladi.
— Qanaqa masofadan otgan ma’qul?
— Aytish qiyin. Bu masalada sherning holati hisobga olinishi kerak. Agar masofa juda olis bo‘lsa, otmang. O‘lishiga ko‘zingiz yetsagina o‘q uzing.
— Yuz yarddan yaqin bo‘lishi kerakmi?—deb so‘radi Makomber.
Uilson unga yalt etib qarab qo‘ydi.
— Yuz yard — eng qulay masofa. Yaqinroq bo‘lsa, yana ham yaxshi. Agarda sher uzoqda bo‘lsa, o‘q behuda ketadi. Xullas, qulayi yuz yard. Bunaqa joydan istagan nuqtangizni nishonga olishingiz mumkin. Ana, bekamiz ham kelyaptilar.
— Salom,— dedi Margo.— Xo‘sh, ketdikmi?
— Avval siz nonushta qilib oling, keyin ketamiz,— dedi Uilson.— O‘zingizni yaxshi his qilyapsizmi?
— Yaxshi bo‘lganda qandoq!— dedi Margo.— Men judayam hayajonlanayapman.
— Borib qaray-chi, narsalar tayyormikin,— deya Uilson o‘rnidan turdi.
U nari ketib borarkan, sher yana o‘kirdi.
— Ie, juda g‘alva qilib yubordi-ku bu,— dedi Uilson. — Mayli, biz uning nafasini o‘chirib qo‘yamiz.
— Senga nima bo‘ldi, Frensis, muncha xomushsan?— deya so‘radi xotini Makomberdan.
— Hech narsa,— dedi Makomber.
— Yo‘q, juda shashting past, nima bo‘ldi o‘zi, ayta qol.
— Hech nima.
— Ayt!— xotini unga sinovchan tikildi.— Mazang qochib qoldimi?
— Anavi... ovozing o‘chkurning o‘kirishini qara...— dedi u.— Tun bo‘yi tinmadi.
— Nega meni uyg‘otmading? Men ham eshitardim.
— Endi uni gumdon qilmasam ko‘nglim tinchimaydi,— dedi Makomber qahr bilan.
— O‘zi bu yerga shuning uchun kelgansan-ku.
— Ha. Lekin negadir ko‘nglim g‘ash. Bu o‘kirik jig‘imga tegyapti.
— Jig‘ingga tegayotgan bo‘lsa, o‘ldirib qo‘yaqol. Mister Uilson aytganidek, nafasini o‘chir.
— Bo‘pti, jonim,— dedi Frensis Makomber.— Og‘izda aytish juda oson, to‘g‘rimi?
— Nima, yuraging dov bermayaptimi?
— Yo‘q. Faqat tuni bilan ovozini eshitib chiqqanim uchun ko‘nglim g‘ashlanyapti.
— Uni gumdon qilasan-da, o‘zing ham tinchiysan,— dedi Margo.— Uni tezroq o‘ldirsang edi, qanday o‘ldirishingni judayam ko‘rgim kelyapti.
— Bo‘pti, nonushtani tugat, jo‘naymiz.
— Hozir-a?— dedi Margo.— Hali tong ham yorishmadi-ku.
Shu payt sher yana o‘kirdi, o‘kirik sadosi to‘lqinlana-to‘lqinlana tobora kuchayib borib guldirashga aylandi, havoni larzaga solib, asta bo‘g‘iq, past irillash bilan tugadi.
— Xuddi shu atrofda yurganga o‘xshaydi, — dedi Margo.
— Uf-f,— dedi Makomber,— ovoziga toqatim qolmadi.
— Ovozi dahshatli ekan.
— Ha! Dahshatdan ham battar!
Uilson yo‘g‘on, beso‘naqay qo‘ndoqli kalta miltig‘ini ko‘tarib, iljaygancha kirib keldi.
— Jo‘nadik,— dedi u jo‘shqin ovozda.— Sizning dov-dastagingiz bilan
narigi miltig‘ingizni qurol tashuvchilar oldi. Hammasi mashinada. O‘qlar o‘zingizdami?
— Ha.
— Men tayyorman,— dedi Makomber xonim.
— Uning ovozini o‘chirish kerak,— dedi Uilson.— Shofyorning yoniga o‘tiring. Beka orqa o‘rindiqda, mening yonimda o‘tiradilar.
Ular mashinaga joylashib, tong bo‘zargan paytda o‘rmon oralab soyning yuqori tomoniga jo‘nashdi. Makomber miltig‘ini olib, otishga tayyorlab qo‘ydi. Qo‘lining titrayotganini ko‘rib, ichida g‘ijindi. Cho‘ntagidagi, ko‘kragidagi o‘qlarni barmoqlari bilan ushlab-ushlab ko‘rarkan, ko‘nglida taskin va g‘azab aralash bir tuyg‘u g‘alayon qilardi. Orqaga qarab, Uilson va xotinining kulishib o‘tirishganini ko‘rdi. Mashinaning ichkarisi to‘rtta g‘ildirakka o‘rnatilgan qutini eslatardi. Uilson oldinga engashdi-da, Makomberning qulog‘iga shivirladi:
— Qarang, qushlar qo‘nyapti, bu sherning nariga ketgani alomatidir.
Makomber yon tomonga qaradi va o‘rmon ustida doira yasab uchib yurgan, pastga o‘qdek sho‘ng‘iyotgan o‘laksaxo‘r quzg‘unlarni ko‘rdi.
— U yotish oldidan buyoqqa suv ichgani kelishi kerak,— dedi Uilson yana shivirlab.— Shay bo‘lib turing.    
Ular mashinada toshloq o‘zandan tik ko‘tarilgan do‘nglik buylab asta yurio borishar, atrofdagi daraxtlar sershox, yo‘l ilonizi edi. Ro‘paradagi qirg‘oqqa tikilgancha xayol surib ketayotgan Makomber birdan Uilson yelkasiga qo‘l quyganini sezdi. Mashina to‘xtadi. Keyin Uilsonning:
— Ana u, — degan tovushi eshitildi.— Ro‘parada. O‘ng tomonda. Tushing endi mashinadan. Oting. Shermisan sher ekan.
Makomber sherni ko‘rdi. U bahaybat boshini ular tomonga o‘girgan holda yonlamasiga turardi. Mayin shabada sherning qoramtir yolini tarab-sollantirar, tonggi g‘ira-shiralikda uning bahaybat jussasi, keng ko‘kragi, yaltiroq, sip-silliq tanasi yaqqol ko‘rinib turardi.
— Oradagi masofa qanchaykin?— deya so‘radi Makomber miltig‘ini shaylar ekan.
— Yetmish yard kelar. Mashinadan tushing-da, otavering.
— Shu yerdan otsam-chi?
— Mashinadan sherga o‘q otib o‘ldirmaydilar,— dedi Uilson Makomberning shundoqqina qulog‘i tagiga kelib. — Tushing endi. Sher kechgacha sizga bunday turib bermaydi.
Makomber taraddudlanib pastga tushdi. Sher hamon osoyishta, viqorli holatda ko‘ziga g‘ayritabiiy, karkidonga o‘xshab ko‘ringan mashinaga qarab turardi. Odam hidi ungacha yetib bormagan chog‘i, u og‘ir kallasini vazmin chayqab, g‘alati sharpaga tikilar, xavf sezmas, ammo sharpa — mashina borligi uchunmi, irmoqqa tushib kelavermas edi. Sher sharpadan odam qiyofasi ajralib chiqqanini ko‘rdi, daraxtlar panasiga o‘tib ketar chog‘ida qattiq gumburlagan tovushni eshitdi, tanasida kuchli og‘riqni sezdi. To‘ng‘izo‘q uning biqiniga yopishib, kuydirib, ko‘nglini behuzur qilib oshqozonidan o‘tib ketdi. Bahaybat sher jarohat va to‘qligi bois og‘ir-og‘ir odim tashlab o‘t va daraxtlar panasiga o‘zini oldi. Shu payt yana o‘q ovozi yangradi. O‘q havoni titratib, shundoqqina yonidan o‘tdi. Shu asno qatorasiga yana bir necha o‘q tovushi varangladi, o‘q sherning pastki qovurg‘asiga tegib narigi biqinidan chiqib ketdi. Sherning og‘ziga issiq qon ko‘pigi quyildi, u jonholatda o‘zini baland o‘tlar orasiga urdi.
Makomber mashinadan tushayotganida sher haqida o‘ylamas, bilgani shu ediki, qo‘llari qaltirar, oyoqlarini arang bosar, soni, boldiri holsiz jimirlar edi. U miltiqni shaylab, sher bo‘ynini ko‘zladi, tepkini bosdi. Ammo qancha urinmasin, miltiq otilmadi. Shunda predoxranitelga qo‘yganini esladi ochmoqchi bulib qurolni tushirar ekan, yana bir nojo‘ya qadam tashladi, avtomobil sharpasidan ajralib chiqqan odamni ko‘rib, sher o‘girilib, baland o‘tlar panasiga keta boshladi. Makomber, o‘q uzdi za «tanq» etgan tanish tovushni eshitib, mo‘ljalga urganligini angladi, ammo sher hamon chopar edi: Makomber yana o‘q uzdi, sherning oldidagi yer to‘zib ketdi, buni hamma ko‘rdi. U yana otish niyatida tepkini itarib, o‘z joyiga kirgizmoqchi edi, sher o‘tlar orasida g‘oyib buldi.
Makomber qurolni mo‘ljalga qarab burarkan, qo‘llari qaltirar, kungli aynir, yonida xotini va Robert Uilson sukut saqlashar, habashlar o‘z tilida nimalardir deb valdirashar edi.
— O‘q tegdi,— dedi Makomber,— Ikki marta tegdi.
— Biqiniga tegdi,— dedi Uilson loqayd,— Ko‘kragi ham yaralandi chog‘i,— Habashlarning ko‘rinishi juda jiddiy, ular sukut saqlashar edi,— Balki siz uni tamom qilgandirsiz,— davom ztdi Uilson. — Bir oz kutamiz, keyin borib ko‘ramiz.
— Ya’ni?
— Holdan toysin, keyin izidan boramiz.
— Ha-a...— dedi Makomber.
— Ajoyib sher, xudo haqi,— xursand tarzda dedi Uilson,— Faqat yomon joyda bekinib olgani chatoq.
— Nega yomon joy? Nimasi yomon?
— Yaqin bormasa, ko‘rib bo‘lmaydi.
— Ha-a...
— Xo‘p, ketdik,— dedi Uilson.— Xonim shu yerda, mashinada qolsinlar. Izini qarash kerak, qon oqqandir.
— Margo, sen shu yerda tura tur,— dedi Makomber bazo‘r xotiniga, uning tomog‘i qurigan edi.
— Nega endi?— so‘radi Margaret.
— Ovchi shunaqa deyapti.
— Biz avval borib bilaylik, ahvol qanaqa ekan,— dedi Uilson.— Siz shu yerda qolavering. Bu yoqdan ko‘rish hatto qulay.
— Mayli.
Uilson suaxili tilida shofyorga nimadir dedi, u bosh irg‘ab:
— Xo‘p, — dedi.
Keyin ular pastqamlikka tushishib, toshloq o‘zandan o‘tishdi, ildizlarga qoqila-qoqila narigi qirg‘oqqa chiqib olishdi va qirg‘oq bo‘ylab yurib, Makomber birinchi marta o‘q uzgan va sher yugurgan joyga borib tuxtashdi. Habashlar qon tomchilarini ko‘rsatishdi — iz daraxtlar tomon yo‘nalgan edi.
— Endi nima qilamiz?— so‘radi Makomber.
— Nima qilar edik, boshqa chora yo‘q,— dedi Uilson.— Qirg‘oq baland, mashina o‘ta olmaydi. Bir oz holdan toysin, keyin siz bilan birga borib, qidirib ko‘ramiz.
— O‘tlarni yondirib yuborsak bo‘lmaydimi?— so‘radi Makomber.
— O‘tlar ho‘l, yonmaydi.
— Haydovchilarni yuborsak-chi?
Uilson Makomberga tikildi.
— Yuborish mumkin, albatta,— dedi u. — Tayin o‘limga yuborgandek bo‘lamiz. Sher yaralanganini bilamiz-ku. Sher sog‘ bo‘lsa, uni haydab borish mumkin — tovushdan qochadi. Ammo yaralangan sher qochmaydi, hamla qiladi. Yerga yostanib yotadi, hatto quyon yashirina olmaydigan joylarda sezdirmay yetadi. Munaqa joyga kimnidir yuborish xavfli. Mayib qilishi turgan gap.
— Qurol tashuvchilar-chi?
— Ular biz bilan borishadi. Ularning burchi, kontrakt tuzishgan, «shaur» deyishadi. Lekin bari bir ular ham munaqa ishga og‘rinishadi.
— Meni u yoqqa borgim kelmayapti,— dedi Makomber, so‘zlari uylab-netgunicha og‘zidan chiqib ketdi.
— Meni ham,— dedi Uilson dangal — Ammo iloj qancha, — Keyin nimanidir o‘ylab, Makomberga qaradi: u qaltirar, ahvoli tushkun edi.
— Siz, albatta, bormasligingiz mumkin,— dedi u.— Shuning uchun ham meni yollashadi. Shuning uchun ham narxim baland-da.
— Ya’ni, siz bir o‘zingiz bormoqchimisiz? Balki unga tegmaganimiz ma’quldir.
Shu topgacha faqat sher bilan mashg‘ul bo‘lib, Makomber haqida o‘ylamayotgan Robert Uilson uyatli bir narsani payqab qolgandek xijolat chekdi.
— Buni qanday tushunish kerak?
— Sher yotgan joyida qolaversin, deyman.
— Sherni yaralanmagan, deb o‘ylaysizmi?
— Yo‘q. Qaytib ketamiz, vassalom.
— Munday qilib bo‘lmaydi.
— Nega?
— Birinchidan, sher qiynaladi. Ikkinchidan, birov unga duch kelib qolishi mumkin.
— Tushunarli.
— Lekin siz biz bilan borishingiz shart emas.
— Men borardim-u,— dedi Makomber,— lekin cho‘chiyapman, yuragim dov bermayapti.
— Men oldinda boraman,— dedi Uilson.— Anovi chol, Konchoni, izni qarab boradi. Siz meni pana qilib, sal chetroqda yuring. Sher tovush berib qolishi mumkin, eshitib qolamiz. Ko‘rishimiz bilan o‘q uzamiz. Baravariga. Xavotir bo‘lmang, men yoningizdan nari ketmayman. Darvoqe, siz balki rostdan ham bormaganingiz ma’quldir?
— Yo‘q, boraman.
— Ixtiyoringiz,— dedi Uilson.— Lekin oyog‘ingiz tortmayotgan bo‘lsa, bormay qo‘yavering. Axir bu ish mening «shauri»im.
— Boraman,— dedi Makomber.
— Agar xotiningizda gapingiz bo‘lsa, hali fursat bor,— dedi Uilson.
— Yo‘q.
— Men borib aytay, shoshmasinlar.
— Mayli,— dedi Makomber. Borib sherni o‘zing gumdon qilib kel, deyishga tili bormadi. Ter bosib, og‘zi qurib, ko‘ngli aynab, o‘tirib qoldi.
Tezda Uilson qaytib keldi.
— Men shtutseringizni ola keldim,— dedi u,— Ushlang.
Makomber shtutserni olganida, Uilson:
— Mendan uch-to‘rt qadam o‘ngroqda yuring,— dedi,— Men nima desam, shuni qilasiz. Keyin ikkala habashga suaxili tilida nimalarnidir uqtirdi, ularning avzoi buzuq edi.— Ketdik,— dedi u.
— Bir qultum suv bo‘lsa, tomoqni ho‘llab olardim,— dedi Makomber.
Uilson qurol tashuvchilarning boshlig‘iga nimadir dedi, u belidagi flyagani yechib, qalpog‘ini buradi, Makomberga uzatdi. Makomber oldi — flyaga og‘ir, kichik g‘ilofi g‘adir-budir, junli edi. U suv idishini og‘ziga yaqinlashtirar ekan, ko‘zlari baland o‘simliklar va yashil butalari yalpoq daraxtlarga tushdi. Mayin shamol yuzga urar, o‘tlar boshi chayqalar edi. U qurol tashuvchiga qaradi va u ham hadiksirayotganini payqadi.
O‘ttiz besh qadamcha narida sher yerga bag‘rini berib, qimirlamay yotar, quloqlari qisilgan, faqat uchi qora kokilli dumi sal g‘imirlar edi. U panaga kelishi bilanoq yerga yotgandi; g‘alvir qilib o‘tib ketgan o‘q zarbidan ko‘ngli aynar, yaralangan o‘pkasi holsizlanar, har nafas olganida halqumiga suyuq qizil ko‘pik quyilar edi. Ikkala biqini issiq va iflos, o‘q teshib kirgan mayda teshiklar atrofida pashshalar qalashgan, nafrat to‘la yirik, sariq ko‘zlari har nafas olganida yumilib-ochilar, uzoqlarga tikilar, o‘tkir changallari yumshoq yerga chuqur botgan edi. Og‘riq, o‘qchish, nafrat, oxirgi kuch — hammasi so‘nggi hamla uchun to‘plangan edi. Ovozlar yaqinlashgach, dumi jimib qoldi va sher odamlarni ko‘rishi bilan bo‘g‘iq ihradi-da, o‘zini ular tomon otdi.
Konchoni izdan ko‘zini uzmay oldinda ketar, Uilson otishga tayyor miltiq bilan o‘t orasida har bir harakatni nazardan kechirib borar, ikkinchi qurol tashuvchi tiq etgan tovushga quloq solar, Makomber esa Uilsonning ortidan asta yurar ekan, barmog‘i miltiq tepkisida, otishga tayyor edi. Ular endi baland o‘tlar ichiga kiruvdilar hamki, Makomber g‘arg‘arasimon o‘kirishni, shu ondayoq o‘tlarni tasmadek chirsillaganini eshitdi va ayni shu paytning o‘zida hamma narsani unutib orqaga qochayotganini anglab qoldi. U «qa-ra-vang» etgan miltiq tovushini ikki marta eshitdi va to‘xtab, orqaga, Uilsonga ko‘z tashladi — boshining bir bo‘lagi qayoqqadir portlab ketgan dahshatli maxluq Uilson tomon o‘rmalar, qirmizi yuz odam miltig‘ini mo‘ljalda tutib, yana o‘q uzar «qa-ra-vang» tovushi yana yangrar edi... Sudralib kelayotgan sherning sariq, bahaybat tanasi to‘xtadi, majag‘i chiqib ketgan kallasi oldinga munkidi-da, yerga taqalib qoldi.
Qo‘lida o‘qlangan miltiq, ikki habashning ta’qib nazari ostida Makomber olazarak bo‘lib maysazorda turarkan, sherning ado bo‘lganini angladi va Uilsonning yoniga bordi.
Uilson Makomberga bir qarab olgach:
— Rasmga tushasizmi?— dedi,
— Yo‘q,— dedi Makomber.
Mashina oldiga yetib borgunlaricha hech kim churq etmadi.
— Ajoyib sher, dedi nihoyat Makomber. — Hozir terisini shilishadi.
Mashinaning orqa o‘rindig‘ida yonma-yon o‘tirishgan bo‘lsa ham, er-xotin bir-birlariga qarashmadi. Uilson oldinda xayol surib o‘tirar edi. Makomber bir qimirlab, xotinining qo‘lini ushladi, ammo u qo‘lini tortib oldi. Irmoqning narigi betiga, habashlar sherni ag‘dar-to‘ntar qilayotgan tomonga boqib, bu yerdan hamma narsani yaqqol ko‘rganini bildi. Keyin xotini oldinga intilib, qo‘llarini Uilsonning yelkasiga qo‘ydi, Uilson bu tomonga o‘girilgan edi, Margaret darhol uning lablaridan o‘pib oldi.
— Ie, ie,— dedi Uilson, uning qizil yuzi battar qizarib ketdi.
— Mister Robert Uilson,— dedi ayol.— Ajoyib inson mister Robert Uilson!
Keyin Margaret qaytib joyiga o‘tirdi-da, eri tomon qaramay, soyning narigi, sher yotgan tomoniga nazar tashladi. Nihoyat habashlar sherning xom, og‘ir terisini keltirishib, avtomobilga chiqishdi. Mashina jo‘nadi. Lagerga yetguncha mashinadagilar bir-birlariga lom-mim deyishmadi.
Sher bilan bog‘liq voqea shunday bo‘lgan edi.
O‘q-dorining ikki tonna keladigan zarbi sherning kallasini o‘pirib ketishidan avval sher hamlaga hozirlanayotganida, sakraganidan keyin navbatdagi o‘q zarbidan umurtqasi cho‘rt uzilib ketganda, olov purkayotgan narsaga o‘zini tashlab, ajalini topganda, sherning holati qanaqa ekanini Makomber bilmasdi. Buni Uilson yaxshi biladi va bilganini «ajoyib sher» iborasi bilan ifoda qildi-qo‘ydi. Ayni paytda Uilsonning dilidan nimalar o‘tgan — bu ham Makomberga noayon. O‘sha topda xotini ham nimalarni his qildi — unga qorong‘i, faqat bir narsa ravshan — xotini endi u bilan birga turmaydi. Ajrashish niyati xotinining dilida bir necha bor tug‘ilgan, ammo uzoqqa cho‘zilmagan. Makomber juda boy va yana boyib ketishi muqarrar bo‘lib endi xotini ajralmasligini bilardi. U yoshligida chiroyli bo‘lgan, hozir ham Afrikadagi go‘zallardan biri Margaret edi, ammo bu erni tark etib, durustrog‘ini topish uchun Amerikadagi ayollarning eng chiroylisi bo‘lishi kerak. Margaret endi u tarozini bosa olmaydi, buni o‘zi ham, eri ham yaxshi tushunadi. Agarda eri ham ayollar talabiga yaroqli bo‘lganida, u boshqa birontasini topib ketaveradi-da, degan gumonda qiynalib yurardi, ammo Margaret eri nimalarga qodirligini anglagan, u hech qayoqqa ketolmasligidan ko‘ngli to‘q. Buning ustiga Makomber ko‘p hollarda chidashga o‘rgangan, ko‘nikuvchi er edi, bu esa uning eng yoqimli va ayni paytda eng xavfli xislatlari edi. Ularning turmush negizi mustahkam bo‘lib, Margaretning husni ajralmaslik uchun, Frensisning boyligi xotinining bardoshiga garov edi.
Tun bo‘yi sher haqida o‘ylaverishdan charchagan Makomber soat uchlarda bir muddatgina uxladi, uyg‘onib yana ko‘zi ilindi, tepasida turgan sherning qonga belangan kallasini tushida ko‘rib, yana uyg‘onib ketdi, nimalargadir bir oz quloq solib yotdi-da, yuragi hapriqib, noxush bir narsani angladi; xotinining o‘rni bo‘sh edi. Tushini o‘ylab, Makomber ikki soat ko‘z yuma olmay yotdi.
Ikki soatdan keyin xotini palatkaga kirib keldi, pashshaxona etagini ko‘tarib, o‘rniga sho‘ng‘idi.
— Qaerda eding?— so‘radi Makomber qorong‘ida.
— Xello, — dedi xotini,—Uyg‘oqmiding?
— Qaerda eding?
— Toza havoga chiquvdim.
— Bekor aytibsan.
— Nima deyishim kerak, o‘rgilay?
— Qaerda eding?
— Toza havoga chiquvdim.
— Bu nima, yangicha, iborami? Qanjiq.
— Sen qo‘rqoqsan.
— Ho‘sh?— dedi Frensis.—Qo‘rqoq bo‘lsam nima qipti?
— Men uchun hech nima. Ke, jonim, hozir suhbatning payti emas, uyqim kelyapti juda.
— Meni indamaydi, yutib ketaveradi, deb o‘ylayapsanmi?
— Imonim komil, o‘rgilay.
— Endi chidamayman,
— Ke, jonim, jim yotaylik, uyqim kelyapti.
— Axir bu ishlarga chek qo‘yildi, deb kelishuvdik-ku? Boshqa qaytarilmaydi, deb va’da beruvding-ku o‘zing?
— Qaytarilib qoldi,— dedi ayol mayin ohangda.
— Biz bu yerlarga safar qilsak, anavi ishlaringni takrorlanmaydi, devding. Va’da qiluvding axir...
— To‘g‘ri, jonim. Niyatim ham shunaqa edi. Ammo kechagi kun safarimizni buzib tashladi. Hozir endi bu haqda gapirish o‘rinsiz.
— O‘lja to‘g‘ri kelsa, sen bu imkoniyatdan voz kechmaysan, shunday-a?
— Iltimos, bu haqda hozir gaplashmaylik. Judayam uyqim kelyapti, o‘rgilay.
— Gaplashamiz.
— Unday bo‘lsa, mayli, men uxlayman.— Va u uyquga ketdi.
Tong yorishishiga hali bor, ular uchovi nonushta qilib o‘tirishar edi. Makomber: odamlar orasida eng yomon ko‘radiganim Robert Uilson, deb o‘ylardi.
— Qanday uxladingiz?— so‘radi Uilson, trubkasini tamaki bilan to‘ldirar ekan.
— O‘zingiz-chi?
— Nimasini aytasiz, juda maza qilib uxlapman.
«Ablah,— deya xayolidan kechirdi Makomber,— mal’un!»
«Demak qaytib kelib erini uyg‘otibdi-da,— deya o‘yladi Uilson, ikkoviga befarq va sovuq nazar tashlab.— Xotiniga qarasa o‘ladimi. Menga nima? Hirsim o‘likmi? Avliyomanmi? O‘zingdan ko‘r».
— Qo‘toslarni uchrata olarmikinmiz?— so‘radi Margaret, o‘rik solingan likopni Uilson tomon surib.
— Uchratsak kerak,— dedi Uilson va unga qarab qulib qo‘ydi.— Siz lagerda qolsangiz tuzuk bo‘larmidi?
— Hech-da,— javob berdi ayol.
— Ayting xotiningizga, lagerda qolsinlar,— dedi Uilson Makomberga.— Buyuring.
— O‘zingiz buyuring,— dedi Makomber zarda bilan.
— Kelinglar, yaxshisi buyruqni qo‘yaylik,— dedi ayol eriga qarab.— Nojo‘ya gaplarni ham, Frensis.
— Qachon yuramiz?— so‘radi Makomber.
— Men tayyorman,— dedi Uilson.— Xonim birga borsalar maylimi? Siz shuni istaysizmi?
— Istaymanmi, istamaymanmi, bari bir emasmi?
— Bari bir,— dedi Uilson.
— Balki siz xotinim bilan birga lagerda qolib, qo‘toslar ovini o‘zimga qo‘yib berarsiz,— so‘radi Makomber.
— Haqim yo‘q,— dedi Uilson.— Umuman qo‘ying munaqangi gaplarni.
— Bu behuda gap emas. Ko‘zimga hamma narsa balo bo‘lib ko‘rinyapti.
— Balo — yaxshi so‘z emas.
— Frensis, marhamat qilib aqlingni yig‘ib gapir,— dedi ayol.
— Haliyam aqlimni yig‘ib gapiryapman,— dedi Makomber.— Umringizda shunaqa badxo‘r ovqatni tatib ko‘rganmisizlar?
— Ovqat yoqmadimi?—osoyishta so‘radi Uilson.
— Ovqat ham.
— Og‘ayni, sal o‘zingizni tutib oling,— dedi Uilson juda sovuqqonlik bilan.— Xizmatkorlarning biri ingliz tilini tushunadi.
— Tushunsa undan nari.
Uilson o‘rnidan turdi, trubkasini burqsitib nari ketdi, yo‘l-yo‘lakay uni kutib turgan qurol tashuvchiga suaxili tilida allanimalar dedi.
Dasturxon atrofida er-xotin o‘zlari qolishdi. Makomber ko‘zini qahva quyilgan idishdan uzmas edi.
— Agarda janjal qo‘zg‘aydigan bo‘lsang, jonim, men sen bilan yashamayman.
— Yashaysan.
— Janjal qo‘zg‘agin, ko‘rasan.
— Sen meni tashlab ketmaysan, bilaman,
— To‘g‘ri, — dedi Margaret. — Agar o‘zingni yaxshi tutsang.
— Yaxshi tutsang! Gapingga o‘laymi? Yaxshi tutsang emish!
— Ha. Yaxshi tutsang.
— Sen o‘zingni yaxshi tutsang bo‘larmidi.
— Shuncha harakat qildim. Shuncha.
— Anavi qizil et to‘ng‘izni ko‘rarga ko‘zim yo‘q, — dedi Makomber. — Turqidan ko‘nglim ozyapti.
— Unaqa dema, u chakki emas.
— Bas! — deya chinqirib yubordi Makomber.
Shu payt ularning yoniga avtomobil kelib to‘xtadi, ichidan shofyor va ikki qurol tashuvchi irg‘ib tushdi. Uilson stol oldiga kelib, er-xotinga sinchkov nazar tashladi.
— Ovga jo‘naymizmi? — so‘radi u.
— Ha, — dedi Makomber, o‘rnidan turayotib. — Jo‘naymiz.
— Issiq kiyim olvoling. Yo‘lda sovuq bo‘ladi,— dedi Uilson.
— Charm kurtkani olib chiqaman, — dedi Margaret.
— Kurtka xizmatkorda, — dedi-da, Uilson shofyor yoniga o‘tirdi. Frensis bilan xotini indamay mashina orqasiga chiqishdi..
«Bu xumpar orqamdan o‘q qo‘yib qolsaya, — deb o‘yladi Uilson, — Nega xotinlarini ergashtirib yurishadi?»
Avtomobil pastga sho‘ng‘ib, soyning toshloq joyidan o‘tib, narigi qirg‘oqqa chiqdi. Qirg‘oq baland, daraxtlar siyrak edi, keng o‘tloqlarda, bargu butoqlarda shudring yiltirar, g‘ildiraklar tagida majaqlangan o‘t-o‘lanning hidi anqir edi. Robert Uilson tabiatning shu holatini yoqtirardi, shuning uchun u hozir orqada o‘tirgan er-xotin haqida o‘ylamasdi. Hozir uning xayoli qo‘toslar bilan band. Qo‘toslar kunduz kunlari botqoqlikda yurishadi, botqoqlik qamishzor bilan o‘ralgan, bu yerda ov qilish qiyin. Qo‘toslar o‘tloqqa kechasi chiqishadi. Botqoq va o‘tloq orasiga mashina bilan kirib, yo‘lini kessakmikin, deya o‘yladi Uilson. Ana o‘shanda Makomber ochiqlikda ov qilar, undan nari bo‘lar edi. Uilsonning changalzorda Makomber bilan ov qilishga hushi yo‘q edi. Umuman Makomber bilan ov qilishni istamas edi, ammo kasbi shu, nachora.
Agar bugun qo‘tos uchrasa, karkidon qoladi, shu bilan Makomberning bugungi xavf to‘la hordiq kuni yakunlanadi. Ayol bilan Uilson bo‘lak donlashmaydi, kechagi hodisani Makomber bir amallab hazm qilib yuboradi. Binobarin, u yagona hodisa emas, bechora bunga o‘xshash narsalarni ko‘raverib ko‘nikib ketgan. O‘zingdan ko‘r, landovur.
Robert Uilson ovga chiqqanida, ehtiyot shart deb, doim kengroq karavot olib yurardi. Uning mijozlari — tarala-bedodu kayfu safoga berilgan zodagonlar, turli mamlakatdan kelgan havaskor-sportchilar va shu karavotda oq tanli ovchi bilan yotib ketishmasa xarajatlari to‘la oqlanmaydi, deb o‘ylaydigan ayollar. Ko‘zdan yiroq paytda u ayollar ovchining nazarida qabih ko‘rinar, ammo bu yoqqa kelib, erkaklar bilan baravar ov safariga chiqqanda, unga yoqa boshlar edi. Qanday bo‘lmasin, Uilsonning kuni shular tufayli o‘tadi, shuning uchun ularning barcha xarxashalarini ko‘tarishga majbur. Barcha xarxashalardan faqat uning ovchiligi mustasno, bu soha uning ixtiyorida, odamlar u o‘rnatgan qoidalarga bo‘ysunadi yoki boshqa ovchi yollaydi. Ko‘plar Uilsonni shu qoidalari uchun hurmat qilishadi. Mana bu Makomber esa... g‘alati odam... Uilson ular tomon ko‘z tashladi. Makomber xafa va badjahl edi. Margaret tabassum qildi. Bugun u yoshroq, pokiza, iffatli ko‘rindi. Xayolida nimalar bor — buni Uilson bilmas edi. Kechasi u ko‘p gaplashmadi. Bari bir undan ko‘z uzish qiyin.
Uilson shofyorga to‘xtashni buyurdi, keyin durbin orqali uzoqdagi o‘tloqqa qaradi.
Mashina yana jildi, to‘ng‘iz handaq va chumoli qubbalarini chetlab, o‘sha tomonga keta boshladi.
Uilson keskin o‘girilib:
— Ana, qo‘toslar, qarang! — dedi Makomberga.
Mashina ildamlashdi, Uilson habashlardan biri bilan suaxili tilida tez-tez gaplasha boshladi, Makomber u ko‘rsatgan tomonga qarab, o‘tloqdan hakkalab o‘tayotgan uchta bahaybat qo‘tosni ko‘rdi.
— Uchalovi buqa ekan, — dedi Uilson. — Yo‘lini kesib chiqish kerak.
Avtomobil o‘nqir-cho‘nqirdarga qaramay ucha ketdi, Makomberning ko‘z oldida qo‘toslar borgan sari kattaya boshladi, endi Makomber bir oz orqada qora yaltiroq shoxlarini yelkasiga qadab bir maromda yelayotgan, bo‘yni bilan tanasi birlashib ketgan buqaning taqir, kulrang, serqazg‘oq g‘adir-budir gavdasini yaqqol ko‘rdi, darhol miltig‘ini hozirladi, ammo Uilson: «Mashinadan otmang-da, tentakmisiz, e!» deb qichqirdi. Shu topda Makomberning dilida hech qanday qo‘rquv yo‘q, aksincha, Uilsonga nisbatan g‘araz va nafrat qaynar edi. Shofyor tormoz berdi chog‘i, mashina g‘ildiraklari bilan yerni haydab, sirg‘alib ketdi, motor o‘chib qolay dedi. Uilson bir tomonga otildi, Makomber esa ikkinchi tomonga sakrab, mukkasi bilan ketdi, arang o‘zini ushlab qoldi, uchib borayotgyon qo‘tosga o‘q uzdi, o‘q mo‘ljalga tegdi. Makomber shitob bilan basma-bas tepkini bosdi va shu zahotiyoq miltiqni qayta o‘qlay turib, qulayotgan buqaga ko‘zi tushdi. Buqa cho‘kkalab qolgan, og‘ir kallasini jon halpida chayqar, alanglar edi. Makomber yelib borayotgan ikkita qo‘tosni ko‘rdiyu darhol o‘q uzdi, o‘q birinchisiga tegdi, u tumshug‘i bilan yerga qadalib qoldi.
— Qoyil! — dedi Uilson. Endi uchinchisini mo‘ljallang!
Birinchi qo‘tos hamon avvalgi shiddat bilan qochar, o‘lim iskanjasida tipirchilayotgan sheriklariga qaramas edi. Makomber va Uilson ketma-ket qo‘tosga o‘q uzishdi, ammo birontasi ham mo‘ljalga tegmadi.
— Mashinaga! — deb qichqirdi Uilson va Makomberning qo‘lidan tortdi. — Uzoqlashib ketdi, o‘qning zarbi yetmaydi.
Ular ikki tomondan mashinaga otilishdi, mashina do‘ngliklar osha uchdi, hech qayoqqa qayrilmay oldinda yugurayotgan qo‘tosni quvib yetishdi va mashina hayvonga tenglashganida, Uilson: «To‘xtat!» dedi. Keskin tormozdan mashina yana sirpanib ketdi, ag‘darilishiga sal qoldi. Makomber mashinadan otilib tushdi, ammo yiqilmadi, darrov tepkini rostlab, uchib borayotgan maxluqqa o‘qtalib ota boshladi. Ammo shuncha o‘q bexato tegishiga qaramay, qo‘tos shiddat bilan uzoqlashar, o‘q kor qilmas edi. Shu payt Uilsonning miltig‘i sharangladi, qo‘tos gandiraklab qoldi, ovchi qunt bilan o‘qtalib, yana otdi, qo‘tosning bahaybat qora tanasi kalta va yo‘g‘on tuyoqlarini bosib guppa ag‘darildi.
— Qoyil! — dedi Uilson.— Mergan degan shunaqa bo‘ladi. Uchalovi tayyor.
Makomberning dilida hozir allaqanday mastona surur tug‘yon urardi.
— Siz necha marta o‘q uzdingiz? — deb so‘radi u.
— Faqat uch marta, — dedi Uilson. — Birinchisini siz o‘ldirdingiz. Eng kattasi o‘sha edi. Qolganlariga men bir oz ko‘maklashdim, aks holda to‘qayzorga kirib ketishardi. Ularniyam asosan o‘zingiz qulatdingiz. Men shunchaki turtki berdim, xolos. Nishonni yaxshi oldingiz.
— Mashinaga boraylik, — dedi Makomber. — Jichcha ichkim kelyapti.
— Avval mana buni bir yoqli qilaylik, — dedi Uilson qo‘tosni ko‘rsatib.
Qo‘tos cho‘kkalaganicha joyidan tura olmay, yaqinlashayotgan odamlarni ko‘rib, kallasini silkiy boshladi, to‘ng‘iznikidek ko‘zlarini ola-kula qilib o‘kirdi.
— Qarang, tag‘in turib ketmasin, — dedi Uilson. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Sal yon tomoniga o‘ting-da, qulog‘ining orqasiga oting.
Makomber shoshilmay mo‘ljalladi-da, o‘q uzdi. Qo‘tosning kallasi shilq etib tushdi.
— Juda soz, — dedi Uilson. — Umurtqasiga tegdi. Vahimaning o‘zi-ya, qurg‘ur!
— Yuring, ichaylik, — dedi Makomber. Hech vaqt uning dili hozirgidek zavqqa to‘lmagan edi, Makomberning xotini avtomobilda rangi o‘chib o‘tirar edi.
— Sen qahramonsan, o‘rgilay, — dedi u eriga qarab turib. — Bunaqasini birinchi ko‘rishim!
— Mashina qiynadimi? — so‘radi Uilson.
— Juda qo‘rqinchli bo‘ldi. Hayotimda bu qadar qo‘rqqan emasdim.
— Qani, ichaylik, — dedi Makomber.
— Ichamiz, — dedi Uilson. — Birinchi bo‘lib xonimdan...
Margaret flyagani olib viski ho‘pladi, ho‘play turib, seskanib ketdi, idishni Makomberga uzatdi, u viskini lazzatlanib simirdi. Undan keyin Uilson ichdi.
— Odam jazavaga tushib qolar ekan, — dedi Margaret. — Hatto boshim sirqirab og‘riy boshladi. Men avtomobildan turib qo‘toslarga o‘q uzish mumkinligini bilmasdim.
— Haliyam hech kim avtomobildan o‘q uzgani yo‘q, — dedi Uilson sovuq ohangda.
— Avtomobilda quvlashni aytaman.
— Umuman bunday qilmagan ma’qul, — dedi Uilson. — Lekin bugungisi juda gashtli bo‘ldi. O‘nqir-cho‘nqirliklar, do‘nglar demay ov qilish piyoda ov qilishdan xavfliroq. Qo‘tos birinchi o‘qdan keyinoq bizga tashlanishi hech gap emas edi. Har qalay, odamlarga aytib yurmaganingiz durust. Bu yo‘sinda ov qilish qonuniy emas, agar siz shuni nazarda tutgan bo‘lsangiz.
— Menimcha, — dedi Margaret, — mashinaga chiqib olib, bechora hayvonlarni quvlash insofdan emas.
— Shunaqami?
— Nayrobidagilar bundan boxabar bo‘lishsa-chi?
— O‘sha zahotiyoq qo‘limdan guvohnomamni tortib olishadi va hokazo shunga o‘xshash ko‘ngilsiz rasmiyatchiliklar ro‘y beradi, — dedi Uilson viski ho‘plab.
— Rostdan-a?
— Ha, rostdan.
— Ana xolos,— dedi Makomber xotinining xulqidan xijolatlanib. So‘ng kun bo‘yi tundlanib yurgan odam birinchi marta tabassum qildi va: — Endi, mana, sizga yopishishga o‘tdi, — dedi.
— Iboralaring naqadar teranki, jonim, — deb istehzo qildi Margaret.
Uilson ularga razm soldi. «Agar er ahmoq, xotin nomussiz bo‘lsa, — deya o‘yladi u, — bulardan tarqagan farzanddan nimani kutish mumkin?»
— Biz bitta qurol tashuvchimizni yo‘qotib qo‘ydik, siz sezdingizmi?
— Nahot? Sezmadim, — dedi Makomber.
Qonchoni ismli chol bular tomon oqsab kelar, boshida to‘qima qalpoq, egnida yashil kurtka, tizzasigacha keladigan kalta shim, oyog‘ida rezina shippak bo‘lib, avzoi buzuq, nafratli edi. U suaxili tilida nimadir deb baqiruvdi, Uilsonning qiyofasi darhol o‘zgarib ketdi.
— U nima dedi? — so‘radi ayol Uilsondan.
— Birinchi qo‘tos turib ketibdi, to‘qayzorda yurganmish. — Uilson bu xabarni aytarkan, ovozida hech qanday hayajon sezilmadi.
— Endi nima bo‘ladi? — hayron bo‘lib so‘radi Frensis.
— Sher qanaqa hunar ko‘rsatgan bo‘lsa, shunaqa bo‘ladi, — dedi Margaret zavqlanib.
— Unaqa bo‘lmaydi, bekor gap, — dedi Uilson bir oz ijirg‘anib.— Makomber, yana ichasizmi?
— Rahmat, — dedi Makomber va yaralangan sherni quvishganida va o‘ldirishayotganida tug‘ilgan hadik yana dilimni zirqiratarmikin, deb o‘ylovdi, u holat qaytalanmadi. Hayotida birinchi marta u qo‘rquv hissini sezmas, butun vujudida allaqanday bir shavq, ko‘tarinkilik mavjud edi.
— Ikkinchi qo‘tosni borib ko‘rish kerak, — dedi Uilson.
— Men ham birga boraman, — dedi Margaret.
— Marhamat.
Uchovlari o‘sha tomon ketishdi. Ikkinchi qo‘tos bamisoli qora do‘ng bo‘lib o‘tloqda yotar, tumshug‘i yerga qadalgan, yumuq ko‘zini pashsha talar edi.
— Kallasi ajoyib-da, — dedi Uilson. — Shoxining orasi ikki qarichcha keladi.
Makomber havas bilan qo‘tosga tikilar edi.
— Ko‘rinishi qursin, — dedi Margaret. — Yuringlar, soyaga boraylik.
— Hozir, — dedi Uilson. Keyin Makomberga qarab: —Huv anovi to‘qayzorni ko‘ryapsizmi? — dedi.
— Ko‘ryapman.
— Birinchi qo‘tos o‘sha yoqqa kirib ketyapti. Konchoni mashinadan ag‘anab tushganida, buqa o‘q yegan joyida yotgan ekan. Bir mahal o‘ziga kelib qarasa, hayvon o‘rnidan turib olibdi. Chol qochib qopti, qo‘tos, hech narsa bo‘lmagandek, to‘qayzorga kirib ketipti.
— Uni qidirishga hoziroq boramizmi? — toqatsizlanib so‘radi Frensis Makomber.
Uilson unga sinovchan tikildi, «Tentakvoy, — deb o‘yladi u. — Kecha vahimaga tushib qalt-qalt titrayotuvdi, bugun o‘zini tiya olmayapti, xayoli jangda».
— Bir oz sabr qilish kerak, — dedi Uilson.
— Yuringlar axir, soyaga o‘taylik, — zorlanib dedi Margaret. Uning rangi quv o‘chgan, ko‘rinishi xasta edi.
Ular orqaga qaytib, ko‘lankada turgan mashinaga o‘tirishdi.
— Balki qo‘tos o‘lib bo‘lgandir, — dedi Uilson, — Bir oz kutamiz-da, keyin borib ko‘ramiz.
Makomber o‘zini o‘ta baxtiyor his qilar, u bunday olarni hech qachon boshidan kechirmagan edi.
— Judayam zavqli ov bo‘ldi-da! — dedi u. — Umrim bino bo‘lib bunaqa zo‘r shijoat girdobiga tushgan emasman. Haqiqatan ajoyib sarguzasht bo‘ldi, a, Margo?
— Irganarli darajada.
— Nega?
— Vahshiyona, — dedi Margaret. — Ablahona!
— Bilasizmi, Uilson, men bundan buyon hech qachon hech narsadan tap tortmasam kerak, — dedi Makomber Uilsonga yuzlanib. — Qo‘toslarga duch kelib, quva boshlaganimizda, vujudimda allaqanday o‘zgarish ro‘y berdi. Qanaqadir chigal yechilib ketgandek bo‘ldi. Tenggi yo‘q zavq-a!
— Jigarga shifo, — dedi Uilson. — Haqiqatan, odamzod boshiga qanday sinovlar tushmaydi, deysiz.
Makomberning yuzi-ko‘zi baxtiyorlikdan yal-yal yonardi.
— Rostdan ham vujudimda qanaqadir o‘zgarish ro‘y berdi, — dedi u jo‘shib. — Men o‘zimni mutlaqo boshqa odamday his qilyapman.
Margaret eriga g‘alati bir qarash qildi, ammo entikib gapirishiga e’tibor bermadi.
— Bilasizmi, men hozir jon deb sher oviga chiqardim, — dedi Frensis. — Endi sherdan mutlaqo qo‘rqmayman. Ochig‘ini aytganda, ular meni nima qila olardi?
— Nima qila olardi? — dedi Uilson. — Nari borsa, sizni yamlab tashlaydi, xolos. Shekspirda ajoyib so‘zlar bor. Nima edi? Hozir eslayman, Hozir. Bir paytlar yod bilardim, hamisha qaytarib yurardim. «Xudo haqi, menga bari bir; ajalga chap berish bema’nilikdir, ajalning ham haqqi bor bizda. Bir narsa erur haqiqat — bu yil o‘lgan kimsa kelgusida o‘lmas takroran». Qalay, yaxshi, a?
Bu so‘zlar Uilsonning hayotida alohida ahamiyatga ega edi, ammo shu so‘zlarni hozir takrorlaganidan negadir o‘zi uyalib ketdi. Ba’zilarning kamolotga yetishi ovchining ko‘zi oldida ro‘y bergan va bunday kezlarda u hayajonga ham tushgan. Tasodifiy to‘qnashuvlar yoki ov paytida tezlik bilan nimadir qilish zarurati, avvaldan xavfsirash, ba’zan qo‘rqishga ham imkon tanqisligi — shular emasmi Makomberning foydasiga xizmat qilgan omillar? Ammo boshqa omillar ham bo‘lishi mumkin edi. Qanday bo‘lmasin, shu hodisa, boshqacharoq aytganda, sinovdan Makomber butun chiqdi — bu aniq! G‘alaba uning ko‘nglidagi hadikni chil-parchin qildi, endi uni yangi bosqichlarga, yanayam dadil bo‘lishga undayapti. Gapning po‘st kallasini aytganda, bunga o‘xshaganlarning ko‘plari ancha paytgacha bolalik holatidan chiqib keta olmaydi. Ba’zilar bir umr bolaligicha qolib ketaveradi. Yoshi ellikda, qomati esa yosh bolanikidek. Hammani iljaytiradigan Amerikaning erkak-go‘daklari. Xudo haqi, g‘alati xalq. Biroq Makomber hozir ovchiga yoqib turipti. Endi u xotinining anovinaqa ishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Bu chakki emas. Juda ko‘ngildagi ish! Bechora bir umr qo‘rqib-qaltirab kelgan bo‘lishi kerak. Endi unday bo‘lmaydi, tamom-vassalom! Makomber qo‘tosdan hayiqishga ulgurmadi. Uning ustiga g‘azab iskanjasida. Endi uni bukib bo‘lmaydi. Urushda ham shunaqa ziddiyatlar uchrab turadi — nomusdan ayrilishdan ko‘ra ham jiddiyroq narsalar bor. Tahlikadan endi asar ham qolmadi, go‘yo uni sug‘urib olib tashlagandek. Uning o‘rnini endi yangi narsa, erkak kishi uchun eng muhim, uni erkak deb atashga imkon beradigan narsa ishg‘ol qildi. Ayollar bu xislatni doim e’tirof etishadi. Vahimaga chek qo‘yildi.
Margaret mashina burchida g‘ujanak bo‘lib olib, erkaklardan ko‘zini uzmas edi. Uning nazarida Uilson avvalgidek, kechasi o‘z kuchini qanday ko‘rsatgan bo‘lsa, shunday edi. Ammo Frensis Makomber mutlaqo o‘zgargan, buni payqamaslik mumkin emas edi.
— Allanechuk narsani kutish bilan bog‘liq bo‘lgan baxt nashidasi sizga tanishmi, mister Uilson? — deya so‘radi Makomber o‘z tug‘yonidan hayajonlanib.
— Odatda bu haqda baralla gapirmaydilar, — dedi Uilson Makomberga sinovchan tikilib, — Ko‘p hollarda aksini, ya’ni hayiqish holatini aytishadi. Unutmang, siz ham ko‘plab tahlikaga tushishingiz, irodangiz ra’yingizga yurmay qolishi mumkin.
— Ehtimol, dedi Makomber. — Ammo sizga hozir men aytmoqchi bo‘lgan baxt g‘alayoni tanishmi?
— Tanish, — dedi Uilson. — Vassalom. Bu haqda va’zxonlik qilaverish o‘rinsiz. Aks holda hamma narsa vayron bo‘lishi mumkin. Bir narsani hadeb takrorlayverilsa, gashti qolmaydi.
— Ikkovingiz ham juda mahmadona bo‘lib ketdilaringiz, — dedi Margaret zarda bilan. — Uchta himoyasiz jonivorni mashinada quvib, o‘takasini yorib, endi maqtanishga balo bormi?
— Uzr, — dedi Uilson, ko‘zlari bejo ayolga qarab.— Men rostdan ham keragidan ortiq laqmalik qilib yubordim.
— Ey, xotin, suhbatimiz ma’nosini tushunmasang, nima qilasan gapga aralashib? — dedi Frensis.
— Obbo! Bir pasda dovyurak bo‘lib qolibsanmi? — dedi Margaret nafrat bilan, ammo uning nafrati shunchaki edi. U nimagadir zimdan hayiqardi.
Makomber ovozining boricha qahqaha otib kulib yubordi.
— Ha, nima? — dedi u. — Dovyurak bo‘lsam nimasi yomon?
— Endimi? — dedi xotini- zaharxanda bilan. — Kech emasmi?
— Men uchun kech emas, — dedi Makomber.
Margaret hech narsa demay, yanada nariroq surilib oldi.
— Endi vaqt bo‘lgandir? — jonlanib so‘radi Makomber.
— Ha, ancha vaqt o‘tdi, — dedi Uilson. — Sizda o‘qlar bormi?
— Qurol tashuvchida bir oz bor.
Uilson suaxili tilida allanima deb baqirdi, qo‘tos kallasini tanasidan ajratayotgan qari habash o‘qlar solingan qutichani olib kelib Makomberga berdi, u miltig‘ini o‘qladi, qolgan o‘q-dorilarni cho‘ntagiga soldi.
— Siz qo‘lingizdagi qurol bilan otasiz, unga o‘rganib qoldingiz, — dedi Uilson va boshqa miltiqni ko‘rsatib: — Bunisini xonimga qoldiramiz. Konchonida ham bir nayli shtutser bor. Men o‘zimnikini olaman. Endi gapimni eslab qoling, — dedi. Uilson aytmoqchi bo‘lgan gaplarini Makomberni avvaldan cho‘chitib qo‘ymaslik uchun atayin keyinga saqlagan edi. — Qo‘tos hamla qilganda, boshi oldinga cho‘zilgan bo‘ladi. Peshonasi shoxining negizi bilan qoplangan, u yerini mo‘ljallasangiz, o‘q bekor ketadi. Tumshug‘ini nishonga oling yoki ko‘kragini. Agar yon tomonga tushib qolsangiz, bo‘yni bilan yelkasiga oting. Yaralangan qo‘tosni batamom o‘ldirish juda qiyin. Boshqa usullarni qo‘llashga urinmang. Jon joyini ko‘zlayvering. Ana, ular ham kallani ajratib bo‘lishdi,
Uilson habashlarni chaqirdi, ular qo‘llarini arta-arta yetib kelishdi, boshlig‘i mashina orqasiga chiqib oldi.
— Men bilan faqat Konchoni boradi, — dedi Uilson. — Ikkinchisi shu yerda qolib, qushlarni haydab turadi.
Avtomobil suvsiz soydan o‘tib, o‘tloq gursillab urar, og‘zi quriy boshlagan, ammo bu qo‘rqish emas, hayajon alomati edi.
— Mana shu yerda qo‘tos to‘qayzorga kirib ketgan, — dedi Uilson va habashga qarab suaxili tilida buyurdi: — Sen izini axtar.
Mashina o‘tloqqa chiqqanida, Uilson, Makomber va qurol tashuvchi mashinadan sakrab tushishdi. Makomber orqasiga o‘girilib xotinini ko‘rdi. Unga qo‘l silkidi, ammo u javob qilmadi.
Oldindagi chakalakzor qalin, oyoq osti quruq edi. Qari habash bir zumda terladi. Uilson shlyapasini qoshigacha tushirib olgani uchun Makomber uning qizil bo‘ynini ko‘rib borardi. Shu payt Konchoni Uilsonga nimadir dedi-da, oldinga yugurib ketdi.
— Qo‘tos tamom bo‘pti, — dedi Uilson va Makomberga o‘girilib qo‘lini mahkam siqdi. Ular endi bir-birini qutlay boshlagan edi, shu payt Konchonining qichqirig‘i eshitilib qoldi. Ular yalt etib o‘sha tomonga qarashdi. Chakalakzor ichidan xuddi qisqichbaqadek orqasiga tisarilib Konchoni qochib kelar, qo‘tos qonga to‘lgan mayda ko‘zlarini cholga tikib, quvmoqda edi. Yaqinroq turgan Uilson darhol tizzalab o‘q uzdi, Makomber esa o‘z miltig‘i ovozidan garang bo‘lgan holda qo‘tosning peshonasidan shiferga o‘xshagan parchalar sachrab ketganini, so‘ng boshi siltanganini ko‘rdi. Makomber qo‘tosning tumshug‘ini mo‘ljallab tepki bosdi, hayvonning boshi yana tepaga siltandi, yana suyak parchalari sochildi. Endi Makomber Uilsonni ko‘rmas, uning barcha diqqat-e’tibori surilib kelayotgan qora gumbazda, uning suzib majaqlashga tayyor, oldinga intilgan kallasiyu kichkina yovuz ko‘zlarida edi. Makomber yana o‘q uzmoqchi bo‘lib tepkiga barmoq qo‘yganini biladi, shu lahza miyasining ichida allaqanday yorug‘ otash to‘satdan portlab ketganini tuydi. Makomber shundan keyin hech qachon hech narsani sezmadi.
Voqea shunday bo‘lgandi: qo‘tosning bo‘ynini nishonga olish uchun Uilson o‘zini chetga otdi. Makomber shu topda tinmay qo‘tosga o‘q uzar, uning shoxlari tarsillab yorilar, shifer parchasidek atrofga sachrar, qo‘tos singan shoxi bilan Makomberni ilib itqitmoqqa intilar edi; mashinada turgan Margaret qo‘tosga o‘q uzdi, o‘q erining bosh suyagiga borib tegdi...
Frensis Makomber qulagan qo‘tosdan ikki qadam narida dumalab yotar, uning ustida cho‘k tushgan xotini, nariroqda Uilson turar edi.
— Yuzini o‘girmang, — dedi Uilson.
Ayol asabiy yig‘lamoqda edi.
— Mashinaga borib o‘tira turing, — dedi Uilson. — Qurol qani?
Ayol yig‘idan bujmaygan yuzini ko‘tarib, imo qildi, habash yerda yotgan miltiqni oldi.
— Joyiga qo‘y, — dedi Uilson habashga. — Abdullani chaqirib kel, baxtsiz hodisaga guvoh bo‘lsin.
Uilson shofyorni chaqirib, qo‘tos tanasini biron narsa bilan yopib qo‘yishni buyurdi, o‘zi mashina tomon ketdi. U yerda ayol g‘ujanak bo‘lib yig‘lab o‘tirar edi.
— Tashvish orttirib qo‘ydingiz-da, xonim, — dedi Uilson loqayd tarzda. — Tirik bo‘lganida sizdan yuz o‘girardi.
— Bas, — dedi ayol.
— Albatta, bu baxtsiz hodisa, — dedi Uilson. — O‘zim ko‘rdim-ku.
— Bas!— dedi ayol.
— G‘am yemang, — dedi Uilson. — Bir oz ko‘ngilsiz tadbirlar bo‘lishi mumkin, lekin men odamlarimga aytaman, ular bir necha xil rasmlar olishadi, taftish paytida bu rasmlarning judayam foydasi tegadi. Shofyor va qurol tashuvchilar ham guvoh bo‘lishadi. Siz bu yog‘idan tashvish qilmasangiz ham bo‘laveradi.
— Bas!
— Ovoragarchiligi ko‘p bo‘ladi, — dedi Uilson. — Yuk mashinasini ko‘lga jo‘natamiz, u yerdan shaharga xabar qilishadi, samolyot kelib, uchovimizni Nayrobiga olib-ketadi. Nega eringizni zahar berib o‘ldira qolmadingiz? Axir Angliyada aynan shunaqa qilishadi-ku.
— Bas! Bas! Jim bo‘ling! — chinqirdi ayol, Uilsonning loqayd, moviy ko‘zlariga tikilib.
— Bas, jim bo‘laman, — dedi Uilson. — Bir oz jahlim chiqdi. Eringiz endi-endi menga yoqib kelyatuvdi..
— O‘tinaman, jim bo‘ling!—yolbordi ayol.—O‘tinaman! Xudo haqi, jim bo‘ling!
— Bu boshqa gap, dedi Uilson, — O‘tinaman, deganingiz ancha durust. Endi jim bo‘laman.

Ruschadan Uchqun Nazarov tarjimasi

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.