OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Evan Xanter. Nohaq ayblov (hikoya)

Qizni qanday topishganini men keyinroq bildim.
Bu mallasoch qiz endigina o‘n sakkizga kirgan edi. Uning tanasida zo‘ravonlik izlari bo‘lib, ko‘ylagi yirtilgan, yuzida esa befoyda qarshilikdan keyingi dahshat qotib qolgan, kaftlari  xuddi nimanidir changallab olgandek edi. 
Jasadni topgan politsiyachilar tor ko‘chaning burchagida turishar, ularning qo‘lchiroqlaridan tushayotgan nurlar qizning tomog‘idagi ko‘karib ketgan izlar va ko‘zlarida qotib qolgan dahshat ifodasini yoritardi. 
Politsiyachilardan biri boshini chayqadi va dedi:
-Eh, bu yoshlar! 
Ikkinchisi esa so‘kindi va sherifga jasad topilgani haqida ratsiya orqali xabar berdi.
Bu ma’lumotlarni men keyinroq, hisobot tayyorlayotganimda bildim. Dastlab Marsiya menga qo‘ng‘iroq qilganida uning ovozida vahima ohangini sezdim. Esimda, telefon jiringlaganida Enn biqinimga turtdi va dedi:
-Azizim, go‘shakni olgin. 
Men karavotdan tushib, chiroqni yoqdim. Soat tungi ikki yarimni ko‘rsatib turardi. 
-Jin ursin!-to‘ng‘illadim Ennga qaragancha.
-Hechqisi yo‘q,-dedi u.
Men yarim kechasi qo‘ng‘iroq qilib odamning asabini buzadiganlarni ming‘irlab so‘kkancha qizim Betning xonasi yonidan o‘tdim. Zina bo‘ylab pastga tusharkanman, telefon hali ham jiringlashdan to‘xtamasdi. Telefon yoniga yetib kelishim bilan go‘shakni oldim. 
-Allo!-dedim norozi ohangda. 
-Deyv?-dedi ayol kishi.
-Ha,-dedim.-Kim bu? 
-Marsiya. Deyv, Xarli qiyin ahvolda. 
Men hali ham uyqusirardim. 
-Kim?-tushunmadim men. 
-Xarli, erim,-dedi ayol.-Politsiya... enagamiz...
-To‘xta, Marsiya. Qanaqa ahvolda? 
-Ularning aytishicha... Xarli enagamizni o‘ldirganmish... Deyv...
-Nima?!
-Ha, Deyv. Uni olib ketishdi. U senga qo‘ng‘iroq qilishimni so‘radi. U...
-Qaerga olib ketishdi? 
-Sherifning boshqarmasiga, Deyv. Jinni bo‘lib qolaman! U... u bunday qila olmaydi, Deyv! Bilasan-ku! U...
-Albatta bilaman.-Endi  butunlay o‘zimga kelgandim.-Hoziroq o‘sha yerga jo‘nayman, Marsiya. Xavotirlanma. Kiyinaman-u jo‘nayman. 
-Rahmat, Deyv. Rahmat. 
-Shoshilishim kerak. Senga keyinroq qo‘ng‘iroq qilaman.
-Yaxshi, Deyv. Rahmat. 
Go‘shakni qo‘yib, zinadan ko‘tarildim va kiyina boshladim. Enn so‘radi:
-Qaerga ketyapsan? 
-Sherifning idorasiga. Xarlini o‘sha yerga olib ketishibdi. Enagalarini o‘ldirishda ayblashyapti ekan. 
-Bema’nilik!-dedi Enn.
-Bilaman. Ammo ish jiddiyga o‘xshaydi. 
-O‘zing saqla Xudoyim!
Men kiyinib, u yoq-bu yog‘imni to‘g‘riladim. So‘ng yotoqxonaga qaytib uni o‘pdim va dedim:
-Tezda qaytaman, azizam. 
-Yaxshi,-dedi Enn,-ehtiyot bo‘l. 
Yo‘lakka chiqib Betning xonasi eshigini ochdim. U o‘n olti yoshga to‘lgandi. Men oyoqlarim uchida yurib borib, ochilib qolgan ko‘rpani uning ustiga yopdim, so‘ng peshonasidan o‘pib qo‘ydim. Xonadan asta chiqib garajga kirdim va mashinani minib yo‘lga tushdim.

***

Boshqarmaga kelganimda shaxsan sherifning o‘zi meni kutib oldi. U Xarli bilan hech kimning uchrashishga haqqi yo‘qligini aytdi, ammo men uning advokati ekanligimni aytgach, u uchrashuv uchun ozgina vaqt berdi. U meni binoning orqa tarafiga boshlab bordi, kameralarga olib boruvchi panjarali eshikni ochdi, so‘ng Xarlining kamerasigacha kuzatib qo‘ydi.
Xarli sherif ketmagunicha bir og‘iz ham gapirmadi. Keyin oldimga keldi.
-Deyv, xayriyat, kelibsan!
-Nima gap?-so‘radim men va unga sigaret uzatdim. U sigaretni yutoqib tutatdi. So‘ng tutun puflagancha dedi:
-Deyv, ular meni nohaq ayblashyapti. 
-Qanaqasiga?
U yana sigaret tutunini yutoqqancha ichiga tortdi. 
-Bugun tunda topishgan qiz bo‘yicha. Ularni kimdir qistovga olgan, endi esa ular aybni mening bo‘ynimga qo‘yishmoqchi. 
-Bo‘pti, hammasini boshidan gapirib ber-chi.
Xarli bosh silkidi: 
-Albatta. Albatta. 
U chuqur uf tortdi.
-Bugun biz Marsiya bilan aylangani chiqdik. Kino ko‘rdik, bir-ikki stakan ichdik. To‘g‘rirog‘i, uch stakandan martini ichdik.
-Davom et. 
-Yarim tunga yaqin uyga qaytdik. Bolalarimizga Sheyla Keyn ismli qiz qarab turadi. Biz doim uni chaqiramiz. Biz kelganimizda u uxlayotgan ekan. Marsiya uni uyg‘otdi, men unga haqini berdim, so‘ng mashinamga chiqardim. U shaharning narigi tarafida turadi. Uni doim uyiga olib borib qo‘yaman. 
-Keyin-chi?
-Uni to‘g‘ri uyiga olib bordim. Mashinadan tushirib, ortimga qaytdim. Sigaret sotib olish uchun barga kirdim. Keyin uyimga qaytdim.-U jim bo‘lib qoldi. So‘ng gapida davom etdi:-Bir soatdan keyin politsiyachilar eshigimni taqillatishdi. Aytishlaricha, qiz zo‘rlangan, keyin o‘ldirilgan. Uning ota-onasi esa qiz biznikida bo‘lganligini aytishgan.
-Tushunmadim. Politsiya nima uchun qotillikda seni ayblayapti? 
-Yondirgichim. Uni qizning jasadi yonidan topishgan. 
Men Xarliga diqqat bilan tikildim.
-Qanaqasiga? 
-U chekardi,-dedi u yelkasini qisgancha.-Jin ursin, Deyv, u o‘n sakkizga kirgan qiz edi! Uni uyiga olib ketayotganimda chekkisi keldi. Yondirgichimni berdim. U yondirgichni qaytarishni esidan chiqargan.
-Anavi sen sigaret olgani kirgan barda seni birortasi ko‘rdimi? 
-Bilmadim. U yerda doim kino ko‘rib o‘tirishadi. Film juda qiziq bo‘layotgan ekan. Kirayotganlarga ham, chiqayotganlarga ham hech kim e’tibor bermayotgandi. Men eshik yonidagi avtomatdan sigaret oldim va chiqib ketdim. 
-Sen qizni olib borib qo‘yganingda uning uyiga kirib ketishini kutib turmadingmi?-so‘radim men. 
Xarli eslashga tirishdi. 
-Yo‘q,-dedi u nihoyat. 
-Odatda kutarmiding? 
-Ba’zida kutardim, ba’zida yo‘q. Men charchagandim, Deyv. Uyga tezroq borgim kelayotuvdi. Jin ursin, bunaqa bo‘lishini kim ham bilibdi! 
-Jasadni qaerdan topishgan? 
-Uyidan bir necha kvartal naridagi ko‘chadan. 
-Yondirgichingni-chi? 
-Uning yonida yotgan ekan. Politsiyaning aytishicha, men qizni mashinadan tashlayotganimda tushib qolgan emish. E Xudoyim! Deyv, nahotki ular menga tuhmat qilishayotganini ko‘rmayapsan? 
-Shunaqaga o‘xshaydi,-dedim men.-Ishqilib, seni haligi barda birortasi ko‘rgan bo‘lsin-da! 
-Tupurdim bariga! Men bor-yo‘g‘i o‘n besh daqiqa yo‘q bo‘lganman, xolos. Besh daqiqa qizni uyiga olib borishga, besh daqiqa uyga qaytishga ketgan. Deyv, agar shunday qilishni istaganimda ham bunga ulgurmasdim. 
-Uyda o‘n besh daqiqacha bo‘lmaganingni Marsiyadan boshqa yana birortasi biladimi? 
Xarli inkor ma’nosida bosh chayqadi. 
-Uning o‘zi ham bilmaydi, Deyv. Men uyga qaytganimda u uxlab yotgandi. Jin ursin, qanday bema’nilik! 
-Seni qotillikda gumon qilib hibsga olishdimi? 
-Ha,-dedi Xarli ma’yuslik bilan.-Ularga aybdor kerak. 
-Tashvishlanma,-tinchlantirdim uni.-Balki eplarmiz. 

***

Bu men advokat sifatida qatnashgan eng og‘ir sud jarayonlaridan biri bo‘ldi. Okrug prokurori hakamlik sudi asosan ayollardan iborat bo‘lishiga erishgandi. Ayollar zo‘rlagan jinoyatchidan judayam nafratlanishadi. Demak, men to‘qqiz nafar ayolga qarshi tayyorgarlik ko‘rishim kerak. Sud tarkibida bor-yo‘g‘i uch nafar erkak bor edi. 
Sud besh kun davom etdi. Okrug prokurori dalillarni shunday mohirlik bilan keltirdiki, sudning har bir a’zosi jinoyatni xuddi o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek taassurot uyg‘onardi. 
Xarlini ko‘rsatma berish uchun olib kelishganida, u menga aytgan gapini qaytardi. U oddiy va aniq qilib so‘zladi. Shundan so‘ng men unga savol berishni boshladim.
-Yoshingiz nechada, janob Pirs?
-Qirq ikkida,-javob qaytardi Xarli.
-Uylanganmisiz?
-Ha.
-Bolalaringiz bormi?
-Ha.
-Nechta, janob Pirs?
-Ikkita. O‘g‘lim va qizim bor. 
-Yoshlari nechada?
-O‘g‘lim yetti yoshda. Qizim beshga kirgan. 
-Siz xotiningiz bilan uydan chiqib ketgan paytingizda marhuma Sheyla Keynni enaga sifatida yollaganmidingiz? 
-Ha.
-Doim uni yollaysizmi?
-Ha.
-Keyn xonimni necha marta enagalikka yollagansizlar?
-Deyarli bir yildan beri uning xizmatidan foydalanib kelardik. 
-Shu paytgacha u bilan bunday voqea yuz bermagan. Agar... 
-E’tiroz bildiraman!-qichqirdi okrug prokurori.-Himoyachi yo‘l ko‘rsatmoqda... 
-Qabul qilaman!-dedi sudya. 
-Keyn xonimning tashqi ko‘rinishini aytib bera olasizmi? 
Xarli ikkilanib qoldi. 
-Men... U mallasoch edi. 
-Aniqmi?
-Menimcha, ko‘zlari moviy edi. Aniq esimda yo‘q. 
-Bo‘yi balandmidi, pastmidi? 
-Menimcha, o‘rta bo‘yli. 
-Ko‘zoynak taqarmidi? 
-Yo‘q. Ko‘zoynak taqmasdi. 
-Qaysi manzilda yashardi? 
-Bilmayman. U menga qaerda yashashini bir marta ko‘rsatgan. O‘shandan buyon uyiga olib borib qo‘yardim. 
-Uni Sheyla deb chaqirarmidingiz, janob Pirs?
-Ha, albatta. 
-U sizni kim deb chaqirardi? 
-Janob Pirs.
-Rahmat. Bo‘ldi. 
Okrug prokurori menga qaradi, so‘ng yelkasini qisdi. Nazarimda, u nima qilmoqchi ekanligimni tushunmayotgandi. U tushunmasligi aniq edi. Men shunchaki Xarli Pirsning xayolida qizga yaqinlashish istagi bo‘lmaganini ko‘rsatmoqchi edim. U marhumani tuzuk-quruq tasvirlay ham olmadi. Uning uy manzilini ham bilmaydi. Ular o‘rtasida shunchaki katta kishi va o‘smir qiz munosabati bo‘lgan, xolos. Sheyla va janob Pirs.
Okrug prokurori navbatdagi guvohni-Pirs sigaret sotib olgani kirgan «Flamingo» bari barmenini chaqirdi. Barmen kino bo‘layotgan paytda eshikdan ko‘z uzmay o‘tirganini aytdi. U eshikka tikilib o‘tirganini, o‘sha tunda hech kim sigaret olgani kirmaganini ta’kidladi. U Xarli Pirs ichkariga kirganini ko‘rmagan. Okrug prokurori jilmaydi va menga ishora qildi. 
-«Flamingo»da kino qachon boshlangandi?-so‘radim men.
-O‘ntakam o‘n ikkida, ser,-dedi barmen.
-Kino bo‘layotgan paytda ko‘p ichimlik quyishingizga to‘g‘ri keladimi? 
-Yo‘q, ser. Aksariyat tashrif buyuruvchilar kino ko‘rish bilan band bo‘ladilar. 
-Demak, siz eshikdan ko‘z uzmay o‘tirgansiz. Aytmoqchimanki, hech kimga ichkilik quymagansiz. 
-E’tiroz bildiraman,-dedi okrug prokurori o‘rnidan turib.
-Qabul qilinmaydi,-dedi sudya.-Davom eting. 
-Kino ko‘rish o‘rniga eshikdan ko‘z uzmay o‘tirdingizmi? 
-Xo‘sh... men ham kino ko‘rdim. Aytmoqchimanki, vaqti-vaqti bilan. Lekin asosiy vaqtimni eshikka qarash bilan o‘tkazdim. O‘g‘ri ko‘p... 
-Sigaret sotiladigan avtomatga ham qarab o‘tirdingizmi?
-Yo‘q, ser.
-Unda siz vaqti-vaqti bilan kino ko‘rayotganingizda kimdir avtomatdan sigaret olib ketgan bo‘lishi mumkinmi? 
-Har qalay... 
-Siz meni o‘sha kuni barda ko‘rdingizmi?
Barmen ko‘zlarini pirpiratdi:
-Siznimi, ser?
-Ha, meni. Mo‘yna palto kiygan mallasoch ayol bilan. Men kino boshlanganda viski ichib o‘tirgandim. Meni ko‘rdingizmi? 
-Men... esimda yo‘q, ser. Aytmoqchimanki... 
-Men o‘sha yerda edim-ku! Meni ko‘rdingizmi? 
-E’tiroz bildiraman! -dedi okrug prokurori.-Himoyachi guvohni chalg‘itmoqchi... 
-Meni ko‘rdingizmi-yo‘qmi? 
-Mallasoch ayol bilanmi, ser?
-Ha, mallasoch ayol bilan. Xo‘sh, meni ko‘rdingizmi-yo‘qmi?
-Mallasoch ayol bor edi. Siz uning yonida edim deyapsiz. Aytmoqchimanki... esimda yo‘q, ammo... 
-Demak, siz meni ko‘rgansiz? 
-Eslolmayman, ser.
-U yerda yo‘q edim! Siz mening u yerda bo‘lgan-bo‘lmaganimni eslolmayapsiz, qanaqasiga janob Pirs sigaret olgan-olmaganligini ayta olasiz! Buning ustiga, kino ko‘rib o‘tirgan bo‘lsangiz. 
-Men...
-Boshqa savolim yo‘q,-dedim men. 
Zalda yengil shovqin ko‘tarilganini eshitdim va g‘olib chiqqanimni tushundim. Men okrug prokurorining guvohi bergan ko‘rsatmaga zarba berdim va endi sud hay’ati guvohga ishonmaydi. Okrug prokurori adashgan bo‘lishi mumkin-ku. Xarli qizga yondirgichini bergan bo‘lishi mumkin-ku. Nimaga uning gaplari rost bo‘lmasligi kerak? Axir okrug prokurori gumon asosida dalil keltiryapti-ku. 
Men so‘nggi so‘zimda ushbu fikrlarni bayon etdim. Xarlining vijdonli fuqaro, oilaparvar er va ota ekanligini aytdim. U bir yildan buyon qizning xizmatidan foydalanib kelgan. Kinoga borgan, ozgina ichib uyiga qaytgan. Qizni uyi oldiga olib borib, o‘z uyiga qaytgan. Qandaydir noma’lum shaxs qizga hujum qilgan. Lekin Xarli emas.
Hay’at a’zolari yarim soatlik muhokamadan so‘ng Xarlini aybsiz deb topishdi. 

***

Biz buni o‘sha oqshomning o‘zidayoq nishonladik. Xarli va Marsiya biznikiga kelishdi, ularning bolalariga esa qaynonasi qarab turadigan bo‘ldi. Biz hazil-huzul qilgancha ichib o‘tirar, Xarli esa tinmay bitta gapni qaytarardi:
-Ularga aybdor kerak edi, Deyv. Lekin sen boplading! Sen aybsiz ekanligimni isbotlading. 
U mening dunyodagi eng yaxshi advokat ekanligimni aytdi, keyin esa qo‘shiq boshladi, biz esa unga jo‘r bo‘ldik. Ziyofatimiz rosa qizigan paytda xonaga Bet kirib keldi.
U dugonalari bilan uchrashuvdan qaytgandi. Bet Marsiya va Xarli bilan salomlashdi, so‘ng uzr so‘rab o‘z xonasiga ko‘tarila boshladi. 
-Qizing nechaga kirdi, Deyv?-so‘radi Xarli.
-O‘n oltiga,-javob qaytardim men. 
-Chiroyli qiz bo‘libdi,-dedi u. 
Men Betning zinadan ko‘tarilishini faxr bilan kuzatib turardim. U men uchun hali ham ma’sum go‘dak edi. U zinadan qaddini tik tutgancha ko‘tarilib borardi. Shu payt Xarliga ko‘zim tushib qoldi.
U ham Betdan ko‘zini uzmay qarab turardi. U qizimning oyoqlariga suq bilan tikilib turar, hirsga to‘la ko‘zlari qizimga yeb qo‘yguday boqardi. 
U qizim xonasiga kirib ketguncha ko‘zlari yonib qarab turdi. Keyin esa bizga qaradi:
-Xo‘sh, qo‘shiqni davom ettiramizmi?
Men o‘zimni ahmoq bo‘lganday his qildim. Shunchalik ham ahmoq bo‘lamanmi! Eh!

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.