OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Faridun Amuzoda Xaliliy. Ikki dona pishmagan xurmo (hikoya)

– Nima qilay qo‘limdan boshqa narsa kelmasa?! – derdi otam. – Hali bu narsalarni tushunishga yoshlik qilasan. Ammo kattaroq bo‘lganingda albatta buni tushunib yetasan. O‘shanda menga bunday qaramaysan va hozirgiday meni savollarga ko‘mib tashlamaysan.
Lekin men endigina o‘n uch yoshga kirsam-da, bularning barchasini yaxshigina tushunardim. Shu sababli bundan xafa ham emasdim, otam aytganiday unga “bunday” qarayotganim hamyo‘q edi.
– Bir kuni kelib sen ham o‘z bolangga nisbatan men qilgan ishni qilib qolishing mumkin, – deb gapida davom etardi otam.
Shundan so‘ng baland ovozda qichqirdi:
– Suvni olib kel! Isib ketgandir, axir.
Onam ichidan bug‘ chiqib turgan katta qozonni olib kelib kapamizning oldiga qo‘ydi va o‘zi ham uning yonida yerga o‘tirib oldi.
– Darrov kiymlaringni yech!
Ko‘ylagimni yechishim bilan oyimga ko‘zim tushdi. U haliyam issiq suv to‘la qozon oldida o‘tirganicha menga tikilib turar, endigina uyqudan turgan ukalarim va singillarim birin-ketin kelib uning atrofini o‘rab olishgandi.
– Nega indamay o‘tirib olding? O‘rningdan tur-da, anavi sedarni* olib kel!
Shundan so‘ng otam  xuddi juni olinadigan echki bolasi kabi meni qozonning yoniga tortib, boshimdan bir kosa issiq suv quyib yubordi. Men esa boshimdan olov quyilgandek shunday qichqirdimki, otamning qo‘llari beixtiyor bo‘shashib ketdi va men qochib qolishga ulgurdim.
Qo‘lida bir hovuch sedar olib kelgan onam esa kapaning oldida qarab turardi.
– Kuydim, – dedim g‘ingshib. – Judayam issiq ekan.
– Issiq bo‘lishi kerakda o‘zi, – dedi otam parvo qilmay. – Nima, mana shu ahvolda yuvinmasdan Eronshahrga bormoqchimisan?
Onam ishora bilan: “Sovuq suv, sovuq suv”, dedi.
Onam nima demoqchi bo‘lganini tushundim. “Ozgina sovuq suv qo‘sh, bo‘lmasa”, demoqchi bo‘layotgandi.
– Sovuq suv nimaga kerak? – dedi otam. – Hozir bu bolaning badanida mingta kasallik bor. Issiq suv ularning barchasini yuvib ketadi. Buning ustiga teri ostidagi qon ozgina yurishadi. Hech bo‘lmasa  yuziga bir oz rang-ro‘y enadi.
 Otamning bu gapiga onam hech narsa demadi. O‘zi borib bir  chelak suv olib keldi-da, qozonning ichiga quydi. Otam g‘azab bilan menga qaradi-da:
– Endi kel, bo‘lmasa! – dedi.
Shundan so‘ng ikkalalari birgalashib badanimni uch marta sedar bilan yuvishdi va otamning toza langutasi* bilan artishdi. So‘ngra onam kapamiz ichkarisidan faqatgina bayram kunlari yoki shaharga borganimizda kiyiladigan oq ko‘ylagim va keng ishtonimni olib chiqdi. Otam esa o‘zining ashqollari orasidan o‘rtoqlaridan biri unga Chobahordan* olib kelgan hind atri shishachasini topib, uni badanimga surkadi. Onam sochlarimni tarab tartibga soldi va qo‘llari bilan ishora qilib: “Endi xuddi kuyovlarga o‘xshab qolding!” dedi va lablarini peshonamga bosib meni o‘pdi. Yuzlarim issiq suvda kuyganiga, buning ustiga uyalib turganimga qaramasdan o‘zimni dunyodagi eng baxtiyor boladay his qildim. Shu holda ich-ichimdan suyunardim va mening baxtiyorligimga hasad qilayotgan ukalarim va singillarimning ustidan kulardim.
– Juda yaxshi, – dedi otam bu holatimdan mamnun bo‘lib. – Endi anavi shippaklarni olib kel.
Onam borib o‘zi xurmo daraxti po‘stlog‘idan to‘qigan bog‘ichli shippakni olib keldi-da, oyoqlarim ostiga qo‘ydi.
– Shippakni nima qilaman?
– Kiyvol! Och-yalang‘och gadoy ekan deyishmasin, tag‘in.
– Shippak kiymayman. Mana shunday ketaveraman.
– Kiy, dedim senga! Ko‘p gapirma! Katta yo‘lgacha uch farsax* keladi. Oyoqlaring urinib qoladi. O‘tir-da kiyvol.
– Shippak kiyib yurishga o‘rganmaganman. O‘ydim-chuqurlarda qoqilib yiqilaman.
– Mana bu ayol bir hafta o‘tirib sen uchun bu shippaklarni to‘qidi. O‘tirgin-da, kiy!
Onam ro‘paramga o‘tirib bir oyog‘imni tizzasining ustiga qo‘ydi. Ammo og‘ir bo‘lib, oyoqni urishini bilganim uchun tezda oyog‘imni tortib oldim. Lekin onam boshini ko‘tarib yuzimga shunday tikildiki, unga ichim achib ketdi va oyoqlarimni shippaklarga tiqishga majbur bo‘ldim. Onam shippakning bog‘ichlarini to‘pig‘imga aylantirib qattiq bog‘ladi.
Shippakdan ko‘ngli tinchigan otam yengil nafas oldi-da:
– Unga bir piyola suv ham ber, ichvolsin, – dedi. – Havo issiq, Eronshahrga yetgunimizcha yo‘lda chanqab qoladi.
Onam yugurib borib suv to‘la meshni olib keldi. Kecha oqshomdan beri chanqab turgan ekanman, nafasim qaytib qolgunicha suv ichdim. Onam esa xuddi shu choqqacha suv ichishimni ko‘rmagandek aftimga tikilganicha meni kuzatardi.
Kapamizning oldidan qo‘zg‘alib, yo‘lga tushganimizda kun yorishib qolgan edi. Ukalarim va singillarim haliyam kapamiz oldida menga qarab turishardi. Hatto erta tongdanoq o‘z kapasidan chiqib kelgan Jonbibi ham onamning yonida kapaga suyanganicha meni kuzatib qolayotgandi. Hammadan ham ko‘proq onamning yonida turvolib menga qarab qo‘llarini tez-tez silkitayotgan kichkina singlim Mohipeshonani yaxshi ko‘rardim.
Abdusattorning kapasi oldida ovulning bekorxo‘jalari – Nabibaxsh va Mehrob qum ustida yalpayib o‘tirganlaricha bizni tomosha qilishardi.
– Yo‘l bo‘lsin endi, xudo xohlasa? – deb so‘radi Nabibaxsh.
Gapirishga hafsalasi bo‘lmagan otam:
– Shaharga... – dedi-da, gapining qolganini ichiga yutdi.
Men yana bir martagina o‘z kapamizni ko‘rib qolish uchun orqamga qaytdim. Onam qora sarikini* kiyganicha qumlar ustida o‘tirar, Mohipeshona esa haliyam menga qarab qo‘lini silkitardi. Yana bir singlim va ukalarim esa qotib turishardi. Men ularga qarab qo‘limni ko‘tarishim bilan ukalarim ham tez-tez qo‘llarini silkiy boshlashdi. Ular meni bugun ham shunchaki biz bilan o‘ynayapti deb o‘ylashardi chog‘i.
Otam cho‘lning o‘rtasiga yetgunimizga qadar boshqa gapirmadi. Oftob asta-sekin tepamizga kelgan, Chohbahor tomondan esgan epkin havoni bir oz salqin qilgandi.
– Nambi shamoli* kelyapti, – dedi otam. – Qani edi xudo bir yomg‘ir yog‘dirsaydi...
U shunday deya na bir parcha bulut, na yomg‘irdan darak bo‘lgan osmonga tikildi. Cho‘l oldingiday sokin va quruq bo‘lib, unda esayotgan kuchsiz shamol kapalarimiz tomondan bir ayolning g‘amgin qo‘shig‘ini olib kelardi:
“... Ukaginam, bu yil qahatchilik  bo‘ldi. Bizning aziz vatanimiz qashshoq va nochor... Hali pishib yetilmagan xurmo urug‘ining tuproqqa tushishi judayam uvol...”
Men cho‘lning narigi tomonida o‘tin terayotgan ovulimiz bolalarini kuzatardim. Doimo jigarrang ko‘ylak va ishton kiyib yuradigan Murod ham dam engashib, dam turganicha o‘tin terardi. Men uni uzoqdan tanib qichqirdim:
– Hey... Murod!
Murod qaddini ko‘tardi-da, meni ko‘rib qo‘lini silkitdi.
Otamga esa bu yoqmadi chog‘i:
– Nima ishing bor u bilan? – dedi.
Shundan so‘ng otam menga nasihat qilishga tushdi. To cho‘lni kesib o‘tgunimizga qadar qayta-qayta qulog‘imga quydi:
– Bolam! Ehtiyot bo‘l, ishtoningni tikan-pikan yirtmasin. Sekinroq yur, tag‘in badaning terlab sasib ketmasin. Kel, mening soyamdan yur, oftob hind atrining hidini uchirib ketmasin tag‘in...
Mening xayolim esa cho‘l o‘rtasida yashnab turgan bir necha tup yul-g‘un va kunor daraxtida edi. Agar ovulimizning bolalari buni ko‘rishganida edi, ulardan qancha sedar yig‘ib ketishgan bo‘lardi. 
– Bu safar kunor bargi termoqchi bo‘lsam, cho‘lning mana shu tomoniga kelaman, - dedim otamga. Hu anavi tomonga qarang! Kunor daraxtlari...
Otam kunor daraxtlariga bir qarab qo‘ydi-da, qadamini tezlashtirdi:
– Tezroq yur! Oftob tikkaga kelib qoldi.

* * *

Kahuriy yo‘liga yetib borgunimizga qadar quyosh hamma joyni qizdirib yuborgan, bog‘ichli shippak oyog‘imni ura boshlagandi. Oyoqlarim achishar, shippakning bog‘ichi to‘pig‘imni qiyib yuborgandi. Otam bo‘lmaganida edi allaqachon bu shippaklarni cho‘lning o‘rtasiga uloqtirib yuborgan bo‘lardim.
Yo‘l chekkasida qancha turmaylik mashina ko‘rinmasdi. Ko‘rinishidan baluj bo‘lgan bir keksa va ikki yosh kishi ham biz kabi mashina kutib turishardi. Keksa kishi yo‘l chetida oyoq uchida o‘tirar, o‘zining aytishicha bir soatdan beri “biror mashina kelib qolarmikin”, deya ko‘zi yo‘lda edi.
– Piyoda ketaveraylik, – dedim otamga. – Bunaqada kechgacha ham turaveramiz. Baribir mashina kelmaydi.
– Qayoqqa boramiz? – dedi otam. – Eronshahr senga Jonbibining kapasidek joyda emaski, yugurib borib kelsang! Shahargacha o‘n-o‘n ikki farsax yo‘l axir.
– Unda ovulga qaytaylik... – deyishim bilan otam menga shunday o‘qra-yib qaradiki, gapimning qolgan yarmini ichimga yutib qo‘ya qoldim.
Shu choq keksa kishi birdaniga o‘rnidan turdi-da:
– Keldi! – dedi. – Kelayotganga o‘xshaydi...
Yo‘lning narigi uchidan bir qizil mashina oftob nurida yaraqlaganicha biz tomon yaqinlashib kelardi. Bizning oldimizga kelib to‘xtadi. Bu yuk mashinasi bo‘lib, uning yukxonasi odam bilan to‘la edi. Erkagu ayol aralash minib olishgan, ular orasida yosh bolalar ham bor edi. Dadam qo‘limdan ushladi-da, avval meni mashinaning yukxonasiga chiqardi, so‘ngra o‘zi ham chiqib oldi.
Mashinada ham otam o‘zining nasihatlarini davom ettirardi:
“U yerga borganimizdan so‘ng unday qilma, bunday qil. Behudaga kulaverma, hadeb u yoqdan bu yoqqa sakrayverma. Ko‘zlaringni lo‘q qilib turma. Xojaning ko‘zlariga cho‘l bo‘risiga o‘xshab qarama. O‘zingni mo‘min-qobil kishidek tut. Xuddi beozor bir qo‘zichoqdek. Ammo ehtiyot bo‘l, tag‘in bo‘yningni egib turaversang seni qo‘lidan hech ish kelmas ekan deb o‘ylashmasin. Xaridorlarga o‘zingni echki bolasidek emas, balki qo‘chqordek qilib ko‘rsatgin. Tushundingmi?”

* * *

Shu choqqacha Eronshahrning buyum bozorini ko‘rmagan edim. Ammo otam ko‘rgan edi. Bir safar bo‘yra, xurjun hamda onam bilan birga kahur daraxti yog‘ochidan yasagan mushtak va chilimlarini, yana bir safar esa burama shoh echkimizni sotgani ushbu bozorga kelgan edi.
Buyum bozoriga yetib kelganimizda kun tushga yaqinlashib qolgandi. Men shunchalik terga botgan edimki, badanimga sepilgan hind atrining hidi ham kamayib qolgan, ishtonimning pochalari esa tuproqqa belangandi. Shular to‘g‘risida aytmoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edim hamki, otam:
– Meni mahkam ushlab olgin! – dedi. – Yo‘qolib qolma tag‘in.
Oldiniga bozor deganlari mana shu yer ekanligini anglab yetmadim. Faqatgina ayrimlari keng va ayrimlari tor bo‘lgan egri-bugri ko‘chalarni oralab yurganimizni bildim. Bu ko‘chalarning barchasi odam bilan liq to‘la bo‘lib, har bir kishi sotgani biror narsa olib kelgan, har bir sotuvchi baqirib-chaqirganicha o‘z molini maqtardi. Bu ko‘chalarda odam shunchalik ko‘p va tiqilinch ediki, igna tashlasang yerga tushmasdi. Biror joyda muqim turib bo‘lmas, odamlar oqimi  uni surib boshqa joyga olib ketardi. Otamning qo‘lidan chiqib ketsam, bu izdihomda yo‘qolib qolaman deb qo‘rqdim. Chunki yo‘qolib qolsam, boshqa biror kishi meni o‘zining bolasi o‘rnida sotib yuborishi, otam esa asabiylashganicha quruq qo‘l bilan uyga qaytishi mumkin edi.
Barcha sotuvchilar erta tongdanoq bozordan joy egallab edi. Biz esa qayerdan joy olishimizni bilmay hayron qolgandik.
– Bu g‘ala-g‘ovurda qanday qilib xaridor topamiz? – dedim.
–Tezroq yur, hozir yetib boramiz, – dedi otam.
Ko‘proq xorijda ishlab chiqarilgan buyumlar sotiladigan yerdan o‘tib xilvatroq bo‘lgan bir keng ko‘chaga yetdik. Ikki chetdagi devorlari somon suvoq qilingan bu ko‘cha unchalik ham toza bo‘lmay, undan go‘ng isi kelib turardi. Ko‘chaning u yer-bu yerida mol va ot tezaklari, qo‘y va echki qumaloqlari ko‘zga tashlanar, ular odamlar bosib o‘taverganidan tekislanib ko‘cha bilan bir bo‘lib ketgan, ko‘chadan sassiq hid ufurardi.
Otam ikki semiz qo‘chqorni simyog‘ochga bog‘lab qo‘ygan bir baluj kishi bilan salom-alik qildi. 
– Axiyri olib keldingmi?–dedi baluj kishi.
Otam boshini qimirlatib qo‘ydi. Baluj kishi esa menga bir nazar tashlab:
– Mosholloh! – dedi. – Ko‘z tegmasin, pahlavonday yigit ekan.
– Menimcha. Hozir o‘n uch yoshga chiqib qoldi, – dedi otam.
– Karvonsaroyga bor, – dedi baluj kishi. – Xaridor kelsa sening oldingga jo‘nataman.
Bir oz yurganimizdan so‘ng otam:
– Nima deganlarim esingda turibdimi? – dedi. – Xaridorga qarab ko‘zlaringni lo‘q qilib turma. Bulbuldek sayrashing ham kerak emas. Agar men ishora qilsam gapir, soqovga o‘xshab og‘zingni yumib o‘tirma.
Shu payt arqoni keksa bir kishining qo‘lida o‘rovli turgan oriq va o‘laksa echkiga ko‘zim tushdi. Echkining ko‘zlariga yaxshilab qaradim: ko‘zlari ko‘pam otam aytganiday emasdi...
– Echkimizni mana shu odamga sotgandim, – dedi otam. – Endi esa mana bu badbaxtning otini ham sotib olmoqchi.
Otam shunday deb yerga tupurdi. Men esa peshonasi oq jigarrang bir otning tishlarini ko‘rayotgan, ko‘ylagini forslarga o‘xshab ishtonining ichiga tiqib olgan kishiga qaradim.
– Otini sotib olmoqchimi? 
Otam bu savolimga javob bermasdan:
– Senga tishingni tuz bilan tozalab yuvishingni aytish esimdan chiqib ketibdi, – dedi. – Qani, bir ko‘ray-chi.
“Tishlarim nimaga kerak ekan?” deb o‘yladim-da, og‘zimni ochdim.
Otam yuqori va pastki tishlarimni yaxshilab ko‘rib chiqdi va bir necha marta afsuslangansimon kallasini qimirlatib qo‘ydi-da:
– Judayam sarg‘ayib ketibdi, – dedi. – Bir nechtasini qurt ham yegan ekan. Nega Jamila senga tishingni tuz bilan yuvishing kerakligini aytmadi?
– Tishlarim nimaga kerak? – dedim ajablanib.

* * *

Birinchi kelgan xaridor tezda jag‘imni ushlab boshimni yuqoriga ko‘tardi-da, yuzimga qaradi. Uning yuzi semiz va lunjlari shishgan bo‘lib, ko‘zlari qo‘rqinchli edi. Men darhol ko‘zlarimni yerga qaratdim.
– Og‘zingni och!
“Og‘zim nimaga kerak ekan?”, deb o‘ylayotgan edim hamki u panjalari bilan jag‘imni qattiq siqib og‘zimni ochib yubordi.
– Eh he! Tishlarining hammasini qurt yeb ketgan-ku?!
U shunday deb jag‘imni qo‘yib yubordi. Boshim yana otam tomonga burilib qoldi.
– Qani qurt yegani? – dedi otam. – Faqatgina bittasi qoraygan, xoja hazratlari! Qolganlari sog‘lom. O‘ttiz ikki tishidan o‘ttiz bittasi soppa-sog‘.
– Yo‘q, elatdosh! Buning menga yaramaydi. Xandon pista qiladigan ishchi kerak menga. Men ko‘rgan bu tishlarning bunga kuchi yetmaydi, ikki kunda og‘zidan to‘kilib tushadi.
U odam oldimizdan keta boshlashi bilan jur’at qilib boshimni ko‘tardim va ortidan unga qaradim.
– Xaridor emasman deb aytmaysanmi! Bo‘lmasa mana shunday sog‘-lom tishlari bilan...
U odam otamning gaplarini eshitmadi. Karvonsaroyning narigi tomoniga borib boshqa bir bolaning jag‘ini ushlab olganicha uning tishlarini ko‘rardi.
– U o‘zi istagan tishlarni hech qayerdan topa olmaydi, – dedim.
Men shunday deya o‘sha xaridor tishlarini ko‘rayotgan bolaning yuzini ko‘rish uchun bo‘ynimni cho‘zdim. Ammo xaridor judayam semiz bo‘lib uning orqa tomonidan boyagi bolani ko‘rishning iloji yo‘q edi. Yaqinroq borib ko‘rish uchun endi yo‘lga tushgan edim hamki, otam urishib berdi:
– Hadeb u yoq-bu yoqqa sakrayvermay joyingda tur!
Joyimda to‘xtadim. O‘sha xaridor esa yana qoraygan va qurt yegan tishlarga uchradi chog‘i, indamasdan karvonsaroydan chiqib ketdi. Men o‘sha xaridor tishlarini ko‘rgan o‘smir qiz bola ekanini endigina ko‘zim tushgan edi. Qizcha haligina xaridor ushlab siqqan jag‘larini silar, yuzidan qo‘rqqani ko‘rinib turardi. Yosh qiz uni bu yerga olib kelgan, bilmadim, otasi yoki bobosi bo‘lgan bir keksa kishi bilan birga tosh ustida o‘tirishardi.
– Sen hadeb u yoq-bu yoqqa sakrayverma! – dedi otam. – Ko‘rdingmi, mana bularday jimgina boshingni quyi solib o‘tirsang, ko‘proq xaridor keladi.
Shu choq o‘sha qiz bola biz tomonga qaradi, ammo tezda uyalib ko‘zlarini olib qochdi va boshini quyi solib oldi. Ko‘zlari otam aytganiday, qo‘chqorning ko‘zlariga ham o‘xshamasdi. Ko‘zlari xijolatga to‘la bo‘lib odamdan qochardi.
– Ko‘zlari qo‘chqorning ko‘zlariga o‘xshamas ekan, – dedim. – Ohuning ko‘zlariga o‘xshaydi. Shuning uchun ham xaridorlar uning oldiga ko‘proq kelishsa kerak.
Otam menga ko‘zlarini olaytirib qaradi-da:
– Ovozingni o‘chir! – dedi. – Anavi kelayotgan odam xaridor bo‘ladi!
Asta-sekin biz tomon kelayotgan va basharasi qojorlarga* o‘xshab ketadigan kishiga qaradim. Ammo otamning gaplari esimga tushib ketib, yana boshimni quyi solib oldim. Xuddi shu holda ko‘z ostidan boyagi qizga nazar tashladim. U haliyam boshini quyi solganicha xomush turar, yenglari uzun keng ko‘ylagi binafsha rangida bo‘lib, ustidagi chodirida katta-katta yashil gullari bor edi.
Qojor kishining ovozi yo‘g‘on edi. Bunday xoja meni olib ketishini istamasdim. U oyog‘iga arabiy sandaldan qilingan kovush, ustiga sariq ishton va yengi kalta ko‘ylak kiyib olgan, bilaklari yo‘g‘on va junli edi.
– O‘rningdan tur, bir ko‘ray-chi!
Otam shoshib-pishib dedi:
– Tur o‘rningdan, Suhrob!
– Ismi Suhrobmi?
– Ha, Suhrob. Ammo siz qanday ism qo‘ysangiz, tezda o‘shanga ko‘nikib ketadi. Keyinchalik qanday ismni xohlasangiz qo‘yishingiz mumkin.
– O‘zingning o‘g‘lingmi?
Otam boshini quyi solganicha jim qoldi.
– O‘sha aytganim: o‘n sakkiz mingta...
– Qanaqasiga o‘n sakkiz ming? Bundan ikki oy oldin amakisining o‘g‘lini yigirma mingtaga sotishdi. Hali o‘n yoshga ham kirmagan edi. Nimjon va kuchsiz edi. Buning nima kamchiligi bor ekan?
Qojor qo‘llarimni qo‘llarining orasiga oldi, ularga yana bir bor sinchiklab qaradi-da:
– Yo‘q, – dedi. – O‘sha aytganim: o‘n sakkiz mingta... Pulni sanayveraymi?
Otam shart o‘tirib oldi. Boshini undan o‘girdi-da:
– Bermayman, xoja hazratlari, – dedi. – Siz xaridorga o‘xshamaysiz!
Qojor kishi boyagi chol va u bilan birga turgan qiz bola tomon yo‘l oldi. Qiz bola o‘zini tartibga soldi, qojor esa chol bilan gaplasha boshladi. Qiz bolaning narxi to‘g‘risida savdolashayotgani aniq edi. Ammo qojor kishi u yerdan ham ketdi.
– Bekordan-bekorga hamma bilan savdolashish, so‘ngra esa hech kimni sotib olmasdan ketvorish uchun kelgan ekan-da, – dedim.
Qiz bola boshini ko‘tardi va men yana bir bor uning ko‘zlarini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. Uning ko‘zlari xuddi men o‘ylagandek edi.
Qiz ko‘zlarini yerga qaratib, yana bir bor yuqoriga qaraganida unga oshiq bo‘lgim kelib ketdi. Agar unga oshiq bo‘lganimda edi onamning aqiq uzugini sekingina olardim-da, unga taqdim etgan bo‘lardim. Ularning kapasi Jonbibilarning kapasi o‘rnida bo‘lganda edi, har kechasi unga non eltib bergan bo‘lardim. Shunda birgalashib arpa noni yerdik, oshiq bo‘lardik va yana arpa noni yerdik...
– Bu issiqda uyqung kelyapti chog‘i? Tur o‘rningdan, hu anavi yerdagi soyaga borib tur.
O‘rnimdan turdim. Otam o‘sha tomonga qarab yurganda dunyo topgan gadoydek suyunib ketdim. Xudoga ming martalab shukr qildimki, chol va uning yonidagi qizning ro‘parasidagi soya boshqa barcha joydagi soyalardan kattaroq ekan.
– Anavi yerga boraylik, soyasi ko‘proq ekan, – dedim otamga.
Endi o‘sha qizning ro‘parasida o‘tirardik. Ikkalalari cholning langutasini oldilarida yoyib olganlaricha arpa noni bilan xurmo yeyishardi. Men yana xayolga berildim: “Agar ularning kapasi bizning kapamiz yonida bo‘lganida edi...”
Shu choq birdaniga avval chol menga qarab ishora qilganini, undan so‘ng o‘sha yosh qiz menga qaraganini, so‘ngra o‘rnidan turib biz tomon chopib kelayotganini ko‘rdim. U oldimizga kelib qo‘lidagi ikkita xurmoni menga uzatdi. Men esa nima qilishni bilmay qotib qolgandim, qo‘llarim uvushib qolgandek harakatga kelmasdi.
– Qo‘lidan olmaysanmi?...
Otam shunday deya qizning qo‘lidan xurmolarni oldi. Qiz esa yana otasi yoki bobosi bo‘lgan cholning oldiga qarab chopib ketdi. Otam har ikkala xurmoni menga berdi. Men esa kecha kechasi oyim menga yashirincha bergan bir dunyo arpa noni yeb olganimga qaramasdan shunchalik och-qagan ekanmanki, ikkala xurmoni ham paqqos tushirdim. Ammo uning danaklarini otib yuborgim kelmadi va navbatdagi xaridor kelguniga qadar ularni shimib o‘tirdim. Shu asnoda ro‘paramga qarab-qarab qo‘yardim. Chol tizzalarini qorniga yopishtirib olganicha oyoq uchida o‘tirar, langutasini beliga va oyoqlariga o‘rab olgan, ko‘zlarini yumganicha mizg‘irdi. Qiz bola esa ba’zida menga qarab qo‘yar, so‘ngra yana ko‘zlarini olib qochardi. Otam esa menga aslo e’tibor bermas, o‘z o‘y-xayollari bilan band edi. U puldorroq xaridor kelib qolishini kutardi.
Shu choq ko‘nglim uning ismi onamnikiday Jamila bo‘lishini istab ketdi. Lekin uning onamday gung bo‘lishini emas, balki gaplarini imo-ishorasiz gapira olishini istardim. Menda agar Muridxonning* yuragidaqa yurak bo‘lganida edi albatta uni sevib qolgan, qanday qilib bo‘lsa-da, pul topib, o‘zim ana shu choldan sotib olgan bo‘lardim. Shundagina biror bir quldor xoja uni sotib olmagan va o‘zi bilan birga olib ketmagan bo‘lardi.
– Suhrob! O‘rningdan tur, Suhrob!
Yana xaridor xojalar kelgan edilar. Ularning ikkitasi yosh, bittasi esa keksa kishi edi. Ko‘rinishlaridan judayam badavlat kishilarga o‘xshashardi. Keksa xoja ko‘ziga ko‘zoynak taqib olgan, qo‘lida dastasi kumushdan hassa tutgan, tilla zanjirli soati esa kamzulining cho‘ntagidan chiqib turardi. Ko‘zlari odamga judayam mehribon boqardi. Ko‘nglim shular meni sotib olishlarini istab ketdi. Ko‘z qarashlaridan bir necha uylari va bir necha mashinalari ham bor ekanligi ko‘rinib turardi. Ular sotib olgan bola hech bo‘lmaganda mashinada tekin yurishi mumkin edi.
Ko‘zlarim “Jamila”ga tushganda uning hayajondan titrayotganini ko‘rdim. Xuddi “Jamila” ular meni olib ketishlarini, meni olib ketishsa, bir o‘zi yolg‘iz bu yerda qolib ketishni istamayotganday edi.
Keksa xoja gap boshladi:
– Yoshi nechada?
– O‘n uch yoshda... Hech bo‘lmaganda o‘n ikkida...
– Savodi ham bormi?
– Yo‘q, xoja hazratlari.
Shundan so‘ng xojalardan biri dedi:
– Ota-onasi ma’lum halolzoda bola bo‘lsa kerak, axir...
Otam shosha-pisha dedi:
– Ha-ha, o‘zimning o‘g‘lim, xoja hazratlari!
Keksa xoja so‘radi:
– Bo‘ladigan narxi qancha? Necha pul so‘raysiz?
Otam dedi:
– Amakisining o‘g‘li o‘n yashar edi, kichik va nimjon, yigirma mingtaga sotib olishdi... Mana shu ikki oy oldin.
Ulardan biri dedi:
– Amakisiningu xolasining o‘g‘li bilan ishimiz yo‘q. Siz ayting: bunga o‘zingiz necha pul so‘raysiz?
Otam yana tushuntirish berishga tushdi:
– O‘zimning o‘g‘lim. Onasi qashshoqlik va yetishmovchilik bilan katta qildi. Yeguligiga nima topib berishni bilmadim. To‘rt muchasi sog‘. Insof o‘zingizdan, xoja hazratlari...
Xojalardan biri dedi:
– Gapimga quloq soling: biz buni o‘g‘rilik qilgani olib ketmaymiz. Chegaraning u tomoniga – arab amirliklariga jo‘natmaymiz ham. Kondami, cho‘l-biyobondami ishlatish niyatimiz ham yo‘q. Biz uni uy xizmatkori qilish uchun olib ketmoqchimiz. U yerda o‘z uyida yashagandek yashaydi, u yerdagilar nima yesa o‘shani yeydi, qanday yotib tursa shunday yotib turadi. Kelajagi ham yaxshi bo‘ladi... Endi ayting, qancha beraylik?
Otam nima deyishini bilmay qolgandi.
Xojalardan boshqa biri dedi:
– Bo‘ladigan narxi o‘n beshta. Ma’qulmi?
Otam jag‘ini ushlab uni tez-tez qashladi.
Keksa xoja dedi:
– Ko‘ngling xotirjam bo‘lsin. Hech bo‘lmaganda bolang o‘g‘ri yoki jinoyatchi bo‘lib ketmasligini o‘ylab bexavotir yashaysan.
Otam dedi:
– Yigirma mingta...
Oldin yosh xojalardan biri, so‘ngra ikkinchisi oldimizdan keta boshladi. Keksa xoja dedi:
– Otajon, yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Bolangizning taqdirini har kimning qo‘liga ishonib topshirmang. Biz sizga yomonlik istamaymiz.
U shunday dedi-da, ketdi. Endi ularning har uchalasi “Jamila”ning oldida turishar va uning otasi yoki bobosi bo‘lgan chol bilan gaplashishardi. “Jamila” gohida boshini quyi solar, gohida xojalar orasidan menga yashirincha qarab qo‘yardi.
– Ey xudo! – dedi otam siqilib. – O‘zim ham nima qilishni bilmay qoldim. Senga bundan ortiq narx qo‘yishmaydimi deb qo‘rqaman.
Men esa ich-ichimdan xudodan yolvorib so‘rardimki, otam bilan anovi chol men bilan o‘sha qizni birgalikda mana shu xojalarga sotishsa.
Biroq ko‘rdimki, “Jamila”ning otasi yoki bobosi bo‘lgan o‘sha chol qizni qanchadir narxga sotishga rozi bo‘lgan, xojalardan biri esa tez-tez pul sanardi.
– Sotib olishdi shekilli, – dedim.
– O‘zim ham nima qilishni bilmay qoldim... bilmay qoldim, – dedi otam.
– Unda siz ham meni mana shu xojalarga soting, – dedim. – Yaxshi odamlar ekan, ota.
Xojalar pulni cholning qo‘liga berdilar. Qiz bechora hayajondan titrar, menga qarab-qarab qo‘yardi. Yana shu choq uni sevib qolgim, xuddi go‘zal qiz Honiyni sevib qolgan Muridxon kabi peshonasi oq qahvarang otni choptirib kelib, “Jamila”ni ana u xojalar qo‘lidan yulib olib otimga mindirib, tog‘u toshlarga olib qochib ketgim kelib ketdi.
– Endi kech bo‘ldi, o‘g‘lim.
O‘sha uchta xoja “Jamila”ni yetaklab karvonsaroydan chiqishdi-da, ko‘chalardan biriga kirib g‘oyib bo‘lishdi. Chol esa olgan pullarini langutasining bir burchiga tugib olganicha asta-sekin bizning oldimizdan o‘tib keta boshlagandi.
Biz kun botgunga qadar xaridor kutib qolib ketdik. Endi “Jamila” va uning otasi yoki bobosi bo‘lgan chol o‘tirgan o‘sha toshning ustida o‘tirardik.
Bizning oldimizga kelgan so‘nggi mushtariylar ikkita xorijlik kishi edi. Ularning har ikkalasi xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho shimlardan kiyib olishgan, bo‘ylari ham otamning bo‘yidan ancha baland edi. Har ikkala xorijlik xojaning sochlari malla bo‘lib, ko‘zlariga ham xorijda chiqqan ko‘zoynaklardan taqib olishgan, saqich chaynashar edi. Ular oldin sochlarimning orasini tekshirib ko‘rishdi, so‘ngra ko‘zlarimga yaxshilab tikilishdi. So‘ngra ko‘krak qafasim ustiga qo‘llarini qo‘yib:
– Nafas ol! Nafas ol... – deyishdi.
Men tez-tez nafas oldim. Shundan so‘ng bo‘ynimning orqasini ko‘rishdi. Hatto otamdan ham uyalmasdan surbetlarcha badanimning hamma joyini ko‘rib chiqishdi. Ular bir-birlari bilan o‘zlarining tillarida bir narsalar deb gaplashar va boshlarini qimirlatib qo‘yishardi.
– Mister, ko‘rdingizmi? – dedi otam. – Ko‘rdingizmi, yolg‘on ayt-madim. Soppa-sog‘. Tanasida birorta ham kasalligi yo‘q.
Ammo, bilmadim, negadir men misterlarga ham yoqib tushmadim. Ular hech narsa demasdan oldimizdan keta boshlashganida otam uch marta yerga qarab tupurdi-da:
– O‘sha xorijiy bo‘y-bastlaringga tupurdim! – dedi.
Kun botar chog‘ida cho‘lda yomg‘irdan hech qanday darak yo‘q edi. Endi shimoli-sharq tomondagi cho‘ldan “hushok” deb nomlangan, daraxtlar va ekinlarni quritib yuboradigan issiq shamol esa boshlagandi. U o‘z yo‘lida cho‘ldagi qumlarni olib kelib cho‘l butarlari va o‘simliklarining poyalari va shoxlariga urardi.
Men anchagina toliqqan edim, shippagimning bog‘ichlari to‘pig‘imni qiyib yara qilib yuborgan edi. Shunchalik terlab, sasib ketgan edimki, ertalab badanimga sepgan hind atrining hididan asar ham qolmagandi. Oq ko‘ylak-ishtonim tuproqqa belangan edi.
– Kun botar chog‘ida bir oz “hushok” esadi, – dedi otam. – Xudoning o‘zi asrasin bizni.
– Oqshomgacha kapamizga yetib olamizmi? – deb so‘radim qo‘rqib.
Otam esa mening savolimni eshitmaganday so‘zlay boshladi:
– Qadimgilarning aytishlariga qaraganda, “hushok” shamoli jannatdan chiqib kelarkan. Ammo u o‘z yo‘lida do‘zaxdan ham o‘tganligi uchun shunchalik issiq bo‘larkan. “Hushok” shamoli esadigan bo‘lsa xurmo daraxtlari ustidagi mevalarni qoldirmaydi, hammasini kuydirib nobud qiladi. Xudoning o‘zi rahm qilsin.
Shundan so‘ng langutasini boshidan yechib oldi-da, u bilan mening boshim va bo‘ynimni o‘radi. So‘ngra qadamlarini tezlashtirdi. Shu ketishicha o‘ziga o‘zi dedi:
– Pastroq tushishim kerak. Bilmadim, buning bo‘y-bastidan qanday kamchilik topishdiykin?... Ertaga narxini pastroq aytishim kerak...

Forschadan Shokirjon Olimov tarjimasi

______________
* S e d a r – Eronning Seyiston va Balujiston viloyatida o‘sadigan kunor daraxtining bargini maydalab tuyish orqali qo‘lda yasaladigan sovun. (Tarj.).
* L a n g u t a – 1.5 kv.m. o‘lchamga ega matodan iborat bo‘lgan languta Eronning Seyiston va Balujiston viloyatida yashovchi baluj xalqining miliy libos turlaridan biri bo‘lib, odatda yelkaga yoki boshga tashlab yuriladi, shuning bilan birgalikda sochiq o‘rnida ham ishlatiladi. (Tarj.).
* Ch o b a h o r – Eronning janubida, dengiz sohilida joylashgan bandargoh shahar. (Tarj.).
* F a r s a x – olti kilometrga teng bo‘lgan uzunlik o‘lchovi. (Tarj.).
* S a r i k – Eronning Seyiston va Balujiston viloyatida yashovchi balujlarda ayollar kiyadigan chodra. (Tarj.).
* Nambi shamoli – Eronning dengizga tutashgan janub tomonidan esib,   namlik va yomg‘ir olib keladigan shamol. (Tarj.).
*  Q o j o r l a r – XVIII asr oxirlari – XX asr boshlarida Eronda hukmronlik qilgan sulola. Balujlar hojorlar sulolasi vakillaridan ko‘rgan jabr-zulmlari tufayli yerli bo‘lmagan har bir begona va yoxud qurollangan kishini “qojor” deb atashadi. (Tarj.).
* M u r i d x o n – Balujiston aholisining xalq og‘zaki ijodi va ishqiy qissalaridan biri bo‘lgan “Muridxon va Honiy” qissasidagi asosiy qahramon. (Tarj.).

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.