background
logotype

Fozil Iskandar. Qo‘shyurak (hikoya)

– Ke qo‘y, Zinaxonim, “nima buyurasiz?” deb boshimni qotirma. Uni opke, buni opke demayman. Qanaqa shirin taom, qanaqa zo‘r ichimlik bo‘lsa, opkelaver. Jo‘ralarim bilan bi-ir bitimiz to‘kilsin. Tezlashtir!
Nima demoqchi edim-a? Ha! Adgurning yuragi ikkita degan gapni o‘ylab topgan odamni uchratsam, o‘lay agar, onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman! Mish-mish tarqatgani bilan xotini o‘g‘il tug‘ib berarmidi! Lekin uni baribir topaman, chunki kimligini ko‘nglim sezib turibdi. Biz tomonlarda ham shunaqa g‘alamis odamlar uchrab turadi.
– Qiziq-da, – deyishadi o‘rtoqlarim, – oltita o‘q yeb tirik yuribsan, tag‘in o‘qlardan bittasi yuragingni teshib o‘tgan. Demak, yuraging ikkita-da, Adgurbek, shuni do‘stlaringdan yashirib nima qilasan?
– Hoy, musulmonlar, – deyman men jig‘ibiyron bo‘lib, – yuragim bitta! Agar hadeb gapiraversalaring, shunisiyam tars yoriladi. Axir, hammamiz do‘stmiz, birga o‘sganmiz, nechchi yildan beri tuz-namakmiz, nahotki shu bema’ni afsonaga ishonib yursanglar?
To‘g‘ri, oltita o‘q yeb tirik yuribman, sababi – joni qattiq urug‘danman. Bu – bir. Ikkinchidan, yuragimdan o‘tgan o‘q yurak qisilgan, taranglashgan paytida o‘tgan, deyarli tegmagan, bir chetini yalab ketgan, xolos. Hozirgi tibbiyot fani buni aniqlagan: yuz yilda bir marta shunaqasi ham bo‘lib turarkan. O‘q yuz yilda bir marta taranglashgan yurakdan o‘tarkan, tushunyapsizlarmi, qisilib turgan yurakdan! Shunda odam o‘lmay qolarkan. Bu endi... bir so‘mlik lotoreyaga “Volga” yutishday gap.
Lekin buni hammaga tushuntirish osonmi? Qahvaxonadan odam oyog‘i uzilmaydi. Ularning birortasi baribir ana shu ahmoqona savolni beradi-da:
– Adgurbek, yuraging ikkita emish, shu gap rostmi?
Tirik yurganim uchun o‘zimni oqlaguncha ona sutim og‘zimga keladi shunaqa paytlarda. Xoh ishoning, xoh ishonmang – bir kuni ataylab kushxonaga bordim. Bizdan uzoq emas, Mayakda. Nomi chiqqan qassobimiz Misrop amaki o‘sha yerda ishlaydi. Yoshi saksonni qoralab qolgan, ammo-lekin bizga o‘xshagan yoshlardan o‘ntasini bir cho‘qishda qochiradi, nimagaki har kuni ertalab issiqqina qonni piyolaga limmo-lim qilib simirvoladi.
Borib dar¬dimni ayt¬dim, xuddi otam bilan gaplashayotganday, shunaqa-shunaqa... bezor bo‘p ketdim, dedim.
– Mardona ish tutganingdan xabarim bor, mulla Adgur, – dedi u bamaylixotir. – Otangday odamdan boshqacha o‘g‘il dunyoga kelishi mumkin emas edi. Oyingni ham yaxshi bilaman. Ming qilganda ham o‘zimizning esherlik ayol-da. Durkun, oyoq-qo‘li chaqqon, aka-ukalari hali ham o‘sha yerda yashaydi, devday-devday yigitlar. Endi anovi masalaga kelsak, qassob sifatida shuni aytishim mumkinki, umrim bino bo‘lib qo‘shaloq yurak u yoqda tursin, hatto qo‘shaloq taloqqa ham duch kelmaganman. To‘g‘ri, ming to‘qqiz yuz o‘ttiz oltinchi yili oshqozoni ikkita qora buqani bir marta ko‘rganim rost.
– Misrop amaki, – dedim men, – ming to‘qqiz yuz o‘ttiz oltinchi yilda siz ko‘rgan oshqozoni ikkita qora buqaning mening hozirgi ahvolimga nima aloqasi bor? O‘sha ming to‘qqiz yuz o‘ttiz oltinchi yildagi oshqozoni bir juft qora buqa boshqa narsadan darak bergan, ya’ni bir yil o‘tib o‘ttiz yettinchi yil keladiyu Stalin hammani yamlamay yutadi, degani bu. Gap mana shunda.
– Men buni sezganman, – dedi Misrop amaki, – buqaning kuragiga qarab ochilgan fol ham shunga ishora qilgan. Lekin o‘shanda miq etmaganman – zamon chatoq edi. Qisqasi, jigarim Adgurbek, to‘rt oyoqli jonivorlar ustidan bor bisotimni o‘rtaga qo‘yib hukm chiqarishim mumkin: o‘zing bilasan, qassob xalqida mol-bisotdan qahatchilik yo‘q. Ammo ikki oyoqlilar to‘g‘risida bir nima deyolmayman. Bu masalada senga birorta yaxshiroq do‘xtir yoki Beriyaning qassoblari yordam berishi mumkin. Ana, xiyobonlarda munkillab bo‘lsa ham sayr qilib yurishipti, otning kallasiday nafaqa olishadi. Xohlasang, bitta-ikkitasini ko‘rsatib qo‘yaman. Lekin birortasiyam aybini bo‘yniga olmaydi-da.
Mana endi, birodari azizlar, garchi bu narsa hozir rasman tavsiya etilmasa ham, nima sababdan Beriya jallodlarini bot-bot eslab turishimni fahmlagandirsizlar. Menday odam-a! Siyosiy jihatdan yetuk barmen! Axir, bu muttahamlar go‘zal Abxaziyamiz boshiga ozmuncha kulfat yog‘dirishdimi! Biz buni ming yildan keyin ham unutmaymiz.
O‘ttiz yettinchi yilda amakim Adzyubja qishloq fuqarolar kengashining raisi ekan. Bir kuni shahardan odam kelib, kolxozchilarni ma’ruza eshitishga to‘plashni buyurgan. Amakim kolxoz raisi bilan birga ikki yuztacha odamni klubga yiqqan. Xayriyatki, ko‘pchilik kelmagan. Haligi odam xalqaro vaziyat to‘g‘risida gapirib bo‘lganidan keyin, tomdan tarasha tushganday:
– Kolxozlashtirish siyosati xato bo‘lgan. Sizlar shunga qarshi bosh ko‘tarishingiz kerak, biz sizlarni qurol bilan qo‘llab-quvvatlaymiz, – degan.
Ko‘ryapsizlarmi qanaqa ig‘vo boshlaganini! Shunisiga shukrki, bu vaqtga kelib dehqonlar oq-qorani ajratadigan bo‘lib qolishgan ekan, notiqning gapiga “xo‘p” ham deyishmaydi, “yo‘q” ham deyishmaydi. Jimgina tarqalishadi. Hangoma ana shundan keyin boshlanadi. Ikki kechada majlisda qatnashganlarning hammasini – kolxoz raisi bilan fuqarolar kengashi raisini ham hibsga olishadi. Go‘yo bular kolxoz tuzumiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarishga urinishganmish.
So‘roq varaqalariga qo‘l qo‘ymagani uchun urib amakimning bir ko‘zini ko‘r qilishadi. Ammo u bunga achinmaydi. Hamqishloqlarini majlisga sudrab borganiga ich-etini yeydi, xolos. Lekin amakim bunaqa bo‘lishini tush ko‘riptimi? Shunisi qiziqki, “majlisingga tupurdim” deganlarga tegmaydilar. Faqat yig‘inga kelganlarni qamaydilar. Hammasi o‘n yil-o‘n yilga kesiladi, birortasiyam Sibirdan qaytib kelmaydi. Lekin amakim qaytadi. Aytdim-ku, joni qattiq urug‘danmiz, deb. Ammo ko‘zi...
Mayli, umri uzoq bo‘lsin, bu yog‘i yigirmanchi s’ezd yaqinlashyapti. U vaqtlarda amakim biz bilan birga yashardi. Ota o‘rnida ota edi, chunki dadam urush tugaganidan so‘ng oradan ikki yil o‘tar-o‘tmas qazo qilgan. Mana, yigirmanchi s’ezd ham bo‘lib o‘tdi. O‘sha kunlari Achandaradan kenja amakimning o‘g‘li kelib qoldi, o‘zi o‘qituvchi.
– Amaki, – dedi u ikki kaftini bir-biriga ishqalab, – bizning davrimiz keldi. Ko‘zingizni chiqazgan o‘sha tergovchini menga ro‘para qiling. “Al qasosul-minal haq” degan gap bor.
– Qo‘ysang-chi, – deya qo‘l siltadi amakim, – qiziqqon yigitsan, sen bitta ko‘zning o‘zi bilan tinchimaysan. Men ko‘zimga emas, o‘zim majlisga sudrab borgan anovi sho‘rliklarga achinaman.
– Amaki, – dedi amakivachcham xunobi oshib, – sizda ayb yo‘q, tarix aybdor bunga. Lekin biz, jiyanlaringiz, siz uchun qasos olishimiz kerak.
Amakim churq etmadi, amakivachcham uyiga qaytib ketdi. Unda men yosh bola edim. Hash-pash deguncha yigirma ikkinchi s’ezd ham yetib keldi, umridan baraka topsin! Bu vaqtda armiyada xizmat qilardim, darrov amakimga xat yozdim. “Amaki, – dedim xatimda, – yana bizning davrimiz keldi. Sovet desantchisi, jangovar tayyorgarlik a’lochisi sifatida tergovchingizni tergab qo‘yishga tayyorman!”
Baribir amakimni ko‘ndirib bo‘lmadi. Sal o‘tmay bu bevafo dunyoni tark etdi u. Sibirda muzlab o‘lgan hamqishloqlarini kechayu kunduz o‘ylayverganidan keyin nima ham bo‘lardi? Balki ularning “Biz raisga nima yomonlik qiluvdik?” degan ta’nalari amakimni qabrida ham tinch qo‘ymay, bezovta qilayotgandir.
Men buni unuta olamanmi? Vodiydagi qishloqki bor, barisi qatag‘on qilingan edi. Endi bo‘lsa, “Beriyachilikni shuncha chaynaganimiz yetar! Achchiqichakday cho‘zaverishning nima keragi bor?”, deyishadi.
Gapni qarang! E, men buni ming yildan keyin ham unutmayman!
Mayli, endi o‘zimning dardimga qaytaylik. To‘g‘ri, Misrop amaki menga dalda berdi. Lekin baribir qulog‘im tinchigani yo‘q. Qahvaxonaga kelganlar hanuz o‘sha qo‘shyurak to‘g‘risida so‘rab-surishtirishaveradi. Moskvaga borib, birorta pixi qayrilgan professorni topsamu undan “odamda ikkita yurak bo‘lmaydi” degan ma’lumotnoma yozdirib kelsammikan? Ba’zan shunaqa bo‘ladiki, qahvaxonaga kirganlarning ayrimlari jilpanglab yonimga kelib, qulog‘ini ko‘ksimga bosadi – ikkinchi yuragimning tepishini eshitmoqchi bo‘ladi-da, zanchalish! Yo‘q, boraman Moskvaga, ma’lumotnomani opkelib, bir nusxasini mana shu devorga yopishtirib qo‘yaman! O‘qi, deyman, ko‘zmi yo po‘stakning yirtig‘imi, deyman haligidaqa xirapashshalarga.
Shundoq xayollar bilan yurgan kezlarim, aksiga olib, qahvaxonaga keksa bir odam kirib keldi, yonida xotini ham bor. O‘tirib, konyak bilan qahva buyurishdi. Qarchig‘aynigoh yigitman-da: erkagi ko‘zimga nuqul professorga o‘xshab ko‘rinaveradi. Chidayolmadim:
– Ma’zur tutasiz, – dedim yoniga borib, – mabodo professormasmisiz? Yo qiyofangiz shunaqami?
– Ha, professorman, – dedi u.
Xotini ham jilmayib, erining gapini tasdiqladi.
– Kechirasiz-u, qaysi sohadan?
– Tibbiyot fanlari doktoriman.
– Tibbiyot fanlari professori hammi?
– Ha. Nimaydi?
Darhol diydiyoni boshladim:
– Odamda ikkita yurak bo‘ladimi?
– Shu choqqacha uchratganim yo‘q, – dedi u, – lekin hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
– Ie, bu qanaqasi? – dedim taajjublanib. – Tibbiyot fanlari doktorisiz, shu fanning professorisiz, nahotki, savolimga aniq javob berolmasangiz?
– Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin, dedim-ku!
– Shuning uchun ichadi-da bu odam, – deya luqma tashladi xotini bir tuki o‘zgarmay.
Hafsalam pir bo‘ldi. Endi mayli, bor gapni aytaman. Sizlarga aytmasam – kimga aytaman, harqalay, bir joyning odamimiz, otalarimiz ulfat bo‘lgan. Menga shuning o‘zi kifoya. Begonalardan eshitmaganlaring ma’qul, unaqalar qo‘shib-chatib, boshqacha yetkazadi.
Biror kalimam yolg‘on bo‘lsa – til tortmay o‘lay! O‘shanda ham mana shu qahvaxonada ishlardim. Bir shumqadam Archandarada katta buvim qazo qilgani xabarini olib keldi, ya’ni oyimning onasining opasi. Men uni “katta buvi” derdim.
Shu kishi to‘qsonga kiriptiyu omonatini topshiripti. Juda kuyindim: beozor, muloyim kampir edi-da, bolaligimda ularnikiga ko‘p borardim.
Tabiatim g‘alatiroq – keksa odam o‘lsa achinaman. Yoshlarga ham achinaman-u, unchalikmas. Fe’lim shunaqa-da. Miyamga bir fikr o‘rnashib qolgan – uzoq yashagan odam yorug‘ dunyoga o‘rganib, mazaxo‘rak bo‘lib qoladi, o‘lgisi kelmaydi. Yosh yigit esa hali hayotning nash’asini surmagan, o‘limdan ham tap tortmaydi. O‘zini o‘tga-cho‘qqa uraveradi.
Desant qo‘shinlarida xizmat qilib yurganimda bir do‘stim bo‘lardi. Ismi Viktor. O‘ris. Aka-ukaday edik. Gavdali bo‘lgani uchun Buqa deb laqab olgan edi. Zo‘r yigit edi-da lekin. Qo‘rquv nimaligini bilmasdi. Har qanday qaltis vaziyatda ham “Xudo hofiz!” deb turaverardi.
O‘sha do‘stim halok bo‘ldi, xudo rahmatiga olsin. Parashyuti ochilmay qoldi. Mendan keyin oltinchi bo‘lib sakragan edi. Bundoq boshimni ko‘tarsam – toshday uchib kelyapti. Yonimdan o‘tayotganida “Xudo hofiz, Adgurbek!” deganini eshitib qoldim. Onamni, ikki farzandimni o‘rtaga qo‘yib ont ichaman – xuddi shunday dedi! Shundoq dediyu zum o‘tmay tosh-metin zaminga urilib, chilparchin bo‘ldi.
Kuyganimdan jinni bo‘layozdim. Shunda “zampolit” chaqirib qoldi:
– Adgurbek! Hukumat topshirig‘i bor. Kubaga jo‘natish uchun ko‘ngillilarni yig‘yapmiz. Borasanmi?
– Boraman, albatta, – dedim hech ikkilanmay. – Eng yaqin do‘stimdan judo bo‘ldim. Bu yerdan endi bosh olib ketganim tuzuk.
Ayni “Karib tangligi” boshlangan kezlar edi. Kubada qariyb ikki oy turdik. Esda qoladigan biror narsani ko‘rganim ham yo‘q – bizni kazarmadan chiqazmas edi-da. Lekin sal yozildim, do‘stim fojiasini bir oz unutganday bo‘ldim. Mana, oradan shuncha vaqt o‘tdi, lekin do‘stimning haligi iborasini hanuz unutolmayman: “Xudo hofiz!” Shunday desam, dardim yengillashganday bo‘ladi. Kelinglar, do‘stlarim, endi Viktorning xotirasi uchun ham bittadan otaylik... Ha qurg‘ur, nima deyatuvdim? O‘tlab ketdim-a...
Qisqasi, Achandarada katta buvim olamdan o‘tipti. Ish tugashiga yarim soat qolganda savdodan tushgan pulni direktorga topshirib, oilamiz boshiga tushgan musibat sababli barvaqtroq ketmoqchiligimni aytdim.
– Bemalol, – dedi direktor, – boraver. Lekin sen bilan bir masalada gaplashib olishim kerak. Ke, birpas o‘tirib, qittay-qittay otaylik, keyin ketaverasan.
Hozir ichishga balo bormi! Achandarada katta buvim o‘lib yotgan bo‘lsa! Butun oilamiz bilan shoshilinch yo‘lga chiqishimiz kerak-ku.
Lekin iloj qancha? Birinchidan, direktor. Ikkinchidan, yoshi ancha katta. Qadahlarga konyak to‘ldirdi. Ichmadim, labimni tekkizib qo‘yaverdim. Gapiryapti, eshityapman. Nuqul valdiraydi. Uch yil oldin bo‘lib o‘tgan gaplarni kavlashtiradi. Go‘yo o‘shanda bir qarindoshini xafa qilgan emishman. Birinchidan, men buni allaqachon unutvorganman. Ikkinchidan, uch yil jim yurib, endi nima qilasan o‘lgan ilonning boshini qo‘zg‘ab? Xullas, chakagini zo‘rg‘a yopdim, uzr so‘rab, o‘rnimdan turdim.
– Mayli, oq yo‘l, – dedi u. – Birpas o‘tirib, men ham uyga ketaman.
Hozirgiday esimda, soat kechki o‘n birdan oshganda qahvaxonadan chiqdim. Ozgina yurgandan keyin xiyobon yonidan o‘ta boshladim. Atrof qop-qorong‘i. “Gorsovet bo‘lmay o‘l, – dedim ichimda. – Chiroq o‘rnatib qo‘ysang xotining taloq bo‘ladimi! Nuqul maqtanishadi: “Falon joyda GES ishga tushdi, pismadon joyda GRES ishga tushdi”. Shaharning esa ahvoli bu!
...I-y-y! Anovi stol yoniga o‘tirganlar – GDRlik nemislar. Faqat shampan buyurishadi. Ular faqat bizning shampanni tan oladi. Boshqa hech narsani tan olishmaydi. Stolga bitta shampanni qo‘yvolib, ertalabgacha ham o‘tirishaveradi.
O‘tgan yili GDRlik ikkita nemis bilan tanishib qolganman. Ikkalasiyam yosh. Er-xotin. Uyimiz yonidan o‘tayotib, shamollatish uchun xotinim dorga yoyib qo‘ygan ayiq terisiga ko‘zlari tushib qopti. Ayiqni uch yil burun Suxumi GESi atrofidan otib olgan edim. Haligi nemisning xotini – ular o‘rischani chala-chulpa bilisharkan – hovliga kirib, surishtira boshlapti: “Nimaning terisi bu?”
Qo‘shnilar ularni biznikiga boshlab kirishdi. Nimasini aytasiz, ayig‘imning terisi nemis marjasiga benihoya yoqib ketipti-da.
– Marhamat, – dedim men, – odatimizga binoan shuni sizga sovg‘a qilaman.
Suyunib ketishdi. Eri menga hadya etish uchun bilagidagi tilla soatini yecha boshlagan edi, hay-hayladim:
– Unaqa qilmang. Modomiki biznikiga kiribsizlar, men sizlarni mehmon qilishim kerak.
Xotinim dasturxon tuzay boshladi. Men muzlatgichdan stolga uchta shampan olib qo‘ydim. Mehmondorchilik qildik. Darvoqe, xotinim terini hadya etib yuborganimni eshitib yengil tortdi, lekin sir boy bermadi.
– Boshimizga uramizmi terini, – dedi u. – O‘ziga chang tortadi, tozalab ulgurolmayman... Yaxshisi, palos olamiz.
Lo‘li-da xotinim, palos jinnisi. Lekin men mehmonlarga terini chin ko‘ngildan sovg‘a qildim.
Chaqchaqlashib o‘tiribmiz. Ichamiz, tamaddi qilamiz, yana ichamiz. Mehmonlarning kayfi osha boshladi. Bir mahal mehmon xotin o‘rnidan turib kelib tizzamga o‘tirvoldiyu cho‘lpillatib o‘pa ketdi – yoqib qoldim shekilli-da. Ularning odati shunaqa ekan, men bilmasam. Eri beparvo o‘tiripti, xotinim esa – hangu mang. Bir tomoni, ular mehmon – bir narsa deyolmaydi. Ikkinchi tomondan, erini chet ellik ayol o‘pib yotipti. Sho‘rlik tamom bo‘ldi – na ko‘zini uza oladi, na qo‘lidan bir ish keladi! Kulaverib ichaklarim uzilayozdi.
– Nega qarab turibsan, – dedim oxiri, – o‘p senam erini!
Xullas, rosa yayradik. Mehmonlar chuldirab qolishdi. Qarasam, yana ichgilari bor, lekin stolga boshqa shampan qo‘ymadim. Tovonlariga qolmayin tag‘in, dedim-da – GDR bo‘lgani bilan, harqalay, xorijliklar.
Ular qo‘zg‘alishdi. Haligi terini yaxshilab o‘radim. Nemis marja nuqul “Germaniyadan nima jo‘nataylik?” deydi. Xotinim qulog‘imga abxazchalab shivirladi:
– “Drezden” qandilini so‘rang. Hozir urf bo‘lgan.
– Jim! – dedim men. – Hech narsa kerak emas.
Ko‘chaga chiqdik. Taksi tutib, ularni o‘zlari yashayotgan “Tbilisi” mehmonxonasiga eson-omon eltib qo‘ydim.
Anovi nemislarni ko‘rib, tag‘in gapdan chalg‘ib ketdim. I-y, ana! Aytdim-ku, ular faqat shampanni tan oladi, deb. Ofitsiantka bitta shampan qo‘yib ketdi. Bu yog‘i – tongotar...
Xullasi kalom, qahvaxonadan chiqib, qorong‘i xiyobon yoqalab ketyapman. Soat o‘n birdan o‘n besh-yigirma daqiqalar o‘tgan. Shu payt orqamdan qandaydir moshina quvib yetib, taqqa to‘xtadi. Uning ichidan birov “Adgur, chiq moshinaga!” deb qichqirdi.
Qarasam – oq “Volga”, lekin kimnikiligini bilmayman. Ehtimol, o‘rtoqlarimdir, dam olish uchun dala-palaga chiqib ketishayotgan bo‘lsa, meni ham opketmoqchi bo‘lishgandir. Oilamizda ko‘ngilsizlik, hozir borolmayman, eshitgan quloqqa yaxshimas, deyish uchun moshinaga yaqinlashdim. Qarasam – tamom notanish odamlar. Obbo! Darrov fahmladim – ish chatoq, janjalning isi kelyapti. Lekin men ham anoyi emasman.
– Chiq, – dedi bir yigit orqa eshikni ochib.
– Nega chiqaman? Sizlarni tanimasam...
Shunday deb, oldinga yurdim – moshinaning raqamiga qaramoqchi edim. Ol-la! Yo‘q. Moshinada raqam yo‘q. Yuragim shuv etib ketdi, ammo o‘zimni yo‘qotmadim. Yashirib nima qilaman, yonimda to‘pponcha bor. Tez-tez yurib yo‘lkaga chiqvoldim; yo‘lkaning naryog‘i chakalakzor, chap berishga qulay.
Eshitib turibman – orqamdan kelishyapti. Ana, to‘xtashdi. Uch yigit yo‘lkaga chiqdiyu baravariga o‘q uza boshladi. O‘n qadam naridan yetti-sakkiz marta o‘q uzildi, shulardan ikkitasi ko‘kragimning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqib ketdi.
“O‘ldim”, dedim. Qarasam, oyoqda turibman, tez uzoqlasha boshladim; tevarak-atrof qorong‘i, ular uchta. Yo‘q, dushman bilan bu yerda jang qilib bo‘lmaydi, muyulishda telefon budkasi bor, temirdan. O‘sha yerda jon saqlashim mumkin, qolaversa, melisaxona ham yaqin, o‘q ovozini eshitib, chopib kelishadi.
Haligilar yiqilmaganimni ko‘rib, angrayib qolishdi. Shundan foydalanib muyulishga qarab yugurdim. Lekin ular yana es-hushlarini yig‘ib olishdi. “To‘xta! To‘xta!” deya baqirgancha tag‘in ota boshlashdi. Ikki o‘q yana badanimni teshib o‘tdi.
“Shoshma, enag‘arlar, sovet desantchisi otish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yadi senlarga!” dedim ichimda. Bu paytda muyulishga yetvolgan edim, shartta to‘pponchani chiqardim. Qurolim borligini ko‘rib, uchalasi ham yerga yotvoldi. Telefon budkasini pana qilib, dushmanni nishonga olmoqchi bo‘lsam... evoh, qo‘limni ko‘tarolmayman-da! O‘ng qo‘lim yaralangan ekan. Alamimdan yig‘lavoray dedim.
Ana, badanimdan to‘rtta o‘qni o‘tkazvorgan itemgan g‘alamislar ro‘paramda yotipti, qani endi, qurolimni ishlatolsam! Nima qilish kerak? o‘animlarimni sarosimaga solish uchun asfaltga uch marta o‘q uzib, yana qochishga tushdim. Ilojim qancha? O‘z chamamda yana bitta o‘qqa chidayman, u yog‘iga – yo razzoq...
Qochganimni ko‘rib, yana quva boshlashdi. O‘qi tugadi, deb o‘ylagan bo‘lishsa kerak-da. Qochyapman, quvib kelishyapti. Lekin menda oldingiday tezlik yo‘q. Hazil gapmi – to‘rtta o‘q yeganman. Ular yana baravariga pang‘illatishdi. Tag‘in bitta o‘q u yog‘imdan kirib, bu yog‘imdan chiqib ketdi.
Xudoga shukr, deyman ichimda, melisaxonagacha oz qoldi. Binoga yaqinlashganimda ichkaridan oltitacha melisa yugurib chiqib, otishmaga quloq sola boshladi. Ko‘rgan odam, quvnoq bir taronani tinglayaptimi bular, deyishi aniq edi. O‘q ovozi chiqqan tomonga yugurish qayoqda! Ana sizga sovet melisasining ahvoli...
Meni ko‘rishlari bilan shartta ushladilar-da, to‘pponchani tortvolib, qo‘limga kishan sola boshladilar.
– Nega qo‘limga kishan solasizlar? – deya baqira boshladim. – Qochmayman. Anovi muyulishda raqamsiz oq “Volga” turipti. Undan uch kishi tushib, meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi!
Shu gapni aytib bo‘lishim bilan haligilardan biri burchakdan mo‘ralab qoldi.
– Ana! Ana u! Ushlanglar! – deb qichqirdim.
Qayoqda! Melisalar – parvoyi falak. Birdan mo‘ralagan odamning o‘zi muyulishdan chiqib, biz tomonga qarab yura boshladi. Hayratdan baqa bo‘lib qoldim, lekin baribir yana baqirdim:
– Meni moshinaga chaqirgan shu! Eng ko‘p o‘q uzgan ham shu! Ushlanglar!
Melisalar qurshovi battar toraydi, anovi odam shoshmasdan yonimizga keldi-da, xuddi Kennedining qotiliday, cho‘ntagidan to‘pponchani chiqazib, og‘zini qo‘ltig‘imga tiradi.
– Ovozingni o‘chirasanmi, yo‘qmi! – shunday deyishi bilan qarsillab o‘q ham uzildi.
Eng qizig‘i, shu o‘q tanamda qolgan ekan, boshqalari u yog‘imdan kirib, bu yog‘imdan chiqib ketgan edi. Qotilimga hech kim tegmadi. Shunda bir sirni anglaganday bo‘ldim. Ha-a-a! Sotilgan ekan bularning bari!
...Uzr, og‘aynilar. Zinaxonim, ho‘ anovi burchakdagi stol yonida o‘tirgan besh kishini ko‘ryapsanmi? O‘shalarga beshta shampan eltib ber, boshlari og‘rib turganga o‘xshaydi. Lekin kim jo‘natganini aytma. Kecha ko‘paytirvorishgan-da, hechqisi yo‘q... O‘zimizning yigitlar...
Ha, nimaga keluvdim? Esimga tushdi. Payqadim – hammasi sotib olingan. Mendan boshqa odam bo‘lganda oldinroq sezardi. Men hozir payqadim. Ishonuvchanman-da!
Keyin meni navbatchi leytenantning oldiga olib kirishdi. Qarasam, tanish yigit, qahvaxonaga ming marta kirgan. Xudo yetqizdi, dedim. Ishqilib, buyam sotilmagan bo‘lsin-da. Lekin yonida bir mayor ham turipti, ko‘zim tushgandayoq turqi yoqmagan edi. Leytenantga bo‘lgan voqeani qo‘shmay-chatmay gapirib berdim. Uning men tomonga og‘ayotganini sezgan mayor oraga suqildi:
– Yolg‘on! – deb baqirdi u. – Sen melisa xodimlariga qurol bilan hujum qilgansan, bu qilmishing uchun javob berasan!
Yo parvardigor! Kishanli qo‘llarim bilan yoqamni yirtdim – hamma yog‘im bilch-bilch qon.
– Nima deyapsiz, o‘rtoq mayor? – dedim titrab-qaqshab. – Qurol bilan hujum qilibman-u, birorta o‘qim hech kimga tegmapti-da, a? O‘zim oltita o‘q yedim-ku!
Mayor asabiylasha boshladi, chunki leytenant menga xayrixohlik bilan qarab turardi.
– Nayrangbozlik qilma bu yerda! – Mayor shunday deb, yuzimga tarsaki tortib yubordi. Voy iblis-ey! Ko‘zimga qon to‘ldi, chidab turolmadim: yaroqsiz o‘ng qo‘limni chapi bilan ko‘tarib turib kishan bilan boshiga shundoq tushirdimki, mayor guppa ag‘darilib, hushidan ketdi. O‘shanda meni nega o‘ldirib qo‘yishmadi – bilmayman. Yo‘q, bilaman – o‘zi o‘ladi, deyishgan. Ehtimol, leytenant xalal bergandir – bir narsa deyishim qiyin. Saldan keyin o‘zimga kelib qarasam, moshinada ketyapman, qo‘limda kishan yo‘q.
– Qayoqqa olib ketyapsizlar?
– Tinchlaning, – dedi oq xalat kiygan bir yigit. – “Tez yordam” bu, kasalxonaga olib ketyapmiz.
Oq “Volga”dagi anovi firibgarlarning sovuniga kir yuvgan odam oq xalatga ishonadimi?
“Xudo hofiz, Adgur, hammasi sotilgan, bu yog‘iga hushyor bo‘lish kerak!” degan gap o‘tdi ko‘nglimdan.
Rostdan ham kasalxonaga olib kelishdi. Atrofimda do‘xtirlar girdikapalak, kim sotilgan, kim sotilmagan – qayoqdan bilaman! Ammo, dushman ortidagi haqiqiy desantchilarday, qat’iy qarorga keldim: o‘zimni behush ko‘rsatib kuzataman, quloq solaman, vaziyatni o‘rganaman.
Qo‘ying-chi, rentgen-mentgen, aravachada u yoqdan-bu yoqqa, goh tepaga, goh pastga deganday... Do‘xtirlar o‘lmayotganimga hayron. Biri “Ertalabgacha yetmaydi”, desa, birovi “Balki tuzalib ketar”, deydi.
Mening miyamda boshqa o‘y: “Xudo hofiz, eng muhimi – hushni yo‘qotmaslik...”
Do‘xtirlar nima uchun o‘lmayotganimni muhokama qila boshlashdi. Shunda birinchi marta “qisilish”, “taranglashish” degan atamalarni eshitdim.
“O‘q yurak qisilgan paytda o‘tgan bo‘lishi kerak” degan xulosaga kelishdi ular.
Operatsiya stoliga yotqizishdi, darhol o‘zimni hushiga kelgan odamday tutdim.
– O‘rtoq do‘xtir, – dedim mo‘ltirab, – men to‘liq narkoz berishingizga rozi emasman.
– Ie, ie, – dedi do‘xtir, – o‘ziga kep qopti-ku. Men umuman narkoz bermoqchi emasman – o‘q yuzada, shundoq kesib olib tashlayveraman.
– Unda yaxshi, boshlang.
Qisqasi, o‘qni olishdi, kesilgan joyni bog‘lab, palataga jo‘natishdi. Yana o‘zimni hushdan ketganday ko‘rsatdim. Sotilgan do‘xtirlar meni o‘ladi deb o‘ylayotgan bo‘lsa, o‘ylayversin.
Olib kelib, alohida palataga yotqizib qo‘yishdi. Ie, men ministr¬manmi, nega alohida palataga yotqizishadi? Bunda bir gap bor. Uyquga ketganimda bir balo qilishadi. Guvohlarsiz. Yana ko‘zimni yumib oldim.
Besh daqiqalardan keyin yoshgina hamshira kirib keldi. Qo‘ltig‘imga harorat o‘lchagichni tiqmoqchi. Ko‘zni ochishga to‘g‘ri keladi.
– Yaxshi qiz, – dedim ovozimga muloyim tus berib, – yaqindagina mana shu yerimga to‘pponcha tiqishgan edi, balki yetar?
– E, shunaqami, – dedi hamshira, – bo‘lmasa, bu yog‘ingizga qo‘yamiz.
– Yo‘q, oldin o‘zingizga qo‘ying.
– Ie, nega endi? – Qiz astoydil hayron bo‘ldi. O‘zini ma’suma qilib ko‘rsatmoqchi. Lekin mening talabim ham to‘g‘ri-da: sotilganmi, sotilmaganmi – bilmasam.
– Gap shundaki, yaxshi qiz, – dedim jiddiy ohangda, – o‘lchagich qo‘ltig‘imda portlab ketsa, urug‘larim sizni tinch qo‘yishmaydi, yarim umringiz qamoqda o‘tadi!
– Nimalar deyapsiz, yo tavba! Nega portlaydi? Hozirgina qutichamdan oldim.
– Almashtirib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin...
– Bo‘pti, oldin o‘zimga qo‘yaman.
– Lekin bilib qo‘ying, – deya ogohlantirdim uni, – portlab ketsangiz, men javobgar emasman.
Hamshira o‘lchagichni qo‘ltig‘iga suqdi, u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik.
– Voy sho‘rlig-ey, – dedi u bir mahal, – ne ko‘ylarga solishibdi-ya sizni? Judayam gumonsiraydigan bo‘lib ketibsiz.
– Sekin aytasizmi! Raqamsiz oq “Volga” yoningga kelib to‘xtasa, undan uch kallakesar otilib chiqib baravariga senga o‘q uza boshlasa, melisadan panoh izlab o‘sha yoqqa yugursang-u, arang ularning oldiga yetib borganingda qotil bamaylixotir senga yaqinlashib, qo‘ltig‘ingga to‘pponcha tirasa, yana “Ovozingni o‘chirasanmi, yo‘qmi!” deb turib tepkini bossa, melisalar esa miq etmasa, o‘zlarining odami-da – men gumonsiramay kim gumonsirasin!
O‘n besh daqiqa suhbatlashdik. Men atayin shoshmayapman. Modomiki ular o‘z ishlariga panja orasidan qarashga o‘rgangan ekan, demak, portlatgichlari ham kechikib portlaydi. Lekin qizdan xotirjam bo‘ldim. “Bor-yo‘g‘i hamshira bo‘lsa, shuniyam sotvoladimi!” deyishgandir-da.
Qiz haroratimni o‘lchab, hang-mang bo‘lib qoldi: o‘ttiz oltiyu olti. Shunaqa ekaniga shubham yo‘q edi.
– Mana, endi ishondim, sofdil, halol qiz ekansiz, – dedim unga. – Ayting-chi, nega meni xuddi ministrday alohida palataga yotqizishdi? Menga oddiy palata ham bo‘laverardi.
– Hamma palata band, – deb javob berdi hamshira. – Sig‘maganlari yo‘lakda yotipti.
– Ha, barakalla. Ahvol shunaqa ekan, menga bunday sharafning nima keragi bor? Oddiy barmenman. Gorkomning instruktori yoki gortorgning inspektori bo‘lganimda boshqa gap edi.
– Bu palatada bir kasal yotuvdi, – dedi qiz. – Ikki soat oldin o‘ldi. Boshqa odamni yotqizishga hali ulgurganimiz yo‘q.
– Ie, bu yerda yotganlarning hammasi o‘ladimi?
– Yo‘q, ahyon-ahyon.
Ahyon-ahyon emish! Baribir ta’bim tirriq bo‘ldi.
– Iltimos, navbatchi do‘xtirga ayting, meni umumiy palataga o‘tkazsin.
– Bo‘pti, aytaman, – dedi hamshira, – lekin ruxsat bermasligi aniq, hozir tungi soat uch – bemorlarni bezovta qilish mumkin emas.
– Mayli, bir so‘rab ko‘ring.
Keyin uyim qaerdaligini tushuntirib, ertalab birrav kirib xotinimni ogohlantirib qo‘yishni iltimos qildim. Tag‘in oyoqni uzatvorsam, bexabar qolishmasin.
– Sizga jin ham urmaydi, – dedi hamshira. – Joningiz temirdan ekan, shuncha jarohatdan keyin ham haroratingiz o‘zgarmasa-ya! Sizni olib kelganda ko‘p do‘xtirlar o‘ladi, deyishgan edi.
– Sotilgan oq xalatlilarning ba’zilari hozir ham shu fikrda. Lekin siz bor ekansiz, ular niyatiga yetolmaydi.
Qiz chiqib ketdi. Ko‘nglimni yana g‘ulg‘ula bosdi: agar navbatchi do‘xtirni ham sotib olishgan bo‘lsa, u meni umumiy palataga o‘tkazishga ruxsat bermaydi. Ortiqcha guvohning nima keragi bor?
Mayli, xudo hofiz. Birdan rahmatli katta buvim esimga tushib ketdi. Uyimdagilar mendan xabar topmaguncha janozaga jo‘nashmaydi. Marhumani chiqarishga na oyim, na xotinim, na singillarim bormasa – qip-qizil sharmandalik. Urf-odatni oyoqosti qilgan bo‘lamiz. Katta buvim bizsiz ham ko‘miladi, albatta. Ammo qarindosh-urug‘, el-yurt oldida isnodga qolamiz.
Hamshira qaytib kelib, ruxsat bermadi, dedi. Biluvdim. Endi o‘zimni hech kimdan shubhalanmayotganday tutaman.
– Ha, mayli, yaxshi qiz. Faqat ertalab biznikiga kirib o‘tish yodingizdan chiqmasin.
– Tashvishlanmang, – dedi hamshira. – Albatta kiraman, aytaman. O‘zim o‘sha tomonda turaman.
– Endi uxlasam bo‘ladi. Uxladi, deng. Shunaqa deng.
– Yaxshi yotib turing. – Qiz shunday deb, chiqib ketdi.
Yaxshi yotib turing, emish. Hozir eng muhimi – uxlab qolmaslik. Keyin nima bo‘ldi, deng? Chamasi yarim soatlardan so‘ng eshik asta ochilib, palataga oq xalat kiygan bir odam kirdi. Bitta-bitta bosib tepamga keldi; tikilgancha qarab turipti, turipti, turipti. Nafasim ichimga tushib ketgan. Lekin o‘ng oyog‘im zarbaga tayyor. Sal bejo harakatni ilg‘adimmi, “karate” qivoraman. Qarabsizki, birinchi guruh nogironi bo‘p turipti-da. Har holda desantchiman. Bizni ham u-bu narsaga o‘rgatishgan.
Yo‘q, tegmadi, deraza yoniga qo‘yilgan stulga borib o‘tirdi. Qotibroq uxlasin deyapti-da. Keyin bemalol... ukolmi, poroshokmi... o‘zlari bilishadi. Saldan keyin ko‘z qirini tashlasam, boshini burib, yana tikilib qarayapti. Keyin birdan o‘rnidan turdi-da, men tomon yura boshladi. Asablarim chidamadi. O‘zimni noxos uyg‘onib ketgan kishiday ko‘rsatib:
– To‘xta! Kim kelyapti?! – deb baqirdim.
– Ie, yov-vosh, yov-vosh, – deydi. Qiziqchi ekan. – Sekinroq, kasallarni uyg‘otvorasiz. Nafasingiz to‘xtab qolganday tuyuldi, shunga...
– Nafasim to‘xtagandan keyin ham bir kishiga kuchim yetadi! – dedim.
– Qalay, tuzukmisiz?
– Nuqul uyqu bosadi, hayronman.
– Uxlang, uxlang, – dedi u, – qon ko‘p ketganda shunaqa bo‘ladi o‘zi.
Keyin indamay chiqib ketdi. Hozir sira iloji yo‘q, bemor vaziyatni nazorat qilib turipti, deya kimgadir hisob bermoqchidir-da.
Unga nima deyishgan, bilmayman, bir mahal yana kirib keldi, yana tikilib turipti. Men ham o‘zimni uxlaganga solib yotaverdim. U yana haligi joyiga borib o‘tirib, boshini deraza rafiga qo‘ygancha xurrak ota boshladi. E-e, ovora bo‘lasan, menga bunaqa nag‘mang o‘tmaydi. o‘aflatda qoldirmoqchi-da. Ertalabgacha erinmay xurrak otib chiqdi.
Sahar payti deraza orqasidan xotinimning ovozi eshitildi. Sapchib turdim, oq xalatli “qotil” ham shartta turib, yo‘limni to‘sdi:
– Yoting, darrov joyingizga yoting!
Bir tepib burchakka uchirvordim. Keyin derazani lang ochib, xotinimga qichqirdim:
– Soppa-sog‘man! Buvimning ma’rakasiga boraveringlar! Mening nomimdan ham qabriga bir siqim tuproq tashlanglar! Qaerdaligimni o‘rtoqlarimga aytib qo‘yinglar! Qolganini keyin gaplashamiz!
Xotinim yig‘lab yotipti:
– Qidirmagan joyimiz qolmadi. O‘likxonalarga ham bordik, melisaxonalarga qo‘ng‘iroq qildik.
– Zab qo‘ng‘iroq qiladigan joyni topibsanlar! – dedim. – Yo‘lga chiqaveringlar, o‘rtoqlarimga xabar berish yoddan ko‘tarilmasin!
Haligi kishi o‘ziga kelib, meni deraza oldidan karavotga qarab tortqilay boshladi. Bu gal tarxashlik qilmadim. O‘zim borib yotdim.
– Qiziq odam ekansiz-ku, – deydi, – ertalabgacha mijji qoqmay tepangizda o‘tirsam-u, mukofotiga tepki yesam! Bu qanaqasi?
– Uzr, – dedim men, – ko‘z yummay xurrak otadigan odamni shu choqqacha ko‘rmaganman-da.
Ikki soatlardan keyin og‘aynilarim kelishdi. Bir quchoq gul, xachapuri, tovuq-povuq, yana allambalolar ko‘tarib kelishipti, xuddi tomog‘imdan ovqat o‘tadiganday. Bosh do‘xtir bilan davolovchi do‘xtirni ham iydirishipti. Endi ko‘nglim to‘q – menga hech kim tegmaydi.
Ertasiga yaqin do‘stlarimdan biri gap topib keldi:
– Adgur, surishtirdim, tagiga yetdim. Senga melisa xodimlariga qurol bilan hujum qilgan, degan aybni tirkab, otishga hukm chiqarishni mo‘ljallashyapti. Lekin sen qo‘rqma – Muxusdan Moskva¬gacha barcha do‘stlar oyoqqa turg‘izilgan. Eng oldin vaqtdan yutish kerak, buning uchun sen kasalxonada iloji boricha ko‘proq yotishing lozim. Bu yerdan seni qamoqqa olib ketisholmaydi. Hammaga, haroratim joyida, deb valaqlayverma. Shu bugundan boshlab ahvoling og‘irlashgan. Davolovchi do‘xtiringni qo‘lga oldim. Kasalxonadan qirq besh kunsiz chiqazmaydi. U yog‘ini yana ko‘ramiz. Moskvadagi o‘rtoqlar zo‘r advokat yollashdi. Mahalliysi to‘g‘ri kelmaydi – bari sotib olingan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, do‘stim kasalxonaga moskvalik advokatni boshlab keldi. Bo‘lgan voqeani gapirib berdim.
– Parvo qilmang, Adgurbek, – dedi advokat, – melisangiz nima bo‘pti! Bulardan kattaroqlarini ham pusurgan buzoqday qilib qo‘yganman. Ammo qurol olib yurganingiz uchun bir yarim yilga kesilasiz.
– Shuni milliy an’anaga aylantirvorsa bo‘lmasmikan?
– Yo‘q, bo‘lmaydi, – dedi advokat. – Nima bo‘ladiyu nima bo‘lmaydi – mijozlarimga oldindan aytib qo‘yaman, shuning orqasidan non yeyman-da.
– Savdolashib nima qilasan, – deya gapga qo‘shildi do‘stim. – Otilib ketgandan ko‘ra bir yarim yil yotib chiqqaning yaxshimasmi?
– Boshqa tomoni ham bor, – dedi advokat, – tartibni buzmasangiz, bir yil o‘tirasiz, xolos. Bundan tashqari, “Karib tangligi” davrida Kubada xizmat qilganingiz, jangovar tayyorgarlik a’lochisi bo‘lganingiz ham bizning foydamizga...
Vaqt-soati yetib, kasalxonadan chiqdim. Bir haftadan keyin sudim bo‘lishi kerak. Oliy sud bilan aloqasi bor og‘aynim hovliqib kepqoldi.
– Ish chatoq, Adgurbek, – deydi, – ertaga kunduzi soat ikkida shoshilinch sud majlisini o‘tkazishmoqchi, senga mahalliy advokat tayinlashmoqchi.
– Mahalliy advokat? Nega endi? Men raddiya beraman bunaqa sudga!
– Yo‘q, – dedi o‘rtog‘im, – ular aynan shuni kutishyapti. Agar raddiya bildirsang, o‘ta xavfli jinoyatchi sifatida hibsga olishadi. Do‘stlaringdan ayirish uchun. Binobarin, bunday qilako‘rma, zudlik bilan moskvalik advokatni chaqirish kerak, shu bugun kechasi yetib kelsin. Oldin Aeroflotga qo‘ng‘iroq qil, Moskvadan uchadigan kechki reyslarni bekor qilishgan, eshitishimcha.
– Nima balo, ular Aeroflotni ham sotib olganmi?
– Unaqamasdir. Dam olish mavsumi tugagan-da, yo‘lovchilar oz, shu sababli bekor qilgan bo‘lishlari ham mumkin.
Aeroflotga qo‘ng‘iroq qildim. Rost, kechki reyslar to‘xtatilgan. Ha, mayli, Adler bilan gaplashib ko‘ray-chi.
– Parvozlar – jadval bo‘yicha. Samolyot kechasi keladi Moskvadan, – deyishdi u yerdagilar.
Xayriyat-e! Moskvaga, advokatga qo‘ng‘iroq qildim. Buyurtmani o‘rtog‘im berdi, go‘shakni men ushlab turdim: telefon idorasida ishlaydiganlar ham sotilgan-da.
– Yaxshi bo‘ldi qo‘ng‘iroq qilganingiz, – dedi advokatim. – Hoziroq uchaman, Adlerda kutib olinglar.
Ertasiga hammayoqning titig‘ini chiqazdik. Sudya advokatim shu yerdaligini eshitib tipirchilab qoldi. Ishimni mahalliy advokatga oshirib bo‘lishgan ekan, o‘qiyotganmish. O‘rtoqlarim aytishdi. Advokatlar idorasiga kirsam, ko‘zoynak taqqan bir ipiriski boshini ko‘tarmay o‘qib o‘tiripti.
– Tur-e! – dedim. – Qorangni ko‘rmayin! Uchta institutni tugatgan moskvalik mashhur advokat mening ishim bilan ikki oydan beri shug‘ullanyapti, sen sotvolgan diploming bilan bir-ikki soatda nimaning fahmiga yetarding!
Qisqasi, do‘stlarim bilan birga soat ikkida boshlanadigan sudni kutyapmiz. Advokatim bo‘lsa shahar aylanib yuripti, nega bunaqa qiladi – hayronman. Og‘aynilarimdan birining moshinasi xizmatda. Goh Oliy sudga, goh prokuraturaga, goh gorkomga borishadi. Nimadir bo‘layotganini sezaman-u, nimaligini aniq bilmayman. Nahotki, firibgarlar advokatimni ham sotib olishsa? Sud boshlanishiga ozgina qolganda, hartugul, paydo bo‘p qoldi.
– Adgurbek, va’da – va’da, – dedi u, – seni qutqaraman. Lekin biz ularni ayblay olmaymiz, negaki orqalarida katta kuchlar turipti. Himoyani boshqa yo‘lga burishga to‘g‘ri keladi. O‘q uzgan odamlarni sen tanimaysan, uqdingmi? Busiz ham sudya senga qarshi, ammo men uni dabdala qilaman.
Bundan chiqdi, melisalarning ko‘zi oldida “Ovozingni o‘chirasanmi, yo‘qmi!” deb turib qo‘ltig‘imning tagidan darcha ochmoqchi bo‘lgan odamni men tanimasligim kerak. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Jinoyatchi jazosiz qolaveradimi? Jahlim chiqdi. Lekin o‘rtoqlarim ko‘plashib hovrimdan tushirishdi. Nachora! Advokatim nima degan bo‘lsa, sudda o‘sha gapni gapiraverdim.
Sud jarayonida meni otuvga hukm qilmasliklari ma’lum bo‘ldi, biroq iblis sudya, kayf holda, bezorilarcha qurol ishlatgan deb, sakkiz yilni mo‘ljallab turipti!
Xo‘sh, xalq maslahatchilari kimlar deng: bir ayol bilan bir erkak. Erkagi “Besamar mehnat” artelida ishlarmish, qulog‘i garang. Ayol esa tikuv fabrikasining ilg‘orlaridan, ikki og‘iz o‘rischani bir-biriga qovushtirolmaydi. Shahrimizda o‘tgan sud majlislarining hammasida shu tikuv fabrikasining ishchilari maslahatchi bo‘lgan. Nimaga aynan tikuv fabrikasiga yopishib olishgan – bilmayman. Hamma joyda bo‘lganidek, u yerda ham o‘g‘irlik qilishadi.
Bor umidim advokatdan. Lekin balo ekan! Avvalo, tergov ustidan kuldi: noxolis va savodsizlarcha olib borilgan, dedi. Bunaqa firibgarlik hatto Texasda ham topilmasmish. Ma’lum bo‘lishicha, tergovchi mening generallargagina yarashadigan to‘pponchamni jinoyat ishidan olib tashlab, uni qandaydir amaldorga sovg‘a qilvoripti. “Parabellum”ni almisoqdan qolgan allaqanday “Valter”ga almashtirib qo‘yipti. Meni tanimaydigan odamlar oldida rosa uyaldim. Bunaqa “Valter”ni bizda qishloq qorovuli ham qo‘liga olmaydi. Keyin go‘yo otishma joyidan topilgan oltita bo‘sh piston ham namoyish qilindi. Demak, menga oltita o‘q tekkanini inkor etisholmaydi. Ammo gapning nishabini shunga opkelishdiki, go‘yo men oltita o‘q uzganman, ular ham menga oltita o‘q uzishgan. Advokatim rosa kulgi qildi:
– Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku, – dedi u, – otishmami bu yoki Pushkin bilan Dantesning duelimi?
Ayblanuvchi jinoyatchilarni nishonga olmagan, melisani chaqirish maqsadida osmonga qaratib otgan, degan gapni ham qo‘shib qo‘ydi.
– Qani, o‘zlaring aytinglar, – deya davom etdi u, – yaqin o‘tmishda desantchi bo‘lgan, jangovar tayyorgarlik a’lochisi hisoblangan, “Karib tangligi” vaqtida o‘z ixtiyori bilan Kubaga borgan shundoq yigit... quturgan bezorilardan birortasini ham nishonga ololmapti-da, a? Ularning shaxsiyatini xolis tergov kelgusida aniqlasa kerak...
Demak, gap himoyaning dastlabki rejasi tomon og‘yapti.
– Muhtaram sudyaning so‘zlariga qaraganda, bizning desantchilarimiz otishni bilmaydi! Xalq tinchligini qo‘riqlashga da’vat etilgan shonli armiyamizga tuhmat emasmi bu?!
Prokuror o‘rnidan turib, “Sudyaning gaplarida tuhmat yo‘q, kavkazcha talaffuzi sababli moskvalik hamkasbimizga shunday tuyulgan”, dedi.
Advokatim o‘tirgan joyidan javob qaytardi:
– Tuhmat bor, buni qayd etib qo‘yishni so‘rayman!
Shunday qilib, u yutib chiqdi. Aytgani bo‘ldi. Meni bir yarim yilga kesdilar, bir yil o‘tirdim.
Drand turmasiga olib borishgan edi. Qarasam, nazoratchi – bir o‘rtog‘imning amakisi.
– Adgurbek, hammasidan xabarim bor, – dedi u, – bilaman, senda ayb yo‘q. Lekin qo‘limdan nima keladi, men bir kichkina odamman...
– Rahmat, Tengiz amaki, – dedim, – hech narsa kerak emas. Menday odamga ikki og‘iz shirin so‘z kifoya.
– Ammo bir masalada yordamim tegishi mumkin. Oldingga keladiganlarga navbat ham, muddat ham yo‘q.
– Rahmat, Tengiz amaki, yaxshiligingizni unutmayman.
Ana shunday gap-so‘zlardan keyin meni kameraga eltib qo‘yib, o‘zi iziga qaytdi.
U yoq-bu yoqqa alanglashga ulgurmasimdan norg‘ul bir yigit so‘risidan qichqirib qoldi:
– Salom, Turshak! Ko‘pdan beri kutaman-a seni, Turshak!
Qarasam – notanish.
– Og‘ayni, birovga o‘xshatyapsan. Meni ismim Adgur.
Yonidan o‘tib, joyimga borib o‘tirdim.
– Yo‘q, Turshaksan! – deydi shang‘illab. – Tashqarida nima gaplar, Turshak?
Yo tavba! Haqorat qilyaptimi bu yo rostdan ham birovga o‘xshatyaptimi? Yonimda o‘tirgan odam engashib qulog‘imga shivirladi:
– E’tibor berma – esi kirdi-chiqdi. Hammaga o‘zicha nom qo‘yib olgan.
– Esi kirdi-chiqdi bo‘lsa, nega bu yerda yotipti, jinnixonaga bormaydimi?
– U – ham tentak, ham jinoyatchi. Parvo qilma, hammaga laqab qo‘ygan, dedim-ku.
O‘shanda turshak nimaligini bilmasdim.
– Turshak degani nima o‘zi? – deb so‘radim haligi odamdan.
– O‘rikqoqi. O‘rta Osiyoda bo‘ladi.
Voy xumpar-ey! Turshak emishman. Ozg‘inroq bo‘lsam ham mayli edi. Jinniligi rost, shekilli. Ke, qo‘y, shunga ham siqilib o‘tiramanmi? Oltita o‘qqa chidagan – Turshakka ham chidarman.
Shu alfozda o‘n kundan beri yashayapmiz. Kamerada yoshgina, nimjonroq bir yigit ham bor. Temiryo‘l melisasida ishlagan ekan.
Qamalishining tarixi bunday. Gorkiy shahriga bir tonnacha mandarin olib ketayotgan provodniklarni qo‘lga tushiripti. Mandarinni musodara qipti, provodniklarning ustidan dalolatnoma yozib, uni Batumiga, ish joylariga jo‘natmoqchi bo‘pti. U yosh, tajribasiz, provodniklar esa pixini yorgan odamlar.
– Bo‘lar ish bo‘ldi, – deyishipti ular, – mandarinni musodara qilding, yetadi. Akt yozmay qo‘yaqol. Falonchiga ikki ming so‘m qoldirib ketamiz, shuni olib, boshlig‘ing bilan “arra” qilinglar.
– Unaqasi ketmaydi, – deydi bu, – menga sadaqangiz kerak emas, akt yozaman.
O‘zini bozorga solyapti, deb o‘ylashipti ular. Lekin bu halol-pok yigit ekan, dalolatnomani yozib, jo‘natvoripti.
Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, haligi provodniklar yana paydo bo‘pqolishipti, ikkalasi ham g‘irt mast, melisa yigitga yopisha ketishipti:
– Sen yaramas, pulni olishga olib, bu yog‘ini rasvo qipsan, sudga beramiz seni!
Rostdan ham sudga berishipti. Ma’lum bo‘lishicha, provodniklar o‘sha gapni boshliqning oldiga kirib ham aytishgan. U ko‘ngan. Ertasiga boshliq yigitni chaqirib, dalolatnomani so‘ragan, yigit, jo‘natvordim, degan. Boshliq indamagan. Shundan keyin ma’lum muddat yopig‘liq qozon yopig‘ligicha turgan. Sir sudda ochilgan. Boshliq provodniklarning boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilib, – ular har doim bir-birini qo‘llaydi-da, – aktni yirtib tashlang, degan. Provodniklar qoldirgan pulni cho‘ntakka urgan. Batumidagi haligi boshliq bilan “arra” qilmoqchi bo‘lganmi, yo‘qmi – bu yog‘i menga qorong‘i.
Xullas, u boshliq bu boshliqdan yo o‘z ulushini ololmagan, yoki bo‘lmasa, nafsi hakalak otib, dalolatnomani provodniklarga ko‘rsatgan-da, ulardan pul talab qilgan. Pulni olgan ham. Provodniklarga esa alam qilib ketgan.
Ular bu yoqda qoldirgan pullarini qaytarib olish uchun kelsa – pul yo‘q. Melisa yigitning boshlig‘i yelkasini qisib, bema’ni xodimim aktni o‘zboshimchalik bilan jo‘natvoripti, deb turavergan. Keyin provodniklar sudga bergan.
Boshliq ishni bosti-bosti qilvorsa bo‘lardi, albatta. Aksiga olib, o‘shanda Shevardnadze poraxo‘rlikka qarshi kurash boshlagan kezlar ekan. Sudu prokurorlarga sichqonning ini ming tanga bo‘lib ketgan-da o‘shanda. Shuning uchun ular eski gunohlarini xaspo‘shlash, o‘zlarini halolu pok ko‘rsatish maqsadida, qo‘lga tushganlarni arzimagan gunohi uchun ham uzoq muddatlarga kesib yuboravergan.
Boshliqni ham, yigitni ham hibsga olib, ularga sakkiz yildan beriladi. Noinsof boshliq, pulni xodimim bilan “arra” qilganmiz, deydi. Ozroq muddatga qamaydi, deb o‘ylagan-da haromi. Men bir narsaga hayronman. Oliy ma’lumotli sudyalar, prokurorlar pulni olgan odam ikki dunyoda ham dalolatnomani jo‘natmasligini nahotki bilmasa? Biladi. Gap boshqa yoqda. Qo‘rqoq oldin musht ko‘taradi.
Mana, o‘zimga o‘xshagan begunoh bir sho‘rlik, melisa bo‘lishiga qaramay, kamerada o‘tiripti. Anovi tentak qachonlardir melisada ishlagani uchun shunga tirg‘algani tirg‘algan. “Etik” deb laqab qo‘yvolgan.
Yigitga ichim achiydi – bekordan-bekorga o‘tiripti. Uyida yoshgina xotini, bir yoshli bolasi qolgan. Haligi jinoyatchi bo‘lsa bunga kun bermaydi. Jahlim chiqsa ham chidayman. Meni oltita o‘q bilan o‘ldirisholmapti-yu, ammo asablarimni ishdan chiqazishipti.
Bir kuni ertalab, nimadan boshlanganini ham sezmay qolibman, tentak mahbus sho‘rlik bolani bo‘g‘ib yotipti. Har galgiday silkitib-silkitib qo‘yvoradi, deb o‘ylabman-da. Qarasam – melisa yigitning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketyapti.
– Hoy, nima qilyapsan! – deya borib ajrata boshladim. – Qo‘yvor, o‘ldirib qo‘yasan-ku!
Tortaman-tortaman, qani ajratolsam! Ho‘kizday baquvvat ekan. Rosa urindim – qo‘yvormaydi. Yigitning yuzi ko‘karib ketgan. Chidayolmadim. Keyin... iyagi ostiga desantchasiga musht soldim.
Guppa ag‘darildi. Borib so‘rimga o‘tirdim. Ha, asabim ishdan chiqqani rost. Tentak bo‘lsa shu yotgancha yotipti. Xavotirlana boshladim: o‘lib qolgan bo‘lsa-ya! Xudo ko‘rsatmasin – sudyamga bayram bo‘pketadi-ku. Yo‘q, o‘lmagandir. Qattiq nokaut, xolos.
Taxminim to‘g‘ri chiqdi – o‘n besh minutlardan keyin asta boshini ko‘tarib, emaklagancha so‘risiga qarab ketdi.
Shu yotgancha kun bo‘yi turmadi – tushlik ham qilmadi, kechki ovqatni ham yemadi. Devor tomonga o‘girilgancha qimir etmay yotaverdi. Nafas oladi, xolos. Yuragimga yana g‘ulg‘ula tushdi. Yiqilganda boshi lat yedimikan?
Uni “esi-kirdi chiqdi” degan odam tag‘in qulog‘imga shivirladi:
– Sanchastga xabar berish kerak.
– Shoshmaylik, – dedim men, – balki o‘ziga kepqolar.
Sanchastga xabar qilish xavfli. Agar tentak nima bo‘lganini gapirib bersayu dushmanlarim buni eshitib qolsa, meni o‘ldirish evaziga ozodlikni va’da qilishadi unga. Albatta, ozodlik qayoqda, lekin tentak – tentak-da, ishonadi.
Endi shunisidan qo‘rqa boshladim. Oldinroq yuz berishi mumkin bo‘lgan boshqa xatar ham bor: o‘zini go‘llikka solib yotgan bo‘lsa, kechasi turib boshimga bir narsa bilan tushirib qolishi mumkin. Yana, xuddi huv kasalxonadagiday, tun bo‘yi uxlamasligim kerak. Qanaqa qismat bu! Shunday bo‘ldi – ertalabgacha mijja qoqmadim. Ahyon-ahyon boshimni ko‘tarib qarab qo‘yaman – yotipti arslonning o‘ligiday.
Faqat ertalab o‘rnidan turdi. Asta men tomonga yura boshladi. Nima qilsam ekan? Yakkama-yakka mushtlashishdan qo‘rqmayman. Lekin hozir menga janjalning keragi yo‘q. Dushmanlarim eshitib qolishidan xudo asrasin. Ro‘paramga kelib, boshini egdi:
– Turshakvoy, qattiq urding-da lekin.
– Axir, sen ham uni o‘ldirib qo‘yishingga sal qoldi-ku. Bilsang, seni otilishdan asrab qoldim.
– Jinni ekansan, Turshak (men jinni emishman!), melisalar o‘zingni aspalasopinga jo‘natishiga bir bahya qopti-ku, buning yonini olib nima qilasan!
– Qiziqsan-a. Biz sudya emasmiz-ku, axir. Sotilgan firibgarlar bilan halol odamlarni farqlay bilish kerak. Bu melisa halolligi uchun sakkiz yilni bo‘yniga ilib qo‘yishipti, o‘lganning ustiga tepganday, sen uni bo‘g‘sang...
Tentak o‘ylanib qoldi.
– Baribir qattiq urding, Turshak.
– Endi, og‘ayni, uzr, – dedim, – asab chatoq, qizishib ketibman.
Shunday qilib, yarashvoldik. Turmada faqat kuchni tan oladi, boshqa hech narsani tan olishmaydi. Mo‘min-qobilgina bo‘lib yurdim. O‘sha kuni manovi tentak urganim uchun emas, xafa bo‘lganidan teskari qarab yotgan ekan.
Vaqt-soati kelib meni lagerga jo‘natadigan bo‘lishdi. Yana nazoratchi Tengiz amaki bilan yuzlashdim. Xayrlashayotganimda iltimosimni aytdim:
– Tengiz amaki, kamerada ilgari melisada ishlagan bir yigit yotipti. Menga o‘xshagan jabrdiyda. Anovi esini yegan o‘ldirib qo‘ymasa deb qo‘rqaman. Uni boshqa kameraga o‘tkazsangiz yaxshi bo‘lardi-da.
– Bo‘pti, Adgurbek, – deya darrov rozi bo‘ldi nazoratchi. – Shu bugunoq o‘tkazaman. Xotirjam bo‘l. Bu bizning xatomiz...
Qolgan muddatni lagerda o‘tkazdim. Ha, darvoqe, ozodlikka chiqqanimdan keyin haligi melisaning oilasini qidirib topdim. Menga ularning shikoyat arizasiga SSSR Prokuraturasidan kelgan javobni ko‘rsatishdi. Bosh prokuror yordamchilaridan biri imzo chekkan. O‘sha imzo miyamga muhrlanib qolgan. Javob bunday: “Gruziyada jinoyatchilikka qarshi kurash kompaniyasi davom etayotgani sababli ishni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq emas. Imzo”. Mana, mamlakatdagi ahvol, og‘aynilar!
Bir odam nohaq jabrlandi. Qonun bo‘yicha, unga bir yoki ikki yil berishlari, hatto shartli jazo tayinlanishi ham mumkin edi. Vaqtida xabar qilmagani uchun. U melisa xodimi sifatida, falonchi-falonchilar menga pora bermoqchi bo‘lyapti, deb kerakli joyni ogohlantirishi lozim edi. Tajribasizligidan shu ishni qilmagan. Xo‘sh, endi dodini kimga aytadi: arshi a’lodagi Ollo taologami?!
Xullas, lagerdaman. Xotinimdan xat kelib turadi. Bir xatida, sening o‘rningda falonchi ishlayapti, deb yozipti. Yo alhazar! Axir, bu odam bir necha bor direktorimning oldiga kelgan, ikkalasi rosa pichirlashgan edi-ku! Lekin men qiziqmaganman. Birovlarning ishiga aralashish odatim yo‘q. Mana, endi hammasiga tushundim.
O‘shanda, jon talashib yotganim uchunmi, direktorim meni ko‘rgani kasalxonaga biror marta ham kelmaganiga ahamiyat bermagan ekanman. Odatimizga xilof! Keyin boshqa narsa yodimga tushdi: ishdan yarim soat barvaqtroq ketmoqchi bo‘lganimda uch yil oldingi gapni qo‘zg‘ab, meni ushlab turdi. Sotib olingan anovi melisalar bilan kelishib qo‘ygan-da, qayoqqa jo‘natadi! Balki ular hali oq “Volga”ning raqamini yechib ulgurmagandir? Ishdan har kungi vaqtda ketishim kerak!
Hamma gapni fahmladim-u, chidab yuribman. Faqat ikkita odamda alamim bor. Biri – jonim evaziga mening o‘rnimni birovga sotgan direktor, ikkinchisi – “Ovozingni o‘chirasanmi, yo‘qmi!” deb qichqirgan va so‘nggi o‘qni uzgan iymonsiz odam.
Bir daqiqa, og‘aynilar... Zinaxonim, ho‘ anovi stol, oxiridan uchinchi. Nima ichishyapti, ko‘rmayapman. Sekin borib razm sol. Agar konyak bo‘lsa – bitta arman konyagi, vino bo‘lsa – to‘rt shisha vino. O‘sha navidan. Ba’zi ofitsiantkalar odam og‘ziga olmaydigan vinoni eltib beradi. Sen unaqa emassan, bilaman. Mening pulimni qizg‘anma! Keragi yo‘q! Do‘stlar uchun yashaymiz, mehmon kutish uchun yashaymiz. Yana nimaning ilinjida yashash mumkinligini men tasavvur ham qilolmayman...
Lekin ish paytida, peshtaxta yonida turganimda bir qultum ham ichmayman, birovga tekinga gugurt ham bermayman. Odatim shunaqa! Dam olganimda esa kayf-safoni kindigigacha yetkazaman.
Ba’zilar uy jihozlarini har yili almashtiradi. Xitoylar to‘g‘ri aytadi: jir bitgan-da!
Bir kuni qo‘shnim “Yur, Adgurbek, uyimni bir ko‘rib qo‘y”, deb qoldi. Kirdim. Eng katta xonaning o‘ng tomoni – yerdan shiftgacha kitob, chap tomoni ham yerdan shiftgacha kitob. O‘ngdagi kitoblarning muqovasi butkul qizil, chapdagi kitoblarning muqovasi butkul yashil.
– Yopiray! – dedim yoqamni ushlab. – Leninning Kremldagi kabinetiga kirib qoldimmi?
– Yo‘q, – deydi qo‘shnim, – zal bu. Hozir moda shunaqa.
– Hoy, chulchut, – dedim jahlim chiqib, – shuncha kitobni nima qilasan? O‘qimasang, alifni kaltak deyolmasang!..
Xafa bo‘ldi. To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi. Xotinim ham o‘n yildan beri quloq-miyamni yeydi: jihozlarni yangilaylik, jihozlarni almashtiraylik!
– O‘chir! – deyman har gal. – Uch xonali uying bormi? Bor. Bolalaring to‘qmi? To‘q. Maktabga qatnayaptimi? Qatnayapti. Uying¬ga to‘rtta odam kelsa, oldiga qo‘yadigan narsang bormi? Bor. Karavoting tagida qoshiqday-qoshiqday besh-oltita poyabzaling turiptimi? Turipti. Otam urushda yurganida oyimning bittagina tuflisi bor edi. Ustaga bersa, ishga kalishda borardi. Men buni unutarmidim? Hech qachon unutmayman. Mana endi tovuqmiyang bilan o‘ylab ko‘r: oyim kimu sen kim?
Yo‘q, men yangilikka qarshi emasman. Lekin me’yorida bo‘lsin-da. Bizda ham hamma narsa bor: gaz plitasi deysizmi, vannaxona deysizmi... Tirikchilikka nima zarur bo‘lsa, bor-da ishqilib. Ammo dabdabaning nima keragi bor? Ko‘z-ko‘z qilishning nima keragi bor? Keragi yo‘q! Men buni hazm qilolmayman. Mayli, otamdan qolgan javon qanday turgan bo‘lsa, turaversin. Otam zamonida devorga osilgan gilam osig‘ligicha qolaversin. Osh-non so‘rayotgani yo‘q-ku!
Bir tanishim, ismini aytmayman, falon pulga xotiniga po‘stin olib beripti. Qalinligi bir qarich. Xo‘sh, yil-o‘n ikki oy oftob charaqlab turadigan yurtimizda bunaqa po‘stinning nima keragi bor? Mart oyida o‘sha xotin po‘stinini kiyib, dafn marosimiga boripti. Ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lgan-da! Issiqdan dimiqib, hushidan ketipti. Qani, endi o‘zlaring aytinglar: motamsarolar bunga qarasinmi, o‘likkami? Ana sizga maqtanchoqlikning oqibati! Xitoylarning gapida jon bor: jir bitgan, yog‘ bosgan bizni!
Yana o‘tlab ketdim-a... Xullasi kalom, qamoqdan chiqdim, bir haftacha og‘aynilarim bilan kayf-safo qilib yurdim, keyin ular bilan birga taksiga o‘tirib, mana shu qahvaxonaga keldik. Bir o‘rtog‘imdan direktorni chaqirib chiqishni iltimos qildim.
Direktor istar-istamas yonimizga keldi.
– Tabriklayman, – dedi u, – xudoga shukr, qutulib kepsan.
– Rahmat, lekin senda ishim bor.
– Qanaqa ish?
– Taksiga chiq, – dedim eshikni ochib. – Chernyav tog‘iga boramiz, o‘sha yerda gaplashamiz.
O‘zini orqaga tashlay boshladi.
– Menga qara, – dedim, – ko‘p jilpanglama! Bormasang, nima qilishimni bilasan-a?!
Toqqa yetdik. Bir chetga tortib, butun kirdikorlarini aytib berdim. Bo‘yniga olmaydi. Eng qizig‘i – ko‘zimga ham qaramaydi.
– Senga tegmayman, – dedim pirovardida, – onang bor, singillaring, bolalaring bor. Qora kiyib yurishmasin. Ularda ayb yo‘q. Bitta yo‘li shuki, mening qonim evaziga o‘rnimni egallagan anovi odaming bilan birga ariza yozib, ishdan bo‘shaysan! Men ba’zilar singari qon to‘kmasdan sening o‘rningni boshqa birovga sotaman. Joningdan umiding bo‘lsa, shartim shu!
Xullas, muammoni tinchgina hal qildik. Direktorni gumashtasiga qo‘shib qahvaxonadan uloqtirib tashladim. O‘rniga do‘stlarimning tavsiyasi bilan insofli, bama’ni bir odamni oldik.
Mana, yana eski joyimda ishlab yuribman. Sizlarga o‘xshagan yigitlar keladi, quchoqlaydi, tabriklaydi. Men yo‘qligimda qahvaxonadan oyoq uzib ketishgan ekan.
Hammasi joyida, lekin... anovi “Ovozingni o‘chirasanmi, yo‘qmi!” deb qo‘ltig‘imga o‘q uzgan odamni nima qilay?
Qiynalaman, iztirob chekaman. Ammo nachora? Shahar kichkina, yiliga uch-to‘rt marta bir-birimizga duch kelamiz. Meni ko‘rsa, tanimaganday, yo‘lning narigi betiga o‘tib ketadi. Uyalganimdan men ham o‘zimni shunday tutaman. Qancha chidash mumkin? Oilam, bola-chaqamni o‘ylayman. Uni o‘ldirib, huv ota-bobolarimiz qilganiday, o‘rmonga bosh olib ketolmayman-ku! Shunga kuyaman, lekin yonib ado ham bo‘lmayman.
Yil sayin u firibgarning unvoni oshib ketyapti. Katta leytenant edi, hozir – mayor. Ishonchim komilki, “Adgurning yuragi ikkita” degan gapni o‘sha tarqatgan. Suiqasdni eplayolmagani uchun o‘zini oqlashi kerak-ku. Lekin menga qo‘shyurak degan mo‘‘jizaning keragi yo‘q! Bittayu bitta yuragim bor – ana shu zirqiraydi faqat...
Hamqishloqlarini majlisga sudrab borib, ajalga ro‘baro‘ qilgani yuragida armon bo‘lib ketgan amakim go‘rida tinch yotganmikan? Qadrdonim Viktor barq urib turgan yoshligini, xuddi ochilmagan parashyutday, qabrga olib ketdi. Dushmanim esa ayshini surib, unvonlar olib yotipti.
Shuning uchun bo‘sh vaqtlarimda yaxshi odamlarga talpinaman, qayg‘uni unutish ilinjida do‘stlarim bilan chaqchaqlashib, kayf-safo qilaman, tanish-bilishlarni ikki-uch shisha ichimlik bilan siylab turaman.
Nimasini aytay, biz tug‘ilmasimizdanoq xomtalash bo‘lgan bu dunyoda yana qayta tug‘ilishni orzu qilishga arziydigan hech narsani ko‘rganim yo‘q. O‘lat tarqalgan zaminni bezab turadigan birdan-bir narsa – erkaklar o‘rtasidagi birodarlik, ana shuning uchun ichamiz! Bu olamda sotilmaydigan va sotib olinmaydigan narsa ham bo‘lishi kerak-ku, axir! Kelinglar, o‘sha narsa uchun qadah ko‘taraylik!

Nizom Komil tarjimasi

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.