OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Frans Kafka. Tush (hikoya)

Yozef K. tush ko‘rdi.
Ajoyib kun edi, u ko‘nglining chigilini yozish maqsadida biroz sayr qilmoqchi bo‘ldi. Ammo ikki qadam tashlashi bilanoq, o‘zini qabristonda ko‘rdi. Atrofda sarg‘aygan o‘t-o‘lanlar bosgan, notabiiy so‘qmoqlar. Yozef ulardan biriga qadam qo‘ydi va o‘zini xuddi kuchli oqimga tushganday his qildi. Biroz uzoqroqdan hali tuprog‘i qurib ulgurmagan, yangi, do‘ppayib turgan qabr uning e’tiborini tortdi va Yozef o‘sha tarafga borishga qaror qildi. Do‘mpaygan tuproq uyumi uni o‘ziga ohanraboday tortardi. Gohida qabr ko‘zdan yo‘qolar, shamolda hilpirayotgan qandaydir harir mato goh samoga ko‘tarilib, yana suron solib zaminga urilib, uni bekitardi. Matoni tutib turgan ko‘rinmas, biroq o‘sha tomondan quvnoq tovush baralla eshitilib turibdi. 
Yozef olis-olislarga nazar soldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ortida, yo‘li ustida, yonida o‘ralar paydo bo‘libdi. U shoshib o‘zini chetga, maysalar ustiga otmoqchi bo‘ldi, oyoqlari ostidagi yer chayqalib ketdi va u bir do‘mpaygan qabr poyiga tizzalab yiqildi. Qabr ortida ikki kishi kattakon silliq tarashlangan qabrtoshni dast ko‘tarib turishardi. K.ni ko‘rishlari bilanoq, ular toshni yerga sanchishdi. Yozef joyida qotdi. Jimlikni buzib, ko‘p o‘tmay butalar orasidan uchinchi kishi ham chiqib keldi. K. bu kimsani musavvir sifatida yaxshi tanirdi. Musavvirning egnida uniqqan shim, ohori to‘kilgan, tugmalari yaxshi qadalmagan ko‘ylak, boshida barqut qalpoq, qo‘lida oddiy qalam ushlab olgan va u yurib kelayotib havoda qandaydir tushunarsiz shakllar chizardi. Musavvir shu qalami bilan qabr tepasidagi tekis marmarga yozmoqchi bo‘ldi, lekin buning uddasidan chiqa olmadi. Tosh juda balandda edi, o‘ziga tortib, pastlatmoqchi bo‘ldi, ammo harakatlari besamar ketdi. Toshning ustiga chiqishni ep ko‘rmadi shekilli, biroz yuqoriga cho‘zildi, oyoq uchida turib, chap qo‘li bilan toshga suyandi. U shunday deb yozdi: «Bunda orom olayotir...». Har bir harf aniq-tiniq ko‘rinib turar, oltinday tovlanar edi. Dastlabki uch so‘zni yozib, u K.ga qarab qo‘ydi, biroq K. yozilayotgan so‘zlarga yutoqib tikilib turardi; u musavvirni butkul unutgan, ko‘zini marmardan uzmasdi. 
Kutilganiday musavvir tag‘in yozishga kirishdi, biroq qancha urinmasin yoza olmas, unga nimadir xalal berardi; qandaydir bosh adog‘i yo‘q so‘qmoq paydo bo‘ldi. Musavvir qalamini sermadi va yana qayrilib Yozefga qaradi. Ular bir-birlariga tikilib qolishdi, musavvir allaqanday sababi noayon sarosimalik bilan javdirab boqardi. K.dan boshqalar buni payqashgani yo‘q, yolg‘iz ugina bezovtalandi, atrofga najotsiz alangladi. Qaysidir baxtiqaroga qazilgan qabr boshida marhumni yodga olib, uch daqiqali sukutga o‘xshash jimlik hukm surdi. Sukutni buzishga biror-bir jonzot jur’at qila olmasdi. Shu payt qabriston butxonasining mo‘‘jaz qo‘ng‘irog‘i bemavrid nola qila boshlaydi; musavvir qo‘lini silkitdi va qo‘ng‘iroqning uni o‘chdi. Biroq biroz jimlikdan so‘ng yana chala boshladi, endi sekinroq, go‘yo tovushini sozlab olmoqchidek to‘xtab-to‘xtab jarangladi. Musavvirning yuzlari dahshatdan ko‘karib ketdi. Uning tushuniksiz holatidan K.ning hislari junbushga kelib, yig‘lay boshladi, qo‘llari asabiy titradi. Musavvir K.ning o‘ziga kelishini sabr bilan kutdi va boshqa imkon yo‘qligi bois yana yozishga kirishdi. Marmarga chiziq tortdi, xunuk, beo‘xshov harf yozildi. Toshda bitta «Y» harfi turardi. Musavvir jazavaga tushib, oyog‘i bilan go‘rning ichiga kirib ketdi. Atrofga tuproq to‘zg‘idi. Nihoyat, K. hammasini anglab yetdi. Uni ortiga qaytarishga, bu xomsut emgan bandani afv etishini so‘rab tavallo qilishga vaqt yo‘q! Qabr yana mato bilan qoplandi. Yozef barmoqlari bilan do‘mpaygan qabrni kavladi, ammo bu ishidan biron natija chiqmadi. Birdan zamindan harir, bulutday mato ko‘tarildi. Devor qulab, tuynuk paydo bo‘ldi. U mayin nur oqimiga cho‘mdi. Boshini pastga egib, yer qa’riga parvoz qildi. Yuqorida, qabrtoshda uning zarhal harflar bilan mohirona bitilgan ismi turardi.
Bu manzaradan hayajoni ortgan Yozef K. uyg‘onib ketdi.

Nemis tilidan Vahobjon Kenjayev tarjimasi.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.