OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Genrix Byoll. Chaqirilmagan mehmonlar (hikoya)

Umuman olib qaraganda, jonivorlarga qarshi emasman, aksincha, ularga munosabatim juda yaxshi, misol uchun, kechqurunlari kuchugimizning boshini silash yoki mushugimizni tizzamga olib erkalash men uchun odatga aylangan. Yana, olaylik, bolalar xonaning bir burchagida toshbaqani qanday qilib oziqlantirayotganini ko‘rsam ham xursand bo‘lib ketaman. Hatto biz vannada saqlaydiganimiz kichkina begemotcha ham yuragimdan joy egallagan desam yolg‘on bo‘lmaydi. Butun xonalarimiz bo‘ylab erkin sayr qilib yuradigan uy quyonlarini aytmay qo‘yavering, ularning bu yurishlaridan allaqachonlar bezovta bo‘lmay qo‘yganman. Bulardan tashqari, kechalari to‘satdan paydo bo‘ladigan mehmonlar – mungli ohangda chiyillab keladigan jo‘ja yoki xotinim boshpana berib siylaydigan daydi itga duch kelib qolishga ham o‘rganib qolganman. Xotinim nihoyatda mehribon-da, hech kimga – odammi, hayvonmi, farqi yo‘q, boshpana kerak bo‘lsa rad etmaydi, kechalari o‘qiladigan duosida qachonlardan beri takrorlanib keladigan so‘zlarni aytsam bunga o‘zingiz ham ishonarsiz: «Allohim, bizga nochor odamlar va jonivorlarni o‘zing yetkazgaysan...»
Achinarli holat shundan iboratki, ayolim allaqaysi firma yo korxonalarning mahsulotlarini uyma-uy sanqib targ‘ib qiladigan, ko‘chama-ko‘cha savdo qiladiganlarni ham tirsagidan itarmaydi, shuning uchun ham mening o‘yimcha, uyimizda eng kerakli deb hisoblanmaydigan mahsulotlar uyumi ham kundan-kun bo‘y cho‘zayotir. Misol uchun, sovun, cho‘tka, soqol oladigan piskalar, to‘r uchun jun kabilarni oling, ayniqsa, meni qutida qanaqadir hisob raqamlariyu majburiyatlar haqidagi hujjatlarning to‘planayotgani ko‘proq bezovta qiladi. O’g‘illarim o‘qishi davri uchun, qizlarim erga tekkuniga qadar sug‘urta qilingan, ammo o‘zingiz o‘ylang, axir ularni to imtihonlari tugaguncha yoki to to‘y kuni kelguniga qadar sovun yoki to‘r bilan ovqatlantira olmaymiz-ku, va hatto manavi soqol oladigan piskalar ham inson tanasi uchun har doim ham foydali emas.
Mana ko‘rdingizmi, xuddi mana shu yerdan mening yengilgina sabrsizligim kurtaklanadi, aslida mendek xotirjam va bag‘ri keng odamni topish qiyin. Tez-tez o‘zimning stol tagiga bemalol o‘rnashib beg‘amlik bilan sabzi kavshayotgan quyonchalarga hasad bilan qarayotganimni, vannamizda po‘panak yoyib o‘tirgan begemotga qarab esa o‘zimda uning tilini sug‘urib olish ishtiyoqi paydo bo‘lganini sezib qolaman. Hatto matonat bilan salat barglarini jig‘ildoniga jo‘natayotgan toshbaqa ham mening yuragimni qanday tashvishlar o‘rtab turganini bilmaydi. Axir odammiz-ku, xushbo‘y kofe, tamaki, non va tuxum, bir ryumka aroq yutumidan so‘ng tanangda paydo bo‘ladigan insoniy mehr bilan chulg‘ab olingan orombaxsh iliqlik istaydi ko‘ngil. Bittagina tasallim – kuchugimiz Bello. U ham xuddi men kabi ochlikdan uvillaydi. Shulardan ham keyin tag‘in chaqirilmagan mehmonlar – menga o‘xshab soqollari o‘sib ketgan zamondoshlarimiz, bolalarini ko‘tarib olgan onalar kirib kelsa, demak, bolalarni issiq sut va namlangan suxari bilan ovqatlantirish lozimki, bunday paytda men butun kuchimni to‘plab chidam va bardosh bilan xotirjamlikni saqlashim lozim bo‘ladi. Va men o‘sha xotirjamlikni saqlayman, boshqa saqlaydigan narsaning o‘zi qolmagan.
Shunday kunlar bo‘ladiki, endigina qaynab chiqqan sap-sariq kartoshkaga tikilib so‘laklarim oqadi, chunki men qancha og‘ir bo‘lmasin, tan olaman va qizariblar ketamanki, bizning oshxonamiz allaqachon odob va izzat saqlanadigan oshxona maqomiga sazovor bo‘lmay qolgan. Turli yovvoyi hayvonlar va odam zotiga tegishli mehmonlar qurshovida vaqt-bevaqt mutlaqo tasodifiy va hech qanday tayyorgarliksiz holda ovqatlanish tadbirlarini uyushtirishga majbur bo‘lamiz.
Baxtimizga xotinim uzoq muddatga bizga mutlaqo kerak bo‘lmaydigan matohlarni sotib olish imkonidan mahrum, chunki bizning naqd pulimiz tugagan, mening hisobimga tushadigan mablag‘lar ham noma’lum muddatga kechiktirilgan. O’zim bo‘lsam, meni tanimasliklari uchun tashqi ko‘rinishimni o‘zgartirib, kechalari shahar atroflarini aylanaman, odamlarga piska, sovun, tugma kabi narsalarni narxidan ancha past bahoga pullayman, axir ahvolimiz shuni taqozo qilyapti-da. Ammo shu narsani ta’kidlashim lozimki, hali uyda bir tsentnerdan ortiq sovun, bir necha ming piska, ko‘p miqdorda turli-tuman tugmalar bor, uyga yarim kecha horib-charchab qaytarkanman, meni bolalarim, hayvonlarimiz va rafiqam ko‘zlari yonib kutib olishadi, chunki yo‘ldan odatda nimadir – non, kofe, olma, yog‘ yoki kartoshka xarid qilgan bo‘laman, ular mushtoq bo‘lib kutayotganidek, yegulik bilan kelaman. Tun yarimdan oqqanda, butun oilamiz – bolalarim, hayvonlarimiz va xotinim bilan kuvonch onlari bo‘lmish ovqatlanish marosimiga kirishamiz. Xursand bo‘lgan farzandlarimdan tortib quvonchdan ko‘zlari porlaydigan hayvonlarimizgacha meni o‘rab olishadi, rafiqam esa menga tabassum bilan boqadi, begemot yolg‘izlikdan o‘ksinmasligi uchun biz ataylab vannaning eshigini ochib qo‘yamiz, uning mamnun xur-xurlashi esa bizga eshitilib turadi.
Odatda bunday paytlarda xotinim ovqatlanib, asablarim biroz joyiga tushib, xotirjam bo‘lib olganimdan keyingina qaznoqqa yana bir qo‘shimcha mehmonni yashirib qo‘yganini tan oladi. Qarabsizki allaqanday, bir jur’atsiz, soqollari o‘sib ketgan erkaklar qo‘llarini ishqalab dasturxonimizga kelib o‘rnashishadi, ayollar bo‘lsa skameykada o‘tirgan bolalarimizning orasiga siqilishadi va anavi dodlayotgan bolachalari uchun sut qaynatishga kirishishadi. Mening jinim suymaydigan boshqa yovvoyi hayvonlar ham xuddi mana shu uslubda menga tanishtiriladi: baliqchi qushlar, tulki, cho‘chqa, bir kuni ular orasida hatto bir o‘rkachli tuya bolasi ham bor edi.
– Qaragin, ajoyibligini! – xotinimning bu undovli xitobidan keyin men ham tuyaning ajoyibligini tan olishimga to‘g‘ri keldi, va yengil, bilinar-bilinmas xavotir bilan bu jonivor ko‘kimtir ko‘zlari bilan menga zimdan qarab butun vajohati va kuchini jag‘iga jamlagan ko‘yi oziqlanayotganini kuzatdim. Baxtni qarang, tuyavoy bizning xonadonda bor-yo‘g‘i bir haftagina mehmon bo‘ldi, xolos. Bu paytda mening ishlarim ancha
yaxshi bo‘lib qolgan edi: mahsulotlarimning yuqori sifatliligi va narx-navosining pastligi meni ancha mashhur qilib yuborgan va men oddiy sharoitda zarur bo‘lmagan narsalarni ham sotishga muvaffaq bo‘la boshladim, bular poyabzallar uchun iplar va cho‘tkalar edi. Bu bizning go‘yoki gullab yashnayotganimizning ko‘rinishiga o‘xshardi va xotinim iqtisodiyotning qoidalariga tupurib qo‘yib meni xijolatga soluvchi iborani ishlatdi: «Biz yuqorilab ketyapmiz!». Axir men o‘z tomonimdan sovun zahiralari tugab borayotgani, piskalar soni qisqarib qolgani va hatto, cho‘tka-yu to‘rlar zahirasi ham qanoatlanishga sabab bo‘lmasligini yaqqol ko‘rib turardim.
Ruhiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lib yurgan kunlarimning birida stol atrofida jimgina o‘tirarkanmiz, uyimiz bexosdan zilzila bo‘layotgandek silkina boshladi, stolning qimirlaganidan kolbasa bo‘lagi mening likopchamdan sirg‘alib tushdi. Men sakrab turdim va nima bo‘layotganini bilmoqchi bo‘ldim, bolalarim esa kulgidan o‘zlarini zo‘rg‘a tiyib turishardi.
– Bu yerda nima bo‘lyapti o‘zi? – sarguzashtlarga boy hayotimda ilk bor o‘zimni tutib tura olmay baqirib yubordim.
– Valter, – dedi ohista ovozda xotinim sanchqini qo‘yar ekan, – bu o‘zimizning Vollo.
Xotinim ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi, uning ko‘z yoshlari oldida ojizman, axir u menga yettita farzand tug‘ib bergan.
– Qanaqa Vollo? – deya so‘radim horg‘inlik bilan. Bu paytda uyimiz yana bir tebranib oldi.
– Vollo bizning yerto‘lamizda o‘tirgan fil, – dedi kichkina qizim.
To‘g‘risini ayta qolay, esankirab qoldim. O’ylaymanki, mening bu dovdirab qolganimni tushu-nishingiz qiyin bo‘lmaydi. Shu paytgacha tuyadan yirik bo‘lgan jonivorlarga boshpana bermaganmiz, shu boisdan fil uchun bizning xonadonimiz anchagina kichiklik qiladi, chunki davlat tomonidan quriladigan uy-joy bizga nasib etgani yo‘q.
Rafiqam va farzandlarim hech narsa bo‘lmagandek inqirozga uchragan tsirk xo‘jayini o‘z filini bizning uyimizda saqlashga qaror qilganini menga tushuntira ketishdi. Fil biz odatda ko‘mir tushiradigan tarnov orqali xotirjamlik bilan yerto‘laga tushibdi.
– U koptokka o‘xshab yumaloq bo‘lib oldi, – dedi katta o‘g‘lim. – Shunaqa aqlli ekanki...
Albatta, men ham filning aqliy salohiyatiga shubha qilganim yo‘q va uning borligiga ham ko‘ndim va meni tantanavor holatda yerto‘laga boshladilar. Fil uncha katta emas ekan, u quloqlarini qoqib turardi, nafsilambrini aytganda, unga yemish sifatida bir uyum somon ajratishganidan bo‘lsa kerak, bu turishidan mamnunligi ko‘rinib turardi.
– Rostdan ham ajoyib, to‘g‘rimi? – so‘radi xotinim, biroq men bunga javob berishni lozim topmadim. «Ajoyib» degan so‘z mening nazdimda, fil uchun mutlaqo to‘g‘ri kelmas edi. Umuman, oiladoshlarim mening bu yangilikni zavq-shavqqa to‘lib qarshilamaganimdan 
taassufda edi albatta. Yerto‘ladan chiqarkanmiz, rafiqam hatto menga dakki ham berdi:
– Qanchalar pastkashlik? Nahotki, boyaqish jonivorning arzon garov sotilib ketishini istasang?
– Pastkashlik, arzon-garov degan gaplarning nima aloqasi bor? Kim oshdi savdosi orqali sotilishi lozim bo‘lgan narsalarni yashirish noqonuniy hisoblanadi.
– Menga baribir, – deya javrashda davom etdi xotinim. – Jonivorni saqlab qolishimiz shart.    
Yarim kechasi tortinchoqligi ko‘rinib turgan, tim qora sochli tsirk egasi bizni uyg‘otdi. U yana bir yovvoyi hayvonga boshpana bera olish yoki olmasligimizni bilgani kelgan ekan.
– Bu mening eng oxirgi boyligim, so‘nggi mulkim. Bor-yo‘g‘i bir kechaga. Aytgancha, fil qanday yashayapti?
– Yaxshi, – dedi rafiqam, – faqat uning oshqozoni meni bezovta qilyapti.
– Bu tabiiy, – javob berdi mehmon. – Sharoit o‘zgarishi bilan bog‘liq holat bu. Yovvoyi hayvonlar shunaqa ta’sirchan bo‘lishadi. Nima qildik, mening mushugimni bir kechaga olasizlarmi?
U menga qarab turardi, xotinim biqinimga turtib dedi:
– Bunaqa shafqatsiz bo‘lmasang-chi...
– Shafqatsiz? – takrorladim men. – Yaxshi, men rahmdil bo‘lishga harakat qilaman, marhamat, mushukni oshxonaga joylashtirishing mumkin.
– U hozir ko‘chada, mashinada, – dedi tsirk xo‘jayini.
Mushukning keyingi taqdirini xotinimga topshirib to‘shakka qaytdim. Rafiqam rangi so‘lib, hatto biroz qaltiragan ko‘yi qaytib keldi.
– Sovuq qotdingmi? – deya so‘radim.
– Ha, – dedi u javoban, – negadir junjikib ketyapman.
– Bu charchaganingdan bo‘lsa kerak.
– Balki shundaydir, – deya menga g‘alati qarash qildi. 
Tun osuda o‘tdi. Ammo tushimda ham xotinimning o‘sha g‘alati qarashini ko‘rdim va nimagadir odatdagidan barvaqt o‘rnimdan turdim. Shunda men umrimda ilk bor soqolimni olishga qaror qildim. Oshxonadagi stol tagida o‘rtacha kattalikdagi sher yotardi. U bamaylixotir uxlar, faqat dumining uchi sal-sal qimirlab xuddi to‘p o‘ynayotgandek yengil dukirlab qo‘yardi.
Men imkon qadar shovqin solmaslikka intilib yuzlarimni ohista sovunladim, biroq yuzimni o‘ngga burib chap lunjimni qirtishlashga kirisharkanman, sher ko‘zlarini ochib meni kuzatib turganini ko‘rdim. U nimani o‘ylayotganini bilmayman, biroq u meni kuzatib turibdi, men esa soqolimni olishda davom etyapman va hatto biron joyimni kesib ham olmadim, biroq shuni ta’kidlashni istardimki, sherning guvohligida soqol olish g‘ayrioddiy taassurot uyg‘otar ekan. Yirtqich hayvonlar bilan muomalaga kirishish borasida tajribam nihoyatda oz bo‘lgani bois sherning ko‘zlariga tikilib qaradim, yuzimni artdim va shundan so‘ng yotoqxonaga qaytish bilan chegaralandim. Xotinim uyg‘ongan va menga nimadir demoqqa chog‘lana boshlagan edi, uning og‘zini ochishiga yo‘l bermay baqirdim:
– Yana nima demoqchisan o‘zi?
Shunda rafiqam yig‘lab yubordi, va men, uning sochlarini silarkanman, endi muloyim ovozda de-dim:
– O’zing o‘ylab ko‘r, axir bu biroz g‘alati emasmi?
– Seningcha, nima g‘alati emas? – dedi yig‘i aralash u, men unga nima deb javob berishni bilmasdim.
Bu orada quyonlar uyg‘onib qolishdi, vannada bolalar bir yoqdan, keyin begemotimiz, uni Gotlib deb atardik, uning shovqini eshitildi, Bello ham uyg‘onish sari harakatga tushgan, faqatgina toshbaqa hamon uyquda edi, umuman, u hamma vaqt uxlardi.
Men quyonlarni oshxonaga olib tushdim, shkaf tagida ularning ozuqasi kutardi. Quyonlar sherni hidlab o‘tishdi, sher esa ularni, bolalar esa – ular ancha epchil va dadil, yirtqich jonivorlar bilan til topishib ketganidan allaqachon oshxonada edilar. Nazarimda, sher ham menga kulib turardi, buni ko‘rgan yosh jihatidan uchinchi o‘g‘lim darrov jonivorga nom topgan bo‘ldi: Bombilius. Uni shunday atashga qaror qildik.
Bir necha kundan so‘ng sher bilan filni olib ketishdi. Shuni qayd etishim joizki, fil bilan xayr-lasharkanman, bundan xafa bo‘lmadim, chunki u nazarimda biroz befahmroq edi, bemalolxo‘ja va muloyim sher esa yuragimdan joy olgandi, Bombiliusning bizni tark etishidan anchagina xafa bo‘l-dim. Men unga o‘rganib qolgan ekanman, u mening qalbimdan o‘rin olgan hayvonlarning birinchisi edi.

Ruschadan Husan ERMATOV tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 2-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.