OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gi de Mopassan. Girdob (hikoya)

«Kaltaklanib suvga uloqtirilgan va suv yutib o‘l­gan!». Mebel qoplovchi usta Leopald Renar aynan mana shunday ayblov bilan maslahatchilar ishtirokidagi sud jarayonida tergov qilinardi. Uning yonginasida asosiy guvohlar – falokat qurbonining bevasi Flamesh xonim, duradgor usta – Lui Ladyuro va tunukasoz Jan Dyurdan o‘tirishardi.
Ayblanuvchining yonida qop-qora kiyingan, kichkinagina martishka maymuniga o‘xshash xunukkina xotini ham o‘tirar, ayblanuvchi tergov savollariga javob berardi:
– Xudoning o‘zi guvoh, bu baxtsizlikdan birinchi navbatda men jabr ko‘rdim, ko‘nglimda hech qanday g‘a­razim yo‘q edi. Barcha dalillar mening begunoh ekanligimni tasdiqlab turibdi, janob rais. Men vij­donli, sofdil, mehnatkash ustaman, mana o‘n ol­ti yildirki bir joyda, bitta uyda yashab kelyapman, hamma meni taniydi, hamma izzat-obro‘yimni joyi­ga qo‘yadi. Buni mening barcha qo‘shnilarim va hatto hovli qorovulimiz bo‘lib ishlaydigan, sira yolg‘on gapirmaydigan ayol ham tas­diqlashi mumkin. Men ishlashni, ishlab topgan pullarimni jamg‘arishni yaxshi ko‘raman, sofdil odam­larni va odob doirasidagi ko‘ngilxushliklarni yoqtiraman. Tushunib turibman, me­ning aynan mana shunday odamligim o‘zim­ni juvonmarg qilib turibdi. Bu falokatda mening hech qanday yomon niyatim yo‘q edi, shunday ekan, men o‘z shaxsimga hamon hurmat bilan qarashni davom ettiraman. Mana besh yildirki, mana shu yerda o‘tirgan umr yo‘ldoshim bilan har yakshanbani Paussi qirg‘oqlarida o‘tkazamiz. Jilla qursa sof havodan nafas olamiz, keyin baliq ovlashni yoqtiramiz. Ha, yashirib nima qildim, bu ishni biz juda yoqtiramiz. Bu ishga meni iloyo yer yutgur xotinim Meli o‘rgatib qo‘ydi. Uning o‘zi ham baliq ovi desa, naq aqldan ozib qoladi, u mana shunday kuydirgilardan; falokat ham ana shu baliq ovi tufayli sodir bo‘ldi, bunga hozir o‘zingiz ham ishonib qolasiz, janob rais.
To‘g‘ri, men baquvvat odamman, biroq fe’l-at­vo­­rim juda muloyim, yuragimda zarracha bo‘lsa-da badxohlik yo‘q. Biroq xotinim! E, nimasini aytay!? Ko‘­rinishidan kichkinagina, oriqqina bo‘lsayam, asli­da g‘irt yaramas sassiqko‘zanning o‘zginasi! Inkor qil­may­man, uning savdo-sotiq ishlarida qo‘l keladigan yaxshi tomonlari ham bor. Biroq uning fe’l-atvori! Bu haqda qo‘shnilarimdan, yo bo‘lmasam, hozirgina meni yoqlab gapirgan qorovul ayoldan so‘rab ko‘ring. U xotinim haqida bor gapni to‘kib soladi.
Xotinim har kuni meni «Men bu ishni shunday qol­dirmagan bo‘lardim!», «Men falon kishiga falon narxga ko‘nmagan bo‘lardim!» – deya egovlagani-egovlagan. Uning gaplariga kirsam, janob rais, har oyda kamida uch marta kimlar bilandir mushtlashishim kerak bo‘lardi…
Ayblanuvchi shu yerga kelganda uning xotini gap qo‘shib qo‘ydi:
– Vaysa-ya! O‘zingcha vaysayver, qani ko‘ramiz, eng oxi­rida kim kularkan!
Ayblanuvchi xotiniga o‘girilib qaradi va soddadillik bilan e’tiroz bildirdi:
– Nima qipdi, aybingni ochayapmanmi? Baribir sen javobgar emassan-ku…
Keyin u yana sud raisiga qa­rab gapida davom etdi:
– Demak, davom etaman. Shunday qilib desangiz, har shanba kuni kechqurun tong sahar turib baliq ovlash uchun Puassiga jo‘nardik. Tarki odat amri mahol deyishadi-ku. Bu yil yozda baliq ovi uchun ajoyib bir joy kashf qilganimga uch yil to‘ladi. Eh, uning qanday joy ekanligini bir ko‘rsangiz edi! U daraxtlar soyasi ostidagi chuqurligi sakkiz, ehtimol o‘n futlar keladigan ajoyib bir girdob edi. Bu baliqlar uchun haqiqiy dom, baliqchi uchun esa rostakamiga jannat joy. Bu girdobni, janob rais, men o‘zimning xususiy joyim deb hisoblardim. Chunki uni men xuddi Xristofor Kolumb singari o‘zim kashf qilgandim. Odamlar ham «Bu joy Renarning joyi», deb tan olishardi va hech kim bu borada bahslashmas, hatto xafa bo‘lsa ham aytay, chunki buni hamma biladi, begonalar hisobidan qorin to‘ydirishni xush ko‘radigan janob Plyumo ham mening girdobimga yaqinlashmasdi. Shunday qilib, men o‘z girdobimdan mutlaqo xotirjam edim va har safar u yerga uning haqiqiy egasi sifatida kelardim. Shanba kuni kechqurun Puassiga yetib kelishimiz bilanoq xotinim bilan «Dalila»ga chiqib olamiz. «Dalila» bu mening norveg uslubidagi qayig‘im: Men uni Furpezdan buyurtma orqali olganman, yengilgina va mustahkamgina qayiqcha. Demak, «Dalila»ga o‘tiramizu girdobga borib baliqlar uchun xo‘rak tashlashga jo‘naymiz. Xo‘rak masalasida hech kim men bilan tenglasha olmaydi, mening oshnolarim ham buni juda yaxshi bilishadi. Ehtimol siz ham bu xo‘rak nima ekanligiga qiziqarsiz? Yo‘q, buni sizga ham ayta olmayman. Bu tergovga taalluqli emas, men ham ayta olmayman, chunki bu sir. Ehtimol ikki yuz kishi, balki undan ham ko‘proqdir, bu xo‘rakni qanday tayyorlashimni bilishga qiziqib ko‘rdi. Qaysi biri ichimliklar bilan, kimlardir qovurilgan baliq bilan siylab, sirimni bilib olishga urinishdi. Nima men ahmoqmanmi, ular ham zog‘ora baliqlarni osongina tutib olishaversinmi? Xo‘rakni qanday tayyorlashimni bilib olishlari uchun ular qanday xushomadgo‘yliklar qilmadi deysiz? E, yo‘q… Buni xotinimdan boshqa hech kim bilmaydi… qolaversa u ham hech kimga hech narsa aytmaydi. To‘g‘rimi, Meli?
– Ishga taalluqli narsalarni gapiring! Chetga chiqib ketmang! – uning gapini bo‘ldi sud raisi.
– Bo‘pti, bo‘pti, – davom etdi aybdor. – Demak, mana bunday, shanba, 8 iyul kuni biz soat besh-u yigirma beshda poezdga chiqdik. Manzilga yetib kelib ovqatlanishdan oldin girdobga xo‘rak tashlab kelishga jo‘nadik. O‘sha kun havo juda yaxshi bo‘ladigandek edi. Men Meliga «Ertaga ajoyib kun bo‘ladi» dedim.
«Shundayga o‘xshaydi», javob berdi u.
Odatda u bilan hech qachon ko‘p gaplashmaymiz. Ke­yin ovqatlanish uchun qaytdik. Men juda xursand edim va biroz ichishni ko‘nglim tusab qoldi. Ana shu sabil barchasiga sababchi bo‘ldi, janob rais. Men Meliga: «Quloq sol, bir shishagina boshqizdirgich ichib olsam, yomon bo‘lmasdi-ya», dedim. Boshqizdirgich deganim bu kuchsiz oq vino. Uni shunday atashimizga sabab, undan ko‘proq ichib qo‘ysang, umuman uxlashga qo‘ymaydi, haqiqiy boshqizdirgich. Tushunyapsizmi, janob rais?
«Bilganingni qil, faqat mazang qochib, ertalab turolmay qolma», dedi xotinim. Nimayam der­dim, u to‘g‘ri, aqlli, o‘rinli, keyinini o‘ylab fikr bildirdi, buni tan olaman. Biroq men ichkilikdan o‘zimni tiyib turolmadim va shishadagi hamma vinoni ichib qo‘ydim. Va hammasi shundan boshlandi…
Demak, bunday, yotaman-u – butunlay uyqum kelmaydi. Jin ursin! Uzum sharbatidan tayyorlangan bu boshqizdirgich kechasi soat ikkilargacha ovoramni chiqardi. Keyin guldir-gurs uxlab qolibman. Shunday qattiq uxlabmanki, qiyomat kuni Isrofil chaladigan surnay tovushini ham eshitmagan bo‘lardim.
Qisqasi, xotinim meni ertalab soat oltida uy­g‘otdi. Joyimdan sakrab turdim, bir zumda ishtonim­ni, kurtkamni kiyib, sovuq suvda yuzimni yuvgan bo‘l­dim va biz «Dalila»ga o‘tirdik. O‘z girdobim tomonga su­zib borsak, u allaqachon egallangan! Ilgari hech qachon bunday qilishmasdi, janob rais, uch yil davomida hech kim bunday qilmagandi! Bu meni shunchalik esankiratib qo‘ydiki, xuddi ko‘z oldimda bor-yo‘g‘imni o‘g‘irlashgandek tuyuldi. «Bu qanday bema’nilik!» – dedim o‘zimcha. Xotinim esa, darrov meni egovlashga tushdi: «Mana senga boshqizdirgich! Eh, piyonista! Endi xursandmisan, hayvon?» – dedi u.
Men bahslashmadim, chunki hammasi to‘g‘ri edi. Nima bo‘lsa-da, jilla qursa qolgan-qutgan baliqlar bilan qanoatlanish uchun girdobdan sal nariroqda qayiqni to‘xtatdim. Ehtimol, mening joyimni egallagan anavi muttaham bu yerdan hech narsa tuta olmay, tez orada juftagini rostlab qolar? Mening joyimda oppoq kiyimli, katta poxol shlyapa kiygan oriq-tirriq bir surbet qarmoq tashlab o‘tirardi. Uning yonida baqaloq xotini ham bo‘lib, u orqa tomonda to‘r to‘qib o‘tirardi.
– Bu nimasi, daryoda bu yerdan boshqa joy yo‘qmi? – ilondek vishilladi baqaloq xotin, biz ularning yaqiniga kelib to‘xtaganimizni ko‘rib.
– Uyat-andishali kishilar birovlarning joyini egallashdan oldin bu yerdagi tartib-qoidalarni surishtiradi, – dedi meniki achchiqlanib.
– Jim bo‘l, Meli, ular bilan ishing bo‘lmasin, bir gap bo‘lar, – dedim bu joyga egaligim tarixini kavlashtirishni istamay.
Biz «Dalila»ni tol ostiga olib kelib, qirg‘oqqa chiqdik va Meli ikkalamiz boyagi ikkovining yoniga o‘tirib qarmoq tashladik. Bu o‘rinda janob rais, men voqeani barcha tafsilotlari bilan aytib berishimga to‘g‘ri keladi.
Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmasdanoq qo‘shnimning qarmog‘i po‘pagi bir silkindi, ikki silkindi, uch silkindi va u suvdan bahaybat zog‘ora baliqni chiqarib oldi. Shunday katta baliqki, naq sonimdek keladi. Ehtimol sal kichikroqdir-u, lekin qariyb shunchalar bor. Birdan yuragim orqaga tortib, peshonamdan ter chiqib ketdi. Meli esa «Ko‘rdingmi, piyonista!» – deya ming‘irlaydi. Shu payt tanga baliqlarning ashaddiy ishqibozi, Puassidagi do‘kondor janob Bryu qayig‘ida ro‘paramizdan o‘tib qoldi. «Nima balo, sizning jo­yingizni egallashiptimi, janob Renar?» – deb qich­qir­di u. «Ha, janob Bryu, bu yerdagi odatlarni tan olishni istamaydigan mana shunaqa andishasiz kishilar ham bor ekan», – dedim unga javoban.
Oq kiyimli tirriq o‘zini bu gaplarni eshitmaganga oldi. Uning xotini ham o‘zini shunday tutdi. Xom-semiz, haqiqiy sigir!
– Odobliroq bo‘ling, aybdor! Siz bu yerda o‘tirgan beva Flamesh xonimni haqorat qilyapsiz, – dedi sud raisi ikkinchi marta uning gapini bo‘lib.
– Uzr, kechiring, menga juda alam qilib ketdi, – davom etdi aybdor. – Shunday qilib desangiz, oradan chorak soat o‘tmasdanoq oq kiyimli tirriq yana bitta zog‘ora baliqni suvdan tortib oldi. Undan keyin yana bittasini, keyin besh daqiqa o‘tmasdan, uchinchisini…
Men yig‘lab yuborishga tayyor edim. Buning ustiga xotinim qaynab «Xo‘sh, qalay anqov, ko‘ryapsanmi? Sening baliqlaringni qanday o‘g‘irlayotganini ko‘ryap­sanmi? Sen esa qurbaqani ham tutolmaysan, ha, hech narsani tutolmaysan. Mening esa buni ko‘rib, qo‘lim qi­chishib ketyapti!» – deya to‘xtovsiz bigizlayapti.
«Tushgacha kutamiz, ehtimol bu yaramas ovqat­lan­gani ketar, shunda o‘z joyimni egallab olaman», – qaror qildim o‘zimcha. Sizga aytishim joizki, janob rais, har yakshanbada biz mana shu yerda ovqatlanamiz. Ovqatni o‘zimiz bilan qayiqda olib kelamiz. Biroq nima bo‘ldi deng!? Tush bo‘ldi va bu muttaham gazetaga o‘ralgan pishirilgan tovuqni chiqardi, u ovqatlanayotgan payt qarmoqqa yana bitta zog‘ora baliq ilindi!
Biz ham Meli ikkalamiz biroz tatingandek bo‘l­dik, biroq tomog‘imizdan ovqat o‘tarmidi! Ke­yin ov­qatni hazm qilish uchun gazeta o‘qishga tutindim. Yakshanba kunlari daryo qirg‘og‘ida soyada o‘tirib olib «Jil Blas» gazetasini o‘qishni yoqtiraman. Ayniqsa Kolombina degan ayol zo‘r yozadi, ehtimol siz ham uni tanirsiz, janob rais. U «Jil Blas» uchun maqolalar yozadi. Men xotinimga Kolombina bilan tanishman deb joniga tegishni odat qilganman. Albatta men uni tanimayman va hatto ko‘rgan ham emasman, biroq bu muhim emas. Bu ayol juda zo‘r yozadi va ayol bo‘lsa ham juda dadil yozadi. U mening ko‘nglimga yoqadi, bunday ayollar juda kam uchrasa kerak. Xullas, men Kolombinani aytib xotinimning joniga tega boshladim. Biroq u darrov shunday qahrga mindiki, asti qo‘yaverasiz. Darrov jim bo‘la qoldim.
Tirriq yana qarmoq tashlay boshladi. U tashlagan xo‘rakli qarmoqni baliqlar shunchalik cho‘qilay boshladiki, buni ko‘rib butun vujudim titray boshladi. Uning xotini bo‘lsa «Bu yer rostdan ham zo‘r joy ekan, endi har safar shu yerga kelamiz, Dezire», – deydi deng.
Mening yelkalarim titrab ketdi. Xotinim esa ha­­mon «Sen erkak emassan, yo‘q, erkak emas! Sening to­mirlaringda jo‘janing qoni oqayapti» deb min­g‘ir­lashdan qolmayapti.
– Bilasanmi, yaxshisi ketaqolay, bo‘lmasa biror bema’ni ish qilib qo‘yaman, – dedim unga.
U esa meni egovlagandan-egovladiki, jonimni jabborga topshirib yuborishga rozi qildi: «Sen erkak emassan! Qochmoqchimisan? Tayyorgina joyingni unga tashlab qochmoqchimisan? Qochaqol, landovur!»
His qildimki, u mening jon joyimdan oldi. Bi­roq hamon unga bo‘yin eggim kelmasdi.
Qarasam, tirriq suvdan leshch balig‘ini tortib olyapti! Oh! Men hech qachon bundayini ko‘rmagan edim, hech qachon!
Shu payt xotinim ham ichida to‘planib qolgan barcha alamlarini ovoz chiqarib vishillay boshladi:
– Mana o‘g‘irlik baliq qanday bo‘ladi, ko‘rdingmi?! Axir, bu baliqlarga xo‘rakni birov emas, biz tash­lagandik-ku! Juda bo‘lmasa, bizga bu yerga tashlagan xo‘raklarimiz uchun pul to‘lasin!
Va shundan boshlab ishning pachavasi chiqa boshladi. Keyin tirriqning baqaloq xotini tilga kirdi:
– Bu gaplaringizni bizga gapiryapsizmi, xonim?
– Men baliqlarimizni o‘g‘irlab tutayotganlarga, birovlarning hisobiga tekin tomoqlik qilayotgan o‘g‘rilarga gapiryapman.
– Hali biz sizningcha o‘g‘irlik qilyapmizmi?
Shunday qilib o‘zaro tushuntirishlar boshlanib ketdi, keyin tushuntirishlar o‘tkirroq so‘zlar bilan almashdi. Jin ursin, bu ablahlarning "lug‘at boyligi" bunchalik katta-ya! Ular shunchalik baland ovozda qichqira boshlashdiki, narigi qirg‘oqda kuzatib turganlar kulguga olib: «Hoy ayollar, sekinroq qichqiringlar, bo‘lmasa erlaringizning hamma baliqlarini cho‘chitib yuborasizlar!» deb baqirishdi. Gap shundaki, men ham, oq kiyimdagi tirriq ham joyimizda to‘nka misol jim o‘tirardik. Avval qanday o‘tirgan bo‘lsak, shunday, xuddi hech narsa eshitmayotgandek suvga tikilib o‘tirardik. Biroq, jin ursin, barcha gaplarni a’lo darajada eshitib o‘tirardik.
– Siz yolg‘onchisiz!
– Siz cho‘risiz!
– Siz fohishasiz!
– Siz iflos cho‘chqasiz!
Tinimsiz haqoratlar boshlandi-ketdi. Hatto eng mohir dengizchi ham haqorat masalasida ulardan o‘ta olmagan bo‘lardi.
Bir payt ortimdan allaqanday sharpa o‘tgandek bo‘ldi. O‘girilib qarasam, baqaloq mening xotinimga tashlanib, uni shamsiyasining dastasi bilan do‘p­pos­layapti. Meli ikkita zarbani yeyishga ulgurdi. Bi­­­­­roq mening Melim o‘lgudek g‘azabnok, agar quturib ketsa, har qanday mushtlashuvdan tap tortmaydi. U baqaloqning sochlariga chang solib, xuddi daraxtdan olma qoqayotgandek shapillatib uning yuziga tarsaki tushira boshladi.
Men ularga halaqit bermasam degandim, yulishaverishsin degandim. Ayollar o‘zaro yulishsalar, erkak aralashishi shartmi? Birovning ishiga aralashib nima qilaman? Biroq tirriq sakrab o‘rnidan turdi va iblis misol xotinimga chang solmoqchi bo‘ldi. «E, yo‘q, oshna, faqat bunisi ketmaydi!» – deb o‘yladim o‘zimcha. Men uni, tirriqjonni, qanday lozim bo‘lsa, shunday kutib oldim. Mushtlarim bilan! Sharaq-shuruq, bir marta burniga, ikkinchi safar biqiniga tushirdim. U qo‘llarini, oyoqlarini silkitganicha daryoga, ayni suv o‘raga qulab tushdi. Agar vaqtim bo‘lganda edi, janob rais, men uni albatta suvdan chiqarib olgan bo‘lardim. Shu payt xuddi ataylab qilgandek baqaloqning qo‘li baland kelayotganligini, bechora Melimning ahvoli chatoq bo‘layotganligini ko‘rib qoldim. Albatta tirriq suv yutayotganida xotinimga yordamga shoshilmasligim lozim edi. To‘g‘risi, u cho‘kib ketadi deb xayolimga ham kelmagandi. «Mayli, biroz salqinlab olsin» deb o‘ylagandim. Men ayollar tomon otilib, ularni ajratishga kirishdim. Bu jarayonda ular menga ham qo‘llari, tishlari, tirnoqlari bilan rosa ishlov berishdi, jin urgur yaramaslar.
Qisqasi, bu chaqamug‘larni bir-birlaridan ajratishga besh, ehtimol o‘n daqiqalarcha vaqtim ketdi. Qayrilib daryoga qarasam, suv sathi xuddi ko‘l misoli, tinchgina. Narigi qirg‘oqdan esa odamlar «Uni suvdan chiqarib oling! Suvdan chiqaring!» deb qichqirishayapti.
«Suvdan chiqarib oling!» emish, bu aytishga oson, suzish ham, sho‘ng‘ish ham mening qo‘limdan kelmaydi!
Nihoyat oradan chorak soatlar o‘tgach, darg‘ot tarafdan qorovul va ikki janob changaklar bilan chopib kelishdi. Uni gumning eng tubidan qidirib topishdi, gumning chuqurligi avval aytganimdek, sakkiz futlar kelardi. Oq kiyimli tirriq ana shu chuqurlikda yotgan ekan.
Mana, voqea qanday sodir bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha, sof vijdon bilan aytib berdim. Xudo haqqi, bu ishda men gunohkor emasman.
Sudga chaqirilgan guvohlar ham bu gaplarni tas­diqlashdi va aybdor begunoh deb topildi.

Fransuz tilidan Abdumurod Ko‘chiboyev tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 2-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.