OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Goderdzi Choxeli. Archalarga xat (hikoya)

Jgunai qo‘rqib ko‘zini ochdi – uni tushlar qiynab yuborgandi.
Dovdiraganicha ko‘rpaga o‘tirdi, tungi arvohlar unga tinchlik bermasdi. O‘rnidan turdi, yalang oyoqlarini loylari qurib qolgan etikka tiqdi-da, so‘qmoq bilan Berining uyiga qarab yurdi.
Quyosh sharqiy ufqning chekkasidan ancha ko‘tarilgandi. Qo‘shni ayollar Berining uyi oldida to‘planib nima haqdadir shivirlashishardi. Berining xotini ularning yonida edi. U kaftini iyagiga tiraganicha uyining derazasi tomon tez-tez qarab, og‘ir uflab qo‘yardi.
Ertalabki sukunatni chetan devor ustida o‘tirgan qarg‘a buzdi.
Uning qag‘illashi, yaxshilikka emasdi.
– E qag‘illamay o‘l!
– “Qar”ing bilan qotib qolgin, iloyim!– qarg‘ashdi ayollar qarg‘a tomonga musht o‘qtalib.
Jgunai chetan devor orasidan bir qoziqni sug‘urib oldi-da, qarg‘aga qarab otdi. U uchib, uylardan birining tomiga borib qo‘ndi. Jgunai chetan devor yoqalab pisib bordi-da, bo‘ynini cho‘zib “qar-qar”layotgan qushga tosh otdi. Qarg‘a qanot qoqib ko‘kka ko‘tarildi-yu, olisga uchib ketmadi. Jgunai qarg‘aga qarab tufladi-da, ayollarning yoniga bordi.
– Ahvoli qanday?– so‘radi u Berining xotinidan.
– Kechasi yana yuragi xuruj qilib qoldi.
– Ukol qilishdimi?
– Ko‘nmayapti.
– Sal-pal bo‘lsayam qurib qoldimi?
– Quriyapti, lekin nima foyda... Uning qurishiga o‘zi yo‘l qo‘ymayapti, achinayapti. Balki o‘zi ham o‘sha bilan qurib tugaydi.
– Do‘xtir keldimi?
– Ertalabdan shu yerda.
– Nima deyapti?
– Ukol qildirishga ko‘ndirmoqchi bo‘layapti. U bo‘lsa oyoq tirab turibdi, na unga ko‘nadi, na bunga. 
– Yana nima yozib berishdi?
– Hozircha hech narsa. Do‘xtir yonida, gaplashyapti,– dedi Berining xotini boshi bilan uy tomonga ishora qilib.
Jgunai ichkari kirdi.
Beri karavotda, oyoqlarini osiltirgancha o‘tiribdi. Ko‘ylagi o‘ng yelkasigacha kiyilgan, u yerdan niholning igna bargli uchi ko‘rinib turibdi. Yalang oyoqlarini tuproq bilan ko‘mgan Beri ularga suv quymoqda.
– Bunaqa qilma Beri, shamollab qolasan, o‘zingni xarob qilma,– iltijo qiladi uvoqqina, to‘ladan kelgan oltmish yashar ayol – do‘xtir, barcha gudamakarliklarning xaloskor farishtasi.
– Menga qara, oyoqni yerga ko‘mishni qayoqdan o‘ylab topding? Shu kasal yuraging bilan-a!
– Yuragim kutib turadi. Uning esa ayni payti,– dedi Beri yelkasida o‘sayotgan archaga ko‘zini qisganicha qarab.
– Menga qara, nega tushunmaysan, agar sen o‘lib qolsang, o‘z-o‘zidan archang ham qurib qoladi. Ukol qildir, o‘jarlik qilma.
– Ukoldan yanada tezroq so‘ladi, qara, bargchalari sarg‘aymoqda.
Beri oyoqlari ko‘milgan tuproqqa yana suv quydi.
Xonaga notanish kishi kirib, salomlashdi.
– Va alaykum assalom,– dedi Beri va sigaretga imo qildi: – O‘chir uningni. Tamaki tutuni yuragimga zararli.
Notanish kishi sigaretni o‘chirdi va o‘zini tanishtirdi:
– Men shu yerdagi maktabga o‘qituvchi qilib tayinlandim. Jo‘g‘rofiyani o‘qitaman. Siz bilan yuz bergan voqea meni qiziqtirib qoldi. Shuning uchun keldim. Juda hayratdaman. Inson tanasidan archa o‘sib chiqishi!.. Mo‘‘jiza bu, boshqa narsa emas. Bu hodisani chuqurroq o‘rganish kerak..
– Nimasini o‘rganish kerak, unib chiqdi, bor gap shu,– dedi Beri.
– Nima, siz o‘rganish kerakmas demoqchimisiz?! Menga aytishlaricha, siz shu archa bilan go‘dak misoli muomala qilayotgan ekansiz. Hayotingizni o‘z ixtiyoringiz bilan xavfga qo‘ymoqdasiz. Bu erkato-yingizga zarar yetkazmasin deb, hech qanday dori qabul qilmayotgan ekansiz. Bunday noyob hodisani o‘rganmay bo‘ladimi? Nima deb o‘ylaysiz, bu otalik tuyg‘usi sizda qanday paydo bo‘ldi?
– Menda bola – farzand yo‘q,– dedi Beri va yana sigaretga ishora qildi. O‘qituvchi oldingisini o‘chirib tashlagan bo‘lsa-da, yana yondirib cheka boshlagandi.– Bu yerda chekmang, iltimos sizdan.
– Kechirasiz, esimdan chiqibdi. Ha, yana, men sizga shuni aytmoqchiydimki, faqat xotiningiz gapi uchun aytayotganim yo‘q buni, o‘zim shunday deb o‘ylayman: Siz ukol qildirishingiz kerak, aks holda yuragingizni davolay olmaysiz. Archa, bilsangiz, azizim, son-sanoqsiz o‘sib yotibdi, siz bo‘lsangiz bitta kichkinagina archani deb...
– Agar u sizning yelkangizdan o‘sib chiqqanida nima qilardingiz?– so‘radi Beri.
– Agar mening yuragim ham siznikiga o‘xshab kasal bo‘lganida, o‘z sog‘lig‘imni o‘ylardim, dori-darmonni rad etmasdim. Siz bo‘lsangiz hayotingizni xavfga qo‘yapsiz, agar bilsangiz, bu qilig‘ingiz bilan xudoga shak keltirayapsiz.
– Nima, bu archa tirik mavjudot emasmi?!– dedi Beri.
– Bu archa, baribir ertaga qurib qoladi.
– Balki qurib qolmas,– dedi Beri va o‘rnidan turdi. 
– Qayoqqa?– so‘radi Jgunai.
– U bilan biroz aylanib kelay, u chindan ham qurib qolishi mumkin.
– Yurak dorisidan ozgina ichib ol hech bo‘lmasa,– iltimos qildi do‘xtir.
Unga hech narsa demay, archa bilan eshik kesakisiga tegib ketmaslik uchun Beri qiya ochiq turgan tor qopqa oralig‘idan ehtiyot bo‘lib tashqari chiqdi.
– Siz xudoga ishonasizmi?– so‘radi do‘xtir muallimdan.
U dovdirab qoldi.
– Yo‘g‘-e, bu shunday bir gap kelib qoldi-da. G‘aroyib voqea, inson tanasidan archa o‘sib chiqsa-ya. U odam badanida nima qilib yuribdi. Bunday o‘ylab qarasang, ishonmasdan ilojing yo‘q!
– Urush paytida yarador bo‘lib o‘rmonda yotgan ekan, archa changi ochiq yarasiga tushibdi, –tushuntirdi do‘xtir.
– Nima deysiz, do‘xtir, unga yordam berib bo‘ladimi?– so‘radi muallim.
– Nihol qurishi uchun unga ukol qilishga muvaffaq bo‘linsa... Uni ko‘ndirish kerak.
– Qanday ko‘ndirasiz, axir, o‘zi unga biror kor-hol bo‘lmasin, zarar yetmasin deb, kechasi bilan uxlamay chiqadi-ku, chaqaloqday avaylaydi.
– Biroq, davolash shart. Yuragi bardosh berolmasligi mumkin,– dedi qat’iyat bilan do‘xtir.

Beri avvalo siyrak o‘rmonda, yong‘oqzor oralab sayr qilib yurdi. Keyin shamshodzorda havo archaga shifobaxsh bo‘lishi mumkin degan qarorga kelib, tepaga qarab ko‘tarila boshladi.
Yo‘lda unga o‘rmon xodimi uchradi.
– Nima, quriyaptimi?– so‘radi u.
– Ha, negadir sarg‘aymoqda.
– Yuraging bezovta bo‘layotganini aytmaysanmi?
– Ha, gapirmang!
– Nima ham derdim! Bizning tuprog‘imizda, senga aytsam, asrlar bo‘yi o‘smagandi, mana seni birdan Tangri archa bilan taqdirlab o‘tiribdi! Berganiga yarasha bola bersa bo‘lmasmidi, kelib-kelib archa...
– Menga archa ham yaxshi, faqat qurib qolmasa bo‘lgani.
– Senga hayron bo‘laman-da, shu archaning nimasi yaxshi, mana uning o‘rnida gilos o‘sib chiqqanida boshqa gap edi: mevasidan bahramand bo‘larding. Archadan ne naf? 
– Men shikoyat qilayotganim yo‘q,– e’tiroz bildirdi Beri.
– Kim biladi deysan, balki sen haqdirsan. Eshitishimcha, archa so‘tasidan oshqozon og‘rig‘ini qoldiradigan dori tayyorlasharkan. Bu me’dam bilan juda qiynalib ketdim, senga aytsam. Bizning o‘rmonda esa qoraqayinu zarangdan boshqasi o‘smaydi. So‘tani qayerdan olamiz. Bir odamgarchilik qilgin, agar sening archang qurimay, o‘sib so‘ta tugsa dastlabki so‘tasini ber, davolanish uchun, yo‘q dema.
Beri o‘rmonchiga birinchi so‘tani va’da berdi-yu, yo‘lida davom etdi.
Do‘nglikning tepasida u dam oldi.
Tevarak-atrof kimsasiz edi. Har safar Beri archa bilan aylangani chiqqanida, u aynan shu tepalikda dam olishni yaxshi ko‘rardi.
Biroq o‘tirib nafasini rostlab olgach, Beri butalar ichiga kirdi. Beri shunday epchil yashirindiki, butalar ustida faqat archagina dikkayib turardi. U archaga mo‘‘jazgina qushcha kelib qo‘nguncha berkinib turdi. Qushcha niholning uchiga ko‘nib olib, o‘z tilida nimadir, deb chug‘urladi-da, shoxdan-shoxga sakrab, uchdi-ketdi.
Qisqa muddatga mehmon bo‘lgan qushchaning tashrifidan ko‘ngli yayragan Beri butalar orasidan chiqib, yana tepalikka ko‘tarildi. Butun atrof kaftdek ko‘rinib turardi. Pastda shovqin solganicha yashil qirg‘oqlarga urilib Aragvi oqardi. Oqim bo‘ylab quyiroqda, daryo dara tomon burilgan joyda katta qishloq yastanib yotardi; o‘sha qishloqda jamoa xo‘jaligining idorasi, eng ko‘zga tashlanadigan bino – oppoq, baland, g‘ishtin imorat.
Birdan Berini shirin xayol chulg‘adi: o‘sha idoraga borib, xo‘jalik raisidan ignabargli o‘rmonlar o‘sadigan qandaydir o‘lkaga yo‘llanma so‘rash istagi tug‘ildi. O‘sha yerda ehtimol uning archasi o‘sib ketar.
Beri bu imkoniyatdan shunday sevindiki, yurakdagi og‘riqni ham unutib, pastga qarab chopib ketdi.
Rais o‘z xonasida ekan.
– Menga yo‘llanma kerak,– dedi Beri.
– Qanaqa yo‘llanma, qayoqqa?– hayron bo‘ldi rais.
– Ignabargli o‘rmoni bor tomonlarga.
– O‘zimizda, shu yerda ish oshib-toshib yotibdi,– dedi rais.
– Bilaman,– javob berdi Beri.
– Bilganing yana ham yaxshi.
– Balki menga bitta topib berarsiz.
– Qayerdan olaman yo‘llanmani.
– Topib bering, menga judayam kerak.
– Namuncha yopishib olding. Menga qara, senga ukol qildirish uchun dori-darmon yozib berishdi. Nega rad etayapsan?
– Sen ham ularning gapini aytayapsanmi?
– Men o‘zim aytayapman, o‘jarlik qilma.
– Nima, u o‘sib chiqsa, men aybdormanmi?
– Ko‘kardi! O‘sib chiqdi! O‘z yelkangda o‘rmon xo‘jaligi barpo etishning ayni vaqti, turli olmalar, yovvoyi noklar, meva-chevalar ekish payti. Keyin parrandalar ham paydo bo‘ladi. Keyin talon-tarojchilar, yog‘och o‘g‘rilari, tashmachilar tanda qo‘yishadi. Shunda mening oldimga yugurib kelasan, maosh oladigan o‘rmon xodimi tayinla deb. Ha, uzumzorlarni esdan chiqarma, kuzda uzumlarni ezamiz, sharob ichamiz, yashash kerak-ku, axir... Menda yo‘llanma yo‘q, odamlarning boshini qotirib yurishni qo‘y, aytganlarini qil. Bu – mening shaxsiy fikrim: sug‘urib tashla o‘sha archangni.
Nima ham derdi? Beri idoradan indamay chiqdi va Aragvi oqimi bo‘ylab pastga qarab yurib ketdi.
Uchragan odamlardan Borjomi yo‘lini so‘rab boraverdi. Uning yelkasidagi archani ko‘rganlar Beriga telbaga duch kelgandek qo‘rqa-pisa qarab-qarab qo‘yardilar.
Borjomida Berini mehmonxonaga kiritishmadi. Sanatoriyalarda esa begonalarga joy topilmadi.
Beri uzoq o‘ylab o‘tirmadi, archazor o‘rmonda chayla qurib, u yerda kun bo‘yi yelkasidagi archasi bilan sayr qilib yurdi.
Bir hafta o‘tar-o‘tmas archaga jon kirdi, ko‘karib, Berining yonoqlari yonida igna barglarini lipillatib qoldi.
Archa tez o‘sa boshladi. Ko‘p o‘tmay, Beri uning ildizlari ko‘kragiga chirmashayotganini his etdi. Endi u archaning o‘ylarini eshitayotgandek, sezayotgandek, boshqa daraxtlar bilan nima haqda gaplashayotganini tushunayotgandek bo‘ldi. Endi unda ikkita qalb yashayotganini Beri his qila boshladi, ularning bir-biriga sirli intilishi uni qiynab yubordi. 
Bir oydan so‘ng Berining boshidan oshib, ancha to‘lishgan archa shoxlariga qushlar ko‘nib sayray boshlashdi.
Beri xotinini sog‘indi.
Jgunaini ko‘rgisi keldi.
Yelkasida anchagina bo‘y cho‘zib qolgan archasi bilan qishloq bo‘ylab yurgisi keldi. O‘rmon xodimiga so‘talar haqida bergan va’dasini unutmagandi.
U uyiga o‘rmonzor orqali borishga qaror qildi. Yo‘l-yo‘lakay odamlar bilan uchrashib qolishni istamagani uchun piyoda yurishni lozim topdi. Archalar bilan xayrlashdi-da, uyiga qaytdi.

“Archalarga xat!
Sizlarga qadrdon qishlog‘imdan yozayapman. O‘zimni yaxshi his qilayapman. Aylangani tez-tez o‘rmonga chiqib turaman. Qishloqdoshlarim meni ko‘rsalar teskari qarab o‘tmoqdalar. Gaplashmay qo‘ydilar. Odamga o‘xshab gaplashadigan yagona kishi – o‘rmon xodimi. Men unga birinchi so‘tani berishni va’da qilganman. Aftidan ziqna odamga o‘xshaydi. Mening archa ekanimga sira ko‘nikaolmayapti. Nega gilos bo‘lib o‘smading deb, ta’na qilgani-qilgan. Mevaga o‘ch bo‘lsa kerak-da.
Mana, bugun ham sayr qilib keldim. Xotinim hamisha yonimda yuradi. Yelkamdagi archa tanasi qayerdadir jar yoqasida meni pastga tortib ketmasin deb qo‘rqadi.
U taqdirga tan berdi.
Jgunai bizning qishloqdan ko‘chib ketdi. Boshqa bu yerlarda hech ko‘rinmadi. Uni juda ham sog‘inaman, avvallari biz qalin do‘st edik.
Ikki hafta burun to‘yda bir yosh qiz bilan raqsga tushdim. Biram chiroyli ediki, kelishgan, o‘rmonimizdagi archaga o‘xshaydi.
Qishlog‘imizda bitta ichadigan odam bor. Ichib oldi deguncha, boltani charxlaydi va to‘ng‘illaydi:
– Hozir Berini chopib tashlayman! Berini chopib tashlayman!
Undan uzoqroq yurishga harakat qilaman.
Bilib bo‘ladimi, bolta bilan sermab qolsa bormi?
O‘rmonimizdagi daraxtlar sarg‘aya boshladi. Ular men yashilligimni yo‘qotmaganimga hayron bo‘lishayapti. Hammadan ham mening bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yurganim hayratga solayapti.
Ular meni osmondan tushgan deb o‘ylashyapti, shekilli, izzat-hurmat qilishyapti.
Men ham sizlarga o‘xshab yerlikman desam, ishonishmaydi:
– Agar bizga o‘xshab yerdan unib chiqqan bo‘lsang, nega bir joyda turmay, u yoqdan-bu yoqqa yurasan? Nega qishda kiyimingni yechib tashlamaysan, o‘zingning ko‘rinmas barglaring bilan doimo yashil bo‘lib turaverasan?
Ularga nima deyay?
Qanday tushuntiray?
Mana, zarang, shu daraxt biror narsa tushunishi mumkin, bosh-qalar mening so‘zimni inobatga olishmayapti.
Men o‘rmonni uyaltirishni, unda biror shubha tug‘dirishni istamayman. Uyoqqa bormasam yaxshi bo‘lardi, bormasdan turolmayman. O‘rmonning eng quyuq joyida yoshgina bir shamshod niholi o‘sayapti; agar uni bir kun ko‘rmasam turolmayman. Men borganimda u shunaqa jonlanadiki, xuddi men bilan uchrashuvni o‘zi kutayotganiga o‘xshaydi. Biroq xotinim menga xo‘mrayadi va shamshodni chetlab o‘taman. Odamning qo‘lidan har narsa keladi. Rafiqam bolta ko‘tarib yurgan anavi aroqxo‘rni gijgijlamasa deb qo‘rqaman. Qandaydir qoraqayinni chopib tashlash ularga hech gapmas.
Hamyurtlarim ham daraxtlarga o‘xshab menga nisbatan yotsiray boshladilar. Qishloq chetida bir qariya yashaydi. Uning na xotini bor, na bolalari bor. Singlisi, ukasi ham yo‘q. Yakka moxovday. Avvallari iymon-e’tiqodi yo‘q odamday yashardi. Odamlardan uzlatga chekindi. Bir chekkada kulba tikladi, atrofiga devor urdi. Odamlar tashvishiyu quvonchlari unga begona edi.
Hozir u qarib-qartayib qolgan, qashshoqlik belini bukdi. Kishilar xudo rizosi unga non, suv berib ketishadi. Qurib, qoq suyak bo‘lib qolgan tanasida qalbi umid hasratida charx uradi.
O‘rmonga eltuvchi yo‘lim o‘sha cholning uyi yonidan o‘tadi. Har o‘tganimda tiz cho‘kib, yuzini osmonga tikkancha o‘tirganini ko‘raman. U nola qilib deydi:

Yonimga tush, xudoyim,
Qora yopinchig‘ing bilan yop,
Ko‘zlarimni ko‘r qilgin,
Quloqlarim kar qilgin,
Mana tilim – uzib ol,
Tizzalarim bo‘shashtir.
Qalbim qayra chalg‘i misoli,
Huzuringga ol meni?
O‘zgartirgin turmush tarzimni.
Zero qalbim toliqdi butun,
Zulmat ichra charchadi tutqun. 

Menga ko‘zi tushdi deguncha titroq qo‘llarini menga cho‘zadi:

Najotkordan men uchun so‘ra,
Sen so‘ray olasan, so‘ra men uchun...

Ich-ichimdan achinaman bu odamga, dilim og‘riydi, unga taskin berish uchun o‘tinch bilan ko‘kka tikilaman va deyman:
– Kela qol, afv et! Kela qolgin, gunohidan o‘t uning.
Lekin najotkor kelmaydi.
Ortga surayapti...
Tunlari g‘alati-g‘alati tushlar ko‘raman: Bir qarasam havoga ko‘tarilib parvoz qilaman. Bir qarasam yerning qa’riga tushib, uning yuragi qanday urayotganiga quloq tutaman.
Yer insonga o‘xshab nafas oladi. Bir nafas oladi-da, keyin goh sekin, goh tez nafas chiqaradi. Men uning nafas olishini sezayotganga o‘xshayman.
Ba’zan shunaqa bo‘ladiki, tushimda uchayotgan paytlarimda oqim meni chetga surib ketadi va men olis-olislardan yerni kuzataman.
Chetdan turib qaraganda yerning qiyofasi boshqacha:

U chinakam tirik jon!
Daryolari – uning qon tomirlari.
Dengiz va ummonlar – o‘pkalaridir.
O‘rmonlari unga nafas – davodir.
Qalbi uning toza havodir.
Yer bitta qiyofada –
Odam Ato hamda Momo Havodir.

Olisdan hamma narsa yerdan paydo bo‘layotgani va yana yerga qaytayotgani yaxshi ko‘rinib turarkan...
Qani endi sizlar ham mening tushlarimni ko‘rsangizu yerning qanaqa ekanligini bilsangiz.
Osmon-chi?
Men osmonga ham ishonaman, chunki yerga ishonaman. Va ehtimol, sizning har biringiz yerning zarrasi bo‘lganingizdek, yer ham osmonning bir zarrasidir.
Sizni balki mening sog‘lig‘im tashvishga solayotgandir. Bugun mening shoximga qo‘ngan qorayaloq shunday yoqimli sayrab berdiki, yurak og‘riqlari o‘z-o‘zidan esdan chiqib ketdi. Bu yerdagi o‘rmonda mendan boshqa archa yo‘q. Baland tog‘dagi bir yalang maysazor menga juda yoqib qoldi, hadeb o‘sha yerga borgim, o‘sha rohatijon o‘landa uzoq turgim kelaveradi. Shu yerdan bizning daramiz ko‘zga juda yaxshi, yaqqol tashlanib turadi. Kechalari mening ildizlarim yer bag‘riga kirib borayotgandek tuyulaveradi.
Sizlarni juda sog‘indim. Barchangizni bag‘rimga bosib qolaman.
Beri”.
Maktubdagi manzil:
“66733
Borjomi.
Ushbu xat archazor o‘rmonga tashlansin” deb yozilgan.

Qishga yaqin Berining yuragi borgan sari o‘zini ko‘proq eslatib qo‘ya boshladi.
Oqshomlarning birida u archaning ildizlari tizzasidan pastroqda o‘sib chiqqanini his etdi. Yuragi og‘ir zirqiradi.
Oydin tunda uydan chiqdi. Og‘ildan belkurakni oldi-da, tepalikka, toqqa yo‘l soldi.
Kech kuz edi.
O‘rmondagi daraxtlar go‘yo istig‘for qilayotgan bargsiz qo‘llarini ko‘kka cho‘zib turardilar.
O‘rmon nazoratchisining chaylasi ortda qoldi. Yarim tunda o‘zi yoqtirib qolgan yalangga yetib bordi.
Chuqur o‘ra kovlab, ichiga tushdi. O‘rada turib, kovlangan tuproq bilan o‘zini beliga qadar ko‘mdi.
Qaddini rostladi va shu ko‘yi qotdi.
Beri eng keyin his etgan narsa shu bo‘ldiki, ikki tana bir-biriga tutashib, bir jinsli ajralmas, yaxlit vujudga aylandi, nozik ildizlari bilan yerga yopishdi.
Yerga ildiz otgan archaning birinchi his qilgan narsasi quyoshning yer uzra nur socha boshlagani edi.

 Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.