OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Grigoriy Kvitka-Osnovyanenko. “Balo” qiz (qissa)

Yaqin kishingni yomonlashdan og‘ir gunoh yo‘q. Biz, masalan, ko‘chada ketayotgan biron kishini ko‘ramiz-u, darrov uning qayoqqa va nima maqsadda ketayotganini fahmlaganday bo‘lamiz; agar u o‘y sursa, niyati nima ekanligini sezganday bo‘lamiz va nima qilarkan-a, ishga tumshuq tiqib, deb o‘sha zahoti uni g‘iybat qila boshlaymiz, o‘zi bema’ni odam bo‘laturib shu qilayotgan ishi insofdanmikin, deb malomat qilamiz, sho‘rlikning boshiga ta’nalar yog‘dirib, uni hatto tushiga ham kirmagan, xayoliga ham kelmagan nojo‘ya gunohlarga ko‘mib tashlaymiz.
Lekin shunday qilishimiz yaxshimi, axir? Yo, o‘zgalar qilmishini nazorat qil, deb g‘oyibdan nido kelganmi bizga? Kelinglar, yaxshisi, o‘zligimizni bilaylik, boshqalar to‘g‘risida biron nima eshitgudek, yoki ko‘rgudek bo‘lsak, eshitmaganday, ko‘rmaganday bo‘laylik, nimagaki, ba’zida hammaning og‘zida, palonchi unday qilibdi, pistonchi bunday debdi, degan mish-mishlar tarqaladi; buni birov bosh-qa birovdan eshitgan, unga esa yana boshqa bir kishi, o‘z ko‘zi bilan ko‘rganligini aytgan bo‘ladi... 
Holbuki, yaxshilab surishtirib qaralsa, o‘sha g‘iybatga uchragan odam fuqaro manfaatini ko‘zlab shunday ishga qo‘l urgani ma’lum bo‘ladi; bordiyu bu qilmishi bilan kimgadir ziyon yetkazgan bo‘lsa, aksar payt shubha qilinayotgan odam emas, balki hech kimning xayoliga ham kelmagan mutlaqo boshqa odam aybdor bo‘lib chiqadi.
Mana shu zaylda bir xokisor odam badniyat, gunohkor kishining o‘rniga javobgarlikka tortilgan ediki, agarda bir qiz yelib-yugurib uni bandilikdan qutqarib qolmaganida, bechora adoyi tamom bo‘lgan bo‘lardi. Ha, bu “balo” qiz edi! Otasi Trofim Makuxa uni juda hurmat qilardi, sababki Ivge (qizning ismi shunday edi) bir so‘z aytsa, yuzta kampir ham uni niyatidan qaytara olmasdi. Xullas, uning aytgan so‘zi – otilgan o‘q edi.
Keksa Makuxa barcha ro‘zg‘or ishlarini qiziga topshirib qo‘yib halovatda yashardi. Chunki Ivga aqlu farosatda, topqirlik, tejamkorlik, uddaburonlikda tengi yo‘q qiz edi. Unga biron ko‘zlagan niyatingning uchini chiqarsang bo‘ldi – shu zahoti u qayerga va nima uchun qancha mablag‘ sarflashlikni hisoblab berardi. Agar Makuxa biron yangi ishni ko‘zlab, qizidan maslahat so‘ragudek bo‘lsa, Ivga otasiga faqat foydali maslahat berardi. Shuning uchun ham Makuxaning butun xo‘jalik ishlari boshqalarnikidan puxtaroq va yaxshiroq edi. Makuxa uylanganidan keyin, xotinining gapiga kirib, g‘allakorlik amalini tashlagan va tijorat bilan shug‘ullana boshlagan edi. U qatron, tuz bilan, ba’zida esa g‘alla bilan, duch kelgan boshqa mollar bilan ham savdo qilardi. Shu bilan birga, u mayxonasini ham yopmadi, lekin mayxonasi endi hamma uchun emas, balki faqat o‘tgan-ketgan musofir odamlar uchun xizmat qilardi. Uning yana karvonsaroyi ham bor edi – turgan gapki, karvonsaroyda hamma narsa muhayyo bo‘lishi kerak edi, sababki, izvoshchilarning, aravakashlarning talablari og‘izlaridan chiqmasdan tayyorlab berilishi lozim edi, ana shulardagina karvonsaroy daromad keltirishi mumkin edi.
Agarda xo‘jalik ishlarini Trofim Makuxaning o‘zi boshqarganida bormi, oradan sal vaqt o‘tar-o‘tmas uning “ulkan xonadon”i ham, musofir oshyoniga aylangan, hovlisidagi suli va boshqa g‘allalar bilan, shuningdek, turfa xil unlar bilan to‘ldirilgan omborlariga o‘rgimchaklar uya qurib tashlagan bo‘lardi. Aytmoqchimanki, agarda u xo‘jalik ishlarini o‘zi boshqarganida butun boyligidan mosuvo bo‘lgan va ikki qo‘lini burniga tiqib qolgan bo‘lardi, chunki shunaqa.... “ammamning buzog‘i” edi u... hay, barchasi xudoning panohiga! U nimani qachon va qay tarzda tayyorlash lozimligini uncha bilolmasdi; bunaqa odamlar haqida el og‘zida shunday ta’bir yuradi: u isitilgan uyidan tashqariga chiqqanida, bu yerda issiqning nima hojati bor, deb eshikni yopmasdi. Tushunmaydiki, pechka bilan isitilgan uy ham, agar eshik yopilmasa sovib qolishi mumkin. Polizda bir g‘aram pichanni, omborida o‘n chorak sulisi bo‘lsa, shu yem-xashakning o‘zi o‘n yilga yetadi deb, boshqa hech nimaning tashvishini qilmay, qo‘l qovushtirib o‘tiraveradi. Ana shunda otasining bunday kayfiyatini ko‘rgan Ivga o‘zini o‘tga-cho‘qqa urgancha, birovni u yoqqa jo‘natadi, boshqani bu yoqqa g‘izillatadi, o‘zi yugurib yeladi, nimanidir xarid qiladi, nimanidir qarzga oladi, kimnidir yollaydi, kim bilandir baylashadi – shuning uchun hamma ishi pishiq, hamma narsasi muhayyo. Aytmoqchimanki, Makuxa qizi Ivganing bunday sarishtaligi tufayli doimo halovatda yashardi!
Yana shuni ham aytib o‘tishim joizki, agar Makuxa xo‘jalikni o‘z o‘g‘li Timoxa bilan boshqaradigan bo‘lsa, tirikchiligi arang o‘tishiga ham ko‘zi yetmasdi. Timoxa ana shunaqa “qo‘li gul” yigit edi! Agar xo‘jalikni u boshqarganida, butun molu davlatlari sovurilib ketishi muqarrar edi. Timoxa chapani va olifta yigit edi: boshining qoq cho‘qqisida kokil o‘stirar, mo‘ylovini gajak qilib burar, hech qachon chakmon kiymas, doim xitoy mo‘ynasidan tikilgan bejirim chopon kiyib yurardi; belbog‘lari biri biridan chiroyli; begim kunlari kiyadigan qalpog‘i boshqa, bayramlarda kiyadigani boshqa, ammo biri biridan cho‘qqiroq; kiygan etigidan boshqa yana bir juft etigi doim qatronga bo‘ktirib qo‘yilgan bo‘lardi – ko‘ngli xohlagancha oliftagarchilik qilishi uchun; etiklarining bir jufti baland poshnali, ikkinchi jufti mix poshnali edi. Qani, ayting-chi, kim ko‘chadan baralla baqirib qo‘shiq aytib o‘tadi, kim qovoqxonada ulfatlarning “guli” bo‘ladi, kim mayxonada idishlarni chil-chil sindiradi, kim o‘n kishi ichadigan ichkilikni ichib mast bo‘lmaydi? Faqat Timoxa Makushshenko-da! Qizlar kimdan o‘zlarini olib qochishadi, mayxona xo‘jayini kimdan berkinib oladi? Kimdan bo‘lardi, faqat Timoxa Makushenkodan, albatta Ha, uning qo‘lidan har qanday yovuzlik ham kelardi! Zahariga ichib olib, duch kelgan odam bilan mushtlashar, qizlarni aldardi; qarta o‘ynagan paytlarida hammaning pulini yig‘ib olib, ularni mayxonama-mayxona sudrar, qizlarning o‘tirishlariga olib borardi. U bo‘lis mirzasi bilan qalin do‘st edi, ikkovlari til biriktirib, nima balonidir ko‘zlab yurishardi... Bu illatlar yetmaganday, u yana uchiga chiqqan o‘g‘ri ham edi. Ivga doim akasidan hamma molu pullarini ehtiyot qilardi. Timoxa ko‘zi tushgan narsani o‘marmay qo‘ymasdi. Lekin otasi uning gapini ikki qilmas, nima so‘rasa, hammasini gap qaytarmay beraverardi, chunki Makuxa o‘g‘lini jonidan ortiq yaxshi ko‘rar, papalab erkalar, hamma so‘ragan narsasini berib ko‘nglini ko‘tarardi – axir u yolg‘iz o‘g‘il edi-da. Shuning uchun, otasi, mayli, yoshligida to‘yib-to‘yib o‘ynab olsin, keyin, otamning bag‘rida rosa miriqib rohatda-farog‘atda yashaganman, deb eslab yurar, derdi. Shunday paytlar ham bo‘lardi-ki, Ivga otasi bilan tortishib, akasiga hech nima berdirmasdi, o‘g‘lingizni judayam taltaytirib yubordingiz, deb otasini urishib berardi. Shunaqa paytda Makuxa o‘g‘liga pul berishdan voz kechsa ham, baribir, keyin imi-jimida so‘ragan pulini berardi.
Timoxa ota huzurida miriqib o‘ynab-kular, ko‘ngliga siqqancha bevoshlik qilar, garchi uning g‘irt ishyoqmas takasaltang ekanligini hamma ko‘rsa, qishloqda bo‘ladigan barcha tartibsizliklarning sababchisi u ekanini hamma bilsa ham, hech kim unga qarshi g‘ing deb og‘iz ocha olmas, hech kim uni bezorilik qilishiga qarshilik ko‘rsataolmas, hech kim uning ustidan ma’murlarga shikoyat qilishga botina olmas edi, sababki, u boyning o‘g‘li – boyvachcha edi... Zero, qishloqlarda ham haqiqat xuddi shahardagidek edi: hamma yerda boylar ko‘ngliga siqqan bema’niliklarni qilishlari mumkin edi. Qaytaga, boshqalar ham, ba’zi-ba’zida ularning xurmacha qiliqlariga taqlid qila boshlardilar.
Garchi Timoxaning barcha beadabliklaridan boxabar bo‘lgan, uni kuzatuvchi odam bo‘lsa ham, Timoxaga to‘sqinlik qilishga haqqi yo‘q edi uning. Bu odam Makuxaning asrandi o‘g‘li Levko edi. Trofimning rahmatli xotini Gorpina bir kuni yettita go‘dakning ham otasi, ham onasi o‘lib, yetim qolishganini va ularni odamlar o‘zlariga bola qilib olishayotganini eshitib, u ham bir yoshli chaqaloqni, ya’ni mana shu Levkoni o‘ziga o‘g‘il qilib olgan edi.
Levko yetim bo‘lsa ham Makuxaning uyida yaxshi yashadi: uni yuvib- tarashar, yaxshi kiyintirishar, har yakshanbada egniga oppoq ko‘ylak kiydirib, yumshoq oq bo‘lka berishardi, u oyog‘iga qishda etik, egniga ancha tutilgan bo‘lsa ham po‘stincha kiyardi. Gorpina juda mehribon va xudojo‘y ayol edi, qashshoqlardan hech nimani ayamasdi. Nafaqat o‘z qishlog‘idagi, shuningdek, boshqa yerli qashshoqlar ham uning oldiga xuddi o‘z onalari pinjiga kelgandek kelaverishardi: Gorpina ularning biriga pul sadaqa qilsa, boshqasiga oq bo‘lka, yana biriga ro‘molcha taqdim qilar, xullas, hech kimni quruq qaytarmasdi. Qisqasi, u go‘dak yetimchani qo‘liga olganidan boshlab, uni jonidan ortiq yaxshi ko‘rib, mehr qo‘ygan edi. Sababi, O‘g‘li Timoxa bu bolani yomon ko‘rar, boz ustiga, Levkodan ikki yoshcha katta bo‘lgani uchun, doim turtkilar, kaltaklab bezor qilardi. Bola Timoxa ustidan Gorpinaga shikoyat qilar, Timoxa bo‘lsa otasiga shikoyat qilardi – oqibatda chol yana Levkoni kaltaklashga tushardi; kampir Levkoning yonini olib, to‘ng‘illaganicha cholini koyib berardi. Eri qanchalik johil bo‘lmasin, xotiniga gap qaytarishga jur’at etolmasdi, ammo Levkoni uchratib qolsa, aybi bo‘lsa-bo‘lmasa, uni do‘pposlar va Gorpinaga shikoyat qilishini man qilib qo‘yardi. Trofimdan bola shunaqa yurak oldirib qo‘ygan ediki, u bir o‘qrayib qarasa, qo‘rqqanidan butun vujudi titrab-qaqshay boshlardi. U nafaqat choldan, shuningdek, Timoxadan ham, tag‘in meni urmasin yo otasiga chaqib bermasin, deb qo‘rqib turardi. O‘zi tufayli chol-kampirning tez-tez jiqillashib turishini ko‘rgan Levko, ko‘pincha Gorpinaga shikoyat qilishdan o‘zini tiyar va boshiga tushgan azob-uqubatlar to‘g‘risida faqat Ivgaga yorilardi. Ivga undan besh yosh yoshroq edi, shu bois, yigitning ko‘nglini ko‘tarish uchun hech nima qila olmas va o‘tirvolib u bilan birga yig‘lashardi.
Gorpina uyda to‘la huquqli beka edi, hamma ishlar uning farmoyishi bo‘yicha amalga oshirilardi. U erining fe’lini bilar, shuning uchun uni hech qanday xo‘jalik ishiga aralashtirmasdi. To Ivga katta qiz bo‘lib qolgunicha. Gorpina Levkoni ish boshqarishga o‘rgata boshladi. Keyin u qizida xo‘jalik ishlarini yuritishga layoqati borligini ko‘rib, unga o‘zining uydagi vazifalarini o‘rgata boshladi. Ivgaga qaysi narsani qachon, qayerdan topib, g‘amlash kerakligini, karvonsaroyga kelib turuvchilarning hamisha faqat shu yerga qo‘nib o‘tishlari uchun ular bilan qanday muomala qilishni tushuntirdi. Hamma qaznoq va omborlarning kalitlarini u Ivga bilan Levkoga topshirdi; don-dun bormi, yem-xashak bormi, jamiki ro‘zg‘or va xo‘jalik buyumlari endi shu ikkovining qo‘lida edi; sarmoya ham, barcha hisob-kitob ishlari ham Ivga bilan Levkoning ixtiyorida edi, Gorpina ularga faqat yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turardi. U o‘g‘li Timoxani ham xo‘jalik ishlarini boshqarishga o‘rgatmoqchi bo‘ldi-yu, lekin uning xudodan qo‘rqmay, xaridorlarni ham puldan, ham tarozdan ura boshlaganini, doim mast-alast yurib, odamlar bilan mushtlashgani chog‘langanini, ba’zida esa ularning pulini ham o‘marganini ko‘rib, bu niyatidan voz kechdi. Zero, u karvonsaroy sha’niga dog‘ tushirishi mumkin edi. Agar buning oldi olinmasa, odamlar bu dargohga kelishdan qadamlarini uzgan ham bo‘lardilarki, Gorpina bu ahvolni ko‘rib, o‘g‘liga erk bermay qo‘ydi, vaqti qazosi yetganda esa, butun xo‘jalik ishlarini qizining ixtiyoriga topshirdi va hamma sohada mufassal yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi. Levkoni esa, butun oila a’zolari himoyasiga topshirib, uni hech nimadan kamsitmaslikni, ko‘nglini og‘ritib xafa qilmaslikni va basharti, agar uning o‘zi o‘z xo‘jaligiga ega bo‘lishni xohlagudek bo‘lsa, xohishiga monelik qilmaslikni vasiyat qildi: “Sen, qizim, uning yangi ro‘zg‘or qilishida ko‘maklash, hamma kerakli buyumlar bilan ta’minla, o‘zing bilasan, Levkoning ko‘p yordami tegdi bizga, uning sharofati bilan ancha-muncha daromad qildik,– sen uning shu qilgan yaxshiligiga yarasha, o‘zing ham yaxshilik qil. Bordi-yu, agar bir-biringlardan ajralmay, turmush qurgudek bo‘lsanglar, nur ustiga a’lo nur. Eru xotin – qo‘sh ho‘kiz bo‘lib, ro‘zg‘orni tebratasizlar, otangni tashvishga solib qo‘ymaysizlar! Ammo-lekin Timoxaga erk bera ko‘rmanglar, yo‘qsa u seni ham, qizim, to‘qqiz pulga sotib yuboradi, otangni ham qimorga boy berib ichadi, butun molu davlatimizni yelga sovuradi”. 
Ona o‘lganidan keyin, Ivga butun xo‘jalikni o‘zi boshqarishga kirishdi, otasining o‘zboshimchalik qilib pul sarflashiga yo‘l qo‘ymadi. Oldi-sotdidan tushgan pullarni u otasiga topshirar, lekin uning fe’lini yaxshi bilgani uchun, mening maslahatimsiz hech bir narsaga bebiliskaga pul sarflamang, deb qattiq tayinlab turardi. Ota ham xuddi ilgari xotinining amriga itoat etganday, qizining gapiga ham quloq solar edi. Qariya o‘g‘li Timoxani yaxshi ko‘rar, doim uni papalagani-papalagan edi, u pul so‘raganida hech yo‘q deyaolmasdi, ammo Ivga otasiga bunday qilishni taqiqlab qo‘ygan edi va Timoxa uchun har oyda qanchadan pul berib turishni belgilab bergan edi. Ota ham unga bo‘ysunardi... Lekin Timoxa olgan pul qanchaga yetardi, deysiz! Pul qo‘liga tushgan zahoti, uni aroq ichib, yo bo‘lmasa, maishat qilib quritar, keyin to yangi oy boshlanguncha ilhaq bo‘lib, tishining kirini so‘rib yurardi. Oqibatda, nuqul Levkoga zahrini sochgari-sochgan edi, chunki, u asrandi o‘g‘il bo‘lsa ham, hamma ishda bosh-qosh-u. Timoxa ota o‘g‘li bo‘laturib, hech narsaga haqi yo‘q edi. Shuning uchun hamma balo shu Levkoning kasriga bo‘lyapti deb o‘ylab, kunuzzukun uning ustidan otasiga g‘iybat qilib, qulog‘ini pishitgani-pishitgan edi. Trofim ham Levkoni har uchratganida so‘kib, o‘shqirib berardi, bechora Levkoning toqati toq bo‘lar, pichoq suyagiga yetgandi. Bu xonadondan, bosh olib ketardi-yu, lekin u Ivgani yurak-yuragidan sevib qolgandi, Ivga ham unga taskin berib, mana, oldin akamni uylantirib, ro‘zg‘orini boshqa qilaylik, otamni uning qaramog‘iga topshiraylik, keyin sen bilan turmush quraman, ana unda o‘z ro‘zg‘orimiz bo‘ladi, deb aytardi.
Shunday kun kelishini intizor bo‘lib kutgan Levko Makuxaning zug‘umlariga tishini tishiga qo‘yib chidar, o‘z ishi bilan ovunib, oz-ozdan pul jamg‘arardi. U Timoxaning qing‘ir ishlarini ko‘rmaslikka qancha urinmasin, baribir, uning taralabedod aysh qilib, mast bo‘lib odamlar bilan mushtlashib yurganini, ayniqsa, qandaydir og‘ir bir jinoyat qilib qo‘yib, oshnasi – bo‘lis mirzasi yordamida aybini yopti-yopti qilganini va bu “yaxshi”ligi uchun mirzani o‘z singlisiga katta sep bilan turmushga bermoqchi bo‘lganini – teshik quloq eshitgan, bilgan edi. Levko ana shu haqda otaga gapirishga jazm qildi. Xo‘sh, nima bo‘ldi shu bilan? Makuxa ishonmadi, Levko o‘g‘limni yomon ko‘radi, shuning uchun uni g‘iybat qilyapti, degan qarorga keldi. Shunda Levko Timoxa tomonidan puli shilingan yoki pand yegan odamlarni cholning oldiga boshlab keldi, lekin Makuxa, Levko o‘g‘limga tuhmat qilish uchun, bu odamlarning qulog‘ini pishitgan, deb hech bir gapga ishonmadi. Xo‘sh, shundan keyin Levko nima ham qila olardi? Gung bo‘lib yuraverdi; holbuki, Timoxaning qing‘ir ishlari kun sayin bolalab borardi.
Levkoning ko‘nglini faqat Ivga yupatar va ba’zi-ba’zida shunday derdi: “O‘zimam, Levko, sezib turibman, akamning qarshisida sen hecham otam bilan totuv yasholmaysan... Bas, yetar shuncha chidaganim, aytaman otamga: meni senga turmushga bersin, onamning vasiyatiga ko‘ra. Fahmimcha, otam qaytaga xursand bo‘ladi meni chiqarib yuborganidan, negaki o‘shanda Timoxa bilan bema’niligini qilish uchun imkon tug‘iladi. Otam to‘yimizni ham qilib beradi, mening seplarim solingan sandiqniyam, onam to‘yimga atab hozirlagan ko‘rpa-yostiqlarniyam beradi, lekin bir tiyin pul bermaydi; holbuki, hamma jamg‘arilgan pulni, aslida, sen bilan ikkovimiz topganmiz – bu haqda o‘ylamaydi ham. Voy, u shunaqa qurumsoqki... Bilasan-ku, u o‘zi yotadigan mehmonxonaga hech kimni kiritmaydi, xonaning kalitini ham hech kimga ishonmaydi, faqat juda nochor ahvolga tushgandagina menga beradi. Pul saqlanadigan sandiqning kalitini-ku, hatto menga ham hech qachon ishonmagan. Unga pul berganimda ko‘raman, sandig‘ida puli jaraq-jaraq, lekin bizga u puldan hech nima nasib qilmaydi. Axir pulimiz bo‘lmasa qanday ro‘zg‘or tebratamiz? Ishni nimadan boshlab, qaysi pulimizni muomalaga qo‘yamiz? To‘g‘ri, biroz vaqtdan keyin, xudo xohlasa, o‘zimizni o‘nglab olardik ham: yaxshi odamlar ko‘p, ular otamdan ko‘ra bizni ko‘proq tanishadi, ularga murojaat qilsak, albatta, yordam berishadi, faqat ishni boshlashga hech vaqomiz yo‘q. Sen, pulim bor, deb aytuvding. Qayerda u?
– E, nima bo‘lardi mening pulim, – dedi Levko va yuragi bir orziqib tushdi. U pulini bo‘lib-bo‘lib, arpa, qatron va boshqa narsalar xarid qilish uchun bir odamga ishonib bergan edi. Lekin shundan beri o‘sha odamni ham, pulini ham boshqa ko‘rmadi. Shuning uchun ham Ivga bergan savoldan ko‘ngli g‘ash bo‘lib shunday dedi: – Ozgina pul! Aytishgayam arzimaydi! Foizi bilan qo‘shganda ellik so‘mcha keladi. Nima ham qila olardik bu pul bilan?
– Dastlabki paytda shuning o‘zi ham ancha ishga yarab qolardi. Ilojimiz qancha? Ro‘zg‘orimizga zarur bo‘lgan narsalarning bir qismini pulga, qolganini qarzga olib turardik, shu tariqa o‘zimizning karvonsaroyimizni ochishimiz mumkin. Xudoning panohida asta-sekin xo‘jaligimizni o‘nglab olardik. Sen borib, odamlardan qarzingni talab qil, keyin ishni boshlab yuboramiz.
Ivga shunday deb Levkoni bir necha marta qarzini undirishga yubordi. Lekin yigit, qarzni bir haftadan keyin, yo ikki haftadan keyin beradigan bo‘lishdi, deb kelib Ivgaga yolg‘on so‘zlashga majbur bo‘lardi. ... Iloji qancha? Agar Ivga uning pulni qanday sarflaganini bilsa, koyib berardi-da, albatta...
Bir kuni Ivga Levkoga dedi: – Otam uyda yo‘q, kechqurun qaytadi. Men sen bilan bo‘lajak ishimiz haqida imi-jimida gaplashib olishim kerak. Mana bu otam yotadigan xonaning kaliti. O‘sha yerda meni kutib tur. Men bir zumgagina qo‘shni xotinnikiga chiqib, ikki og‘iz gapim bor, shuni aytib qaytaman. Keyin ikkalamiz ertadan keyin nikohdan o‘tish tadorigini ko‘ramiz. Karvonsaroyda ham, uyda ham begona odamlar ko‘p, sen bilan maslahatlashib olgani boshqa joy yo‘q. O‘tinaman sendan, o‘sha yerda jimgina o‘tirib tur, zinhor otamning sandig‘iga yaqinlasha ko‘rma: u har balodan gumonsirayveradi, qayerga nima qo‘yganini biladi, pulini o‘g‘ri urib ketishidan qo‘rqadi...
Levko Ivga aytganidek ish tutdi. Qiladigan ishlarini bitirib, Makuxaning xonasiga yo‘l oldi.
Eh, Ivga, Ivga! Elakka chiqqan xotinning ellik og‘iz so‘zi bor, deganlaridek muncha uzoq qolib ketmasang? Nima ish bilan chiqqan eding o‘zi qo‘shninikiga? Sen u yoqdaligingda uyingda nimalar bo‘lganini bilasanmi? Tezroq kel, o‘z ko‘zing bilan ko‘r!
Keksa Makuxa bugun uyga kutilmaganda ertaroq qaytdi, buning ustiga, picha kayfi ham bor edi. Bu holni ko‘rgan Timoxa, hozir undan bir nima undirish osonroq bo‘ladi, deb o‘ylab, peshvoz chiqib dadajonini qarshi oldi va atrofida parvona bo‘lib, undan pul so‘ray boshladi. Oldiniga u besh so‘lkavoy so‘ragan edi – otasi uni ko‘kragidan itarib yubordi: keyin uch cho‘lkavoy so‘radi – otasi uni jerkib berdi; faqat bir so‘lkavoy so‘ragan edi – ota po‘ng‘illab, hatto yarim so‘lkavoy ham bermayman, dedi, Timoxa hamon otasining oyog‘iga yiqilib tilanchilik qilaverdi. Otasining axiri unga rahmi keldi va mayli chorak so‘lkavoy berarman, dedi-da, o‘z xonasi tomon yo‘l oldi. Xonaning qulfi ochilgan edi.
– Ko‘rdingmi,– dedi ota o‘g‘liga,– uyda Ivga bor ekan! Oldin u chiqib ketsin, keyin beraman pulni; o‘zing bilasan singlingning fe’lini, senga pul berishimni yoqtirmaydi, nuqul po‘ng‘illagani-po‘ng‘illagan.
– Qo‘yavering, dada!– dedi shunda Timoxa.– Agar po‘ng‘illasa, o‘ziga ham yalinib ko‘raman. Yuraqoling.
Ular eshikni ochib ichkari kirishdi... Yo xudoyo tavba! Bu nima o‘zi? Makuxaning sandig‘i ochilgan, buzilgan qulf yerda yotibdi... sandiq tepasida... Levko turibdi! Aftiga qarab, bu Levkomi yo unga o‘xshash boshqa odammi, deb o‘ylaysan!.. Uning rangi dokadek oqarib, ko‘zlari ich-ichiga botib ketgan... Bir qo‘lida pul to‘la hamyon, ikkinchi qo‘lida – bir siqim so‘lkavoylar... Chamasi, bu uning sandiqdan birinchi marta pul olishi emasga o‘xshaydi, chunki hamma yoqda, yerda so‘lkavoylar sochilib yotardi. Aftidan, shoshgan bo‘lsa kerak, qopchiqdagi pullar sochilib ketgan...
Makuxa buni ko‘rdiyu ikki kafti bilan etagini shapatilab baqirib yubordi: “Iye, sen nima qilib turibsan bu yerda?” Levko esa, xuddi bezgagi qo‘ziganday, afti tamoman o‘zgarib ketdi, dag‘-dag‘ qaltirarkan zo‘rg‘a tili kalimaga keldi: “Men, amaki... balki... men emas...”– “Sen emasmisan, o‘g‘ri?.. Sen emasmisan?.. Ushlanglar uni! Yigitlarni chaqir bu yoqqa!” – Shu zahoti Timoxa karvonsaroydagi odamlarni chaqirib keldi...
– Ushlanglar uni... Oyoq-qo‘lini bog‘langlar bu o‘g‘rini!– deb baqira boshladi hamma.
Bechora Levkoni mahkam ushlashib, darhol belbog‘lar bilan qo‘llarini ham bog‘lashdi, tag‘in qochib ketmasin, deb oyoqlarini ham tushovlashdi. Keyin uni bo‘lis mahkamasiga sudrab olib ketishdi: olti kishi uni ikki yog‘idan mahkam ushlab olgan, yana o‘ntacha odam – kim tayoq, kim katta qoziq, kim kosov bilan bilan qurollanib, Levkoni xuddi ariston odamday, atrofini o‘rab kuzatib borardi.
Sho‘rlik Levko-chi? U nima ham qila olardi? Turgan gapki, qarshilik ham ko‘rsata olmay bir og‘iz so‘z ham aytolmay, sudragan yerlariga borardi, uning bo‘yniga buzilgan qulf osilgan, uzun cho‘pga u o‘g‘irlagan,– buni hamma ko‘rgan,– xuddi nikoh to‘yida kelinning sarposini ilishganday pulning qopchig‘i ilingandi. Bu qulf bilan qopchiq u qilgan jinoyatning daliliy ashyolari edi. Olomon hali darvozadan ko‘chaga chiqib ulgurmasidan, zumda tumonat odam yig‘ildi... Xuddi to‘yxonaga kelgandek. Ana shunda g‘iybatchi xotinlarning ovi yurdi! Levkoni tutib ketayotgan olomon o‘n qadamcha ham bosishga ulgurmay, qo‘shni xotin qo‘shnisiga bir dunyo mish-mishni to‘qib aytib tashladi: Makuxaning asrandi o‘g‘li bor-u – Levko, o‘sha uxlab yotgan otasining tepasiga kelib, uni so‘ymoqchi bo‘lgan ekan, yaxshiyam, ustiga Timoxa kelib qolib, otasini bir o‘limdan asrab qolibdi. Voy, u bezori Timoxaning biqiniga ikki marta, bo‘g‘ziga bir marta pichoq tortib yuborgan bo‘lsa ham, shunga qaramay, Makushenko Levkodan zo‘r chiqib, uni bog‘labdi, baqirib, odamlarni yordamga chaqiribdi... bir zumda yetib kelgan odamlar Levkoni qo‘lga olishibdi...
O, odamlar, Levkoni to bo‘lis mahkamasiga olib borishguncha, hali bunaqa mish-mishlarning yana qanchasi yoyilarkin butun qishloqqa?..
Olomon borgan sari ko‘payib, qishloqning tor-tor ko‘chalariga sig‘may qoldi. Bu ham yetmaganday, to‘daga bolalar ham kelib qo‘shilishdi. Ular olomon orqasidan ergasharkanlar, aristonning oldiga yugurib kelib, uni: “O‘g‘ri!... Qaroqchi!.. Cho‘z so‘lkavoydan bizgayam... Ey, o‘z otasining pulini o‘g‘irlagan o‘g‘ri!..” deb va yana shunga o‘xshash so‘zlar bilan tahqirlay boshladilar.
Bu haqoratu mazaxlarga qanday chidasin Levko? Endi kim degan odam bo‘ldi u? U olomon kurshovida borarkan ko‘zi hech narsani ko‘rmas, faqat odamlarningg masxaralovchi so‘zlarini, qarg‘ishlari, so‘kishlarini, ta’nayu malomatlarini eshitardi... U ketaturib ko‘zini osmonga tikar, og‘ir xo‘rsinar va o‘ziga o‘zi: “Yo rahmdil egam! Shu menmanmi? Menga nima bo‘ldi o‘zi?” – derdi. Ba’zida u, o‘zimga yaqin biron odamni ko‘rib qolarmikinman, degan niyat bilan odamlarga ko‘z tashlardi...
Bu shovqin-suronni eshitgan Ivga qo‘shninikidan yugurib chiqdi va boshiga ne savdo tushganini bilmay, odamlardan, kimni tutib olishibdi, deb surishtira boshladi. Hozirjavob qo‘shni xotinlar shu zahoti nima bo‘lganini unga o‘zlari bichib-to‘qigancha so‘zlab berishdi, buni eshitib, Ivga o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi... Rangi dokaday oqarib, dag‘-dag‘ qaltiray boshladi, agar qo‘shni ushlab qolmaganida yiqilib ham tushardi. U Ivgaga, senga ko‘z tekkan, tezroq tabibga olib boray – yomon ko‘zdan asrab dam solib qo‘ysin, dedi.
E, sevgan qaylig‘ining boshiga shunday musibat tushgan paytda ko‘z tegishiga balo bormi? “Yo‘q,– dedi Ivga,– yo‘q, aylanay xaloskorginam, yo‘q, o‘rgilay xolajon! Hozir menga tabib yordam qilolmaydi! Yaxshisi, yuring, bo‘lis mahkamasiga boraylik, Levko nima qilib qo‘ygan ekan, eshitamiz, agar uning shu qilganlari rost bo‘lsa, o‘sha yerda, uning oyog‘i ostiga yiqilamanu o‘laman!..”
Qishloq ma’murlari, xuddi asalga yopishgan pashshalarday, mahkama sari shoshilishdi. Axir ma’lum-ku, agar biron kimsaning boshiga savdo, falokat tushsa, hakamlarga ham da’vogardan, ham aybdordan biron nima unishi muqarrar, quruq qolishmaydi, albatta... Axir ular – hakamlar! Bu yerda ham shunday bo‘ldi: mahkama sardori rahbar sifatida, stolning to‘riga o‘tirdi, uning ikki yonidan qishloq oqsoqollari joy olishdi, stolning etagiga esa, siyohdon va qog‘oz bilan qurollangan bo‘lis mirzasi joylashdi. U allaqachon Timoxa bilan pichirlashib bir nimalarni kelishib olgan edi. Shu bois yuzida tabassum bilan o‘rniga kelib o‘ltirarkan, yo‘talib-yo‘talib qo‘yib, qog‘ozga nuqul: “Patqalam bilan siyoh sinovi...” – deb yozardi. Yozib turib bu yerga to‘plangan odamlarga qarab-qarab qo‘yardi, odmi ki-yinganlarga-ku, e’tibor ham bermasdi, nuqul movut chakmon kiyganlar bilan ko‘z urishtirib, xuddi ko‘zi qaymoqqa tushgan mushukday tamshanib qo‘yardi.
Sardor, o‘g‘rini obkiringlar, deb buyurdi. So‘ng qariya Makuxani yoniga chaqirib olib, nima bo‘lganini so‘radi. Makuxa hamma bo‘lgan gapni – xonaga kirib, Levkoni qo‘lida pul changallagan holda sandiq oldida turganini so‘zlab berdi. Levko bir nima demoqchi bo‘lib, og‘iz juftlagan edi, lekin sardor uning og‘ziga urib o‘dag‘aylab berdi: “Mening oldimda sen g‘ing deya ko‘rma! Bilasanmi, men kimman? Men sardorman, sardor sening gapingni eshitganimas, jazoga tort-gani kelgan. Guvohlar bormi?” – deb so‘radi u Makuxadan, bu yerga to‘plangan jamoa tomonga qarab. Yigirmatacha odam Levkoni qo‘lida pul bilan turganiga, shuning-chun uni hibsga olishganiga guvohlik berdi... “Vassalom, ish tamom!”– dedi sardor stol ortidan turarkan. Boshqa oqsoqollar ham unga ergashib o‘rinlaridan turisharkan: “Ana xolos, buni qarang-a!”– deb qo‘yishdi.
– Mirza!– dedi sardor amirona buyruq berarkan,– sen guvohlarni ro‘yxatga ol, hammalariga barmoq bostir, keyin tezda sudga xabarnoma yoz. Bizlar bo‘lsak, Makuxanikiga borib, tergov o‘tkazamiz. Men senlarga avvalgi sardorlaring Yevdokim emasman. Men tartibni bilaman va hurmat qilaman.
Keyin yuzboshi va o‘nboshilarga qarab, o‘z farmonining har bir moddasini barmog‘i bilan ko‘rsatgancha dedi: “Qulog‘ingizga quyib oling: hozirning o‘zida uyma-uy yurib, tovuq, tuxum va boshqa kerakli yeguliklarni muhayyo qilinglar. Bilasizlarmi, hali bu yerga sud hay’ati keladi tergov o‘tkazgani. Kim bilsin, balki ikki-uch kun turib qolishar, shuning-chun hamma narsa yetarli bo‘lsin... Qani, ketdik, boshla bizni uyingga Trofim Fedorovich”.
Qishloqlarda tergov qanday o‘tkazilishini bilgan qariya Makuxa og‘ir xo‘rsinib aftini burushtirdi. Nachora, yo‘l boshlamay iloji yo‘q edi. Ammo shu payt mirza sardorni yo‘ldan to‘xtatib:
– Pan sardor, jinoyatchini so‘roq qilish kerakdir, balki? – deb so‘radi.
– Nima, so‘roq qilib o‘tiramanmi boshimni og‘ritib? O‘zing ko‘rmayapsanmi? Bo‘yniga buzilgan qulf bilan pul xaltasi osilgan-ku...
– Ha, bu gapingiz to‘g‘riku-ya,– dedi mirza ensasini qashib...– Gunohkorligi oppa-oydin, lekin shunday bo‘lsa ham, o‘zining aybiga iqror bo‘lgani haqida dalolatnoma kerak-da...
– Sen uni tayoq bilan urib chalajon qilsang ham, iqror bo‘lmaydi aybiga. Nima balo, sen esingdan ayrilganmisan, qo‘ling shol bo‘lib qolganmi? O‘zing yozib, ishga tikib qo‘yaver-da. Men tartibni yoqtiraman.
– Shuningdek, aybdorning shaxsiy iqrorini ham qo‘shish kerak-da, ishga. O‘zingiz bilasiz, janoblari... yo‘g‘-e, janobi oliylari hamisha ishni ko‘rishda eng oldin, aybdorni shaxsan so‘roq qilardilar...
– Buni o‘zim ham bilaman,– dedi sardor.– Menga aql o‘rgatma: ishdan olib tashlangan Yevdokim emasman men senga. Aytganimni qil. Shaxsiy iqror menda, aristonni sovuqxonaga tashla, xabarnomani tezroq sudga yubor...
– Qancha o‘margan ekan Levko? Siz, pan sardor, bu haqda so‘ramadingiz ham...
– Ko‘proq yozaver. Mayli.... ikki yuz so‘m deb yoz... Nimasini ayaysan o‘sha Levkoning? Axir u o‘g‘ri, muttaham-ku! Qolaversa, Makuxaga hech achinmayman. Kim bo‘libdi u, ayab nima qilamiz? Yo‘qolgan bo‘lsa, uning puli yo‘qolgan, biznikimas. Qani, ketdik, pan hakamlar! Makuxaga jinoyat sodir bo‘lgan yerda aytaman hamma gapimni: nimasini, qanchadan, kimga, qanday qilib... deganday.
Uning bu gapi ma’nosiga tushungan Makuxa, yana ensasini qattiq-qattiq qashilay boshladi, shunday bo‘lsa ham hakamlarni uyiga boshladi... Sardor hammadan oldinda yo‘g‘on bir tayoqqa tayanib, xuddi xoda yutganday g‘o‘dayib, qovog‘idan qor yog‘ib borar, hakamlar esa, o‘zlarining doimiy: “Ana xolos, buni qarang-a!” so‘zlarini takrorlagancha sardorning orqasidan ergashdilar. Ularning ketidan Makuxa o‘z o‘g‘li va guvoh bo‘lgan jamoa bilan yo‘l oldi; o‘g‘li yo‘lga tushishdan oldin yana mirza bilan pichirlashib olgandi. Qolgan olomon esa, Levko bo‘lis maxkamasiga olib borilganidan keyin, lo‘lilar qishloqqa yetaklab kelgan ayiqlarni tomosha qilgani tarqab ketgan edi...
– Mahkamada yolg‘iz o‘zi qolgan mirzaning darrov dimog‘i shishib ketdi va o‘ngu so‘lga buyruq bera boshladi:
– Hey, qayoqdasizlar, o‘nboshilar? Aristonning oyoq-qo‘liga kishan solib, sovuqxonaga qamanglar. Qorovullar hushyor turishsin! Xabarnomani endi bugun yuborolmaymiz, negaki, sardor hozir tergov o‘tkazyapti, tergov tugagach, navbati bilan, o‘sha yerda kechlik qiladi, shuning-chun imzo chekishga ulgurmaydi. O! U senlarga avvalgi sardor emas: u imzo chekishdan oldin dalolatnomani albatta o‘qib chiqadi. Ha, yaxshi, pan sardor, cheksang chekaver imzoingni, ungacha men tayyorlab qo‘yaman xabarnomani...
Mirza boshidagi kokilini qashib olib, xabarnoma yozishga endi kirishgan edi, xonaga o‘qday otilib kirgan Ivga uning oyog‘iga yiqilib iltijo qila boshlaydi:
– Jo-on akajonim Kondratich, shunqorim! Xohlagan narsangni so‘ra... Mana, marjonimni ol.... Mana, tilla taqinchoqlarim, yana seni alohida xursand qilaman... Faqat ruxsat ber, Levko bilan yuzma-yuz gaplashib, nima bo‘lganini so‘rab bilay: u bunday qilmagan... Qandaydir xatolik yuz bergan... Faqat so‘rab ko‘raman...
Mirza, o‘z odati bo‘yicha tomoq qirib-qirib qo‘yarkan, nuqul mo‘ylovini gajak qilib burardi. Keyin o‘rnidan turib, xona ichida uyoqdan-bu yoqqa yura boshladi va nihoyat qo‘llarini beliga tiragancha gap boshladi:
– Yevgeniya Trofimovna! Nima balo, sen, jonginam yo jinni bo‘p qolganmisan, yo aqldan ozganmisan? Hali sen qizlik iffatingni, yosh umringni, husnu jamolingni oyoq osti qilmoqchimisan, butun molu davlatingni o‘sha o‘g‘ri bilan birga shamolga sovurmoqchimisan? Uning masalasi hal bo‘lgan: o‘ligi endi surgunda chiriydi. Sen bu haqda hech kuyib-pishma, o‘zingni urintirma ham, menga marjoning-ni ham, tilla taqinchoqlaringni ham berma; o‘zingni ber menga butun boyligingga qo‘shib. Men qobiliyatli yigitman. Sening tilla taqinchoqlaring va mening layoqatim yordamida zemstvo sudi maslahatchisi lavozimiga erishaman. Sen uyimiz bekasi bo‘lasan, men tergov qilib, dunyo orttiraman. Qalay, a? Yiqqanimiz o‘zimizga ham yetadi, bolalarimizga ham. Qo‘y, o‘sha qaroqchini! Men uni Sibirga jo‘nataman, keyin sen bilan ikkalamiz rohatu farog‘atda, halovatda umrguzaronlik qilamiz. Bugun kechasi men uni shaharga jo‘nataman. Ertaga uyingga sovchilarni yuboraman, sen ularni sochiqlar bilan qutlaysan ...
– Iloyo, sen yashshamagurni mirza qilib tayinlaganlar do‘zax alangasida yonsin! – deb Ivga bor ovozi bilan baqirib berdi unga.– Men bo‘laman-u, Levkoginamni shu holicha tashlab qo‘yamanmi? Axir onam rahmatlik menga uni izzat qilishni vasiyat qilganlar-ku! Shundoq qalbim sururidan voz kechib sendek el-yurt boshiga bitgan zulukka ko‘ngil qo‘yaymi? Chuchvarani xom sanabsan! Agar Levkoni Sibirga jo‘natsanglar – men ham boraman orqasidan! Haqiqat izlab bo‘lmas ekan senlardan. Men shahargacha borib, sud qiluvchi mansabdorlar bilan uchrashaman; Levkoning unaqa odam emasligini, uni chalg‘itib aldashganini hammaga gapirib beraman. Sen bo‘lsang, menga uylanishni xayolingga ham keltirma: sovchilaring uyimdan qovoq qo‘ltiqlab ketishadi.
– O‘sha Levkoingni Sibirda chiritaman!– deb baqirdi mirza.– Bor, yo‘qol ko‘zimdan o‘sha pora-moralaring bilan. Baribir, akang rozilik bergan senga uylanishimga, otang ham rozi bo‘ladi hali... Qani, tegmayam ko‘r-chi! Yo‘q desang, majbur qilamiz. Jo‘na, jo‘na!..
U shunday tahqiromuz gaplar bilan Ivgani mahkamadan haydab chiqardi, keyin g‘azabi qaynaganidan o‘zini nima qilishni bilmay, o‘tirib, tishlarini g‘ijirlatgancha, xabarnoma yozishga kirishdi. U kokilini dam-badam tutamlagancha, qiynala-qiynala Levkoni Makuxaning ochiq sandig‘i tepasida pul changallab turgan yerida qo‘lga olingani haqida, yana “bundan tashqari uning cho‘ntagida ham, qo‘ynida ham jami ikki yuz so‘mdan ortiqroq pul bor edi, yuqorida nomi zikr etilgan Leontiy yana ham ko‘proq pul o‘g‘irlash niyatida bo‘lganiga o‘zi quyida nomlari keltirilgan guvohlar oldida iqror bo‘ldi”, – deb yozdi. Shundan keyin u ushbu qishloqda istiqomat qilmaydigan notanish kishilarning nomlarini yozib, o‘zi ular o‘rniga imzo chekdi, barmoq bosdi-da, darhol sardor tergov olib borayotgan Makuxaning uyiga jo‘nadi. Borarkan, o‘zicha shunday mulohaza yuritardi: “Xohlamasmish! Ko‘ramiz! Shu bugun kechasiyoq xabarnomani shaharga jo‘nataman; sudyalar bilan til biriktirib, uni Sibirga surgun qildiraman! Seni, baribir, akang zo‘rlab bo‘lsa ham, menga xotin qilib beradi... Hamma boyliging meniki bo‘ladi! O, bu qizning boyliklari bir dunyo!”– Shunday xayollar bilan mast bo‘lib, u Makuxanikiga kirib bordi...
Xo‘sh, bu yerda sardor guvohlar ishtirokida qanday tergov olib borayotgan edi? Turgan gapki, zemstvo mansabdorlariga o‘xshab-da! Dastavval sardor va hakamlar kela solib stol atrofiga o‘tirishdi, Makuxa sho‘rlik paydar-pay dalillar keltira boshladi; dalillari – goh yovshan arag‘i, goh qalampir arag‘i bo‘ldi, keyin navbat arpabodiyon arag‘iga keldi – Ivga uni o‘tgan-ketgan hurmatli panlar uchun asrab qo‘ygan edi. Hammasini bir tomchi ham qoldirmay ichib tugatishdi. Ziyofat paytida ular goh pichan o‘rimi haqida, goh g‘alla hosili haqida gaplashisharkan, ko‘riladigan bugungi ish to‘g‘risida hech kim churq etib og‘iz ochmadi. Makuxaning oqsochlari oyog‘i kuygan tovuqday shosha-pisha ugra kesishar, varenik2tugishar, so‘yilgan tovuqlarning patini yulishardi, yana ular Ivga bo‘rdoqiga boqayotgan ikkita g‘ozni ham inidan tortib so‘yishdi... Ha, u sho‘rliklarning ham kuni bitgandi! O‘ziyam ziyofatmisan, ziyofat bo‘ldi! Uy bekasi bo‘lmish Ivgadan esa hech kim hech nima so‘ramadi ham. U yangi qurilgan bo‘m-bo‘sh xonaga kirib olib, Levkoning qismatiga va o‘z boshiga tushgan bu og‘ir musibatga chiday olmay, ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi... ko‘z oldi qorong‘ilashdi!..
– Timoxaning-ku, biti to‘kildi! U hammani mehmon qilarkan, birinchi navbatda o‘zini siylardi. Mehmonlar bilan ichisharkan, nuqul Levkoni so‘kar va u bechora xayoliga ham keltirmagan ayblarni ustiga ag‘darardi.
Mirza bu yerga yugurib kirib kelganida kechki ziyofat avjida bo‘lib, hali sariyog‘ga bulg‘anib, qaymoqqa botirilgan vareniklarga navbat kelmagan edi.
– Pan sardor bilan hakamlar shu yerdami? Nahotki tergov tugagan bo‘lsa?– deb so‘radi mirza; sardor unga dag‘dag‘a bilan javob qildi:
– Tugadimi, hukm ham chiqarildi. Nima, sen yaramasni kutib o‘tirarmidik? Men avvalgi sardor Yevdokim emasman, deb senga aytganman ham, tayinlaganman ham: men rahbar bo‘lgan yerda ish qaynashi, hamma ishda adolat bo‘lishi kerak. Xo‘sh, nimalarni yozding shu yarim kechagacha, nima obkelding? Balki hali bu qoralamasidir? Mana, hozir tamaddi qilib olay, ko‘rib chiqaman, bir lahzada xatolaringni topaman. O‘tir, diyonatli kishilarning kechlik qilishiga halal berma.
Pan sardor gapga kirishishi bilan, pan mirza zumda arpabodiyon arag‘idan ham tatib ko‘rdi, qalampir araqdan ham ichishga ulgurdi, yana yarimta tovuq go‘shtini hash-pash deguncha yamlamay yutvordi; bir bo‘lak g‘oz go‘shtini oyog‘i bilan birga kissasiga urdi (u buni maktabda o‘qib yurganida o‘rgangan edi) so‘ng varenikka hujumni boshladi. Shu zaylda u ichishda ham, yeyishda ham o‘zidan ancha oldin kelgan baloxo‘rlarga yetib oldi. U juda olg‘ir, abjir yigit edi! Shoshqaloqlik bilan ham ichar, ham ovqatlarni urarkan, ayni paytda o‘zining mirzaga xos odati bo‘yicha tomoq qirib, yo‘talib-yo‘talib qo‘yardi. Sardorning pin-g‘illashiga esa parvo ham qilmasdi. Chunki u: “Akillagan itdan qo‘rqma”, degan qoidani yaxshi bilardi, yana u, qaysi amaldor ko‘proq kekkaysa, ko‘proq kerilsa, nuqul tartib o‘rnatish bilan ovora bo‘lsa, u hech nimani bilmaydi, bilmaganidan, sening aytganingni qiladi, derdi. Bu pan sardor ham shunday amaldorlardan edi.
Hammalari miriqib yeyishdi, ichishdi. Pan sardorning tili zo‘rg‘a aylanar, qolgan hakamlar bilan guvohlar, garchi darrov tayoqlariga tayanib olgan bo‘lsalar ham, yurganda binoyiday gandiraklashardi. Pan sardor labi-lunjini zo‘rg‘a yig‘ib olib, Makuxaga non-namak uchun minnatdorlik bildirdi, Levkoni qilgan aybi uchun bo‘ralab so‘kdi va ertaga bu haqda sudga xabarnoma yuborishga so‘z berdi. Pan mirza bo‘lsa, oxirgi taom – sutli bo‘tqani, tomoq qira-qira yeb tugatarkan, arpabodiyon arag‘i quyilgan xumchadan hech ko‘zini uzolmasdi. Nuqul, yo‘q, pan sardor, siz aytganday bo‘lmaydi, deyishga urinayotganday, hadeb mo‘ylovini likillatardi. Nihoyat, u hamma ovqatini yeb bo‘lib, gazakka yana oxirgi qadahni ichdi-da, sardorga dedi:
– Qayoqqa ketyapsiz? Imzo chekmaysizmi xabarnomaga. Axir juda muhim voqea sodir bo‘ldi-yu, shu kechasiyoq xabardor qilishimiz kerak...
– S-sudnimi?– deb so‘radi sardor.
– Albatta, sudni-da,– deb qichqirdi unga mirza,– nima, esingizdan chiqdimi, pan ispravnik*, har bitta yuz bergan voqeadan shaxsan meni va faqat meni boxabar qilib turinglar, deb buyurmaganmidilar? Shunday deb turib u pan sardorning oldiga xabarnomani yozib qo‘ydi, cho‘ntagidan siyohdon olib, uning qo‘liga pat qalam tut-qazdi-da, dedi: – Qo‘l qo‘ying tezroq. Voy, qayoqqa yozyapsiz? Axir teskari ushladingiz-ku!
Sardor sal hushini yig‘ib olib, qog‘ozni to‘g‘ri qo‘ydi-da, o‘z ismini harfma-harf bittalab aytgancha imzo chekarkan, nuqul to‘ng‘illardi:
– Men yoqtirmayman tartibsizlikni... Men sizlarga Yevdokim
emasman... Yolg‘on so‘z bilan laqillatolmaysanlar meni!
Mirza imzo chekilgan xabarnomani sardorning qo‘l ostidan yulqib oldi-da, g‘izillatgancha uyiga jo‘nadi, konvert ustiga “o‘ta muhim” deb yozib, uni shu zahotiyoq ispravnikka jo‘natdi. Pan sardor-ku, bir amallab uyiga yetib oldi, chunki uyi yaqin edi, qolaversa, hali u baquvvat erkak edi, illo qolgan hakamlaru guvohlar, qay tomonga boshlari og‘ganini o‘zlari ham bilmadilar; ularni ertalab har yer-har yerdan topishdi – kechasi bilan sandiroqlab yurib, ko‘cha-ko‘chada cho‘zilib qolgan edilar. Mana shunday tergov qilgan edi ular. Sovuqxonaga qamalgan va oyoq-qo‘liga kishan urilgan Levko chekayotgan azobining cheki yo‘q edi. Oradan bir kun, ikki, uch kun o‘tdi. Soqchilar Ivgani unga yaqin yo‘latishmadi. U Levkoga ovqat obkelib turdi, lekin, eng muhimi, undan nega olding shu kasofat pullarni, deb so‘ragisi kelardi. Yana, qanday qilsak, bu ishni yopti-yopti qila olarkanmiz, deb maslahatlashmoqchi bo‘lardi. Lekin soqchilar uni nuqul haydashga tushardilar... Sho‘rlik qiz uyga qaytib kelardi-da, ko‘z oldi qorong‘ilashguncha yum-yum yig‘lardi!
Levkoni gum qilganidan quvonchi ichiga sig‘magan Timoxa bo‘lsa, Ivganing qayg‘uga botganiga parvo ham qilmay, xo‘jalikni boshqarishga kirishdi va kunuzzukun mirza bilan ulfatchilik qila boshladi... Qizig‘i shundaki, endi Timoxa mirzani emas, mirza Timoxani siylab mehmon qilar va ikki gapning birida, Levkoni gavron bilan savalatib Sibirga surgun qildirajagini aytib, hamtovog‘ining ko‘nglini xushlardi:
– Men,– derdi u,– hammasini do‘ndirdim: hamma gapni, hatto uni, o‘zi aybiga iqror bo‘ldi deb yozdim; ko‘rdingmi, men seni dushmaningdan, raqibingdan qutqardim. Sen endi singlingni zo‘rlab bo‘lsa ham menga ber. Menga molu davlat ham, boylik ham kerak emas, faqat singlingga uylansam bo‘lgani.
Mirza, garchi og‘zida shunday deyotgan bo‘lsa ham, aslida Timoxani aldayotgan edi: unga Ivga emas, bu xonadondagi boyliklar kerak edi. Zero, bu juda badavlat xonadon edi. Oxir-oqibatda, mirza Timoxani ham yomon xulqi uchun soldatlikka jo‘natib, butun xo‘jalikni o‘zi boshqarish niyatida edi. Qariya Makuxaning ham chorasini ko‘rib qo‘ygan edi. “Uni qishloqning eng badavlat fuqarosi sifatida soliq yig‘uvchi etib saylataman, keyin uni hisob-kitobda chalg‘itib adashtiraman. Shu bahona bilan butun huquqni o‘z qo‘limga olaman. Agar gapimga kirsa, hay-hay, ishini to‘g‘rilab beraman, bordiyu qaysarlik qilsa, uni qishloqdan badarg‘a qilaman. Battar bo‘lsin! Ivgani bo‘lsa, besh-olti marta boplab po‘stagini qoqaman, menga xalaqit qilmaydigan, ishlarimga tumshuq tiqmaydigan bo‘ladi... Ana unda, o‘z qobiliyatim, tadbirkorligim bilan juda boyib ketaman, ehtimol, shunda meni sud maslahatchisi etib saylashar ham... Hm! Hm!” Mirzaning ko‘knori xayollari ana shunaqa edi!
Oradan to‘rt kuncha vaqt o‘tibdiki, hali ham hech narsaning daragi bo‘lmadi... Bir kuni qishloqqa chopar kazak ot choptirib kelib, or-qamdan pan ispravnik kelyaptilar, deb xabar qildi. Shu zahoti xonadonlardan tovuqlar, tuxumlar yig‘ishga kirishishdi; uzumdan suzilgan vino – musallas va farangi araq xarid qilish uchun shaharga odam yuborishdi. Axir ertasi kuni juma edi. Pan ispravnik bu kuni ochidan sirilib o‘lsa ham jaydari taomlarni iste’mol qilmaydigan odat chiqargan edi. Shuning uchun, shahardan uvildiriq, Qrimning seld balig‘i, yangi tuzlangan osetra balig‘i, eng sarxil qisqichbaqalar va yumshoq teshikkulchalar oldirib kelishdi. “Ma’lumingizki,– der edilar sardor bilan mirza har doim jamoa yig‘inlarida,– janobi oliylari bizlarning tashvishimizni qilib ter to‘kib ishlaydilar, shunga ko‘ra, bizlar ham, o‘z navbatida, ul janobi oliylarining ko‘ngillarini ovlashimiz lozim”.
Mana, pan ispravnik ham ikki nafar kazak kuzatuvida, bir juft qo‘ng‘iroqchalarni jingillatib, o‘z mirzasi bilan aravada yetib keldi.
– Qayerda o‘sha uy? – deb so‘radi u baqirib.
Uni Makuxanikiga boshlab ketishdi. Lekin pan ispravnik uyga kirishidan oldin, karvonsaroyda istiqomat qilib turgan musofirlarning barini haydab chiqarishdi.
Ispravnik xonaga kirgach, birinchi navbatda xudoga sig‘inib cho‘qindi, shundan keyin:
– Biron yegulik bormi o‘zi bu yerda?– deb baqirdi.
– Bor, pan jano... yo‘g‘-e... janobi oliylari,– dedi mirza xokisorona mutelik bilan.– Vale, undan oldin tergov ixtiyor qilmaydilarmi...
– Yo‘qol ko‘zimdan, ahmoq!– deb baqirdi unga janobi oliylari yer depsinib va mirza uzatgan tergov qog‘ozini uning basharasiga otarkan.– Nima, meni och qoldirib sirmoqchimisan? Shundoq ham yo‘l azobidan qiynalib ketdim. O‘sha o‘g‘rini o‘zing so‘roq qilgin-da, keyin menga ko‘rsat. Hozir ovqat yemoqchiman!
Bizning mirza janobi oliylarini bezovta qilmaslik uchun oyoq uchida asta-sekin yurib xonadan chiqib ketdi. U dahlizdan chiqib, uy orqasiga o‘tdi va shu yerda, go‘yo Levkoni so‘roq qilganday tergov qog‘ozini to‘ldira boshladi, vaholanki, u Levkoni qamalgan kunidan beri bir marta ham ko‘rmagan edi. Pan ispravnik esa, shu asnoda miriqib tushlik qildi. U endigina tanovul qilib ham bo‘lgan edi, mirza uning huzuriga oyoq uchida pildirab kirib keldi va:
– Tergov guvohnomasiga imzo chekmoqni ixtiyor etmaydilarmi, janobi oliylari? – deb so‘radi.
Ammo janobi oliylari “gurs-gurs” yer tepinib, mirzaga o‘shqirib berishni ixtiyor qildilar va: “Ovqatdan keyin hordiq chiqarishim kerak, menga xalaqit qilma, dedilar hamda ariston masalasida guvohlarni yalpi so‘roq qilib, bu ishni uyqudan uyg‘ongunlaricha tugatishni amr etdilar.
Shohona tushlikdan keyin ispravnik janoblari “pinakka ketdilar”, sababki, u kishi tovuq go‘shti va quymoq ustida ko‘p zahmat chekdilar. Ul zotning mirzasini esa Timoxa Makushenko to‘ygunicha mehmon qilgach, daryoda cho‘milishga, keyin o‘rmonda maysalar ustida cho‘zilib yotib, trubka chekishga taklif etdi.
Pan mirzo esa, bu orada birtalay odamlarni yig‘ib, bo‘lis mahkamasiga boshlab keldi va ularni shunday so‘roqqa tutdi: “Qani, menga aytinglar-chi, azizlar, Makuxaning asrandi o‘g‘li Levkoning qanday sifatlarini bilasizlar? Kim nima deydi?”– shunday deb, u patqalamini qog‘oz ustida qitirlatgancha, jamoaning javobini kuta boshladi. Qariyalar, nima deyishlarini bilmay, yelkalarini qisishdi.
Kimdir yo‘talib qo‘ydi, kimdir qo‘lidagi tayog‘i bilan yer chiza boshladi, lekin hammalari gung edi. Nihoyat, bir qariya oldinga chiqib shunday dedi:
– Ha-a, anavi Levkomi? Makuxaning asrandi o‘g‘lini aytyaapsanmi?.. Uning qanaqa sifati bo‘lishi mumkin?.. Hm, hm!.. Xudo asrasin uni! Uning hech qanday yomon sifati yo‘q. Men qasam ichib, senga haq so‘zni aytishim kerak: u yaxshi bola, mo‘min-qobil, serg‘ayrat yigit; agar u bilan Ivga ikkovi xo‘jalikda tartib o‘rnatmaganida, Makuxa hozir hamma bud-shudidan mosuvo bo‘lgan bo‘lardi...
– Hamma ham shu fikrdami?– deb so‘radi mirza, Levkoni maqtashganlariga hasad qilib; uning ichini it tatalay boshlagandi. “Mayli... ko‘ramiz hali!” deb qo‘ydi o‘zicha.
– Hammamiz ham shunday deb o‘ylaymiz, qasam ichishimiz mumkin...– deb chuvillay boshladi butun jamoaa.
– Yaxshi, yaxshi, otalar,– dedi mirza,– kelinglar, barmoq bosinglar-da, uy-uyingizga ketaveringlar.
Mirza hamma qariyalarga barmoq bostirib, uylariga jo‘natib yubordi, so‘ng o‘tirib, ichidan to‘qib, falonchi va pismadonchilar qasam ichgan holda, Levkoning g‘irt o‘g‘ri, ishyoqmas, qishloqma-qishloq san-qib yuruvchi bezori, oilaviy hayotga noqobil, qilmishi faqat odamlarni tunash, mast-alast bo‘lib yurish, duch kelgan odam bilan mushtlashish ekanini, yana boshqa yomon jihatlarini ham sanab, qolaversa, o‘z xo‘jayinining pulini o‘g‘irlamoqchi bo‘lganini aytishganini, u bilan bir qishloqda yashashni xohlamasliklarini bayon etishib, ma’muriyatdan uni soldatlikka berib yuborishni yo Sibirga surgun qilishni so‘radilar, deb bir dunyo g‘iybatni to‘qib tashladi. Pan mirza barmoq bosgan fuqarolarning hammasi uchun o‘zi imzo chekarkan, bunday soxta yalpi tergovi uchun gunohga botishdan qo‘rqmadi! Ko‘rdingizmi, Levkoni qanday ta’riflaganini? Eh, shum niyat mirza!..
U yana guvohlarning ma’lumotlarini ham, ya’ni aybdorning cho‘ntagidan pullarni kim tortib olgani, kim ularni sanab chiqqani, Levko o‘sha pullarni yulqib olmoqchi bo‘lgani, keyin, baribir, aybini bo‘yniga olgani bormi – hamma-hammasini yozib chiqdi-da, o‘sha lom-mim demagan guvohlar nomidan imzolar chekdi. Keyin bu tergov hujjatlarini yig‘ishtirib, pan ispravnik joylashgan Makuxaning uyi-ga kirib bordi.
Ispravnik janoblari uyquga to‘yib uyg‘ondilar, homuza tortib, bir necha marta kerishdilar va o‘zlarini choy bilan mehmon qilishni amr etdilar. Farangi araq bilan choy ichib, trubka chekdilar. Nihoyat, yettinchi finjonni ichib bo‘lgach, shang‘illab:
– Hey, mirza! Buyoqqa kir! – dedilar.
Mirza ohista qadam bosib kirdi va pan ispravnikning ko‘ziga tikilgancha eshik oldida to‘xtadi. Hozir uning miyasida goh u fikr, goh bu fikr g‘ujg‘on o‘ynardi: pan ispravnik nima to‘g‘risida: uzilmagan qarzlar haqidami, yo‘llarning ahvoli haqidami yo fuqaroga yer taqsimlash masalasidami so‘ramasin, u hammasiga mukammal javob tayyorlab qo‘ygan edi, unga qanday savol berishmasin, baribir, yolg‘on ma’lumotlar bilan qutulib ketardi.
– Tergov nima bo‘ldi?– so‘radi pan ispravnik.
– Tugadi, pan.... e yo‘g‘-e, janobi oliylari! Tergov ham, so‘roq ham, guvohlarni yalpi so‘roq qilish ham tugadi.
– Ko‘rsat, buni mening mirzam tuzdimi?
– Yo‘q, janobi oliylari! Mirza janoblari jismlarini poklamoq maqsadida bir manzilga, ya’ni daryo bo‘yiga ravona bo‘ldilar, cho‘milib kirdan forig‘ bo‘lish uchun. Shunga ko‘ra, tergovni tezroq yakunlash maqsadida o‘zim...
Pan ispravnik tergovnomani uzoq vaqt varaqlab o‘tirdi, so‘ng dedi:
– Ma’qul, yaxshi. Hatto sud maslahatchisi Marko Pobeypech ham buni o‘qib, hech baloga tushunolmaydi... Yaxshi, uyimga borganda imzo chekaman bunga. Borib ayt, otlarni aravaga qo‘shishsin... Kim u dahlizda piqillab yig‘layotgan?
Bu yig‘layotgan bizning baxti qaro Ivga edi; u ispravnik bilan uchrashishni sabrsizlik bilan kutardi, zero, uning tushunchasicha, pan ispravnik o‘z lavozimiga ko‘ra, uning Levkosini himoya qilmog‘i kerak edi. Shuning uchun, ispravnik kelganidan beri, u Levko qamalgan sovuqxona oldidan jilmay, uni ispravnik huzuriga olib borishlarini kutdi, shunda o‘zi ham uning ketidan ergashib borib, tergovda Levkoning nima deb javob qilishini eshitmoqchi, qaysi shayton yo‘ldan urib, uni otasining sandig‘idan pul o‘g‘irlashga undaganini bilmoqchi edi.
Ispravnik bergan savolga pan mirza vijdonini yutib, yolg‘on to‘qishga shaylanarkan, kokilini silab, tomoq qirdi, belbog‘ini tortib qo‘ydi-da, bir vaqtlar eshitgani “yolg‘on gapirgan odamning ko‘zida o‘ynaguvchi jajji odamchalar oyoqlari osmonda bo‘lib turarkan”, degan ta’birni eslab, ko‘zini yerga qadagancha dedi:
– Bu, janobi oliylari, shu uy sohibining qizi. Mish-mishlarga qaraganda, yaqinda rekrutlikka (askarlikka) safarbarlik boshlanarmish. U yakkayu yolg‘iz akasini rekrutlikka olib ketishlaridan xavotirda...
– Nima, u bolaning xulqi yomonmi?
– Yo‘q, janobi oliylari, unda hech qanday yomon illat yo‘q, faqat quruq mish-mishlar, xolos, Bilasiz-ku, xotin zoti laqma bo‘ladi...
– Ayt unga, hech nimadan xavotirlanmasin. Borib ayt, yo‘lga hozirlik ko‘rishsin. Aristonni hoziroq jo‘nat shaharga. To men yetib borgunimcha, u o‘sha yerda bo‘lsin. Men zumda xal qilaman uning ishini. Ayt, yo‘lda unga ko‘z-quloq bo‘lishsin, tag‘in qochib ketmasin.
– Ijozat bersangiz, janobi oliylari, men o‘zim uni shaharga kuzatib borib, topshirganim haqida rasmiy hujjat olardim. Sudga kerak bo‘lib qoladi bu hujjat.
– Yaxshi, o‘zing olib boraqol. Jo‘na. Huzurimga sardorni yubor.
– Pan mirza xuddi biz-bizak o‘yinchoqday bir oyog‘ida orqasiga aylangandi, kokili silkinib ketdi... va zumda g‘oyib bo‘ldi.
U chiqib ketishi bilan darhol xonaga sardor kirdi va eshikni zichlab yopdi. Ular o‘zaro nima haqdadir uzoq suhbatlashishdi. Aytishlaricha, ichkaridan nimalarnidir taqir-tuquri, jingillagani eshitilibdi... Birov, Levko qo‘lga olinganda yonidan chiqqan pullarni sanashgan, desa, yana birov, kim bilsin, balki finjonlar yo boshqa buyumlar jaranglagandir dedi. Biz u yerda bo‘lmaganmiz, nima bo‘lganini bilmaymiz, bilish bizning ishimiz ham emas. Biz sizga Levko bilan Ivga haqida hikoya qimoqchimiz, lekin ortiqcha gap aytib yubormaslik yo kerakli gapni aytolmay qolmaslik uchun bu ikki yoshning o‘rtasiga tushmoqchi ham emasmiz. Ularni o‘z holiga qo‘yaylik-da, mirzaning orqasidan borib, uning qanday nayrang ishlatishini kuzataylik.
Ispravnik oldidan otilib chiqqan mirza eshik oldida achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kib yig‘layotgan Ivgaga shunday dedi:
– Yig‘lama, jonidan! Pan ispravnik janobi oliylariga astoydil iltijo qil. U eshitar balki, Levkoni uyda qoldirar, ishqilib, soldatlikka yubormasa bo‘lgani. Yalinib-yolbor janobi oliylariga!
– Mirza shunday deb o‘z vazifasini bajargani yugurib ketdi. Shu zahoti soqchilar ham, kuzatuvchilar ham shay bo‘lishdi; ular Levkoni, es-hushini yig‘ib olishiga ham imkon bermay, qo‘liga kishan urushib shaharga haydab ketishdi. Pan mirza ularning orqasidan otda kuzatib borardi...
Pan ispravnik janobi oliylari sardor bilan ishni bitirgach, aravaga o‘tirgani hovliga chiqdi, shu payt ostonada Ivga uning oyog‘iga bosh urib yolbora boshladi:
– Otaginam, o‘rgulay sizdan! Iltimos, topshirmang mening Levkomni!– dedi-yu, ho‘ngrab yubordi.
Ispravnik bo‘lsa, Levko kimu Marko kim, bilishni ham istamasdi, shu bois, bu qiz akasini askarlikka olmaslik to‘g‘risida iltijo qilyapti, deb o‘ylab, uni oyog‘i bilan turtib, dag‘dag‘a qildi:
– Muncha qo‘rqmasang, tentak qiz? Olishmaydi uni, olishmaydi...
– Buyuring, janobi oliylari, uni qo‘yib yuborishsin!– deya nola qildi Ivga ispravnik orqasidan arava tomon yugurib borarkan va uning kamzuli etagidan tortqilarkan.
– Aytaman, buyuraman,– dedi ispravnik og‘zidagi trubkadan tutun qaytarib, aravaga chiqib o‘tirarkan.– Uni olishmaydi...– Shunday dedi-yu, jo‘nab ketdi...
Otlar yugurib ketishdi, qo‘ng‘iroqchalar jingilladi, ikkita kazak aravaning oldida, uchinchisi yonida otlarini yeldirib borardilar.
 Pan ispravnik janobi oliylari bo‘lsa, tergovni shu tarzda o‘tkazib bo‘lib, aravada oyog‘ini uzatgancha o‘z xayollari bilan band bo‘ldi.
Uning mirzasi ham huzur qilib cho‘milib, o‘rmonda miriqib hordiq chiqargach, o‘z aravasiga o‘tirib, o‘z xayollari og‘ushida yo‘lga ravona bo‘ldi... Sal vaqt o‘tmay ispravnikning ham, mirzasining ham aravalari ko‘rinmay qoldi.
Payshanba kuni fuqarolardan yig‘ib kelingan va juma kuni shahardan xarid qilingan turfa xil taomlardan janobi oliylari yeb ulgurolmagan sarqitlar sardorga qoldi. Boshqa kimga ham nasib etardi ular?
Pan ispravniknng shunday marhamatli qarorini eshitgan Ivga, suyunganidan boshi osmonga yetib, yugurgancha sovuqxona oldiga bordi... “Voy, darrov bo‘shatib yuborishdimi?– deb o‘yladi u.– Eshik ochiq, soqchilar ko‘rinmaydi...” U bo‘lis mahkamasiga bordi.. E... qaysi nokas o‘tirardi bu yerda pan ispravnik jo‘nab ketganidan keyin? Endi uch kun izg‘ib ham ularni yig‘olmaysan. Agar yana shunaqa biron mojaro yuz berib ispravnik yo maslahatchining kelishi kutiladigan bo‘lsa, shunda hamma yana joy-joyida paydo bo‘ladi.
Ivgamizning qalbi quvonchga to‘la, uning ko‘nglida endi hech qanday g‘ashlik yo‘q. Uning o‘ylashicha, ispravnikning buyrug‘i bilan hibsdan ozod qilingan Levko, ehtimol, hozir daryoda cho‘milib pok-langani ketgandir, undan keyin, ehtimol, amakisining uyiga kirib tamaddi qilar... Shunday xayollar bilan Ivga uyiga yo‘l oldi va ko‘ngli taskin topib, yana ro‘zg‘or ishlariga berilib ketdi. Uyda ko‘p narsalar yeyilgan, ancha-muncha ichimlik ichilgan, ba’zi narsalar olib ketilgan, ba’zi narsalar qarovsiz qolgan edi... Bu g‘irt xonavayronlik! U biroz yig‘lab oldi, nima qilsin, ishga kirishdi: hammayoqni supurib-sidirar, yig‘ishtirar, uni joylar, buni yashirar, yugurib-elar ekan, ko‘zi nuqul Levkoning yo‘liga nigoron edi... Yangasinikida tushlik qilgani qolgandir balki? Shunday qilganiyam yaxshi bo‘ldi – bu yerda nima bilan boqardi uni? Xuddi yov bosganday, hech vaqo qolmagan uyda! Mana. Kech ham kirdi. Balki, bir miriqib dam olay, deb bugun o‘sha yerda yotib qolar. Birato‘la ertaga kelib, ishga kirishmoqchidir?..
Mana, tong ham otdi... Hanuz Levkodan darak yo‘q!.. “Ha-a, endi bildim, – deb o‘yladi yana Ivga.– Odamlardan bergan qarzini undirgani ketgan; bu mashmashalardan keyin, u tezroq masalamizni hal qilmoqchiga, otamdan ajralib o‘z ro‘zg‘orimizni tuzmoqchiga o‘xshaydi. Pan hazrat bizni uylab qo‘yishga va kambag‘al bo‘lganimizdan nikoh o‘qigani uchun ozgina haq olishga so‘z beruvdi...”
Tush ham bo‘ldi, kun ham og‘a boshladi, Levkodan haliyam darak yo‘q. Kechqurunga borib, Ivganing yana tashvishi orta boshladi: bu yoqda otasining xunobi chiqqan, u sardorning oldiga borib, qaytarib berilmagan allaqanday pullar haqida tortishdi. Sardor bo‘lsa, qoida bo‘yicha, qo‘lga tushirilgan pul hech qachon qaytarib berilmaydi,deb aytibdi... Bu ham yetmaganday, Timoxani aytmaysizmi... Shuncha pulni qaydan oldiykin – hech kim bilmaydi! Har kuni ulfatlari bilan maishat qiladi, ularni to‘da-to‘da qilib uyiga boshlab keladi. Ular bama’ni, halol odamlar bo‘lishsa ham mayliydi, hammalari o‘ziga o‘xshagan qabih, bezori kishilar. Ularni boshlab kelib uyni to‘ldiradi-da, maishatga beriladi, hammalari baqirishib qo‘shiq aytishadi: Timoxa deraza oynalarini, qadahlarni, shishalarni urib sindiradi; singlisiga, xuddi cho‘ri xotinga baqirganday o‘dag‘aylaydi, uning ishga kirishib, ro‘zg‘orni tartibga keltirishiga xalaqit beradi. Sho‘rlik qizga kun yo‘q; bu yoqda uning bittayu bitta dardlashadigani Levko ham haligacha kelmayapti...
U Levkoni bir kun kutdi, ikki kun kutdi, hamon undan darak yo‘q edi. Balki u, endi hamma meni “o‘g‘ri” deb chaqiradi degan andishaga borib, uyalganidan qorasini ko‘rsatmayotgandir? Agarda Ivga Levkodan qarz olgan odamlarning kimligini bilganida. O‘zi borib, Levkoning ularnikiga borgan-bormaganligini so‘rab-surishtirgan bo‘lardi. Lekin nima qilsin – qarzddorlar kimligini u bilmaydi. Uch kun deganda, Ivga Levkoning yangasi oldiga borishga jazm qildi; u ayol qaynisining qayerdaligini va nima maqsadda ko‘zdan qochib yurganini bilsa kerak, albatta. Qiz shu xayol bilan yanganikiga yo‘l oldi.
Levkoning yangasi Gorpina Ivgani ko‘rdi-yu, labi labiga tegmay, sannab ketdi: “Adoyi tamom qildinglar, yedinglar mening Levkoginamni! Qayoqqa tiqdilaring sho‘rlikni? Nima, juvonmarg qilgani asrab oluvdinglarmi bechora yetimchani? Arzimagan pullaringni olganmi yo endi olmoqchi bo‘lganmi, ma’lummas, darrov jazoga tortdinglar! Oz-moz olgan bo‘lsa ham, axir xizmat qilib qo‘yibdi-ku! Odamlar asrandi bolani o‘z farzandiday parvarish qilishadi, u sho‘rlik qulday yashadi sizlarnikida: kechayu kunduz tinim bilmay ishladi, mol-davlatingizni xuddi o‘z mulkiday kuyib-pishib asradi, ziyoda qildi. Shumi hali unga ko‘rsatgan karomatlaring? Sho‘rlik bola pulga muhtoj ekan, yordam so‘raydigan hech kimi bo‘lmaganidan besh-o‘n so‘m olmoqchi bo‘libdi – shunga ham shuncha mashmashami? Hay, o‘g‘rilik qilayotgani ustidan chiqib qolibsizlar, axir unga uyda tanbeh bersalaring ham bo‘lardi-ku, sizlar bo‘lsangiz, bir haftadan beri sovuq xonada asrayapsizlar uni...”
– Yo‘q, yangajon, uni ozod qilishdi, ispravnikning o‘zi buyurdi uni chiqarib yuborishni...
– Iloyo, o‘sha ispravniklaring ham, qari kalbosh Makuxa ham, hamma urug‘-aymoqlaring bilan birga baloyi azimga giriftor bo‘ling-lar!– deya ayyuhannos soldi Gorpina.– Chiqarib yuborishdi, deydi-ya! Qani sen chiqarib ko‘r-chi, qo‘llari bog‘liq, oyog‘iga kishan solingan yigitni; xuddi ashaddiy qaroqchi yo qotilni qo‘riqlaganday tayoqlar bilan qurollangan soqchilardan ozod qilib ko‘r-chi... Olib ketishdi boyaqishni! Hali shaharga yetib borgunlaricha ham dam bermay haydasalar kerak u baxti qaroni.
– Qanaqa tayoqlar bilan?.. Shaharga, deganingiz nimasi?– deya oldi Ivga bazo‘r, u o‘lar holga tushgan, oyoq-qo‘llari dag‘-dag‘ qaltirardi...
– Qanaqa tayoqlar bilan?– dedi Gorpina piching qilib.– Nima, sen hali hech nimani bilmaysanmi, o‘rgulay? O‘shanday tayoq bilan sening noshud otangning boshiga bir marta ursalar, til tortmay o‘lardi; bechora bolani bo‘lsa, shunaqa tayoq ushlaganlardan o‘ntasi oldiga solib haydab ketdi.
– Axir qayoqqa haydab ketishdi?.. Tezroq aytsangiz-chi, yangajon!..
– Qayoqqa bo‘lardi? Takalarning shoxini sindiradigan yerga. Aslida u yoqqa sening otang bilan beburd akang Timoxani, ularga qo‘shib seni ham, oyimqiz, jo‘natish kerak edi; sen ham anoyimassan: senga erga tegaman, deb aldab bechora bolaning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirgansan. Uni molday ishlatgansan. Mana, endi xo‘jalikni usiz ham boshqarishga ko‘zlaring yetganida, sho‘rlikni gumdon qilishga tushgansanlar. Ana, endi boshqa yigitni topib laqillataver! Gorpina jiyaniga achinib, yum-yum yig‘lashga tushdi.
Unga qarab Ivga ham achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kdi va hech bo‘lmasa, mendan ranjimang xolajon, deb ispravnik bilan bo‘lgan muolmalasini, uning Levkoni ozod qilishga so‘z berganini bir boshdan so‘zlab berdi...
Gorpinaning ko‘ngli biroz yumshadi va Levkoni ancha-muncha soq-chiyu kuzatuvchilar shaharga haydab ketganini so‘zlab berdi.
Bu xabar Ivgani hayratga soldi. U Gorpinaga bir og‘iz ham so‘z aytmay, uyiga jo‘nadi. U uzoq vaqt o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi... Keyin ko‘ngliga bir gap kelib, yo‘lga otlana boshladi: kerakli narsalarni safar xaltaga solib og‘zini bog‘ladi... Pul ham kerak edi unga – lekin puli yo‘q. Xo‘jalikda, oldi-sotdidan tushgan pullarning hammasini u otasiga berardi. Lekin otasidan pul so‘ragisi kelmadi – nima qilasan pulni, deb surishtirishi mumkin edi-da. Qo‘shnima-qo‘shni yurib, marjonini, tilla taqinchoqlarini, xochini yana eng yaxshi nav yo‘l-yo‘l gazlamasini ham garovga qo‘yib, ulardan pul oldi; hammasini jo-bajo qilib xaltani yelkasiga ildi, uzun chakmoni ustidan belbog‘ bog‘ladi, qo‘liga tayoq oldi-da, cherkovga borib xudoga ibodat qildi. Keyin bo‘zlab-bo‘zlab yig‘lagancha... yo‘lga tushdi.
Garchi u o‘z qishlog‘idan ancha uzoqqa ketgan bo‘lsa ham haligacha na bir burda non yedi, na bir qultum suv ichdi. Ovqat o‘tarmidi sho‘rlikdan. U hech nimani o‘ylamasdi! Ketaverdi... ketaverdi... Bir mahal uzoqdan shu tomonga yelib kelayotgan mirzaning otlarini ko‘rib qoldi. Mirza ham shu otlardan birida bo‘lishi kerak, deb o‘ylab, baland o‘sgan o‘t-o‘lanlar ichiga kirib, biqinib yotib oldi. Mirza uni ko‘rmadi, ovozini badandlatib qo‘shiq aytgancha, g‘izillab o‘tib ketdi.
Ivga mirzaning qorasi o‘chguncha poylab yotib, o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi... Voy, nima bo‘ldi?.. Oyoqlari uvushib qolibdi! Tomog‘i qaqragan, hech nima yemaganidan sillasi qurigan, miyasini esa faqat g‘am, tashvish qamrab olgan edi!..Bir amallab o‘rnidan turdi va zo‘rg‘a-zo‘rg‘a qadam tashlab yura boshladi... Qarang, aksiga yurib, bironta arava ham o‘tmasa-ya! Balki shahargacha olib borib qo‘yarmidi... U kechqurun allamahalda shaharga zo‘rg‘a yetib oldi: u yerda Ivganing bir dugonasi bor edi – beva juvon. Shu dugonasinikiga kirib bordi... Uni yaxshi kutib olishib, qornini to‘yg‘azishdi, o‘zini yupatishdi.
Ertalab Ivga dugonasiga nima maqsadda shaharga kelganini so‘zlab berdi va u bilan maslahatlashib, ikkovlari qamoqxonaga jo‘nashdi. Darvoza oldida soqchilik qilib turgan soldat ulardan bir pul olib, palon aristonga ko‘ylak bilan bo‘lka non olib kelishibdi, deb aytgani boshliqning oldiga kirib ketdi. Ruxsat olib chiqqach esa, unga yana yarim tanga berishib, qamoqxonaga kiritishini so‘rashdi. Ichkarida ularning oldiga Levko chiqib keldi... Yo bibi Maryam! Shu Levkomi, a? Egnidagi ko‘ylagi isqirt, ilma-teshik; o‘zi yalangoyoq, soqoli o‘sib ketgan. Sochining yarmi, xuddi surgun qilingan maxbuslarnikiga o‘xshab uzunasiga ustarada qirilgan... Agar Levkoning o‘zi gap boshlamaganida Ivga uni tanimasdi ham. 
– Ivga! Haliyam meni unutmadingmi? Shu yerdanam topibsan!
Ivga tosh bo‘lib qotib qoldi, vujudi dag‘-dag‘ titrar, ko‘z oldi xiralashgandi.
– Nima qilib qo‘yding asti? – deb so‘rashga zo‘rg‘a holi keldi uning.
– Nima qilganimni o‘zim bilaman. Men xudodan ham, suddan ham qo‘rqmayman. Nimaga meni tergov qilishmayapti? Hammasini gapirib berardim sudda, agar so‘rashganda...
– Sen menga gapirib ber, hech bo‘lmasa, men bilay nima qilganingni.
– Ha, senga bor haqiqatni aytib beraman, lekin meni tergov qilishlari ham kerak-ku, axir. Bo‘lmasa eshit, sudyalarga ham aytib ber: men otangning xonasiga kirganimda...
– Nega bu ariston xotinlar bilan gaplashyapti? – deb baqirdi ularni ko‘rib qolgan serjant.– Hayda ularni! Obkelgan sadaqasini berdimi, ketishsin!
Shu zahoti Levkoni obkirib ketishdi. Ivga unga olib kelgan narsasini berishga zo‘rg‘a ulgurdi. Soldat ularning qo‘lidan ushlab qamoqxonadan obchiqib qo‘ydi...
Ivga endi nima qilsin? Levkoning ishini haliyam sudda ko‘rishmabdi... U nimalarnidir aytmoqchi edi... shuning uchun ham qo‘rqmayapti hech nimadan... Nima bo‘lsa bo‘lar: o‘zim sudga borib, tezroq uning ishini ko‘rishlarini so‘rayman. Ana shunda, agar aybi unchalik bo‘lmasa, bo‘shatib yuborishadi...
– Bilmadim, uning o‘rnida boshqa qiz bo‘lganida sudga borib arz qilishga jur’at eta olarmidi? Nima deb ham arz qilardi u, axir necha pullik ishi bor Levko bilan: o‘sha qiz hatto ziyrak, epchil, dovyurak, aytgan so‘zlari otilgan o‘qday bo‘lganida ham sudga borganida halimday yumshab, musichaday yuvosh bo‘lib qolgan bo‘lardi. Lekin bizning Ivgani hech kim laqillatolmaydi, qo‘rqitolmaydi, u shunaqaki, boshlagan ishini oxiriga yetkazmay qo‘ymaydi; u aqli raso qiz, onasilan o‘tgan bu fazilat. Shunday qiz bo‘ladi-yu, ko‘zlagan yeriga yetib borolmaydimi? Ivga u yoq-bu yoqqa ko‘z tashlab cho‘qinib oldi va... shartta yo‘lga tushdi.
Yo‘lda uchragan odamlardan so‘rab-so‘rab axiri pan ispravnik o‘tiradigan sudning qayerdaligini bilib oldi. Borib ichkari kirdi... Voy-bo‘, hammayoqda mirzalar, odamlar ham tumonot, oralaridan o‘tib bo‘lmaydi. Bir yerga bir aristonni olib kelishgan; yana bir yerda soldat turarjoy haqida arz qilyapti; bir yerda yana bir odam begona sigirlar dalasini payhon qilganidan zorlanyapti; boshqa bir yerda qari bir kampir, bolalarim menga qarashmay qo‘yishdi, deb shikoyat qilyapti; bir joyda o‘g‘rilar, yana bir joyda nogahon o‘lib qolgan odam to‘g‘risida yana birtalay har xil voqealar ustida gap boryapti, sud ahli esa odamlarga faqat maslahat berish bilan band.
Bizning Ivga hammayoqqa ko‘z yugurtirib chiqdi, odamlarning arz-dodini eshitdi, keyin olomon orasini yorib o‘ta boshladi. Mana, u egniga odmi xalat kiygan bir mirzaning oldiga borib, ta’zim qilib so‘radi:
– Koshkiydi, siz, pan mirza, tezroq mening Levkomni so‘roq qilib ishini ko‘rsangiz.
– Yana qanaqa Levko?.. Bor, bor, toshingni ter! Bu yerda bosh qashishga vaqt yo‘g‘-u, u bo‘lsa Levkosini tiqadi-ya!
Ivga uning dag‘dag‘asidan qo‘rqmadi va mug‘ombirlik qilishga o‘tdi. “Chamasi bu isqirt xalat kiygan odam katta amaldorga o‘xshamaydi,– deb o‘yladi.– U bilan bir mojaro talashib ko‘ray, zora-mora kattaroq boshliqlari kelsa”.
Shunday xayol bilan u mirzaga baqira ketdi:
– Nega darrov jahlingiz chiqadi? Men sizga savol berdim, siz bo‘lsangiz kim haqida so‘raganimni surishtirmay-netmay, darrov meni bir u yoqqa-bir bu yoqqa jo‘natyapsiz. O‘zingiz jo‘nasangiz bo‘lardi... o‘sha yoqqa!
– Nima? Hali sen menga baqirasanmi? Hey, qorovul, haydab chiqar manavini!
– E, yo‘q, siz meni haydolmaysiz,– deb yana bor ovozi bilan baqirdi Ivga,– Men bu yerga ish bilan keldim. Agar sizlar xat yozishga usta bo‘lsanglar, meni haydamay, arzimni eshitasizlar...
– Muncha chakaging ochilmasa! Hozir seni sochingdan tortib...– deb mirza baqirgan edi, bu yerga kirgan odamni ko‘rib, birdan gapi og‘zida qoldi.
Ivganing ta’riflashicha, bu – afti lavlagiday qizil, soqoli paxmoq, boshi kal, ko‘zoynak taqqan, egniga tugmalari qadalgan kaftan kiygan, qo‘liga bir varaq qog‘oz ushlagan, qulog‘iga patqalam qistirgan odam bo‘lib, aftidan, burnaki tamakini hidlashga ruju qo‘ygan ko‘rinardi.
– Kim bu yerda baqirgan,– deb so‘radi kirgan odam.
– Mirza shu zahoti, manavi qiz hammayoqni boshiga ko‘taryapti, deb g‘iybat qilishga tushdi. Lekin ko‘zlagan maqsadiga erishganini ko‘rgan Ivga boshliqni guvohlikka chaqirib mirzaga: “Hecham-da, pan mirza, yolg‘on gapirmang”,– dedi. Keyin voqea qanday bo‘lganini gapirib, Levkoning ishi bilan kelganini aytdi. Kirgan odam kotib edi. 
U bo‘lgan mojaroga e’tibor bermay, Ivgadan so‘radi:
– U qaysi Levko? A, bo‘ldi! Anavi xo‘jayinining ikki yuz so‘m pulini o‘g‘irlaganmi?
– Yo‘q, taqsir. Siz uni so‘roq qiling, nega bunday qilganini aytib beradi. Unga odam yuborib so‘roq qiling. Aybi yo‘qdir uning, ehtimol.
– Seni qara-yu!– dedi kotib.– Nima, endi seni deb o‘n martalab so‘roq qilamizmi? U allaqachon aybini bo‘yniga olgan: endi u bizning suddamas.
– Bo‘lmasa. Qayerda u, muhtaram janob?– Levkoning aybini bo‘yniga olganini eshitgan Ivga ko‘ngli vayron bo‘lib nafasi ichiga tushib ketgan edi...
– Qayerda bo‘lardi – boradigan joyida. Uning ishini biz tegishli yerga jo‘natganmiz,– dedi kotib va orqasiga o‘girilib o‘z joyiga keta boshladi.
Endi Ivga nima qilsin? Ahvol chatoq! Levko, meni so‘roq qilishmadi, deb aytuvdi, sud mahkamasida esa, uning hamma aybni bo‘yniga olganini aytishyapti, hozir uni boshqa sudga oshirib yuborishganmish. U qayerda bo‘lishi mumkin?
Sud mahkamasidan chiqqan dilpora Ivga shunday qarorga keldi: “Levkoning oldiga borib birga dardlashamiz, nima qilish lozimligini maslahatlashamiz!”
U dugonasinikida tushlik paytida biron nima yedimi yo yo‘qmi, bilmaydi; hamma yeguliklarni yig‘ishtirib, qamoqxonada yotgan Levkoga olib ketdi...
– Yaqinlashma!– dedi unga qamoqxona oldida u yoqdan-bu yoqqa yurib turgan soldat.
– Bu men, janob soldat, Levkoning oldiga keldim. Meni ertalabam kiritishgandi...
– Ertalab kiritishgan,endi kiritilmasin, deb buyruq keldi.
– Kim buyuribdi?
– Sud mahkamasidan xat olib kelishdi, uning oldiga hech kim qo‘yilmasin, degan.
– Xudo xayringizni bersin, janob soldat, ayting, bugun Levkoni so‘roq qilgani olib borishdimi?
– Yo‘q. Aytishlaricha, u shunday yomon ish qilganmishki, so‘roqsiz ham ishi chatoqmish.
– Ey rahmdil egam!– deb yig‘lab yubordi Ivga.– Nima yomonlik qilgan ediki, bechorani juvonmarg qilishmoqchi?..
Ana shunaqa! Ko‘zlari g‘ilt-g‘ilt yoshga to‘lgan Ivga qayoqqa bosh urarini bilmay qolgandi.
Lekin, baribir, shunday og‘ir qayg‘uga botgan bo‘lsa ham, Levkoning qaysi sudda sud qilinishini, sudyalar kimligini, ularning turar joyini odamlardan so‘rab-surishtirdi. Bir kishi unga har bitta sudyaning uyiga borib, arz qilishni maslahat berdi. “Bo‘lmasam, dedi u, sudga borsang, seni yo kiritishmaydi, yo arzingga yaxshi quloq solishmaydi, chunki ular biryo‘la bir qancha ishni ko‘rishadi”.
Ivga ertalab bitta sudyanikiga bordi.
Dang‘illama imorat. Ivga kirdi... Qarasa, bir nechta yigitlar stol atrofida o‘tirib, qarta o‘ynashyapti (Ivganing ta’riflashicha, bu panlar o‘yini bo‘lib, yutqazgan ahmoq bo‘lib pul to‘larkan. Qurib qolgan ekanmi panlarga shu “ahmoq” o‘yindan boshqa o‘yin, deb o‘ylabdi u). 
Hech narsaga tushunmagan qiz hammaga bir-bir egilib ta’zim qildi va ayanchli ovozda iltijo qila boshladi: “O mening aziz panlarim, o mening hurmatli panlarim! Qay biringizdan so‘ray mening Levkom haqida?”
Ivganing ovozini eshitgan boyvachcha yigitlar unga yalt etib qarashdi va bergan savolini mazax qilib xandon tashlab kula boshlashdi. Ularning surunkasiga qotib-qotib kulishidan, Ivga oldiniga o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Keyin sal o‘ziga kelgach, ularga qarata shunday dedi: “Boshiga og‘ir musibat tushib, sizlardan najot izlab kelgan baxti qaro bir qizni masxara qilib kulish gunoh emasmi, panlar? Iloyo, sizlarga ham nasib etsin mening boshimga tushgan savdo! Hamonki, men so‘rab kelgan ish sizlarning qo‘lingizda ekan, unda yalinmayman hech biringizga: men boshqa yerlarga boraman. Baribir, hech ham sizlar xohlagancha bo‘lmaydi. Faqat shuni aytaman sizlarga: uyaling, sharmandalar! Sizlar mansabdor panlarsiz, o‘qish-yozishni bilasiz, baxti qaro odamlarga qanday yordam qilish haqida kitoblar o‘qiysiz. Lekin oldingizga nima uchun, nimani iltijo qilib kelganimni so‘ramasdan ustimdan kula boshladingiz! Xudo sizlarga martabani shuning uchun berganmi? Biz ham sizlarga o‘xshagan odamlarmiz-ku, axir biz kabi odamlar saylagan-ku, sizlarni sudya qilib, sizlar bo‘lsangiz arzimizga quloq solish o‘rniga, o‘z vazifangizni unutib qo‘yib, qayoqdagi “ahmoq” o‘yinni o‘ynab o‘tiribsiz. Mayli, o‘ynayveringlar, mayli, begunoh odamlar qamoqlarda azob chekib yotaversin – sizlarning vaqtingiz yo‘q...” Ivga ancha-muncha shunga o‘xshash ta’na-tanbehlarni ularning yuziga soldi. Eshitishsin! Axir to‘g‘ri emasmi gapi? Bas, sen sudya ekansan, qarta o‘ynashni, maishatni tark et. Xudo bergan kunda ishingga bor, qo‘ling-ga tushgan ishni qunt bilan, insof bilan bajar, ana undan keyin, mayli, ayshingni sur... Hay, bizning ishimizmas panlarga aql o‘rgatish; ularga tegu qoch, bo‘lmasa baloga qolasan. Yaxshisi, Ivga haqida hikoya qilaylik.
Ertasi kuni u bir sud qiluvchi odamning oldiga bordi. Qarasa: cho‘pday ozg‘in, sochlari oppoq oqargan jikkakkina, ko‘rimsizgina “janob” xayolga cho‘mib, uy ichida u yoqdan-bu yoqqa yurib turibdi. Ivganing ko‘ziga u xushfe’l odamdek ko‘rindi va unga egilib ta’zim qilib: “Ijozatingiz bilan, muhtaram afandim, sizga o‘z arzimni aytsam”,– dedi.
– Qanday arz?– deb so‘radi pan yurishdan to‘xtab.
– Otamning,– dedi Ivga,– asrandi o‘g‘li bor edi, Levko degan. Otam ham, akam ham uni o‘lguday yomon ko‘rishardi, bora-bora uni shu ko‘yga solishdiki, u o‘z boshiga balo orttirib, otamning sandig‘idan pul o‘g‘irlabdi. O‘tinib so‘rayman sizdan, buyuring, uni so‘roq qilishsin, keyin, mayli, bilganingizni qiling...
– Otang qayerda?– deb so‘radi sudya viqor bilan.
– Otam o‘z uyida, qishloqda.
– Qanday so‘roq qilamiz uni, uyda bo‘lsa?
– Yo‘q, otamnimas, Levkoni so‘roq qiling.
– O‘zi, sening otang Levkomi?
– Ha, yo‘q. Levko asrandi o‘g‘il, otam – bu otam.
– Axir Levkoning puli o‘g‘irlangan-ku, nima qilamiz uni so‘roqqa tutib?
– Ha, yo‘q. Otamning pulini Levko yo o‘g‘irlagan, yo begunoh o‘tiribdi qamoqxonada. Men uni ko‘rdim, menga aytdiki, hali uni so‘roq qilishmaganmish.
– Nima, endi seni qamoqdan chiqarib yuborishdimi?
– Voy, yo‘q. Men qamoqda o‘tirganim yo‘q, Levko o‘tiribdi. Siz undan so‘rab ko‘ring, nega olganikin otamning pulini?
– Bu qanaqasi? Qamoqxonada puli o‘g‘irlangan otang o‘tiribdimi?
– Yo‘-o‘q. Qamoqda o‘tirgan otammas, Levko.
– Shunaqa degin, endi tushundim. Otasining o‘rniga o‘g‘li qamoqqa tushibdi – o‘z ixtiyori bilanmi?
– Ha, yo‘q – voy, nega tushunmaysiz? O‘g‘limas, asrandi o‘g‘li.
– Boyadan beri javraysan, bundoq tushuntiribroq gapirmaysan. Demak, otang bilan uning asrandi o‘g‘li sening pulingni o‘g‘irlashgan, shundaymi?
– Yo‘q. Ruxsat eting, sizga bir boshdan so‘zlab beray.– deb Ivga hamma bo‘lgan gapni aniq va batafsil hikoya qildi – xuddi qog‘ozga yozilganday. Pan sudya bo‘lsa, nuqul bosh irg‘agancha, “Yaxshi, yaxshi, tushundim, bildim”, derdi. Keyin birdan almoyi-aljoyi gap boshladi:
– Mana bu boshqa masala. Gaplaringga endi tushundim. Mendan nima so‘rayotganingni bilasanmi? Mumkin bo‘lmagan narsani. Sen akangni qamoqdan ozod qilib, o‘rniga Levkoni qamashimizni so‘rayapsan. Yo‘q, yo‘q, tasadduq, bunday qilib bo‘lmaydi. Kim ayb qilgan bo‘lsa, o‘zi jazosini tortsin. Men nohaq ishga qo‘l urolmayman.
– Voy, yo‘q axir! – gap tushuntiraverishdan sillasi qurigan Ivga baqirib yuborayozdi.– Siz Levkoni so‘roq qiling. Aybdor Levko...
– Yana Levkoni aybdor deyapsan. Kallam o‘nta bo‘lgandayam gapingga tushunishim qiyin. Bor, ket uyingga. Qulog‘imning tagida javrayverib boshimni qotirib yubording. Gaplaringning hammasi telva-teskari. Meni yolg‘on gapingga ishontirolmaysan. Hammasini ko‘rib turibman. Bor, bor, uyingga. Nima qilishimni o‘zim bilaman.
– Voy, bu qandoq ko‘rgilik – sudya ham shunaqa g‘alcha bo‘ladimi?– derdi Ivga yig‘lab uyga qaytarkan.– Bittagina gapimgayam tushunmasa-ya! Sho‘rim qursin mening!
– Endi sen asosiy sudyaga ham uchrab ko‘r,– dedi dugonasi.– Uni juda kuchli odam deyishadi. U hammaning ustidan turgan boshliqmish. Bilasanmi. Ivga! Sen unga hurmat yuzasidan biron nima ko‘tarib bor.
– Nimamni olib boraman, hech vaqom bo‘lmasa?
– Ikki shoda teshikkulcha olib ol. U unaqa injiq tabiat odam emas: bir paytlar men bir ish yuzasidan unga besh dona pishirilgan tuxum olib borgan edim, iymanib o‘tirmadi, oldi. Rahmat unga, ishimniyam to‘g‘rilab berdi.
Ivga ikki shoda teshikkulcha sotib olib, sudyanikiga kirib bordi. U past bo‘yli, baqaloq, kepchik yuz, tanqaygan ko‘zlari fonusday chaqnoq, xullas, “binoyiday” odam ekan. Ivga kirganida u sudga ketishga shaylanayotgan edi.
Ivga xudoga sig‘inib cho‘qinib oldi, sudyaga egilib salom berdi va teshikkulcha shodalarini stolga qo‘yib, o‘z ishi yuzasidan arzini bayon qila boshladi. Sudya teshikkulchalarni ko‘rdiyu ularga tashlanib, kavshay boshladi. Uning og‘zi katta, lunjlari do‘mpaygan bo‘lib, shoshganidan teshikkulchani butunicha og‘ziga tiqar va uncha chaynab ham o‘tirmay birdan yutib yuborardi. Hiqichog‘i tutib, ko‘zlari yoshlansa ham, hamma teshikkulchalarni yeb bitirishga oshiqardi. Uning xizmatga shoshishi shunday o‘tdi.
Ivga hamma gapini aytib bo‘lgan, u bo‘lsa hamma teshikkulchalarni pok-pokiza tushirib bo‘lgan edi, shunda Ivga yana gap boshladi:
– Siz nima deysiz, janobi oliylari? Gapiring!
– Senga aytadigan garim shuki,– dedi sudya oxirgi teshikkulchani chaynarkan...– Qayerdan olding bunaqa ajoyib teshikkulchalarni?
– Yeyavering, osh bo‘lsin, janobi oliylari. Qayerdan olardim? Bozordan sotib oldim. Ayting, nima deysiz mening ishim haqida?
– Mana bu teshikkulchamisan, teshikkulcha, qoyil! – dedi sudya og‘zidagini chaynarkan, tamshanib.– Sening ishingmi? Bilasanmi, joni-dilim ko‘knor urug‘i sepilgan teshikkulcha; qancha ko‘p sepilsa, shuncha yaxshi... Ishingmi? Yog‘iyam qavat-qavat... Mazali, juda mazali kulchalar!.. Sening ishing masalasi!.. Undan keyin, juda singitib pishiribdi! Yo..Hali men sening ishingni ko‘rmaganman, ertaga kel, o‘shanda aytaman,– teshikkulchalarni yeb bitirgan sudya shu gaplarni aytib uydan chiqarkan, hamon ularni maqtardi: – Zo‘r teshikkulchalar! O‘lay agar, uyimda hech qachon bunaqa kulchalarga og‘zim tegmagan!
Mana, nihoyat, teshikkulchalar sudyaga yoqqanidan va sudyaning bugun ishni bitirib, ertaga Levkoni ozod qilishiga to‘la ishonganidan Ivganing ko‘ngli taskin topdi. Mayli, uni qamchi bilan savalashsa ham shu yerda savalashsin-u, illo, qishloqqa olib borib yurishmasin; yo‘qsa, tanish-bilishlar oldida uyatga qoladi. Bu yerda savalashsa, uni hech kim tanimaydi, hech kim gap-so‘z qilmaydi. Ivga quvnab-yayrab tushlik qildi va uy bekasiga minnatdorchilik bildirdi, uning qay bir ishlarini tikdi, biroz ip ham yigirib berdi-da, keyin qamoqxonaga yugurib ketdi. Nima bo‘ldi, deng? “Ruxsat berilmagan!”– deb baqirdi unga soldat. Ivga undan Levkoni hech qayoqqa so‘roq qilgani olib borishmadimi, deb so‘radi.
– Yo‘q!– deb javob qildi soldat.
O, qanday musibat! Bechora qiz o‘zini o‘tga-cho‘qqa urdi, ammo hech nima qilolmadi! Ertasiga ertalab sudyaning oldiga bordi. Uni o‘z xutoriga jo‘nab ketganini aytishdi; dam olish kunlari kelib qolgan edi; demak, hech qanaqa sud bo‘lmaydi.
Ivga orziqa-orziqa, yum-yum yig‘lay-yig‘lay begim kun kelishini kutdi. Mana, sudya xutoridan qaytib ham keldi. Ivga yana to‘rt shoda teshikkulcha sotib olib, sudyanikiga kirib bordi.
Sudya teshikkulchalarni ko‘rdiyu darhol hujumga o‘tdi. U og‘zida chaynayotgan ovqati bilan Ivgaga dedi: “Vuy, muncha ko‘p!.. Men bularni bir o‘tirishda yeb tugatolmayman... Lekin aybdorman sening oldingda: butunlay xotiramdan ko‘tarilibdi ishing! Endi biroz chidaysan... Hal qilaman albatta sening ishingni... mana xuddi manavi...”
– Hech bo‘lmasa, bugun esingizdan chiqarmang, janobi oliylari!
– Esimdan chiqadi, xudo haqqi, esimdan chiqadi. Ishim shu qadar ko‘pki, burnimni artishga ham vaqtim bo‘lmaydi. Mana, hozir ham sudga shoshib ketyapman.– Sudya shu gaplarni aytarkan, ketishga otlana boshladi, yeb ulgurmagan teshikkulchalarni cho‘ntaklariga tiqib oldi.
– Mana, siz sudga ketyapsiz-u,– dedi sudyaning harakatini kuzatib turgan Ivga,– kulchalarni yeyotganingizda, kim olib kelganini o‘ylasangiz, darrov meni eslaysiz.
– Mayli, ko‘raman!– deb javob qildi sudya.– Ish orasida ovqat yeyishga yeyman-u, ammo seni eslolmasligim aniq. Ishim boshimdan oshib yotibdi: hammasiga imzo chekishim kerak, bunday paytda men hech nimani o‘ylamayman, faqat imzo chekaman. Yaxshisi, sen, tasadduq, bunday qil: orqamdan sud mahkamasiga boraver, meni o‘sha yerda kut. Seni ko‘rib qolamanu darrov eslayman.– Shu gapdan keyin u yo‘lga tushdi.
Nima qilsin – Ivga ham uning orqasidan ketaverdi.
U mahkama oldida u yoqdan-bu yoqqa yurib turdi, Daxlizga kirib mo‘raladi – sudya ko‘rinmadi; demak u Ivgani eslamayapti; Levkoga odam yubormayapti.
“Shu topgacha sudya teshikkulchalarni yeb bo‘lgan bo‘lsa kerak,– deb o‘yladi mahkamaga kiraverishda o‘tirgan Ivga.– Teshikkulcha yeyotganda eslamagan, endi butunlay eslamaydi meni”.
Mana, mahkamadan odamlar chiqa boshlashdi. Sudya hammadan oldinda kelardi; u Ivgani ko‘rib, kelishilgan bitim esiga tushdi va hamrohlariga qarab dedi:
– Yo‘q, yo‘q, birodarlar, shoshmanglar! Juda muhim bir ish bor. Beri kel, yaxshi qiz, qani ayt-chi, qanday ish bilan kelganding?
– Ivga arzini bayon qila boshladi... Shu payt u kungi kotib (Ivga uni tanidi) g‘irt mast holda sudya oldiga pildirab kelib, burnakisini hidlagancha dedi:
– Biz bu ishni hal qilib bo‘lganmiz.
– Qachon?– so‘radi sudya.
– O‘tgan juma kuni, o‘sha muttaham o‘g‘rini qamchi bilan savalab. Ko‘chirma qilish haqidagi hukmga siz ham imzo chekkansiz.
– Ana, ko‘rdingmi!– dedi sudya Ivgaga.– Men qo‘l qo‘yibman, endi iloji yo‘q. Bugun qo‘l qo‘yganimda ham boshqa gap edi, o‘tgan haftaning jumasida bo‘libdi. Indinga bir hafta bo‘ladi...
– Demak, muhtaram pan, bu sizga mazali teshikkulchalar olib kelgan kunim bo‘lgan ekan-da?– dedi Ivga sudyaga ta’na qilib... Gapirarkan ko‘zlari g‘ilt-g‘ilt yoshga to‘ldi... Ha, shunday shumxabarni eshitgandi sho‘r peshona qiz!
Sudya uning ta’nasini loqaydlik bilan eshitarkan, gapiga qo‘shilishib derdi:
– Ha, tasadduq, to‘g‘ri. Sen ertalab olib boruvding teshikkulchalarni, men kunduzi imzo chekibman. Ha, bu juma kuni bo‘lgan edi.
– Yaxshi qilibsiz. Xudoning o‘zi siylasin sizni!.. Axir nega uni so‘roq qilmadingiz?
– Bu qanaqasi, kotib? Nega u so‘roq qilinmadi?– deb so‘radi sudya.
– Nega so‘roq qilmas ekanmiz? Axir o‘zingiz so‘roq qilib bo‘lib imzo chekdingiz-ku!
– Imzo chekishga-ku, chekdim, lekin uni ko‘rganim ham, so‘roq qilganim ham esimda yo‘q! Hech eslolmayapman.
– Siz hech qachon hech nimani eslolmaysiz,– deb suhbatga nuqta qo‘ydi kotib va shapkasini bostirib kiydi-da, sudyadan oldinga o‘tib keta boshladi; sudya ham endi Ivgaga qayrilib qaramay, uyiga jo‘nab qoldi.
– Sho‘rim qursin, endi zorimni kimga aytaman?– deb ho‘ngrab yig‘lay boshladi Ivga.– Endi bechorani savalab... surgunga surishadi.
– Qo‘y, xafa bo‘lma,– dedi eshik oldiga chiqqan bir mahkama xodimi. Bu ish hali guberniyaga jo‘natilgan; u yerda, ruslarning ta’biricha, yana bir oycha yotadi, keyin tag‘in bu yoqqa jo‘natishadi; shundan keyingina jazoga tortib, surgun qiladalar.
Majoli qolmagan Ivga uyga zo‘rg‘a yetib bordi... O‘ksib-o‘ksib yig‘ladi... kun bo‘yi tuz ham totimadi... Jahl ustida sudlovchilarni qar-g‘ab, boshlariga ming-ming balo-ofatlarni yog‘dirdi! Nima bo‘lardi? Balo ham urmaydi ularga! Bu sud qiluvchilar hech nimani bilmagan holda odamlarni sud qilishadi, kotib olib kelgan hukmnomalarda nimalar yozilganini o‘qimay imzo chekishadi... shoshmay turishsin, hali burunlaridan buloq bo‘lib chiqadi hammasi... Bironta ham qusurlari bejazo qolmaydi!..
Ertalab o‘rnidan turgan Ivga, bu yerda g‘amga botib o‘tirgandan foyda yo‘q, biron ilojini topish kerak, degan qarorga keldi. “Ishni guberniyaga yuborishgan ekan, men ham boraman o‘sha yerga, xudoning panohida!” U bir zumda yo‘lga otlandi: kerakli buyumlarini safar xaltaga solib, yelkasiga osdi, qo‘liga tayoq oldi... Yo‘lga tushdi. Juda charchagan paytlarida, yaxshi odamlar uni uylariga kiritishdi, ba’zida aravalariga o‘tqazishdi; butunlay holdan toyib sillasi qurigan chog‘larda esa, kimlarnikidadir to o‘ziga kelguncha bir-ikki kun dam ham oldi. Ishqilib, bizning Ivga nihoyat bir kuni guberniya shahriga yetib oldi...
– Voy... nima bu... qanday joy bo‘ldi bu?.. Yo bibi Maryam, o‘zing asra!.. – deb chinqirib yubordi tepa boshiga chiqib, pastda o‘zining kichkinagina qishlog‘ini emas, ulkan guberniya shahrini ko‘rgan Ivga... Bu manzaradan nafasi qaytgan Ivga, ko‘zi qamashib, shaharga qanday ko‘z tashlashni ham bilmay ichi muzlab ketganday bo‘ldi... “Qaradim-qaradim...hech yerda shaharning oxiri ko‘rinmaydi!..– deb hikoya qilgan edi Ivga keyin.– Cherkovlarni aytmaysizmi – son-sanog‘i yo‘q! Hammayoqda dang‘illama imoratlar!.. O‘lmasam, shu yerda ishimni pishiraman, deb o‘yladim... Axir quruq qaytmayman-ku, uyga”.
Ivga teran xayolga toldi: bas, biz ham endi undan xavotir olmasak bo‘ladi. Siz ham, kitobxon, uni yolg‘iz deb, rahnamosi, maslahatchisi yo‘q deb shunday katta shaharda bir o‘zi panlar jamoasida o‘zini qanday tutarkin deb (Ivga, qishloqda hamma mujik bo‘lganiday, shaharda odamlarning “bari panlar” bo‘lsa kerak deb o‘ylardi) sira ham qo‘rqmang; u kim bilan qanday muomala qilishni, Levko haqida nima deb gap ochishni bilmay, boshi qotdi.
U birinchi to‘g‘ri kelgan ko‘chaga kirib, shaharda yashaydiganlarning hammasi ham panlar emas, bu yerda avom xalq ham ko‘p ekan, degan qarorga keldi. Bu hol uning ko‘nglini tinchitib, ruhini ko‘tardi.
Baxti bor ekan, yashash uchun o‘ziga joy topdi. Kichkina qizchasi bilan yashovchi bir ayol Ivgani, ro‘zg‘or ishida yordam ko‘rsatishi sharti bilan oz miqdordagi ijara haqiga xonadoniga kiritdi. Ivga dam olayotgan yo tushlik qilayotgan paytida, uy bekasiga o‘zining qayerdan va qanday ish bilan shaharga kelganini so‘zlab berdi.
Beka qo‘llarini beliga tirab, azza-bazza bosh irg‘agancha: “Bilmadim, qanday eplarkinsan buni!”– dedi. So‘ng Ivgaga bu yerlik sudlovchi panlarning ish tutish usullari haqida so‘zlab berdi. U ko‘p narsani bilarkan, chunki kichkina qizlik paytidan boylarning xonadonida xizmat qilgan ekan: qiz tug‘ib olganidan keyin esa, bir kotibnikida enagalik qilibdi, shuning uchun, kim kotibnikiga nima bilan qanday kirib kelishini ham, kimning qaysi eshikdan chiqib ketishini ham juda yaxshi bilib olgan ekan. Gap orasida beka yana shunday dedi: “Sen katta mansabdor panlardan qo‘rqma; pan qancha ulug‘ zot bo‘lsa, shuncha oqko‘ngil, mehribon bo‘ladi. Lekin, qo‘rmaganning ko‘rgani qursin, deganlariday, agar yalangoyoq mujik ataman bo‘lguday bo‘lsa, ana unaqa odam seni nazar-pisand qilmaydi; mabodo sardor bo‘lib qolsa-chi! O, xudo saqlasin! Unday pandavoqiga yaqin ham yo‘lay ko‘rma. Ammo panlar unaqamas: unaqalar bilan uchrashganingda, hech qo‘rqmay shahdam-shahdam gapir, faqat rost gapir, zinhor yolg‘on so‘zlay ko‘rma; bo‘lmasa, o‘sha zahoti dumingni tugishadi”.
– Men qanday qilay, xolajon? Agar kattakon panning oldiga boradigan bo‘lsam, biron nima ko‘tarib borishim kerak-ku axir, arz qilish uchun.
– Xudo saqlasin! To‘g‘ri, eskilikka amal qiluvchi panlar ham bor, unaqalar sen ko‘tarib borgan bironta kichkina teshikkulchani, ko‘ngling uchun, xafa bo‘lmasin, deb qabul qilishlari mumkin; muqaddas non olib borsang, uni o‘pib qo‘yadilar-da, senga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, dono maslahat beradilar. Bu faqat ulug‘ panlarda shunaqa taomil. Lekin kichik mansabdagi “panvachchalar” va “chalapanlar”dan ehtiyot bo‘lishing kerak! Narsa tortiq qilsang-qilmasang – ularga baribir; agar oldindan kelishib olib, biron nima bersang. Bu kam. Yana olib kel, deyishadi. Unday olg‘irlardan xudoning o‘zi asrasin”. Sen yurak yutib, to‘g‘ri eng katta mansabdor panning oldiga bor.
Beka butun oqshom panlarning udumi to‘g‘risida so‘zladi, Ivga esa, hammasini ko‘ngliga tugib oldi va bu ishga qanday kirishish haqida o‘ylay boshladi.
Bu gap shanba kuni kechqurun bo‘lgan edi, yakshanba kuni esa, Ivga o‘rnidan turgach, yasanib kiyindi-da, shaharni tomosha qilgani chiqib ketdi. Keyinchalik, bu haqda so‘zlab berganida, xuddi o‘rmonga kirib qolganday qo‘rqib yurdim, degan edi. Bozorda tumonot odam, o‘tib bo‘lmaydi, aqalli bitta ham tanish uchramasa-ya! Hech kim senga ta’zim ham qilmaydi, sendan hech nima so‘ramaydi ham... Yig‘layverib xun bo‘ldim!.. Xuddi yetimchadek tentirab yuribman, deng. Bir mahal cherkov qo‘ng‘iroqlari bong ura boshladi... Jaranglashini eshitsanglar edi! Haligacha yangraydi qulog‘im ostida! Shunda men eng katta, eng chiroyli cherkovga qarab yo‘l oldim. Nima bo‘ldi, deng! Soldatlar meni cherkovga kiritishmadi, yarim tanga pul uzatgandim, pulimni ham olishmadi, cherkovgayam kiritishmadi. Lekin men, baribir, u yerdan olislab ketmadim. Odamlarning ibodatdan chiqishini kutdim, zora-mora katta amaldor panlarni yaqindan ko‘rib qolsam, deb. Aksiga yurib, men pan ispravnikka o‘xshagan mansabdorni hech ko‘rmagan edim; o‘shaniyam ikki-uch martagina ko‘rganman. O‘z shahrimda garchi sudlovchi amaldorlarni ko‘rgan bo‘lsam ham, menga ko‘rsatgan muomalalaridan keyin, ularning panlar ekaniga gumonim bor. Axiri choshgohga borib odamlar cherkovdan chiqa boshlashdi... Voy bo‘-o‘! Ana odamlaru ana janoblar!.. Ko‘zim bitta mansabdorga tushdi... uning oldida ham, orqasida ham, atrofida ham nuqul panlar, panlar! O‘zi qanaqa deng! Yoqasiga ham, yenglariga ham zarhal kashtalar tikilgan, bo‘yniga bo‘lsa bir nechta xoch osilgan! Ko‘kragida oltin yulduz, yelkasi osha qip-qizil keng lenta tashlangan, yelkalaridagi popuklar cho‘g‘day tovlanadi, xullas, boshdan-oyoq porlab turibdi: qarasang, ko‘zing qamashadi! Uning oldida yugurib borishayotgan panlar odamlar orasidan yo‘l ochishadi, yonida kelayotgan panlar ham, unga gard .yuqtirmaslik uchun atrofida parvona. Bu oliy martabali apan faytonga o‘tirayotganida, otlar pishqirib, depsinib turishdi, keyin ular qushday uchib ketishdi, janob pan bo‘lsa, dam o‘ngga, dam chapga nuqul ta’zim qilardi. U amaldorga ta’zim qilish menga ham nasib etdi, faqat uzoqda turganim uchun meni u ko‘rmagandir ham. Yonimda turgan bir ayoldan, bu pan kim, deb so‘ragan edim, u: “gubernator janoblari”, deb aytdi... O‘sha kuni men panlarni to‘ygunimcha tomosha qildim!..
Keyin bekaga dedim: “Agar gubernatordan biron gap so‘raydigan bo‘lsam, ro‘parasida tizzalarim qaltirab tik turolmay, yiqilib tushishim mumkin. Keyin qandoq turaman?”
– Qo‘rqma,– dedi beka,– u el oldida shunaqa salobatli ko‘rinadi, butun yurtning boshlig‘i bo‘lganidan keyin, xalq hurmatimni qilsin, qadrimga yetsin, deydi-da. Lekin uyiga borsang, seni ochiq yuz bilan kutib oladi. Muloyim, shirin gapirib, arzu holingni o‘n martalab tinglaydi, agar bajarsa bo‘ladigan ish bo‘lsa, yordamini ayamay, tezroq to‘g‘rilanglar, deb buyuradi; bordiyu u bajara olmaydigan ish bo‘lsa, nega va nima sababdan bajarib bo‘lmasligini senga yaxshilab tushuntiradi; ko‘nglingni ko‘tarishga urinib, qanday ish tutish lozimligi haqida maslahat beradi. U qashshoqlarga doim sadaqa ulashadi. Sen hech qo‘rqma – u mehribon odam, xuddi o‘z otangday.
Shu kuni kechgacha Ivga yana shahar aylandi, bir yaxshi odamdan sud mahkamalari joylashgan imoratning qayerdaligini so‘radi. U odam Ivgaga, “Sen murosa palatasiga bor” deb maslahat berdi; Ivga o‘sha odam ta’riflagan imoratlardan uchtasi yonidan o‘tdi. Yayov yurib kelayotgan yo izvoshda borayotgan panlarni ko‘rganida, ularga tikilib-tikilib qaradi, basharti birontasi bilan gaplashishga to‘g‘ri kelsa qo‘rqmaslik uchun. Shu kuni u qat’iy bir qarorga kelib uxlagani yotdi, lekin hadeganda uyqusi kelavermadi – u ertaga nima bo‘lishini o‘ylardi... 
Tong otdi. Ivga o‘rnidan turib, chin dildan xudoga ibodat qildi, hatto undan madad so‘rab yig‘lab ham oldi. Keyin ketdi. Yo‘l-yo‘lakay cherkovga ham kirishni va “xudoning bandasi Levkoni ibodat chog‘ida duo qilish” uchun hazratga sadaqa berishni ham unutmadi. Sud mahkamasi joylashgan imoratlarni u darrov topdi va ichkariga kirdi... E xudo! U nima qilishi mumkin bu yerda? Hammayoqda eshiklar, eshiklar, eshiklar; u yoqqa borsayam eshik, bu yoqqa yursayam, eshik bilan zina; hamma yoqda eshiklaru zinalaru eshiklar... Qaraydigan boshqa hech nima yo‘q! Odamlar dam u yoqqa, dam bu yoqqa tentirab yurishibdi, yosh panlar bo‘lsa nuqul yugurib o‘tishadi, izvoshlarda kelgan panlar salomlashishadi, o‘zaro suhbatlashishadi. Bizning sho‘rpeshona Ivga bo‘lsa, xuddi o‘rmonda adashib qolganday, nima qilishini, qayoqqa borishini bilmay, dong qotib turardi – u palataning nomini esidan chiqarib qo‘ygan edi! “Palata qayerda?”– deb so‘radiyam.Unga javoban: “Qaysi palata? Bu yerda palata bittamas”, deyishdi. U bo‘lsa hech eslolmaydi, deng. Mana, nihoyat esiga tushdi: “Murosa palatasi”. Kulib turib unga palataning qayerdaligini aytishdi. Shunda ham Ivga bir necha marta adashib, axiri topdi va ichkari kirdi... “Kim kerak senga?” deb so‘radi undan bu yerda o‘tirgan soldat.”Amakijon, shumi haligi.... palata mu... ro...”– “Shu”. Mana, Ivga soldat ko‘rsatgana eshikdan ichkariga kirdi. Bu judayam uzun xona bo‘lib, hamma yoqda stollar, stollar ortida yosh panlar yozib o‘tirishardi.
Ivga kirib, oldin cho‘qinib oldi, yosh panlarga egilib ta’zim qildi va so‘radi: “Xudo sizlarga madadkor bo‘lsin! Muborak dushanbada sog‘ bo‘linglar!”
Yosh panlar o‘zaro bir-birlariga qarab, miyig‘larida kulishdi, lekin indashmadi. Shunda ulardan bittasi yozayotgan ishini tugatib o‘rnidan turdi, Ivgaga yaqin keldi-da, ochiq yuz bilan muloyim ohang-da so‘radi: “Senga nima kerak edi, yaxshi qiz?”
– Bizning Levko haqidagi ish sizlardami, janobi oliylari, deb so‘ramoqchiydim.
– Qanaqa Levko?
– Bizning Levko, otamning asrandi o‘g‘li.
– Qani menga ayt-chi, o‘zi qaysi uyezddan kelding?
– Nima desangiz deng, lekin buni aytmayman.
– Nega aytmaysan?
– Negaki, o‘zimam bilmayman.
– Nima qilgan edi o‘sha Levko?
– Bilasizmi: aytishlaricha, u otamning pulini o‘g‘irlaganmish.
 Ana shunda bu pan bir qog‘ozni olib, uni boshdan-oxir o‘qib chiqdi va Ivgadan: “Shumi?” deb so‘radi... 
– Ha, shu edi!
– Xo‘sh, nima istaysan o‘zi?
– Istaymanki, atigi... janobi oliylari. Bizdagi sudlovchilar uni sud qilishdi-yu, ammo so‘roq qilishmadi. Borib uni so‘roq qilishni kimdan so‘rasam bo‘ladi? Uning aybdor bo‘lishi gumon; men “baraka toping, rahmat”, degan bo‘lardim sizlarga.
– Nega buncha kechikib kelding-a, yaxshi qiz? Uning ishi hal bo‘lgan, hozir bu ish gubernatorga yuborilgan...
– Voy, o‘lmasam, sho‘rim quribdi! Nima, endi uni Sibirga jo‘natishadimi?
Yosh panlar faqat yelkalarini uchirishdi.
– Bir yaxshilik qiling, janobi oliylari, biron yo‘l-yo‘riq ko‘rsating, men sho‘rlik nima qilishim kerak? Sizdan juda-juda minnatdor bo‘lardim... Uni so‘roq qilishmagan.
– Men hech nima qilolmayman,– dedi yosh pan,– endi hech kim yordam berolmaydi unga. Qilgan aybiga yarasha jazosini olishi kerak. Sen ket, qayerdan kelgan bo‘lsang, o‘sha yerga ket; bu yerda turish mumkinmas.– Shunday deb u o‘z ish joyiga yo‘l oldi, lekin Ivganing yig‘lay boshlaganini, hatto ayyuhannos solishga chog‘lanayotganini ko‘rib, soldatni imlab chaqirdi; soldat Ivganing yelkasidan astagina ushlab, dahlizga yetaklab chiqib ketdi.
Baxti qaro Ivga adoyi tamom bo‘lgan edi!
Ko‘zlari g‘ilt-g‘ilt yosh bo‘lganidan u hech nimani ko‘rmas, hatto qayoqqa yurish, qayoqdan chiqishni ham bilmasdi! Ro‘para kelgan odamlar endi unga e’tibor bermay, yonidan o‘tib ketardi. Sillasi qurigan Ivga goh qoqilib, goh adashib, boshqa yo‘laklarga kirib, anchagacha bino ichida tentirab yurdi... Nihoyat, eshik oldiga chiqdiyu boshi aylanib, yiqilib tushdi.
“Endi nima qildim? – deb o‘ylardim u yotgan yerida duv-duv ko‘z yosh to‘karkan.– Uning ishi butkul tugabdi... Adoyi tamom bo‘ladi endi boyaqish Levko! Ishini gubernatorga yuborishibdi, u bo‘lsa Levkoni qamchi bilan savalash haqida allaqachon buyruq yuborgan bo‘lishi kerak... Oh, bu qanday ko‘rgulik! Qamchilaganlaridan keyin, hali yana Sibirga ham haydashadi!.. Men bilan ham xayrlasholmay ketadi!.. Nikohdan o‘tgan bo‘lsak ham mayliydi, men ham orqasilan ergashib ketaverardim; endi bir o‘zim bu yerda so‘ppayib qolaman!.. Otam g‘iybatlarga uchib, meni uydan haydaydi... Yo bo‘lmasam, meni zo‘rlab mirzaga erga berishib, umrimni xazon qilishadi... Levko ham olis yo‘lda mensiz juvonmarg bo‘ladi, yetib borolmay! Bilaman, u meni astoydi sevardi... Mensiz harob bo‘ladi!...Voy, ishqilib uni jo‘natishmasin-da, to qaytib borgunimcha! Voy, muncha peshonam sho‘r bo‘lmasa!.. Qachon yetib borarkinman u yoqqa? Agar kechiksam... unda o‘lganim yaxshi... O‘z jonimga o‘zim qasd qilaman!..”
– Hoy qiz, nima qilyapsan bu yerda? Nega yotib olib yig‘layapsan? Et-beting og‘riyaptimi?– degan ovoz eshitdi Ivga; kimdir unga savol berayotgan edi. U boshini ko‘tarib qaradi... Tepasida bir pan turardi; aftidan, ko‘ngilchan odamga o‘xshaydi.
– Boshimga tushgan og‘ir musibatdan yig‘layapman, otaginam... Ahvolim juda og‘ir!..
Pan uning ahvolini so‘rab-surishtirarkan, mudom yupatardi; Ivga yig‘lab-yig‘lab o‘z dardini so‘zlab berdi.
Pan qizning arzi holini boshdan-oyoq diqqat bilan tingladi, ahvoliga tushungach, shunday maslahat berdi:
– Senga rahmim kelyapti, oppoq qiz, bu ishingni hali to‘g‘rilasa bo‘ladi. Sen shu yerda tur. Hali-zamon bu yerdan gubernator o‘tadi. Sen uni to‘xtatib, hamma bo‘lgan voqeani bir boshdan so‘zlab ber. Shoyad, u seni qo‘llab yuborsa...
– Otaginam, janobi oliylari... sizni nima deb chaqirishniyam bilmayman! Shunday ulug‘ odamga ro‘para kelishim odobdanmikin? Qolaversa, unga ikki og‘iz so‘z aytishga qurbim yetarmikin? Men u janobning yuziga qarashga ham qo‘rqaman.
– Hech nimadan qo‘rqma. Uning faqat ko‘rinishi shunaqa – vajohatli, lekin qiynalgan odamni ko‘rsa, o‘zi undan hol-ahvol so‘rab, yordam qiladi. Faqat cho‘chima!
Oqko‘ngil pan qizga maslahatlar berib, qanday ish tutishligini o‘rgatdi, ko‘nglini ko‘tardi; Ivga o‘rnidan turib, bu panning orqasidan yurdi va u ko‘rsatgan muyulishga, ya’ni gubernator o‘tadigan yerga borib turdi.
Mana, oradan sal vaqt o‘tar-o‘tmas, odamlar har yoqqa g‘iz-g‘iz yugurib qolishdi:
– Gubernator kelyapti...Gubernator kelyapti!..
Bizning Ivga gapiradigan gaplarini unutib qo‘ygandi, hech bir gap esiga kelmasdi; u gubernatorni ko‘rib, qo‘rqib ketdi, qalt-qalt titray boshladi... Koshkiydi, yer yorilsayu, yerga kirib keta qolsa!..
Gubernator yaqin kelishi bilan, Ivga uning oyog‘iga yiqilib, ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi... Yig‘lab turib hech bir so‘z aytolmadi...
Nima bo‘ldi, deng! Gubernatorning o‘zi uni yerdan o‘z qo‘llari bilan ko‘tarib turg‘azdi va muloyim ovoz bilan undan yig‘lashi sababini so‘radi.
Qiz bo‘lsa esankirab qolganidan, faqat: “Rahm qiling! Rahm qiling!” derdi, vassalom.
Gubernator undan bironta bama’ni gap eshitmoqchi bo‘lib uzoq kutdi, uni yupatishga urindi. Lekin qiz o‘zini yo‘qotib qo‘ygan edi. Shunda gubernator uning tirsagidan ushlab shunday dedi: “Menga qara, oyimqiz! Hozir sen qo‘rqib ketding, shuning uchun hech nima deyolmayapsan, mening esa hozir vaqtim yo‘q, ishlarim ko‘p. Sen, yaxshisi, mening uyimga bor; to qaytgunimcha o‘sha yerda damingni olib o‘tir, keyin hamma gapni aytib berasan. Sen qo‘rqma, qo‘rqma mendan; yordam qilaman senga. Jandarm! Bu qizni menikiga kuzatib qo‘y, yo‘lda xafa qilma uni; uydagilarga ayt, to men qaytib borgunimcha, yaxshilab qornini to‘yg‘azishsin”. Mana buni rahbar deydilar, mana buni haqiqiy ota deydilar!
Ivganing ko‘zi chaqnab ketganday bo‘ldi. U yig‘idan keyin bir zum dam olgach, jandarm bilan birga gubernatorning uyiga jo‘nadi. U yerda uni bir xonaga olib kirishdi. Oq non va turli xil tansiq yeguliklar keltirishdi... Lekin sho‘rlikning tomog‘idan hozir ovqat o‘tarmidi; boshiga tushgan mash’um savdodan boshqa hech nima kelmasdi uning xayoliga. Hali bu yog‘i nima bo‘larkin?
Gubernator bir necha soatdan keyin qaytdi. Uyga kirishi bilan: “Qayerda u qiz?”– deb qichqirdi. Ivgani ko‘rib, uni mehmonxonaga boshlab kirdi... Bu mehmonxona, keyinchalik Ivga ta’riflab berishicha, juda ko‘rkam joy edi. “Uning shifti judayam baland, derazalari xuddi eshikday katta-katta, eshigi esa naq darvozaday ediki, bu yerga bir necha g‘aram pichan ortilgan aravada hech yerga urilmay, turtilmay bemalol kirib borsa bo‘lardi. Xonaning shifti ham, devorlari ham, oyoq osti ham har turli bo‘yoqlar bilan bezatilgan... Ko‘rsang, ko‘zing quvonadi! Voy, ko‘zgularni aytmaysanmi! Hammayoqda ko‘zgu. U yoqqa qarasang ham o‘zingni ko‘rasan, bu yoqqa qarasang ham: qayoqqa ko‘z tashlama, hammayoqda sen ko‘rinasan xuddi tirikday. Naq qo‘rqib ketdim, o‘zimni birinchi marta ko‘zguda ko‘rganimda!”
Uning esankirab qolganini ko‘rgan gubernator: “Sen shu yerda birpas dam olib o‘tir, mer darrov qaytaman”,– dedi va xonadan chiqib ketdi.
Ivga ko‘zguga qarab, u yoq-bu yog‘ini tuzatgan bo‘ldi, endi o‘zini ancha tetik his qila boshlagan edi; shu mahal gubernator kirib keldi. U muloyim jilmayib qizdan so‘radi: “Qani, yaxshi qiz, endi menga hamma-hamma gapni so‘zlab ber: qayerliksan, otang, onang bormi, qanday arz bilan kelding bu yerga?”
Ana shunda Ivga hamma bo‘lgan voqeani boshidan to oxirigacha, hammasini batafsil gapirib berdi.
Gubernator uning arzu holini eshitib bo‘lib, shunday dedi: “Yo‘q, yaxshi qiz, sening Levkong firibgar; uni ikkita sudda so‘roq qilishgan, u aybini bo‘yniga olib barmoq bosib imzo ham chekkan. Bu ish mening qo‘limda”.– Shundan so‘ng u boshqa xonaga chiqib ketib, bir dasta qog‘oz ko‘tarib kirdi. U qog‘ozlarni varaqlab-qaraqlab Ivgaga ko‘rsatdi: “Mana, bu yerda u otangning pulini bir necha marta o‘g‘irlaganiga iqror bo‘lgan. Mana, uning nomidan imzo chekishgan, sudyalar ham ko‘rishgan uning ishini, u ana shu sudyalar guvohligida aybini bo‘yniga olgan”.
– Otaxon, janobi oliy.... sizni nima deb atashniyam bilmayman! Pan janoblari, gubernator hazratlari, azizim! Bu to‘g‘ri emas, uni so‘roq qilishmagan: qasam ichib aytaman buni. So‘roq qilinganida, Levko aytardi menga, ammo-lekin u so‘roq qilishlarini iltimos qilyapti, xuddi sadaqa so‘ragan gadoyday. U juda muhim bir gapni aytmoqchiga o‘xshaydi. Men unga ko‘proq ishonaman sizning sudyalaringizdan ko‘ra, o‘sha sudya, Levkoni so‘roq qildim, deb qo‘l qo‘ygan bo‘lsayam, uning hamma gaplari g‘irt yolg‘on; u faqat odamlar olib borgan teshik kulchalarni yeyishni biladi.
Gubernator teshikkulchalar haqidagi gapni eshitib kulib qo‘ydi.
– Ko‘zingni och, qiz,– dedi u keyin,– sen juda jiddiy gap aytding; sudyalar so‘roq qilmaganligini hali ularga isbotlab berishing kerak bo‘ladi.
– So‘roq qilishmagan, qilishmagan, janobi oliylari! – deb chin-qirib yubordi Ivga.– Obkeling ularni oldimga. Men bu gapimni ularning yuzlariga aytaman. Axir Levko, so‘roq qilishsin, deb bekorga aytmadi-ku...
– Mana axir,– dedi gubernator qog‘ozlarni qayta varaqlab, qayta o‘qirkan,– odamlar sening Levkongni o‘g‘ri, xulqi yomon, deb qasam ham ichishgan...
– Yolg‘on hammasi, xudo ursin agar, g‘irt yolg‘on!– deb Ivga endi dadil-dadim gapira boshladi.– Uning hech qanaqa yomonlik tomoni yo‘q, men uni hammadan ko‘ra yaxshiroq bilaman. U umrida hech qachon hech nima o‘g‘irlamagan, zig‘irdakkinayam yolg‘on gapirmagan. Siz yaxshiroq qarang, odamlar ham Levkoning so‘roq qog‘oziga qo‘l qo‘yganini boshqacha isbotlashgandir, ehtimol.
– Yaxshi,– dedi gubernator,– men buni aniqlayman. Sen ertaga palataga bor, o‘sha yerda senga hammasini ko‘rsatishadi.
– Men sho‘rlik, muhtaram janob, bilaman, o‘sha Murosa palatasini. Kechirmagan azobim, ko‘rmagan yerim qolmadi. Meni deb shuncha urundingiz, rahmat sizga. Ertaga o‘sha aytgan yeringizga barvaqtroq yetib boraman. Sizning ham esingizdan chiqmasin, albatta boring, o‘sha joyda birgalikda, tekshirib ko‘ramiz, yolg‘onchi kim: menmi yo sizning sudyalaringizmi? Xayr ertaga ko‘rishguncha.
Gubernator kulib turib, uning ketishiga ruxsat berdi. Ivga gul-gul yashnagan, xushbaxt chehra bilan yo‘lga tushdi, yo‘lida uchragan gadoyu so‘qirlarga sadaqa berib o‘tdi. Uyga kelib, butun oqshom xushchaqchaq kayfiyatda bo‘ldi.
– Ertalab u juda barvaqt turdi; u bekasining ro‘zg‘or ishida ko‘maklashganday bo‘ldi-da, keyin otlanib palataga jo‘nadi.
Sud qiluvchilar bugun kechagidan barvaqtroq ishga kelishgandi; gubernator ham hayallamay yetib keldi, Ivgani ko‘rib shu zahoti uni o‘zi bilan ichkariga olib kirib ketdi; unga kutib turishni buyurdi-da, o‘zi sud qiluvchilar o‘tirgan xonaga kirdi, qandaydir pan bir dasta qog‘oz bilan uning orqasidan ergashdi – Levkoning ishi bo‘lsa kerak.
Gubernator ichkarida sud qiluvchilar bilan ancha vaqt gaplashib qoldi, keyin ularni o‘zi bilan boshlab chiqib: “Mana bu qiz, ariston so‘roq qilinmagan deyapti. Qani gapir o‘zlariga”, dedi.
 So‘roq qilinmagan, sudlovchi panlar, boshimda oybolta o‘ynatsanglar ham, baribir so‘roq qilinmagan, deb isbotlayveraman. Levko hech qachon menga yolg‘on gapirmagan; doim savdoda tushgan pulning tiyinigacha olib kelib berardi... Uning yolg‘on so‘zlaganini hech qachon sezmaganman, shuning uchun, meni so‘roq qilishmadi, degan gapiga ishonaman; gapim to‘g‘riligiga qasam ichib, hatto bir hovuch tuproqni yeyishdan ham qaytmayman; men rost gapiryapman, lekin anavi hukmga qo‘l qo‘ygan sudyalar g‘irt yolg‘onchi hammasi. Levkoni xulqi yomon, deb odamlar nomidan kim imzo chekkan bo‘lsa, u ham yolg‘onchi. Gapim shu! Lekin hech ham sizlardan xafa emasman, sudlovchi panlar, sizdan ham, gubernator janoblari!
– Xo‘sh, endi nima qilmoqchisizlar?– deb so‘radi gubernator sud ahlidan.
Ular bir-birlariga qarab qo‘yib, yelkalarini uchirishdi va shunday deyishdi:
– Siz nima desangiz shu. Biz bu ishni hal qilib bo‘lganmiz.
– Bilaman, hal qilgansiz va lekin hukm chiqarishda zinhor adolatsizlik bo‘lmasligi kerak!– dedi ularga gubernator.– Sizlar bu qiz aytayotgan gaplardan bexabarsiz; faqat qog‘ozga qaragansiz, qog‘ozda esa, hamma gap sip-silliq yozilgan. Bu qiz esa u yerda bo‘lgan, hamma gapdan xabardor, aristonni so‘roq qilmaganlar, deb qasam ichishga ham tayyor. Ishni qayta qo‘lga olinglar, uni bu yerga chaqirtirib so‘roq qilinglar-chi, nima maqsadda o‘g‘irlik qilgan ekan?
– Men buni shundoq ham bilaman,– dedi Ivga.– Biz turmush qurganimizdan keyin ro‘zg‘orimizni boshqa qilmoqchiydik, shunga kerak bo‘ladi deb olgan u pulni. Buning hech qanaqa aybli tomoni yo‘q: men otamning qiziman, u otamning asrandi o‘g‘li, pul otamniki. Bu ishni osongina hal qilsa bo‘ladi, chunki Sibirga surgun qilishga arziydigan gunohi yo‘q uning. Chaqirtiringlar uni, so‘roq qilinglar, nima uchun otamning pulini olganini ochiq aytib beradi; shu bilan uni bo‘shatib yuborasizlar.
Eh, Ivga, Ivga, rost gapiraman deb, ishning pachavasini chiqarayozding-ku! Sal bo‘lmasa, barcha yugurib-elganlaring zoye ketgan bo‘lardi, chunki sud qiluvchilardan bittasi, unga ergashib, qolgan hamkasblari ham, sen aytgan gapni ilib olib, chug‘ullay boshlashdi: “Pulni nima maqsadda olgan bo‘lsa ham, axir olgan-ku; o‘z otasinikinimi, begonanikinimi, baribir, olgan – so‘ramasdan, sandiqning qulfini buzib olgan; demak, o‘g‘ri”.
Gubernator peshonasini qashib, biroz o‘ylanib qoldi, keyin chuqur tin olib dedi: “Ha, to‘g‘ri aytasizlar; lekin, baribir, unga odam yuboringlar. Olib kelishgach, so‘roq qilinglar. Faqat birgina so‘zdan najot topib, uni Sibirga surgun bo‘lishdan asrab qolish mumkin. Maktub yozing, tezroq uni bu yerga jo‘natishsin. Sen bo‘lsang, oppoq qiz, uyingga bor, bir haftadan keyin kelib xabar ol”,– so‘ng u bir panni chaqirib, qayoqqadir xat yozishni buyurdi – qayoqqa? Buni Ivga tushunmadi; xatda, hech kim mazkur qizga tegmasin, uni xafa qilmasin, deb yozilishi kerak edi. “Bu qizni faqat men yaxshi bilaman,– dedi gubernator.– Sen, oyimqiz, agar biron nimaga muhtojlik sezsang yo biron kishi seni xafa qilgudek bo‘lsa, to‘g‘ri mening oldimga kelib, so‘rayver nima kerak bo‘lsa”.– Shunday deb u o‘z ishiga ketdi.
Ivganing quvonchi ichiga sig‘masdi! U ham yig‘lar, ham kular, ham gubernatorning oyog‘iga yiqilib, uning qo‘lini, shuningdek, boshqa sudlovchilarning ham qo‘lini o‘pishga urinardi...
– U o‘zi turgan uyga yuribmas, qushday uchib bordi, uy bekasini “cho‘lp-cho‘lp” o‘pib, Levkoni bu shaharga olib kelib, shu yerda so‘roq qiladigan bo‘lishganini, aytdi. Endi uni Sibirga jo‘natishmasligini maqtana-maqtana gapirdi. Sevinganidan kun bo‘yi ko‘ngli yayrab yurdi.
Ertasi kuni Ivga (xudoga shukurki, endi shahar kezishi lozim emas edi) ishga kirishdi: qo‘li qo‘liga tegmasdi! Tinmay qo‘shiq kuylar, qilayotgan ishini to‘xtatmay, nuqul labi-labiga tegmay, qiziq-qiziq gaplarni hikoya qilar, beka uning hazil-huzul gaplaridan qotib-qotib kulardi. Ish ham peshma-pesh kelib turdi; bir ishni tikib ulgurmasidan ikkinchi buyurtma kelaverdi. Hamma yoqdan ularga pul ham kelib tushaverdi! Ivga har hafta Levkodan xabar oldgani “Murosa palatasi”ga borishni kanda qilmadi: undan darak yo‘q edi. To‘g‘ri-da, yo‘l olis bo‘lsa: yuz ellik chaqirim keladigan yo‘lni yayov bosib o‘tishning o‘zi bo‘ladimi?
Kunlarning birida Ivga tikkan ishini buyurtmachiga olib ketayotganida ko‘chada bo‘layotgan... qandaydir bir voqeaga ko‘zi tushdi. Juda ko‘p odamlar, bir qancha izvoshlar to‘plangan, musiqa gumburlardi! Bu to‘y bo‘lsa kerak, deb o‘yladi Ivga va shaharliklar to‘yi qanaqa bo‘lishini ko‘rgani yaqinroq bordi. Ko‘rsa, bu to‘y emas ekan. Eng oldingi izvoshda uchta mashshoq skripka, bas va tsimbal** cholg‘ularida mashq chalar, ularga yana doira ham jo‘r bo‘lardi; ikkinchi izvoshda ikkita yaxshi kiyingan, basavlat kishi qo‘llarida vino solingan chelakcha ushlab turardi: uchinchi izvoshda bo‘lsa, egniga odmi chopon, boshiga kazaklar qalpog‘ini kiygan odam o‘tirardi; u beliga alvonrang keng shohi belbog‘ bog‘lagan, ikkinchi shohi belbog‘ bilan bo‘ynini o‘rab olgan, qo‘lidagi yana bir belbog‘ bilan dam-badam yuz-ko‘zini artardi. Bu odam g‘irt mast bo‘lib, o‘rtadagi izvoshda ketayotganlarga dam-badam hamma uchragan va o‘tgan-ketgan kattayu yoshni araq bilan siylashni buyurib turibdi; ichishni xohlamaganlarni esa,butun ko‘chani boshiga ko‘tarib bo‘ralab so‘kayapti, ayni chog‘da mashshoqlarga ham, qattiqroq chalinglar, deb o‘shqirmoqda edi. Orqasidan xuddi chigirtkalardek gurra-gurra yugurib kelayotgan bolalarga esa, bo‘yniga qizil lenta bilan osilgan shohi ro‘moldagi har xil pryaniklar, yong‘oqlardan sochqi sochib, ularni o‘yin tushishga undardi.
Ivga bu tomoshani yaxshiroq ko‘rib olish uchun yaqinroq bora boshlaydi, chunki ularning qishlog‘ida hech qachon bunaqa mo‘‘jizalar bo‘lmagan edi; buni shahar deydilar, bu yerda ahmoqlar o‘zlarini shunaqa dono qilib ko‘rsatadilar. Mana, bolalarni xursand qilgan bu odam: “Musiqa! Olg‘a marsh!”– deb buyruq berdi. Musiqa izvoshi qo‘zg‘aldi, uning orqasidan hamma yoshu qari ergashdi. Izvoshlar bir chiroyli uy yonidan o‘ta boshlashdi; uyning chiroyli derazalari yaraqlab turardi. Tentak maishatparast: “To‘xta!– deb qichqirdi.– Kim bu uyning egasi? Derazangni sindirsam qancha so‘raysan?”
– Qo‘ysang-chi hazilingni, bir so‘lkavoy ham olmayman, yo‘lingdan qolma,– dedi uy egasi.
– Bekorlarni aytibsan!–dedi araqxo‘r va bir urib, deraza oynasini chil-chil sindirdi. Uy egasi ,,dod” solib baqira boshladi, tentak bo‘lsa o‘n so‘lkavoyli qog‘oz pul chiqarib, uning qo‘liga tutqazarkan, dedi: “Bilib qo‘y, men erkin odamman, ishrat qilyapman!”
U yana bir qancha aql bovar qilmaydigan xurmacha qiliqlar qildi. Qarshidan asal choy sotuvchi odam kelayotgandi. Tentak turib, uning choy idishiga qo‘lini cho‘zdi; ahvolga tushungan sotuvchi idishini unga berdi. Mana, tentak choy idishini olib, undagi hamma choyni yerga to‘kdi-da, mashshoqlarga, chalinganlar, deb buyurdi va o‘zi shu to‘kilgan asal choy ustida “gopak”ka raqs tushib, choyni hammayoqqa sachratdi, asal choy egasiga besh so‘lkavoy berib, sho‘xlik qilgani yana nari ketdi.
Ivga olomonga qo‘shilib borarkan, bu qanaqa rasm, deb so‘radi. “Bu yigit yollanma askar, deyishdi unga. U yangi askarlikka yollangan, shuning-chun bugun miriqib o‘ynab qolmoqchi, ko‘ngliga nima kelsa, shuni qilib, odamlarga pul to‘lab yotibdi, negaki, yollangani uchun ancha-muncha haq olgan. Ertaga uning peshonasini ustarada qirishadi, bugun ko‘ngliga siqqancha o‘ynab qolmoqchi, o‘tmishdan xotira bo‘lsin uchun”.
Yollanma askar izvoshni to‘xtatdi va odamlarni araq bilan siylashni buyurdi. Bolalarga ham ichirishdi. Keyin ularni bir-birlari bilan mushtlashishga undarkan, bu jangni miriqib tomosha qildi... Ivga bu odamga tobora yaqinroq borarkan, unga tikilib-tikilib qaradi... Keyin birdan chinqirib yubordi:
– Timoxa!.. Bu mening akam-ku!.. Nima qilib yuribsan bu yoqlarda?
– Iye!.. Kim bo‘ldi bu?.. Voy, tavba, Ivga-ku, singlim-ku! Qay go‘rdan chiqding?.. Nima, pishirib qo‘yibdimi senga bu yerda?
– O‘zingni qay ahvolga solding?.. Tushunyapsanmi nima qilayotganingni?
– Faqat shu bugun tushundim, bugun men erkin qushman, ertaga: bir: ikki, chap, o‘ng, bir, ikki, chap, o‘ng...– Shunday deb Timoxa ko‘chada gandiraklab-gandiraklab marsh qilib yura boshladi, xalq uning ustidin qotib-qotib kuldi...
– Askarlikka yollanibsan, shu to‘g‘rimi, Timoxa?– so‘radi Ivga akasining yuziga yaqindan tikilib qararkan.
– To‘g‘ri.
– Unda, otamni kimga qoldirding?.. Esingni yeganmisan, nima balo?
– Otamni... endi o‘z holiga qoldirsa ham bo‘ladi: uning pullari... ulardan nom-nishon qolmadi, hammasi qovoqxonalarga, qiz-juvonlarga sarflandi.. Axiri yedim Levkoni... Endi erkim o‘zimda!.. Otamning sandig‘ini qoqladim... huvillab qoldi u... Sen, yaxshisi, bizning mirzaga erga teg...
– Qanaqasiga yeding Levkoni?... Nimalar deyapsan?
– Aytaymi?.. Ozgina... Laqillatdim... uni chaqdim... Gumdon qilib bo‘pti Makush chenkoni! Timoxa abjir kazak!
– Nima qilib laqillatding uni? Qani, gapir... – Bechora qiz! Badmast akasidan gap surishtirmoqchi bo‘lgan edi, lekin uning sherigi, tag‘in singlisi akasini askarlikka yollanishdan aynitib qo‘ymasin, unda shuncha puldan quruq qolamiz, deb o‘ylab, darrov pastga tushdi-da, Timoxani izvoshga o‘tqazib, “Ketdik yayragani!”– deb baqirdi. Musiqa Derbent marshini chaldi, doira “taka-tum”i yangradi. Izvoshlar orqalarida chang-to‘zon ko‘tarib jo‘nab qoldi.
Olomon har tomonga tarqala boshladi, Ivga suvga tushgan mushukday sho‘ppayib turib qoldi... Axir qanday bo‘lsa ham jigari-ku...uning keksa otasini yolg‘iz qoldirib, askarlikka yollangani Ivga uchun juda ayanchli va o‘kinchli edi. “U nima dedi o‘zi, deb eslay boshladi Ivga, otamning sandig‘ini qoqladim, dedimi?.. Nazarimda, u hamma pulni o‘g‘irlaganu uydan chiqib ketgan. Yana Levko haqida nimadir dedi: Levkoni laqqillatdim, uni yedim, dedi, shekilli? Hamma gapni o‘zidan so‘rab bilib olsam yaxshi bo‘lardi, lekin sheriklari Timoxani gapirgani qo‘yishmadi. Qanday qilsam, uni qaytarib otamning oldiga yuborarkinman? Sho‘rim qursin! Agar u otamning pullarini o‘g‘irlagan, yana yollangani uchun yollovchidan birtalay pul olgan bo‘lsa, qanday to‘laymiz axir shuncha qarzni? Endi men nima qildim?.. Nima? Gubernatorning oldiga boraman, u menga maslahat beradi; axir o‘zi aytdi-ku, agar biron nima kerak bo‘lsa, to‘g‘ri uyimga kelaver, deb... Borib unga dardimni aytaman...”
U yugurib-elib uydagi ishlarini bitirdi-da, gubernatornikiga hech nimadan hayiqmay, dadil kirib bordi va akasi Timoxani qo‘rgani bormi, uning nima degani bormi – hammasini gubernatorga so‘zlab berdi.
Gubernator darhol Timoxani qidirib topgani jandarmlarni jo‘natdi, Ivgaga esa shu yerga kutib o‘tirishni buyurdi.
Ikki soatlardan keyin g‘irt mastligidan o‘zining kimligini ham unutib qo‘ygan xudoning bandasi Timoxani olib kelishdi. Gubernator Ivgani parda orqasiga qo‘yib dedi: “O‘zing eshit uning nima deyishini, aytdim, hozir uni bu yerga olib kirishadi”.
Timoxa qanchalik mast bo‘lmasin, kimning oldida turganini tushundi. U o‘zini hushyor ko‘rsatishga, haqiqiy askardek qaddini tik tutishga urindi; lekin qaddini rostlab, boshini adl ko‘tarishga qancha harakat qilmasin, shu zahoti boshi aylanib, shilq etib xam bo‘lardi.
Gubernator unga dag‘dag‘a qildi: “Nega bunchalik mastsan?”
– Bir yallo qilib qolay dedim, oliy... janobi oliylari... Ertaga kech bo‘ladi, ertaga, soch... sochingni qiramiz, deyishdi.– Timoxa shunday dadil javob berarkan, yana yer depsinib ham qo‘ydi. Axir ma’lum-ku, dunyoni suv bossa, mastning to‘pig‘iga chiqmaydi.
– Qanchaga yollanding?
Timoxa o‘ylab-o‘ylab, pishillab-pishillab, eslashga urinib ko‘rdi, gandiraklab-gandiraklab, yumilib borayotgan ko‘zini zo‘r-bazo‘r ochdi, nihoyat, qiynala-qiynala dedi: U-uch yu-u-uzga... yan-na e-ellik so‘-o‘mmga.
– Qancha olding?
– Hali faqat yarrmini, pan... a’lo... janobi... bilmayman,
– Hammasini ichib tugatdingmi yo hali qolgani bormi?
– Hammasini... qurritdim, ja... janobi...oliylari! Timoxa azzamat yigit. Xo‘jayin boshqa bermadi; hali yo‘lda ker-rak bo‘ladi, deydi. Otaxon, ayting, bersin. O‘l-lay agar, o‘sha qolgan ikki yuz so‘mniyam ertaga qur-ritaman... qurtday qilib. Askarlikda menga pul kerak bo‘lmaydi: maosh ber-rishadi, tekkinga boqishadi.
– Nega otangni yolg‘iz tashlab ketding?
– Men tashlab ketmadim, meni tashlashdi. Otamning puli qolmadi, otaginam, hammasi quritildi.
– Kim quritdi, senmi yo Levkomi?
– Yo‘... yo‘...yo‘.... Levko avliyo odam! Men, otaxon, jan... nobi...shunnaqa; men o‘mardim otamning hamma pulini...
– Levko-chi? U qachon o‘g‘irlagan edi?
– Yo‘...yo‘... Men kirdim otamning xonasiga, eshik qulfmas ekan... Qarasam, sandiq... sandiqda... O, bilardim, pul ko‘p edi!... Men... hech kim yo‘q edi.... Qulfni buzib, oldim... Ko‘p pul oldim!.. Keyin otamni sandiq tepasiga boshlab keldim... qarasak, Levko ham qo‘lida pul ushlab turibdi... Olsa olibdi-da.. pulimiz ko‘p... kamayib qolmasdi, otamga Levkoni chaqmasamam bo‘lardi... agar qishlog‘imiz mirzasi meni yo‘ldan urmaganida Levkoni ilintiramiz, dedi u, Ivgaga meni kuyov qilasan... Shundan keyin Levkoni Sibirga gum qildik...
– Gubernator mast Timoxaning hamma aytganlarini yozib qo‘yishni buyurdi. To Levkoni olib kelgunlaricha, Timoxani hibsda saqlashni buyurdi: askarlikka yollovchi xo‘jayindan qolgan ikki yuz so‘mni ham undirishdi; gubernator Ivgani uyiga jo‘natarkan dedi: “Agar hammasi akang aytganday bo‘lib chiqsa, xudoga shukr qil, ko‘nglingni buzma; balki Levkongning aybi unchalik og‘ir emasdir”.
Ivga gubernatorga qayta-qayta minnatdorchilik bildirib, bekasining uyiga ketdi.
Shundan keyin bir-ikki kun o‘tgach, Ivga Levkoning kelgan-kelmaganini bilish uchun palataga bordi. Akasining qayerga qamalganini u hali bilmasdi; bir payt jandarm ot choptirib kelib, uning tezroq gubernatornikiga borishi kerakligini aytdi.
Ivganing yuragi bir orziqib tushdi... Otlanib, tayinlangan yerga bordi.
Gubernator uni ko‘rishi bilan shunday dedi: “Mana, olib kelishibdi nihoyat Levkongni, men uni so‘roq qilaman, sen mana bu yerda turib (u qizni yana parda orqasiga olib o‘tdi), uning o‘zini oqlab aytadigan gaplarini eshit, ko‘ramiz, qanday vaj toparkin!”
Ivga parda orqasida turib, Levkoni olib kelishlarini kichik bir teshikdan kuzata boshladi... Yo bibi Maryam, o‘zing panohingga ol! Ko‘zi Levkoga tushganida chinqirib yuborishiga sal qoldi!.. Ey xudo, bu Levkomi yo boshqami? Tanish qiyin. Cho‘pday ozg‘in, rangi dokaday oqargan, soqoli patak bo‘lib o‘sib ketgan, boshining yarim pallasi ustarada qirilgan, egnida... ko‘ylak deb atab bo‘lmaydigan uvada! Qo‘llari kishanda!.. Sho‘rlik qiz! Yum-yum yig‘lari! Oson emas edi unga suyukli mahbubini bunday ahvolda ko‘rish!.. Qaniydi iloji bo‘lsa, shu asnoda u otilib chiqib, birinchi navbatda, Levkoning oylab yuvilmagan, chang, isqirt yuz-ko‘zidan ayniqsa, kishan yag‘ir qilgan bilaklaridan o‘paverardi, o‘paverardi... Mana, gubernator uni so‘roq qilishga kirishib: “Sen, bola, xuddi xudoga sig‘inayotganday, bor haqiqatni gapir menga, dedi.– Agar faqat rost gapirsang unda, basharti, biron-bir aybing bo‘lsa ham, jazoingni yumshataman”.
Levko oldin cho‘qinib oldi; so‘ng o‘z qilmishlari haqida so‘zlay ketdi, Ivga uning aytganini nafasini ichiga yutib eshitdi.
Mana, Levko Ivgani qanday sevgani bormi, qizning otasi uni o‘lguday yomon ko‘rgani bormi, Timoxaning ayshu ishratda o‘g‘rilik qilib kun kechirgani va unga, Levkoga kun bermagani, ustidan tuhmat qilib, otasiga yomon ko‘rsatgani bormi – hamma-hammasini gapirgach, bunday dedi: “Ota bilan o‘g‘ilning zug‘umlariga ortiq toqat qilolmaganimizdan keyin, Ivga bilan ikkovimiz nikoh o‘qitishimiz haqida maslahatlashmoqchi bo‘ldik. Men o‘zim jamg‘argan arzimagan ellik so‘m pulni qarzga berib, undan ham quruq qoldim – qarz olgan odam qorasini ko‘rsatmay ketdi. Menga qattiq alam qilgan bo‘lsa ham, Ivgaga og‘iz ochmadim bu haqda; biz nikohdan o‘tish to‘g‘risida otamizning xufiya xonasida maslahatlashib olmoqchi bo‘ldik, Ivga menga xonaning kalitini berib, o‘zi qo‘shninikiga ish bilan chiqib ketdi. Men xonaga kirib xayol surib o‘tirdim. Bir mahal qulog‘imga dahlizdan Timoxaning shang‘illagan ovozi keldi, u men o‘tirgan xona tomon kelayotgan edi... Nima qilishim kerak edi? Bu yerda bir o‘zim o‘tirganimni ko‘rsa, janjal ko‘tarib men bilan mushtlashishiga bahona topiladi... Qochib chiqib ketishga kechikkan edim: u dahlizda, eshikdan chiqayotganimni ko‘rsa, nega otamning xonasiga kirding, kalitni qayoqdan olding, deb yopishib olishi aniq... Noiloj, stol tagiga biqinib oldim. Timoxa kirdi, birov yo‘qmikin deb u yoq-bu yoqqa qaradi, derazadan mo‘raladi. Hech zog‘ ko‘rinmasdi... Shunda u burchakda turgan boltani oldi-da, “qars” etib urib sandiqning qulfini buzdi; sandiqni ochib, bir nimalarni kavladi, keyin pul to‘ldirilgan bir qopchiqni tortib oldi! Uni butunicha olib ketmoqchi bo‘ldiyu, keyin o‘ylab turib, og‘zini yecha boshladi... U qopchiqdan siqimlab pul olib cho‘ntagiga sola boshladi. U shoshardi, shuning-chun ancha-muncha pul yerga sochildi. Shu payt yaqin o‘rtadan qariya Makuxaning ovozi eshitildi, Timoxa qo‘rqib ketdi, albatta, shoshganidan qopchiqni og‘zi ochiqligicha, pullarni yerga sochilganicha, sandiqni qopqog‘i ochiqligicha qoldirib, yugurib chiqib ketdi. U ketishi bilan men xuddi qaynoq suvda kuygan odamday stol tagidan otilib chiqdim... Xuddi bezgak tutganday dag‘-dag‘ qaltirardim! Ey rahmdil egam! Nima qilishim kerak edi endi? Boshim qotgan, garang edim. Agar hammasini ochiq-sochiq holda qoldirib xonadan chiqsam, meni ko‘rib qolishlari, hamma aybni mening bo‘ynimga qo‘yishlari turgan gap... Hozir cholning oldiga borib bor haqiqatni aytaman-da, uni bu yerga boshlab kelaman, deb o‘yladim; Timoxa bo‘yniga olmaydi, chol gapimga ishonmaydi – men aybdor bo‘lib qolaman. Yaxshisi, hammasini yig‘ishtiraman-da, xonadan chiqib eshikni qulflayman. Keyin Ivgaga aytib, qanday qilib buni otasiga xabar qilishni o‘ylab ko‘ramiz. Men shunday xayolga borib, qo‘rqa-pisa sandiq tepasiga borim va undagi sochilib yotgan so‘lkavoylarni ham, yerga to‘kilgan pullarni ham yig‘ishtirib qopchiqqa solganimni bilaman, ota-bola kirib kelishdi! Butun uyni boshlariga ko‘tarib baqira boshlashdi! “O‘g‘ri, Levko o‘g‘ri!” Men xuddi murdaday dong qotgan edim! Shundan keyin nimalar bo‘ldi, ular meni nima qilishdi, hech nimani eslolmayman!”
– Voy, Levko, xudodan qo‘rqmadingmi? – deb baqirib yubordi Ivga parda orqasidan yugurib chiqarkan.– Nega axir bularni menga aytmading? O‘g‘rilik qilmaganingni bilganimda bunchalik azob chekmagan bo‘lardim!..– Qiz shunday deb yigitning bo‘ynidan mahkam quchoqlab oldi. U xuddi telba bo‘lib qolganday ham yig‘lar, ham o‘par, ham xoxolab kulardi!..
– Iye, qayoqdan kelib qolding? O, mening asalim, o, mening baliqcham!– Levko o‘zining qayerda va kimning oldida turganligini unutib, nuqul mahbubasini erkalardi. Ivgani hech xayoliga kelmagan yerda uchratganidan uning ko‘ngli tog‘day ko‘tarilgan edi...
Gubernator – rahmat senga! Gubernator yigit bilan qizning bir-birini navozish bilan erkalashlarini ko‘rib, ko‘ziga yosh qalqdi va teskari o‘girilib, ro‘molchasi bilan ko‘zlarini artdi.
Birinchi bo‘lib Ivga es-hushini yig‘ib oldi va gubernatorga yuzlanib dedi:
– Janobi oliylari (Ivga shaharda yashab mansabdorlarni qanday ulug‘lashni bilib olgan edi), ko‘z oldingizda o‘pishishga jur’at etganimiz uchun bizni g‘azabga olmang... Xudo haqqi! Men shunaqayam xursandman, shunaqayam xursandmanki... Levkoni ko‘rganimning o‘zi katta baxt; yana bir xursand bo‘lganim – u o‘g‘ri emas ekan, shuning uchunam siz borligingizni unutib, nima qilayotganimni bilmay qoldim.
– Parvo qilma, hechqisi yo‘q, azizam!– derdi gubernator ko‘z yoshlarini artarkan.– O‘zim ham mamnunman bu yigitda ayb yo‘qligidan va haqiqat oshkor bo‘lganidan. Lekin shu aytgan gaplaringning hammasi rostimkin?
– Xudo haqqi, rost, xudo haqqi, rost!– deb Ivga Levkoni himoya qilishga tushdi.– Hammasi Levko aytganday bo‘lgan, u hech ham yolg‘on gapirmaydi.
– Rost, taqsir... afandim... janob pan...– dedi Levko gubernatorni nima deb ulug‘lashni bilolmay, nuqul ikki bukilib ta’zim qilarkan.– Sizday ulug‘ zotga men yolg‘on gapirarmidim? Axir podsho hazratlari sizga bizdek xo‘rlanganlarni himoya qilmoqni buyurgan-ku; qanday yolg‘on gapiray sizga? Rost, faqat rost gapni aytdim!
– Yaxshi,– dedi gubernator,– unda nima uchun ispravnikka, pul olganman, deb aytding, sudda ham shunaqa deganmiding?
– Hammasi bo‘hton, yolg‘on, chalkash gaplar, pan oliy... gubernator janoblari, hammasi yolg‘on!– derdi Levko jon-jahd bilan.– Men ispravnikniyam, sud qiluvchilarni ham hech ko‘rmaganman, ularning aft-basharasi qanaqaliginiyam bilmayman, hech ko‘rmaganman, sud mahkamasigayam qadam bosmaganman. Boya aytdim: qanday qilib bo‘lisimizning “sovuqxona”siga tushib qolganimni bilmayman, eslolmayman; u yerda ochlikdan sirilib o‘layozdim. Mendan hech kim hech nima so‘ramadi, o‘zim ham hech kimni ko‘rmadim; meni sovuqxonadan qo‘limni bog‘lab olib chiqishdi-da, shaharga, to‘g‘ri qamoqxonaga olib borib tiqishdi. U yerdan hech qayoqqa chiqarishmadi, sudga ham olib borishmadi. Meni shaharga mirza kuzatib kelgan edi, u hamma gapdan xabardor. O‘sha aytsin nima bo‘lganini...
– O, u aytadi!– deb uning gapini bo‘ldi Ivga.– U yo‘q yerdagi gaplarni to‘qib soladi. Bilasizmi, janobi oliylari, o‘sha mirza Levkoni tiriklayin yamlamay yutmoqchi bo‘lib yuribdi, nimaga desangiz, u mening Levkogamas, unga erga tegishimni xohlaydi. Lekin ovora bo‘ladi. Menimas, shimildiriqni oladi. Ha!
– Yaxshi, yigitcha!–dedi gubernator.– Sen sudda ham ispravnikning, sudyalarning yuziga tik qarab turib, menga so‘zlab bergan hamma gapingni aytasanmi?
– Aytaman, shartta yuzlariga aytaman, pan janob... nima deyish kerak, Ivga?
– Janobi oliylari, deb ayt.
– Ha, ha, janob... Ivga aytganday, qo‘rqmay, hammasini aytaman, nimagaki, men haqman!
– Xo‘p, bo‘lmasa,– dedi gubernator,– boraqolinglar. Sen, yaxshi qiz, yashab turgan joyingga bor, yigitni esa, qo‘lini yechinglar-da, ertagacha politsiya mahkamasida saqlanglar. Ertaga seni palatada so‘roq qilishadi, agar gaplaring rost chiqsa, sen, yaxshi qiz, o‘sha yerda, palatada uni kafillikka olib ketaverasan.
Ivga, uning ketidan Levko gubernatorning oyog‘iga yiqilishdi va duv-duv ko‘z yosh to‘kib, qayta-qayta minnatdorchilik bildira boshlashdi, bizga qayta jon ato etdi, deb xudoga shukronalar ayta boshlashdi.
Ivga Levkoning qo‘lidagi kishanni hech kimga yechtirmadi, o‘zi qulfini ochib, kishanni yechdi; keyin Levkoni politsiya mahkamasigacha kuzatib bordi va uning yonida bo‘lib turish uchun ruxsat ham oldi. Butun tun, to tong otguncha, Levko bilan Ivga odamlardan chekkan azobu uqubatlar haqida bir-birlariga so‘zlab chiqdilar; Levko himoya qiladigan va maslahat beradigan hech kimi bo‘lmaganidan zorlansa, Ivga kimlarning zug‘umidan iztirob chekkanini so‘zladi.
Ertalab Levkoni palataga olib borishdi, Ivga ham u bilan birga bordi, qarasa, Timoxa ham o‘sha yerda soqchi nazoratida o‘tiribdi; soldatlar uni miltiq o‘qtalib qo‘riqlab turishibdi. Levko kecha gubernatorga so‘zlab berganiday, bu yerda, palatadagi so‘roq paytida ham hamma bo‘lgan voqealarni aslida qanday bo‘lgan bo‘lsa shunday hikoya qilib berdi. Lekin Timoxa (endi hushyor tortgan edi) yana “yolg‘on to‘qishga” kirishgan edi, darhol Ivgani chaqirib kirishdi, u shu zahoti akasining og‘ziga urib to‘xtatdi va uni shunday yer bilan yakson qildiki, oqibatda, u kecha gubernatorga gapirganidek, hamma aybni bo‘yniga oldi. Uni yanada ko‘proq so‘roq qila boshlashdi, ana shunda u butun qing‘ir qilmishlarini mirza bilan ulfat bo‘lib olib, singlisini unga erga bermoqchi bo‘lgani bormi, Levkoni birgalikda gum qilmoqchi bo‘lganlari bormi – hammasini ochiq gapirib berdi. Mirza Timoxaning o‘z otasi sandig‘idan o‘g‘irlagan puli evaziga, Levko haqida bir dunyo bo‘xton so‘zlarni yozib tashlagandi; sud qiluvchilar Levkoni ko‘rmagan bo‘lsalar ham uning ustidan ochilgan ishga o‘ylab o‘tirmay imzo chekishgandi. Chunki bu odamlar o‘z vazifalarini faqat imzo chekishdan iborat deb bilardilar, kotiblarning vazifasi esa, hukmnomaga o‘zlari xohlagan gaplarini yozib, sudyaga qo‘l qo‘ydirishdan iborat edi. Bundan foydalangan Timoxa begunoh odam – Levko ustidan g‘iybatlar yog‘dirgandi!.. Timoxaning hamma aytganlarini yozib olishdi va o‘zini qamoqxonaga jo‘natishdi, Levkoni esa ozod qilib, qo‘yib yuborishdi.
Ivga Levko bilan birga bekanikiga yetib kelib, endigina qanday qilib uylariga yetib olish, xo‘jalikni qanday tartibga solish haqida maslahatlashmoqchi bo‘lib turgan ham edilarki, jandarm kelib, Ivgani gubernator chaqirayotganini aytdi. Qiz hech narsadan xavotirlanmay, yo‘lga tushdi va to‘g‘ri gubernatorning uyiga kirib bordi. “O, sen chindan ham balo qiz ekansan,– dedi unga gubernator,– yugurib-elib, axiri qaylig‘ingni Sibirdan olib qolding. Mana bu ikki yuz so‘m pul senga, buni akangni askarlikka yollagan odamdan oldik. Akangning endi soldat bo‘lishdan boshqa iloji qolmadi; u otangning pullarini o‘g‘irlab quritibdi, sen bu pulni ol, nikoh to‘ying-ga ishlatasan”,
Ivga gubernatorga ta’zim qildi va yolborib dedi:
– Yo‘q, janobi oliylari, bu pulni ololmayman. Qanday qilib men akamning pulini olay? U o‘zini shu pulga sotgan, nima, endi men to‘yimni uning puliga o‘tkazaymi? Bu insofdan emas. Bu pulni akamning o‘zi olsin, muhtojlikka tushganida asqotib qoladi.
– Bo‘lmasa, qanday to‘y qilasizlar, keyin qanday kun kechirasanlar?– so‘radi gubernator.
– Bizning to‘y yetimlar to‘yi bo‘ladi,– dedi Ivga,– hech qanday sarpo-suruqsiz, sovg‘a-salomsiz, to‘yanalarsiz... Korovay*** o‘rniga oddiy non ulashamiz. Qanday kun kechirishimizga kelsak, muhtojlikka chidab, ishlaymiz, harakat qilamiz, ro‘zg‘orni tiklaymiz, u yog‘iga bizni xudoning o‘zi qo‘llab yuborar, janobi oliylari.
Levko ham gubernatorga ta’zim qilarkan, Ivganing gapini ilib ketdi:
– Ha, ter to‘kib ishlaymiz, pul topamiz, pan janob... sizni ulug‘laganday.
– Baski, shunday qarorga kelgan ekansizlar, unda gap bunday!– dedi gubernator va bugun uyiga to‘plangan mehmonlar oldiga kirib ketib, saldan keyin qaytib chiqdi-da, Ivgaga dedi: “Mana bu uch yuz yigirma so‘mni senga mehmonlarim berishdi. Ol, to‘yingga ishlatasan”.
– Yo‘q, men buni ololmayman, janobi oliylari! Olmayman ham, xohlamayman ham,– dedi Ivga ta’zim qilib va gubernatorning pul uzatgan qo‘lini qaytarib.
– Nima uchun olmaysan?
– Olmayman dedimmi, olmayman. Axir qanday olay? Qishlog‘imizda meni guberniyada bo‘lganimni hamma biladi; axir bir odam bir yil ishlab ham topa olmaydigan shuncha pul bilan qaytsam, nima deb o‘ylashadi, bu chuvrindi qiz shuncha pulni qayoqdan olibdi, deyish-maydimi? Men to‘g‘rimda shunaqangi g‘iybatlar, uydirmalar tarqaladiki, xudoni shohid qilib, yuz ming marta cho‘qinsang ham ishontirolmaysan ularni; odamlarimizning tabiati shunaqa.
– Olaver, tentak qiz; axir erga tegayapsan. Senga nima, gapirishsa gapiraverishsin!
– Siz meni tentak deysizmi, boshqa deysizmi, deyavering, baribir, olmayman, hatto bir qop pul berganingizda ham olmasdim, xudo haqqi. Mening nomus-orim hamma narsadan azizroq. Nima, erga tegaman deb, pok nomimdan voz kechaymi? Mening gard yuqmagan nomim o‘zimgayam, erimga ham kerak. Agar bolalar barmoqlari bilan meni ko‘rsatib pichirlashsa, qishloqning kattayu kichik fuqarosi, shaharda ozgina vaqt bo‘lib shuncha pulni qandoq topibdiykin, deb g‘iybat qilishsa, holim nima kechadi? Shuncha pulni bir-ikki hafta ichida ishlab topib bo‘lmaydi, hech kim buncha pulni qarzga ham bermaydi; demak, panlar bergan, nimaga bergani ma’lum. Rahmat, kerakmas menga bunday shuhrat! Axir odamlar ko‘ziga qarolmay qolaman-ku, bunaqada!
– Obbo, qizi tushmagur-e! Balosan, balo!– dedi gubernator.– Gaping to‘g‘ri, sen to‘g‘ri mulohaza qilding. Odamlar hamma joyda: shaharda ham, qishloqda ham bir xil; bizning jamoamizda ham, senlarning oralaringda ham; bo‘lmasa, pulni qaylig‘ingga bersam maylimi?
– Xohlasa olsin, xohlamasa yo‘q. Hali uning xotini emasman, buyruq berolmayman.
– Demak, Levkoga beraman, – dedi gubernator.– Bu pulni u beayb qamoqda o‘tirib chiqqani uchun oladi. Endi sen uyingga ketaver, yigiting bu yerda qoladi va ma’mur bilan birgalikda borib, uni so‘roq qilmay qamoqxonaga tiqqan sudyalarning aybini yuzlariga aytib fosh qiladi, Yaxshi bor, “balo” qiz!
– Yaxshi qoling, janobi oliylari! – dedi Ivga.– Mening nikohdan o‘tishimga oq fotiha bering: siz mening ham otamsiz, ham valine’matimsiz! Sizning muruvvatingizsiz Levko juvongmarg bo‘lardi, men xazon bo‘lardim! – Shunday deb Ivga, nikoh udumiga ko‘ra, uch marta gubernatorning oyog‘iga, bosh urib ta’zim qildi, uning qo‘lidan o‘pdi va xayrlashib ketarkan dedi: – Hamisha sog‘-salomat bo‘ling! Bizga ko‘rsatgan himmatingiz, sizga xudodan qaytsin! Iloyo, siz ham, farzandlaringiz ham biz uchragan quruq tuhmatlarga uchramanglar, hech qachon xudo sizlarni sudyalarga ro‘para qilmasin...– Shu gapdan keyin Ivga Levko bilan birga chiqib ketdi.
Ivga endi nima qilish lozimligi haqida Levko bilan maslahatlashdi va uning pulidan bir qismini olib, uy bekasiga ijara haqini, olmayman, desa ham berdi-da, arava yollab, o‘z qishlog‘iga jo‘nab ketdi.
Kelsa, otasi boshiga tushgan g‘am-tashvishdan o‘lar holga kelibdi: axir qizi uni tashlab, o‘g‘li pullarini o‘g‘irlab dom-daraksiz ketishgan edi-da. Ivga o‘zining qayerlarda, nima maqsadda bo‘lganini, nima ishlar qilganini, arzanda o‘g‘il Timoxa Levkoni qanday xarob qilishga chog‘langanini, keyin o‘zi guberniyada ne-ne mashaqqatlarni boshidan kechirib, axiri Levkoning begunohligini isbotlaganini, Timoxa esa, otasining sandig‘idan o‘g‘irlangan pullarni ichib tugatgach, askarlikka yollanganini– hamma-hammasini so‘zlab berdi.
– Battar bo‘lsin!– dedi ota.– O‘zim ham uni qaytib kelgan zahoti askarlikka berib yubormoqchi bo‘luvdim. Zorini xudoga aytsin!
Ivga, Levko bilan qanday qarorga kelganini, hozir uning nima maqsadda guberniyada qolganini ham aytib berdi.
– Siz, dada,– dedi Ivga otasiga,– Levko haqida hech kimga hech nima demang, go‘yo siz uning daragini eshitmagansiz.
– Yaxshi, qizim,– dedi ota.– Xohlagan ishinglarni qilinglar, ishqilib men yoninglarda bo‘lsam, o‘lganimda qarovsiz qolmasam bo‘lgani.
Qarang, shu kuni kechqurun keksa Makuxaning uyiga pan mirza bir to‘da sovchilarni boshlab kirib kelsa bo‘ladimi, Ivgani o‘ziga unashtirgani. Mirza, birinchi navbatda, shunday gap boshladi: “Endi Levko adoyi tamom bo‘ldi. Uni tutib, to‘ppa-to‘g‘ri guberniyaga haydab ketishdi; u yerda jallod uni qamchi bilan savalabdi, keyin uni surgun qilishibdi, bu haqda bizga, mana, hujjat ham keldi”,– shunday deb u allaqanday qog‘ozni, bu farmon, deb ochib ko‘rsatdi. Keyin yana gapira boshladi: “Binobarin, endi Ivga, Levko bo‘lmaganidan ke-yin, mendan boshqa kimga ham tegardi. Shuning uchun, mana, sovchilar bilan keldim. Yakshanba kuni to‘yni boshlab yuboraveramiz endi...”
– Voy, ordona, notavon ko‘ngilga qo‘tir jomashov!– ded chinqirdi Ivga ichkaridan va katta xonaga otilib chiqib, mirzaga baqirib berdi: – Yo‘qol, kasofat, qorangni o‘chir uyimizdan! Men sendaqa ablahga nafaqat bir og‘iz ilmiq so‘zimni, sasigan qovoqni ham loyiq ko‘rmayman. Dunyodan so‘qqabosh bo‘lib o‘tasan. Odamlarning qonini rosa so‘rding sen, yashshamagur! Sizlarga bo‘lsa, yaxshilar, ho sovchi bo‘ling, ho boshqa, aytadigan gapim bitta: bu yerda taomilimizdagi gaplarni aytmang-u, yaxshilikcha, uyimizdan chiqib keting; agar chiqishga shoshmasangiz, hoziroq shamni o‘chiraman****, ana unda qorong‘ida xuddi o‘g‘rilarday urilib-qoqilib zo‘rg‘a yo‘l topasiz.
Nima qilsin sovchilar? Qalpoqlarini kiyishdi, tayoqlarini qo‘lga olishdi. Pan mirza bilan birga uydan otilib chiqishdi... ikki qo‘llarini burunlariga tiqib! Keyin ura qochishdi oyoqlarini qo‘lga olib!
Ertalab mirza sardor oldiga borib, tulkidek ayyorlik qila boshladi. Kecha Makuxaning qizi Ivgadan o‘zining qanday qattiq tanbeh yeganini aytmay, gapni boshqa yoqqa burdi: “Pan sardor! Trofim Makuxa qarib qoldi, asrandi o‘g‘li surgun qilindi, o‘g‘li allaqayoqlarda qochib yuribdi; hozir odamlar o‘lpon to‘lay boshlashdi. Nima deysiz, shu munkillab qolgan, hech kimi yo‘q cholni bir yilga o‘lpon to‘lashdan ozod qilsak, savob bo‘lmasmikin?
– Nima, meni laqillatmoqchimisan?– deb baqirdi unga sardor.– Bilasan-ku, men nohaqlikni yoqtirmayman! Men senlarga avvalgi sardor Yevdokim emasman, senlar uni istagan ko‘yga soldilaring, qo‘g‘irchoq qilib o‘ynatdilaring! Men hamma ishni o‘zim hal qilmoqchiman, sen badbaxt mirzaning gapiga kiribmas. Hozir odamlarni ol-da, qariya Makuxanikiga borib, undan hamma o‘lponlarni to‘la-to‘kis to‘lashni talab qil. Bordi-yu, pulim yo‘q desa, uyidagi hamma mol-davlatini tortib olib sot, xonavayron qil! O‘zini sovuqxonaga olib borib qama, eski udumimiz bo‘yicha, ustidan suv quy, bo‘kib yotaversin...
– Qizini uyda qoldiraymi, ro‘zg‘orga qarab turgani?– so‘radi sardorning fe’lini yaxshi bilgan mirza ayyorlik qilib.
– Ko‘rsataman senga uyda qoldirishni!– deb o‘dag‘ayladi sardor.– Men senlarga Yevdokim emasman, o‘z bilganlaringcha ish qilishlaringga yo‘l qo‘ymayman. Aytganimni qil: uni ushlab, sudrab kel, yubkasini, marjonlarini pulla. Agar oyoq tirab turib olsa, sochini kesib olib sot. Men uning esini kiritib qo‘yaman, ikkinchi marta mirzalarga xushomad qilmaydigan bo‘ladi. Bilib qo‘ysin kimligimni! Men sardorman, hech kim menga “g‘ing” deyolmaydi.
Mirzaga aynan shunday buyruq kerak edi! U zumda guvohlar, baholovchilar, qo‘riqchilarni yig‘di! Ular Makuxanikiga xuddi qora bulutday bostirib borishdi va shu zahoti sandiqlarni buzib ochib, hamma topilgan mollarni sotmoqchi bo‘lishdi... Lekin Ivga shu zahoti mirza o‘lpon uchun talab qilgan pullarni bekamu ko‘st qo‘liga tutqazdi. O‘lponlar son mingta edi: yo‘l o‘lponi, ko‘priklar o‘lponi, qorovullar uchun, sovuqxonada yoqiladigan (aslida hech qachon yoqilmagan) shamlar uchun o‘lpon... Ivga mirzaga u aytgan hamma o‘lponlarni to‘ladi, shunda mirzaning ensasini qashib, odamlari bilan chiqib ketishdan o‘zga iloji qolmadi.
Mirzaning adabini bergan Ivga endi hech nimadan qo‘rqmasdi. Bu payt Levko bilan kelishilgan vaqt ham yaqinlashib qolgan edi. Ivga shosha-pisha uyni tartibga keltira boshladi: devorlarni oqladi, stollar va o‘tirg‘ichlarni qirtishlab yuvdi, tovuq va o‘rdaklar sotib oldi (o‘zlarida borini Timoxa quritgan edi), ularni so‘yib, patlarini yuldi, tozalab pishirdi, hamir qorib ugra kesdi, non yopdi... Ish qizigandan qizidi! Juma kuni yasanib olib, tanish-bilish erkagu ayollarni, to‘yga birga bo‘lishga, kimlarnidir sovchilik qilishga, kimlarnidir to‘yni boshqarishga, bo‘ydoq yigitlarni kuyov jo‘ralikka taklif qildi; yana quda-andalarni, yangalik qiluvchilarni, xullas, qishloqning barcha hurmatli va mo‘‘tabar kishilarini to‘yga aytdi.
“Kimga turmushga chiqayapsan”, deb so‘raganlarning hammasiga u “Levkoga” deb javob qilaverdi.
“Voy tavba, bu qayoqdayu, kuyov qayoqda! Axir uni surgun qilishgan-u!” deyishardi mirzaning gapini eshitgan odamlar.
– Nima bo‘lsa bo‘ldi,– derdi Ivga,– lekin siz, amakijon, siz, xolajon, yaxshilab o‘tkazib bering men yetimchaning to‘yini.
Odamlar bo‘lsa, yelkalarini uchirishib, miyig‘larida kulisharkan: “Bu Ivga tushmagurning esi og‘ib qolmadikin mabodo?– deb o‘ylashardi.– Erga tegmoqchi-yu, qaylig‘i bir tupkaning tagida surgunda. Mayli, ko‘raylik-chi, qancha asal chiqarkin bu pivodan!”
Shanba kuni Ivga korovoy yopuvchi nonvoy xotinlarni xamir qorgani yig‘di: nonvoy xotinlar yoqimli qo‘shiqlar aytib, xamir qora boshladilar; bo‘g‘irsoqsimon kulchalar yasashganda ham qo‘shiq aytib turishdi va qadimgi udumga amal qilishib, xamirni qo‘ynilariga yashirishdi; skripkachilar musiqa chalishdi, ularni o‘qtin-o‘qtin araq bilan siylab turishdi; qariya Makuxa tartibni kuzatib turdi, lekin Levko haqida so‘raganlarga “churq” etib ham javob qilmadi. Mana, xamir ham tayyor bo‘ldi, nonvoy xotinlar to‘yboshidan oq fotiha so‘rashdi va korovoyni yasab, tagiga suli donini sepishdi, yarim tanga pul ham qo‘yishdi, ustiga xamirdan yasalgan xoch yotqizishdi, yana bir-biri bilan o‘pishib turgan o‘rdakchalarniyam chiroyli qilib yasab qo‘yishdi. Mana, pech qizib tayyor bo‘ldi, korovayni avaylab uzun das-tali kurakka qo‘yishdi, shunda to‘yboshi fotihani boshladi:
– Yo parvardigor o‘g‘li bo‘lmish Iso Masih, o‘zing yorlaqa!
– Omin!– deb qichqirdi sovchilikka tayinlangan ikki kishi.
– Omin uchun rahmat, pan oqsoqollar.
– Biz duoni eshitishdan xursandmiz.
–Ushbu halol va mo‘‘tabar nonni pechga qo‘yish uchun oq fotiha beringlar.
– Xudo marhamatiga olsin!
– Ikkinchi marta.
– Xudo marhamatiga olsin!
– Uchinchi marta.
– Uch karra bir yo‘la, xudo marhamatiga olsin!
Shundan keyin ayollar o‘zlari bajargan amalga monand yoqimli qo‘shiq aytishdi, to‘yboshi esa, kurakka qo‘yilgan korovoyni pechga tiqdi; pech og‘zini shu zahoti qopqoq bilan yopib qo‘ydilar; zarurat tug‘ilgudek bo‘lsa afsun o‘qiy oladigan ikkita juvon hech kim pechga yaqin yo‘lamasin, pech ichiga tikilib qaramasin (yomon ko‘zdan asrash maqsadida), deb pech yonida o‘tirib oldi; agar shunday holatni payqab qolishsa, ular darhol pichirlab afsun o‘qishlari va chap yelkalari osha tupirishlari kerak edi.
Keyin to‘yboshi korovaydan qolgan xamirni olib, uning ustiga to‘rtta sham o‘rnatdi-da, ularni yoqdi, xamirni tog‘ora bilan yopdi, o‘z yordamchisi va yana ikkita yigit bilan xamirni ko‘tarib olib qo‘shiq aytgancha xona ichida aylanib yura boshladilar:

“Pechka aqqa-baqqa yugurar,
Tog‘orada xamir qorilar,
Pechka jonim, sendan aylanay,
Yopib bergan bizga korovay!”

Qo‘shiq tugagach, xamirni uch marotaba shiftga urdilar va uch marta juft-juft bo‘lib o‘pishib, yana qo‘shiq aytib, uydagilarni araq bilan siylay boshladilar. Musiqa korovay non pechga qo‘yilgandan boshlab, tinmay jon-jahd bilan Derbent marshini chalib turdi. Odamlarni ayting! Hovli to‘la odam, ular derazalardan mo‘ralashib tomosha qilib turishibdi...
Garchi hamma mehmonlar tartib saqlayotgan va uzatilgan araqdan bosh tovlamayotgan bo‘lsa ham, baribir, o‘zi bu qiz kimga tegmoqchi, muncha kuyib-pishib to‘y tadorigini ko‘rmasa, axir kuyov yo‘q-ku, balki u allaqachon Sibirga ham yetib olgandir, deb istehzo qilishni qo‘ymasdilar. Hatto Ivga bilan ko‘chama-ko‘cha yurib, kuyov bola Levko haqida qo‘shiq aytayotgan yaqin dugonalari ham o‘zaro hiringlab kulib qo‘yardilar. Qizlar to‘dasiga ro‘para kelgan ba’zi odamlar hammadan orqada ketayotgan qizdan: “Nima, kuyov keldimi?” deb so‘rar, qizlar esa: “Ha, yo‘q, xudo biladi qachon kelishini...”, der va xandon tashlab kulib, dugonalari orqasidan yugurdilar.
Mana, sochlarini yoyib (onasi yo‘q yetimcha bo‘lgani uchun), boshiga lentalar, gulchambarlar, bo‘yniga qahrabo marjonlar, xochlar, tilla tangalarni taqib, dugonalari oldida xuddi malikalarday savlat to‘kib kelayotgan Ivgani pan mirza ko‘rdi!.. Ko‘rdiyu... yuragi taka-puka bo‘la boshladi.. Shu zahoti u Ivganing kayfiyatini buzishga chog‘landi – zora shunda bu qiz menga tegishga rozi bo‘lsa deb! U sardorning oldiga yugurib bordi, uning jig‘iga qanday tegishni bilardi muttaham. Sardor uning gapini eshitar-eshitmas bo‘kirib berdi: “Sen Makuxani himoya qilma! Bilaman, Levko qochgan, ular uni yashirib qo‘yishgan. Bor, hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qil. Agar Levko topilmasa, cholniyam qizinim hibsga olib, sovuqxonaga qama. Men senlarga Yevdokim emasman, meni qo‘g‘irchoq qilib o‘ynatishlariga yo‘l qo‘ymayman, o‘zlaringcha ish ko‘rishlaringga ham ruxsat bermayman, faqat men aytganday qilinglar!”
Ivga dugonalari bilan uyga qaytdi. Endi vakil ota, vakil onalarni dasturxonga taklif qilib, qo‘shiq aytib, to‘yni boshlab yuborsa ham bo‘lardi. Lekin kuyov yo‘q! Mehmonlar olazarak bo‘lib hamma yoqqa qaray boshladilar, piqirlab kulishadi, qani buyog‘i qandoq bo‘ldarkin, deb kutishdi, ammo Ivganing parvoyi falak: labidan tabassum arimaydi, sho‘x-sho‘x gaplashadi, hamma yerda hoziru nozir, hech bir tayyorgarlik uning nazaridan chetda qolmaydi. Mana, nihoyat, u dugonalarini dasturxon atrofiga o‘tqazib, to‘yni boshlamoqchi bo‘ldi... Lekin shu payt birdan pan mirza o‘zining odamlari bilan quyunday bostirib kirib kelsa bo‘ladimi: “Qani qochoq Levkolaring?” deb baqirdi u.
Ivga xushchaqchaq. U darrov mirzaning oldiga yugurib kelib, dedi: “Xotirjam bo‘ling, pan mirza, u hozir yetib keladi. Siz to‘yimizga birga bo‘ling, nonu namagimizdan hazar qilmang!”
– Sizlar jinoyatchisizlar!– deb baqirdi mirza.– Qochoqlarni yashiryapsizlar! O‘nboshilar! Qani, boshlanglar qidiruvni, hamma buyumlarini ko‘chaga uloqtiring, sindiring, hamma yoqni kovlashtiring, toping o‘g‘rini. Ko‘rsatib qo‘yaman senlarga to‘y qanaqa bo‘lishini! Dastavval cholni hibsga oling, qizi bilan qo‘shib mahkamaga olib boring; sochidagi, boshidagi lentalaru gullarni yulib tashlang; u qamoqda bo‘ladi, to Levko topilmaguncha...
– Mana, men topildim, qidirmay qo‘yaqolinglar!– dedi mirzaning orqasida turgan kimdir... 
Qarang!... Levko-ku! Ha, Levkoning o‘zginasi, qaddi-basti kelishgan, azamat, o‘ktam Levko; u xuddi boyvachchalardek kiyingan: egniga movut chopon kiyib, beliga qirmizi belbog‘ bog‘lagan; boshiga cho‘qqisi qip-qizil kulrang qalpoq kiygan; belbog‘iga esa katta-katta gulli qizil shohi ro‘mol qistirilgan,– bunaqa ro‘molni qishloq ahli umrida ko‘rmagan. Ana shu azamat yigit qo‘llarini beliga tirab mirzaning qarshisida turarkan, dedi: “Men nega kerak bo‘lib qoldim sizga, pan mirza? Mana shu yerdaman!”
– Ush... ush... ushlanglar uni!– deyoldi mirza zo‘rg‘a, chunki u allaqachon Sibirda deb hisoblagan Levkoning birdan ro‘parasida paydo bo‘lganidan qo‘rqib ketgan edi!– Ushlanglar uni,– deb qichqirdi u yana,– darhol kundaga solinglar! U o‘g‘ri, firibgar, Sibirdan qochib kelibdi...
– Bekorlarni aytibsan, badbaxt!– deb qichqirdi uning orqasida turgan allakim... Iye, bu endi kim bo‘ldi? Ha-a, gubernator yuborgan ma’mur-ku!..– Bu ablahni hibsga olinglar! Uning o‘zini boshqalar uchun qazigan chuqurga olib borib tashlanglar!
Ma’mur shu zahoti odamlardan Levko haqida so‘ray boshladi... Odamlar bir ovozdan, Levkoning hech qanday yomon illati yo‘qligini, mirzaga ham xuddi shunday deb ta’riflashganini, lekin mirza xabarnomaga nima deb yozganligini bilmasliklarini aytishdi... Xullas, gapni cho‘zishdan na hojat? Ma’mur shu so‘roq paytida hamma narsani: mirzaning kotiblar bilan til biriktirib, Levko ishini chalkashtirib yuborganini, undan tashqari, sardorni pesh qilib, bo‘lis aholisini shilganini ham aniqladi. Hech bir ishni bilmaydigan, boshvog‘i mirzaning qo‘lida bo‘lgan, ammo nuqul: “Men senlarga avvalgi sardor Yevdokim emasman!”– deyishdan boshqa gapni bilmaydigan, sardor ham jazodan quruq qolmadi.
Ma’mur so‘roqni tugatgach Levko bilan Ivgaga: “Endi bemalol boshlayveringlar to‘yni, men shaharga borib, bularni so‘roq qilaman...”, dedi va jo‘nab ketdi.
Shu zahoti to‘y boshlanib ketdi. Dugonalar “yor-yor” aytishdi, musiqa yangradi, yaxshi odamlar qalahlar ko‘tarishdi. Icharkanlar, bo‘shagan qadahni peshonalariga qo‘ndirishar va nuqul Ivganing qanday qilib guberniyaga borib, panlar bilan, hattoki gubernatorning o‘zi bilan gaplashishga jur’at etib, Levkoni falokatdan ozod qilganiga hayron qolishardi. Keksa Makuxa qariyalar davrasida o‘tirib, hamma bo‘lib o‘tgan ishlar haqida hikoya qilar, qariyalar bo‘lsa, lablari bilan tamshanib qo‘yib: “Ha, gubernator qizingni bekorga “balo qiz” deb aytmagan, rost, rost!” derdilar:
Ertasi kuni kelin bilan kuyovni izzat-ikrom bilan ajoyib sov-g‘alar bilan qutlab, nikoh o‘qitishdi va shunday dang‘illama to‘y-tomosha boshlashdiki, ta’rifga sig‘maydi. Uch kun surunkasiga eslarini yo‘qotguncha miriqib ichishdi. To‘yda yoshar turna, ayiq, juhud qiz bo‘lib kiyinib chiqishdi, yana lo‘li xotinlar, turklar, boshqacha toifadagi odamlar bo‘lib ham davraga chiqishdi – bular hammasi eng og‘ir musibatlarni barham toptirib, ko‘zlagan niyatiga erishgan “balo” qizga bo‘lgan hurmat-ehtirom belgisi edi. Yosh kelin-kuyovga taqdim etilayotgan sovg‘alarning keti uzilmasdi! To‘yboshi, o‘z vazifasiga ko‘ra, davraga sovg‘a ko‘tarib chiqqan turfa xil jonvorlarga o‘xshatma qilib qichqiraverganidan ovozi bo‘g‘ilib qoldi...
U yoqda mirzadan pora olib, Levkoning ishini ayqash-uyqash qilib yuborgan kotiblar ham adabini yeyishdi. Ispravnik ham, sud qiluvchilar ham jazolarini olishdi; ular kotiblar keltirgan hujjatlarda nimalar yozilganini o‘qimay imzo chekish bilan sudyalik vazifasini bajargan, teshikkulchalarni yutoqib og‘ziga tiqqan, beayb odamlarning boshiga qanday mushkul savdolar tushganini bilishni ham xohlamagan sudyadan ham yeganlari teshib chiqdi. Bularning hammasini “balo” qiz deb nom olgan Ivga qildi; u hamma yaxshi odamlarning mushkulini oson qildi...
Sovuqxonaga qamalgan mirza Levkoning to‘yida yaxshi odamlar qanday yayrab kulayotganini eshitib va “balo” qizga uylanolmaganidan ichini it tirnab nuqul sochini yulardi. Keyin u o‘zi Levkoni jo‘natmoqchi bo‘lgan yo‘ldan uzoq Sibirga ravona bo‘ldi. Nuqul, “Men senlarga Yevdokim emasman”, deb keriluvchi va o‘zi mustaqil biron ishni eplay olmaydigan sardorni ishdan olib, o‘rniga boshqa odamni saylashdi.
Endi bizning yosh kelin-kuyovga kelsak, rohatda, farog‘atda kun kechira boshladilar. Ivga yana tejamkorlik bilan ish yurita boshladi: shaharda unga tortiq qilingan pullarning hamasini to‘yga sarflamadi; to‘y marosimini tugatgach, u Levko bilan birgalikda xo‘jalikni tiklashga kirishdi. Buzilgan, o‘g‘irlangan, talon-taroj qilingan buyumlar o‘rniga yangilarini sotib oldilar, yana karvonsaroyni ochib, o‘tkinchi mehmonlarni qabul qila boshladilar, ro‘zg‘orda tartib o‘rnatildi. Qariya Makuxa ham xursand: u tinch-osuda, izzat-ehtiromda, yegani oldida, yemagani ketida bo‘lib yashay boshladi. Xo‘sh, Ivga-chi? Endi uning boshida eri bor, u baxtli juvon – bolalari bag‘rida va hanuz hamma uni “balo” qiz deb chaqiradi.

Rus tilidan Qodir Mirmuhamedov tarjimasi

__________
* I s p r a v n i k – Chor Rossiyasida uyezd politsiyasi boshlig‘i.
** S i m b a l – changga o‘xshagan cholg‘u asbobi.
*** Korovay nikoh to‘yida zarur bo‘lgan alohida shaklda yopiladigan non. Nikohga kelganlar oldiga katta dabdaba bilan olib kiriladi.
**** Sh a m n i o‘ ch i r i sh – kuyovga beriladigan eng tahqirli rad javobi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.