OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hermann Hesse. Muz ustidagi oshiq (hikoya)

O‘sha yili qish nihoyatda qattiq kelib, uzoq cho‘zilgan, shu bois bizdagi juda ham go‘zal Shvartsvald daryosi bir necha haftalab qattiq muzlab qolgan edi.Men o‘sha g‘alati, o‘zim ham haddan ziyod qoyil qolgan tuyg‘uni hamon unutolmayman, o‘shanda qahraton sovuqning ilk kuni edi, ertalabdanoq daryoga otlandim, u shunaqangi chuqur, muz esa shunday tip-tiniq, xuddi yupqagina oyna yanglig‘ edi, undan yam-yashil suv, toshli qumloqlar, unga ajoyib bir tarzda singib ketgan g‘aroyib suvo‘tlar ko‘rinib turar, ahyon-ahyonda esa birda-yarim baliqning qoramtir tanasi ko‘zga chalinib qolardi.
O‘rtoqlarim bilan muz ustida betlarimiz qizarib, qo‘llarimiz ko‘karib yarim kunlab konkida yaxmalak otib yurardik, shiddatli va bir maromdagi harakatlarimizdan yuraklarimiz to‘lib-toshar, bolalik davrining beg‘am-mulohazasiz, ajoyib va lazzatli onlaridan kuch-quvvat olardi. Biz bir-birimiz bilan kim o‘zarga, uzoqqa va balandlikka sakrash bo‘yicha bellashar, quvlashmachoq o‘ynardik, oramizda kimki agar hali ham eski urfdagi oyoqqa bog‘lanadigan konkida uchayotgan bo‘lsa, ular durustgina yaxmalak otuvchilar hisoblanardi. Biroq bittamizda, ya’ni fabrikantning o‘g‘lida “Halifax” rusumli konki bor bo‘lib, u ip yoki tasmasiz ham mahkamlanaverar, uni ko‘z ochib yumguncha bog‘lash va yechish mumkin edi. O‘shandan buyon o‘tgan ko‘p yillar mobaynida “Halifax” so‘zi mening rojdestvo bayramiga sovg‘alar ro‘yxatimda saqlanib qolgan bo‘lsa-da, biroq uning o‘zi nasib etmagan; oradan o‘n ikki yil o‘tgach, bir kuni konkining eng zo‘ridan bir juft xarid qilay deb, do‘kondan so‘raganimda, u yerdagilar kulimsirab meni “Halifax” endi eskirib, anchadan buyon eng yaxshi konki bo‘lmay qolganiga ishontirishgan, shunda dilim ranjib, eng yuksak orzuim hamda bolalarcha e’timodimning bir parchasidan mosuvo bo‘lgan edim. Muz ustida ko‘pincha yolg‘iz o‘zim uchishni yoqtirar, ba’zan hatto tun pardasi yoyilgunga qadar ham qolib ketardim. Men yeldek uchib borayotib, xohlagan nuqtada to‘xtash yoki qayrilib olishni mashq qilib o‘rganib olgan, shu asnoda chiroyli doira yasab, muvozanatimni saqlagan ko‘yi uchish zavqi-la muallaq suzardim. Ko‘pchilik o‘rtoqlarim muz ustidagi vaqtlarini qizlar ketidan yugurib, ularning ko‘nglini ovlashga sarf etishardi. Menda esa qizlar degan gap yo‘q edi. Boshqalar qizlarga tantilik qilib, ular atrofida ham yonib, ham qimtinib girdikapalak bo‘layotgan yoki ular bilan juft-juft bo‘lib quvnoq va sho‘xchan uchayotgan paytlarida men yakka-yolg‘iz sirpanishning erkin havosidan bahramand bo‘lardim.
Qizlarning “yo‘lboshchilari”ga faqat rahmim kelar yoki ular ustidan kulardim, xolos, chunki ba’zi bir do‘stlarimning lafzlariga qaraganda, ularning ishqiy sarguzashtlari aslida naqadar dudmol va shubhali ekanligini bilib olish qiyin emas edi.
O‘shanda qish oxirlab qolgan payt edi, bir kuni maktabda yangilik qulog‘imga chalinib qoldi, nima emish, Nordkafer yaqinda Emma Mayerni konki yechayotganida yana o‘pib olganmish. Bu xabarni eshitib, qonim qaynab ketdi. O‘pib olganmish! Odatda qizlar bilan yurishning eng zo‘r kayf-safosi sifatida maqtalgan quruq, bemaza suhbatlar hamda jur’atsiz qo‘l berib ko‘rishishlarga qaraganda bu albatta, boshqa narsa edi. O‘pib olganmish-a! Bu oldindan his etgan, jur’atsiz, tund o‘zga bir olamdan kelgan sado bo‘lib, unda mamnu ne’matlarning xush bo‘yi, allaqanday sirli, aql bovar qilmas shoirona bir nima mujassam ediki, u o‘sha, barchamiz bilib, indamay yurgan, oldindan sezgan va qizlarga ishqiboz, maktabdan quvilgan sobiq o‘quvchi bolalarning ertaknamo ishqiy sarguzashtlarida izma-iz o‘z ifodasini topgan o‘sha chuchmal, o‘ta maftunkor ma’voga mansub edi. Nordkafer asli gamburglik o‘n to‘rt yoshli o‘quvchi edi, Xudo biladi, bizga qanday kelib qolgan, uni nihoyatda hurmat qilardim, maktabdan tashqaridagi zo‘r obro‘si kechalari menga uyqu bermasdi. Emma Mayer esa shubhasiz, Gerbersaudagi eng do‘ndiq o‘quvchi qiz bo‘lib, mallarang, mag‘rur, shaxdam, epchil va chaqqon, yoshi men bilan baravar edi.
O‘sha kundan boshlab oromim yo‘qolgan, o‘zimcha reja tuzishga kirishgandim. Qiz bolani o‘pish, bu – o‘z-o‘zidan mening hozirgacha mavjud bo‘lgan barcha eng yuksak orzularimdan ham oshib tushardi, qolaversa, bunday xatti-harakat beadablik sanalib, shak-shubhasiz, maktab haqidagi qonun tomonidan ham ta’qiqlangan edi. Yaxmalak ustida qizlarga iltifot qilib, marhamat ko‘rsatish buning uchun birdan-bir qulay imkoniyat ekanligi menga tez orada ayon bo‘ldi. Eng avvalo, tashqi ko‘rinishimni iloji boricha ko‘ngil ovlashga moyil, xushomadga qodir etishga harakat qildim. Soch tarashga vaqt ajratib, kiyimlarimning tozaligiga ham alohida e’tibor bera boshladim, mo‘yna telpagimni odob yuzasidan peshonamga bir oz tushirib kiyadigan bo‘ldim va singillarimdan pushtirang ipak bo‘yinbog‘ni yalinib-yolvorib, so‘rab oldim. Muz ustida uchayotgan paytlarimda yo‘l-yo‘lakay mo‘ljalimga to‘g‘ri keladigan qizlarga xushmuomalalik bilan salom bera boshladim, birdaniga bunday muomala avvaliga ularni ajablantirgan bo‘lsa-da, ayni paytda ularda xayrixohlik uyg‘otayotgani ham sezilib turardi.
Ilk tanishuv kamina uchun xiyla qiyin bo‘ldi, chunki men hali hayotimda birontayam qizni “taklif qilib” ko‘rmagandim. Avvaliga do‘stlarimning mana shunaqangi jiddiy marosimlar chog‘ida o‘zlarini qanday tutishlarini sezdirmay kuzatishga urinib ko‘rdim. Ba’zilari faqat mulozamat yuzasidan ta’zim qilib, qo‘l uzatsalar, boshqalari tutilib qolib,allanimalarni g‘o‘ldirashar, ko‘pchiligi esa quyidagi ajoyib iboradan foydalanishardi: “Marhamatingizni darig‘ tutmang.” Mana shu qisqagina jumla menga juda yoqib qoldi, uyga kelib,xonamdagi pechka oldida qulluq qilganimcha, ushbu tantanavor so‘zlarni qanday aytishni mashq qilishga kirishdim.
Nihoyat, ancha qiyin ilk qadamni qo‘yadigan kun ham yetib keldi. Kuni kecha ishga kirishishni o‘ylagan, biroq ikkilanib, jur’at qilolmasdan qaytib kelgandim.Bugun esa, o‘zim shu qadar intiq kutgan va hayiqqan ishni albatta amalga oshiraman deb, sobitqadam bo‘lib turardim. Yuragim po‘killab, xuddi jinoyatchiga o‘xshab ruhim tushgan, ma’yus bir alfozda yaxmalakka bordim, ishonsangiz, konkini qadayotgan qo‘llarim “qalt-qalt” titrardi. So‘ng doirani keng oldim-da, aft-angorimda odatdagi xotirjamlik va tabiiylikni saqlashga harakat qilib, ko‘pchilikka qo‘shilib ketdim. Butun boshli yaxmalakni katta tezlik bilan ikki marta aylanib chiqdim, keskin harakat va sovuq havodanmi, kayfiyatim ko‘tarildi.
To‘satdan, shundoq ko‘prik ostida kutilmaganda allakimga bor kuchim bilan urilib, yon tarafga ilkis sirg‘anib ketdim. Qarasam, muz ustida go‘zal Emma o‘tirar, aftidan, og‘riqning zo‘ridan arang tishini tishiga bosib, shu ko‘yi menga ta’naomuz qarab turardi.Ko‘z oldimda dunyo gir-gir aylanib ketdi.
– Meni turg‘izib qo‘ysalaring-chi! – qichqirdi u dugonalariga qarata. Men esa xijolatdan qip-qizarib ketgandim, telpagimni asta yechdim-da, uning yoniga cho‘k tushib, o‘rnidan turishiga yordamlashdim.
Bizlar endi ikkovimiz ham o‘ng‘aysiz, jur’atsiz bir tarzda ro‘baro‘ turar, shu asnoda bir-birimizga nima deyishni ham bilmasdik.
Barno qiz egnidagi mo‘yna po‘stin, chiroyli chehrasi hamda sochlaridagi qandaydir yot yaqinlikdan boshim aylandi. Uzr so‘rash esimga tushib, biroq bunga jur’atim yetmay, telpagimni hamon mushtimda tutib turardim. Shunda bexosdan ko‘z o‘ngim qorong‘ilashgandek bo‘ldi, beixtiyor unga chuqur ta’zim qilib, g‘o‘ldiradim: “Marhamatingizni darig‘ tutmang”.
Qiz hech narsa demasdan qo‘llarimni barmoqlari orasiga oldi, ularning haroratini qo‘lqopdan ham his etib turardim, so‘ng biz birga ucha boshladik. O‘zimni shu damda xuddi g‘aroyib tush ko‘rayotgandek his qilar, baxtu iqbol, sharm-hayo, samimiyat, quvonch va xijolatlik tuyg‘usidan nafasim bo‘g‘ilay derdi. Shu zaylda biz chorak soat birga aylandik. Nihoyat, to‘xtash joyiga yetganimizda, u nozik qo‘llarini asta bo‘shatdi-da: “Katta rahmat” dedi va o‘zi yolg‘iz uchib ketdi. Men esa anchadan so‘ng o‘zimga kelib, mo‘yna qalpoqni yechdim va turgan yerimda uzoq qolib ketdim. Shundan keyingina uning o‘tgan butun vaqt mobaynida bir og‘iz ham gapirmaganini esladim.
Muzlar erib, o‘z tajribamni boshqa takrorlay olmadim. Bu mening ilk ishqiy sarguzashtim edi. Biroq orzuim amalga oshib, qizning qirmizi lablaridan ilk bor bo‘sa olgunimga qadar oradan yillar o‘tdi.

 Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.