OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hermann Hesse. Soyalar o‘yini (hikoya)

Keng sahniga yarqiroq tosh yotqizilgan qasrning ul­kan derazalari Rayn daryosi va qamishzor bot­qoq­liklar hamda qo‘g‘azorlar, o‘tloqlar va suvli ba­havo bir maskan tarafga qaragan, muallaq egik nafis toqi yanglig‘ cho‘zilib ketgan ko‘kimtir o‘rmon tog‘lari uzra bulutlar karvoni suzib yurar, olisdan katta-kichik qasrlar va qo‘rg‘onlar fyon* shamolida go‘yo yengil tebrangandek, oqarinqirab ko‘zga tashlanadi. Ulkan binoning old qismi ohista oqayotgan suv yuzida xuddi sho‘x juvondek o‘ynoqlab, tovusday tovlanadi. Atrofdagi turli xil manzarali butalarning och yashil tusdagi shoxlari suvga tegib osilib yotar, qasr devori tevaragida esa oq rangga bo‘yalgan ko‘ngilochar gondola (Venetsiya qayig‘i – tarj.)lar yengil chayqalib turardi. Qasrning ana shu ochiq kungay tarafida hozir hech kim yashamasdi. Baronessa ketib qolganidan buyon xonalar huvillab yotar, faqatgina eng kichik hujrada hamon shoir Floribert istiqomat qilardi. Xonim o‘z eri va saroy sha’niga dog‘ tushirib g‘oyib bo‘lgan, endi uning ilgarigi ko‘p sonli quvnoq ahli-a’yonlaridan, oq rangli gondolalar-u kamgap, kamsuqum shoirni hisobga olmaganda, deyarli hech qanday nom-nishon qolmagandi.
Qasr sohibi o‘sha baxtsizlik sodir bo‘lgan paytdan beri binoning orqa tomonida yashardi. Bu yerda qadimgi rimliklar zamonidan qolgan yolg‘iz, ulkan minora torgina hovliga soya tashlab turar, devor qorayib, nam tortgan, derazalar past va ensiz, serko‘lanka, rutubatli hovli keksa zarang daraxtlari, azim teraklar va qoraqayinlar o‘sib yotgan qorong‘i xiyobonga tutashib ketgandi.
Shoir kungay tarafda, sokin tan­holikda oso­yishta umr kechirardi. U qasr oshxonasida tamaddi qi­lar, baronni ba’zan bir necha kun davomida ham ko‘r­mas edi.
– Biz bu qasrda xuddi soyalardek umrguzaronlik qilamiz, – dedi shoir bir kuni uni ko‘rgani kelgan yoshlikdagi do‘stiga. Do‘sti esa o‘lik chiqqan uydek befayz, yoqimsiz bu xonadonda arang bir kun turib, jo‘nab ketdi. Floribert bir mahallar baronessaning ulfat-jo‘ralari uchun masallar to‘qigan va oshiqona qofiyalar bitgan, biroq bu quvnoq xonadonga ko‘z tegib, putur yetgach, endi hech kimga kerak bo‘lmay qolgandi, shunday bo‘lsa-da, undagi kamtarona qalb, kamsuqum ko‘ngil dunyo kezib, tirikchilik ko‘chalarida sarson-sargardon ten­tirashdan ko‘ra mana shu g‘amgin, fayzsiz saroydagi tinchgina yolg‘izlikni afzal deb bilardi. U anchadan beri she’r ham yozmay qo‘ygan. Daryo bo‘ylab kunbotish tarafdan shamol esgan paytlar, sarg‘aygan qamishzorlar orasidan ko‘zga tashlanayotgan olis ko‘kish tog‘lar tizmasi hamda bulutlar karvonini ko‘zdan kechirgan va kechalari qadimiy xiyobondagi keksa, daroz daraxtlar allasini ting­lagan chog‘larida u beixtiyor uzun she’rlar to‘qir, biroq ularda hech qanaqangi so‘z bo‘lmas va hech qachon qog‘ozga ham tushirolmas edi. Ana shunday she’rlardan biri “Tangri nafasi” deb atalib, janubning iliq shamoli haqida so‘ylardi, yana boshqasining nomi esa “Ruhiy dalda” deb atalgan va rang-barang ko‘klam chechaklariga bag‘ishlangan edi. Afsuski, Floribert bu ash’orlarni na o‘qiy va na kuylay olardi, chunki ular so‘zsiz edi, biroq muttasil xayolan o‘ylar, ayniqsa, kech kirishi bilan ularni chuqur his eta boshlardi. Qolgan paytlarda esa uning kunlari ko‘pincha qishloqda o‘tar, u yerda sarg‘ish-oq sariq sochli bolachalar bilan o‘ynab-kulishar yo bo‘lmasam yosh ayollar yoki bokira qizlar oldida ularni xuddi saroy xonimlariga o‘xshatib, boshidan shlyapasini olar, ta’zim qilib, ko‘pchilikni kuldirardi. Agnes xonim, ha, go‘zal Agnes xonim, sohibjamol, mashhur Agnes xonim uchragan kunlar esa uning uchun eng baxtiyor damlar hisoblanardi. Unga duch kelib qolsa bormi, ta’zim bajo aylab, quyuq salom berar, go‘zal ayol esa alik olib, uning xomush va parishon yuz-ko‘zlariga birrov nazar tashlab, jilmayganicha yonidan bamisoli quyosh nuriday “lip” etib o‘tib ketardi.
Agnes xonim bir paytlar kavaler (oshiq, xushtor – tarj.) baronlarga qarashli bo‘lgan, o‘t bosib, qarovsiz yotgan qasr xiyoboniga tutash uyda yolg‘iz o‘zi yashardi. Uning otasi o‘rmonchi bo‘lgan va bu uyni unga ma’lum bir xizmatlari evaziga hozirgi xo‘jayinning padari buzrukvori hadya etgan edi. Juda erta erga tegib, turmushi buzilib, yosh beva sifatida uyga qaytgach, otasining vafotidan so‘ng u bir cho‘ri xotin va ko‘zi ojiz xolasi bilan birga ana shu huvillagan uyda istiqomat qilardi.
Agnes xonim odmi bo‘lsa-da, biroq har doim yangi, nafis rangli, chiroyli ko‘ylaklar kiyib yurguchi edi. Yuz-ko‘zlari ham xuddi qizlarnikidek hamon yosh va go‘zal ko‘rinar, to‘q jigarrang patila sochlari ilonday to‘lg‘anib, ketvorgan qaddi-qomatiga o‘zgacha husn bag‘ishlardi. Baron uni o‘z xotini isnodga qoldirib, tashlab ketmasidan burun zimdan yaxshi ko‘rar, mana endi u sohibjamol ishqida otash bo‘lib yonardi. Ertalab uni o‘rmonda uchratdi-yu, tinchi yo‘qoldi, kech tushishi bilan qo‘yarda-qo‘ymay qayiqqa o‘tqazib, o‘zi bilan to‘qayzordagi qamish kapaga olib ketdi. Nihoyat, erta oqarayotgan dag‘al soch-soqol do‘ndiq chehraga suykalib, ovchiga xos qattiq va berahm qo‘llar nozik-nafis barmoqlar bilan o‘ynashdi...
Agnes xonim dam olish kunlari muntazam cher­kovga borar, toat-ibodatdan so‘ng gadoylarga sadaqa ulashardi. Shu kuni u qishloqdagi kambag‘al, beva-bechora xotin-xalaj holidan ham xabar olar, ularga poyafzallar in’om qilar, bichish-tikish ishlarida yordamlashar, nabiralarining sochlarini tarab qo‘yar va ketayotib shu zayl kulbalarda Xudoning suygan bandasi yanglig‘, aziz-avliyo kabi o‘zidan yoqimli taassurotlar qoldirardi.
Yashirib nima qildik, go‘zal Agnes xonimga barcha erkaklarning ham ko‘ngli sust ketardi. Kimki agar o‘ziga yoqsa va belgilangan vaqtda kelsa, unga nainki qo‘lini o‘pishga, balki aqiq lablaridan qaynoq bo‘sa olishiga ham izn berardi, qaysiki yigitning qaddi-qomati kelishgan, omadi chopgan bo‘lsa, tunda sezdirmay oyimchaning oldiga deraza oshib tushishga ham haddi sig‘ardi.
Buni hamma, hatto baron ham bilardi, biroq go‘­zal ayol parvoyi palak, bokira qizlarga xos iboli nigoh-la o‘z yo‘lida davom etar, ko‘rinishdan uni hech qanday erkak zoti yo‘ldan ozdira olishga qodir emasdek tuyulardi go‘yo. Goho yo‘lida nogoh yangi ma’shuq paydo bo‘lar, xuddi erishib bo‘lmaydigan go‘zallik yanglig‘ ehtiyotkorlik bilan ko‘nglini ovlar, uni o‘ziga maftun eta olganidan mas’ud g‘ururga to‘lib, boshqa erkaklar oldida o‘zida yo‘q shodlanardi. Ayol yashaydigan uy ma’yus, g‘amgin, g‘ira-shira xiyobonning bir chekkasida joylashgan, xuddi o‘rmon ertagi kabi tanho bu makon hamisha yam-yashil bo‘lib o‘sadigan atirgul bilan qoplangan edi. U bu uyga bamisoli yozda tong mahal ochilgan qirmizi atirgulday yashnab kirib-chiqarkan, bolalarga xos yuz-ko‘zlaridagi sof go‘zallik yanada tiniqroq jilva qilar, chambar qilib o‘rilgan sochlari har qadamda tovlanib, ko‘zlarni quvnatardi. Qari-qartang, beva-bechora xotinlar uning qo‘llarini o‘pib, duo qilishar, erkaklar bo‘l­sa quyuq salomlashib, ketidan jilmayib qarab qo­lishar, bolalar uning ortidan chopib, tilanchilik qi­lishar, u esa mehribonlik bilan ularning yuzlari­ni siypardi.
– Hoy, menga qara, nega sen bunaqasan-a? – so‘­rar­di baron ba’zan, unga qahrli ko‘zlari bilan tahdid qilib.
– Men bilan ishing nima? – derdi ayol unga hay­ronlik bilan boqib, to‘q jigarrang sochlarini o‘rishda davom etarkan.
Shoir Floribert uni hammadan ortiq sevardi. Unga ko‘zi tushdi deguncha, yuragi potirlab ura boshlardi. Agar uning haqida biron yomon gap eshitgudek bo‘lsa, birdan ma’yus bo‘lib qolar, bosh chayqab, ishongisi kelmasdi. Bolalar uni tilga olishganda, xuddi qo‘shiq tinglayotgandek ochilib, yayrab ketardi. Uning xayolot olamidagi eng go‘zal o‘y, his-tuyg‘ular faqat Agnes xonimga tegishli bo‘lardi. Bunda u sevgan va unga go‘zal tuyulgan barcha narsalar, Mag‘rib shamolidan tortib, olis moviy kengliklar-u yar­qiragan ko‘klam chechaklarigacha, barcha-barchasi ma­dad berar, hammasi bir bo‘lib, bolalarga xos besamar hayotining butun sog‘inchlari-yu bema’ni dilkashlik­larini mana shu birgina suratga jo etardi.
Yoz endigina boshlangan kezlar edi. Uzoq davom etgan jimjitlikdan so‘ng, nihoyat, bir kuni oqshom jonsiz qasrga bir ozgina yangi hayot nafasi kirib keldi. Quloqlarni qomatga keltirib gorn ovozi yang­ragach, hovlida hashamatli arava jarang-juring qilib to‘xtadi. Qasr sohibining tug‘ishgan akasi xos xizmatkori bilan mehmon bo‘lib kelgandi. Echki soqolli, askariy ko‘zlari g‘azabnok chaqnab turadigan, kelishgan, barvasta bo‘yli bu odam har kuni Rayn daryosida suzar, shunchaki ermak, ko‘ngilxushlik uchun kumushrang baliqchi qushlar – chaykalarga qa­ratib o‘q uzar, shaharga otda sayr qilib, u yerdan kayfi oshib, mast holda qaytardi. Uyga kelgach, beozor shoirni mazax qilib, jig‘iga tegar, kechayu kunduz shovqin solib, ukasi bilan surishgani-surishgan edi. Uni qil, buni qil, u yoq-bu yog‘ingni tuzatib, yaxshiroq yashasang-chi, deya unga o‘zicha ming xil “maslahatlar” berardi. Albatta, unga gapirish oson, chunki o‘zi badavlat xonadonga kuyov bo‘lib, boyib ketgan, ukasi – qasr egasi esa kambag‘al edi, buning ustiga umri ko‘pincha dardu hasrat, g‘am-alam bilan o‘tgan.
Mehmonning tashrifidan maqsadi ko‘proq ko‘n­gil xushi bo‘l­gan chamasi, birinchi haftadayoq kelganiga pushaymon bo‘la boshladi. Uka akasining og‘zini poylar, biroq u ketish haqida so‘z ham ochmasdi. Buning boisi bor edi – u Agnes xonimni ko‘rib qolib, oromini yo‘qotgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, go‘zal ayol xizmatkorining egnida yangi ko‘ylak paydo bo‘ldi, buni unga albatta, mehmon baron tuhfa qilgan edi. Yana hayal vaqt o‘tmasdan, cho‘ri xotin xiyobon devori yonida mehmonning shaxsiy xizmatkori qo‘lidan guldasta bilan maktublarni qabul qilib oldi. Bir-ikki kun o‘tib-o‘tmay, mehmon baron o‘rmondagi uychada Agnes xonim bilan uchrashib, uning nozik qo‘lidan, yupqa lablaridan va oppoq bo‘ynidan o‘pa boshladi... Shundan keyin qishloq yo‘lida sohibjamol ayolni har gal uchratganida boshidan qalpog‘ini olib salomlashadigan, u esa o‘n yetti yashar qiz kabi uyalib, rahmat aytadigan bo‘ldi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi, bir kuni oqshom meh­mon baron o‘zi yolg‘iz xayol surib o‘tirgandi, kutilmaganda daryo bo‘ylab suzib borayotgan qayiqni ko‘rib qoldi. Unda eshkakchi bilan bir ayol ham bor edi. Ular kim bo‘ldiykin? Afsuski, g‘ira-shirada aniq taniyolmadi. Bir-ikki kun o‘tib, sir oshkor bo‘ldi-qo‘ydi. Qoramtirtus Rayn daryosi bo‘ylab suzib borib, so­hildagi qamishzor ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘lganlar... uning o‘z ukasi bilan o‘sha ... go‘zal ayol ekan.
Mehmon baron bundan darg‘azab bo‘lib, badbin xayollarga berildi. U Agnes xonimni qonundan tashqari deb e’lon qilingan beg‘am, beor shaxs emas, balki aziz va qimmatli ma’shuqa sifatida sevib qolgan edi. Undan har gal bo‘sa olganida quvonch va hayratdan o‘zida yo‘q shodlanar, uning xushomadi oldida sof nafosat so‘zsiz taslim bo‘lardi. Shuning uchun ham unga boshqa ayollarga qaraganda ko‘proq mehr bergan, uni minnatdorlik, hurmat-e’tibor va iltifot ila og‘ushiga olgan paytlari bo‘z yigitlik chog‘larini eslagan bo‘lsa ne ajab. U nobakor bo‘lsa... Baronning g‘azabdan ko‘z­lari yondi, bir tutam soqolini yamlab, tishlarini g‘i­jirlatdi.
Bo‘lib o‘tgan bu voqealardan, saroyda yuzaga kelgan xavf-xatardan butunlay bexabar shoir Floribert esa tinch-osoyishta hayot kechirishda davom etardi. To‘g‘ri, unga mehmon janoblarining goho jig‘iga tegib, qiynashlari yoqmasdi, lekin u bunaqangi narsalarga ilgaritdan ko‘nikib qolgan edi. Shoir mehmonga iloji boricha ko‘rinmaslikka harakat qilar, butun kun bo‘yi qishloqda yoki Rayn daryosi bo‘yida – baliqchilar huzurida bo‘lar, oq­shomlarni esa xushbo‘y harorat og‘ushida betizgin xayollar surish bilan o‘tkazardi.
Bir kuni ertalab turib qarasa, saroy hovlisi devoridagi choygul(atirgulning bir turi – tarj.)ning ilk g‘unchalari ochila boshlabdi. U so‘nggi uch yildan buyon har yoz faslida kanda qilmay ana shu noyob atirgul ochildi deguncha, undan guldasta yasab, Agnes xonimning uyi ostonasiga bildirmay qo‘yib kelardi. Mana endi bu yil ham to‘rtinchi bor ushbu kamtarona nomsiz salomdan xonim xursand bo‘ladigan bo‘ldi-da...
Xuddi shu kuni tush payti azim qoraqayinlar o‘sib yotgan o‘rmon ichida mehmon baron va go‘zal ayol bir-biri bilan uchrashishdi. Baron ma’shuqasidan kecha va undan oldingi kuni kech oqshom qaerda bo‘lganini so‘rab-surishtirib o‘tirmadi. Ayolning xotirjam, beozor kulib turgan ko‘zlariga qattiq tikilarkan, unga po‘pisa ohangida dedi:
– Bugun kechqurun qorong‘i tushgach, oldingga kel­moqchiman. Derazangni ochib qo‘y!
– Bugun emas, – dedi ayol mayin ovozda, – yo‘q, bu­gun emas.
– Men shuni xohlayman, seni qara-yu.
– Boshqa safar, maylimi? Faqat bugun emas, ilojim yo‘q.
– Bugun oqshom kelaman dedimmi, gap tamom. Bu­gun oqshom yoki boshqa hech qachon, bilganingni qil.
Ayol indamadi, ortiga burildi-da, ketdi.
Kech bo‘lishi bilan baron daryo yoqasiga kelib, qorong‘i tushishini kutdi. Sohilda qayiq ko‘rinmadi. Shundan so‘ng u mahbubasining uyiga yaqinlashdi, butazor orasiga yashirinib, kesma miltig‘ini tizzasi ustiga qo‘ydi.
Atrof sukunatga cho‘mgan, havo issiq. Oq gulli xushbo‘y o‘simlik – yasminning muattar hidi dimoqqa uradi, osmonda muallaq suzib yurgan bulutlar orasidan yulduzlar xira miltirab ko‘rinadi. Xiyobon ichida qandaydir qush dam-badam mahzun sayraydi.
Hammayoq qorong‘ilik chodiriga burkandi. Shu payt uy burchagida nogoh soya ko‘rindi, kimdir oyoq uchida asta yurib kela boshladi. Boshidagi shlyapasini peshonasigacha tushirib olgan, nega bunday qildiykin, axir o‘zi shundog‘am qop-qorong‘i, bunga hojat yo‘q edi-ku. O‘ng qo‘lida guldasta ko‘tarvolgan, oq atirgullar xira yiltirardi. Poyloqchi hushyor tortib, miltiq tepkisini ko‘tardi.
Noma’lum kishi to‘xtab, hadiksiraganday yuqo­riga qaradi. Uyning hech qaerida chiroq ko‘rinmasdi. So‘ng u eshikka yaqin bordi-da, engashdi va temir tutqichni o‘pib qo‘ydi.
Xuddi shu lahzada gumburlab o‘q ovozi yangradi, u to xiyobon ichkarisiga qadar aks-sado berdi. Qo‘lida atirgul tutgan kishi bexosdan tizzalab, shag‘al ustiga chalqanchasiga quladi, yotgan joyida xiyol tipirchilab, so‘ng qimirlamay qoldi.
Mergan yashiringan joyidan jilmay, bir oz kut­di, hech zog‘ ko‘rinmadi. Chor-atrofga yana sukunat cho‘m­di. U yoq-bu yoqqa alanglab, asta yerda yotgan kimsaga yaqinlashdi, uning shlyapasi sal nariga uchib tushgandi. Egilib qaragan edi, shoir Floribertni tanib qoldi.
– Eh, buni qara, ana xolos! – ixrab yubordi u be­ixtiyor.
Choygullar har tomonga sochilib ketgan, bir dona atirgul marhumning qoniga bulg‘anib yotardi. Qishloq tomonda qo‘ng‘iroq bong chaldi. Osmonni oqish bulutlar to‘dasi qopladi. Qasrdagi bahaybat minora go‘yo tik turib uyquga ketgan daroz pahlavonday ko‘kka bo‘y cho‘zib turar, Rayn daryosi asta mavj urib, doimiy qo‘shig‘ini kuylardi. Qop-qora xiyobon ichidagi yolg‘iz qush esa to tun yarmidan oqqunga qadar tinmay sayrab chiqdi.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 2-son

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.