OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hermann Hesse. Tungi chipor kapalak (hikoya)

Kech kirib, qosh qorayayotgan payt edi. Mehmonim va do‘stim Haynrih Mor kechki sayrdan qaytib kelib, ish xonamda kamina bilan birga o‘tirardi. O‘ydim-chuqur derazadan olisdagi qirg‘oqlar ko‘l g‘ira-shira ko‘rinib turardi. Kichik o‘g‘lim bizga xayrli tun tilab ketdi-yu, suhbatimiz beixtiyor bolalik va u bilan bog‘liq xotiralarga ko‘chdi. 
– Farzandli bo‘lganimdan beri, – gap boshladim men, – bolalik davrimdagi ba’zi bir ishqibozliklar yana qo‘ziy boshladi. Hatto kapalak yig‘a boshlaganimga ham qariyb bir yil bo‘lib qoldi. Kapalaklarimni ko‘rasanmi? 
U “ha” dedi va men yengilgina qog‘oz qutilarimdan ikki-uchtasini olib kelgani ketdim. Olib kelib, qutilarimdan birinchisini ochganimda, avvaliga uning ichi qorayib ketganini sezdik; qanotlari tik kapalaklar esa bir-birini ajratib bo‘lmaydigan holda edi. 
Chiroqni yoqqani gugurt chaqqandim, birdan tashqaridagi manzara allaqayoqqa g‘oyib bo‘ldi, derazani tungi ko‘kimtir zimiston chulg‘ab oldi. Endi kapalaklarim chiroq yorug‘ida quti ichida ajoyib bir tarzda yaraqlab ketdi. Biz qutichaga engashib, chiroyli, rang-barang kapalaklarni tomosha qilib, ularning nomlarini atay boshladik. 
– Mana bu sariq rangli tasma kapalak, – dedim men unga, – lotincha nomi “fulminea” deb ataladi, bu yerlarda kam uchraydi.
Haynrih Mor qutidagi kapalaklardan birini ignasi bilan oldi-da, uning qanotlari ostiga sinchiklab razm sola boshladi.
– Qiziq, – dedi u, – kapalaklarni ko‘rishim bilan bolalik xotiralarim bu qadar aniq yodga tushadi deb sira o‘ylamovdim. 
U kapalakni yana o‘z joyiga qadab qo‘yarkan, quticha qopqog‘ini yopib, “Bas, yetar! ” dedi.
Bu gapni u to‘satdan va shu qadar tez aytdiki, nazarimda ushbu xotiralarni eslash unga yoqmayotgandek tuyuldi. Qutichani joyiga eltib qo‘yib, qaytib kelganimda uning ensiz, qoramtir chehrasida tabassum paydo bo‘lgandi. U mendan sigareta so‘radi.
– Kapalaklaringni yaxshilab ko‘rmaganimga mendan xafa bo‘lma, – dedi u.
– Bolaligimda mening ham xuddi shunaqa to‘plamim bor edi, lekin afsuski, u bilan bog‘liq xotiraga mening o‘zim nuqta qo‘yganman. Bu voqeani eslash kamina uchun uyat bo‘lsa ham, uni senga aytib bermoqchiman.
U sigaretani chiroq shishasi ustiga tutib yondirdi, chiroqning yashil qalpoqchasini yopib qo‘ydi, yuz-ko‘zlarimizni qorong‘ilik qopladi, u ochiq turgan deraza raxiga cho‘nqaydi. Endi uning ozg‘in, kelishgan jussasi zimiston ichida ko‘rinmay qoldi. Kamina sigareta tutatdim, tashqarida, uzoqda qurbaqalarning vaqir-vuqir ovozlari tunni tutib ketdi, do‘stim esa hikoyasini so‘zlay boshladi.

* * * 

Kapalak yig‘ishni sakkiz yo to‘qqiz yoshlarimda boshlaganman. Dastavval bunga o‘ta berilib emas, balki shunchaki boshqa o‘yinlar va qiziqishlarim qatori qaraganman. Ammo ikkinchi yozda, o‘shanda kamina o‘n yoshlar atrofida edim, ushbu qiziqishim meni butunlay o‘ziga rom etib, shunaqangi ishqibozlikka aylandiki, buni menga bir necha marta taqiqlab qo‘yishlariga ham to‘g‘ri kelgandi, chunki kapalakdan boshqa hamma narsani unutib yuborgandim. Kapalak tutayotganimda shunday berilib ketardimki, hatto minoradagi soatning bong urishi ham qulog‘imga kirmasdi, bunday hol maktabga borayotganimda yoki tushlik vaqtida, shuningdek, ta’til paytlarida ham tez-tez bo‘lib turardi, ko‘pincha ovqatlangani uyga ham kelmasdan, ertalabdan to shomga qadar uydan olib chiqqanim bir burda non bilan qanoatlanib yuraverardim.
Hozir ham ba’zan favqulodda chiroyli kapalakka ko‘zim tushib qolgudek bo‘lsa, o‘sha ishqibozligim tutib qoladi. Shunda kamina yana bolalarga xos qandaydir noma’lum, o‘tli zavq-shavq chulg‘ab oladi. Bolaligimda ilk marta maxaon (qora xol-xol katta sariq kapalak)ni tutgan paytimda ana shunday quvongandim. Shundan keyin, bolalik chog‘larimda tushdan keyingi jazirama issiqlarda quruq hovurli dala-yu o‘tloqlarda, ertalabki salqin bog‘larda yoki kechki sirli o‘rmon etaklarida xuddi xazina izlovchiga o‘xshab, daqiqa sayin ajoyib tasodiflarga, kutilmagan hodisalarga va omadga umid bog‘lab, qo‘lda to‘r bilan payt poylab yurgan adoqsiz damlarim birin-ketin yodga tushadi. O‘shanday damlarda chiroyli bir kapalak, mayli juda noyob bo‘lmasa ham, gul bandiga qo‘nib, quyoshda tovlanib, rang-barang qanotlarini birma-bir yozib-yig‘ib turganini ko‘rib qolsam bormi, quvonchdan entikib, nafasim bo‘g‘zimga tiqiladi, unga yaqinroq borib, qanotlaridagi tip-tiniq tomirchalarni, yaltiroq rang-barang dog‘larini, tumshuqchasidagi har bir nafis tukni tomosha qilish menga shunaqangi zo‘r, yoqimli quvonch bag‘ishlardiki, kaminaga bunday go‘zal tuyg‘uni his etish keyingi hayotimda ham nasib etmasa kerak.
Kapalaklarimni oddiy eski qutida saqlardim, chunki ota-onam kambag‘al bo‘lganliklari sababli menga qimmat narsalarni sovg‘a qilolmas edilar. Quti ichiga ignalarni qadab qo‘yish uchun shisha tiqinidan kesib-kesib olingan po‘kak parraklarni yelimlab chiqqandim, boyligimni qutining ana shu mayda-mayda karton qopqoqchalari orasida asrab-avaylar edim. Avvaliga uni o‘rtoqlarimga bajonidil va tez-tez ko‘rsatib turardim, biroq boshqalarning oynavand qopqoqli yog‘och qutilari, kapalak qurtga mo‘ljallangan yashil doka qoplamali va undan ham zo‘r qutilar bor edi, shu sababdanmi, men o‘zim yasagan oddiygina jihozim bilan ular oldida maqtana olmas edim. Bunga unchalik ehtiyoj ham sezmasdim, shu tariqa binoyidek va hatto qoyilmaqom o‘lja tutganimda ham, buni hech kimga aytmasdan sir saqlashga, faqat singillarimgagina ko‘rsatishga odatlangandim. Kunlarning birida bizda kam uchraydigan ko‘k rangli kapalak tutib oldim, qanotlarini tarang tortib, quritgach, uni hech bo‘lmasa qo‘shnilarimizga, hovlining narigi tarafida yashaydigan muallimning o‘g‘liga ko‘rsatib, maqtangim keldi. Bu bolaning aybi, nihoyatda puxta ish qilardi, bu xususiyat ba’zi bolalarda ayniqsa kuchli bo‘ladi. Uning ham arzimagan kapalaklar to‘plami bo‘lib, uni juda ehtiyot qilib saqlar, shu bois uni xazina deyish mumkin edi. U hatto kapalaklarning singan va shikastlangan qanotlarini ham yelimlab, qayta tiklay olishdek noyob va qiyin hunarning hadisini olgandi. To‘g‘risi har jihatdan qobil bola bo‘lganidan unga hasad aralash havas bilan qarardim.
Ana shu qobil bolaga tovlanadigan rangin kapalagimni ko‘rsatdim. U uni omilkor mutaxassis singari sinchiklab ko‘zdan kechirdi, uning noyobligini e’tirof etdi va unga salkam yigirma pfennig* narx belgiladi; Emil chindan ham to‘plamga taalluqli barchi ashyolarni, ayniqsa, pochta markalari hamda kapalaklarni qiymatini chamalab, baholay bilardi. Biroq, shundan so‘ng u tovlanadigan ko‘k rangli kapalaklarni tanqid qila boshladi, uningcha, kapalaklarning qanotlari tarang tortilmagan, o‘ng murtchasi bukilgan, chap murtchasi esa tikkaygan emish, shu asnoda u yana bir kamchilikni to‘g‘ri topdi, ya’ni kapalakning ikkala oyog‘i ham yo‘q edi. Menimcha, bular unchalik katta nuqsonlar emas edi, lekin shunday bo‘lsa ham, manovi injiq mening quvonchimga oz bo‘lsa-da, putur yetkazib bo‘lgandi, shundan so‘ng kapalaklarimni unga ko‘rsatmaydigan bo‘ldim. 
Oradan ikki yil o‘tdi, biz endi kap-katta o‘smir bolalar bo‘lsak-da, lekin mening kapalaklar tutishga bo‘lgan ishtiyoqim hamon avjida edi. Bir kuni o‘sha Emil tungi katta chipor kapalak tutibdi degan mish-mish tarqaldi. Bu gap meni bugun bir o‘rtog‘imning bir million merosga ega bo‘lgani yoki Liviusning yo‘qolgan kitoblarini topib olgani haqidagi xabardan ham ko‘ra kuchliroq hayajonga soldi. Tungi chipor kapalakni bizlardan hali hech kim tutolmagan edi, men uni o‘zimdagi kapalaklar haqidagi eski kitobga solingan rasmdangina bilardim, undagi misdan ishlangan naqshin gravyura menga ba’zi zamonaviy rang-barang bosma nashrlardan ham ko‘ra go‘zalroq va puxtaroq tuyulardi. Nomlarini o‘zim biladigan va hali qutichamdan joy olmagan barcha kapalaklar ichida tungi chipor kapalakni qidirib topishga bo‘lgan ishtiyoqim nihoyatda kuchli edi. Shu bois uning kitobimdagi suratini tez-tez tomosha qilib turardim. Bir o‘rtog‘im menga u haqda shunday degandi: “Agar daraxt tanasida yoki qoyada qo‘nib turgan jigarrang kapalakka biron qush yo parranda yoki boshqa bir g‘animi hamla qilmoqchi bo‘lsa bormi, u darhol oldingi qoramtir qanotlarini yozib yuborib, chiroyli orqa qanotlarini ko‘rsatar, shunda ulardagi katta tiniq ko‘zlar nogahon g‘alati ko‘rinib ketarkan, bundan cho‘chigan qush esa kapalakni xoli qo‘yarkan”.
Shunday ajoyib kapalakka kelib-kelib o‘sha mijg‘ov Emil ega chiqib o‘tirsa-ya! Buni eshitib, avvaliga suyundim, mana, nihoyat, noyob kapalak ham ko‘rarkanman, deb qiziqishim battar ortdi. Keyin esa, shunday sirli va noyob kapalakni mana shu mijg‘ovning qo‘liga tushsa-ya, deb beixtiyor alam qila boshladi. Nihoyat, o‘zimni bosdim va unikiga borishni ham, tutgan kapalagini tomosha qilib o‘tirishni ham o‘zimga ep ko‘rmadim. Biroq ana shu voqea sira xayolimdan ketmadi va ertasi kuni maktabda o‘sha mish-mish tasdiqlangandan so‘ng, borishga qat’iy qaror qildim.
Tushlikdan so‘ng uydan chiqishning imkoni bo‘ldi deguncha hovlidan chopib o‘tib, qo‘shni uyning to‘rtinchi qavatiga ko‘tarildim, u yerda xizmatkor qizlarning xonalari va taxta devorlar bo‘lib, ularning yonidagi men havas qiladigan mo‘‘jazgina xonada muallimning o‘g‘li yolg‘iz o‘zi yashardi. Yo‘lda borayotgan hech kimni uchratmadim, yuqoriga chiqib xona eshigini taqillatgandim, hech qanday javob bo‘lmadi. Emil uyda yo‘q edi, tutqichni bosgandim, eshik ochildi, odatda uni o‘zi yo‘qligida erinmay mahkamlab berkitib yurardi. Ichkariga kirib, hech bo‘lmasa kapalakni ko‘ray deb, darhol tarang tortib qo‘yiladigan tokchada bo‘lishi mumkinligi xayolimga kelgunga qadar uni behuda qidirdim. Haqiqatdan ham men uni o‘sha yerdan topdim: jigarrang qanotlari ensiz qog‘oz tilimchalari bilan tarang qilib tortib qo‘yilgan tungi katta chipor kapalak tokchada osig‘liq turardi, unga tomon engashib, uning tuk bosgan och jigarrang murtlarini, xushbichim va nafis rangin qanotlarining chetlarini, quyi qanotlari ostidagi, chetidagi nozik tuklarini, barchasini shundoq yaqindan turib tomosha qildim. Faqatgina ko‘zlarini ko‘rolmadim, chunki ularni qog‘ozchalar to‘sib turgandi.
Yuragim dukillab, vasvasaga tushdim, qog‘ozlarni shartta olib tashladim-da, nina-to‘g‘nag‘ichni sug‘urib oldim. To‘rtta katta-katta ko‘z menga qarab turar, ular rasmdagidan chiroyliroq va ajoyibroq edi, ularga qarab turarkanman, shu tobda meni go‘zal kapalakni qo‘lga kiritishga bo‘lgan shunaqangi kuchli ishtiyoq chulg‘ab olgandiki, o‘ylab ham o‘tirmasdan, hayotimda birinchi marta o‘g‘rilikka qo‘l urdim, allaqachon qurib qotgan va shakl-shamoyilini yo‘qotmagan kapalakni igna-pignasi bilan asta sug‘urib olib, kaftimda ko‘tarib xonadan olib qochib ketdim. Shu onda men favqulodda zo‘r qoniqish tuyg‘usidan bo‘lak hech nimani his etmas edim.
Kapalakni o‘ng qo‘limda yashirganimcha, zinadan tusha boshladim. Shunda pastdan kimningdir menga tomon kelayotgani eshitildi, birdan vijdonim qiynalayotganini, o‘g‘irlik qilib qo‘yganimni va o‘zimning yaramas bola ekanligimni angladim. Ayni paytda azbaroyi sirim fosh bo‘lib qolishidan qo‘rqqanimdan savqi tabiiy ravishda o‘ljani tutib turgan qo‘limni nimcham cho‘ntagiga soldim-da, asta yo‘limda davom etdim. Menga qarab kelayotgan oqsoch qiz yonidan qo‘rqa-pisa, ablahlik va sharmandalikdan yelkamni qisib o‘tib, uyimiz eshigi oldida turib qoldim. Yuragim hamon duk-duk urar, peshonam terlab ketgan, o‘z-o‘zimdan dahshatga tushib, nima qilishimni ham bilmasdim.
Nihoyat, kapalakni ortiq ushlab turolmasligimni, bunga haqqim ham yo‘qligini va uni joyiga qaytarib olib borib, hech narsa bo‘lmagandek qilib qo‘yishim kerakligini tushunib yetdim. Shundan keyin yo‘lda ketaturib, biron kimsani uchratib qolishdan va sirim fosh bo‘lishidan ham qo‘rqmasdan, tez ortimga burildim, zinadan yugurib chiqib, bir daqiqadan so‘ng yana Emilning xonasida paydo bo‘ldim. Qo‘limni avaylab cho‘ntagimdan chiqardim-da, kapalakni stol ustiga qo‘ydim. Unga bir qur nazar tashlab ulgurmayoq, falokat sodir bo‘lganini ko‘rib, sal bo‘lmasa ho‘ngrab yuborayozdim, chunki tungi chipor kapalak butunlay dabdala bo‘lgan edi. Uning o‘ng old qanoti va o‘ng murti yo‘q edi, shunda singan qanotni ehtiyotkorlik bilan cho‘ntagimdan olmoqchi bo‘lgan edim, u ham titilib ketdi, endi uni yamab boylashning sira iloji yo‘q edi.
Shu topda meni o‘g‘rilikka qo‘l urganim haqidagi o‘ydan ham ko‘ra o‘zim abgor qilgan ana shu go‘zal va noyob kapalak nigohi ko‘proq qiynardi. Barmoqlarimga harir jigarrang qanot changlari yopishib qolgan, singan qanot ham shu yerda edi, men shu onda uni qaytadan butlash uchun bor mol-mulkim va har qanday quvonchimni qurbon berishga ham tayyor edim. 
Xafa bo‘lib uyga bordim va tushdan so‘nggi butun vaqtimni o‘zimizning mo‘‘jazgina bog‘imizda o‘tkazdim, kech tushganidagina yurak yutib, onamga hammasini aytib berishga jur’at etdim. Onam qo‘rqib ketdi va xomush bo‘lib qoldi, biroq aybimga iqror bo‘lishimning o‘ziyoq menga har qanday jazoga mustahiq bo‘lishimdan ko‘ra qimmatga tushganini dildan his etib turardi, chog‘i.
– Sen Emilning oldiga bor va o‘zing unga hammasini aytib ber,– dedi onam nihoyat, qat’iy ohangda. – bu sen uchun birdan-bir va yagona imkoniyat, toki bu ishni qilmas ekansan, men seni kechira olmayman. Unga ayt, narsalaringdan o‘rinma-o‘rin o‘ziga yoqqanini tanlab olsin, va albatta, undan kechirim so‘rashni ham unutma.
Bu ish o‘sha namunali boladan boshqa har qanday o‘rtog‘imda osonroq kechishi mumkin edi. Uning meni tushunmasligini va ehtimol, menga umuman ishonmasligini ham oldindan his qilib turardim. Kech kirib, qorong‘i tushay deb qolgan bo‘lsa ham, u yerga qanday qilib borishni bilmasdim. Pastda, dahlizda onam uchrab qolib, yana uqtirib sekingina dedi: “Unga shu bugunoq borib aytishing kerak, hoziroq bor!” 
Nihoyat, bordim ham, pastki qavatdan Emilni so‘radim, u keldi va birdaniga kimdir uning tungi chipor kapalagini rasvo qilganini so‘ylay ketdi, u bu ishni kim qilganini, bironta yomon bolami yo qush-mush yoki mushukmi, bilmas edi. Shunda men bilan birga yuqoriga chiqib, menga o‘sha kapalakni ko‘rsatishini iltimos qildim. U bilan birga yuqori qavatga chiqdik, o‘sha xona eshigini ochib, shamni yoqdik, tokchada dabdalasi chiqqan kapalak yotardi. Uning kapalakni qaytadan tiklash ustida ishlagani ko‘rinib turardi, singan qanot avaylab yoyilgan va momiq qog‘oz ustiga qo‘yib qo‘yilgan, lekin uni qayta tuzatib bo‘lmasdi, chunki endi kapalakning murti yo‘q edi – u yo‘qolgandi.
Nihoyat, unga bu ishni men qilganimni aytib, hammasini gapirib tushuntirishga harakat qildim. Shunda Emil achchig‘i chiqib, baqirish o‘rniga, tishlari orasidan sekingina hushtak chalib menga uzoq tikilib turgach, dedi: “Shunaqami, demak, hali shunaqaman degin...”
Men unga barcha o‘yinchoqlarimni taklif qildim, u hovuridan tushgan bo‘lsa-da, menga hamon nafrat bilan qarab turardi, shunda unga butun kapalaklarimni taklif qilib ko‘rdim. Ammo u menga: 
– Katta rahmat, sening kapalaklaringni bilaman. Qolaversa, kapalaklarga qanday munosabatda bo‘lishing ham bugun ayon bo‘ldi.
Rosti uning giribonidan olishimga bir bahya qoldi. Endi hech narsa qilib bo‘lmasdi, men ablah, yaramas odam edim va shundayligimcha qolgandim, Emil esa mening oldimda xuddi dunyoda adolat va tartib ramzidek sovuq va nafratomuz qiyofada turardi. U meni hatto koyimadi ham, faqat menga qarab turar va mendan nafratlanardi.
Shunda men, agar bir marta xato qildingmi, uni qayta tuzatib bo‘lmasligiga ilk bor guvoh bo‘ldim. Uyga ketdim, onam so‘rab-surishtirish o‘rniga yuzimdan o‘pib, indamay qo‘yaqolganidan xursand edim. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan, yotib uxlashim lozim edi. Lekin avval oshxonadan yashirincha katta jigarrang qutini olib chiqdim, uni karavot ustiga qo‘yib, qorong‘ida ochdim. Keyin kapalaklarimni birma-bir qo‘limga oldim-da, birin-ketin barmoqlarim orasida changini chiqarib ezg‘ilab tashladim.

Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimalari 

____________
* P f e n n i g – chaqa, olmon markasining yuzdan biri.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.