OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Herta Myuller. Ro‘molchangiz yoningizdami? (Nobel mukofoti ma’ruzasi)

Har kuni subhidam onam uyimiz ostonasida turgancha mendan “ro‘molchang bormi?” – deb so‘rar edilar. Menda esa hech qanaqa ro‘molcha bo‘lmas, shu bois har kuni ertalab, yana bir bor xonaga qaytib kirar va ro‘molchamni olar edim. Chindan ham har kuni menda ro‘molcha bo‘lmas, chunki har tong men onamning savol berishlarini kutardim. Ro‘molcha to‘g‘risidagi so‘roq onamning har tong menga daldasi bo‘lib eshitilardi. Kunning boshqa paytlarida turli yumushlar orasida bu savolni men o‘zimga-o‘zim berar edim. Ro‘molchang yoningdami? Bu menga bilvosita muloyimlik, noziklik baxsh etar edi. To‘g‘risi, biroz noqulay bo‘lar edi, bunaqasini dehqonlar tilida sira uchratmaganman. Savol libosidagi mehr edi bu, jo‘nroq qilib aytganda, buyruq ohangidagi ishga kirishish degani edi. Onamning ovozidagi qat’iylikda qandaydir mayinlik bor edi. Men bir safar ro‘molchasiz, ikkinchi safar ro‘molcha bilan ostona hatlar edim. Ko‘chaga yo‘l olar ekanman, go‘yo ro‘molcham bilan onajonimni birga olib ketayotganday bo‘lar edim.
Oradan yigirma yil o‘tgach, uzoq muddat shaharda tanho yashashimga to‘g‘ri keldi. Mashinasozlik zavodida tarjimon edim. Sahar soat beshda o‘rnimdan turar, olti yarimda ish boshlanar edi. Ertalab radiokarnaydan madhiyani eshitib, zavod hovlisiga ravona bo‘lardik. Tushlik paytlarida ishchilar xorida ishtirok etardik. Ammo ishchilar tushlikka o‘tirganlarida nigohlari oq tunuka yanglig‘ ma’nosiz, moyli qo‘llari bilan o‘zlarining gazetaga o‘ralgan yeguliklarini paypaslardilar. Ular o‘z nasibalarini yeyishdan oldin, pichoq bilan dastgohlardan yuqqan qora-quralarni qirtishlar edilar. Ikki yil shu zaylda o‘tib ketdi. Kunlar bir-biridan unchalik farq qilmas edi. O‘xshash kunlar ham ortda qolib, uchinchi yili, hafta o‘rtasida paydarpay uch mahal bahaybat, suyagi buzuq, kulrang ko‘zlari yonib turgan bir kishi – xavfsizlik xizmati vakili men ishlayotgan bo‘lmaga tashrif buyurdi.
Birinchi safar xonamda turgancha meni haqorat qildi.
Ikkinchi safar kamzulini yechib, uni javon kalitiga ilib qo‘yib, iltifotsiz o‘tirdi. O‘sha kuni men uydan lolalar keltirgan, ular guldonda olov rangida porlab turar edi. U menga qaradi-da, mening odam tanish borasidagi mahoratimni maqtay ketdi. Uning ovozi jaranglab chiqardi. Bu menga erish tuyuldi. U bilan bahslashib, odamlarni emas, gullarni farqlay olishimni bildirdim. Shunda u meni lolalarni bilganimdan ko‘ra yaxshiroq bilishini takabburona aytdi. Keyin kamzulini qo‘liga tashlagancha chiqib ketdi.
Uchinchi safar kelganida u o‘tirdi, men turdim, chunki stulimga u qog‘ozlar bilan qappaygan sumkasini qo‘yib kelgan edi.
U meni og‘ziga kelgan haqorat so‘zlar bilan: “ahmoq, to‘nka, dangasa...,” – deb quturgan itdek qopdi. Lola solingan guldonni stol chetiga surib qo‘ydi-da, oldimga bir bet qog‘ozu bitta ruchkani taqillatib qo‘ydi. U “yoz”, – deb to‘ng‘illadi. Men tik turgancha, uning aytganlarini yozdim: ismim, tug‘ilgan sanam va manzilimni. Ammo keyin yaqinlarim va qarindoshlarim haqida lom-mim demadim. Shu payt u bo‘g‘iq ovozda dahshatli so‘z aytdi: kallakesar.
Men bu so‘zni yozmadim. Qalamni qo‘yib, deraza yoniga yaqinlashdim va oynadan chang-to‘zonli ko‘chaga tikildim, ko‘cha asfaltlanmagandi. Uylar ko‘rimsiz. Bu xaroba ko‘cha hali ham Strada Gloreay deb atalardi. Ya’ni Shuhrat ko‘chasi. Bu ko‘chadagi yaydoq tut daraxtida bir mushuk o‘tirar, bu zavod mushugi bo‘lib, quloqlari yirtilgan edi. Uning tepasida nur taratib turgan subhidamdagi quyosh go‘yo sariq barkash nog‘oraga o‘xshab ketardi. Shunda bu ish mening fe’l-atvorimga mos emas, dedim. Fe’l-atvor so‘zi yashirin xizmat kishisini jazavaga soldi. U oldimdagi qog‘ozni olib, mayda-mayda qilib yirtib uloqtirdi. Balki u kishi bu xatti-harakati bilan o‘z xo‘jayiniga meni o‘zlari tomonga og‘dirishga urinayotganini namoyish qilmoqchi bo‘lgandir. Chunki u pastga egilib, yirtilgan qog‘oz parchalarini yig‘ishtirib oldi-da, sumkasiga soldi. U tishlarini qayraganday bo‘lib, sumkasini qo‘ltig‘iga qisgancha, ohista shunday dedi: “Hali boshingda ko‘pgina yong‘oqlar chaqiladi, biz seni hali daryoga cho‘ktiramiz”. Men esa o‘zimga o‘zim: “Agarda men uning aytganlaridek yozib, imzo qo‘ysam, unda o‘zligimni saqlab yashay olmayman, yaxshisi bu ishni o‘zlari bajarganlari tuzuk”. O‘sha paytda men ishlaydigan idora eshiklari ochilib, u chiqib ketdi. Tashqarida Strada Gloreay ko‘chasida tut daraxti tepasida o‘tirgan mushuk daraxtdan tushib, uy tomonga sakradi. O‘sha kundan keyin meni ta’qib qila boshladilar. Endi zavoddan ketishim kerak edi. Har kuni ertalab, soat olti yarimda direktor huzurida bo‘lishim lozim. Uning oldida har tong kasaba uyushmasi raisi va partiya tashkiloti kotibi turishar va onam bir vaqtlar ro‘molchangni oldingmi, deb so‘raganlari kabi, direktor har tong boshqa ish topdingmi, deb murojaat etar edi.
Men bo‘lsam, har safar, “boshqa yumush qidirayotganim yo‘q, menga shu yerdagi ishim ma’qul, xudo xohlasa, nafaqagacha shu yerda ishlashni xohlar edim”, – deb javob berardim.
Kunlarning birida ishga kelsam, hamma lug‘atlarim men ishlaydigan bo‘limning dahlizida, eshik yonida yotganiga ko‘zim tushdi. Eshikni ochsam, ish stolimda bir muhandis o‘tirganini ko‘rdim. U menga qarab, ichkariga kirishdan oldin eshikni taqillatish kerak, bu joyda men o‘tiraman, bu yerda qidiradigan narsang yo‘q, dedi. Uyga qaytib keta olmasdim, chunki sababsiz ishda bo‘lmasam meni ishdan bo‘shatishlari turgan gap. Garchi bir joyda o‘tirib o‘z vazifamni bajarish sharoiti bo‘lmasa-da, har kuni odatiy ravishda ishga kelishim shart edi.
Har kuni Strada Gloriay ko‘chasidan uyga qaytar chog‘imizda boshimdan o‘tganlarni gapirib beradigan dugonam dastlabki paytlarda ish stolining bir burchagini menga bo‘shatib berdi. Ammo bu hol ko‘pga cho‘zilmadi. Kunlardan birida eshik bo‘sag‘asida turgan dugonam: “Seni ichkari qo‘yolmayman, hamma seni josus deb atamoqda”, dedi. Izzat-nafsga tegishlar haddan oshdi, hamkasblar o‘rtasidagi mish-mishlarga elak tutib bo‘lmay qoldi.
Bu eng dahshatlisi edi: hujumlarga chidasa bo‘lar-u, tuhmatlarga ilojsiz qolasan kishi. Men hamisha hamma bilan, hattoki o‘lim bilan ham hisoblashgim, haqiqatni aniqlagim kelardi. Ammo hali bunga tayyor emas edim. Har qanday hisob-kitob, har qanday bahs, tortishuv ko‘ngilga taskin bermasdi. Tuhmatlar ich-etimni tatalardi.
Hamkasblarimning fikrlariga ko‘ra men rad etilgan, ko‘kragidan itarilgan kishi edim. Agarda men ularga xiyonat qilganimda, ularning munosabatlari qanday bo‘lishini tasavvurimga sig‘dira olmayman. Umuman olganda, ular meni go‘yo sotqinligim uchun jazolagan edilar.
Ishga bormasdan ilojim yo‘q, ishlash uchun esa joy tayin emas, buning ustiga dugonamning xonasiga kirish man etilganligi bois zinapoya maydonchasini tanlashga majbur bo‘ldim.
Zinalar bo‘ylab bir-ikki bor tepaga chiqdim, pastga tushdim, birdan yana onamning bolasiga aylandim-qoldim, chunki CHO‘NTAGIMDA ONAM ESLATADIGAN RO‘MOLCHA bor edi. Uni men birinchi va ikkinchi qavatlar orasidagi zinapoyalardan biriga to‘shadim, sarishta bo‘lishi uchun zinani obdon artdim va nihoyat shu joyga o‘tirdim. Semiz lug‘atlarimni tizzalarimga qo‘ygancha, gidravlik mashinalarni ishlatish yo‘riqnomalarini tarjima qilishga kirishdim. O‘zim zinalar egasi, ishxonam — dastro‘mol to‘shalgan joy. Dugonam tushlik paytlari oldimga tushar, biz zinalarda o‘tirardik. Birgalikda ilgarigidek, goh uning, goh mening bo‘lmamda tushlik qilar edik. Hovlidagi radiokarnaydan ishchilar xorining Vatan obod, xalqlar ozod va baxtiyorligi haqidagi qo‘shiqlari yangrardi. Dugonam qo‘shiqni tinglab, xo‘rligi kelib, menga achinib yig‘lar edi. Men esa o‘zimni tutishga, irodali bo‘lishga intilardim. Bu hol uzoq muddat — toki meni haydagunlaricha davom etdi.
Zinapoyalar ish joyim, o‘zim uning bekasi bo‘lgan paytlarimda lug‘atlarni varaqlab, zina (Treppe) so‘zi qanday ma’nolarga egaligini o‘ylab ketdim: Birinchi zina kirish, oxirgi zina chiqish ma’nolarini anglatar ekan. Tepaga eltuvchi gorizontal zinapoyalar zina yanoqlari, zinalar orasidagi bo‘shliqlar zina ko‘zlariga o‘xshaydi.
Gidravlik, moyli mashinalarning qurilma bo‘laklarga qarab chiroyli so‘zlar yasar edim: kungirador zina ushlagichlarining qaldirg‘och dumiga, g‘oz dumiga o‘xshatgim kelar edi. Xuddi shu tarzda zina qismlarining shoirona nomlarida texnik til nafosati paydo bo‘laveradi: zina yanoqlari, zina ko‘zlari. Shunday qilib zina o‘z qiyofasiga ega bo‘laveradi. U (zina) yog‘ochdan yoki toshdan yasaladimi, beton yoki temirdan quyiladimi – baribir uni odamlarning o‘zlari quradilar, dunyoning mo‘‘jizakor narsalari o‘z qiyofalarini topadilar, odamlar o‘lik xomashyoga o‘z nomlarini berib, suyakni et bilan to‘ldiradilar, tana qismlari sifatida gavdalantiradilar. Texnik mutaxassislar o‘z zargarona mehnatlari bilan nafosatni reallashtiradilar.
Har qanday ish, har bir kasbda onamning ro‘molcha haqidagi so‘roqlari davom etaveradi.
Bolaligimda bizning uyda ro‘molchalar saqlanadigan g‘aladon bo‘lardi. Uning ichida ikki qatorda ketma-ket taxlangan uch turli ro‘molchalar bo‘lardi:
Birinchi bo‘lmada otam va bobom uchun erkaklar ro‘molchalari, o‘ngda onam va buvim uchun ayollar ro‘molchalari.
Keyingisida men uchun bolalar ro‘molchalari.
Uchinchi g‘aladonda ro‘molcha kattaligidagi oilamiz tasviri bor edi.
Erkaklarning ro‘molchalari katta bo‘lib, chetlari hoshiyali jigarrang, kulrang va to‘qqizil rangda edi. Ayollar ro‘molchalari kichikroq bo‘lib, chetlari havorang, qizil yoki yashil bo‘lardi. Eng kichik ro‘molchalar bolalarniki bo‘lib, unda hoshiya bo‘lmas, ammo chetlari oq to‘rtburchak, gullar yoki hayvonlar rasmi solingan bo‘lar edi. Har uchala dastro‘molning old tomonida ish kunlariga mo‘ljallangan ro‘molchalar, orqa tarafida yakshanbaga atalganlari bo‘lardi. Yakshanba ro‘molchalari kiyilgan ko‘ylaklar rangiga mos bo‘lishi lozim edi.
Uyimizdagi birorta narsa ro‘molchadek muhim ahamiyat kasb etmagan. U barcha holatlarda kerak bo‘lardi: tumov, burun qonaganda qo‘l lat yeganda, tirsak yoki tizza jarohatlansa, yig‘laganda ko‘z yoshlarini artish, namlangan muzdek to‘rt burchagi tugilgan ro‘molcha bosh og‘riganda peshonaga qo‘yish uchun, oftob urishi yoki yomg‘irdan saqlanish uchun qo‘l kelar edi.
Biror narsani unutmaslik uchun yana ro‘molcha asqotadi: ro‘molcha uchini tugib qo‘ysang bas. Og‘ir xaltalarni ko‘targaningda uning bandi qo‘lingni qiyib yubormasligi uchun yana ro‘molchaga murojaat etasan. Poezd perrondan qo‘zg‘alganda ro‘molcha silkitish oq yo‘l tilab kuzatish ma’nosini anglatadi.
Poezd, ruminchasiga TREN va ona qishlog‘im Banat shevasidagi TRDN poezdlarning g‘iyqillab to‘xtashiga o‘xshaydi va bu mening xayolimga yig‘ini esga solaveradi (Trdne – nemischa ko‘z yoshi ma’nolarini anglatadi. Tarjimon). Agarda qishloqdagi uyimizda biror yaqinimiz bandalikni bajo keltirsa, o‘sha zahotiyoq og‘zi ochiq qolmasligi uchun iyagidan ro‘molcha bilan bog‘laydilar. Agar shaharda kimdir ko‘cha harakati falokatiga duchor bo‘lsa, vafot etgan kishining yuziga ro‘molcha yopib qo‘yadiganlar topiladi. Bu holda ham ro‘molcha murdani xotirjam qilish vositasi hisoblangan.
Yozning issiq oqshomlarida ota-onalar o‘z bolalarini qabristondagi gullarga suv quyish uchun jo‘natadilar. Ikkovlon yoki uchovlon bo‘lib qabrdan qabrga o‘tar va shoshilib gullarga suv quyar edik. So‘ngra kapella zinalariga zich o‘tirib olib, ayrim qabrlardan oq bug‘larning havoga ko‘tarilishini kuzatar edik. Qabrlardan tund havoga nimadir ko‘tarilib, so‘ngra ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandek tuyular edi. Nazarimizda, bular o‘lganlarning ruhlari. Ular hayvon qiyofasida, ko‘zoynak, shisha idish, tog‘ora, qo‘lqop va paypoqlar tarzida ko‘zlarimizga ko‘rinar edi. Shularning orasida goh u, goh bu yerda tunning qora hoshiyali oq ro‘molchasi ham bor edi.
Keyinchalik, men Oskar Pastiorning sovet mehnat lagerida o‘tgan kunlari haqida suhbatlar qurdim. U keksa rus onaxoni oq batis ro‘molcha berganini hikoya qilgan edi. Balki sizlar – sen va mening o‘g‘lim tezda o‘z uylariga qaytish baxtiga muyassar bo‘larsizlar, – degan edi o‘shanda keksa rus onaxoni. Uning o‘g‘li Oskar Pastiorning tengquri bo‘lib, u ham o‘z uyidan yiroqda jarima batalonida ekanligini aytgan edi onaxon. Yarim och tilanchi holiga tushgan Oskar Pastior kampirning eshigini taqillatganda, bir bo‘lak ko‘mirni ozgina yemakka almashtirmoqchi bo‘lgan. Kampir uni o‘z xonadoniga qo‘ygan, issiq sho‘rva bilan siylagan. Uning shamollagan burnidan sho‘rvali tarelkaga tomchilar toma boshlaganda, onaxon unga hali tutilmagan oq batis ro‘molchani bergan ekan. Tevaragiga ipak qatimlaridan to‘rlar to‘qilgan ro‘molcha g‘oyat go‘zal ko‘rinib ketgani, uni bag‘riga bosganini eslagan edi Oskar.
Oskar Pastiorga rus onaxoni malham bo‘lgani kabi, tilanchi yigit ham onaxonga malham bo‘lgan.
Eshik taqillatib kelgan yetti yot begona va farzandiga mushtoq ona. Bu har ikki shaxs timsolida oniy baxtiyorlik, mezbon va mehmon munosabati va muruvvatini his qilasan. Begona rus ayoli va tashvishli ona RO‘MOLCHANG BORMI? – deb turganday.
Men ushbu hikoyani tinglagan kezlarimdan beri ushbu savol ko‘ndalang bo‘laveradi. “RO‘MOLCHANG BORMI?” savolini berish hamma joyda ham urf bo‘lganmi?
Qorning yarqirashiyu muzlash va eruvchilik yarim dunyoni band etib yotgan bo‘lsa ham-a? Bu savol tog‘lar orasiyu, cho‘llar orqali barcha sarhadlarni, hattoki dahshatli jarima va mehnat lagerlarini ham zabt etgan yovuz imperiyami? RO‘MOLCHANG BORMI savoli o‘roq va bolg‘a bilan va bir necha bor stalinizm tufayli qayta tarbiyalash vositasi sifatida, ko‘plab lagerlar mahbuslarini o‘limga mahkum etgan emasmi?
Garchi men o‘n yillar davomida rumincha gapirsam ham, Oskar Pastior bilan ilk muloqotim yodimga tushaveradi.
Ro‘molcha rumin tilida BATISTA deb ataladi. Ma’nan ruminchada oddiy yurakka yo‘l topadigan so‘zlar takrorlanaveradi. Matosi doimo batisdan bo‘lgan tayyor ro‘molcha BATISTA deyiladi. Har bir ro‘molcha hamma zamonlarda va hamma joyda batisdan qilingan bo‘lsaydi.
Oskar Pastior tutingan onasidan olgan ro‘molchasini tutingan o‘g‘il bo‘lib muqaddas sanaydi va uni o‘z jomadonida avaylab-asraydi. Besh yillar lager tutqunidan so‘ng o‘z ona yurtiga, o‘z uyiga olib keladi. Nima uchun? Uning oppoq batis ro‘molchasida ishonch va qo‘rquv qorishiq edi.
Agarda inson ishonch va qo‘rqinchni qo‘ldan boy bersa, o‘lishi turgan gap. Oq ro‘molcha haqidagi suhbatdan so‘ng Oskar Pastior uchun yarim tungacha oq xaritaga turli xil rasmlarni yopishtirib chiqdim.
Hafta o‘tib, uning huzuriga suratlarni sovg‘a qilay deb keldim. U bularni ko‘rib: “Oskar uchun” degan so‘zlarni yopishtirib kel”, — dedi. Shunda: “Bu senga sovg‘a ekanini o‘zing bilasan-ku?” — dedim. U esa: “Buni tashqariga yopishtirishing kerak, xarita buni bilmaydi,” — deb javob berdi. Xaritani yana o‘zim bilan uyga olib ketdim, va unga “Oskar uchun” degan so‘zlarni yopishtirdim. So‘ngra uni Oskarga hadya etdim. Go‘yo men birinchi marta bu ostonaga ro‘molchasiz kelgan, ikkinchi safar ro‘molcha bilan paydo bo‘lgandek edim.
Boshqa bir hikoya ham ro‘molcha bilan nihoyalangan:
Bobom va buvimning bir o‘g‘illarini Matts deb atashardi. O‘ttizinchi yillarda u savdo o‘qishiga Temesvar shahriga jo‘natilgan. Oilaning maqsadi – don savdosi amaliyotini o‘rgangach, otasining mustamlakalardagi do‘konlarini unga topshirish edi.
Maktabdagi germaniyalik o‘qituvchilar chin ma’nodagi natsistlar edilar. Matts maktabda savdogarlikdan ko‘ra ko‘proq natsist (millatchi) bo‘lib yetishdi. Reja aslida shunday tuzilgan bo‘lsa ajabmas. Maktabdagi ta’limdan so‘ng uning har tuki natsistga aylandi. Go‘yo uni almashtirib qo‘yishgandek edi. U antisemitga yahudiylarga qarshi shiorlar aytib qichqirar, tentaknamo qiliqlarining cheki-chegarasi yo‘q edi. Bobom uni ko‘p marotaba insofga chaqirdi, chunki bobomning yiqqan-tergani yahudiy savdogar gumashtalari qo‘lida edi-da!
Taassufki, unga aql kirgizib bo‘lmadi. U qishloq mafkurachisi sifatida urushga borishdan bo‘yin tovlagan tengqurlarini yomonotliq qilib ko‘rsatar, rumin armiyasida mirza martabasini egallagan bo‘lsa-da, aslida o‘z xohishiga ko‘ra SS (zondersoldat – alohida askarlar) guruhiga moyilligi baland edi. Bir-ikki oylar o‘tgach, uyga uylanish uchun qaytadi.
Urush mashaqqatlari ham unga yoqmas, undan qutulish uchun turli imkon va vaj-karsonlar qidirardi. Shunday imkoniyatlardan biri uylanish ta’tili edi.
Buvimning g‘aladonida o‘g‘lining ikkita surati bor edi, biri to‘yda tushgan, ikkinchisi qoraxat bilan yuborilgan rasm. Nikoh marosimidagi suratda kelin oq libosda, guyo ganchdan ishlangan oyimqiz. Boshidagi gulchambar, qirqilgan barglarga o‘xshaydi. Yonidagi Matts natsistlar kiyimida, kuyovdan ko‘ra askar sifatida rasmga tushishni ma’qul ko‘rgan. Uylanayotgan askar frontga qaytishi bilanoq o‘limga mubtalo bo‘lishini anglatuvchi rasm. Minadan tilka-pora bo‘lgan askar rasmi, shapaloqdek rasmda oq ro‘molchaga tugilgan tuproq aralash xok. Qoraga o‘ralgan oq ro‘molcha shunchalik kichikki, bolalar ro‘molchasiday, uning oq burchaklari o‘rtada bo‘lib, bo‘yab qo‘yilgan.
Buvim uchun bu rasm ham bir malham: oq ro‘molchada natsist murdasining xoki, uning nazarida go‘yo o‘g‘li tirikdek. Buvim har ikki rasmni ibodat kitobiday avaylab-asraydi. U har kuni ibodat qiladi. Ehtimol, uning iltijolari ikki tomonlamadir. Balki u sevimli o‘g‘lining natsist bo‘lganligi uchun qahri kelgan, xudodan uni ham o‘z rahmatiga olishini so‘rar.
Bobom birinchi jahon urushida oddiy askar bo‘lgan. Agar o‘g‘li Matts haqida gap ketganda ko‘pincha alam bilan: agar bayroqlar hilpirasa, aql yon berib nog‘ora o‘rnini surnayga bo‘shatar,” dedi. Bu gap men o‘zim yashagan keyingi zulmkorlik (diktatura) davriga ko‘proq mos kelardi. Har kuni kichiklar va kattalar nog‘oraning surnayga aylanishidan kutardilar. Men esa surnay chalmaslikka qaror qilganman. Ammo bolalik yillarimda o‘z xohishimga zid ravishda akkordeon chalishga o‘rgatishgan. Chunki uyda marhum askar Mattsning qizil akkordeoni bor edi. Akkordeon tasmasi ancha uzun bo‘lib, menga mos kelmasdi. Yelkamdan akkordeon tushib ketmasligi uchun akkordeon chalishni o‘rgatuvchi ro‘molcha bilan tasmalarni bog‘lab qo‘yardi. Bu kichik narsalar — xoh u nog‘ora, xoh akkordeon bo‘ladimi, yo bo‘lmasa ro‘molchami, hayotdagi mayda-chuydalar deyish mumkin. Narsalar aylanib, oxir-oqibat nimanidir anglatadi. Chunki takrorlar borib-borib shayton doirasiga bo‘ysunadi, chekinadi va chekinishlarda nimadir bor. Ishonsa bo‘ladi-yu, aytib bo‘lmaydi, aytib bo‘lmaydiganni yozib bo‘lmaydi ham. Chunki yozuv shunday chigal faoliyatki, bosh o‘ylaganini qo‘l ro‘yobga chiqaradi. Og‘iz uni tarqatadi. Zulmkorlik yillarida ko‘p gapirib, og‘zim kuydi. Chunki men karnay bo‘lmaslikka qaror qilgan edim-da, ko‘p hollarda chalish behudaligi ayon bo‘lib qoldi. Nutq irod qilish chidab bo‘lmas oqibatlarga olib keldi. Ammo og‘zimni yumib yozdim, o‘sha aytish mushkul, yozish qulay bo‘lgan zavod zinapoyalarida. Voqealarni og‘zaki ifodalash urf bo‘lmagan paytlarda. Ularning qoralamalarini men faqatgina kallamda ilg‘ab-ilg‘amay harflarga terganimda, so‘zlarning shaytoniy doirasi yozuvda o‘z ifodasini topardi. O‘lim qo‘rquvi va ochlik azobi xayoldan nari ketmasdi. U mendagi so‘z tanqisligi, so‘zga ochlik edi. So‘zlarning g‘ujg‘on o‘ynashi holatimni ifodalar edi. Holatim og‘iz bilan aytish imkoni bo‘lmagan narsalarni miyada harflarga terar edi. Men so‘zlarning shayton doirasida o‘zim ilgari anglamagan ifodalarini topmagunimcha yugurganim-yugurgan edi. So‘zlar pantomimasi voqelik bilan uyg‘un tarzda ishga kirishardi. Ular haqiqiy bo‘lmagan narsalarni farqlab, asosiylarini ikkinchi darajalilardan ajratar edi. Mavzu mavjud, ammo uni ifodalovchi so‘zlar hadeganda tilingga kelavermaydi, u mavzuni o‘z turiga xohlagan joyidan o‘rayveradi. Narsalar mos kelavermaydi.
Zinapoya “malikasi” bo‘lib yurgan kezlarimda, bolalik yillarimda daryo bo‘ylarida sigir boqib yurgan paytlarimdagidek yolg‘iz edim. Nabotot qo‘ynida bo‘lganim uchun barglarni, gullarni yer edim. Chunki qanday jon saqlash, tirik qolishni ular bilar, men esa bilmas edim. Tarkibida sut bo‘lgan tikanakli o‘simlik poyalarini bilar edim-u, uning nomidan bexabar edim. Ammo bu o‘simlik nomi o‘simlik tarkibini anglatmas edi. Men o‘zim o‘ylab topgan ignabarg, ignabo‘yin nomlarni, ya’ni tarkibida na sut, na tikan bo‘lgan so‘zlar bilan atashga intilgandim. Men sigirlarni boqar va miyamda so‘zlar g‘ujg‘on urib, yangi shakl va ma’noda meni rom etar edi.
Men o‘zimcha his qilganman.
Har bir so‘z o‘z qiyofasi orqali shayton doirasidan biron narsani anglatadi va hech narsa demaydi.
So‘z ohangi biladiki, u aldashi mumkin. Chunki narsalar o‘zlari nimadan qilinganini pinhon tutish bilan aldaydi. Hissiyotlarni imo-ishoralar yashiradi, narsalar va imo-ishoralar ro‘baro‘ kelgan joyda so‘z ohangi o‘zi kashf etgan haqiqatni namoyon etadi. Yozayotganingda ishonch haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas, so‘zamollik haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi.
Zavodda ishlagan paytlarim o‘zim zinapoya “malikasi”, ish o‘rnim ro‘molcha to‘shalgan pillapoya bo‘lgan kezlarda lug‘atimda chiroyli bir so‘zni kashf etdim, bu so‘z zinapoya badali yoki haqi edi. Uning ma’nosi zinapoyadan tushayotganlar yoki chiqayotganlar uchun badalning bahosi boshqa edi.
Yozuvda har ikkisi sodir bo‘lar, men matn mazmuniga qanchalik chuqurroq kirib borsam, yozganlarimdan shunchalik ko‘nglim to‘lar, marhumlar hayotda boshlaridan kechirganlarini ifodalayotgan bo‘lardim. Tasvirlar marhumlarni hayajonga solayotgandek tuyulsa, o‘sha ifoda nazarimda, eng yaxshisi bo‘lar edi.
Marhumlar hayratga tushganlarida bu tasvir yorqinroq namoyon bo‘lar edi. Ba’zan so‘zlar meni shunga majbur etadilarki, go‘yo marhumlar sovuqdan bir-birlarining pinjiga sochilib ketmaslik ilinjida suqulib kirib olardilar. Nazarimda, narsalar o‘zlari nimadan yasalganliklarini bilmaydilar, imo-ishoralar o‘zlari ifodalaydigan ma’nolardan bexabar va so‘zlar ularni talaffuz etuvchi og‘izni tanimaydilar. Ammo o‘z mavjudligimizni barqarorlashtirish uchun bizga narsalar, imo-ishoralar va so‘zlar darkor. Qanchalik so‘zlarni ko‘proq va xo‘broq qo‘llay olsak, shunchalik biz erkin bo‘la olamiz. Ularni tushunish qanchalik mushkul bo‘lsa, muayyan vaqt davomida ular mavhum bo‘lib qolaveradilar.
Ruminiyadan muhojirlikka jo‘nab ketishimdan bir oz avval, tong saharda onamni qishloq politsiyachisi olib ketdi. Onam ketishlaridan oldin ostonada turganlarida, o‘zlariga-o‘zlari savol berganday bo‘ldilar — “Ro‘molchang yoning-dami?” — ularda ro‘molcha yo‘q edi. Garchi politsiyachi betoqat bo‘lsa ham, u yana bir bor uyga kirib ro‘molni oldi. Politsiyachi g‘azablandi. Onam ruminchani politsiyachining qichqirishi darajasida yaxshi bilmasdi. Politsiyachi mahkamadan chiqib, eshikni tashqaridan qulfladi. Kuni bo‘yi onam uy qamog‘ida o‘tirdi. Dastlabki soatlar onam o‘z stulida o‘tirib, ko‘z yoshi to‘kdi. Keyin xonada u yoq-bu yoqqa yurib, ko‘z yoshlari namlagan ro‘mol bilan javonlardagi changni arta boshladi. So‘ng u xona burchagida turgan suv chelagini va qoziqda osig‘liq ro‘molni olib, polni artdi. Onam menga bu haqda gapirib berganlarida hayron qoldim. “Xonani tozalash yuragingizga qanday sig‘di?” – deb so‘raganimda, onam hech ikkilanmay: “Vaqtni o‘tkazish uchun ish qidirib yuruvdim buning ustiga, xona iflos ekan”, – deb javob qaytardi. Vaqt o‘tib, endigina ta’qib qilinishiga qaramay, ko‘pincha, ammo o‘z xohishiga ko‘ra tahqirlanish, o‘z izzat-nafsi, obro‘sini baland tutganligini tushundim. Qoralamalarimdan birida bu holatni tasvirlash niyatida so‘zlar izladim.
O‘zimga va diktatura tufayli hozirgi kunlarda ro‘shnolik ko‘rmayotgan, izzat-nafslari toptalgan barcha odamlarga bir gapni ayta olaman. Bu gap ro‘molcha so‘zi bilan aloqador. Ularga shunday savol bergan bo‘lardim: RO‘MOLCHANGIZ YONINGIZDAMI?
Ro‘molcha haqidagi savolni har kim umuman ro‘molcha deb tushunmasdan, balki insonning jiddiy tanholigi deb anglasa ma’qul bo‘lar.

Nemischadan Shavkat Karimov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 5-son.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.