background
logotype

Irene Dishe. “Alisa” (hikoya)

Urush avvaliga faqat suhbatlar mavzusi edi, keyinchalik u shahardagi oila sohiblari uchun ham ahamiyatli joyga aylandi – ular urushga otlandilar. Otalar halok bo‘lib, o‘rinlaridan turmayotgan bir paytda esa urush nafrat manbai bo‘ldi-qoldi, uni endi bosh­qacha nom bilan atab bo‘lmas, u norozilik va cheksiz kulfatga sababchi edi. Ana shunday bir paytda Antonning onasi o‘g‘li o‘n yoshga to‘lganda, tug‘ilgan kuniga atab o‘zi sovg‘a qilgan oq-shokoladrang, ko‘k ko‘zli uy quyoni bilan qiziqa boshladi. Anton quyonchaga “Alisa” deb nom bergan edi, chunki barcha obro‘li kishilarning ismlari “A” harfi bilan boshlanardi: otasining ismi Andreas, onasining ismi esa Anna edi. Dadasi urushda halok bo‘lganidan beri Alisaning nomi shunchaki “quyoncha” bo‘lib qoldi. Uning yungi shu qadar mayin va yumshoq ediki, Antonning dardu hasratlari bir zumda unga “singib” ketardi.
Bu yil qishning qahraton sovug‘i erta boshlandi. Bir necha haftadan buyon ular eski kartoshkayu karam bilan tirikchilik qilib kelishardi. Taqvimga bundoq qarashsa, erta-indin “rojdestvo” bayrami, yerto‘lada esa hech vaqo yo‘q, hamma yoq ship-shiydam. Sezib turibdi, oyisi bugungi kechki ovqat uchun Alisani ko‘z ostiga olib qo‘ygan. “Quyonchani bir mazza qilib yeylik”, degandi u. Anton bunga qarshilik qilmadi. Chunki u oyisining uy ishlarini bajarayotib, tez-tez charchab qolayotganini sezib yurardi. Oyi­si behad ozib ketgan, egnidagi ko‘ylagi qoqsuyak tanasiga yopishib turar, endigina o‘ttizga kirgan bo‘lsa-da, tim qora sochlarining u yer-bu yeriga oq oralay boshlagandi.
– Anton, quyonchani qassobga olib bor. So‘yib bersin. O’zimning vaqtim bo‘lmayapti, – dedi oyisi. Anton esa oyisining bunday qilishga o‘zida kuch topa olmayotganini ich-ichidan his qilib turardi. Qishloqning bu chekkasidan u chekkasiga olib boradigan uzoq yo‘ldan yurishini o‘ylab, Antonning yuragi orqasiga tortib ketdi. Antonning onasi Alisani katta jigarrang savatga qamab, ustidan qopqoq bilan yopguniga qadar lol bo‘lib, ayni paytda uy quyonlariga xos sabr-toqat bilan javdirab qarab turaverdi. Savatni o‘g‘liga uzatarkan, oyisi qo‘shib qo‘ydi:
– Tez qassobga olib borgin.
Qassob deganlari kichkina, yumaloqqina odam bo‘lib, qiyofasi hamisha bir xil, o‘zgarmasdan turaverardi. Anton so‘qqabosh bu odamning peshtaxta ortida u yoqdan-bu yoqqa borib kelayotgan yumaloq gavdasiga ko‘zi tushmasligi uchun odatda qassobxonani uzoqdan aylanib o‘tardi.
Uy quyoni savat o‘rtasida emas, balki uning bir chekkasida g‘ujanak bo‘lib yotgani uchun savatni ko‘tarish Antonga birmuncha qiyinchilik tug‘dirardi. Anton uni qorniga mahkam bosib olgani uchun o‘z oyoqlarini ham ko‘ra olmasdi. Ko‘cha o‘ydim-chuqur va muzlagan edi. U ravon yo‘l topolmay qiynalar, dam-badam qoqilib ketardi. Antonning o‘ziga qolsa, Alisani qassobga olib borishni ham, uning so‘yilib ketishini ham istamas, quyonchani qanday qilib asrab qolishni o‘ylardi.
Bola qassobxonaga yaqinlashgan sayin quyonchani naqadar og‘ir musibat kutayotganini anglay boshladi. Nihoyat, u yo‘l chekkasidagi kattakon bir tosh ustiga o‘tirib oldi-da, savatning bir chetini qiya ochib, jonivorga asta nazar tashladi. Uy quyoni qorong‘ida dimiqib qiynalganidan og‘ir nafas olardi. Anton savatga qo‘l suqib, uni siypaladi. Quyonchaning mayin yunglarini silarkan, mehri tovlandi. “Yo‘q, yo‘q, yo‘q!” – ko‘nglidan o‘tkazdi Anton. Va shu damda uning qo‘llari o‘z-o‘zidan beixtiyor savat qopqog‘ini ochdi, quyonchani dast ko‘tarib, uni yo‘l chetidagi butazorga qarab uloqtirdi. Alisa bo‘lsa, nima qilishini bilmay, butalar orasida hayron turib qoldi. Qochib ketishni-ku, xayoliga ham keltirmasdi. Shunda Anton:
– Qani, tez yo‘qol endi, tentakvoy, bo‘laqol! – deb qichqirdi va qo‘llarini silkib, unga po‘pisa qildi.
Shundan so‘nggina, quyoncha juftakni rostladi. Anton shimining rasvo bo‘lishini ham o‘ylab o‘tirmasdan yana tosh ustiga o‘tirib oldi. Garchand erkaklar yig‘lamasligini bilsa-da, ko‘z yoshlarini to‘kib soldi. Uy quyonining hayotini saqlab qolgani, ishqilib, yaxshi ish bo‘ldimikan? U onasining shu qadar ozib-to‘zib ketganini bilgani uchun va endi oyisi uni rosa koyishini o‘ylab ham yig‘lar edi.
Antonning baqirib yig‘laganini eshitib, shu yaqin oradagi uyda yashovchi bir keksa kishi qo‘rqib ketdi va nima gapligini bilgisi keldi. Qariya nafaqaga chiqqan qishloq pochtachisi bo‘lib, u hamon sobiq pochta libosini egnidan yechmay kiyib yurardi. U bolani tanib qoldi. “Yo rabbim, nima bo‘ldi?”, so‘radi qariya boladan, shippakda halloslab uning yoniga yetib kelgach.
– Quyoncham qochib ketdi, – bolakay shunday deb, battar yig‘lay boshladi. – Men uni qassobga olib borishim kerak edi, chunki uyda yegulik hech vaqomiz qolmagan.
Keksa pochtachi o‘ziga ish topilganidan xursand bo‘ldi. U Antonning boshini silab qo‘ydi va unga joyidan qimirlamay o‘tirishni tayinlab, quyonchani axtarishga tushdi.
Yordamga shay pochtachi ayoz urgan o‘t-o‘lanlar oralab, uy quyonini axtara ketdi. Qo‘qqisdan begona makonga kelib qolganidan qo‘rqib ketgan jonivor endi o‘ziga kelib turgan ham ediki, kimningdir yaqinlashayotganini sezib, yashirinib turgan joyidan shartta chiqdi-da, o‘zini o‘sha tarafga urdi.
– Xo‘sh, mening kichik askarim, ish degan mana bunday bo‘pti, – qariya shunday deb, uy quyonini Antonning qo‘liga tutqazdi. – Ana endi “rojdestvo”da ajoyib ziyofat bo‘ladigan bo‘ldi!
Bolakayning ko‘z yoshlari qurib, endi ularning o‘rnini sovuqqon qat’iyat ifodasi egallagandi. U quyonini savatga solarkan, pochtachiga xushmuomalalik bilan minnatdorchilik bildirdi. Ular bir-birlariga xayrli kun tilashdi va bola qassobxona tomon yo‘l oldi.
Anton qassobning yuziga ilk bor sinchiklab razm solgach, uning kichkina, kulrang ko‘zlari keng, yapaloq yuzida xuddi yumshoq jihozga qoqilgan mixga o‘xshab turganini payqadi. Qo‘ng‘ir sochlari uning tik, adl boshini biroz berkitib turar, basharti uning burni bo‘lmaganda ham, buni hech kim sezmagan bo‘lardi: faqat katta qizil qo‘llari bilan allaqanday bog‘liqdek tuyulgan qimtilgan yaltiroq lablarigina tiriklikdan darak berib turardi, xolos. Anton yetib borganida bu odam mijoz kutib turgan edi. Butun mamlakatda go‘sht me’yori qat’iy belgilangan bo‘lib, har bir kishi haftasiga atigi bir burda xarid qilishga haqli edi.
– Xo‘sh, xizmat? – dedi qassob bolaga yuzlanib.
Anton o‘zini qo‘lga olib, talabini bayon qildi. Gapirayotganida savatga qo‘lini tiqib, Alisani mahkam ushlab oldi.
– Ajoyib g‘oya! – dedi qassob go‘yo xursand bo‘lib. – Haqiqatan ham! Garchand mutaxassis sifatida qo‘ling bilan uy quyonining go‘shti orasida o‘xshashlik yo‘qligini e’tirof etsam ham, bu ishni qila olamanmi?!
U o‘ylanganicha Antonning peshtaxta ustida turgan oppoq qo‘lini paypaslab ko‘rdi. “Xiyla muskulli ekan, yaxshilab boqilgan. Ehtimol, shunday qilganing yaxshidir...”, deb qo‘ydi u.
– Yaxshisi, chap qo‘lingni kesa qolamiz. Hoynahoy, o‘naqay bo‘lsang kerak, shundaymi? Qani, savatingni qo‘y-chi, hozir ko‘ramiz, – u peshtaxta ortiga ishora qildi va Antonning titrab turgan qo‘lini qon dog‘-dug‘i bosgan kunda ustiga qo‘yib, yengini yelkasiga qadar baland shimardi.
– Darvoqe, onang qo‘lingni so‘rab qolsa, nima deysan? – so‘radi u.
Anton nima deyishini bilmay o‘ylanib qoldi.
– Ha-ya, – dedi qassob xayol surib, – hozir bu yerdagi ahvolni o‘zing ko‘rib turibsan. Katta shaharlardagidan sira qolishmaydi. Shunday ekan, qo‘lingni bomba yoki mina parchasi yulib ketdi, deb aldasak ham bunga hamma chippa-chin ishonadi. Menga buni akam xatida yozgan edi. Biroq, u bizning bu yerdagi ahvolimizni bilmaydi-da. Qanchalik qo‘rqib yashayotganimizni, qanchalik tushkun kayfiyatda ekanligimizni u qayoqdan bilsin? Eh, bu albatta hazil, – qassob birdan qo‘rqib ketdi. Axir, bunaqangi gaplarni gapirishga uning umuman va hech qanday haqqi yo‘q edi-da. “Urush odamlarga qandaydir ko‘ngilsizliklar olib kelayotgan ekan, bu – “defetizm”(g‘alabaga ishonmaslik, umidsizlik – tarjimon.)ning klassik ko‘rinishi, xolos. Bu narsaga politsiya aralashib, noxushliklar kelib chiqishi mumkin, avaxtaga olib borib tiqib qo‘yishlari ham hech gap emas”.
Qassob o‘zi hozirgina aytib yuborgan gaplarini Anton boshqa joyda valdirab qo‘yishidan qo‘rqardi. U qo‘rquv, ochko‘zlik va o‘z-o‘ziga hamdardlik tuyg‘usi bilan ikkilanar va bir-biriga zid o‘ylar iskanjasida reja tuzmoqda edi.
– Sen mana bu yerga o‘tirib, kutib tur. Men o‘tkirroq narsa topib chiqay. – U shunday deb, orqa tarafga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Qo‘rqib ketgan Anton uning zinadan pastga tushayotganini eshitib turardi. Yer­to‘ladan qassobning javonni ochib, qattiq xo‘rsingani eshitildi. Bu yengil emas, balki qandaydir afsuslangannamo xo‘rsinish edi. So‘ng u zinadan yuqoriga ko‘tarilib, orqa eshikdan qovoq-tumshug‘i osilgan ko‘yi kirib keldi. Uning qo‘lida bus-butun farang sosiskasi bor edi.
– Onangga borib, bu mening qo‘lim degin, – dedi u. – Quyon go‘shti ekanligiga baribir ishonmaydi. Qo‘lingni yeng ichidan tortib olib, mahkam bosib turasan, shundan so‘ng qo‘lingdan ayrilganingga chippa-chin ishonadi. Qani, endi tuyog‘ingni shiqillat-chi!
Qassobga sosiskani bundan to‘rt yil avval Parijdan akasi jo‘natgan, buni u ko‘z qorachig‘idek asrab yurardi. Bu xushta’m kolbasani ana yeyman, mana yeyman deb, shu kungacha saqlab keldi. Biroq har gal – to‘ymi yoki cho‘qintirish marosimimi, shunga o‘xshash biron tadbir munosabati bilan endi tatib ko‘raman deganida, ko‘zi qiymas, shu tariqa yaroqlilik muddati o‘tib borardi. Mana, oradan to‘rt yil o‘tib qarasaki, uning ustki qismi oqarib qolibdi.
Xullas, kolbasa aynib qolayozgan, ammo Antonlar oilasi undan zaharlanib o‘ladigan darajada emasdi. Ular nari borsa, qorin og‘rig‘iga yo‘liqishi mumkin edi, xolos. Kolbasani ko‘rib, quvonishlarini aytmaysizmi? Sosiskani tashlab yubormay, shunday yo‘l tutgani juda oqilona ish bo‘ldi-da. Bu yaxshi ish bo‘lmasa-da, harqalay “yomon ish” ham emasdi.
Anton Alisani uyiga qaytarib olib kelib, onasiga bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay aytib berdi. Qassob uy hayvonlarini yaxshi ko‘rganidan shunday shirin jonivorni o‘ldirishga rozi bo‘lmagani onasini ajablantirmadi. Oila a’zolari sosiskani bir necha oy mobaynida parrak-parrak qilib tanovul qildilar va harqalay hech kimning qorni og‘rimadi ham. Ularning har biridan o‘tkir ziravorli kolbasaning xushbo‘y hidi anqib turar, bu esa qo‘shnilarning hasadini qo‘zg‘ardi. Sosiskani yeb bitirishganidan so‘ng, Antonning onasi ochinqirab uy quyoniga yana ola qaray boshladi, biroq ayni o‘sha kunlari dushman bostirib kelib, qishloqning barcha aholisi, jumladan, qassob ham boshi oqqan tomonga qochib ketishga majbur bo‘ldi.
Anton uzoq o‘ylab o‘tirmasdan quyonni qo‘yib yubordi. Bu orada bahor boshlandi. Endi Alisa ham rizq-nasibasini qayerdan topib yesa yer... ko‘nglidan o‘tkazdi u.

Olmonchadan Mirzaali Akbarov tarjimasi
«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.