OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Irene Dishe. Mehr-shafqat (hikoya)

Urush avvaliga faqat suhbatlar mavzusi edi, keyinchalik u shahardagi oila boshliqlari uchun ham ahamiyatli joyga aylandi — ular urushga otlandilar. Otalar halok bo‘lib, o‘rinlaridan qayta turmayotgan bir paytda esa urush illat manbai bo‘ldi-qoldi, uni boshqacha nom bilan atab bo‘lmas, oziq-ovqat taqchilligi, norozilik va cheksiz kulfatga sababchi edi. Ana shunday bir paytda Antonning onasi o‘g‘li o‘n yoshga to‘lganda, tug‘ilgan kuniga atab o‘zi sov¬g‘a qilgan oq-shokoladrang, ko‘k ko‘zli uy quyoni bilan qiziqa boshladi. Anton quyonchaga Alisa deb nom bergan edi, chunki barcha obro‘li kishilarning ismlari “A” harfi bilan boshlanardi: otasining ismi Andreas, onasining ismi esa Anna edi. Dadasi urushda halok bo‘lganidan beri Alisaning nomi «quyoncha» bo‘lib qoldi. Uning yungi shu qadar mayin va yumshoq ediki, Antonning dardu hasratlari bir zumda go‘yoki unga singib ketardi-qo‘yardi.
Bu yil qishning qahraton sovug‘i erta boshlandi. Bir necha haftadan buyon ular eski kartoshkayu karam bilan tirikchilik qilib kelishardi. Taqvimga bundoq qarashsa, erta-indin rojdestvo bayrami, yerto‘lada esa hech vaqo yo‘q, ship-shiydam. Sezayapti, oyisi bugungi kechki ovqat uchun Alisani ko‘z ostiga olib qo‘yibdi. «Quyonchani bir mazza qilib yeylik», dedi u.
Anton bunga qarshilik qilmadi. U oyisining uy ishlarini bajara turib, tez-tez charchab qolayotganini sezib yurardi. Oyisi behad ozib ketgan, ko‘ylagi qoqsuyak tanasiga yopishib turar, endigina o‘ttizga kirgan bo‘lsa-da, tim qora sochlarining u yer-bu yeriga oq oralay boshlagandi. «Anton, quyonchani qassobga olib bor. So‘yib bersin. O‘zimning vaqtim bo‘lmayapti», — dedi oyisi unga. Anton esa oyisining bunday qilishga o‘zida kuch topa olmayotganini ich-ichidan his qilib turardi. Qishloqning bu chekkasidan u chekkasiga olib boradigan ushbu yo‘ldan yurishini o‘ylab Antonning yuragi orqasiga tortib ketdi.
Antonning onasi Alisani katta jigarrang savatga qamab, ustidan qopqoq bilan yopmaguniga qadar lol bo‘lib, ayni paytda uy quyonlariga xos sabr-toqat bilan javdirab qarab turaverdi. Savatni o‘g‘liga uzatarkan, ona qo‘shib qo‘ydi:
— Tez qassobga obora qol.
Qassob kichkina yumaloqqina odam bo‘lib, qiyofasi hamisha bir xil edi. So‘qqabosh bu odam odatda peshtaxta ortida u yoqdan bu yoqqa borib kelayotgan yumaloq soyasiga ko‘zi tushmasin uchun qassobxonani uzoqdan aylanib o‘tardi.
Uy quyoni savat o‘rtasida emas, balki uning bir chekkasida g‘ujanak bo‘lib yotgani uchun savatni ko‘tarish Antonga bir muncha qi¬yinchilik tug‘dirardi. Anton uni qorniga mahkam bosib olganidan o‘z oyoqlarini ham ko‘ra olmasdi. Ko‘cha muzlagan va o‘ydim-chuqur edi. U ravon yo‘l topolmay qiynalar, dam-badam qoqilib ketardi. Anton Alisani qassobga olib borishni ham, uning so‘yilib ketishini ham istamas, hech bo‘lmasa, uni kechki ovqatga qurbon bo‘lishdan asrab qolishni o‘ylardi.
Bola qassobxonaga yaqinlashgan sayin quyonchani naqadar og‘ir musibat kutayotganligini shunchalik aniq-tiniq anglay boshladi. Nihoyat u kattakon bir tosh ustiga o‘tirib oldi-da, savatning bir chetini qiya ochib, jonivorga nazar tashladi.
Uy quyoni qorong‘ida dimiqib qiynalganidan og‘ir nafas olardi. Anton savatga qo‘l suqib, uni siypalay boshladi. Quyonchaning mayin yunglarini silarkan, mehri tovlandi. «Yo‘q», «yo‘q», «yo‘q» — ko‘nglidan o‘tkazdi Anton. Va uning qo‘llari o‘z-o‘zidan beixtiyor savat qopqog‘ini ochdi, uy quyonini dast ko‘tarib, uni yo‘l chetidagi butazorga uloqtirdi. Alisa bo‘lsa, nima qilishini bilmay butalar orasida hayron turib qoldi. Qochib ketishni-ku, xayoliga ham keltirmasdi. Shunda Anton: — Qani, tez yo‘qol endi, tentakvoy, bo‘laqol!» — deb qichqirdi va qo‘llarini silkib, po‘pisa qildi.
Shundan so‘nggina quyoncha juftakni rostladi. Anton shimining rasvo bo‘lishini ham o‘ylab o‘tirmasdan yana tosh ustiga o‘tirib oldi. Garchand erkaklar yig‘lamasa-da, ko‘z yoshlarini to‘kib soldi. Uy quyonining hayotini saqlab qolgani yaxshimikan? Onasining shu qadar ozib-to‘zib ketganini bilgani uchun va endi oyisi uni rosa koyishini o‘ylab ham yig‘lar edi. 
Antonning baqirganini eshitib, shu yaqin oradagi uyda yashovchi bir keksa kishi qo‘rqib ketdi, nima gapligini bilishga qiziqdi. Keksa kishi pensiyaga chiqqan qishloq poch¬tachisi bo‘lib, u hamon sobiq pochta libosini egnidan yechmay kiyib yurardi. U bolani tanib qoldi. «Yo rabbim, nima bo‘ldi?» so‘radi qariya boladan, shippakda halloslab uning yoniga yetib kelgach.
«Quyoncham qochib ketdi», bolakay shunda battar yig‘lay boshladi. «Men uni qassobga olib borishim lozim edi, chunki yegulikka hech vaqomiz qolmagan».
Keksa pochtachi o‘ziga ish topilganidan xursand bo‘ldi. U Antonning boshini silab qo‘ydi va unga qimirlamay o‘tirishni tayinlab, quyonchani axtarishga tushdi.
Yordamga shay pochtachi ayoz urgan o‘t-o‘lanlar oralab, uy quyonini axtarishga tushdi. Qo‘qqisdan begona makonga kelib qolganidan qo‘rqib ketgan jonivor endi o‘ziga kelib turgan ham ediki, kimningdir yaqinlashayotganini sezib, yashirinib turgan joyidan shartta chiqdi-da, o‘zini o‘sha tarafga urdi. «Xo‘sh, mening kichik askarim», qariya shunday deb, uy quyonini Antonning qo‘liga tutqazdi: 
— Rojdestvoda ajoyib ziyofat bo‘ladigan bo‘ldi!
Bolakayning ko‘z yoshlari qurib, endi ularning o‘rnini sovuqqon qat’iyat ifodasi egallagandi. U quyonini savatga solarkan, pochtachiga xushmuomalalik bilan minnatdorchilik bildirdi. Ular bir-birlariga xayrli kun tilashdi va bola kushxona tomon yo‘l oldi. 
Anton qassobning yuziga ilk bor sinchiklab razm sol¬gach, uning kichkina, kulrang ko‘zlari keng, yapaloq basharasida xuddi yumshoq mebelga qoqilgan mixga o‘xshab turganligini payqadi. Qassobning qo‘ng‘ir sochlari uning tik boshini qisman bekitib turar, agar basharti uning burni bo‘lmaganda ham, hech kim sezmagan bo‘lardi: uning aft-basharasida faqat katta qizil qo‘llari bilan allaqanday tarz¬da o‘zaro bog‘liqdek tuyulgan yaltiroq qimtilgan lablarigina tiriklikdan darak berib turardi, xolos. Anton yetib borganida bu odam mijoz kutmoqda edi. Butun mamlakatda go‘sht ratsioni belgilangan va har bir kishi haftasiga atigi bir burda xarid qilishga haqli edi.
— Xo‘sh, xizmat? — dedi qassob Antonga yuzlanib.
Bola o‘zini tutib olib talabini bayon qildi. Gapirayotganida savatga qo‘lini tiqib, Alisani mahkam ushlab oldi. 
— Ajoyib g‘oya! — dedi qassob. «Haqiqatan ham! Garchand, mutaxassis sifatida yigitning qo‘li bilan uy quyoni go‘shti orasida o‘xshashlik yo‘qligini e’tirof etsam ham, buni qila olamanmi?!», deb o‘yladi qassob. U o‘ylanganicha Antonning peshtaxta ustida turgan oppoq qo‘lini paypaslab ko‘rdi. «Xiyla muskulli va yaxshilab boqilgan, mazasi ham durust bo‘lsa kerak. Ehtimol, quyon go‘shtidan ham mazaliroqdir». 
— Og‘zimning so‘lakayi oqib ketayapti. Yaxshisi, chap qo‘lingni kesa qolamiz. Hoynahoy o‘naqay bo‘lsang kerak, shundaymi? Qani, savatingni qo‘y-chi, hozir ko‘ramiz, — u peshtaxta ortiga ishora qildi va Antonning titrab turgan qo‘lini qon dog‘i bosgan kunda ustiga qo‘yib, yengini yelkasigacha baland qilib shimardi. 
— Darvoqe, onang qo‘lingni so‘rab qolsa, nima deysan? — so‘radi u. 
Anton nima deyishini bilmay o‘ylanib qoldi.
— Ha-ya, — dedi qassob xayol surib, —hozir bu yerdagi ahvolni o‘zing ko‘rib turibsan. Katta shaharlardagidan qolishmaydi. Shunday ekan, qo‘lingni bomba yoki mina olib ketdi, deb aldasak ham bunga hamma chippa-chin ishonadi. Menga buni akam xatida yozgan edi. Biroq u bizning bu yerdagi ahvolimizni bilmaydi-da. Qanchalik qo‘r¬qib yashayotganimizni, qanchalik tushkun kayfiyatda ekanligimizni u qayoqdan bilsin? Eh, bu albatta hazil, — qassob birdan qo‘rqib ketdi. Bunaqa gaplarni gapirishga uning umuman va hech qanday haqqi yo‘q edi-da. Urush odamlarga qandaydir ko‘ngilsizliklar keltirayotibdi, bu — «defetizm»ning klassik ko‘rinishi, xolos. Bu narsa politsiya bilan noxushliklarga olib kelishi mumkin, uning hamma joyda ko‘z va quloqlari bor, avaxtaga olib borib qo‘yishlari hech gap emas. 
Anton qassobning bu gaplarni boshqa joyda valdirab qo‘yishidan qo‘rqardi. U qo‘rquv, ochko‘zlik va o‘z-o‘ziga hamdardlik tuyg‘usi ichra ikkilanar va bir-biriga zid o‘ylar iskanjasida reja tuzmoqda edi. 
«Sen mana bu yerga o‘tirib, kutib tur. Men o‘tkirroq narsa topib chiqay, — u shunday deb, orqa tarafga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Qo‘rqib ketgan Anton uning zinadan xatlayotganini eshitib turardi. Yerto‘laga tushgan qassobning javonni ochib, qattiq xo‘rsinganini eshitdi. Bu yengil emas, balki qandaydir afsuslangannamo xo‘rsinish edi. So‘ng u zinadan yuqoriga ko‘tarilib, orqa eshikdan qovoq-tumshug‘i osilib, kirib keldi. Uning qo‘lida bus-butun frantsuz sosiskasi bor edi. 
— Onangga bu mening qo‘lim degin, — dedi u. — Quyon go‘shti ekanligiga baribir u ishonmaydi. Qo‘lingni yeng ichidan tortib olib, badaningga mahkam bosib turasan, shundan so‘ng qo‘lingdan ayrilganingga shubhasiz ishonadi. Qani endi tuyog‘ingni shiqillat-chi!
Qassobga sosiskani bundan bir necha yil oldin Parijdan akasi jo‘natgan, buni u ko‘z qorachig‘idek asrab yurardi. U bu xushta’m kolbasani ana yeyman, mana yeyman deb shu kungacha saqlab keldi. Biroq, har gal — to‘ymi yoki cho‘qintirish marosimimi, shunga o‘xshash biror tadbir munosabati bilan endi tatib ko‘raman deganida, ko‘zi qiymas, yaroqlilik muddati o‘tib borardi. Mana, oradan to‘rt yil o‘tib qarasaki, uning ustki qismi oqarib qolibdi. 
Kolbasa aynib qolayozgan edi. Biroq, Antonlar oilasi undan zaharlanib o‘ladigan darajada emasdi. Ular nari borsa, qorin og‘rig‘iga yo‘liqishardi. Kolbasani ko‘rib, quvonganlari-chi? Sosiskani tashlab yubormasdan shunday yo‘l tutishi, juda oqilona ish bo‘ldi-da. Bu yaxshi ish bo‘lmasa-da, har qalay yomon ish ham emasdi. 
Anton Alisani uyiga qaytarib olib kelib, onasiga bo‘lgan voqeani aytib berdi. Qassob uy hayvonlarini yaxshi ko‘rganidan shunday shirin jonivorni o‘ldirishga rozi bo‘lmagani onasini ajablantirmadi. Oila a’zolari sosiskani bir necha oy mobaynida parrak-parrak qilib tanovvul qildilar, hech kimning qorni og‘rimadi ham. Ularning har biridan o‘tkir ziravorli sosiskaning xush¬bo‘y hidi anqib turar, bu esa boshqalarning hasadini qo‘z¬g‘ardi. Sosiskani yeb bitirishganidan so‘ng, Antonning onasi uy quyoniga yana badnafslik bilan qaray boshladi, biroq o‘sha kunlarda dushman bostirib kelib, barcha qishloq aholisi, jumladan qassob ham boshi oqqan tomonga qochishga majbur bo‘ldi. 
Anton uy quyonini o‘z holiga qo‘ydi, rizq-nasibasini qaerdan topib yesa yer... 

Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.