OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivan Bunin. Styopa (hikoya)

Qosh qoraya boshlaganda Chern yo‘lidan ketayotgan yosh savdogar Krasilshikov jalada qolib ketdi.
U movut chakmoni yoqasini ko‘tarib, tomchilar duv-duv tomayotgan kartuzini bostirib kiygan holda qo‘nji uzun etiklarini aravachaning o‘qiga qattiq tirab, to‘siq orqasidagi o‘rindiqda o‘tirar, uvishib qolgan ho‘l barmoqlari bilan ivib ketgan tizginni siltab tortib, yugurik otni yanada tez chopishga undar, suyuq balchiq sachratib ketayotgan chap tomondagi gildirak yonida yirik kungir ovchi it tilini osiltirib, bir maromda g‘izillab borardi.
Oldiniga Krasilshikov aravachani tosh yo‘l bo‘ylab cho‘zilgan qora tuprok, so‘qmoqdan haydadi, so‘qmok, ko‘piklanib oqayotgan kulrang butana bilan to‘lgandan keyin katta yo‘lga burilib, mayda shag‘alni g‘ijirlatib keta boshladi. Yon-atrofdagi daraxtlar osmon ham yangi uzilgan bodring va fosfor hidi ufurib turgan quyuq yomg‘ir pardasi ostida ko‘rinmay qolgan edi, ko‘z o‘ngida yorug‘ shu’la qora bulutlarni teshib, ko‘zni olgudek yaraqlab chaqnar va bo‘shliqqa tomir ottan yashin bosh ustidan qaldirab o‘tib, bir lahzadan keyin xuddi qiyomat qoyimdan darak berayotgandek, dahshat bilan gumburlab portlar edi. Ot dam-badam cho‘chib tushsa-da, shitob bilan yo‘rtab borar, it esa quloqlarini qisib, jon holatda sakrab-sakrab yugurar edi.
Krasilshikov Moskvada o‘sdi, shu yerda o‘qib, universitetni bitirdi, ammo yozda Tuladagi badavlat xonadonlarni eslatadigan chorbog‘iga kelgach, mujiklar orasidan chiqqan pomeshchik-savdogarga o‘xshab yurishni yoqtirib qoldi va tilla qutichaga solingan sigareta chekadigan, yiltillatib moylangan etik, yon yoqa ko‘ylak, burma kamzulkiyadigan, rus kishisi ekanidan nihoyatda g‘ururlanadigan bo‘lib qoldi, hozir esa, jala va qaldiroklar ichida, bosh kiyimi va burnidan tomayotgan sovuq tomchilar g‘ashini keltirayotganiga qaramay, qishloq hayotiga xos qaynoq lazzat og‘ushida sarmast edi. Yoz bo‘yi o‘tgan yilgi saratonda mashhur artist jononga jazmanlik qilib, iyul oyida uni Kislovodskka jo‘natguncha Moskvada daydib yurganini, bekorchilik, jazirama, kesilgan temir bochkalardan burqsib chiqayotgan ko‘kimtir qoramoy tutuni va issiq ko‘lamsiq hidga to‘la o‘nqir-cho‘nqir Moskva ko‘chalarini, Kavkazga otlangan Maliy teatr artistlari bilan Troitskiy nishabligida qilingan nonushtalarni, Tramble qahvaxonasidagi rohatijon o‘tirishlarni, so‘ng g‘ilofi olinmagan mebellar, qandillar, naftalin hidli dokalarga o‘ralgan suratlarga to‘la xonasida intizorlikda o‘tkazgan tunlarni tez-tez eslay boshlagandi. …
Yozda Moskva oqshomlarining adog‘i bo‘lmaydi, o‘n birlarga borganda qorong‘i tushadi, kutib o‘tiraverasan, o‘tiraverasan, undan esa darak yo‘q. Nihoyat, qo‘ng‘iroq, u ko‘rkam yozgi libosda, nafasi tiqilib zo‘rg‘a gapiradi: «Meni kechir, jonim, kuni bilan boshim og‘rib yotib qoldim, sovg‘a qilgan choygulingniyam chaynab tashladim, shoshilganimdan olifta bir izvoshchini yollabman degin, o‘lgudek ochman…»
Nihoyat, jala va momaqaldiroq na’rasi pasayib, atrof sal yorishgandan keyin, oldinda, tosh yo‘lning chap tomonida yaqinda xotini o‘lgan keksa meshchan Proninning tanish karvonsaroyi ko‘rindi. Shaharga hali yigirma chaqirimcha bor, nafas rostlamasak bo‘lmaydi, o‘yladi Krasilshikov, ot ko‘pikka botib ketgan, tag‘in nima bo‘lishini kim bilsin, u tomonlar qop-qorayib yotibdi, chaqmoq chaqishini qarang-a… U yo‘lni karvonsaroyga qarab soldi va yog‘och darvoza qanotigacha otni yo‘rttirib keldi. − Bobo! − Qattiq qichqirdi u. − Mehmonni qabul qil! − Ammo tunukasi zanglagan yog‘och uyning derazalari qop-qorong‘i, sas-sado yo‘q. Krasilshikov tizginni qoziqqa bog‘lab, pillapoyadan soyabonli yo‘lakka ko‘tarildi, orqasidan loyga belangan, jiqqa ho‘l iti sakrab chiqdi, uning ko‘rinishi vahimali, ko‘zlari chaqnab ma’nosiz yaltirardi, − ter bosgan peshanasidagi kartuzni ko‘tarib qo‘ydi, yomg‘irda og‘irlashgan chakmonini yechib, panjaraga tashladi va kumush to‘qali kamar bog‘langan yon yoqa ko‘ylakda qolib, qora loy sachrab, ola-chipor bo‘lib ketgan yuzini artdi, so‘ng qamchisi bilan pochasiga yopishgan loylarni urib-urib tushira boshladi.
Og‘il eshigi ochiq bo‘lsa-da, uy ichida hech kim yo‘qqa o‘xshardi. Mollarga qarashyapti, shekilli, o‘yladi u va engashib, yon-atrofga tikildi: jo‘nab ketavergan ma’qulmikin? Kechki havo og‘ir va namchil edi. Yomg‘irda egilib qolgan bug‘doyzor tomondan behisob bedanalarning xushxon xonishi eshitilib turardi, jala tingan, ammo tun bostirib kelar, yeru osmon xo‘mraygan zulmat qo‘ynida, tosh yo‘ldan narida, pastak qoramtir o‘rmon orqasida sovuq bulutlar yanada quyuqlashgan, dam-badam qizg‘ish shu’la yoyilib, atrofga yovuz tillarini cho‘zardi − Krasilshikov dahlizga o‘tdi, qorong‘ida paypaslab mehmonxona eshigini topdi. Mehmonxona ham qop-qorong‘i va kimsasiz edi, faqat qaerdadir osma soatning chiqillashi eshitilardi. U eshikni taraqlatib yopdi, oyog‘ini sudrab borib, xonadagi boshqa eshikni ochdi: hech kim yo‘q, faqat issiq qora shiftga yopishgan mudroq pashshalar norozi bo‘lgandek guvillashdi.
− O‘lib qolishganmi? − ovoz chiqardi u va shu zahoti qorong‘ida so‘ridan sirg‘alib tushayotgan ho‘jaiynning qizi − Styopaning bolalarga xos biyron, yoqimli ovozini eshitdi.
− Sizmisiz, Vasil Likseich? Men bir o‘zimman, oqsochimiz dadam bilan urishib, uyiga ketib qoldi, dadam bo‘lsa xizmatkorni olib, ish bilan shaharga ketuvdi, bugun qaytishi gumon… Momaqaldirokdan o‘lgudek qo‘rkdim, bir mahal bu yoqqa kimdir kelganini eshitib, o‘takam yorilayozdi… Salom, meni kechirasiz, marhamat qiling…
Krasilshikov gugurt chaqib, uning qora ko‘zlari va qoramag‘iz yuzii yoritdi:
−Salom, tentakkinam. Men ham shaharga ketyapman, mana, ko‘rmaysanmi nimalar bo‘layotganini, kutib turay deb kirdim… Sen bo‘lsang, qaroqchilar bosdi deb o‘ylapsanda-a?
Gugurt yonib bitdi, ammo qizning xijolatomuz kulimsirayotgan yuzi, bo‘ynidagi ko‘zmunchoqlari, sarg‘ish satin ko‘ylak ostidagi kichkina ko‘kraklari yaqqol ko‘rinib turardi… Bo‘yi Krasilshikovdan ikki baravar kichik, xuddi yosh qizaloqqa o‘xshaydi.
− Hozir chiroqni yoqaman, − dedi qiz shosha-pisha va Krasilshikovning o‘tkir nigohidan battar xijolat bo‘lib, stol ustidagi chiroqqa qo‘l cho‘zdi. − Sizni xudo yetkazdi, yolg‘iz o‘zim vahima qilib yotgandim, − u mayin tovushda gapirar ekan, oyoq uchida turib, ehtiyotkorlik bilan chiroqning kampiragini burab, shishasini chiqardi.
Krasilshikov uning egilib turgan qomatiga tikilgancha boshqa gugurt cho‘pini yondirdi.
− To‘xta, keragi yo‘q, − birdan u gugurtni yerga tashlab, qizning belidan quchoqladi. − To‘xtab tur, qani, menga bir qaragin-chi.
Qiz xavotirlanib, yelkasi osha qaradi, qo‘llarini pastga tushirib, unga o‘girildi. Yigit uni bag‘riga tortdi, qiz qarshilik ko‘rsatmadi, faqat hayrat va qo‘rquv ichida boshini orqaga tashladi. U g‘ira- shirada qizning ko‘zlariga yuqoridan nazar solar ekan, kulib qo‘ydi:
− Yana qo‘rqyapsanmi?
− Vasil Likseich… — qiz yalinchoq ohangda zo‘rg‘a gapirdi va yigitning quchog‘idan sekin sirg‘alib chiqishga urindi.
− To‘xta. Nahotki meni yoqtirmasang? Har ko‘rganingda sevinib ketishingni bilaman-ku…
− Sizdan yaxshi odam dunyoda yo‘q, — deb pichirladi qiz haroratli tovushda.
− Ana, ko‘rdingmi?..
Qizning lablaridan uzoq o‘pdi, so‘ng qo‘llari pastga sirg‘aldi.
− Vasil Likseich… Xudo xaqqi, qo‘ying… Otingiz darvoza oldida qolib ketdi-ku. Esingizdan chiqarib qo‘ydingizmi?.. Otam kelib qoladi… Qo‘ying, kerak emas!
Yarim soatdan keyin u uydan chiqdi, otni hovliga kirgizib, bostirmaga bog‘ladi, yuganini chiqardi, hovli o‘rtasidagi aravadan yangi o‘rilgan o‘t keltirib soldi va charaqlab ochilib ketgan osmondagi sokin yulduzlarga tikila-tikila ichkariga kirdi. Issiq qorong‘ulik og‘ushidagi jimjit xonaga hamon olisdan zaif shu’lalar tushib turardi. Qiz so‘ri ustida boshini ko‘ksiga solintirib, g‘ujanak bo‘lib yotar, boyagi ishning g‘alatiligidan ham qo‘rqib, ham rohat qilib, beixtiyor issiq ko‘z yoshi to‘kardi. U qizning sho‘rtang ko‘z yoshlardan ho‘l bo‘lgan yuzidan o‘pdi, o‘ng qo‘lida papiros ushlagancha chalqancha yotib, uning boshini yelkasiga qo‘ydi. Qiz indamay, tinch yotardi; u chekib, chap qo‘li bilan yuziga tegib turgan parishon sochlarni erkalab siladi…
Qiz tezda uxlab qoldi. U qorong‘ilikka tikilib yotar ekan, mamnun kulimsirab qo‘ydi: «Dadam shaharga ketdi…» Ketish bunaqa bo‘ladi! Yaramas chol darrov bilib oladi — qotmadan kelgan, jahli tez, qalin qoshi bo‘lsa qop-qora, ko‘zlari nihoyatda o‘tkir, o‘lgudek ichganda ham aqlini yo‘qotmaydi deyishadi…
U uy ichi yorishib, shift bilan pol o‘rtasidagi bo‘shliq bemalol ko‘rinadigan bo‘lguncha uxlamay yotdi. Boshini burib, oynaga qarab, ufq yashil tusga kirayotganini ko‘rdi, g‘ira-shirada stol burchagiga qo‘yilgan Iso Masihning bir qo‘lini ko‘tarib, odamlarga o‘tkir nigoh tashlab turgan ulkan suratiga ko‘zi tushdi. U qizga qaradi: yonboshlagan ko‘yi oyoqlarini yig‘ib, sokin uxlab yotibdi. Bechora qizaloq naqadar dilga yaqin…
Osmon batamom yorishib, devor orqasidagi xo‘roz bir-ikki qichqirgandan keyin u turishga shaylandi. Ko‘kragi ochiq, sochlari yoyi¬lib ketgan qiz ham sakrab turib, yarim yonboshlab o‘tirdi va hech narsani anglamay unga tikilib qoldi.
− Styopa, − dedi u ehtiyotkorlik bilan. − Vaqt bo‘ldi.
− Ketib qolasizmi? — shivirladi u garangsib.
So‘ng birdan hushi joyiga keldi, qo‘llarini ustma-ust qo‘yib, ko‘kragiga ura boshladi:
− Qayoqqa ketasiz? Endi sizsiz qanday yashayman? Men nima qilaman endi?
− Styopa, men tezda qaytib kelaman…
− Dadam uyda bo‘ladi-ku, sizni qanday qilib ko‘raman?! Yo‘ldan nariga o‘tib, jon deb o‘rmonda poylab turardim-u, meni uydan tashkariga kim chiqaradi deysiz?
Yigit tishlarini g‘ijirlatib, uni chalqanchasiga ag‘dardi. Qiz qo‘llarini keng yoyib, oxirgi nafasini chiqarayotgandek shirin entikib, «Oh» deb nido qildi.
Bir ozdan keyin u ko‘ylagini, kartuzini kiygan, qo‘lida qamchi, chiqib kelayotgan quyoshga orqa o‘girgan holda so‘ri oldida turar, qiz esa so‘rida tiz cho‘kkan ko‘yi bolalarcha ho‘ngrab yig‘lar, labini xunuk qiyshaytirib, tez-tez gapirar edi:
− Vasil Likseich… Xudo haqqi… aziz avliyolar haqi, meni xotin qilib oling! O‘lguncha cho‘ringiz bo‘laman! Ostonangizni yalab yotaman! Oling meni! Jon deb izingizdan ketar edim, meni kim qo‘yib yuboradi deysiz?! Vasil Likseich…
− Bas qil! − dedi Krasilshikov keskin. − Tez kunda kelib otangga uchrashaman. Senga uylanaman deyman. Eshitdingmi?
U cho‘kkalab o‘tirdi, darrov yig‘idan to‘xtadi, namlangan ko‘zlari yaraqlab ochildi:
− Aldamaysizmi?
− Chin so‘zim.
− Poklanish bayramida o‘n oltiga to‘laman, − dedi u shosha-pisha.
− Ana, demak, yarim yildan keyin nikohdan o‘tishimiz mumkin ekan…
Uyga kelishi bilan u narsalarini yig‘ishtirishga tushdi, kechqurun uch otli aravada temir yo‘lga jo‘nadi. Ikki kundan keyin u Kislovodskda edi.
1938 yil 5 oktyabr

Ortiqboy Abdullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.