OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivan Bunin. Yoshlik va keksalik (hikoya)

Ajoyib yoz kunlari, osuda Qora dengiz.
Kema odamlar va yuklar bilan liq — hatto kemaning quyrug‘ida ham lash-lushlar qalashib yotibdi.
Kema dunyo kezgan -Qrim, Kavkaz, Anatoliya sohillari, Konstantinopol…
Quyosh charaqlab turibdi, osmon musaffo, dengiz nafarmon, bosh-keti ko‘rinmas portda odamlar qator tizilgan, kapitan yordamchilarining quloqni batang qilguvchi so‘kinishlari, qichiriqlari avjiga chiqadi, so‘ng yana sokinlik cho‘kib, hamma qimirlab qoladi.
Kemaning birinchi toifali kayutalari salqingina, shinam, toza va bo‘m-bo‘sh. Biroq oshxona yonidagi yo‘lovchilar tunaydigan tor, badbo‘y hujralar, shiyponcha tagi ivirsib, ko‘zga xunuk tashlanadi. Hamma yoqda sassiq hid o‘rnashib qolgan. Ustiga-ustak kunning beayov jaziramasi, ilim-iliq havo dimoqni achitadi. Biroq dengizdan taralayotgan epkin bularning hammasini to‘zitib yuborguday bo‘lib, vujudga halovat inadi.
Yo‘lovchilar safida ruslar, no‘g‘aylar, qurdlar, gruzinlar, hatto greklar ham bor. Kurdlar, sizga aytsam, yovvoyi xalq — kun bo‘yi dong qotib uxlashadi, gruzinlar esa quvnoq xalq: qo‘shiq aytishadi, juft-juft bo‘lib raqsga tushishadi, gohida sakrab ham qo‘yishadi qurmag‘urlar.
Kema Trapezundda talay vaqt turib qoldi. Men qirg‘oqqa chiqqandim, kema zinasida uymalanayotgan bir to‘da juldur qurdlarga duch keldim — sal nariroqda egniga kulrang cherkes kiyib, ensiz kamarni mahkam siqib olgan chol diqqatimni tortdi. Kurdlar biz bilan bitta kemada suzib, bir palubada yotib turib, joylarini toza saqlashardi.
Cholning soqoli dengiz ko‘pigidek oppoq, yuzi esa oftobda qorayib ketgandi. Katta-katta ko‘zlari esa yiltillab turardi.
Men uning oldiga yaqin borib, «salyam» dedim, keyin so‘radim:
— Kavkazdanmisiz?
Cholning chehrasi ochilib, do‘stona iltifot qildi:
— Uzoqdan cho‘tlayvering, janob. Biz kurdlarmiz.
— Qaerga ketyapsizlar?
Uning yuzlari jiddiy tortdi, mag‘rur javob berdi:
— Istambulga, janob. Shohimiz oldiga. Unga sovg‘a-salom obboryapman. U o‘g‘illarimning barini urushga chaqirib olgandi. Yettoviniyam. Shahid ketishdi go‘ri nurga to‘lgurlar. Ammo shohimiz meni yolg‘izlatib qo‘ygani yo‘q, baraka topsin.
- Se-tse-tse…-deb yubordi tuyqus yonimizda turgan yosh grek. U po‘rim kiyingan: boshida olcha rang feska, egnida kulrang syurtuk va oq jilet, oyog‘ida tugmalari qadalgan yaltiroq botinka bor edi. Qo‘lida papiros burqsitib tutun taratayapti. U boshini chayqab cholga achingan bo‘ldi:
— Bay-bay, qariyaning bir o‘zi qolibdi-da, a?
— Qanday nodonlik, - tusi o‘zgardi cholning, - Mana sen qarib-qartayasan. Ammo, men hecham qarimayman. Maymun haqida eshitganmisan?
Yigit miyig‘ida kulib so‘radi:
— Qanaqa maymun?
— Bilmasang, eshitib ol. Tangri yer va osmonni yaratdi, buni bilsang kerak?
— Bo‘lmasam-chi?
— Keyin odamni yaratibdi-da, qulog‘iga quyibdi: Sen, debdi, o‘ttiz yil mana shu dunyoda yashaysan, umring farovonlikda o‘tadi, dunyoda nimaiki bor hammasidan foydalanasan. Xo‘sh, ma’qulmi, debdi. Odam o‘ylanib qolibdi: hammasi yaxshiku-ya, o‘ttiz yil kamlik qilmasmikan, so‘ng xudodan o‘pkalanibdi — shuncha kam umr ko‘ramanmi? Eshityapsanmi? — xitob qildi chol kulimsirab.
- Eshityapman, -javob berdi grek.
— Keyin tangri eshakni dunyoga keltiribdi, unga ham tushuntiribdi: Sen og‘ir yuklarni tashiysan, odamlarni mindirasan, manziligacha eltib qo‘yasan, agar o‘jarlik qilguday bo‘lsang, boshingga tayoq bilan urishadi. Rozimisan? Bechora jonivor zorlanibdi, yig‘labdi: O‘ttiz yil xor bo‘lib yashaymanmi, hech bo‘lmasa yarmini chegirib qo‘y, debdi. Buni eshitgan odam — uning yarim umrini menikiga qo‘shib ber, debdi xudoga. Tangri rozi bo‘libdi. Endi odamzodning umri qirq besh yilga uzayibdi. Qara-ya, chakki ish qilmabdi-ya?, -so‘radi quvlik bilan chol.
- Bo‘lmasamchi, - javob qildi grek uning fikrini to‘la anglab yetmay.
— Endi tangri ko‘ppakni vujudga keltiribdi va unga ham shuncha umr beribdi: Sen, debdi itga, xo‘jangni mol-dunyosini asraysan, undan bo‘lak hech kimga ishonmaysan, kechalari uxlamay uyini qo‘riqlaysan, debdi. Qaragin-a, it ham o‘ziga berilgan umrdan norozi bo‘lib, yarmiga ko‘nibdi. Shunda odam yana ochofatlik qilibdi, shuncha umr uvol ketmasin, menikiga qo‘sha qol, debdi yaratganga. Tangri tilagini bajo keltiribdi. Xo‘sh, endi bu azamatning umri qanchaga cho‘zildi?
— Oltmishga, - dedi grek quvonib.
-Xo‘sh, ana undan keyin tangri maymunni yaratibdi, unga ham o‘ttiz yil umr beribdi, keyin tushuntiribdi: Sen mehnat-mashaqqatsiz kun ko‘rasan, faqat husndan mosuvo bo‘lasan, boshing tap-taqir, yuzlaring ajinli, tap-taqir qoshing naq peshonang bo‘ladi, kim seni ko‘rsa o‘sha zahot xoxolab masxara qiladi…
Shu tob grek cholning gapini bo‘ldi:
— Demak maymun ham umrining yarmidan voz kechadi, shundaymi?
— Shunday, - dedi chol yonida turgan millatdoshi qo‘lidan mundshtukni olarkan, - Odam bundan ham foydalanib, maymunning yarim umrini o‘zinikiga qo‘shishni so‘raydi xudodan. Yana…
Shundan so‘ng qariya jimib, picha xayolga toldi, bizni unutdi go‘yo. Keyin ko‘zlarini bir nuqtaga qadab, vazmin gapira ketdi:
— Odam o‘ziga berilgan o‘ttiz yillik umrni maroqli o‘tkazibdi — yebdi, ichibdi, urushda qatnashibdi, to‘y-ma’rakalarda xursandchilik qilibdi, qiz-juvonlar bilan birga bo‘libdi. Keyin umriga qo‘shilgan o‘n besh yilini eshakday ishlab, bor topgan-tutganini uyiga tashib o‘tkazibdi. Keyingi o‘n besh yil undan ham oshib tushibdi. To‘plagan boyligidan xavotirga tushib, kechalari bilan uxlolmabdi, asabi ishdan chiqibdi. Umrining oxirida esa kuch-quvvatdan qolib, qarib-qartayib tasqara maymunga o‘xshabdi qobdi. Kimning ko‘zi tushsa, boshini liqillatib, xoxolab kularmish. Sen ham ayni o‘sha odam ahvoliga tushasan, - tirjayib, dedi qariya grekka mundshtugini tishlari orasida siljitarkan.
— Siz-chi,siz bu ahvolga tushmaysizmi? — deb so‘radi yigit.
— Ha, men boshqacha odamman.
— Qanaqa odam?
— Men kabilar bu dunyoda sanoqli, — dedi chol mag‘rur.- Men eshakday boylik tashimadim, yo‘q mol-dunyoga itdek qo‘riqchilik qilmadim, endi maymunga o‘xshab tashvishga tushishga ne hojat? Shunday ekan nega qarilikni bo‘ynimga olishim kerak?!
1936

Umid Ali tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.