OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivo Andrich. Chalg‘i (hikoya)

Yakshanba kuni shaharni shovqin-suron butkul zabtiga oladi: sigirlar mu’ragan, qo‘y-qo‘zilar ma’ragan, g‘ala-g‘ovur, baqiriq-chaqiriq, ur-sur. Lekin savdo rastalari uzra to‘xtovsiz sado berib turadigan temirlar darang-durungi ularning hammasini bosib ketadi: dehqonlar sotib olayotgan chalg‘ilarini do‘konlarning tosh ostonalariga urib-surib sinab ko‘radi.
 Jarang-jiring! Darang-durung...
 Bozor maydoni kun bo‘yi ana shunday jaranglab turadi.
 Dehqon qiladigan ishini avval xayolida obdon pishitishga o‘rganmagan. Ammo o‘zi uchun muhim bir yumushni bajarishga kirishar ekan, bor dunyoni unutib, bamaylixotir, butun vujudi bilan ishga berilib, boshini xo‘p qotiradi. Chalg‘i haridi ham uning uchun ana shunday muhim ish.
 Vitomir sahar-mardonda uzoq tog‘lar orasida – tupkanning tagidagi ko‘rimsizgina qishlog‘idan shaharga tushib, olib kelgan narsasini sotdi. Endi u bahorning uzundan-uzoq bu kunida yana bir ishni uddalashi – chalg‘i sotib olishi kerak.
 Avval bozorchilar bilan gurunglashdi, ularning chog‘ini oldi, keyin, kuymalangancha, chilangarlik rastalarini bir necha bor aylanib chiqdi. Yurib-yurib, oxiri o‘zi durustroq biladigan do‘konga kirishga ahd qildi. Ana endi tomoshani ko‘ring. Do‘kondor, xizmat, degandek unga qaraydi. Vitomir ochig‘ini aytmay, nimalardir deb ming‘irlaydi. Devorga osilgan mollarni quvlik bilan ko‘zdan kechiradi. Chalg‘i qidiradi. Nihoyat ko‘pni ko‘rgan do‘kondor uning ko‘nglini topadi va xizmatkor bola ichkaridan kanop matoga o‘ralib, ustidan mahkam tang‘ilgan, qilichdek yaltirab turgan chalg‘ilarni olib chiqadi.
 Dehqon og‘ziga tolqon solganday, jim cho‘nqayadi va o‘ramdagi chalg‘ilarni asta-avaylab sug‘urib oladi. Tig‘i, tarhi va rangini ko‘zdan kechiradi. O‘tkirligini chamalab ko‘rgach, o‘rog‘ini ko‘zlariga miltiqdek yaqin olib boradi va nishonga olayotgandek, tig‘ini tekshiradi. Tuflaydi, yalaydi. Tirnab ko‘rish ham esidan chiqmaydi. Yonida – tishlari kemtik, ko‘zlari kattalarnikidek quvgina go‘mashta bola.
 Dehqon chalg‘ilardan ikki-uchtasini tanlab, do‘kondan tashqariga olib chiqadi va ularni ostonadagi toshga birma-bir urib ko‘radi. Erinmasdan uzoq sinashga tushadi. Chalg‘ilardan ko‘z uzmayotgan bola uning ortidan qolmaydi. Xaridor esa go‘yo bu mishiqidan qanday qutulishning yo‘lini topolmay garang: chalg‘i bilan yolg‘iz qolish uchun u hamma narsasidan kechishga tayyor. Chalg‘ini yolg‘iz o‘zing shoshilmasdan sinab-tekshirib ko‘rganingga nima yetsin. U bolani, butun borliqni unutgisi keladi. Chalg‘ini toshga ohista urib, tor ohangini tinglamoqchi bo‘lgan mashshoqdek qulog‘iga tutadi. Po‘lat jarangini shunchalar uzoq tinglaydiki, hatto butunlay sas chiqarmay qo‘ygandan keyin ham tovushiga mahliyo bo‘lib o‘tiraveradi. Yuzida befarqlik: bor-yo‘g‘i tirikchilik vajidan, noilojdan keladigani bu bozorda po‘lat sasini tinglar ekan, xayoli uni uzoq-uzoqlarga olib ketadi. O‘zini o‘rim ayni avjiga chiqqan maysazorda ko‘radi. Sozlab, soplangan, peshlangan chalg‘ining tik qiyalik uzra maysalarni “shig‘-shig‘” o‘rayotgani, o‘rilgan o‘tlarning bir tekis yastanib qolayotganini aniq-tiniq tasavvur qiladi...
 Vitomirning yonidan o‘tayotgan dehqonlar to‘xtab, bir zum turib qolishadi, po‘lat jarangiga quloq solishadi, maslahat berishadi, mulohazalarini baham ko‘rishadi. Bu urinishingizdan bir naf chiqishi qiyin-ov, deyishadi. Dong‘i ketgan burungi Vartsar chalg‘ilari endi qayoqda deysiz. Vitomir bu gaplarning hammasini bosh irg‘ab eshitadi, lekin o‘z bilganidan qolmaydi.
 Do‘kondor ota-bobolaridan qolgan tujjorlarga xos meros – beadad sabr-toqati tugab, eshik oldiga chiqmagunicha, Vitomir chalg‘ilarni toshga urib, jarangiga quloq solib o‘tiraveradi. Muloyim ovozidan diqqati oshgani sezilib turgan do‘kondor ham unga maslahat bera boshlaydi. Qo‘lidagi chalg‘ilardan birini tezroq tanlashga ko‘ndirmoqchi bo‘ladi:
 - Ortiqcha bosh qotirishning aslo hojati yo‘q, Vitomir,- deydi.- Unisi ham, bunisi ham asl mol.
 - Albatta, albatta, - deydi dehqon. Lekin do‘kondorning gapiga qo‘shilgani uchun emas, uni chalg‘itish, iloji boricha vaqtni cho‘zib, maslahatlardan xoli, bemalol o‘ylab olish uchun shunday deydi.
 Chalg‘ilar ikkita. Ulardan birining – qoramtirrog‘ining yuziga mazmuni Vitomirga tushunarsiz, qandaydir zarhal yozuvlar bitilgan: “Boehme & Sohn, Wiener Neustadt”. Shuning uchun dehqonlar uni tilla chalg‘i deb atashadi. Salib deb ataladigan ikkinchi chalg‘i esa ko‘kimtir po‘latdan. Harflari juda mayda. Tamg‘a o‘rnida ishlangan kumush rangli yo‘ng‘ichqa barglari bo‘tni eslatadi.
 - Bosh qotiradigan joyi yo‘q, - deb qistaydi do‘kondor. – Mana, yozuvi-yu, tamg‘alariga – beda bargiga qara.
 - Shundaylikka shunday-ku, ya, - deydi dehqon parishonxotirlik bilan, lekin yaxshi biladiki, yozuv deganingiz o‘qishdan xabari bor, orif odamni ham aldashi turgan gap. Tamg‘asini tomosha qilaman, deb xayoling qochib, qilayotgan ishingdan chalg‘ib ketishing hech gap emas.
 - Albatta, albatta.
 Uning tujjorga beradigan bor-yo‘q javobi shu. Xayolida esa qo‘lidagi chalg‘ilar bilan tillashishdan to‘xtamaydi. Ular dehqonning butun fikr-zikrini o‘g‘irlagan, hatto g‘ala-g‘ovurga to‘la bozor izdihomini ham unutgan. Ko‘ziga chalg‘idan boshqa narsa ko‘rinmaydi.
 “Bilamiz, - deydi u o‘ziga-o‘zi. – Juda yaxshi bilamiz. Yozuvlari ham, bezagi ham joyida. Bundan zo‘ri bo‘lmaydi. Lekin bu hashamat chalg‘ini sotib olguningizcha. Oldingizmi, ana undan keyin ko‘rasiz nag‘masini. Hamma dehqonning haqidan ursam deydi. Chalg‘ining chiroyidan ham, zarhal yozuvlaridan ham maysaga o‘ralib yotgan ilondan qo‘rqqanday qo‘rqish kerak. Lekin ulardan qutulib bo‘psiz. Dikavadagi chayir maysalarning bu chiroyli so‘zlaru hashamatli tamg‘alar bilan necha pullik ishi bor. Ularga baquvvat chalg‘i kerak. Ammo qani o‘sha chalg‘i. Asl chalg‘i qanday bo‘lishini mana, bizdan so‘rang. Bunday savdolar boshimizdan ko‘p o‘tgan. Do‘konda bunday qo‘lingga olib tomosha qilsang, naqd qilich, qilichdan ham zo‘r, o‘tkir ko‘rinadi ko‘zingga. Chalg‘imisan chalg‘i. Biroq uni Dikavaning toshday metin cho‘qqilariga olib chiqib, soplab, peshlab, o‘roqqa solsang, bu padari qusur arraga o‘xshab o‘tni g‘ajishdan boshqa ishga yaramaydi. Qayroq solsang, dami qirovday to‘kiladi. Bilamiz, hammasini bilamiz!”
 Vitomir shunday gaplarni xayolidan o‘tkazar ekan, chalg‘ilarning goh unisini, goh bunisini toshga urib ko‘raveradi. Go‘yo chalg‘ini notanish so‘zlar va jimjimador naqshlari zamiriga yashiringan haqiqatni oshkor etishga majbur qilmoqchi. Navbati bilan qo‘liga olib, uzoq, sinchiklab qaraydi. Chalg‘ining go‘yo tilla rang, ko‘k yo‘l-yo‘l chiziqlaridan uning tarixini o‘qimoqchi bo‘ladi. Uzoq manzillar osha dikavalik dehqon qo‘liga qanday kelib tushganini tasavvur qiladi. Ma’dan qazib olingan konni, keyin u eritilgan qandaydir pechlarni, chalg‘i shaklini va nomini olgan temirchilik ustaxonasini hamda zavoddan so‘ng biridan ikkinchisiga o‘tkazgan yuzlab qo‘llarni – Vena va Saraevo ulgurji savdogarlarini, olibsotarlarini ko‘z oldiga keltiradi. Bu chalg‘i yuk tashuvchi aravalarda mamlakatning narigi burjidan bu muzofotga – Romaniya va Semich orqali Vishegradgacha yetib kelgunicha uni kimlardir yuklagan, ko‘targan, tashigan. Unga tekkan har bir qo‘l egasi o‘z ulushini olgan. Har biri!
 Bularning hammasiga Vitomirning elas-elas fahmi yetib turgan bo‘lsa-da, vujudida qandaydir o‘ksinish, og‘ir dard qo‘zg‘aladi. Nima bo‘lganda ham, u endi shu chalg‘ini sotib olishga mahkum. Yo o‘zi, yoki chalg‘i ishga butunlay yaroqsiz bo‘lib qolgunicha uni qo‘lidan qo‘ymasligi kerak. Peshonasiga bitilgani shu. “Uh, yaramas!” Vitomir chalg‘ini toshga zarda bilan uradi. Do‘kondor peshtaxta ortidan yana bo‘ynini cho‘zadi. Chalg‘i jarangidan dehqonning o‘zi ham uyqudan uyg‘onib ketgandek cho‘chib tushadi, kalovlangancha jim bo‘lib qoladi.
 Uzoq davom etgan taraqa-turuq, mulohaza va ikkilanishlardan so‘ng, ikki chalg‘idan birini tanlaydi. Bu qaror uning xayoliga nogahon, o‘zini o‘pqonga otayotgandek to‘satdan keladi. Endi do‘kondor bilan uzundan-uzoq savdolashish boshlanadi. Bu tortishuv bunday serg‘alva, uzoq, mug‘ombirona marosimlarni boshidan kechiraverib diydasi toshday qotib ketgan do‘kondorni ham holdan toydiradi. Oqshom uyiga borgach, yuz-qo‘lini chayib, dasturxon bo‘yiga o‘tirar ekan, kim biladi deysiz nechanchi bor uf tortadi va xotiniga yozg‘iradi: “Bu qishloqilar bilan savdo qilish – koni azob. Hamyonidan bir mirini sug‘urib olguningcha, ming marta o‘lib, ming marta tirilasan”.
 Nihoyat, bor-baraka top deyilib, aqchasi to‘lanadi. Vitomir nahorda olma ortib kelgan baytaliga minib, egarning orqasiga bo‘sh qopga o‘ralgan chalg‘ini tang‘iydi.
 Endi yo‘l-yo‘lakay mayxonaga kirib, ozgina chog‘ir ichmaslikning, odamlar bilan o‘tgan-ketgandan, ayniqsa, bugun sotib olingan chalg‘idan gaplashmaslikning hech iloji yo‘q. Hatto yangi xaridni yuvaylik, deb oyog‘ini tirab turib olgan ikki ulfatni mehmon qilishiga to‘g‘ri keladi. Ularga qo‘shilib Vitomirning o‘zi ham odatdagidan ikki-uch qadah ko‘proq ko‘tarib yuboradi. Bularning barchasi chalg‘ining sharofatidan, albatta. So‘ng, shom tusha boshlagach, toqqa, qishlog‘iga qarab yo‘lga tushadi.
 Baytal jonivor tepalikka chumoliday tirishib-tirmashib o‘rmalaydi. Vitomirning esa dimog‘i choq. Chog‘irning ta’siri unchalik sezilmaydi. Xayoli joyida. Har holda unga shunday tuyuladi. G‘ayrati jo‘shib, miskin ko‘ngli ko‘tarila, dadillasha boshlaydi. Shirin-shirin xayollarga berilib, qaddi g‘ozlanadi. Ana-mana deguncha qo‘shiq aytgisi ham kelib qoladi. Bunday sururli damlarda chalg‘ining yaxshi-yomonini farqlashni ham, do‘kondor bilan savdolashishni ham qoyil maqom qilib uddalashi mumkinligiga ko‘zi yeta boshlaydi. Doim shunday: shaharga tushdi deguncha, negadir darrov o‘zini yo‘qotib, dovdirab, shalvirab qoladi. Hech kimga, hatto o‘ziga ham ishonmay qo‘yadi. G‘ala-g‘ovur, ur-sur bozor ortda qolib, toqqa, Dikava sari o‘rlay boshladimi, go‘yo aqli-hushi yana joyiga qaytib, o‘zini qushday yengil his qila boshlaydi. Tog‘da hamma narsaga fahmi yetadi, hammasini tushunadi. Biroq keyingi bozor keldi deguncha yana o‘sha ahvol.
 Bu uning yuragini mudom g‘ashlab, qonini qaynatadi.
 Vitomir qora terga botgan baytalida yo‘lning tanobini tortib borar ekan, egarga tang‘ilgan va bugun uni g‘oyat holdan toydirgan, shunga qaramay, juda yaqin, qadrdon bo‘lib qolgan chalg‘isiga ko‘z tashlaydi. Xo‘sh, bu savilning necha pullik mol ekanini kim biladi? Balki u chalg‘ining yaxshisini tanlay olmagandir? Balki qimmatga olgandir? Vitomir do‘kondorning savdolashish asnosidagi qiyofasini ko‘z oldiga keltirishga urinadi. Ammo chalg‘idagi zavod tamg‘asiga tishi o‘tmaganidek, tujjorning yuzidan ham biror ma’ni o‘qiy olmaydi. Balki “mo‘rtroq” va “yomonroq” tuyulgan, Vitomir qo‘lida rosa aylantirib ko‘rgan o‘sha ko‘kimtir chalg‘i durustroq, baquvvatroqmidi. Endi tushingni suvga ayt. Shunday bo‘lsa-da, shubha uni tark etmaydi. Dilidagi g‘ubor uni o‘z xaridiga bot-bot o‘girilib qarashga majbur qiladi. O‘ngga o‘girilsa – chalg‘ining sopdoniga, chapga o‘girilsa, xaridining besh kunlik oydek o‘tkir o‘rog‘iga ko‘zi tushadi. Chalg‘isiga ham quvonch, ham biroz asabiy so‘z qotadi:
 - G‘uday, hozircha g‘udayib tur-chi. Hademay bu damingdan tushib qolasan. Ha. Sen hali qaysi qishloqqa ketayotganingni bilmaysan-da, barakatopkur! U joylarda sinu-sumbatimni tomosha qilishib, tilla bezaklarimni ko‘zlariga surtishadi, deb o‘ylayotgandirsan. Homta’ma bo‘lma. Bizning qishloqda duch kelgan harfu suratlarga mahliyo bo‘lib qoladiganlar juda kam. Ha, kam. Biz tomonlarda chalg‘iga ham, o‘t-o‘lanu odamga ham – hammaga qiyin!.. Riston bobo – ko‘p chapani odam edi, rahmatlik – katta-kichik, hammamizni xashak to‘dalashga haydagani esimda. Bola bechoralar jizg‘anak qilib qovurayotgan oftob tig‘iga dosh berolmay, tappa-tappa yiqilgan. Onalari, bolalarini qo‘yib yuborishlarini so‘rab yolvorgan. Riston bobo esa o‘shqirgani-o‘shqirgan: “Birov terilaringni shilib, etlaringni nimtalamayotgan bo‘lsa, buncha dodlaysizlar. Yorug‘ dunyoga keldinglarmi, ishlanglar-da! Qani xashakni to‘dalanglar, zang‘arlar!” Esimda, juda yaxshi esimda. Bundan besh battarlarini ham ko‘rganmiz...
 Vitomir oy nurida tovlanib borayotgan chalg‘isiga qarab jilmayar ekan, shirin xayollariga yakun yasaganday bo‘ladi:
 - Ana shunaqa gaplar. Ertaga seni sandonga qo‘yib, shunday bolg‘alayki, olovlaring otilib, dod solganingni butun yaylov eshitsin! Qumqayrog‘imning ostida bir sayragin, bir sayragin! Dikava nimaligini ana o‘shanda bilasan. Ko‘zginang ochiladi! Tilla tamg‘alaru yolg‘on-yashiq yozuvlaringdan nom-nishon qolarmikin. Ana shunaqa! Bu tog‘lar, bilsangiz, oyimcha, qahri qattiq, shafqatsiz tog‘lar!
 Xiragina nur sochib turgan oy yorug‘ida Vitomir “Qayin soyasi” deb atalmish torgina tekis yalanglikka yetib kelganini sezadi. Sezadiyu, qishlog‘iga yaqinlashganini anglab, xuddi birov bilan qasdlashgandek, birov bilan bahslashgandek, na ohangi, na so‘zini tushunib bo‘ladigan, bo‘rining uvlashidek cho‘ziq bir ovozda xirgoyisini boshlab yuboradi.

Ruschadan Qulman Ochilov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.