OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jan Pol Sartr. Mahbus (hikoya)

Bizni saroyday keng yop-yorug‘ xonaga itarib kiritib yuborishdi. Yorug‘dan ko‘zlar qamashib ketdi, men ko‘zlarimni yumdim. Bir lahzadan so‘ng nazarim stolga, stol ortida allaqanday qog‘ozlarni varaqlab o‘tirgan fuqaro kiyimidagi to‘rt kimsaga tushdi. Boshqa mahbuslar bir chetda to‘da bo‘lib turishardi. Biz xonani oralab o‘tib, ularga qo‘shildik. Ko‘pchiligini men tanirdim, qolganlari, aftidan muhojirlar edi. Oldda boshlari dumaloq, bir-biriga o‘xshab ketadigan ikki nafar malla soch turishardi: frantsuzlar bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Bo‘yi pakanarog‘i dam-badam shimini yulqib qo‘yadi – asabiylashayotir. 
Shu alfozda uch soatcha turdik, sillam qurib merovlanib qoldim, boshim g‘uvillay boshladi. Biroq xona issiq edi, bir necha kun sovuqda qolganimizdanmi, harqalay, bu yerda jon saqlasa bo‘lardi. Soqchilar mahbuslarni bitta-bitta stolning oldiga olib kelishdi. O‘tirgan o‘sha to‘rt kimsa ulardan birma-bir ism-sharifi va kasbini so‘raydi. Boshqa narsa ularni deyarli qiziqtirmaydi chamasi, ammo gohi-gohida: «O‘q-dori o‘g‘irlaganlarga qo‘shilganmiding?» yoki «Uchinchi kuni ertalab qaerda eding, nima qilding?» deya savol berib qo‘yadi. Javobini eshitib ham o‘tirmaydi yo o‘zlarini eshitmaganga oladi, atrofga beparvo qarab qo‘yadi-da, keyin yozishga tushib ketadi. Tomdan baynalminal brigadaga xizmat qilganing rostmi, deb so‘rashadi. Bo‘yin tovlashning foydasi yo‘q - ular allaqachon Tomning kamzul cho‘ntagidan hujjatlarini olib qo‘yishgan. Xuandan hech nima so‘rashmadiyam, biroq u ismini aytgan hamono tez-tez bir nimalarni yozishdi. 
—O‘zlaringga ma'lum, — dedi Xuan, — mening akam Xoze anarxiyachi. U hozir bu yerda yo‘q. Men siyosat bilan shug‘ullanmayman. Hech qanday partiyaga a'zo emasman. 
Ular churq etmay yozishardi. Xuan jim turolmadi. 
— Mening gunohim yo‘q. Boshqalar uchun javobgar bo‘lishni xohlamayman. 
Uning lablari titrardi. Soqchi uningni o‘chir, deb buyurdi va uni chetga olib chiqdi. Menga gal keldi. 
— Sizning ismingiz Pablo Ibbietami? 
— Ha, — dedim men. 
Kimsa qog‘ozga qarab olib so‘radi: 
— Ramon Gris qaerga yashiringan? 
— Bilmayman. 
— Uni oltinchidan o‘n to‘qqizinchigacha siz uyingizda yashirib o‘tirgansiz. 
— Bekor gap. 
Ular bir nimalarni yozishdi, keyin soqchilar meni xonadan olib chiqishdi. Dahlizda Tom bilan Xuan ikki qo‘riqchining orasida turishardi. Qo‘riqchilar bizni oldilariga solib haydab ketishdi. Yo‘l-yo‘lakay Tom ularning biridan so‘radi: 
— Xo‘sh, buyog‘i nima bo‘ladi endi? 
— Qaysi ma'noda? – so‘radi soqchi. 
— Bu nimaydi — so‘roqmi yoki sud? 
— Sud. 
— Tushunarli. Xo‘sh, endi nima bo‘larkan? 
Qo‘riqchi ro‘yxush bermay javob qildi: 
— Hukmni sizlarga kamerada e'lon qilishadi. 
Ularning kamera degani aslida kasalxonaning yerto‘lasi edi. Yerto‘la go‘rdan battar sovuq, to‘rt tarafidan izillab izg‘irin yelib turadi. Tuni bilan tishlarimiz shaqillab chiqadi, kunduz kuni ham ahvol zig‘ircha o‘zgargani yo‘q. Bundan oldingi besh kunni men cherkov binosining kartserida o‘tkazdim. — Bir kishilik turmaxonaga o‘xshaydigan bu joy o‘rta asrdan qolgan toshqopning o‘zginasi. Hibsga olinganlar haddan tashqari ko‘pligidan ularni to‘g‘ri kelgan kavakka tiqishardi. 
Men o‘shanda tosh qaznoqda yotganimdan afsuslanmayman: u yerda, harqalay, sovuq suyakni qaqshatadigan darajada emasdi, faqat bir o‘zim yotardim, yolg‘izlik esa sillani quritadi. Yerto‘lada esa mening kam deganda, sheriklarim bor. To‘g‘ri, Xuan deyarli og‘zini ochmaydi: boyaqish, qattiq qo‘rqadi, ustiga ustak hali juda yosh, nimaniyam gapirardi. Tomning, aksincha, jag‘i tinmaydi, ispanchaga to‘n kiydirib gapiradi. 
Yerto‘lada kursi va yana to‘rtta o‘rindiq bor edi. Ustimizdan qulflashgach, kelib o‘tirdik va bir necha daqiqa sukut saqladik. Shundan so‘ng Tom gap boshladi: 
— Tamom, sho‘rimiz quridi. 
— Shundayga o‘xshaydi, — ma'qulladim men. — Biroq manov go‘dakka teginishmas, harqalay. 
— Akasi jangari bo‘lsa bordir, biroq u aybdor emas-ku. 
Men Xuanga qaradim: nazarimda u bizning gapimizni eshitmayotgan edi. 
Tom gapini davom ettirdi: 
— Ularning Saragosadagi vahshiyliklaridan xabaring bormi? 
Odamlarni tosh yo‘lga qator qilib yotqizisharkanda, ustidan yuk mashinasini haydab dazmollasharkan. Marokashlik bir qochoq gapirib berdi. Bu bilan o‘q-dorini iqtisod qilisharkan, deydi. 
— Yoqilg‘ini-chi, benzinni kim iqtisod qilarkan? 
Tom asabimni qo‘zg‘adi: axir, bu gaplarni valdirashdan nima foyda. 
— Zobitlar bo‘lsa bu payt qo‘llarini cho‘ntakka tiqib, og‘izlarida sigareta bilan yo‘l chetida bahuzur, borib-kelib yurarmish. Qaniydi, sho‘ring qurg‘urlar bir zumda jon berib, qutula qolsa. Qayoqda! Coatlab voy-dodlab yotisharmish. Marokashlik aytadi, dastlab og‘riqning zo‘ridan tovushlari chiqmay qolarkan hatto. 
— Yo‘q, bu yerda unday qilishmaydi, ishonchim komil, — dedim men, — boshqasini bilmadimu biroq o‘q-dori yetarli. 
Yerto‘laga to‘rtta tirqishdan va shiftning chap tarafidagi shundoq osmon ko‘rinib turadigan dumaloq tuynukdan yorug‘ tushib turadi. Oldin bu tuynukdan yerto‘laga ko‘mir tashlangan. Darvoqe, tuynukning tagida, yerda mayda ko‘mir uyumi bor. Aftidan, kasalxonani isitish uchun olib kelingan. Urush boshlanib qolib, bemorlarni ko‘chirishgan, ko‘mir esa joyida qolgan. Tuynukni bekitishni, ehtimol, yoddan chiqarib qo‘yishgan, gohi-gohida tepadan yomg‘ir tomchilab turgan. Tuyqusdan Tomning jazavasi qo‘zidi: 
— Ming la'nat! – to‘ng‘illadi u. — A'zoyi badanim qaqshayapti. Shu yetmay turgandi o‘zi! 
U o‘rnidan turib sakray boshladi. Sakraganida ko‘ylagining yoqasi ochilib, oppoq serjun ko‘kragi ko‘rinib ketardi. Keyin enkayib, qo‘llariga tayandi va oyoqlarini tepaga ko‘tarib, qaychi qila boshladi: men uning bo‘liq dumbalari dirkillaganini ko‘rdim. Sirasini aytganda, Tom miqtidan kelgan, etli edi. Beixtiyor bu sergo‘sht momiq badanga o‘q va miltiq nayzalari, xuddi yog‘ni kesayotgan pichoqday, osongina teshib-yorib kirishini ko‘z oldimga keltirdim. Agar Tosh ozg‘in bo‘lganida, ehtimol, na qo‘l va na oyog‘im borligini sezardim. Ora-sira bir nimamni o‘g‘irlatib qo‘yganday atrofga olazarak qarayman, kamzulimni izlab timirskilanaman va shunda uni qaytarib berishmagani tag‘in yodimga tushadi. Ularning bu qilig‘idan xafa bo‘ldim. Bizning kiyim-kechagimizni shilib olishdi va bemorlar avji saratonda kiyib yuradigan qalin ishtonlar berishdi. Tom o‘rnidan turib, ro‘paramizga kelib o‘tirib oldi. 
— Qalay, badaning qizidimi? 
— Yo‘g‘-a, jin ursin. Nafasim tiqilib qoldi. 
Soat sakkizlar atrofida kameraga komendant bilan ikki nafar askar kirib keldi. Komendantning qo‘lida ro‘yxat bor edi. U qo‘riqchilardan so‘radi: 
— Bularning ism-shariflari nimaydi? 
Qo‘riqchi javob qildi: 
— Steynbok, Ibbieta, Mirbal. 
Komendant ko‘zoynagini qo‘ndirib, ro‘yxatga qaradi. 
— Steynbok... Steynbok... A-ha, mana. Siz otishga hukm etilgansiz. Hukm ertaga ertalab ijro etiladi. 
U yana bir bor ro‘yxatga qaradi: 
— Anovi ikkalasi ham. 
— Mumkinmas, — ming‘irladi Xuan. —Bu xato. 
Komendant unga ajablanib qaradi: 
— Ism-sharifing? 
— Xuan Mirbal. 
— Hammasi to‘g‘ri, otuv! 
— Axir, men hech nima qilganim yo‘q-ku, — tirg‘aldi Xuan. 
Komendant yelkasini qisib qo‘ydi va biz tomonga burildi: 
— Sizlar baskmisizlar? 
— Yo‘q. 
Komendantning kayfi qochdi. 
— Menga bu yerda uchta bask o‘tiribdi, deyishgandi-ku. Nima, mening ularni qidirishdan bo‘lak ishim yo‘qmi. Sizlarga, albatta, ruhoniyning keragi yo‘qdir? 
Biz indamadik. 
— Hozir oldingizga tabib keladi, u belgiyalik. Ertalabgacha birga bo‘ladi sizlar bilan, — dedi komendant va harbiychasiga xayr-xo‘shlashib chiqib ketdi. 
— Xo‘sh, men nima degandim, — dedi Tom. — Olijanoblik qilishibdi. 
— Haqiqatdan, — dedim men. — biroq bolani... nega?... Ablahlar! 
Bu gapni men adolat tuyg‘usidan kelib chiqib aytgandim, aslida esa ko‘nglimda bu yigitchaga nisbatan zig‘ircha mehr yo‘q edi. Uning yuzi sip-silliq edi, o‘lim vahmidan basharasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Uch kun burun u boshqacha, mo‘rtgina bir o‘smir edi – bunday bolalar yoqimtoy bo‘lishadi, biroq endi u to‘kilib-tugab borayotgan eski xarobaga o‘xshab qolgan, nazarimda tirik qo‘yib yuborishgan taqdirda ham umrining oxirigacha shunday xarob ahvolda qolardi. Umuman, bolakayni ayashgani ma'qul edi, biroq shafqat tuyg‘usi battar nafratimni qo‘zg‘adi, boz ustiga, yigitchani jinim suymasdi. 
Xuan boshqa og‘iz ochmadi, rang-ro‘yi bo‘zday oqarib ketdi: qo‘llari, yuzi ko‘kardi. Baqraygan shokosaday ko‘zlarini yerga qadab oldi. Tom ko‘ngilchan edi, bolaning qo‘lidan olib, rahmdillik qilmoqchi bo‘ldi, biroq u jon-jahdi bilan siltandi, yuzi burishib ketdi. 
— Tinch qo‘y uni, — dedim Tomga. — Ko‘rmayapsanmi, hozir u portlaydi. 
Tom gapimga istamayroq quloq soldi: uning bolakayni erkalagisi kelayotgandi — bu bilan o‘z qismatini unutishga urinardi. Ikkalasi ham mening g‘azabimni alangalatdi. Oldinlari men o‘lim haqida hech o‘ylamaganman — bunga sabab bo‘lmagan, biroq endi o‘zimni ajal kutib turganini o‘ylashdan boshqa ish qolmagan edi. 
— Menga qara, — so‘radi Tom, – sen ulardan birortasini gumdon qilganmisan hech? 
Men gapirmadim. Tom avgustning boshidan beri oltitasini qanday otib o‘ldirganini ta'riflay ketdi. U boshimizga tushib turgan ko‘rgulikni xayoliga keltirmas va buni istamayotganini ham men juda aniq sezib turardim. Qolaversa, qanday fojea ro‘y berganini o‘zim ham hali chuqur anglab yetmagandim, biroq jon taslim qilayotib azob chekishimni o‘ylardim, cho‘g‘day o‘qlar yomg‘iri badanimni teshib ketayotganini his qilardim. Ammo buning yuz berajak fojeaga hech qanday bog‘liq joyi yo‘q edi. Hayajonlanmasam ham bo‘lardi: fojeaning mohiyatiga yetish uchun vaqt serob – oldinda butun bir oqshom turibdi. Tom kutilmaganda jimib qoldi. Men ko‘z qirim bilan qaradim va uning ham rang-ro‘yi bo‘zarganini ko‘rdim. U aftodahol qiyofada edi va miyamda: «Ana, boshlanyapti!» degan fikr yarq etdi. 
Shom quyilib kelardi, tirqishlardagi, tuynukdagi nur xira tortib qoldi. Tuynukdan yulduzlarga ko‘zim tushdi: tun sovuq, osmon ochiq edi. 
Eshik ochilib, yerto‘laga ikki qo‘riqchi kirdi. Ularning ortidan oq sariqdan kelgan belgiyacha harbiy kiyimda bir kishi kirdi. U bizlar bilan salomlashib, shunday dedi: 
—Men tabibman. Hozirgi qayg‘uli vaziyatda sizlar bilan birga bo‘laman. 
Uning ovozi yoqimli, ziyolilarga xos edi. Men undan so‘radim: 
—Nima maqsadda? 
—Men sizning xizmatingizdaman. Qo‘limdan keladigan hamma narsani qilishga tayyorman, shoyad, so‘nggi soatlaringizni biroz bo‘lsa-da yengillatishga ko‘maklashsam.
—Nega atay bizning oldimizga keldingiz? Gospitalda bemorlar ko‘p-ku. 
— Meni shu yerga jo‘natishdi, — dedi u mujmal javob qilib va shu nafasdayoq shoshib qo‘shib qo‘ydi: — Chekasizlarmi? Menda sigareta bor, hatto sigara ham. 
U bizlarga ingliz sigaretalarini va gavanna sigaralarini cho‘zdi, biz rad etdik. Men unga sinchiklab qaradim, u besaranjon bo‘la boshladi. Shunda unga aytdim: 
—Siz bu yerga rahm-shavqat ko‘rsatay deb kelganingiz yo‘q, to‘g‘rimi. Sizni tanidim. Meni qo‘lga olishgan kuni kazarma hovlisida ko‘rgandim sizni. Falangchilar bilan birga edingiz. 
Men unga yuragimni butkul to‘kib-solmoqchi edim, biroq hayronman, nimadir bunga monelik qildi: tuyqusdan belgiyalik meni qiziqtirmay qo‘ygandi. Avvallari men birovga yopishsam, tutgan joyimni osonlikcha qo‘yib yubormasdim. Ayni chog‘da o‘z-o‘zidan gapirishga ishtiyoq yo‘qoldi. Men yelkamni qisib, ko‘zlarimni olib qochdim. Bir necha daqiqadan so‘ng boshimni ko‘tardim va belgiyalik meni qiziquvchanlik bilan kuzatayotganini payqadim. Qo‘riqchilar o‘tirib olishdi. Beso‘naqay Pedro zerikkanidan nima qilarini bilmaydi, ora-sira uxlab qolmaslik uchun, boshini silkib qo‘yadi. 
—Chiroq keltiraymi? – kutilmaganda so‘radi Pedro. 
Belgiyalik bosh irg‘ab rozilik bildirdi va men bu dono ham tovuqmiyalardan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim, biroq baribir u johilga o‘xshamasdi. Sovuq ko‘k ko‘zlariga qarab turib, harqalay, u aqli noqislarni davolasa ajabmas, degan fikrga bordim. Pedro bir zumda kerosin chiroq ko‘tarib keldi va uni o‘rindiqning chetiga qo‘ydi. Chiroq xira yoritardi, ammo bu zim-ziyo qorong‘udan ko‘ra tuzukroq edi. Chunki biz haligacha zulmatda o‘tirgandik. Men shipdagi chiroqdan tushgan yorug‘ doiraga uzoq tikildim. Afsunlanganday termulib qoldim. Tuyqusdan hammasi ko‘zdan yo‘qoldi, yorug‘ doira so‘ndi. Men hushimga kelib, go‘yo yelkamdan og‘ir yuk bosayotganday titrab ketdim. Yo‘q, bu qo‘rquv emas, o‘lim haqidagi mash'um xayol ham emas. Bu tuyg‘uning nomi yo‘q edi. Yonoqlarim lovullab yonar, boshim og‘riqdan zirqirardi. 
Men sovuqdan junjikdim, sheriklarimga qaradim. Tom kaftlari bilan yuzini bekitib o‘tirardi, men uning oppoq semiz o‘mganini ko‘rdim. Kichkina Xuanning ahvoli battar yomonlashgan edi: uning og‘zi yarmi ochiq, burun kataklari pirpirardi. Belgiyalik uning yoniga bordi va yelkasiga qo‘lini qo‘ydi: aftidan, u bolakayga dalda bermoqchi edi, biroq uning ko‘zlari hamon sovuq boqardi. Xuan qilt etmadi. Belgiyalik uning bilagini uchta barmog‘i orasiga olib siqib ushladi, umidsizligi yuzidan bilinib tursa-da, u biroz ortga, menga orqasini o‘girmoqchi bo‘lib tislandi. Men bo‘yimni cho‘zib qarab, uning cho‘ntagidan soatni olganini va qo‘lini qo‘yib yubormay, soatga tikilib turganini ko‘rdim. Keyin u orqaroqqa chetlandi, Xuanning qo‘li shalvirab tushdi. Belgiyalik devorga suyandi, biroz turib nimadir yodiga tushganday shoshilib yon daftarchasini chiqardi-da yoza boshladi. «Qanjiq! – dedim ichimda qonim qaynab. — Mening tomirlarimniyam bir ushlab ko‘rsin-chi, basharasini buzib tashlayman!» U menga yaqinlashmadi, biroq boshimni ko‘targanimda ko‘zlarim ko‘ziga tushdi. Men tik qarab turaverdim. Qandaydir siniq ovoz bilan u menga dedi: 
—Sezmayapsizmi, bu yer sovuq? 
Haqiqatan ham u sovqotayotgandi: yuzi ko‘karib ketgan. 
—Yo‘q, men sovqotayotganim yo‘q, — dedim. 
Biroq u mendan sovuq nigohini uzmadi. Shu lahzada men gap nimadaligini payqadim. Qo‘lim bilan yuzimni siladim: yuzimni chippa ter bosgan edi. Yaxlab yotgan bu yerto‘lada, qishning qahraton pallasida, tag‘in to‘rt tomondan izg‘irin izillab turgan bir paytda vujudimdan ter quyilib oqardi. Sochlarimni ushlab ko‘rdim: jiqqa ho‘l. Egnimdagi ko‘ylagimni siqsa bo‘lardi, u badanimga yopishib ketgandi. Qariyb bir soatdan beri meni ter bosayotgan ekan, men esa buni sezmabman. Hayvon — belgiyalik buni ko‘rib turgan. U yuzimdan reza-reza ter tomchilayotganini kuzatgan va: mana, qo‘rquvning alomati, o‘lim dahshatining oqibati, deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. U o‘zini barkamol insonday his etgan va ozod odam qatori shunchaki sovqotayotganidan g‘ururlangan. O‘rnimdan turib uning tumshug‘iga musht tushirgim keldi. Biroq o‘rnimdan turgan damda vujudimni chulg‘agan nomus va g‘azab tuyg‘usi qayoqqadir yo‘qoldi, men butkul hafsalasizlik bilan o‘rindiqqa cho‘kdim. Cho‘ntagimdan dastro‘molni olib bo‘ynimni artib, shu bilan qanoatlangan bo‘ldim. Endi sochlarimdan ter oqayotganini sezdim, bu yoqimsiz hol edi. Shundan so‘ng artinmay qo‘ya qoldim: dastro‘molcha jiqqa ho‘l bo‘lib qolgan, ter esa quyilib kelardi. Orqalarimga oqqan terdan shimim o‘rindiqqa yopishib qoldi. 
Shunda tuyqusdan kichkina Xuan gapirib qoldi: 
— Siz tabibmisiz? 
— Ha, — dedi belgiyalik. 
— Ayting-chi... bu... o‘shanda qattiq og‘riydimi... uzoq davom etadimi? 
— Qaysi bu... o‘shanda... Yo‘q, juda tez o‘tib ketadi, — dedi belgiyalik mehribon ohangda. Ko‘rinishidan u pul to‘lagan bemorni tinchlantirayotgan doktorga o‘xshardi. 
— Men eshitgan edimki... menga aytishgandi... ba'zan... birinchi 
marta otishganda... chiqmaydi deb. 
Belgiyalik bosh chayqadi: 
— Agarda birinchi marta otganda o‘qlar darhol o‘ldiradigan a'zolarga tegmasa shunday bo‘ladi. 
— Unda miltiqlarni yana o‘qlashib, qayta mo‘ljalga olishadimi? — U ovozini biroz pasaytirib, xirillagan tovushda qo‘shib qo‘ydi: — Buning uchun vaqt kerak-da, a? 
Xuanni jismoniy og‘riqning azobi qo‘rquvga solardi: uning yoshida bu tabiiy, albatta. Men esa bu haqda o‘ylamasdim, badanimdan quyilayotgan ter ham og‘riq azobidan qo‘rqqanimdan emas. Men o‘rnimdan turib ko‘mir uyumi tomon yurdim. Tom seskandi va menga qahrlanib qaradi: oyog‘imdagi boshmoqlarimning g‘ichirlashi uning g‘ashini keltirdi. Nahotki mening yuzim ham shunday oqarib ketgan bo‘lsa, deb o‘yladim. 
Osmon chiroyli edi, men o‘tirgan burchakka yorug‘ tushmasdi. Biroq endi hammasi boshqacha: burun cherkovning kartserida o‘tirganimda xohlagan paytda osmonning bir parchasini ko‘ra olardim va bu har safar xayolimda turli xotiralarni uyg‘otardi. Tong mahali, osmon yorqin zangori va tubsiz bo‘lib ko‘ringan chog‘lar Atlantika qirg‘oqlaridagi cho‘miladigan joylarni tasavvur qilardim. Choshgohda, quyosh tik tepaga kelganda Sevil qahvaxonasi xotiramda jonlanar, u yerda men mansanil ho‘plab, anchous va zaytun mevalaridan tamaddi qilgan edim. Tushdan so‘ng, ustimga ko‘lanka tushgandi, ulkan stadionning teng yarmini qoplagan quyuq soya ko‘z oldimga kelar, odatda maydonning qolgan yarmini quyosh nuri cho‘lg‘ab yotardi; shu zayl — kaftdek osmon parchasiga termulib, yernigina ko‘rishga mahkumligim menga alam qilardi. Biroq hozir men osmonga loqayd qarardim: osmon parchasi xotiramni mutlaqo bezovta qilmasdi. Bu holat o‘zimga ma'qul tuyulardi. Joyimga qaytib, Tomning yoniga kelib o‘tirdim. Jim o‘tirdik. 
Birozdan so‘ng u siniq ovozda gapira boshladi. U gapirmay turolmasdi: tovushini chiqarib gapirgandagina o‘zining tirikligiga ishonch hosil qilardi. Aftidan, teskari qarab o‘tirgan bo‘lsa-da, menga gapirdi chog‘i. U mening basharamga qarashga cho‘chirdi, yuzimni ter bosgan, rangu qutim o‘chgan, tuproqday: endi biz bir-birimizga juda o‘xshardik, birimiz boshqamizni oynadagiday aniq aks ettirardik. U belgiyalikka — tirik odamga qaradi. 
—Buni tushunishga sening qurbing yetadimi? – so‘radi u. — Meniki yetmaydi. 
Men ham siniq ovozda gapira boshladim va unga o‘xshab belgiyalikka qaradim. 
—Nimani aytayapsan? 
—Hademay boshimizga tushadigan ko‘rgulikni. Hecham aqlimga sig‘dirolmayapman — nima bo‘larkan. 
Men Tomdan g‘alati hid anqiyotganini sezdim. Aftidan, hidlarni odatdagidan ko‘ra o‘tkirroq seza boshlagandim. Unga zaharxanda qildim: 
—Kuyunma, hademay tushunib olasan. 
Biroq u o‘sha zaylda davom etdi: 
—Yo‘q, bu aqlga sig‘maydi. Men oxirigacha turib berishni xohlayman, biroq men... juda bo‘lmaganda bilishim kerak... Demak, shunday... birozdan keyin bizni hovliga olib chiqishadi. Bu ifloslar ro‘paramizda saf tortishadi. Sening-cha, ular nechta bo‘lishi mumkin? 
—Bilmayman, beshta bo‘lar, balki sakkizta. Bundan ko‘pmas. 
—Mayli, sakkizta bo‘la qolsin. Ularga: «Nishonga oling!» deb qichqirishadi. Men o‘zimga o‘qtalgan sakkizta miltiqni ko‘rib turibman. Devorga suyanmoqchi bo‘laman, kiftimni devorga tirayman, jon-jahdim bilan qapishib olishga urinaman, xuddi tushda — bosinqiraganday devor meni itaradi. Bularning barini men ko‘z oldimga keltirayapman. Bilsayding, qanchalar aniq tasavvur qilayotganimni! 
—Bilaman, — dedim.—Men ham senchalik tasavvur qila olaman. 
—Harqalay, juda qattiq og‘risa kerak. Axir, ular basharamizning abjag‘ini chiqarib tashlash uchun to‘g‘ri ko‘zimizga, og‘zimizga otishadi,—uning ovozi alamli tus oldi.—Men tanamdagi yaralarni his etayapman, bir soatdan beri boshim, bo‘ynim zirqirab og‘riyapti. Bu odatdagi og‘riq emas, undan battar: bu erta tongda men his etadigan og‘riq. Xo‘sh, undan keyin nima bo‘ladi? 
Tomning nima demoqchi bo‘layotganini juda yaxshi anglab turardim, biroq uning buni payqab qolishini istamasdim. A'zoyi badanimda u aytayotgan og‘riqni his etdim, og‘riq mayda yara-chaqalarday, chandiqday butun tanamga yoyilgan edi. Men bunga ko‘nikolmadim, biroq Tomga o‘xshab jiddiy ahamiyat ham berib o‘tirmadim. 
—Undan keyinmi? — qahrim qo‘zib so‘radim. —Undan keyin seni qurt-qumursqalar yeydi. 
Bu gaplarimdan so‘ng u o‘ziga-o‘zi gapira boshladi, biroq belgiyalikdan ko‘zini uzmadi. Belgiyalikning go‘yo qulog‘i tom bitgan, hech nimani eshitmayotganga o‘xshardi. Uning bu yerdaligi sababini men tushunardim: bizning o‘y-xayollarimiz belgiyalikni qiziqtirmasdi, u bizning hali hayot barq urib turgan, biroq o‘lim talvasasiga tushgan tanamizni nazorat qilish uchun kelgandi. 
—Xuddi tushingda bosinqiraganday, — davom etdi Tom. —Bir nimani o‘ylamoqchi bo‘lasan, xayoling ham joyida, fikrlay boshlaysan, yana bir daqiqadan so‘ng tubiga yetadigandaysan, biroq keyin hammasi qayoqqadir g‘oyib bo‘ladi, yo‘qoladi. O‘zimga o‘zim: «Keyin-chi? Keyin hech nima qolmaydi», deyman. Biroq buning nimaligini men tushunmayman. Goho shunday tuyuladiki, men qariyb hammasiga tushunib yetdim... biroq shu lahzada bari barbod bo‘ladi, og‘riq, o‘qlar... miltiqlarning qatorasiga otayotgani ko‘z oldimga keladi. Men materialistman, qasam ichishim mumkin, menga ishon, aqlim joyida, biroq hushimni sira yig‘ib ololmayapman. Ko‘zimga o‘zimning jonsiz jasadim ko‘rinayapti, bu uncha qiyin emas, ammo ko‘rib turgan Menman, murdaga qarab turgan ko‘zlar ham Mening ko‘zlarim. Endi o‘zimni hech nimani ko‘rmayotganimga, eshitmayotganimga ishontirmoqchi bo‘layapman, hayot esa davom etaveradi. Biroq bizlar bemalol fikrlash uchun yaratilmaganmiz. Bilasanmi, bir necha oqshom kiprik qoqmay tonglarni ottirganman, nimanidir kutganman. Biroq erta tongda bizni kutayotgan ko‘rgulik, Pablo, butkul boshqa narsa. U orqadan kelayotir, unga qarshi turishning hech bir iloji yo‘q. 
—O‘chir, — dedim men unga.—Balki oldingga ruhoniyni chaqirish kerakdir? 
U jim bo‘ldi... Oradan biroz o‘tgach, Tom mening qo‘limdan ushlab, chet termulib turgan ko‘yi dedi: 
—Pablo, men o‘zimdan o‘zim so‘rayman... har daqiqada o‘zimdan so‘rayman: nahotki biz izsiz yo‘q bo‘lib ketsak? 
Men qo‘limni tortib oldim va uning yuziga qarab: 
—Oyog‘ingning ostiga qarasang-chi, cho‘chqa, — dedim. 
Uning oyoqlari tagida ko‘lmak paydo bo‘lgan, ishtonidan tomchilar tomchilab turardi. 
—Bu nima? – deya ming‘irladi u hushini yo‘qotib. 
—Ishtoningni ho‘llab qo‘yibsan, — dedim men. 
—Yolg‘on! — qichqirdi u. —Yolg‘on! Men hech nimani sezmayapman. 
Yuzida munofiqona hamdardlik bilan belgiyalik bizga yaqinlashdi. 
—O‘zingizni yomon his etayapsizmi? 
Tom javob qilmadi. Belgiyalik churq etmay ko‘lmakka qarab turardi. —Bilmayman nega bunday bo‘lganini. —Tomning ovozi qahrli tus oldi. —Biroq men qo‘rqmayman. Qasam ichib aytaman, qo‘rqmayman! 
Belgiyalik gapirmadi. Tom o‘rnidan turib, choptirgani burchakka qarab ketdi. Qaytib kelib, tugmalarini qadab, yana kursiga cho‘kdi va shundan so‘ng qayta og‘zini ochmadi. Belgiyalik o‘zining yozuv-chizuvlariga kirishdi. 
Bir mahal tuyqusdan belgiyalikning miyasiga g‘alati fikr keldi shekilli: 
— Do‘stlarim, — dedi u. —Men o‘zimga shunday bir vazifani olmoqchiman, agar harbiy mahkama qarshi bo‘lmasa, albatta. Sizga o‘zingiz qadrlaydigan odamlarga bir necha so‘z aytish uchun imkon bermoqchiman... 
Tom ming‘illadi: 
—Mening hech kimim yo‘q. 
Men indamadim. Tom bir daqiqa kutib turdi-da, keyin qiziqsinib so‘radi: 
—Sen Konchaga biror gap aytib qolishni istamaysanmi? 
—Yo‘q. 
Bunday gaplarga bardoshim yetmasdi. Biroq o‘zimdan boshqa hech kimni aybdor ham qilolmasdim: men kecha Tomga, aytmasligim kerak edi-yu, ammo Koncha haqida gapirgandim. Men Koncha bilan bir yil turdim. Kecha u bilan besh daqiqa uchrashish uchun qo‘limni chopib tashlashlarigayam rozi edim. Tomga Koncha haqda gapirganimning sababi ham shu: bu tuyg‘uni tiyadigan kuch menda yo‘q edi. Hozir esa uni hatto quchoqlashga ham xohishim yo‘q: men o‘zimning tanamdan jirkanardim, chunki badanim tussiz-kulrang, shilimshiq bo‘lib qolgan. O‘limim haqida eshitib Koncha yig‘laydi, bir necha oy hayotdan bezib yuradi. Men baribir o‘lishim kerak bo‘lgan odamman. Uning chiroyli, mayin ko‘zlarini esladim: u menga qaraganida vujudimga nimadir quyulardi. Biroq endi bunday bo‘lmaydi, tamom: endi qaragani bilan nigohi mengacha yetib kelmaydi. Men yolg‘izman endi. 
Belgiyalik cho‘ntagidan soatini chiqarib qaradi: 
— Uch yarim, — dedi u. 
Qanjiq, atay aytdi buni! Tom o‘tirgan joyida qalqib tushdi — biz alahsib vaqtning o‘tayotganini unutgan edik, tun qora pardasi bilan bizni chalg‘itgan edi, men oqshom qachondan boshlanganini eslay olmadim. 
Kichkina Xuan tovush chiqara boshladi. U qo‘llarini sermab, qichqirdi: 
—Men o‘lishni xohlamayman, o‘lishni xohlamayman! 
U qo‘llarini oldinga cho‘zgancha yerto‘lani aylanib yugurdi va yuztuban yiqilib yotgan joyida faryod cheka boshladi. Tom xira tortib qolgan ko‘zlari bilan unga qaradi: Xuanni yupatishga uning xohishi yo‘qligi shundoq sezilib turardi. Buning hojati ham yo‘q: bolakay bizdan ko‘ra ko‘proq shovqin solayotgan bo‘lsa-da, biroq biz chekayotgan g‘am-alam unikidan kam emas edi. U xuddi jon talvasasiga tushgan bemorga o‘xshardi. Biz esa undan-da battar ahvolda edik. 
U yig‘lardi, men uning o‘ziga achinayotganini ko‘rib turardim, biroq bu damda u o‘lim haqida o‘ylamasdi. Men ham yig‘lab yuboray dedim, o‘zimning uvolligimdan ko‘nglim buzildi. Biroq shu payt boshqa bir holat yuz berdi: men bolakayga qaradim, uning silkinayotgan ozg‘in yelkalariga ko‘zim tushdi va yuragimda g‘ayriinsoniy tuyg‘u bosh ko‘tardi — men na o‘zimga va boshqa birovga shafqat qilmaydigan holatda edim. O‘zimga o‘zim: sen mardlarcha o‘lishing kerak, dedim. 
Tom o‘rnidan qo‘zg‘aldi, u shipdagi tuynukning shundoq tagida, yorishib kelayotgan osmonga qarab turardi. Men esa ichimda: mardlarcha o‘lish kerak, mardlarcha, deya ta'kidlar, boshqa hech nimani o‘ylamasdim. Biroq belgiyalik soatni eslatganidan beri vaqtning tez o‘tayotganini his etdim. Tom gapirganda hali qorong‘i edi: 
—Eshitayapsanmi? – dedi u. 
—Ha. 
Hovlidan oyoq tovushlari eshitildi. 
—Balo bormi ularga qorong‘ida sandiraqlab! Axir, bizlarni qorong‘ida chiqarib otishmasa kerak-ku. 
Bir daqiqadan so‘ng jimlik cho‘kdi. Men Tomga: 
—Yorishyapti, — dedim. 
Pedro junjikib o‘rnidan turdi va orqasiga o‘girilib: 
—Itday sovqotdim, — dedi. 
Yerto‘lani g‘ira-shira yorug‘lik qopladi. Qulog‘imizga uzoqdan o‘q tovushlari eshitildi. 
—Boshlanayapti, — dedim Tomga. —Chamamda, ular buni orqa tarafdagi hovlida qilishyapti. 
Tom belgiyalikdan sigaret so‘radi. Men o‘zimni tiydim: chekish ham, ichish ham ko‘ngilga sig‘masdi. Shu daqiqadan boshlab ular tinimsiz otishdi. 
—Tushundingmi? – dedi Tom. 
U yana nimadir demoqchi bo‘ldi, biroq aytmadi, eshikka qaradi. Eshik ochilib, to‘rt nafar askar bilan leytenant kirib keldi. Tom qo‘lidagi sigaretni tushirib yubordi. 
—Steynbok? 
Tom javob bermadi. Pedro u o‘tirgan tarafga imo qildi. 
—Xuan Mirbal? 
—Ana u, kursida o‘tirgan. 
—Turilsin! — baqirdi leytenant. 
Xuan qilt etmadi. Ikki askar uni qo‘ltig‘idan olib, turg‘azib qo‘ydi. Biroq qo‘yib yuborishlari bilan Xuan qulab tushdi. Askarlar sarosimalanib qolishdi. 
—Bundaylarni endi ko‘rayotganim yo‘q, — dedi leytenant. —Ko‘tarib borishga to‘g‘ri keladi, hechqisi yo‘q, hammasi risoladagiday bo‘ladi. 
U burilib Tomga buyurdi: 
— Chiq! 
Tom ikki nafar askar qurshovida tashqariga chiqdi. Qolgan ikki askar Xuanni qo‘ltig‘idan olib ularning ortidan chiqishdi. Xuanning hushi o‘zida edi, ko‘zlari shokosaday, yonoqlaridan ko‘z yoshlari oqib turardi. Men eshikka qarab qadam tashlagandim, leytenant to‘xtatdi: 
—Ibbieta sizmisiz? 
—Ha. 
—Kutishingizga to‘g‘ri keladi. Birozdan so‘ng kelishadi siz uchun. 
Shunday deb u ham chiqdi. Uning ortidan belgiyalik va ikki soqchi chiqishdi. Bir o‘zim qoldim. Nimalar bo‘layotganini tushunolmasdim, menga qolsa, ular hammasini tezroq hal qilib qo‘ya qolishgani tuzuk edi. Miltiqning qarsillagan tovushi eshitilib turar, oraliqdagi tanaffus juda qisqa edi. Uvvos solib baqirgim, sochlarimni yulgim kelardi. Biroq tishimni tishimga bosib, qo‘llarimni cho‘ntaklarimga tiqdim: bardosh qilish kerak. Bir soatdan keyin meni olib chiqish uchun kelishdi va birinchi qavatdagi kichkina xonaga boshlab borishdi, bu yerdan sigaret hidi anqir, xona ichi dim, nafasim bug‘ilib qolayozdi. Xonada ikki nafar zobit oromkursilarda yastanib, chekib o‘tirishardi, tizzalarida yoyilgan qog‘ozlar bor edi. 
— Sening ism-sharifing Ibbietami? 
— Ha. 
— Ramon Gris qaerga yashiringan? 
— Bilmayman. 
Meni so‘roq qilayotgani semiz, pakana zobit edi. Uning ko‘zlari oynak tagidan menga qattiq tikilib turardi. 
—Yaqinroq kel, — dedi u. 
Men yaqinroq bordim. U o‘rnidan turdi va menga ko‘zini teshib yuborguday qadab, shunaqa qaradiki, bu qarashi bilan meni go‘yo do‘zax azobiga giriftor qilmoqchiday edi. Keyin u qo‘limni qayira boshladi. Bu bilan menga azob bermoqchi emas, balki shunchaki ko‘nglini yozmoqchi: o‘zining hukmdorlardan ekanini his etgisi kelardi. U yuzini yuzimga yaqqin olib keldi, dimog‘imga og‘zidan anqiyotgan sassiq hid urildi. Bu bir daqqiqacha davom etdi va men o‘zimni kulgidan zo‘rg‘a tiyib qoldim. Hademay o‘ladigan odamni cho‘chitish uchun bu kifoya qilmasdi, uning ko‘rsatgan hunari anchayin nochor harakat edi. Keyin u ko‘kragimdan itarib yubordi va borib joyiga o‘tirdi. 
—Yo sen otilasan yoki u. Agar uning qaerdaligini aytsang tirik qolasan. 
Bu kimsalar ham bo‘yinlaridagi bo‘yinbog‘u, oyoqlarida yaltiroq etiklari bilan bir kuni ajalga ro‘para kelishlari aniq. To‘g‘ri, mendan keyin, biroq oradan ko‘p o‘tmay shunday bo‘ladi. Ular qo‘llaridagi qog‘ozlarga yozilgan allaqanday ismlarga belgi qo‘yar, odamlar ortidan toziday quvar, ularni tutib qamar yoki otib tashlardi. Ispaniyaning kelajagi va boshqa ko‘p narsalar haqida ularning o‘zlarining qarashlari bor edi. Ahmoqona faolliklari, yelib-yugurishlari esa mening g‘ashimni keltirardi va kulgili tuyulardi: aqldan ozgan bu telbanoma nusxalarning o‘rnida bo‘lishni hecham xohlamasdim. 
Pakana baqaloq mendan ko‘zini uzmasdi, bot-bot etigining qo‘njiga qamchi bilan urib qo‘yardi. Bu qilig‘i bilan o‘zining yirtqich hayvonchalik berahm ekanini boshqalarga uqtirib qo‘ymoqchi bo‘lardi. 
—Xo‘sh, tushundingmi? 
—Grisning hozir qaerdaligini bilmayman, — javob qildim men, —ehtimol Madriddadir. 
Boshqa bir zobit kerishib qo‘lini ko‘tardi. Bu erinchoq harakat ham hisob-kitobli edi. 
Men ularning zimdan tayyorlashgan o‘yinlarini juda yaxshi sezib turardim va bunday o‘yinlardan huzurlanadiganlarning borligidan hayratga tushardim. 
—O‘ylab ko‘rishing uchun chorak soat muhlat beramiz, — dedi u, — yechinadigan xonaga olib chiqinglar uni, o‘n besh daqiqadan keyin olib kiringlar. Agar tixirlik qilsa, joyida otib tashlanglar. 
Bu qanjiqlar nima qilishayotganini yaxshi bilishardi: tun bo‘yi meni kuttirishdi, keyin yerto‘lada bir soat yolg‘iz saqlashdi, Xuan bilan Tomni otib tashlaguncha kutdim, endi esa meni yechinadigan xonaga qamab qo‘yishmoqchi—ular bu o‘yinni kecha o‘ylab topishgan. Asabi dosh berolmaydi, sinadi deb o‘ylashgan. Biroq ular yanglishadi. Demak, ular meni Gris yashiringan joyni biladi, deb ishonishayotir. Gris shahardan to‘rt kilometr naridagi amakivachchalarining uyiga yashiringan. Uni sotib qo‘ymasligimga ishonchim komil, faqat qiynoqqa solib azoblashmasa bo‘lgani (aftidan, ular bu haqda o‘ylab ham ko‘rishmagan). Bular bari menga kunday ravshan, qolaversa, men hammasidan sovib bo‘ldim. Biroq ayni damda men nega o‘zimni bunday tutayotganimni bilgim kelardi: nega men boshqacha bo‘lolmayapman, deb o‘yladim. Nega itday o‘lib ketishim kerak, nima uchun endi Ramon Grisni sotmasligim kerak? Xo‘sh, nega? Axir, men Ramonni hurmat qilmay qo‘ydim-ku. Unga hurmatim, birodarlik tuyg‘ularim o‘sha oqshom barham topgan edi-ku: Konchaga muhabbatim yashashga ishtiyoqim — bari o‘sha oqshom tugab bitdi-ku! To‘g‘ri, shungacha men Grissni doim qadrlab kelganman, u mard odam edi. Ne bo‘lsa-da uning uchun qurbon bo‘lishni bo‘ynimga olgan edim: uning hayoti men uchun o‘zimnikidan azizroq edi, aslida, har qanday hayotning, tiriklikning sariq chaqalik qadri yo‘q. Axir, odamni devorga tirab qo‘yib yuz-ko‘ziga o‘q yog‘dirishsa, otib o‘ldirishsa — bu men bo‘lamanmi yo Roman Grismi yoki boshqa birovmi — tiriklikda ma'ni qolmaydi: hammasi ahamiyatini butkul yo‘qotdi. Ammo men hozir tirikman, Roman Grisni sotib jonimni saqlab qolsam bo‘ladi, biroq buni qilmayapman. Eshaklarcha qaysarligim o‘zimga qiziq tuyulardi. «Shu qadar ahmoq bo‘laman-mi!», deb o‘yladim. Bu o‘ydan, hatto, kayfiyatim ozroq ko‘tarildi ham. Keyin ular meni o‘sha tor xonaga boshlab borishdi. Oyoqlarimning orasidan kalamush yugurib o‘tdi, buyam menga qiziq tuyuldi. Men soqchilardan biriga o‘girilib: 
—Qara, kalamush, — dedim. 
Soqchi javob qilmadi. Uning basharasi tund, chamamda bo‘layotgan voqealarni u o‘ta jiddiy qabul qilayotgan edi. Xoxolab kulgim keldi, o‘zimni tutdim: agar bir kulishga tushsam o‘zimni to‘xtatolmayman, deb qo‘rqdim. Soqchining mo‘ylovi bor edi. Men unga: 
—Mo‘ylovingni qirib tashla, tentak, — dedim. 
Tirik odamning betini tuk bosgani menga kulgili tuyuldi. Soqchi hafsalasizlik bilan ketimga bir tepdi, men jim bo‘ldim. 
—Xo‘sh, — dedi baqaloq. — O‘ylab ko‘rdingmi? 
Men unga kamyob hasharotga qaraganday soxta qiziquvchanlik bilan qaradim va: 
—Ha, men uning qaerdaligini bilaman, — dedim. —Gris qabristonga yashiringan. Biror lahadning ichida yoki qorovulning uychasida bo‘lishi kerak. 
Kel, oxirida bularni bir laqillatay, dedim-da. Hovliqib miltiqlarini ko‘tarib baqirib-chaqirishlarini, to‘rt tarafga chopqilashlarini ko‘rib maza qilgim keldi. Chindan ham ular o‘tirgan joylaridan uchib turishdi. 
—Kettik! Molis, leytenant Lopesdan o‘n besh kishi oling! 
—Agar aldamayotgan bo‘lsang, — dedi baqaloq, — men va'damda turaman. Biroq bizni laqillatgan bo‘lsang, bilib qo‘y, sog‘ qolmaysan. 
U chiqib ketdi. Men soqchilar qurshovida o‘tirgan joyimda qoldim. Ora-sira kulib qo‘yaman: ularning qabristonda izg‘ishib, to‘rt tarafga alanglab chopqilab yurishgani ko‘z oldimdan o‘tadi. Harqalay juda aqlli ish qildim, deb o‘yladim. Qabr toshlarini ko‘tarib, lahadlarning ichiga qarab ovvora-yu sarson bo‘lishayotganini tasavvur qilib huzurlandim. Oradan bir yarim soatcha vaqt o‘tdi, baqaloq qaytib keldi. Endi meni otib tashlashga buyruq bersa kerak, deb o‘yladim. Qolganlar, aftidan, qabristonda qolishgandi. Biroq zobit menga tikilib qaradi. Basharasidan ahmoq bo‘lganini anglatadigan alomatlar sezilmadi. 
—Uni katta hovliga olib chiqinglar, o‘sha joydagilarga qo‘shinglar, — dedi u. — Jangdan so‘ng uning taqdirini tribuna hal qiladi. 
Men uning gaplarini yaxshi anglolmadim. Undan so‘radim: 
—Nima, meni otishmaydimi? 
—Umuman olganda, hozir otishmaydi. Qolaversa, bu endi mening vazifamga kirmaydi. 
Nima bo‘layotganiga aqlim yetmasdi. 
—Nega endi? – dedim hayron bo‘lib. 
U gapirmadi, yelkalarini uchirdi, xolos. Askarlar meni olib chiqib ketishdi. Katta hovlida yuz choqli mahbus: qariyalar, bolalar to‘dalashib turishardi. Nima bo‘layotganiga aqlim yetmay, hovli o‘rtasidagi gulzor atrofida sanqiy boshladim. Choshgohda bizni oshxonaga olib kirishdi. Ikki-uch kishi men bilan gaplashmoqchi bo‘ldi. Aftidan, bizlar tanish edik, biroq men oraga gap qo‘shmadim: qaerdanman, nimalar bo‘lyapti—tushunolmayotgandim. Kechqurun hovliga yana bir to‘da mahbuslarni haydab kiritishdi. Ular orasida novvoy Garsiani tanidim. U meni ko‘rib qichqirdi: 
— Omading bor sening. Tirik ko‘raman deb o‘ylamagandim. 
— Ular meni otuvga hukm qilishdi, — dedim men, — keyin bu fikrdan qaytishdi. Nega bunday qilishdi, bilmayman. 
— Meni soat ikkida ushlashdi, — dedi Garias. 
— Nima uchun? 
Garias siyosat bilan shug‘ullanmasdi. 
—Hech tushunolmayman, — dedi Garias, —ular o‘zlariga o‘xshab fikr yuritmaydiganlarning hammasini tutishayapti. 
U ovozini pasaytirib: 
—Grisni qo‘lga tushirishdi, — dedi. 
Men seskanib ketdim. 
—Qachon? 
—Bugun ertalab. O‘zi ahmoqlik qildi-da. Chorshanba kuni jahl ustida ukasi bilan urishib qolib, uning uyidan chiqib ketdi. Yashirinishga yordam beradigan sonmingta edi, biroq u hech kimga ziyonim tegmasin, dedi chamasi. Menga: «Ibietaning uyiga yashirinsam bo‘lardi, biroq uni hibsga olishibdi, qabristonga bekinaman», dedi. 
—Qabristonga?! 
—Ha. Ahmoqlik qildi. Bugun ertalab ular qabristonni bosishdi. U qorovulning uychasida ekan, o‘rab olishdi. Gris qarshilik ko‘rsatishga urindi, biroq ular Grisni otib o‘ldirishdi. 
—Qabristonda-ya?! 
Ko‘z oldim qorong‘ulashib yuz tuban yiqildim. Ovozim boricha shunaqa qah-qah urib to‘xtovsiz kulardimki, ko‘zlarimdan yosh tirqirardi.

Ahmad OTABOY tarjimasi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.