OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jek Ritchi. 14-bomba (hikoya)

Kattagina to‘rtburchak quti yuklarni qabul qilish bo‘limi oldidagi bo‘m-bo‘sh joyda turardi. Bu keyingi olti yildagi o‘n to‘rtinchi quti bo‘lib, bizning vazifamiz jabrlanuvchilar bo‘lmasligiga erishish edi. Biz Pit bilan birgalikda arqonning narigi tarafida turgan olomonni kuzatardik. Bizning asosiy ishimiz to‘planganlar ichidan labini tez-tez yalab qo‘yayotgan odamni topish edi. 
-Har safar shunaqa, tekin tomosha ishqibozlari to‘planib olishadi,-dedi Pit sigarasini chaynagancha.
Arqonlar tomoshatalablarni qutidan qirq metr masofada ajratib turardi.
Maxsus guruh beton zinalarga taxta yotqizdi va sapyorlar joylashgan mashina vokzal binosi ichiga kirib keldi. Mashina qutidan besh metrcha narida to‘xtadi va O’Brayen bilan Xeystingz uning ichidan sakrab tushishdi. 
Pit sigarasini ezg‘iladi.
-Asosiysi boshlanyapti,-dedi u va sapyorlar tomon qadam tashladi. 
O’Brayen iljaydi: 
-Kameralarni to‘g‘rilashyapti. Men o‘ng tomondan juda chiroyli ko‘rinaman.
Pit uning himoya kiyimini kiyishiga yordamlashdi.
O’Brayen quti tomon yurdi.
-To‘xta!-qichqirdim men.-Agar qarshi bo‘lmasang, Pit ikkimiz sal nariroqqa borib olardik.
Biz marmar ustunlar orqasiga o‘tib oldik.
Politsiyachilardan biri bizga yaqinlashdi va asta pichirladi:
-Qora kurtkali anavi yigit, qandolat do‘koni oldida turgan. Qasam ichamanki, o‘tgan haftada uni kutubxona oldidagi olomon ichida ham ko‘rgandim.
Biz uni nigohlarimiz bilan izlab topdik. Bo‘yi unchalik baland bo‘lmagan yigit. Uning ko‘zlari mashinaga tikilgandi.
Pit yurishga shaylandi, biroq uni to‘xtatdim:
-U hech qaerga ketmaydi.
O’Brayen va Xeystingz mashina ichidan uchiga po‘lat savatcha o‘rnatilgan uzun tayoq olishdi. O’Brayen quti ustiga engashganida hamma nafasini ichiga yutdi. U qutini ehtiyotkorlik bilan ko‘tardi. Dahshatli portlash ovozi vokzal binosi ichida aks-sado berdi.
Men Pitning so‘kinganini eshitdim va ustun orqasidan chiqdim. O’Brayen va Xeystingz xuddi qo‘g‘irchoqlardek marmar polda bukilgancha yotishardi.
Men olomon orasida turgan haligi yigit tomon tashlandim. U qo‘lidan tutganimdagina meni sezdi. U o‘z xayoli bilan band edi. U polda yotganlarga iljaygancha qarab turardi. 
Kapitan stol ustida turgan kuldonni bir necha marta u yoqdan-bu yoqqa surdi va bizga nigoh tashladi.
-Xeystingz o‘sha yerning o‘zida halok bo‘lgan, O’Brayenning hayoti qil ustida, agar tirik qolsa ham bir umrga nogiron bo‘lib qoladi.
U stoldan bayonnomani oldi: “Gumondorning ismi Irvin Jeyms Styuart, 98-ko‘cha, 1368-uy”. Uni sizlar qo‘lga olganingiz uchun o‘zlaringiz shug‘ullanasizlar.
Uilson bo‘ynini ishqadi.
-Styuart o‘ttiz olti yoshda, bo‘ydoq, onasi bilan yashaydi. Onasi bizni vahshiylar deb hisoblayapti. Uning o‘g‘ilchasi umrida yomon ish qilmagan. U juda yaxshi bola, onasini har bayramda tabriklar ekan.
U qog‘ozlarni titkilay boshladi va keraklisini topdi:
-Biz Styuartning uyini tintuv qildik - to‘rt dona qo‘rg‘oshin tsilindr, o‘nta detonator, uch dona soat mexanizmi va kichikroq bochkada porox topildi. 
Uilson o‘rnidan turdi va xona bo‘ylab yura boshladi:
-Biz yana ko‘plab gazeta qiyqimlarini topdik: ularda dastlabki bombadan boshlab barcha xabarlar yozilgan ekan. Kechagi voqeada uch kishi bombadan jarohatlangan, besh kishi taloto‘pda lat yegan.
Men sigaret tutashtirdim.
-Qutini u yerga qanday qo‘yganini kimdir ko‘rgan bo‘lishi kerak-ku, axir.
Uilson yelkasini qisdi:
-Vokzal binosi orqali kuniga besh mingdan ortiq kishi o‘tadi. Styuart aynan mana shuni hisobga olgan. -U og‘ir xo‘rsindi.-Bizda yetti nafar guvoh va yettita ko‘rsatma bor. Ulardan besh nafari qutini erkak kishi qo‘yganligini va ikki nafari ayol kishi qo‘yganligini aytishgan.
Pit bir lahza o‘ylanib qoldi.
-Ular Styuartni ko‘rishdimi?
Uilson kulib yubordi.
-Uchtasi uni tanidi, ular orasida ayol kishi edi deb ko‘rsatma bergan guvoh ham bor. Har qanday tajribali advokat ularning ko‘rsatmalarini chippakka chiqarishi mumkin.
U bizga qaradi.
-Aybiga iqror qildirish - bizga shu kerak.
Pit ikkimiz o‘rnimizdan turdik, yo‘lakka chiqdik va 618-xonaga kirdik. Eshik oldida Pit birpasga to‘xtadi:
-Fred, sen o‘zingni ko‘ngilchan, mehribon tergovchidek tutishda davom et. Menga esa yomon bo‘lish qulayroq.
Styuart issiqlik tizimi quvuriga kishanlab qo‘yilgandi. Soqchi undan ko‘zini uzmasdi.
Pit Styuartning oldiga keldi va iljaydi:
-Bu yerda senga hamma iliq munosabatda bo‘lyapti, men bu xatoni to‘g‘rilamoqchiman.
Men Styuartdan kishanni yechdim.
-Bilaklaringizni ishqalab yuboring, janob Styuart. Ancha yengil tortasiz.-So‘ng uning yelkasiga qo‘limni qo‘ydim.-Marhamat, o‘tiring. Bir necha soatdan beri tik turib charchagandirsiz.
Styuart stulga o‘zini tashladi va Pit shu zahoti uning ustiga engashib masxaraomuz ohangda so‘z qotdi:
-Xo‘sh, o‘zingizni qanday his qilyapsiz, janobi oliylari? 
Styuartning lablari titradi, u yuzini o‘girdi.
-Janob Styuart, - dedim men, - biz sizdan faqat bitta narsani - savollarimizga aniq javob berishingizni istaymiz. Bombani qo‘yganingizdan so‘ng qancha vaqt o‘tgach qo‘ng‘iroq qilasiz?
Styuart bosh chayqadi:
-Men bombalar haqida hech narsa bilmayman. 
Pit barmoqlarini qirsillatdi:
-Qani, ayt-chi, yerto‘langda topilgan poroxlarni nima qilmoqchi eding? Yana anavi tsilindrlar, detonatorlar, soatlarni ham.
Styuartning rangi bo‘zardi:
-Onamning uyini tintuv qilishga haqqingiz yo‘q edi. Umuman, uyimni tintuv qilishga haqlaring yo‘q. 
Pit sigaret tutunini uning yuziga pufladi va iljaydi.
Eshik ochilib, ichkariga kapitan Uilson kirdi. U Styuartga bir oz qarab turdi, keyin bizga yuzlandi: 
- Hozirgina O’Brayenning joni uzilibdi. 
Pit Styuartni yana quvurga kishanladi va biz tashqariga chiqdik.
- Eyolin kasalxonadami? - so‘radi u.
Uilson bosh chayqadi:
-Uning u yerda qiladigan ishi yo‘q edi. Men bir soat ilgari uyiga jo‘natib yuborgandim. Menimcha, bu qayg‘uli xabarni unga sizlar yetkazishingizga to‘g‘ri keladi.
U bizni liftgacha kuzatib qo‘ydi:
-Laboratoriyadagi yigitlar barcha portlashlarni taqqoslab ko‘rishdi. Bu safar bomba ancha quvvatliroq bo‘lgan. Ularning hisoblashlaricha, kamida uchta tsilindrdan foydalanilgan.
-Ha, Styuart portlashlarda qurbonlar bo‘lmayotganidan zerikkan ko‘rinadi,-ming‘irladi Pit.
Uilson lift tugmasini bosdi: 
-Yana bir narsa, taymerli mexanizmdan foydalanilmagan. Bomba quti ko‘tarilganda portlaydigan qilib o‘rnatilgan.
Eyolin O’Brayen eshikni ochdi. Uning ko‘rinishi xotirjam edi. U bizga diqqat bilan razm soldi, so‘ng asta so‘radi:
-Hammasi tugadimi? Jerri o‘ldimi?
Men bosh silkidim. U teskari o‘girildi va uyga kirib ketdi. Biz uning ortidan kirdik va uning deraza oldida miq etmay turishini kuzatib turdik. So‘ng Pit yo‘talib qo‘ydi va so‘z qotdi:
-Balki ketarmiz, Fred?
Eyolin o‘girildi: 
-Yo‘q, ayni damda yolg‘iz qolishni istamayman. Yonimda kimdir bo‘lgani yaxshi. Bilaman, sizlarga ham osonmas. Sizlar Jerrining eng qadrdon do‘stlari edingizlar.
Pit shlyapasini g‘ijimladi.
-Biz buni qilgan yigitni ushladik. 
Eyolin stol ustida turgan kumush portsigarga egildi.
-U iqror bo‘ldimi?
-Iqror bo‘ladi,-dedim men,-bunga erishamiz.
Eyolin divanga o‘tirdi:
-Qanaqa odam ekan? 
Men yelkamni qisdim.
-Qaerdan bilay? Men psixiatr emasman. 
-Tentak,-dedi Pit,-o‘zini ko‘rsatishni, butun shahar u haqida gapirishini istaydigan tentak.
Eyolin bir oz jim qoldi, so‘ng dedi: 
-Pit, kokteyl tayyorlamaysanmi? Judayam ichgim kelyapti.
Pit oshxonaga chiqib ketdi.
-Biz kerakli odamni ushladik, Eyolin, -dedim men past ovozda,-uning iqror bo‘lishi uchun hamma narsa yetarli.
U jilmaydi:
-Omadingiz kelibdi-da?
-Ha.
Pit kokteyl ko‘tarib kirdi, o‘ziga esa pivo ochdi.
-Muzlatkichda pivo yo‘q ekan, men yerto‘laga tushib, o‘sha yerdan oldim. Maylimi, Eyolin? Jerri pivoni muzlatkichdamas yerto‘lada saqlashi haqida aytgandi. Jerri o‘z ishini judayam yaxshi ko‘rgan ekan. Bombalar bilan ishlashni nazarda tutyapman.
Eyolin unga qaradi:
-Ha, shunaqa.
-Pivo olayotganimda e’tibor berdim. Yerto‘la ustaxonaga o‘xsharkan. U uyda ham bombalar ustida bosh qotirarmidi? Uyingiz portlab ketishidan qo‘rqmasmiding?
Eyolin bosh chayqadi:
-U uyga hech qachon dinamit yoki porox olib kelmagan. Shunchaki mexanizmlarni o‘rganardi, xolos.
Biz Pit bilan yana yarim soatcha o‘tirdik, keyin xayrlashdik. Pit mashina ruliga o‘tirdi va kalitni buradi: 
-Ular turmush qurishganiga necha yil bo‘luvdi, Fred?
-Ikki yil, -dedim men,-o‘zing ham yaxshi bilasan-ku.
U bosh irg‘adi:
-Bilasanmi, ba’zilar ko‘cha xandon, uy zindon bo‘lishadi.
-Ularning munosabatlari yaxshi edi,-javob qaytardim men,-aks holda ular bemalol ajrashishlari mumkin edi.
Pit mashinani Sakkizinchi avenyu tomon burdi:
-Yerto‘la turli qurilmalarga to‘la ekan.-U svetoforda to‘xtadi.-Bu dahshat, Fred. Ammo O’Brayen ehtiyotkor edi. Bir kuni u hayoti o‘n besh ming dollarga sug‘urta qilinganini aytgandi.
-Yaxshisi, Styuart advokat bilan uchrashmasidan oldin uning oldiga boraylik,-dedim men.
Styuartning o‘ylash uchun ancha vaqti bor edi. Ammo aftidan u hech narsani o‘ylamagandi. Pit ikkimiz xonaga kirganimizda u sakrab tushdi.
Pit kurtkasini yechdi va stul suyanchig‘iga tashladi:
-Mana men, Styuart, meni o‘ylayotuvdingmi?
Styuart keskin bosh chayqadi:
-Aytdim-ku, bombalar haqida hech narsa bilmayman.
Pit Styuartning ustiga engashdi:
-Oldin bunday qilish qo‘lingdan kelmagandi. Mana endi uddalading. Gazetalarda sen haqingda hamma o‘qiydi endi. 
Styuartning ko‘zlari chaqnadi.
-Janob Styuart,-dedim men, -iqror bo‘lsangiz bo‘ldi. So‘ngra istasangiz muxbirlar bilan gaplashishingiz mumkin. Suratingiz haftalab gazetalarning birinchi sahifasidan tushmasligiga ishonchim komil.
U lablarini yaladi.
-Yo‘q,-dedi u nihoyat,-aytadigan gapim yo‘q. 
-Janob Styuart, -sabr bilan davom etdim men, - biz sizni shunchaki ushlaganimiz yo‘q. Ilgari ham kuzatuvimizda edingiz. Masalan, o‘tgan haftada, kutubxonada.
Pit uning yelkasiga yengil urib qo‘ydi:
-Bu safar sen politsiyachilar umriga zomin bo‘lding. Agar tan olmasang kallang bilan zina sanashga majbur qilaman.
-Janob Styuart, - dedim men, - biz sizni sud qilmoqchi emasmiz. Balki sizning tergovga e’tirozlaringiz bordir? 
U endigina og‘iz juftlagandi, Pit gapirib yubordi.
-Bilasanmi, seni nima kutyapti, Styuart? Qotillarni nima qilishlarini bilasanmi? 
Styuartning rangi oqarib ketdi.
Men Pitga qarab qovog‘imni uydim.
-Janob Styuart, - dedim men, - sizni elektr stulga o‘tqizishmaydi. Sizning ruhiy ahvolingiz chatoq, buni qonun hisobga oladi. Bir necha yil klinikada davolanasiz, xolos.
Biz Styuartga o‘ylash uchun bir daqiqa berdik, lekin u qaysarlik bilan bosh chayqadi.
-Yo‘q, hech narsa aytmayman.
Pit Styuartga yaqinlashdi va yoqasidan bo‘g‘ib musht tushirdi. Uning ish uslubi shunaqa edi.
-Pit, - dedim men, -bunday qilishga haqqimiz yo‘q.
Pit kaftini ishqaladi: 
-Fred, bor, qahva ichib kel. O‘n besh daqiqadan keyin kirasan. 
-Yo‘q, Pit, -bosh chayqadim men Styuartga diqqat bilan qararkanman. -Siz barcha gazeta xabarlarini to‘plagan ekansiz. Bomba sizning sevimli buyumingiz ekanligi ko‘rinib turibdi.
Pit iljaydi: 
-Kollektsiyang to‘lishi uchun birgina narsa yetishmayapti - sening surating, Styuart.
-Sizga qoyil qolish kerak, Styuart, - dedim men, -qanday qilib shuncha yil davomida tutqich bermay yurdingiz? 
Uning yuzida qoniqish ifodasi paydo bo‘lgandek ko‘rindi. 
-Guvohlarimiz ko‘pligini bilsangiz hayron qolasiz,-davom etdim,-pastda o‘z fotosurati gazetada chop etilishini sabrsizlik bilan kutayotgan uchta guvoh o‘tiribdi. 
Bu safar uning qiyofasi norozi tusga kirdi. 
-Ana shunaqa, janob Styuart, - dedim yumshoqlik bilan, - buning ustiga, doim yoningizda bo‘lishga vaqtim yo‘q. Siz qachondir Pit bilan yuzma-yuz qolasiz. U esa o‘z uslubi bilan sizni baribir gapirtiradi. Men esa siz iqror bo‘lmaguningizcha sizga yordam berolmayman. 
Men sigaret tutashtirdim va Styuartga o‘ylash uchun imkon berdim. U nimani o‘ylayotgani aniq edi: u boshqa birov mashhur bo‘lishidan va Pit bilan yolg‘iz qolishdan qo‘rqayotgandi 
Styuart kaftini shimiga ishqaladi va polga tikildi. So‘ng chuqur nafas chiqardi: 
-Yaxshi, hammasini aytaman. 
Pit ma’yus jilmaydi: 
-Men ko‘proq oxirgi bomba haqida eshitishni istardim. 
Styuartning yuzida g‘azab ifodasi paydo bo‘ldi: 
-Siz bu yerda ekansiz, bir og‘iz ham gapirmayman. -U menga ishora qildi:-Faqat bu kishiga aytaman. 
Pit menga qaradi va yelkasini qisdi. U tashqariga chiqdi va o‘rniga stenografiyachini kiritdi.
Styuart o‘n uchinchi portlash haqida aytib bo‘lgan paytda men yangi sigaretni tutatayotgandim. 
-Oxirgi, o‘n to‘rtinchi bomba haqida, - dedim men.-Bitta tsilindr o‘rniga uchtasini ishlatishga sizni nima majbur qildi? Oldingi bombalarning ta’siri sizni qoniqtirmadimi? 
U menga ayyorona boqdi: 
-Ha, xuddi shunaqa. 
Men burnimdan tutun chiqardim: 
-Bu safar siz taymer o‘rnatmagansiz, balki qutini ko‘targanda portlaydigan qilgansiz. Buni qanday izohlaysiz? 
U qovog‘ini uydi: 
-Shunday qilsam ta’sirliroq bo‘ladi dedim. 
Stenografiyachi tergov jarayoni matni tushirilgan qog‘ozni uzatdi. Styuart matnni e’tibor bilan o‘qib chiqdi va barcha nusxalarga imzo qo‘ydi.
Shundan so‘ng biz yolg‘iz qoldik. Men deraza oldiga bordim, uni ochdim va toza havodan to‘yib nafas olish uchun boshimni chiqardim.
Styuart yonimga keldi: 
-Aytaylik, men sizni aldadim. Shunday bo‘lishi mumkinmi? 
-Ha, mumkin. 
-Ikkita politsiyachi o‘ldirilgan,-dedi u,-mening suratim barcha gazetalarning birinchi sahifasida chiqishi shart. 
Men bosh silkidim. Uning yuzida ayyorona tabassum paydo bo‘ldi:
-Oxirgi portlashni men uyushtirmaganman, desam-chi? Oldingilarini tan olib, bunisini tan olmasam-chi? Suratim baribir barcha gazetalarda chiqarmidi? 
Men ko‘chaga ishora qildim:
-Jin ursin! Buni qarang! 
U derazadan egilib pastga qaradi va ko‘zi olaydi. Bu bir lahzalik ish edi. U chinqirgancha yerga quladi. 
Pit kursiga o‘tirdi va qahvaga buyurtma berdi.
-Har kuni qandaydir yangi narsani bilasan. Men u o‘zini pastga tashlamaydi deb o‘ylardim. 
Men yelkamni qisdim:
-Endi u haqda o‘ylamasak ham bo‘ladi. U hammasini tan oldi. 
-Bilasanmi, Fred, shu oxirgi portlash haqida juda ko‘p o‘ylayapman. Mana shu portlash bo‘yicha o‘zim mustaqil ish olib bormoqchiman. 
-Vaqtingni zoe ketkizasan, Pit.
-Ketsa, mening vaqtim ketadi, Fred. Styuart aybsiz demoqchimasman, uning aybdorligiga dalillar judayam ko‘p. Faqat, barchasiga u aybdor emasligini his qilyapman.
U esnagancha soatga qaradi:
-Uyga borish kerak. Uydagilarga ikki soatlarda boraman, degandim. Soat o‘nda uyimda maza qilib uxlayotgan bo‘laman. 
Eyolinning oldiga kelganimda soat to‘qqiz bo‘lgandi. Uning ovozida sabrsizlik sezildi:
-Xo‘sh, qalay?
-U iqror bo‘ldi,-dedim men,-o‘n to‘rtta portlashning barchasiga. 
Eyolin jilmaydi: 
-Sen juda ishonarli gapirgan bo‘lsang kerak-da.
-Styuart iqrornomaga imzo qo‘ygach, o‘zini pastga tashladi. Bunga faqat men guvoh bo‘ldim.
Eyolin qovog‘ini soldi:
-Balki hali hammasi tugamagandir. Pit ham bor. U hamma narsaga burnini tiqishi menga yoqmayapti. U tekshirishi mumkin.
Men uni quchdim:
-Tashvishlanma, azizam.
Biz bir-birimizga tikildik.
-Rostdanmi?
 -Men yana bitta quti tayyorlab qo‘yganman va Pit yo‘qligida uning uyiga qo‘yib kelganman. Uyidagi telefon jiringlashi bilan Pitdan asar ham qolmaydi.
Soat o‘n birlarda Pitning uyiga qo‘ng‘iroq qildim. Har ehtimolga qarshi. 

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.