OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jek Ritchi. G‘aroyib vaziyat (hikoya)

— Aybdor emas, — qat’iy ohangda dedi Genri Uatson.
Stenli Vetter so‘rashda davom etdi.
— Rotuell?
— Aybdor.
— Jenkins?
— Aybdor.
— Koulmen?
— Aybdor, — e’lon qildim men.
Shundan so‘ng o‘n bir nafar hakamlar Uatsonga tikilib qolishdi.
— Demak, men hukm chiqarishim kerak, — dedi Vetter. — Yigirma oltinchi ovoz berishda ham ayblovchi o‘n bitta ovoz va oqlovchi bitta ovoz berildi.
Men chuqur xo‘rsindim:
— Menimcha, u tentak bo‘lsa kerak.
Uatson o‘rnidan sakrab turdi:
— Menga qarang, siz…
— Tinchlaning Uatson, ishonchim komilki, Koulmen bunday demoqchi emasdi, — oraga qo‘shildi Vetter.
— Aynan shunday demoqchi edim, — uning gapini bo‘ldim men. — Bunchalar eshakdek qaysar, tutgan joyidan kesadigan odamni umrimda ko‘rmaganman.
Vetter men tomonga engashdi va qulog‘imga shivirladi:
— Uni o‘zimizga qarshi qayrasak, hech narsaga erisholmaymiz.
— Uni yaxshilikcha ko‘ndirishga harakat qilganimiz ish bermadi-ku! — e’tiroz bildirdim men. — Uni aqlini yig‘ib olishga undadik, ammo bari befoyda.
Doim ishni tinchlik bilan hal qilishga moyil bo‘lgan Vetter asta dedi:
— Kelinglar, hayajonlanib, jahlga erk bermaylik.
Men jahl bilan Uatsonga o‘girildim:
— Nima, haqiqatan ham O’Brayenni aybsiz deb hisoblaysizmi?
U xijolat tortib, stulida bir qimirlab qo‘ydi:
— Yo‘q, u albatta aybdor. Ammo siz mening fikrimni tushunmayapsiz. Menimcha, sud u Mett Taysonni o‘ldirganligini isbotlab berolmadi.
— Balki shundaydir, o‘g‘lim, — dedi Vetter. — Ammo bunday fikr faqat sizning kallangizga kelgan, xolos.
Men namoyishkorona bosiqlik bilan gapga qo‘shildim:
— Dyuk O’Brayen va Tayson tamaki do‘konchasining orqasidagi xonada yolg‘iz bo‘lishgan. Ayni shu vaqtda do‘konchaga xaridor, ya’ni politsiyachi kirgan. U o‘q ovozini eshitib, orqa xonaga yugurib kirganida Mett Tayson yerda jonsiz cho‘zilib yotar, havoda porox hidi anqir, Dyuk O’Brayen esa derazadan qochib chiqib ketayotgan edi. Politsiyachi uning ortidan yugurgan, bir nechta mavzening jin ko‘chalari bo‘ylab uni quvlagan, ogohlantiruvchi o‘qlar uzgan. Shu tufaylimi yoki charchaganidanmi, oxiri O’Brayen taslim bo‘lgan…
— Ammo politsiya qotillik qurolini topmadi-ku! — qaysarlik bilan dedi Uatson.
Rangi zahil, aftidan doim bosh og‘rig‘idan qiynalishi ko‘rinib turadigan dorixonachi Rotuell xujumda davom etdi:
— Ta’qibdan qochayotib, O’Brayen bir nechta mavzelar, hovlilar va butalar orasidan yugurib o‘tgan. Oqshom payti, qorong‘i tushib qolgandi, u to‘pponchasini istalgan joyga otib yuborgan bo‘lishi mumkin. Politsiya faqat ertalabgina izlashga tushgan, — basharasini bujmaytirishidan Rotuell politsiyachilarning ishidan qoniqmaganligi sezildi. — O’Brayenni politsiyaga olib kelishganida birinchi qilgan ishi nima bo‘ldi? U o‘z advokatining kelishini talab qildi. Politsiyachilar uning talabini qondirishdi. O’Brayen advokati bilan nimalarni gaplashganini sizlarga aytishim mumkin. U to‘pponchasini qaerga tashlaganini advokatga aytgan, u esa Dyukning yigitlaridan birini chaqirib, qurolni tunda topishni buyurgan…
— Ammo Dyuk quroli bo‘lmaganligini ta’kidladi-ku!
— Unda to‘pponcha qini bor edi. Yelkadan o‘tkazib taqiladigan bo‘sh to‘pponcha qini. To‘pponchasi bo‘lmasa, uni taqarmidi?
— Ammo Dyuk odatda to‘pponcha olib yurishini, o‘sha oqshomda esa uni uyida unutib qoldirganini tushuntirdi.
Rotuell bir zum ko‘zlarini yumdi.
— Politsiya O’Brayenning o‘ng qo‘lidagi porox izini aniqladi.
— Bilaman, — tasdiqladi Uatson. — Ammo O’Brayenning aytishicha, u shu voqeadan ikki soatcha avval nishonga otish bilan shug‘ullangan. Uning qo‘lidagi porox yuqi shundan qolgan.
Eshik taqilladi, sud kotibining boshi va yelkasi ko‘rindi.
— Sudya hukm chiqardingizmi yoki yo‘qligini so‘rayapti.
Men jahl bilan u tomonga o‘girildim:
— Hukm chiqarganimizda bu yerda gap sotib o‘tirarmidik!
Kotib bir sapchib tushdi:
— Nega menga o‘shqirasiz? Sudya so‘rab kelishni buyurdi-ku!
Jiddiy muallima Jenkins xonim xuddi uchinchi sinf o‘quvchisiga muomala qilayotgandek qiyofada Uatsonga murojaat qildi:
— Dyuk O’Brayen yomon odamligini bilasiz, to‘g‘rimi?
— Ha… albatta.
— U birovlarning haqini tortib olib yashaydiganlar toifasidan, shundaymi?
— Ha, shunday.
— U shahardagi jinoyatchilar to‘dasini nazorat qiladi, shundaymi? Giyohvand moddalar, qimorxonalar va… — u salgina qizardi, — va boshqa muassasalarning bari uning nazorati ostida, to‘g‘rimi?
— Ha, — tushkun ovozda tasdiqladi Uatson. — Ammo uni buning uchun emas, balki qotillik uchun sud qilyapmiz.
— Janob Uatson, — qat’iy ovozda dedi Jenkins xonim. — Siz juda qaysar odamsiz.
Uatson bizni ishontirishga urindi:
— Agar Dyuk O’Brayen shunaqangi yirik jinoyatchi bo‘lsa… professional qotillari va boshqalari bor tashkiloti bo‘lsa… unda nega Taysonni o‘zi o‘ldiradi? U birontasini yollashi, o‘zi bir chekkada o‘tirishi mumkin edi-ku?
— Bu kutilmaganda yuz bergan. Ular Tayson bilan nimanidir talashib qolishgan, O’Brayen o‘zini tutolmay, sherigini otib qo‘ygan. Nima, sizga albatta guvohlar bo‘lishi shartmi?
— Yo‘q, ammo…
— Janob Uatson, nisbiy dalillar nimaligini bilasizmi?
— Ha, ammo baribir suddagi dalillardan qoniqmadim…
Men yana aralashdim:
— Siz ahmoq odam emassiz. Ayting-chi, O’Brayen aybdor bo‘lmasa, nega qochgan?
— U qo‘rqib ketgan.
— Bo‘lmasa, u o‘sha voqeani qanday talqin qiladi?
Uatson bo‘ynini ishqaladi.
— O’Brayenning aytishicha, ular Tayson bilan gaplashayotganlarida, kimdir ochiq oynadan o‘q uzgan.
Men ishonchsizlik ila jilmaydim:
— Ochiq oynadan? Ko‘chada 3 daraja sovuq edi. Bunday havoda kim oynani ochib qo‘yarkan?
— O’Brayen xona tamaki hidiga to‘lib ketganini aytdi.
— Tergov esa O’Brayen ham, Tayson ham chekmasligini isbotladi.
— O’Brayen uni aytdi, O’Brayen buni aytdi, — jahl bilan uning gapini bo‘ldi Rotuell. — Siz uning aytganlariga ishonasiz. Nima uchun? —
U stulda o‘tirgancha oldinga engashdi. — Maslahatchilar tarqatib yuborilganidan so‘ng siz ham mashina sotib olarsiz?
Uatsonning rangi oqarib ketdi.
— Menga bunday muomala qilishlariga chidab o‘tirmayman. Kechirim so‘rashingizni talab qilaman!
Tinchlik tarafdori bo‘lgan Vetter qo‘lini ko‘tardi.
— Menimcha, hammamiz charchadik, qorin ham ochdi. Tanaffus qilib olsakmikan?
Biz qahva va buterbrodlar olib kelgani odam yubordik. Vetter, Rotuell va men qahvalarimizni olgancha, uzun stolning narigi tarafiga o‘tirdik. Rotuell hafsalasizgina ovqatlanardi.
— Bu ish birinchi jarayondagidek tugasa, nima qilamiz?
— Bunday bo‘lmaydi, deb umid qilamiz, — xo‘rsindi Vetter.
Rotuell bir chekkada yolg‘itz o‘zi ovqatlanayotgan Uatsonga g‘azab to‘la nigoh tashladi.
— U darhol mashina sotib olishdek tentaklikka qo‘l urmaydi. U to bu ish tinchiguniga qadar pullarni yashirib qo‘yadi.
— Kelinglar, shoshilinch qaror chiqarmaylik, — uni to‘xtatdi Vetter. — Balki u O’Brayenning aybsizligiga rostdan ham ishonar?
Bu Mett Taysonni o‘ldirgan O’Brayen ustidan ikkinchi marta sud ishi ko‘rilishi edi. Birinchi jarayonda o‘n bitta ayblovchi, bitta oqlovchi ovoz berilganligi tufayli maslahatchilar tarqatib yuborilgandi. Hakamlar tarkibi tarqatib yuborilganidan so‘ng uch kun o‘tib, oqlovchi ovoz bergan sud maslahatchisi yangi avtomobil sotib oldi. Buni nafaqat qo‘shnilari, hatto hukumatning ham nigohidan yashirolmadi. Bundan bir kun avval uning hisob raqamiga besh ming dollar kelib tushganligi ham aniqlandi. Hozir unga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Garchi bo‘yniga olmayotgan esa-da, O’Brayen uni sotib olganligi aniq.
Sud kotibi idishlarni yig‘ishtirib olgunicha kutib turdik-da, yana stol yonidagi joyimizni egalladik.
— Janob Uatson, haqqoniyat baribir qaror topadi, — gap boshladi Vetter.
— Rostdan-a?
Vetter bosh irg‘adi.
— Siz birovlarning daromadini tortib oluvchi reketchilarning qamoqqa olinishi haqida o‘qiysizmi?
— Albatta.
— Agar e’tibor bersangiz, ular kamdan-kam hollardagina «reket” moddasi bo‘yicha qamalishadi. Odatda ular boshqa narsa uchun, aytaylik, soliqlardan bosh tortganlikda ayblanadi.
— To‘g‘ri.
— Ularga o‘n yil, o‘n besh yil qamoq jazosi berilishi haddan tashqari shafqatsiz hukm emasmi?…
Uatson gapning davomini kutgancha miq etmay turardi. Vetter jilmaydi.
— Odatda, oddiy soliq to‘lash tartibini buzuvchilarga ko‘ngilchanlik bilan qarashadi. Jarima yoki shartli jazo, ba’zangina qisqa muddatli qamoq jazosi tayinlanadi. Ammo reketchilarga eng yuqori muddat va eng katta jarima tayinlanadi.
Uatson bosh irg‘adi.
— Bu yerda gap nimadaligini tushundingizmi? Albatta, sudya unga soliqlardan bosh tortgani uchun emas, balki sodir etgan, ammo isbotlashning iloji bo‘lmagan barcha jinoyatlari uchun jazo tayinlaydi.
Uatson xo‘rsindi:
— Nima demoqchi ekanligingiz tushundim, ammo…
— Garchi uning bitta jinoyati isbotlanmagan deb hisoblasangiz-da, uning boshqa ko‘plab jinoyatlari borligini bilishingiz kerak. Uni jinoyatchilarga xos hayot tarzini kechirayotgani uchun aybdor deb topishingiz lozim.
— To‘g‘ri, — istar-istamas rozi bo‘ldi Uatson. — Ammo qamoq jazosi boshqa… aytmoqchimanki, bu shtatda bunday jinoyat uchun o‘lim jazosi tayinlanadi.
Rotuell qaddini rostlab o‘tirdi.
— Shuning uchun ham O’Brayenni aybdor deb hisoblamayapsizmi? U elektr stuliga o‘tirishi kerakligi uchunmi?
Uatson undan nigohini olib qochdi. Rotuell ovozini balandlatdi:
— Sizni hakamlar tarkibiga saylashdan oldin, o‘lim jazosiga qarshi emasligingizni so‘rashgan. Siz savolga ijobiy javob bergansiz, aks holda bu xonada bo‘lmasdingiz.
Uatson qizarib ketdi.
— Ha, men qarshi emasdim… hozir ham qarshi emasman. Ammo… o‘sha Tayson eng yaxshi fuqarolarimizdan emas va uni yo‘qotib, O’Brayen yaxshi ish qilgan deyish mumkin, — u yutinib qo‘ydi. — Bunday holat uchun o‘lim jazosi o‘ta shafqatsizlik emasmi?
Xonaga bir zum sukunat cho‘kdi, keyin Vetter so‘radi:
— O‘g‘lim, nahotki sen qotil ko‘chada sayr qilib yurishini istasang?
— Albatta, yo‘q! — Uatson chuqur xo‘rsindi. — Aytaylik, bizning hakamlar hukm chiqarolmasa, shu bilan O’Brayenni ozodlikka chiqarishmaydi-ku! Yana bitta jarayon bo‘ladi, keyingi safar uni aybdor deb tan olishadi.
Bunday xulosadan Jenkins xonim xushini yo‘qotayozdi.
— Janob Uatson, nimalar deyayotganingizni o‘ylayapsizmi? Siz haqiqatan ham O’Brayenni aybdor deb bilasiz, ammo bu… iflos ishni o‘rningizga boshqa odam qilishini xohlaysizmi?
Vetter g‘amgin bosh chayqadi.
— Demak, O’Brayenning ustidan yana bir marta ish ko‘riladi deb hisoblarkansiz-da?
Uatson barmog‘ini ko‘ylagining yoqasi ostiga tiqdi.
— Albatta.
— Nimayam derdim, bo‘lishi mumkin, — g‘amgin iljaydi Vetter. — Ammo mening bunga ishonchim komil emas. Nazariy jihatdan, olganda, bironta hukm chiqarilmagunicha O’Brayenning ishini cheksiz darajagacha olib borish mumkin. Ammo ikkita hakamlar tarkibi tarqatib yuborilgach, ayblovchi tomon shubhalanib qoladi. Sud maslahatchilarini ishontirish uchun dalillar yetarlimi? Yana sud qilish uchun vaqt va mablag‘ sarflash shartmi, balki yana bir hukmga kelinmas? Yoki hatto oqlovchi qaror qabul qilinar? Bularning bari ayblovchining joniga tegib, «O’Brayenni o‘tirishi kerak bo‘lgan joyga jo‘natish uchun halolligi va qat’iyati yetadigan o‘n ikkita maslahatchilarni topishga qodir emasman. Jin urgurni qo‘yib yuborish kerak. Shaharcha aholisi shunga munosib bo‘lganidan keyin o‘zidan ko‘rsin” deb qolishi ham mumkin.
Uatson o‘zini noqulay his etayotgani aniq sezilardi.
— Balki boshqacha bo‘lishi ham mumkin, — davom etdi Vetter. — To‘satdan O’Brayenni tutgan politsiyachi nimalarni ko‘rganini «unutib” qo‘yishi mumkin. Uning ham boshqalar singari nafsi bor, u ham O’Brayen elektr stuliga o‘tirmasligidan manfaatdor…
— Menga qarang, Uatson, — luqma tashladi Rotuell. — Siz axir O’Brayenni nafaqat qotillik uchun elektr stuliga o‘tkazmayapsiz-ku! Balki u Taysonni o‘ldirgani uchun o‘lim jazosiga munosibdir, ammo shu uni ozod qilish uchun yetarlimi?
— O‘g‘lim, — yana gapga tushdi Vetter, — buni O’Brayen aybdor bo‘lgan birinchi o‘lim deb hisoblaysanmi? Har safar kimdir o‘z mashinasining yukxonasidan jonsiz holda topilganini o‘qiganingda, buning ortida kim turganini bilasan!
— Qaysi tomondan olsang ham, — shahd bilan gapga aralashdim men, — O’Brayen elektr stulida qovrilishga munosib.
Uatson faqat ko‘zlarini pirillatdi, xolos.
— Janob Uatson, — xotirjamgina dedi Jenkins xonim, — farzandlaringiz bormi?
Uatson bosh irg‘adi:
— Ikkita. O‘g‘lim o‘n to‘rtda, qizim o‘n yettida.
— O’Brayenni ozodlikka chiqarib yuborsangiz, ular sizdan faxrlanarmikin?
Uatson indamasdi.
— Shahrimizda giyohvand moddalar savdosi qay darajadaligini bilasiz, — davom etdi Jenkins xonim. — Yuqori sinfdagilarning qanchasi O’Brayen va unga o‘xshaganlarning tuzog‘iga ilinib, ignada o‘tirganini-chi?
Xonaga uzoq jimlik cho‘mdi, nihoyat Uotson boshini ko‘tardi. Keyin xo‘rsindi:
— Sizlar haqsiz. Hammangiz. Men… qo‘rqqandim!
Vetterning yuziga tabassum yoyildi.
— Kelinglar, bunga rasmiy tus beramiz. Men qayta qayd etib chiqaman.
Uatsonning ismi aytilganda, u o‘rnidan turdi va qat’iy ohangda dedi:
— Aybdor!
Vetter ma’qullab bosh irg‘adi va davom etdi:
— Jenkins?
— Aybdor.
— Koulmen?
— Aybdor emas, — dedim men.
O‘tirganlarning bari menga o‘girilishdi. Men o‘rnimdan turdim.
— Adliyaning asosiy qoidalaridan birini buzayotganimiz xayolimga kelib qoldi. Biz O’Brayenni sudga olib kelgan qilmishi uchun emas, uni qanday deb hisoblaganimiz uchun ayblamoqdamiz.
To‘g‘ri, bu qarorim o‘zgarishining asosiy sababi emasdi. Uatson qaysarlik qilib turganida hamma ishlar joyida edi. Maslahatchilarning bir qarorga kelmasligiga u sababchi bo‘lishini istaganim uchun ham tinmay uning jig‘iga tegib, mazaxlab, qaysarligini oshirib turgandim. Ammo endi Uatson fikridan qaytdi.
Men hayratda qolgan o‘n bir nafar maslahatchilarga qarab, olgan pullarimni oqlashim kerakligini tushundim. Shunday qilishim kerakki, hammasi ishonchli chiqsin. Axir Dyuk O’Brayen bu safar ham hukm chiqarilmasligiga amin bo‘lish uchungina menga o‘n ming dollar bergan-da…

Muhabbat Yo‘ldosheva tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.