OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jek Ritchi. Statistika baribir statistika-da! (hikoya)

-Men ham shu mamlakatning fuqarosiman va soliq to‘layman!-qichqirdim men.-Hamma narsani oldingidek qilib tiklab berishlaringni talab qilaman!
-O‘zingizni bosing, janob Uorren,-dedi serjant Littler istehzo bilan.-Tiklaymiz. Biror nima topish yoki topmasligimizdan qat’i nazar. 
U «biror nima» deganda politsiya ikki soatdan beri izlayotgan xotinimning jasadini ko‘zda tutgandi. 
-Sizlarga qiyin bo‘ladi!-dedim men.-Qarang, hovlimni rasvo qilib tashladinglar! Odamlaringiz butun bog‘imni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashdi! Uy oldidagi gulzorni qarang! Endi esa yerto‘lamni kavlashmoqchi!
Ammo oshxonamda qulaygina joylashib olgan Littler kinoya bilan «hm» deb qo‘ydi va luqma tashladi:
-Qo‘shma Shtatlarning hududi uch million yigirma olti ming yetti yuz sakson to‘qqiz kvadrat milga teng.
Gap ohangidan uning bu raqamlarni aynan mana shunday holatlar uchun yodlaganini sezish mumkin edi. 
-Gavayi va Alyaskani ham qo‘shib hisoblagandami?-so‘radim men kesatib.
Serjant e’tiborsiz qo‘l siltadi.
-Ularni hisobga olmasa ham bo‘laveradi. Tog‘lar va tekisliklar, shahar va sahrolar, daryo va ko‘llar yetadi... Ammo bir narsa aniq-statistikaga qaraganda, xotinini o‘ldirganlar jasadni aksariyat hollarda uyi yaqiniga berkitishadi.
«Albatta», o‘yladim men. «Juda ishonchli-da. Jasadni, masalan, o‘rmonga ko‘msang, ertami-kechmi kimdir topib olishi mumkin. Ha, statistika bilan bahslashib bo‘lmaydi».
-Hovlingiz maydoni qancha?-zaharxandalik bilan so‘radi Littler.
-Yuz ellikka olti yuz fut. Bog‘ni shu holga keltirguncha qancha ter to‘kkanimni bilasizmi o‘zi? Odamlaringiz bog‘ni kavlab tashlashdi. 
-Janob Uorren, tez orada sizni bog‘ emas boshqa jiddiyroq narsa tashvishlantirmasa deb qo‘rqaman.
Men derazadan tashqariga qaradim. Detektiv Chilton rahbarligidagi guruh hovlining orqa tarafini o‘ra qilib tashlayotgandi. 
Meni kuzatib turgan Littler bosh silkidi. 
-Ishonavering, biz o‘z ishimizni yaxshi bilamiz. Butun bog‘ingizni kavlab chiqamiz, kamin ichidagi kulni tekshiramiz... 
-Biz moyli isitgich ishlatamiz,-uning gapini bo‘ldim men.-Menga qarang, men xotinimni o‘ldirganim yo‘q va uning qaerda ekanligini ham bilmayman.
-Uning yo‘qligini qanday izohlaysiz?
-Hech qanday izohim yo‘q. Tunda narsalarini yig‘ishtirib, xayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘nab qolgan. Aksariyat kiyimlari yo‘q bo‘lib qolganini sezgandirsiz?
-Uning qanaqa kiyimlari bo‘lganini men qaerdan bilaman?-Littler Emilining suratiga ko‘z tashladi va peshonasini tirishtirdi.-Janob Uorren, rostini ayting, unga nima uchun uylangansiz?
-Tabiiyki, sevganim uchun!
Agar xotinimning suratini ko‘rganingizda edi, serjant nima uchun menga ishonmayotganini darhol tushungan bo‘lardingiz.
-Bilishimcha, uning hayoti yuz ming dollarga sug‘urta qilingan. Sizning foydangizga.
-Xo‘sh, nima bo‘pti?-To‘g‘ri, sug‘urta ham ahamiyatga ega edi, ammo Emilidan uning ming‘ir-ming‘irlaridan zerikkanim uchun voz kechgandim. 
Men unga turmush qurishni taklif qilganimda, to‘g‘risini aytish kerak, ishq-muhabbatdan yonib-kuymayotgandim. Nima uchun unga ilakishib qolganimni so‘ramoqchimisiz? O‘zim ham bilmayman. Menimcha, bo‘ydoqlik qirqdan o‘tgan erkakning joniga tekkach shunday qilsa kerak. Ikkimiz bitta firmada ishlardik: men bosh hisobchi, Emili kotiba edi. Kamtar, uyatchan, tuzukroq kiyinishni ham bilmaydigan, ikkita so‘zni bir-biriga qo‘shib aytolmaydigan bu qizning aqli ham faqat ayollar jurnallarini o‘qishgagina yetardi, bu ham ba’zi-ba’zida. Qisqasi, nikohga foydali bitim sifatida yondashadigan erkak uchun mos qiz edi. 
Bu xurliqo qonuniy xotinim bo‘lgach, yarim yilda shallaqi va doim hech narsadan qoniqmaydigan mavjudotga aylanganini ko‘rib hayratdan yoqa ushlab qoldim. 
-Munosabatinglar qanday edi?-so‘radi Littler.
«Juda yomon», o‘yladim ichimda, ammo boshqacha javob qaytardim:
-Janjallashib turardik. Boshqa oilalarda bo‘lgani kabi.
-Qo‘shnilaringiz esa sizlar tinmay janjallashganinglarni aytishdi.
Qo‘shnilar bu -Fred va Vilma Triberlar. Uyimiz burchakda joylashgani uchun ular mening yagona qo‘shnilarim, Morrislarning hovlisi ancha uzoqda bo‘lgani uchun Emilining shang‘illashlarini ular eshitishmasdi. Yana bilib bo‘lmaydi. Xotinimning vazni ortgani sari uning ovozi ham o‘tkirlashib borayotgandi. 
-Triberlar sizlarning deyarli har oqshom baqir-chaqir qilganinglarni eshitishgan. 
-Avval o‘zlariga boqishsin. Ular faqat xotinimning ovozini eshitishgan, men hech qachon baqirmaganman. 
-Xotiningizni oxirgi marta juma kuni kechki payt olti yarimlarda ko‘rishgan.
Ha, u do‘kondan muzlatilgan tovuq olib kelgandi. U shundan boshqa ovqatni eplay olmagani uchun nonushta va kechki ovqatni o‘zim tayyorlar, tushlikni esa ishxonada qilardim. 
-Shaxsan men Emilini oxirgi marta uxlashga yotayotganimda ko‘rganman. Ertalab qarasam, u yo‘q ekan.-Yerto‘lada yer o‘yadigan uskunaning ovozi eshitildi va men eshikni yopdim.-Aytgancha, agar sir bo‘lmasa, guvoh kim?
-Triber xonim.
Vilma bilan Emilining o‘rtasida hech qanaqa farq yo‘q. Ikkalasi ham tovuqmiya ayollar. Ko‘zlari nimagadir doim yoshlanib yuradigan Fred esa tuzuk erkak. Buning ustiga, shaxmatni yaxshi o‘ynaydi va meni qat’iyatli ekanligim uchun hurmat qiladi. 
-O‘sha tunda,-gapida davom etdi Littler,-janob Triber uyingizda dahshatli chinqiriqni eshitgan. 
-Dahshatli? 
-U shunday dedi. 
-Shunaqami? Vilma ham eshitgandir? 
-Yo‘q, u uxlayotgan bo‘lgan. 
-Morrislar ham bu «dahshatli» chinqiriqdan uyg‘onib ketishibdimi? 
-Yo‘q, ularning uyi sizning uyingizdan ancha uzoqda.-Littler cho‘ntagidan trubkasini oldi.-Triber xotinini uyg‘otmoqchi bo‘lgan, ammo keyin fikridan qaytgan. O‘zi esa uxlay olmagan. Tungi ikkilarda esa g‘alati tovushni eshitgan. U deraza oynasidan qarab, bog‘da chuqur kavlayotganingizni ko‘rgan. Shunda u xotinini uyg‘otgan, shunday qilib bizda naqd ikkita guvoh bor.
-Ha, shular yetkazibdi-da! 
-Ha. Bunaqa katta quti sizga nima uchun kerak bo‘lib qoldi?
-Boshqasi topilmadi. Baribir bu quti tobut uchun kichiklik qiladi. 
-Triber xonim ertasiga kun bo‘yi shu haqda o‘ylagan. Siz xotiningiz «bir oz muddatga» ketganini aytganingizdan keyin u siz xotiningizni... bo‘laklarga bo‘lib ko‘mib yuborganingizga ishonch hosil qilgan. 
-Emilining o‘rniga nima topdinglar?
-Mushuk jasadini,-ming‘irladi Littler.
-Tushunarli,-bosh silkidim men.-Demak, meni o‘lgan mushukni o‘z bog‘imda ko‘mganim uchun jinoyatda gumon qilyapsizlar. 
-Janob Uorren, siz dastlab biror narsa ko‘mganingizni rad qilayotgandingiz. 
-Men qaerdan bilay, allaqanday mushuk... 
-Keyin esa mushuk tabiiy o‘lim topganini aytdingiz. 
-Unaqamasmi? 
-Bu xotiningizning mushugi. Kimdir uning bo‘ynini qayirib tashlagan. Bu shundoq ham ko‘rinib turibdi. 
-Bilasizmi, mening o‘lgan mushukka qaraydigan odatim yo‘q. 
-Menimcha, siz xotiningizni bir yoqli qilgach, mushukni ham o‘ldirgansiz,-dedi Littler trubkasini silkitgancha.-Chunki u xotiningiz haqida eslatib turardi. Balki mushuk siz jasadni qaerga ko‘mayotganingizni ko‘rib qolgan, oxir-oqibat esa u bizga yordam... 
-Serjant, gapingiz kulgili chiqyapti.
Uning yuzi qip-qizil bo‘lib ketdi.
-Mutlaqo! Hayvonlar egasi ko‘milgan joyni kavlagani haqida eshitganmiz. 
Littler yer kavlaydigan uskunaning ovoziga quloq soldi. 
-Bizga odam yo‘qolgani haqida xabar berishsa, biz bir-ikki hafta kutamiz. Odatda, yo‘qolgan odamning puli tugab, uyiga qaytadi. 
-Unda kutish uchun sizlarga nima xalaqit berdi? Ishonchim komil, bir necha kundan keyin Emili qaytadi. U o‘zi bilan yuz dollar olib ketgan, xolos. 
Serjant inkor ma’nosida bosh chayqadi. 
-Ayol yo‘qolib qolganida eri tunda yer kavlasa biz kutib turolmaymiz. 
Men ham kutib turolmasdim. Axir Emilining jasadini bir umr saqlab turolmayman-ku. Shuning uchun Triberlar oldida mushuk sahnasini o‘ynashimga to‘g‘ri keldi. 
-Shuning uchun hamma yoqni kavlab tashlabsizlar-da? Ogohlantiraman, har bir tosh, maysa, g‘isht va boshqa narsalar o‘z o‘rniga tiklanmasa javob berasizlar! 
Littler yelkasini qisdi. 
-Bundan tashqari, gilamda qon izlarini aniqladik. 
-Bu mening qonim.-Men bint bog‘langan qo‘limni uning burniga tiradim.-Qo‘limni kesib oldim. 
-Siz buni o‘zingizni oqlash uchun ataylabdan qilgansiz. 
U haq edi. 
Shu payt Triberga ko‘zim tushib qoldi-u panjaraga suyangancha ishchilarning «buzg‘unchilik faoliyati»ni tomosha qilib turardi. 
-Anavilarga bir-ikkita shirin gapim bor! 
Tuproq uyumlariga qoqilib, o‘ralardan sakrab-sakrab Littler ikkimiz Triberning yoniga keldik. 
-Yaxshi qo‘shni ekansiz!-dedim tishlarimni g‘ijirlatib.
U yutindi. 
-Albert, ishoning, shaxsan men sizdan shubhalanayotganim yo‘q, ammo Vilmani bilasiz-ku. 
-Shu daqiqadan boshlab shaxmatni esdan chiqaring!-Men Littlerga o‘girildim.-Xotinimni aynan uyimga ko‘mganimni qaerdan oldingiz? 
Serjant og‘zidan trubkasini oldi. 
-Juma kuni soat besh yarimlarda siz Myurrey-stritdagi ustaxonaga motor moyini almashtirgani borgansiz. Mexanik kvitantsiyaga spidometr ko‘rsatkichi va ish tugagan vaqtni yozgan. Shundan keyin siz atigi sakkiz mil yo‘l yurgansiz. Ustaxonadan garajingizgacha bo‘lgan masofa roppa-rosa shuncha chiqadi. Boshqacha aytganda, siz u yerdan to‘g‘ri uyingizga qaytgansiz. Shanba kunlari ishlamaysiz. Bugun yakshanba. Demak, juma kuni mashinangizda boshqa hech qaerga bormagansiz. 
«Bo‘ldi, hammasi men o‘ylaganday!». Agar politsiya mashinamni tekshirmasa, o‘zim ularga bu fikrni taqdim etmoqchi edim. 
-Jasadni atrofdagi birorta tashlandiq joyga ko‘mishim mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi? 
-Eng yaqin tashlandiq joy uyingizdan to‘rt kvartal narida. Siz jasadni ko‘chama-ko‘cha sudrab yurmasligingiz aniq. Hatto tun bo‘lsa ham. 
Triber asta yo‘talib qo‘ydi. 
-Kechirasiz, Albert, gulzoringiz payhon bo‘lib bo‘ldi, menga bir-ikkita gulingizdan bermaysizmi? 
Men unga yeb qo‘ygudek qarab qo‘ydim va uyga yo‘l oldim. 
Kun botgani sari Littlerning ko‘zidagi ishonch so‘nib borardi. Soat olti yarimlarda yerto‘ladagi uskunaning ovozi o‘chdi va oshxonada hamma yog‘i tuproqqa belangan detektiv Chilton paydo bo‘ldi. Uning ko‘rinishi horg‘in edi. 
-Hech narsa! Mutlaqo hech narsa.
Littler trubkasini mahkam tishladi. 
-Aniqmi? Yaxshi qidirdingizlarmi? 
-Hamma yoqni titib tashladik,-xirilladi Chilton.-Agar u yerda jasad bo‘lganida allaqachon topgan bo‘lardik. 
Littler menga nigoh tashladi. 
-Lekin siz xotiningizni o‘ldirganingizni bilaman!!! Sezyapman! 
U sezayotgani aniq bo‘lsa-da, men faqat sezgisiga tayanib ish ko‘radigan odamlarga achinaman. 
-Bugun kechki ovqatga qovurilgan jigar yeymiz,-dedim quvnoqlik bilan.-Ishingiz tugadimi? 
Xonaga shoshib-pishib detektiv Smit kirib keldi.
-Serjant, men Triber bilan gaplashdim...
-Xo‘sh?!-so‘radi Littler.
-Ma’lum bo‘lishicha, ko‘l bo‘yida janob Uorrenning yozgi kotteji bor ekan. 
Qo‘limdagi jigar tushib ketay dedi. Ahmoq Triber! Doim laqillab yuradi! 
-A-ha!-quvonch bilan qichqirdi Littler.-Men nima degandim?! Ular qurbonlarini yaqin-atrofga yashirishadi! Statistika baribir statistika-da! 
-Haqqingiz yo‘q!!!-portladim men.-Men u yerga ikki ming dollar sarflaganman. U yerni ham rasvo qilishinglarga yo‘l qo‘ymayman! 
Littler istehzoli kulimsiradi. 
-Chilton, projektorlarni tayyorlang va odamlarni...-u menga o‘girildi.-Kulbangiz qaerda o‘zi? 
-U yerga bormaganimni juda yaxshi bilasiz-ku! Spidometrni tekshirgansiz-ku! 
-Ko‘rsatkichni orqaga qaytarib qo‘ygan bo‘lishingiz mumkin. Manzilni ayting? 
-Aytdim-ku! 
-Nima, yoqmayaptimi? Yoki bugun u yerga borib jasadni kavlab olib boshqa joyga ko‘mmoqchimidingiz? 
-Bekor gap! Umuman olganda, konstitutsiyaga ko‘ra, men gapirmaslik huquqiga egaman. 
Littler bir kulib qo‘yib telefonga qo‘l uzatdi va bir ozdan so‘ng kottejim manzilini aniqladi. 
-Menga qarang!-o‘shqirdim u go‘shakni qo‘yganida.-Buni shunday qoldirmayman! Men... men mergacha boraman! 
Littler qo‘llarini ishqalagancha menga ko‘z qisdi. 
-Chilton, ertaga bu hovlini tartibga keltirib qo‘yishsin. 
-Har bitta gul, har bitta maysani, aks holda politsiyani sudga beraman! Shaxsan sizni ham! Umringizning oxirigacha ham qarzingizdan qutulolmaysiz! 
Ular shoshilib chiqib ketishdi, ammo mening kayfiyatim tushib ketgan edi. 
Roppa-rosa yarim tunda eshigim taqilladi. Eshikni ochdim. Ostonada Triber turardi. 
-Albert, men... 
-Nimaga ularga kottej haqida gullab qo‘yding?! 
-Kechir. Bilmasdan og‘zimdan chiqib ketibdi. 
-Ular hamma yoqni kavlab tashlashadi. Shuncha mehnat... Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. Vilma uxlayaptimi?
Fred bosh silkidi. 
-Zambarak otsang ham uyg‘onmaydi. 
Men paltomni kiydim va biz Fredlarning yerto‘lasiga tushdik. Emilining jasadi o‘sha yerda, eski brezent tagida turardi.
Uni xuddi bomba tushgandek ahvolga kelib qolgan yerto‘lamga olib keldik va eng chuqur o‘raga joylab, ustidan tuproq tashladik. 
-Uni topa olmasliklariga ishonching komilmi?-so‘radi Fred tashvishli ohangda. 
-Yuz foiz. Bu yerni boshqa kavlashmaydi. 
U menga tikildi. 
-E Xudo, nahotki men bir yil kutaman? 
-Boshqa ilojing yo‘q. Lekin Vilmangni asfalasofilinga jo‘natganingdan keyin qidiruv tugaguncha u mening yerto‘lamda turib turadi. Politsiya endi mening uyimga qaytib bosh suqmaydi, ammo sening hovlingni tit-pitini chiqarib tashlashlari aniq. Statistika bilan bahslashib bo‘lmaydi. 
-Jin ursin statistikasiniyam! Undan nima foyda!-Fred boshini saraklatdi.-Nimayam derdim, tanga tashlaganimizda sen yutding. Halol bo‘ldi.-U chuqur uf tortdi. -Albert, sen jiddiy aytdingmi? 
-Nimani? 
-Shaxmatni. Men bilan qaytib shaxmat o‘ynamasligingni aytding. Nahotki shu gaping rost bo‘lsa? 
Ertaga kottejim qanday ahvolda bo‘lishi ko‘z oldimga keldi va men «ha» demoqchi bo‘ldim. Ammo u ko‘zimga mo‘ltirab qarab turardi...
-Nima deyapsan! Albatta, yo‘q. 
Quvonchdan Fredning ko‘zlari porlab ketdi.
-Unda men yugurib shaxmatni olib chiqay. 

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.