OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jim Tompson. Abadiy jazo (hikoya)

Soat besh bo‘lishiga bir necha daqiqa qolgandi. Ardis Klinton uyining orqa eshigini ochdi va «Jo» tamaddixonasida ishlaydigan yosh yigit, jazmanini ichkariga kiritdi. Tamaddixonaning eshigi aynan Ardis yashaydigan uyning orqa eshigi joylashgan tomonda edi.  
Ular ehtiros bilan quchoqlashdilar. Ayol jazmanining ko‘ylagi ostiga yashirilgan katta pichoqning sopi badaniga tekkanini his qildi. Oz, judayam oz vaqtdan so‘ng hammasi tugaydi. Anavi ahmoq taka, eri o‘ladi. O‘zining ahmoqona hazillari va bema’ni odatlari bilan birga abadiylik sari ravona bo‘ladi. Yigirma ming dollar sug‘urta puli esa...  
-Biz baxtli bo‘lamiz, Toni,-shivirladi u.-Sening shaxsiy restoraning bo‘ladi... 
-Biz baxtli va shod-xurram yashaymiz,-dedi Toni.
-Albatta, azizim,-jilmaydi Ardis.-Biz turmush qurishimiz bilan hammasi yaxshi tomonga o‘zgaradi.-Ayol uning yonoqlarini siladi.-Tamaddixonadan chiqqaningni hech kim ko‘rmadimi? 
-Hech kim ko‘rmadi.  
-Yaxshi. Agar birortasi oshxonada yo‘qligingni sezib qolsa-chi? Nima deysan? 
-Unda... axlat tashlagani chiqqan bo‘laman... Yoki yerto‘laga masalliqqa tushib ketganligimni aytaman... 
-Yaxshi,-ma’qullab bosh silkidi Ardis.-Aniq qaerda bo‘lganligingni aytma, o‘shanda hech kim sening u yerda bo‘lmaganligingni isbotlay olmaydi. Tushundingmi, azizim? 
Toni bosh irg‘adi. U yotoqxonaga mo‘ralab, qovog‘ini uydi: 
-Nimaga birpasda bunday qilib tashlading, asalim? To‘g‘ri, hammasi talonchilikka o‘xshashi kerak. Lekin u kelguncha xonani ag‘dar-to‘ntar qilib tashlash... 
-Keyin vaqt qolmaydi. Tashvishlanma, Toni. Eshik yopiq bo‘ladi. U yotoqxonaga qaramaydi. U nima deyishini va nima qilishini juda yaxshi bilaman, u to‘yimizgacha qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday.  
-O‘zing bilasan,-dedi Toni.-Nima desang shu bo‘ladi, Ardis.
-Bizga faqat politsiya tashvish keltirishi mumkin. Seni bu haqda ogohlantirdim. Senga og‘ir bo‘ladi. Ularda dalil-isbot bo‘lmaydi, ammo ular seni qiynashlari, burchakka qisishlari, savolga ko‘mib tashlashlari mumkin va agar salgina iqror bo‘lsang... 
-Iqror bo‘lmayman. Ular mendan hech narsani bila olishmaydi.  
-Ishonching komilmi? Ular seni ahmoq qilishga urinishlari mumkin. Balki ular men hammasini tan olganimni aytishar. Shuning uchun agar ishonching komil bo‘lmasa... 
-Ular mendan hech narsani bila olishmaydi,-qat’iy takrorladi Toni. 
Unga sinchkovlik bilan tikilgan Ardis haqiqatan ham shunday bo‘lishini tushundi. U jazmanini vannaxonaga boshladi. Toni vannani to‘sib turgan plastik pardani surdi va vanna ichiga tushdi. Cho‘ntagidan qo‘lqop olib taqdi. Shimi orasiga qistirilgan pichog‘ini chiqardi.  
-Ardis... azizam.
-Ha?
-Seni urishim shartmi? Balki sal turtib qo‘yarman... 
-Yo‘q, azizim,-dedi ayol.-Sen meni urishing shart. Bu o‘g‘irlik-ku. Agar erimni o‘ldirsangu menga tegmasang... tushungandirsan.
-Lekin men hech qachon ayol kishini urmaganman. Seni qattiqroq urib qo‘yishim mumkin... 
-Toni!
-Bo‘pti,-dedi u.-Faqat shunisi menga yoqmayroq turibdi. 
Ardis uning lablaridan o‘pib qo‘ydi va mehmonxonaga qaytdi. Soat beshdan o‘n besh daqiqa o‘tgandi. Billning ishdan qaytishiga roppa-rosa besh daqiqa qolgandi. Ayol yotoqxona eshigini yopdi va divanga cho‘zildi. «E Xudoyim! Bill, agar o‘zingni ozgina boshqacharoq tutganingda edi». Lekin u o‘zini doim bir xil tutardi. Shuning uchun ayolning boshqa iloji qolmagandi. U ajrashishga ariza berishi mumkin edi, ammo unda hech narsaga ega bo‘lolmasdi. Na pul va na boshqa narsa. Na o‘n besh yillik azobli turmushi uchun tovon.  
«Bu sening aybing,-alam bilan o‘yladi Ardis.-Ortiq chidolmayman».
Yo‘lakda og‘ir qadam tovushlari eshitildi. Eshik qulfi shiqirladi. Bill ichkariga kirdi.
-Men keldim. Kun o‘tdi, pul keldi.  
Ardis yuzini bujmaytirdi. Bill mehmonxonaga kirdi, engashib xotinining yonog‘idan o‘pdi.  
-Kechki ovqatga nima yeymiz?
Ardis tishlarini g‘ijirlatdi. 
-Axlat,-javob qaytardi u.-Yuvindi. Go‘ng aralashtirilgan salat.  
-Yomonmas. Issiq suv bormi? 
-Issiq suv bor,-vishilladi Ardis.-Bizda qachon issiq suv bo‘lmagan? Qachon? Nimaga har kuni bitta gapni qaytaraverasan? 
-Tushunmadim, nega jig‘ibiyron bo‘lyapsan?-er yelkasini qisdi.-Bo‘pti, yuvinib chiqaman. 
Ardis vannaxona eshigining ochilib-yopilishini eshitib turdi. U o‘rnidan turib telefon apparati tomon qadam tashladi. Vannaxona eshigi taraqlab ochildi. Toni yo‘lakka yugurib chiqdi.
U pichoqni yuvib bo‘lgan, shimi orasiga qistirayotgandi. Ardis politsiya raqamini terdi. 
-Yordam beringlar!-qichqirdi u.-Yordam... politsiya... o‘ldirishyapti!-U go‘shakni yerga tashladi va pichirlab so‘radi:-O‘ldimi? 
-Ha, ha. Sen nima deb o‘ylovding? 
-Yaxshi. Endi oxirgisi. Meni ur,-buyurdi u iyagini ko‘targancha.-Toni, ur meni!  
U urdi. Ardisning ko‘z oldida minglab yulduzchalar chaqnadi. U polga yiqildi.  
...Ardis hushiga kelganida divanda yotardi. Ko‘rinishidan qahri qattiq erkak, detektiv bo‘lsa kerak, uning yonida o‘tirar, ikkinchi, oq xalatli, bo‘yniga stetoskop osib olgan yoshroq erkak uning tepasida turardi. Ardis o‘zini zo‘r his qildi. Hattoki Tonining dahshatli mushti tushgan jag‘i ham og‘rimasdi. Ammo hammasini eslagan Ardis atayin inqilladi va zo‘rg‘a eshitiladigan qilib so‘radi: 
-Qaerdaman? Nima bo‘ldi? 
-Leytenant Pauers,-o‘zini tanishtirdi detektiv.-Bizga nima voqea yuz berganini aytib berolmaysizmi? 
-Men... men eslolmayman. Erim ishdan qaytib, to‘g‘ri vannaxonaga kirib ketdi. Eshik taqilladi, men xat tashuvchi deb o‘ylab eshikni ochdim. Kimdir ichkariga bostirib kirdi va yuzimga musht tushirdi. Keyin esa yotoqxonaga kirib hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi... 
-Ko‘ryapman. U shovqin solgan bo‘lsa kerak. Nahotki eringiz hech narsani eshitmagan bo‘lsa? 
-U eshitolmasdi. Cho‘milayotgandi...
U jim bo‘lib qoldi, qo‘rquv uning tomog‘ini changallab olgandi. Leytenant Pauers kinoyali tabassum qildi va uning ko‘zlarida uchqun chaqnadi.  
-Qovun tushirib qo‘ydingiz, Klinton xonim. 
-Tushunmadim... nima... deyapsiz... 
-Bas qiling. Vanna qup-quruq. U yerda hech kim cho‘milmagan va nima uchunligini o‘zingiz juda yaxshi bilasiz. Chunki vannada begona odam bo‘lgan!  
-L-le... lekin men hech narsani bilmayman. Men behush edim... 
-Unda o‘g‘ri yotoqxonaga kirib hammayoqni ostin-ustin qilib tashlaganini qaerdan bilasiz? Va bizga qanday qilib qo‘ng‘iroq qildingiz? 
-Xo‘sh, men... butunlay hushimdan ketmagan bo‘lsam kerak-da. Menimcha, nima bo‘layotganini elas-elas ko‘rganman... 
-Endi esa meni eshiting,-uning gapini bo‘ldi leytenant.-Siz soat 5.23da qo‘ng‘iroq qilgansiz. Patrul mashinasi uyingizga yaqin joyda bo‘lgan, shuning uchun 5.25da politsiyachilar uyingizda bo‘lishgan. Siz behush edingiz va hozirgina hushingizga keldingiz. 
Ardisning ko‘z oldida xona chayqala boshladi. Unga leytenant g‘alati qora mundir, yo‘q, mundir emas, rido kiyib olganga o‘xshadi. Orqasida ham xuddi tundek qop-qora qanotlari bordek tuyuldi. Doktor ham qanotli, rido kiygandi, faqat uniki oq rangda edi.  
-Ikki daqiqa ichida,-davom etdi Pauers,-odam uyga bostirib kirib, buncha narsani ag‘dar-to‘ntar qilib qochib keta olmaydi! 
-Demak, operatoringiz vaqtni adashtirgan,-dedi Ardis.-Boshqa izohim yo‘q. 
Pauers tomoq qirib qo‘ydi. Leytenant unga haqiqatga mos keladigan boshqa dalilni keltirdi. Ardis uning so‘zlarini indamay tingladi. 
-Bu bema’nilik, leytenant. Toni haqida qanaqa mish-mishlar eshitganingizni bilmayman. Men uni erimni o‘ldirishga majburlaganim ham yo‘q. 
-U siz majburlaganingizni ta’kidladi. Bizda uning ko‘rsatmasi bor.  
Ardis kuldi-ularda Tonining ko‘rsatmasi bo‘lishi mumkin emasdi.  
-Erim qalay? Tuzukmi? 
-Tuzukmi?!-o‘shqirdi leytenant.-Unaqa holatdagi odam...-u to‘xtab qoldi, so‘ng chuqur uf tortgach, gapida davom etdi.-Umuman olganda, uning holati qoniqarli. Jarohati og‘ir, lekin ko‘rsatma berdi...
-Xursandman. U holda nega meni so‘roq qilyapsiz?-U leytenantdan javob kutib unga qaradi. 
Pauers peshonasini tirishtirdi: 
-Yaxshi, yaxshi, Klinton xonim. Eringiz o‘lgan. Bizda uning ko‘rsatmasi yo‘q, Tonining iqrornomasi ham.  
-Yo‘q?
-Lekin biz sizning gunohkor ekanligingizni xuddi o‘zingizdek ANIQ bilamiz. Balki imkoniyat borligida tavba qilib, aybingizga iqror bo‘larsiz? 
-Imkoniyat borligida? 
-Doktor,-Pauers oq ridoli erkakka o‘girildi.-Unga tushuntirib qo‘ying, doktor. Uning jazmani zarba kuchini hisobga olmaganini ayting. 
Doktor uning ustiga egildi. U muloyimlik bilan gap boshladi.  
-Afsuski, Klinton xonim, jiddiy jarohat olgansiz. 
-Rostdanmi?-Ardis iljaydi.-O‘zimni juda yaxshi his qilyapman. 
-Men bunday deb o‘ylamayman. Siz hech narsani his qilmayapsiz, his qila olmaysiz ham. Bunday jarohatdan so‘ng... 
-Yo‘qolinglar!-dedi Ardis.
-Iltimos, Klinton xonim, ishoning, bu politsiyachilarning hiylasi emas. Bu rostdan ham tavba Qilish uchun sizning oxirgi imkoniyatingiz. 
-Meni qo‘rqitolmaysizlar. Endi esa yo‘qolinglar! 
U ko‘zlarini mahkam yumib oldi, yana ochganida esa xonada hech kim yo‘q edi. 
Ardis o‘zini g‘alaba bilan tabriklab kuldi. Shu payt yo‘lakda og‘ir qadam tovushlari eshitildi. Tovush eshik oldiga yetib kelganida tindi. Kalit shiqirlagani eshitildi. Eshik ochilib-yopildi. Shu payt uni aqldan ozdirayozgan tanish ovoz eshitildi: 
-Men keldim. Kun o‘tdi, pul keldi.  
Ardis zaharxandalik bilan iljaydi. Demak, ular taslim bo‘lishmabdi! Uni qamoqqa tiqishmoqchi. Mayli, urinib ko‘rishsin. 
Erkak xonaga kirdi, engashib, uning yonog‘idan o‘pdi.
-Kechki ovqatga nima yeymiz? 
-Qovurilgan boyqush! Endi esa eshiting janob, kimligingizni bilmayman... 
-Yomonmas. Issiq suv bormi? 
-E Xudoyim, issiq suv bor. Qachon bo‘lmagan?-U chidab turolmadi. Bu kishi o‘zini uning eridek tutayotgan bo‘lsa-da, bunisi endi ortiqcha edi.-Yo‘qol bu yerdan!-chiyilladi Ardis.-Chidolmayman! O‘n besh yil chidadim, yetar... 
-Tushunmadim, nega jig‘ibiyron bo‘lyapsan?-u yelkasini qisdi.-Bo‘pti, yuvinib chiqaman.
-Bas qil! BAS QIL!-xonani uning chinqirig‘i tutdi.-U... sen o‘lgansan! Buni bilaman! Sen o‘lgansan, sen bilan gaplashishga xohishim yo‘q!
-Buni sen hal qilmaysan,-dedi Bill.-Har qalay, bo‘yning sinib o‘lganingdan beri.  
U shu so‘zlarni aytib vannaxonaga qadam tashladi. Nigohlari qotib qolgan Ardis polda yotarkan,  o‘zi uchun qanday jazo tayinlanganini endi-endi anglayotgandi. U endi Billdan qutula olmasligini va hayotining so‘nggi damlaridagi voqea qiyomatgacha har kuni to‘xtovsiz takrorlanishini tushungandi.

Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.