background
logotype

Jorj Bredshou. "Bosh chanofi va boyo‘g‘li" (hikoya)

Ishi o‘ngidan kelib yurgan kartina galereyasi egasi Eduard Lorillard, yumshoqkursiga yastangancha qotma gavdasini cho‘zib, oyog‘ini stolga qo‘ydi-da, jiringlayotgan go‘shakni oldi. Uning xayolchan nigohi chiroyli buyumni, asl Vayoming nefritidan sayqallab yasalgan to‘q-yashil tuxumni silayotgan chap qo‘lida edi.
- Gazetalarni o‘qigandirsiz? – deb go‘shakdan Odri Makalisterning ovozi eshitildi.
- Ih-hm, - deb qo‘ydi Edvard Lorillard.
- Nima deb o‘ylaysiz?
- Nimani?
- Malerbni, - dedi Odri, go‘yoki shu kuni gazetalar faqatgina Malerb haqida yozgandek.
- A, bumi... - dedi Edvard ovoziga keraklicha befarq ohang berib.
Lekin o‘zining qoshlari chimirildi, barmoqlari toshtuxumni mahkam changalladi.
- Bu sizga biron naf keltiradimi?
- Yo‘q, - deb javob berdi Edvard. – Menda ikki-uchta suvrati, bir-ikkita ilk ofortlari bor, xolos.
- Menda esa bitta kartina. Bahosini hozirgina besh yuz dollarga ko‘tardim, tasavvur qilasizmi...
- Tasavvur qilaman, - dedi Edvard va uning barmoqlari toshtuxumni yanada mahkamroq changalladi.
- Xo‘sh...
- Xo‘p, bir vaqt topganda kirarsiz... - dedi Odri.
Edvard go‘shakni ildi. Oyog‘ini pastga tushirib, gazetani qo‘liga oldi. Uning mag‘rur yuziga soya qalqdi.
Odrining Malerb haqidagi gaplari uni tashvishga soldi, hatto bir oz cho‘chitdi ham. Xabarga uning ko‘zi tushgan, lekin shunchaki qarab qo‘ygan edi, xolos. Lekin, mana, bu yerda Parijdan berilgan telegramma gazetaning qariyb butun ustunini egallagan, undagi xabar shuncha muhim ekanki, halitdan London bilan Stokgolmda ham, Syurix bilan San-Frantsiskoda ham tarqalgan, xuddi shunday Nyu-Yorkka ham yetib ulgurgan. A men bo‘lsam bunga qiziqib ham ko‘rmabman, deb o‘yladi Edvard. Nima uchun?
Xabarning mazmuni quyidagicha edi: Moris Malerb yetmish sakkizta asarini yoqib tashlagani haqida bir haftadan beri Parijda yurgan mish-mishni tasdiqlabdi. Sakson yoshligi arafasida u, o‘zining aytishicha, ishlarini bir ko‘rib chiqib, shu yetmish sakkizta suvratni o‘rtamiyona degan xulosaga kelibdi-da, o‘sha zahotiyoq ularni ustaxonasidagi koshinli pechkaga tiqib, yoqib yuboribdi.
Pechka Edvardning esida, yaxshi issiq berar edi.
«Men hali kuchga to‘laman, - degan Malerbning so‘zlari ham keltirilgan edi. – Istagan paytimda kartina yarata olaman, lekin hammasi ham didimdagidek chiqavermaydi.»
Edvardning ko‘z oldida Parij maktabining buyuk namoyandasi, orasta qora kostyum kiygan, nishasta oq yoqali, saf terilgan kartinalar oldida turib, hayot va san’at haqida nutq irod qilishni yaxshi ko‘radigan cholning qiyofasi gavdalandi... Malerbdan boshqa hech kim hech qachon o‘rtamiyona kartina qilganman deb aytishga jur’at qilolmaydi. Telegrammada Malerb yo‘q qilgan kartinalardan bir nechtasining nomi aytilgan edi. Ko‘pi, tabiiyki, notanish, chunki ularni Malerb ustaxonadan chiqarmagan, faqat ayrimlarigina ko‘rsatilgan edi. Ro‘yxatga ko‘z yugurtirib, Edvardning nigohi to‘qqizinchi raqamda to‘xtadi: u yerda «Bosh chanog‘i va boyo‘g‘li» deb yozilgan edi.
U boshini ko‘tardi. Kartinani u bilardi, qaerdadir uning reproduktsiyasini ko‘rgan. U o‘rnidan turib, ma’lumotnomalarni saqlaydigan kabinetiga yo‘l oldi.
Lorillard-Gallerining orqa tomonida joylashgan kabinetdagi tartibsizlik bu xonaning qulayligi uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha edi. Bu rangpar nok og‘ochi bilan ishlangan, xira-sariq tusli ko‘n tortilgan divan, ustiga oq lolalar to‘zg‘igan ko‘ralar qo‘yilgan stollar qo‘yilgan chiroyli xona, stollarda ismliklar, muzey yo‘lko‘rsatgichlari, plakatlar, bukletlar - butun dunyodan to‘plangan son-sanoqsiz reklama «ashqol-dashqollari» qalashib yotardi. Bu uyum Edvardning joni-dili, keyin bu unga ishonch berar, uning xotirasi ham shunday ediki, nimani qaerdan izlashni doim bilar edi. Hozir ham «Bosh chanog‘i va boyo‘g‘li»ning reproduktsiyasini bir zumda topdi, ikki marta natijasiz urinishdan keyin, 1937 yilgi «San’at ismligi»ni tortgan edi, unda, o‘zi kutganidek, reproduktsiya ham bor ekan.
Cholning kartinani yoqib yuborganiga ishonish qiyin. U juda mukammal, qizg‘ish tagzamin, nozik oq ranglari, to‘yingan qora buyoqlari, yugurik-chaqqon chizgilari Malerbning o‘zigagina xos, muhtasham bir asar edi... Edvard kitobni stolga qo‘yib, deraza yoniga keldi... Ha, lekin savolning javobi qani: nima uchun bu xabar unga Odri Makalisterchalik ta’sir qilmadi? San’atda juda ko‘p narsadan boxabar bo‘lib ketib, haqiqiy dallolga xos havasmandlik ishtiyoqini yo‘qotib qo‘yganidan emasmi?
Bu son, yetmish sakkiz - mana, matbuotga nima ta’sir qilgan. Va bu tabiiy ham. Dunyodagi bironta muzeyda Malerbning shuncha asari topilmaydi. Ehtimol, tomoshabinlar uning buncha asarini birdaniga ko‘rgani ham yo‘qdir. O‘zigagina xos, faqat shulargagina xos dovruqli o‘n-o‘n ikki yorqin kartinaning bir zalda namoyish etilishining o‘ziyoq har qanday tomoshabinning hushini o‘g‘irlaydi. Bu yerda esa yetmish sakkizta...
Tomoshabin tushunmaydigan bitta narsa bor, bu buyuk rassomlarning sermahsulligi. Agar Lorillard san’at olamida yuz berayotgan nimaiki bo‘lsa, hammasidan hayrat titrog‘iga tushmay qo‘ygan bo‘lsa, demak, u o‘lgan. Hech bo‘lmasa, ishbilarmon sifatida.
Edvard yana stolga o‘tirib, ismlikni o‘ziga tortdi. Balki masala boshqa yoqdadir, - deb o‘yladi u. – balki, ko‘p narsaga fahmi yetmaydigan «Makalister» bekasining mendan tezroq fikrlagani malol kelayotgandir?
Edvar shu kartinaga tegishli bor narsani o‘qishga tutindi, yarim soat ichida ismlikdan o‘ziga kerakli narsalarni: qachon yaratilgani, o‘lchami, 1937 yili qanday peshvoz olinganini bilib oldi. Berilib o‘qiy turib, xuddi kutmaganda xayoliga allaqanday bir fikr kelib qolgandek yoki nimadir shu paytgacha noma’lum narsa birdan ochilgandek, titrab ketdi. U boshini ko‘tarib, ko‘rmayotgan nigohini kenglikka qadab qoldi. Xa-xa, deb xayolan kuldi u, Odri Makalisterga bir yaxshi saboq berib qo‘yadi.
Bir oylardan keyin, sokin tiniq bir oqshomda Edvard Odrini birga ovqatlanishga taklif qildi. Yettidan keyin, sal o‘tmay uning oltmishinchi ko‘cha hududida joylashgan saloniga qog‘ozga o‘ralgan, holatdan kelib chiqilsa, faqat kartina bo‘lishi mumkin narsani ko‘tarib kirdi. U Odrini salon ichkarisidagi mehmonxonadan topdi. Odri och-jigarrang divanda gazeta o‘qib o‘tirgan ekan. Bu - bog‘ tomonga chiqadigan eshiklari oynavand, katta kaminli va, albatta, ko‘p kartina devoriga osilgan, yerga qator terib qo‘yilgan chiroyli bir xona edi.
Odrining kulrang sochlarida nimadir sun’iylikni shubha qilish mumkin, lekin yuzi haqida bunday deb bo‘lmas edi. Nozik, go‘zal, xotirjam va o‘ziga ishongan - omadi yurishgan insonning yuzi. U Edvardga o‘ta qalin ko‘zoynagi ustidan qaradi-da, o‘ramni ko‘rsatib:
- Bu mengami? - deb so‘radi.
- Yo‘q, - deb Edvard o‘zi yaxshi ko‘radigan yumshoqkursiga o‘tirdi. - Lekin bunda. o‘ylashimcha, sizni hayron qiladigan bir narsa bor.
- Biron nima ichasizmi?
Edvard bosh irg‘adi.
- Bir qadah martini, eng zo‘ridan.
U o‘ramni ochishga tutindi.
Odrining iste’dodi ko‘p, martini tayyorlashi ham boshqa iste’dodlaridan qolishmas edi. Uning bir narsadan omadi kelgan - otasi urushgacha, ya’ni birinchi jahon urushidan oldin g‘amlab qo‘ygan bir necha bochka vermut vinosini unga qoldirgan edi.
Edvard bir yutum qildi-da, ko‘zlarini yumdi.
- Ilohiy, - deli u. – barmenlarni avliyolar qatoriga kiritishsa, siz birinchi bo‘lasiz.
Odri yana divanga o‘tirdi.
- Bahs boylaymizmi, shu gapni hamma barmenlarga aytasiz - dedi u, - Xo‘sh, endi meni hayron qoldiring-chi.
Edvard sigaret oldi.
- Kichik kirish qilishim kerak, - dedi u. – Bir-ikki hafta oldin Malerb haqida gaplashgan edik, esingizdami?
Odri hushyor tortdi.
- Haligi, o‘tda yoqish, esladingizmi? - dedi Edvard.
- Ha, ha, esladim.
- Gaplashganimizdan keyin maqolani diqqat bilan yana o‘qidim. Juda hayron bo‘lib qoldim... Malerbning ustaxonasida bo‘lganman, bilasiz. Ko‘p emas, lekin borib turardim.
Odri bosh irg‘adi.
- Bir marta borganman. Shunday bir shinam...
- Unda, - dedi Edvard. – koshinli pechkani ham eslaysiz?
- Eslayman.
- Gazetalarda uni kartinalarni xuddi shu pechkada qdi, deb yozildi.
- Ha.
- Xo‘sh, endi pechkaga kelsak. Uning eshikchasi o‘n sakkiz dyuymdan keng emas.
- To‘g‘ri.
- Xo‘p, mana. U yoqqan hamma kartinaning o‘lchamini bilmayman. Ularning ko‘pi, ehtimol, ixcham bo‘lgandir. Lekin bir narsani bilaman, hammasi ham kichik emas. «Bosh chanog‘i va boyo‘g‘li» uchga to‘rt fut edi.
- Ha, lekin... – deb gap boshlamoqchi bo‘ldi Odri.
- Albatta, bilaman, kartinani qiyib, matosini olib, yoqsa ham bo‘ladi. Lekin nimagadir cholning shunday qilishini sira ko‘z oldimga keltirolmayman. Yoqib tashlashi mumkin, turgan gap, lekin u kartinani qiyadigan, yirtadiganlar toifasidan emas. Shunday qiladi deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, to‘g‘ri aytyapsiz.
- Nima bo‘lsa ham, aniqlashga kirishdim. Parijga Jan Lombardiga telefon qilib, undan ma’lumot olishni so‘radim. Va o‘tgan kuni... – shunda Edvard kartina o‘ralgan qog‘ozni ochishga kirishdi. – meni bojxonaga taklif qildilar, borsam meni nima kutyapti deng....
U tantanali ishora bilan kartina yuzini ochdi – bu Moris Malerbning «Bosh chanog‘i va boyo‘g‘li»si edi. Odri yaxshiroq ko‘rish uchun oldinga egildi. Ha, xuddi o‘zi, yorqin va mukammal, faqat ozgina nuqsi bor: yuqori chap burchagini olov yalagan, bo‘yog‘i xira tortgan edi.
- Chol kartinaning pechkaga sig‘masligini hisobga olmagan, - dedi Edvard. – Yoki fikrni o‘zgartirgan. Balki haqiqatni biz umuman bilolmasmiz. Nima bo‘lmasin, mana o‘zi – butun jilvasi bilan.
Odri o‘zini orqaga tashladi, qo‘llarini chalishtirib, o‘ychan bosh chayqadi. Edvard jilmaydi.
- Faroyibmi? – deb so‘radi.
- Ha, Edvard, - dedi Odri va o‘rnidan turdi. – Bu siz o‘ylagandan ham g‘aroyibroq.
U borib, shkafni ochdi, undan kartinani olib, Edvardning yoniga keldi va uni Edvardning kartinasi yoniga qo‘ydi.
Ular ayniy, to‘g‘rirog‘i, qariyb ayniy, olov Edvardnikining yuqori chap burchagini, unikining esa pastki o‘ng burchagini yalagan edi. Endi Edvard egildi va o‘z navbatida Odrining kartinasiga uzoq tikildi. Keyin qaddini rostlab, sigaret tutatdi.
- Siz tomoningizdan meni koshinli pechka to‘g‘risida uzun tarixni aytishga majburlash shafqatsizlik emasmi? – dedi u.
- Siz tomondan meni chuv tushirishga urinish-chi, - dedi Odri. – Edvard, azizim Edvard, do‘stligimizni bundan ishonchliroq deb yurar edim. qalbaki narsalar borasida kelishuvimizni aytmaganda ham.
- Shu gapni gapirmang, - deb Edvard atrofga xavfsirab alangladi. – Aytgancha, siz kartinangizni...
- Sizga ko‘rsatmoqchi edim. Lekin keyinroq. Ishtahangizni buzgim kelmagan edi.
Edvard kresloda o‘zini orqaga tashlab, kerishdi.
- Agar qanday ahvolga tushdingiz deb so‘rashsa, qip-qizil ahmoq bo‘lganimni aytardim.
- Xo‘p, yetar, - dedi Odri, - sizga yana bitta martini qilib beray. Keyin to‘yib kulib olaman. Undan keyin ishni gaplashib olamiz.
Edvard Lorillard bilan Odri Makalisterning do‘stona munosabatlari o‘zaro ishonch siyosatiga qurilgan edi. Agar ayrim mayda chekinishlarni aytmasa, bu munosabatlar ikki yildan davom etib keladi.
Bir kuni Edvard Uchinchi avenyu, yetmishinchi ko‘cha hududida ketayotib, antikvar do‘kon oynasida bir nechta kartinani ko‘rib qoldi. Edvard Uchinchi avenyudan yaxshi xarid yo san’at durdonasi izlaydigan anoyilardan emas, lekin bari bir, to‘xtadi: nigohi bir kartinaga tushgan, bu kartina uni hayratga solgan edi. U do‘konga kirar ekan, yuziga o‘ziga xos ehtiyotkorlik bilan zerikkan tus berdi, lekin bir necha daqiqadan keyin buning sotuvchiga zarracha ta’siri yo‘qligini ko‘rib, kartina uchun oltmish dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. U chek to‘ldirdi va o‘n daqiqadan keyin o‘z saloniga kelib o‘tirib, kartinani ochib ko‘rdi.
U ayni istagan narsasini xarid qilganiga tezda ishondi. Kartinada chizimcha bilan bog‘langan guldasta, gullar tagida bir nechta qalam chizgilar – barg va gulbarglar tasvirlangan edi. Fon yo‘q - nozik xolstga teginilmagan, u endi vaqt o‘tishi bilan sarg‘ish-jigarrang ifodaga to‘yingan edi. Lekin chizgi kuchi, bo‘yoqning yotishi – suykumli qirmizi va mayin niliy ranglar jilosi – uning Yugyust Renuarning tugallanmagan eskizi ekaniga shubha qoldirmas edi.
Edvard hech bunaqa narsaga duch kelmagan edi. U kartinani hashamatli chorcho‘pga solib, salon kiraverishiga, yoruqqa o‘ng‘ay joyga osib qo‘ydi.
Bo‘lgan ish shuki, Ben Govard kirib keldi. Edvard uni Renuar tomoshasiga berilgan payti uchratdi – nimjon asabiy qomat, egnida eski yomg‘ir po‘sh, aktyor yoki balki raqqosga xos nozik, yoqimtoy yuzli, beshpanjadan boshqa taroq nimaligini bilmaydigan qora jingalak sochli. 
Edvardning shu yerdaligini payqab, Ben Govard unga murojaat qildi.
- Siz aytolmaysizmi, bu kartina qancha turar ekan?
_ Sakkiz ming besh yuz, - dedi Edvard.
Shu payti Ben Govardning yuzi qanaqadir g‘alati bo‘ldi, o‘ta hayrat va zavqli bir tabassumdan yorishib ketdi.
- Sakkiz ming besh yuz, - deb takrorladi u xuddi ishonmagandek.
- Ha, -- dedi Edvard. – Zo‘r-a, to‘g‘ri emasmi?
- Siz bilan qanday... – deya ikkilanib gap boshladi Ben Govard. - qanday qilib ikkovimiz holi joyda gaplashib olsak.
Edvardning rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmadi.
- Marhamat, menikiga yuring, - deb uni kabinetiga boshladi.
Ben Govard gapni aylantirib o‘tirmadi.
- Men buni oxirgi ko‘rganimda, unda bu narsa yo‘q edi.
Edvard uni bo‘ldi:
- E, uni bilasizmi?
- Ha, Uchinchi avenyudagi komission do‘konga men olib borganman. Sotishga.
- Shunaqa deng, – dedi Edvard.
- Hozir o‘sha yerdan kelyapman. Sotuvchi qirq dollar to‘ladi, dedi sizni, menga ulushimni berdi. Yigirma to‘rt dollar.
- Sizni u aldabdi, - dedi Edvard, - men oltmishga oldim.
- Ajab emas, - dedi Ben Govard. – Bari siz uchun foydali bitim bo‘lgan.
- To‘g‘ri lekin.
- Sizni keyin ham shunaqa bitimlar qiziqtiradimi?
- Ehtimol.
Ben Govard uyalinqirab, ehtimolki, kechirimli jilmaydi.
- Men aytmoqchi edimki, oxirgi ko‘rganimda unda bu ismi shariflar yo‘q edi. O.R.ni nazarda tutyapman. Bu Ogyust Renuar degan ma’noda shekilli?
- Shunday shekilli, - dedi Edvard. – Buyuk rassomlar o‘z asarlariga imzo qo‘yishga kelganda beparvolik qiladilar. Lekin xaridor olgan narsasi ishonchli bo‘lishini istaydi. Balki ayol deyishim kerakmidi. Ayollar ayniqsa imzoga o‘ch bo‘ladilar. Shunga ishonadilar.
Ben Govard bosh irg‘adi.
- Xo‘p, tushunarli, - U keskin burilib eshikka yo‘l oldt. – Men yana kelaman. Sizga qaysi vaqt o‘ng‘ay?
- Ertalab, - dedi Edvard.
- Ertalab, - deb takrorladi Ben Govard. Keyin yana o‘girilib, ko‘zlarini katta-katta ochib, sekin shivirladi: - Sakkiz ming besh yuz!
Bu endi yo‘ldan ozish edi.
Ben Govard ikki kun o‘tib keldi, keyin yana va yana keldi. Uning ishchanligi, Edvard bildiki, hayratomuz edi. Bir haftada uning mo‘yqalami ostidan Xuan Grisning xushsurat suvbo‘yoqlari, Kandinskiyning burama va aylanmalari chiqib kelaverardi. Bundan tashqari uning donolik darajasida aqli ham bor edi. U durdonalarni chizmaydi. «Durdonalar, - dedi u bir kuni, - ustalarning o‘zida turaversin. Mening ulushim - qoralama, tugallanmagan suvrat, kichkina bag‘ishlovlar. Bugunga narx-navoda, bilib qo‘ying, yetadi shu.» Edvard va Ben Govard o‘rtasida baxtli hamkorlik davri shunday boshlandi.
Bu ikki mubham juftlikning yasamalari rangtasvir ixlosmandlari qo‘liga o‘tib, Florida, Arkanzas, Oregondagi ko‘plab badavlat xonadonlar devoriga ko‘rk berdi.
Lekin bu davr uzoqqa cho‘zilmadi.
Ustalarning kartinalarini nusxa qiladigan, qalbaki yasaydigan Ben Govard toifasidagi odamlarning ko‘pi nafaqat ularning iste’dodidan, balki ochko‘zlikdan ham bebahra edi. Lekin Ben Govard unaqa emas, u Edvarddan osmon qadar bo‘nak so‘rar ediki, ajralish muqarrar bo‘lib qoldi, baqir-chaqir, so‘kinish, o‘zaro aybsitish boshlandi va ular yuzko‘rmas bo‘lib ketdilar.
Ayni shu vaziyat kutilmaganda Odri Makalister bilan Edvardni yaqinlashtirib qo‘ydi. Edvarning shahardagi yangilikdan bexabar qolmaslik uchun haftada bir-ikki marta boshqa salonlarni aylanadigan odati bor edi. U bir kuni kechqurun Odrining salonida yurganida uning kabineti eshigi ochilib, ichkaridan Ben Govard asabiy yugurib chiqdi va eshikka yo‘l oldi. Ko‘p o‘tmay Odrining o‘zi chiqdi, uning fe’li aynigan, Ben Govardning ketganiga ishonch hosil qilish uchun shekilli, atrofga alanglab oldi.
Edvard bu sahnani boshqa ko‘zlardan pana bir qulay joyda kuzatib turdi.
Edvardning kallasida fikrlar g‘ujg‘on o‘ynadi, lekin hayajoni ta’sirida ish tutdi. Odrining oldiga borib:
- Meningcha, siz bilan keragicha tanishmiz, bu sizni tushlikka taklif etishga huquq berar deb o‘ylayman, - dedi.
Odri sinini buzmay, javob berdi:
- Men jon-jon der edim.
Bu tushlik, uning sababi hamdardlikmi yo ochko‘zlikmi, ishqilib, Odri Bilan Edvard o‘rtasidagi harbiy ittifoqning boshlanishi bo‘ldi.
Ayni Odri kechqurun Edvardni hayron qo‘yib, jilovni qo‘lga oldi.
- Ba’zida o‘ksinib ketaman, - dedi Odri dasturxon ustida. – o‘rta asrlarda tug‘ilmaganimga.
- Nimaga endi? – dedi Edvard.
- Chunki u paytlari antiqafurushlar ancha oson yashaganlar. O‘sha vaqtlari mijozlarga nima kerak edi? Avliyoning suyagi, ilohiy xochning bir parchasi. Bu talabni qondirish oson bo‘lgan. Xoch parchalari nasroniy dunyoda shu qadar ko‘p bo‘lganki, butun boshli saroy qurishga ham bemalol yetgan. .
- Azizim, juda to‘kin yashagan bo‘lar edik.
Odri unga qo‘shilib bosh irg‘adi.
- Shu kunlarda Omaxadagi bir mijozim oshxonasini bezash uchun Monening kartinasini ololmay yurganidan, aytganday, yaxshi bahoga, noumidlikda o‘zini ado qilyapti.
Eduard tashvishmand qiyofaga kirdi.
- Monening yangi kartinasini ko‘rdingizmi? Anavi, o‘n to‘rtga yetti fut, kartina emas, uyning o‘lchamida, shunday emasmi... To‘xtang. Menda sizga bop Mone topilarmikan...
Odri kulib yubordi.
- Tashvish qilmang. Aytgancha, menga bugun bitta Moneni taklif qilishdi. Sizning oshnangiz Ben Govard. Jirkanch kimsa.
Edvard qoshini hayron kerdi.
- Mening oshnam?
Odri uning ko‘zlariga dadil qaradi.
- O‘zingizni go‘llikka solmang, - dedi u. – Ben Govarddan men ham kartina olardim. Xuddi sizga o‘xshab.
Edvard stol uzra sekin egilib, qo‘lini Odrining qo‘liga qo‘ydi.
- Endi, - dedi u, - biz ishga kirishamiz.
Betavfiq ittifoq gurkiradi. Buni ular maqsadi arzon olib qimmatga urish bo‘lgan va keraksiz raqobatdan holi himoya uyushmasi qilib oldilar. Bunda, albatta, Ben Govard o‘yindan chiqarib tashlandi, chunki bu ishda qiziqqonlik xatarli. Ben Govardning yagona fazilati – ko‘p qirralilik, lekin o‘zining tor sohasida mahorati hech kimdan qolishmaydigan odamlar ham ko‘p, lekin ularning ajoyib fazilatlari – kamtarliklari bor edi. Ularning piri Gyote edi. Nusxakashlarning mehnatidan hayratga tushgan, bu mehnatni muqaddas nusxa deb atagan Gyote.
- Oxir-oqibat, - dedi bir kuni Odri. – agar suvrat go‘zal bo‘lsa, uni kim chizganining nima farqi bor? Muhimi shunda-ku.
- Shunda, - deb takrorladi Edvard. – yana, pulida ham bo‘lsa kerak...
- Axir, tushunasiz-ku, qalbaki deb yerga urish ahmoqlik. O‘h, bu o‘n to‘qqizinchi asr, la’nati ahloqi bilan birga qurib ketsin. Mikelanjeloning yunon haykallaridan ko‘chirgani hammaga ma’lum-ku. Odamlar bu bilan uni kam hurmat qilmaganlar.
- Ha, to‘g‘ri, - dedi Edvard. – lekin Mikelajeloda qalbaki ham muayyan ichki qadriyatga ega edi... Yo‘q, azizim, o‘zimizni aldamaylik. Biz ko‘chaning soya tomonidan yuramiz. Bu haqiqat, unga yo ko‘nish kerak yoki, hech bo‘lmasa, mardona dosh berish kerak. Bir ko‘zing ariqchadan tilla tanga izlash bilan band bo‘lsa, ikkinchi ko‘zingni qonun vakillaridan uzmaslik kerak...
- Edvard, bilasizmi, - dedi Odri, - men hech qachon kambag‘allrga sotmayman.
- Siz qo‘yadigan narxlarga qaraganda, - dedi Edvard, - shunday bo‘lsa kerak, deyman.
Albatta, ularning hamkorligi davomida Malerbning «Bosh chanog‘i va boyo‘g‘li»si bilan bo‘lganidek voqea yuz bermagan. Bir tomondan, ikkalasining ham aqli shunday aniq-taniq ham hamohang ishlaganini o‘ylab zavqlangan, ikkinchi tomondan, bu ularning ishi, ishda shunaqa bo‘lib qolganidan tahlikaga ham tushgan edilar. Ular hammasiga tasodif deb qaradilar-da, tubini o‘ylab o‘tirmadilar. Kartinalar voqeasida hech qanday firib yo‘q, ikkalasini ikki usta chizgan, Edvard o‘zinikiga o‘zi olov tekizgan edi, Odri ham o‘zinikiga.
Gap endi bu yog‘iga nima qilishda qoldi. Kartinalarning bittasi yo‘q qilinsa, aqldan bo‘ladi. Lekin qaysini? Odri o‘zinikini eng yaxshisi deb bilardi, Edvard esa o‘zinikini. Bahs cho‘zildi, lekin kutilmaganda gazetadagi bitta xabar ularning tortishuviga chek qo‘ydi.
Mendeks muzeyi Malerb kartinalari ko‘rgazmasi ochilishini e’lon qildi. «Mendeks» ellik yil oldin German Mendeks asos solgan qadimiy, mo‘‘tabar muzey bo‘lib, narxlar arzon paytlari to‘plangan yaxshi kartinalarga boy xazinasi bor edi. Endi muzey Malerbning o‘z kollektsiyasi, boshqa muzeylar va shaxsiy kollektsiyalardan olingan katta ko‘rgazmasini va’da qilgan, bunda albatta, kartinalarning yoqib yuborilgani haqidagi xabarning ham ta’siri ancha edi.
- Mana, nihoyat, - dedi Odri. – endi hammasini – Malerbning to‘lik kartina saylanmalarini bir vaqtning o‘zida ko‘rib, ularga qaysimizniki rangi va uslubi bo‘yicha yaqin ekanini hal qilamiz.
Ikkalasiga ham ochilishiga taklifnoma keldi va ular birga bordilar. Tomoshabin odatdagidek: kamtarona kiyingan boylar, boy kiyingan kambag‘allar, san’atni sevadigan televizionchilar va hech bir tadbir shularsiz o‘tmaydigan odamlar edi. Hamma bir-biriga, bitta yarim odam kartinalarga intilgan edi.
Edvard bilan Odriga kutilmagan sovg‘a muntazir ekan. Uchinchi zalga kirishlari bilan to‘g‘rilarida, devorning markazida boshqa kartinalardan alohida osig‘li, mukammal, zarar ko‘rmagan, olov tegmagan «Bosh chanog‘i bilan boyo‘g‘li»ga ko‘zlari tushdi.
Ular bir muddat hayrat bilan, unsiz sukutda kartinaga tikilib qoldilar, Keyin Odri Edvardning qo‘lini ushlab, titroq bilan siqdi.
- O‘ylab ko‘ring... – dedi u, - bir o‘ylab ko‘ring, agar ham biz...
Ular kartina yoniga borib, tagidagi yorliqni o‘qidilar. Unda «Yangi xarid. Muzey mablag‘iga olindi» deb yozilgan edi.
- Men bilishim kerak, - dedi Edvard, – yuring.
Ular muzey saqlovchisi, ko‘hna Nili xonimni o‘z kabinetidan topdilar: ko‘ksiga qadalgan ikki atirgul bilan qirqquloq novdasi unga vaziyat taqozo qilgan tantanali tus bergan edi.
- Ah, bumi! – deb xitob qildi u. – Xo‘sh, qoyilmisiz? Bir omadimiz keldi-da, deb o‘ylaymiz. Bilasizmi... – u kimgadir jilmayib bosh irg‘adi, - kechirasiz... Malerb uni yo‘q qildi deyishar edi, lekin unday emas. Buning tarixi uzun. Malerbga qo‘shni turgan bir amerikalik yosh rassom unikiga haligi... ertasiga kirib, – u «yoqilgan» degan so‘zni aytgisi kelmadi. – «Bosh chanog‘i va boyo‘g‘li»ni ko‘radi. Shu zahoti sotib oladi. Malerb buni ham yoqmoqchi bo‘lgan shekilli, lekin nimadir bo‘lgan, yo fikridan qaytgan, bu ham baxtimizga. Biz ehtimol, nima bo‘lganini hech qachon bilmasmiz. Lekin bu voqeaning hammasi emas. Boshqa payti, bunchalar band bo‘lmaganimda...
- O‘sha amerikalik rassomning oti nima ekan? – deb so‘radi Odri.
- Oti, - dedi Nili xonim. – uni eshitmagan ham bo‘lsangiz kerak. qariyb nom qozonmagan. Ben Govard uning oti.
Edvard ko‘chada aytdi:
- Yaxshi, endi biz nima qilamiz?
- Met*ga boraylik, - dedi Odri. – Men san’at shaydosiman, rostdan ham qadimiy rassomlarning haqiqiy rangtasvirlarini ko‘rgim kelyapti.
Kechqurun, taomdan so‘ng ikkalasi Odrining och-jigarrrang divanida, issiqqina kamin qarshisida o‘tirar edilar. qahva ichilgan, Edvard qo‘lidagi armanyak to‘la qadahni jimgina aylantirar edi.
Nihoyat u:
- Hozirmi? – deb so‘radi.
Odri kiftini qisdi:
- Nimani ham kutamiz?
Edvard o‘rnidan turib, kamin yoniga bordi. Kaminning ikki tomonida «Bosh chanog‘i va boyo‘g‘li»ning nusxalari devorga suyab qo‘yilgan edi.
- Aval menikini, - dedi Edvard va o‘z kartinasini olovga tashladi.
- Har qalay sig‘di-ku, - dedi Odri.
Edvard Odrining kartinasini ham kaminga tashlab, divanga qaytdi. Ikkalasi ham olovning kartinalarni yamlashishiga jim qarab qoldilar.
- Shuncha mehnat-a, - dedi Odri, - shuncha niyatlar! Lekin, mayli. Hammasi yaxshilikka shekilli.
- Shunday, - dedi Edvard.
- Bitta narsa aniq. Ben Govard tamom. Agar u ekspertlar tekshiradigan, curishtiradigan muzeylarga sotish darajasida ahmoq bo‘lgan bo‘lsa, ishonavering, bir kun emas, bir kun...
- qo‘lga tushadi, - dedi Edvard divanga yaslanib. – Lekin boshqa
gap... – Edvard o‘ylanib qoldi. – meni kartinaning o‘zi hayron qoldirdi. Ikkalamiznikidan juda o‘tib tushadi. Ben Govardning qachon bo‘lmasin yaratgan hamma narsasidan shunchalar ortiq. Xayolingizga
kelmadimi, bu..
- Asl o‘zi emasmi? – Odrining ovozida ikkilanish bor edi. –
– Siz uning qadriga yetmaysiz deb o‘ylayman. Lekin, deylik, shunday ham bo‘lsin. Bari bir, bizga u xavfli emas, asl kartinalar bilan savdo qilsa ham.
Edvard kulib yubordi. O‘z qadahini ko‘tarib, Odriga qadah uzatdi.
- Keling, Ben Govard uchun ko‘taraylik, - dedi u.
- Bo‘ladi, - dedi Odri. – Ha, ko‘p narsada qarzdormiz undan.
* «Metropoliten myuzeum of arte», Nyu-Yorkdagi yirik san’at muzeyi
- Ben Govard bo‘lmaganida, - dedi Edvard. – hozir oyog‘imizni stolga qo‘yib, sog‘-omon gunohga botib o‘tirmagan bo‘lar edik...
Odri jilmayib qadah ko‘tardi.
- Kelajak haqida o‘ylab...

Ahmad A’zam tarjimasi

 

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.