OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jyul Vern. Jannatning bir bo‘lagi

Ulug‘ fransuz yozuvchisi Jyul Vern (1828 — 1905) ilmiy-sarguzasht romanlari bilan jahon adabiyotida nom chiqargan hassos adiblardan. Qirq yildan ortiqroq ijodi davomida u 65 jilddan iborat romanlar majmuasini yozib, meros qoldirdi. Yozuvchining “O‘n besh yoshli kapitan”, “Kapitan Grant bolalari”, “Sirli orol”, “Ostin-ustin”, “Antifer tog‘aning ajoyib va g‘aroyib sarguzashtlari”, “Suv ostida 80 ming kilometr” romanlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib chop etilgan.
1892 yili adib “Ajoyib va g‘aroyib sarguzashtlar” turkumiga kiruvchi navbatdagi “Klodius Bombarnak” nomli romanini nashr ettiradi. Asar qahramoni “XX asr” gazetasi muxbiri Klodius Bombarnak o‘sha yillari qurila boshlangan Kavkazorti va Markaziy Osiyo temir yo‘llari bo‘ylab poezdda Pekingacha boradi.
“Klodius Bombarnak” romanini yozishda muallif Markaziy Osiyo temir yo‘li qurilishida ishtirok etgan frantsiyalik va olmoniyalik injenerlar taassurotlaridan, shuningdek, mashhur frantsuz fotografi Nadar tushirgan rasmlardan foydalangan. Asardagi Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Marv shaharlari tasviriga bag‘ishlangan lavhalar aniq va ishonarli chiqqan. Quyida romanning Samarqand shahri ta’rifiga bag‘ishlangan o‘n ikkinchi bobi bilan tanishasiz.
Tarjimon

Samarqand Sug‘diyona vohasining Zarafshon daryosi oqib o‘tadigan serunum hududida joylashgan. Vokzaldan sotib olingan yo‘lnomaga ko‘z yugurtirarkanman, aqoid olimlar ta’riflashgan to‘rt jannatning biri Samarqandligini bilib hayratga tushdim. Keling, bu haqda lof urishni o‘sha zukko aql egalariga qoldiraylik.
Samarqand eramizdan avvalgi 328 yili makedoniyalik istilochilar tomonidan yondirilgan. 1219 yili Chingizxon shaharni talon-taroj qilib, vayronaga aylantirgan. Keyinchalik Samarqandni Amir Temur poytaxt qildi. Bu davrda shahar gullab-yashnadi. Biroq XV asrga kelib qayta vayron qilindi. Darvoqe, o‘sha asrda O‘rta Osiyodagi eng yirik shaharlar qadimiy shon-shuhratini qo‘ldan berib, xarobalikka yuz tutgan edi.
Poezdimiz Samarqand vokzalida qariyb besh soat turishini eshitib, yon daftarimga shaharda ko‘rganlarimni batafsilroq qayd etishni ko‘ngilimga tugdim. Vaqtni tejab ishga kirishish lozim edi.
Shahar ikki qismga bo‘linar ekan. Yangi shahar, ya’ni ruslar yashaydigan qismi hozirgi zamon me’morchilik san’ati asosida qurilgan binolari bilan ajralib turadi. Atrof yam-yashil bog‘lar bilan o‘ralgan, chetiga qayin daraxtlari o‘tqazilgan ko‘chalar, saroylar, shinam uylar kishining havasini keltiradi. Ayniqsa, eski shahar meni o‘ziga maftun etdi. Ulug‘vor va hashamatli obidalarni sinchiklab o‘rganish uchun kamida besh-olti hafta kerak bo‘ladi.
Yaxshiyamki yolg‘iz emasman. Yonimda mayor Noltits ham bor. U bo‘sh bo‘lgani uchun men bilan sayohat qilishga jazm etgandi. Biz vokzaldan chiqishimiz bilanoq yonimizda er-xotin Katernlar paydo bo‘lishdi.
— Sizlar shaharni tomosha qilmoqchisizlar shekilli, janob Klodius? — so‘rab qoldi qiziqchi artist. U masxarabozlarga xos harakat qilib qo‘lini boshi uzra aylantirdi. Bu bilan go‘yo Samarqand xaritasini chizib ko‘rsatgandek, bizga hazilomuz ishora qildi.
— Ha, topdingiz, janob Katern, — dedim men.
— Agar siz bilan Mayor Noltits rozi bo‘lsangiz, men ham sizlar bilan...
— Marhamat!
— Albatta, Katerna xonim ham men bilan birga, axir, men usiz bir odim ham...
— Marhamat, xonim tomoshamizga fayz kiritadilar, — dedi mayor xonim qarshisida tavoze bilan.
Men ham qo‘shimcha qildim:
— Do‘stlarim, charchamaslik va vaqtdan unumli foydalanish uchun arava kira qilishimizga to‘g‘ri keladi.
— Arava? — dedi ajablanib janob Katern. — Arava deganingiz nimasi?
— Mahalliy foytun.
— Unday bo‘lsa mayli, — rozi bo‘ldi artist.
Biz vokzal oldida turgan g‘ildirakli yashiklardan biriga o‘tirdik. Aravakashga durustroq choychaqa va’da qilishni ham unutmadik, albatta. Aravakash jonivorlarini ayovsiz savalab manzil tomon shoshiltirdi. Mana, bir juft chog‘roq ot bizni Samarqand ko‘chalari bo‘ylab olib ketayotir.
Arava tor ko‘cha bo‘ylab yurib, bizni Registon maydoniga olib chiqdi. Bu maydonni qo‘limdagi yo‘lnomada ta’riflangan Buxoro shahrining Registon maydoni bilan chalkashtirmaslik lozim.
Registon maydoni chorsu shaklida qurilgan. Maydonning uchala tomonida bolalarga diniy bilimlar beruvchi uchta madrasa qad ko‘tarib turibdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqandda 17 madrasa va 65 ta masjid bo‘lgan ekan. Madrasa binolari bir-biriga juda o‘xshab ketadi... Qayoqqa qaramang, sarg‘ish va ko‘kish rangga bo‘yalgan g‘ishtlardan terilgan va arab yozuvi uslubida bitilgan jimjimador bezaklarga ko‘zingiz tushadi. Dunyoda bundan-da chiroyli ranglar bo‘lmasa kerak. Minoralar engashib turgan bo‘lsa-da, hali-beri qulaydiganga o‘xshamaydi. Ishtiyoqmand sayyoh Uyfalvi-Burdon xonim aytganidek, bunaqasi bizda uchramaydi. Ular bizdagidek oddiy emas, baland bo‘yli minoralardir.
— Xo‘sh, janob Bombarnak, sizga Registon maydoni yoqdimi? — so‘radi mendan mayor Noltits.
— Juda ajoyib ekan! — xitob qildim hayratimni yashirolmay.
— Haqiqatan ham, — so‘zimni ma’qulladi janob Katern. — Bu joy balet sahnasi uchun quling o‘rgilsin dekoratsiya bo‘larkan. Gapim to‘g‘rimi, Karolina?!
— Sen haqsan Adolf, — bosh irg‘adi Katerna xonim. — Menga qolsa, mana bu minorani tiklab, hovlisining o‘rtasiga favvora o‘rnatgan bo‘lardim.
— Ajoyib fikr, Karolina! Menga qarang, janob Bombarnak, bizga mana shu maydonda sahnalashtirishimiz uchun uch pardali piesa yozib berolmaysizmi?
— Nomini “Buyuk Temur” deb ataymiz-da, — javob berdim men unga. Biroq mening taklifim artist janoblariga ma’qul bo‘lmadi. Aftidan, Osiyo hukmdori bo‘lgan qudratli shaxs qiyofasi “Asr oxiri”1 san’atiga mos tushmaydi, deb o‘yladi chog‘i. U engashib, rafiqasining qulog‘iga shivirladi:
— Azizim, men “Port-Sen-Marten”2 teatrida o‘ynalgan “Tun malikasi” afsonasida bundan ham go‘zalroq dekoratsiyani ko‘rganman.
— Men esa “Shatle” teatridagi “Mixail Strogov”3 piesasida ko‘rgandim, — ma’qulladi uni xotini.
Ular bilan tortishishning foydasi yo‘q. Axir, artist xalqi hamma narsaga teatr sahnasidagi dekoratsiyaga qaragandek qarab baho beradi. Er-xotin uchun mohir musavvir chizgan to‘lqinlanib turgan dengiz-u moviy osmon tasviri bo‘lsa bas. Sun’iy daraxtlar ham ular uchun tabiiysidan afzalroq. To‘g‘risini aytganda, ular san’atni hayotdan, borliqdan ustun qo‘yishadi. Demak, ularga jonli manzaraning go‘zalligini majburlab tan oldirib bo‘lmaydi.
Buyuk Temur haqida gurung boshlanganda, men mayor Noltitsga Sohibqiron maqbarasini ziyorat qilishni taklif etdim. Mayor orqaga qaytganimizda kirib o‘tamiz, dedi.
Biz Samarqandning katta bozoriga yaqinlashib qoldik. Aravamiz eski shaharning qing‘ir-qiyshiq ko‘chalaridan, bir qavatli oddiy binolar orasidan o‘tib, bir ulkan doira shaklida qurilgan imorat yonida to‘xtadi. Mana, bozor. To‘rt tarafda jun matolar, jundan to‘qilgan gilamlar, guldor shol ro‘mollar taxlab tashlangan. Xaridorlar talashib-tortishib savdolashmoqda. Matolar orasida bir xil shoyi juda xaridorgir ekan. Menimcha, bu gazlama samarqandlik satang ayollarning ko‘zini o‘ynatsa kerak.
Katerna xonim o‘zini xuddi Parijning “Bon marshe”4 savdo markazida yurganday bemalol tutardi.
— Qaniydi, manavi matodan bir kostyum tiktirsam. “Ulug‘ gertsoginiya”dagi rolimga zo‘r ketardi-da.
— Bu tufli “Kaid”da Ali-Baju rolida chiqishimga juda mos tushgan bo‘lardi! — uning gapini ilib ketdi janob Katern.
Shunday qilib, artistning rafiqasi o‘sha shoyidan bir necha arshin, eri esa bir juft kovush xarid qildi. Savdolashayotganda til biladigan mayorning ko‘magi asqotdi. U er-xotin Katernlar bilan molfurushlar o‘rtasida dallollik qilarkan, mol egalari nuqul “yo‘q”, “yo‘q” deyishardi.
Aravamiz yana yo‘lga tushdi. Biz Bibixonim masjidiga yetib keldik. Garchi bu koshona joylashgan maydon Registonga o‘xshash to‘g‘ri to‘rtburchak bo‘lmasa ham, naqsh-u bezaklarga boyligi bilan kishini hayratga solardi. Saqlanib qolgan gumbazlar, arklar, yarim ochiq qubbalar hanuz o‘zining yorqin, jimjimador bo‘yoqlari bilan ko‘zni o‘y    natadi. Zangor osmon ostida ko‘zni qamashtiradigan nilufar tusli bu qadim yodgorliklar qarshisida artistlarimiz og‘iz ko‘pirtirib maqtashgan opera teatrining sahna bezaklari hech nimaga arzimasligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ldi-qoldi. Rostini aytsam, arava bizni shaharning shimoli-sharqida joylashgan va Markaziy Osiyoning tengi yo‘q yodgorligi hisoblanmish Shohi Zinda maqbarasiga olib kelganida, hayratdan lol bo‘lib qoldim. Bu yerdagi inson aql-zakovati bilan bunyod etilgan koshinlar, bino peshtoqlari, naqshlar, taxmonlarni tasvirlab berishga umrim yetmasa kerak, deb qo‘rqaman. Bu yerda so‘z ojiz, faqat musavvirning serjilo mo‘yqalamigina asqotishi mumkin, xolos. Bu tengi yo‘q me’morchilik ansambli qarshisida inson aqli adashadi.
Ansamblning to‘rida, musulmon iqlimining aziz-avliyolaridan Qusam ibn Abbos maqbarasi joylashgan. Rivoyat qilishlaricha, Qusam ibn Abbos qabri ochilgudek bo‘lsa, ul zot tirik holida chiqib kelar emish. Ammo buning sirini bilishga hali hech kim jur’at etgan emas. Albatta, har qanday tilsimning kaliti bo‘lganidek, ehtimol, bunga ham yechim topilar. Baxtga qarshi, biz bu go‘zal koshona bilan xayrlashishga majburmiz. Er-xotin Katernlar ham Shohi Zinda ansambliga maftun bo‘lib qolishdi shekilli, teatrlar xususidagi bahslarini unutishib tomoshaga berilishdi.
Yana aravaga tushdik. Aravakash otlarini supirib-sidirilgan soya-salqin ko‘chalar bo‘ylab yo‘rttirib ketdi. Ko‘chadagi yo‘lovchilar turli-tuman rangdagi to‘nlar kiyib olishgan, boshlariga salla o‘rashgan... Samarqandda qirq mingga yaqin aholi yasharkan. Ularning aksariyati gavdalari chayir, yuzlari quyosh taftidan jigarrang tus olgan... Shu o‘rinda Uyfalvi-Burdon xonimning hikoyasidan bir parcha keltirib o‘tsam. Xonim shunday yozadi: “Ularning sochlari tim qora, soqollari ham qop-qora va qalin. Qo‘y ko‘z. Burunlari chiroyli bo‘lib, lablari yupqa, tishlari esa mayda. Peshonalari keng va do‘ng. Yuz bichimlari cho‘zinchoq”.
Janob Katern ajoyib guldor to‘n kiygan bir erkakni ko‘rsatib, hayajonlanib xitob qildi:
— O, birinchi rolga aynan mos qaddu qomat! Mana buni haqiqiy Meling desa bo‘ladi. Uni Rishpenning “Nona-Sohib”i yoki Merisning “Shamil”ida sahnada bir tasavvur qilib ko‘ring-a!
— Ha, u ozmuncha pul ishlamagan bo‘lardi, — qo‘shimcha qildi Katerna xonim.
— Sen yana har doimgiday haqsan, Karolina, — dedi janob Katern rafiqasiga.
Zero, nafaqat u uchun, umuman, barcha artistlar uchun ham, ijro etgan rollardan tushadigan pul aktyorning mahorat va talant mezonini belgilovchi asosiy omil hisoblanardi.
Mana, soat ham besh bo‘lib qolibdi. Tengi yo‘q go‘zal Samarqandning qaeriga bormang, biri-biridan chiroyli, hashamatli binolari kishini o‘ziga maftun etadi. Men bir muxbir sifatida Amir Temur maqbarasini ko‘rmasdan ketishni istamasdim. Aravamiz Go‘ri Amir maqbarasiga qarab burildi. Mahalla oralab borardik, son-sanoqsiz pastak guvala uylar ko‘z oldimizdan o‘tardi.
Go‘ri Amir maqbarasi men tasavvur qilganimdan ko‘ra ulug‘vor ekan. Maqbara firuza gumbazi bilan o‘z jamolini ko‘z-ko‘z qilib turardi. Tepasi qulab tushgan yagona minorasining hanuz saqlanib qolgan jimjimador naqshlari yalt-yalt tovlanardi.
Gumbaz ostidagi asosiy zalga qadam qo‘ydik. U yerda jahonga mashhur Fotih — Temurning qabri turardi. Chiroyli yozuvlar bitilgan qora nefrit tosh qo‘yilgan bu qabrda XV asr Osiyo tarixida dong taratgan hoqon Temur jasadi qo‘nim topgan. Zalning devorlariga son-sanoqsiz naqshlar tushirilgan firuza toshlar yopishtirilgan bo‘lib, uchiga jun ip bog‘langan muqaddas ustun Makkani ko‘rsatib turardi.
Uyfalvi-Burdon xonim o‘z hikoyalarida Go‘ri Amir maqbarasining bu tarafini sajdagohga qiyos etadi. Biz ham uning fikriga qo‘shilamiz. Tor yo‘lakdan zina orqali Amir Temurning xotin va qizlari dafn qilingan pastki dahmaga tushayotganimizda bizni vahima bosdi.
— Yerli xalq tilida nomi bu qadar ulug‘ bo‘lgan hoqon Temur aslida kim bo‘lgan? — so‘radi toqatsizlanib janob Katern.
— Amir Temur, — javob qildi mayor, — jahonni zabt etgan eng mashhur fotihlardan biridir. Agar uning qo‘l ostiga olgan iqlimlarini jam etguday bo‘lsak, unga teng keladigan hoqon dunyoda topilmas. Osiyo qit’asining Kaspiydan berisini, Eron va uning shimolidan boshlanuvchi viloyatlarini, Rossiyaning Azov dengizigacha bo‘lgan qismini, Hindiston, Suriya, Kichik Osiyoni egallagan va nihoyat bu sarkarda o‘zining ikki yuz minglik qo‘shinini Xitoyga boshlagandi...
Er-xotin Katernlarning ba’zi o‘rinsiz mulohazalarini e’tiborga olmaganda, Samarqandning milliy ranglarga boy ajoyib obidalari menda katta taassurot qoldirdi. Bu go‘zallik og‘ushida mast bo‘lib borarkanman, yonimizdan g‘izillab o‘tib ketayotgan velosipedlar xayolimni bo‘ldi. Ajabo, Amir Temur poytaxti ko‘chalarida velosipedlar yursa-ya!
— Qarang! Qarang! — qichqirdi artist hamrohim. — To‘n kiygan erkaklar velosipedda ketishayapti!
Velosiped haydab borayotganlar haqiqatdan ham o‘zbeklar edi.
Poezdimiz kech soat sakkizda Samarqandni tark etarkan, qadimiy shahar bilan xayrlashishdan o‘zga ilojimiz ham yo‘qligini his qildim.

Fransuzchadan Muhammadjon Xolbekov tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 34-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.