OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Keyt Shopen. Bekorchixo‘ja (hikoya)

O‘lguday charchadim. Shu oxirgi yillar ichida yomon charchab ketdim. Ancha vaqtdan beri tiriklik hamda biz o‘lim deb atovchi so‘ngsiz zulmat to‘g‘risidagi kitoblarni o‘rganish bilan bandman. Subhi sahardan boshlab o‘sha kitoblarim tomon oshiqaman, butun kun bo‘yi ham, quyosh avji tig‘ otgan pallalarda ham, hattoki yulduzlar milt-milt qilib turgan yarim kechalarda ham stol lampam yog‘dusida kitoblarim bag‘riga singib, boshimni hech ko‘tara olmayman. Mana endi miyam og‘riydigan bo‘lib qoldi, ozroq dam olishim kerakka o‘xshaydi.
Shunday kezlarda og‘aynim Paul bilan birga eshik ostonasiga cho‘nqayvolib o‘tirgancha chaqchaqlashib o‘tirishni xush ko‘raman. Paul hammavaqt ikki qo‘lini cho‘ntagiga suqib olgancha bekor yuradigan tanbal yigit. Unga nasihat qilishni boshlashim bilan u hingir-hingir qilib kuladi-da, nima, men sening yelkangda yuribmanmi, deya darrov gapimni qayirib tashlaydi. Mana hozir ham Paul ostonaga bahuzur cho‘kkancha bog‘dagi olma daraxtining qaerigadir kirib olib tinmay chirqillayotgan zag‘izg‘onning qo‘shig‘iga quloq osib o‘tiribdi. U menga qushning arz-dod qilayotganini aytadi. Go‘yoki zag‘izg‘on o‘z juftini u bilan birga oxirgi visol mavsumini o‘tkazib, unga yangi in qurib berishini istab, qattiq nola chekayotgan bo‘ladi. Paulning aytishicha, qushga boshqa yor kerak emas ekan. U to suyukli juftining yoqimli ovozini o‘rmonu dalalar osha sado berib yetib kelmagunicha tinmay kuylayverar emish.
Bu Paul xo‘p g‘alati yigit-da. Kun bo‘yi ko‘m-ko‘k osmon bo‘ylab erinibgina suzib borayotgan oppoq, momiq bulutlardan ko‘z uzmay, tikilgancha yotaveradi, hecham zerikmaydi.
Ba’zan u menga teskari o‘girilib, bog‘dagi gulzorlarning butun bo‘yini dimog‘iga to‘plab olib, atirgul devorining bor iforini go‘yo ichib yuborguday bo‘lganini so‘zlaydi.
Gohida o‘tirgan joyimizdan asta turamiz-da, tashqariga chiqib ketamiz, birgalikda tepaliklarning yumshoq yonbag‘irlari uzra ko‘tarilamiz, olmazorlar va atirgul devorlari oralab o‘tamiz, bug‘doy boshoqlari o‘sib yotgan dalalarning chetlari bo‘ylab avaylab qadam tashlaymiz, ayollaru erkaklar, bolalar bilan gavjum ko‘chalar ichidan yonma-yon yurib o‘tamiz.
U chindanam g‘aroyib yigit. U yonimizdan o‘tib ketgan har bitta odamning yuziga bir qarab qo‘yadi. So‘ng menga o‘sha odamning ko‘zlaridan uning butun ko‘ngil dunyosini o‘qib chiqqanini aytadi. Paul yer yuzidagi jami erkaklaru ayollar, jamiki bolalar to‘g‘risida hamma narsani biladi, hattoki ularning nega unday yoki bunday tarzda qarashlarigacha izohlab bera oladi. Paul tag‘in odamlarning nima maqsadda u yoqdan-bu yoqqa yugurgilab yurishlariyu boshlaridagi g‘am-tashvishlarigacha bari-barini aniqlay oladi. Shu og‘aynim bilan birga men go‘yo butun koinotni kezib chiqqanday bo‘laman. Ha, Paul benihoya dono, u shunday donoki, hatto mening ham aqlim sir-sira bovar qilmaydigan Xudoning tiliga ham bemalol tushuna oladi!
Faqat shu. Boshqa ish qilmaydi, bizning Paul...
 
Inglizchadan Qandilat Yusupova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.