OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Keyt Shopen. O‘kinch (hikoya)

Mamzele Aureliya basavlatdan kelgan, yonoqlari qip-qizil, sochlari endi-endi oqara boshlagan, ko‘zlari atrofga hammavaqt sinchkovlik bilan boqadigan o‘rta yoshlardagi erkakshoda bir ayol edi. U odatda, boshiga ferma erkaklari kiyadigan shlyapa kiyib yurar, sovuq kunlari egniga uniqib ketgan moviy yomg‘irpo‘sh bilan oyoqlariga zil-zambil kirza etiklarini ilib olardi.
 Mamzele Aureliya umri bino bo‘lib, turmushga chiqish borasida sira bosh qotirib ko‘rmagan edi. Bu ayol butun hayoti mobaynida hatto sevib ham qolmagandi. Bir paytlar, yigirma yoshlik avji durkun chog‘larida uning ham qo‘lini so‘rab kelishgan, ammolekin Aureliya o‘sha zahotiyoq bu taklifni keskin rad etgandi, shunday bo‘lsa-da, mana hozir yoshi ellikka yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da, Mamzele Aureliya bir o‘zi yolg‘iz yashab kelayotganidan zig‘ircha ham afsuslanmas edi.
 Peshonani qarangki, bu g‘aroyib ayol shunday keng-katta olamda yoppa-yolg‘iz yashab kelayotgandi, albatta, Mamzele Aureliyaning sodiq iti Ponto va ekinzorlarida mehnat qiladigan negrlaru bir-ikki dona sigir, bir juft xachir, turli-tuman darrandayu parrandalar hamda ayolning qo‘shotar miltig‘ini (bu qurolni u jo‘jalariga xavf soluvchi qirg‘iylar uchun ishlatar edi) hisobga olmaganda, Aureliya butunlay so‘qqabosh edi, balkim shu yolg‘izligi sababdanmi ayol Xudoga qattiq bog‘lanib qolgandi, tunu kun ibodatini hech kanda qilmasdi.
 Bir kuni ertalab osmonda to‘satdan paydo bo‘lib qolgan qora bulutlar kabi bir to‘p bolalarning uyi tomon yopirilib kelayotganiga Mamzele Aureliyaning ko‘zi tushib qoldi. Chaqirilmagan bu mehmonlaridan ayolning ko‘ngli biroz xijil tortdi. Bolalar Aureliyaning yon qo‘shnisi Odeliyaga tegishli edi, lekin, ochig‘ini aytganda, bu so‘qqabosh ayol shu paytgacha qo‘shnilarining hatto birontasi bilan ham u qadar apoq-chapoq bo‘lib ketmagan edi.
 Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, bolalari ortidan yosh juvon Odeliyaning o‘zi ham ko‘rindi. U bir qo‘lida jajji qizalog‘i Elodiyani ko‘tarib olgan, bir qo‘li bilan esa endigina etak-chechak qila boshlagan TiNommini bazo‘r yetaklab olgancha qoqilib-suqilib kelar, uning orqasidan katta qizlari Marselina bilan Marseletta ham shoshilgancha ergashib kelishardi.
 Odeliyaning yuzlari xadeb yig‘layverganidan qizarib, shishib ketgandi. Gap shundaki, juvonning olis shaharda yashovchi onasi og‘ir xastalanib qolib, qizini huzuriga chaqirtirgandi, baxtga qarshi juvonning eri ham yonida emas – Texasga ketib qolgandi, Texas esa Odeliyaga dunyoning bir tupkasiday juda uzoq joy bo‘lib ko‘rinardi, ustiga-ustak ayni chog‘da yollangan haydovchi Valsin ham stantsiyada ayolning yo‘liga ko‘z tutib o‘tirar edi.
 “Bilaman, Mamzele Aureliya, ishingiz bir dunyo, boshingizdan oshib yotibdi, biroq bu zumrashalarni sizdan boshqa kimga ham ishonib topshira olardim, o‘tinaman, yo‘q demang, to men qaytib kelgunimcha bolalarimga ko‘z-quloq bo‘lib tursangiz. Yo‘q-yo‘q, o‘tirmayman, ovora bo‘lmang, meni stantsiyada kutishyapti, Mamzele Aureliya, tushuning, boshqa choram yo‘q! Men uchun bir savob ish qiling, iltimos, kelib sizni albatta, rozi qilaman. Bir o‘zim shuncha bolalarni yo‘lda eplab olib ketolmayman, axir uzoq yo‘lda bu bolalar odamni aqldan ozdirishi turgan gap, aksiga olib erimning ham uyda emasligini ko‘rmaysizmi, Xudo ko‘rsatmasin, ishqilib, men uymalanib yetib borgunimcha onaizorim uzilib qolmasinlar-da, iloyim!” – chindanam favqulodda mushkul vaziyat Odeliyaning aqlini shoshirib qo‘ygan, juvonning toza boshi qotib qolgandi, u hatto nima deb, nima qilayotganini ham tuzukroq idrok etolmas edi.
 Juvon yalina-yalina baribir bolalarini Mamzele Aureliyaning uyi ostonasida qoldirgancha shoshib jo‘nab ketdi; bolalar esa quyosh kuydirayotgan, jajji jo‘jalar oyoqlari bilan o‘t-maysalarni bemalol titkilab yurishgan hovli o‘rtasida egasiz bir o‘zlari shumshayib qolishdi, lekin xayal o‘tmay biri tortina-tortina, biri bo‘lsa behadik, zipillagancha zina bo‘ylab orqama-ketin ko‘tarila boshlashdi. Shu damda havoda moychechaklarning ajib ifori bo‘y taratar, uzoq-uzoqlardagi paxta dalalari osha ishchi negrlarning quvnoq kulgulari sadosi o‘tkir jaranglab kelmoqda edi.
 Mamzele Aureliya bolakaylarga o‘zining norozi va sinchkov ko‘zlarini qadagancha serrayib turib qoldi. U bo‘mbaloq Elodiyanining og‘irligidan enkayib olgancha gandiraklab qadam bosayotgan Marselinaga xushlamaygina ko‘z qirini tashlab qo‘ydi. Shu onning o‘zida onasini so‘rayverib xarxasha qilayotgan TiNommini tinchlantirishga urinayotgan Marselitani ham bu sovuq nigohidan bebahra qo‘ymadi. Ikki-uch lahzalik shunday do‘q-po‘pisalaridan keyin Mamzele Aureliya biroz ko‘nglini bo‘shatib oldi-da, noiloj o‘zini qo‘lga olib, endi qilishi majburiy bo‘lgan ishlari rejasini o‘zicha tuzib chiqdi. Ayol dastlabki ishini to‘polonchilarning qornini to‘yg‘azishdan boshladi.
 Basharti bu bolalar Mamzele Aureliyaning qo‘l ostida ishhaqi olib, mehnat qilayotgan negrlar qabilida bo‘lishganda bormidi, ayol o‘sha vaqtning o‘zidayoq bu shumtakalarni bir zumda haydab yuborgan bo‘lar edi, ammo sho‘rlik Odeliyaning ohu zorlari uning bu qarorini qat’iy cheklab turardi. Biroq baribir, bola boqish hazil ish emas-da, axir bolalar kichkina cho‘chqa bolalari emas-ku, ular hammavaqt e’tibor talab qilib, odamdan astoydil mehr kutishadi; bu murakkab vazifa esa bu kabi yumushlarga butkul noshud bo‘lgan Mamzele Aureliyaning aslo qo‘lidan kelmas edi, umrida shunday qaltis vaziyatga tushib qolishini esa ayol hatto tushida ham ko‘rmagandi.
 Shuning uchun birinchi kunlari Odeliyaning polaponlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda, rosti, Mamzele Aureliya anchagina adabini yedi. Axir u jonsarak Marselettani baland va buyruqomuz ohangda gap eshitishi bilan darrov yig‘lab yuborishini qaerdan ham bilsin? Yosh Marselettaning tabiati shunaqa ekan-da! Mamzele Aureliya kichkintoy TiNommining ham gullarga ishqi baland ekanligin aniqlab oldi, kichkina bezori to gullarni bandidan uzib, bog‘dagi jami sara chechaklarni payhon qilmagunicha ko‘ngli hech joyiga tushmas ekan.
 “Unga hech qaysi tanbehingiz kor qilmaydi, Mamzele Aureliya”, - deya ayolga yo‘l ko‘rsatdi Marselina, - yaxshisi, siz uni stulga bog‘lab qo‘ying. Oyim hamisha TiNommining aqlini shu tarzda kiritib qo‘yardilar”. Mamzele Aureliya bezori TiNommini bog‘lab qo‘ygan stul kenggina va qulaygina ekan chog‘i kichkintoy unda bir zumda pinakka ketib qoldi, nihoyat Mamzele Aureliya to‘polonchilardan birini shu yo‘sinda tinchitdi.
 Oqshom cho‘kishi bilan ayol xuddi jo‘jalarni iniga haydab kirayotgan kabi bolakaylarning barini birma-bir joy-joylariga yotishlarini buyurdi, biroq kichkintoylar Mamzele Aureliyaning qarshisida kalovlangancha turib qolishdi. Axir ularning momiqqina yostiqlari ustiga har kech taxt qilib qo‘yiladigan tungi ko‘ylaklari qaerda qoldi, buning o‘rniga ular nima uchun xuddi xo‘kiz qamchisiday og‘ir qo‘l bilan ketlariga niqtalganlaricha yotoqlariga haydalishlari kerak? Har kech polning o‘rtasiga ularning toliqqan, quyoshda toblanib chang-chung bo‘lib ketgan oyoqlarini yuvib olishlari uchun keltirib qo‘yiladigan suv to‘la tos-chi, u qaerda qoldi? Shu tobda qizaloqlar Marselina bilan Marselettaning kulgusini qistatgan narsa, Mamzele Aureliyaning shumtaka TiNommini uxlata olmay toza xunob bo‘lib qiynalgani bo‘ldi, axir ayol bu yosh qaroqchiga Krok-mitan yoki bo‘lmasam Lup-garu to‘g‘risidagi ertaklar aytilmagunicha uxlay ololmasligini qayoqdan ham bilsin, yana kenjatoy Elodiya ham alla eshitib, tebranishsiz ko‘z yumishi o‘lguday qiyin ekanligini ayol bechora nihoyat arang tushunib yetdi.
 “Yaxshigina tavbamga tayanib qoldim, Rubi xola”, - deya iqror bo‘ldi Mamzele Aureliya o‘z oshpaziga yorilib, “men uchun bu bolalarga qarashdan ko‘ra o‘nlab plantatsiyalarni boshqarish osonroq ekan. Axir bu dahshat-ku! Jonim hiqildog‘imga keldi! Endi menga hech qachon bola to‘g‘risida og‘iz ocha ko‘rmang!”
 “Oh, Mamzele Aureliya-ey, bu olamda bolalardan-da beg‘uborroq zot topa olsangiz koshki edi. Axir bolalar bilan birga maza qilib o‘ynash kattalar bilan muomala qilishdan ko‘ra yoqimliroq emasmi? Menimcha, sizga ularning tilini topib olish mushkullik qilyapti. Bora-bora bolalar bilan qanday chiqishib ketganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz”.
 Shubhasiz, Mamzele Aureliya Rubi xolaning gaplariga o‘sha zahotiyoq qo‘shila qolmadi, buni qarang-a, to‘rtta-beshta to‘polonchi bilan ikki kunda til topishib bo‘larmidi – bu axir Mamzele Aureliyaday ayol uchun benihoyat murakkab vazifa-ku! Atiga zarurat tufayligina onalarning ikki-uch nayrangini o‘zlashtirib olganiga ham Mamzele Aureliya Xudoga behisob shukronalar keltirardi.
 Lekin baribir Rubi xola haq bo‘lib chiqdi: Mamzele Aureliya asta-sekin bariga ko‘nikib qoldi; u kichkina bezori TiNommining hammavaqt shira yuradigan qo‘llari uchun umrida hech tutmaydigan oppoq peshbandini tutib oladigan bo‘ldi, hattoki to‘polonchining mehr va tashakkur ifodasi sifatida chopqillab kelib cho‘lp-cho‘lp qilib o‘pishlariga-da o‘rganib qoldi. Ne-ne zamonlardan beri shkaf tepasida qo‘l tegmay, chang bosib yotgan igna-ip solingan savatcha ham joyidan qo‘zg‘aldi, endi Mamzele Aureliya yirtilgan kiyimlaru tugmasiz kamzullarni butlab qo‘yish uchun qo‘liga hattoki igna olishgacha majbur bo‘ldi. Ammo ayolning eng qiynalgan joyi butun kun mobaynida bir nafas ham tinmaydigan qattiq baqirig‘u chinqiriqlar, uyning u burchagidan-bu burchagigacha aks-sado berib, to qora kechgacha tugamaydigan shovqin-suronlar bo‘ldi. Lekin kechalari ham Mamzele Aureliya bahuzur uxlay ololmas edi, negaki kichkina Elodiyaning issiqqina bo‘mbaloq tanasi ayolga mahkam yopishib yotar, kenjatoyning o‘tday nafasi Mamzele Aureliyaning yonoqlariga go‘yo jajji qushning qanotlariday mayin urib turardi.
 Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmay Mamzele Aureliya axiyri bu g‘alvalarning bariga ko‘nikib qoldi, endi u ortiq nolimay ham qo‘ydi.
 Bir oqshom ayvonga qandaydir yumush bilan chiqqan Mamzele Aureliya ko‘cha muyulishida uyi tomonga qayrilayotgan Valsinning tanish ko‘k mashinasini ko‘rib qoldi. Haydovchining yonida ko‘zlari sog‘inchdan porlagan Odeliyaning intizor chehrasi aks etdi. Ular uyga tobora yaqinlashganlari sari Mamzele Aureliya yosh juvonning quvonchdan yorishib ketgan yuzlaridan uning uyga qaytib kelganidan behad xushbaxt ekanligini yurak-yuragidan his etdi.
 Shundayku-ya, biroq bu aytilmagan va kutilmagan tashrif Mamzele Aureliyaning qalbiga ulkan qayg‘u toshini-da bir onning o‘zida bostirib qo‘ydi. U darhol bolalarni to‘plab berishi lozim edi. Ax, bu zumrasha TiNommi qayoqda qoldiykin-a? E-ha, bu shumtaka bo‘lsa-bo‘lmasa, og‘ilxonada pichoq o‘ynab o‘tirgan bo‘lishi kerak. Xo‘sh, qizaloqlar Marselina bilan Marselleta-chi, ular qaerda qolishdi? Uyning biror burchagida qo‘g‘irchoqlariga ko‘ylak bichib, ularni yasantirish bilan mashg‘ul bo‘lsalar kerak-da. Birgina kenjatoy Elodiyadangina tashvish qilmasa bo‘lardi, negaki go‘dak Mamzele Aureliyaning qo‘llarida hech narsa bilan ishi yo‘q, o‘zi bilan o‘zi o‘ynab yotardi, ammo u onasini olib ketgan haydovchi Valsinning qadrdon mashinasi chiroqlarini ko‘rib qolishi bilan sevinganidan birdan qattiq qichqirib yubordi.
 Nihoyat, hamma to‘s-to‘polon tinchiydigan bo‘ldi, ana endi bolakaylar o‘z uylariga butunlay qaytib ketishadi. E-voh, ular buncha tez ketib qolishmasa! Axir kelganlariga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q-ku! Mamzele Aureliya peshayvon o‘rtasida turgancha negadir ich-ichidan yopirilib kelayotgan o‘kinch to‘la nidoga arang dosh bergancha jimgina turib qoldi. U hatto mashinaning qanday kelib, bolalarni qanday olib ketganini ham sezmay qoldi. Butun atrof-javonibdagi dalalar uzra qip-qizil shafaq shu’lalari ila g‘ira-shira shom ko‘lankasi cho‘kib borar, go‘yo mana shu tevarak olam ham bu qorong‘ulik ichiga tamomila qorishib ketayotganday bo‘lardi. Jami borliq uzra yoyilib borayotgan qirmizi tuman ichida ayolning nigohi ortiq hech narsani ilg‘amay qoldi. Uning quloqlari hattoki mashina g‘ildiraklarining quloqni qomatga keltirguday o‘tkir chirqirashini-da eshitmadi. Uning quloqlariga kichkintoy bezorilarning shodon, yangroq ovozlari qattiq o‘rnashib qolgandi.
 Mamzele Aureliya ohista xo‘rsingancha uyga kirib ketdi. Ichkarida uni bir dunyo yumush kutib turardi, bolakaylar butun uyni ostin-ustin qilib yuborishgan, hammayoq parokanda bo‘lib to‘zg‘ib yotardi, ammo xonalarni tartibga solishga ayolning qo‘li darrov bormadi. U stol oldiga xomush cho‘kdi. Yana bir o‘zi yolg‘iz qolgan jussasini qurshagancha tashqaridan o‘rmalab kirib kelayotgan tun rutubati chulg‘agan sovuq xonasi ichiga ma’yus bir nigoh tashladi. So‘qqabosh ayol boshini qo‘llari ustiga qo‘ydi-da, ich-ichidan otilib kelayotgan so‘zsiz faryodlarga ortiq bardosh berolmay oxiri yig‘lab yubordi. Ha, Mamzele Aureliya yig‘layotgan edi! Lekin uning yig‘isi hamma ayollarnikiday yumshoq, mayin yig‘iga o‘xshamasdi. Mamzele Aureliya xuddi erkak kishiday, butun yuragini pora-pora qilib yuborguday nola bilan o‘kirib-o‘kirib yig‘lardi. U hatto iti Ponto kelib, qo‘llarini yalayotganini ham sezmas edi.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.