OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Knut Hamsun. Qazo (hikoya)

1861 yil esdaligi 


Glanlar oilasi bedarak ketgan leytenant Tomas Glan xususida ro‘znomalarda ko‘p e’lon berib, so‘rab-surishtirishlariga qaramay, undan biron-bir xabar bo‘lmadi; u qazo qilgani, hatto qanday ahvolda o‘lganidan ham men yaxshigina voqif edim.
Ochig‘i, oilasidagilarning behuda bir qat’iylik bilan uni qidirayotganlari meni hayron qoldirmas, axir Tomas tegirmonga tushsa, sog‘ chiqadiganlar xilidan, yana nafsilamriga uni qadrlashardilar ham. Uni hamon o‘zimga raqib deb bilishga qaramay, esimga tushganda nafratdan qonim qaynab ketsa-da, ha, ha, men gardanimdagi qarzdan soqit bo‘lishim kerak. U kelishgan, istarasi issiq, navqiron va yana allambalo fazilatlar koni noyob nusxa bo‘lganidan har qanday kimsaning ham boshini aylantirar darajada edi. U ichingda nima borligini o‘qib oladiganday vahshiy, o‘tli nigoh tashlar, bu holati uning o‘ziga-da hokimi mutlaq ekanligi, shuuringda yaraqlab ketar, qolaversa o‘zi ham buni xo‘b his qilib turardi. Bu xususda bir ayolning rivoyatnamo mish-mishini eshitganman: «Qachon u menga ko‘z tashlasa, men o‘zimda bo‘lmay qolaman, u xuddi ko‘rinmas qo‘llari bilan menga teginayotganday bo‘ladi».
Biroq, beayb parvardigor. Tomas Glanda ham o‘ziga yarasha qusurlar qo‘r to‘kkan, madomiki, men undan nafratlanar ekanman, bu noqisliklarni yashirib o‘tirishning hech hojati yo‘q. Ul zamonlar Glan shunchalik anoyi, shu darajada ko‘ngilchan ediki, bamisli yosh boladay tegmanozik, shu bois tegrasida havasmand qadrdonlari girdi kapalaklari ko‘p bo‘ladi. Glan soatlarcha ular bilan har tur ahmoqona mavzuda bahslashar, keragidan ortiqcha laqillar, xoholar, unga esa faqat shu bema’niliklar kerak edi. Masalan, u biron-bir semiz odamni ta’riflasa, uni bir qop yog‘ deb malomatlar va o‘z topqirligidan mast bo‘lib qiyqirar, biron-bir majburiyat bois bu behayo gaplarni tinshashga to‘g‘ri kelgatsda, men juda hijolat tortardim. Keyinroq esa biz bir tom ostida tirikchilik o‘tkazishga to‘g‘ri kelganda uning qanchalik dumbul ekanligi bilindi-qoldi. Bir ertalab uyimizning xizmatchi ayoli xonamga kirdi-da, nonushtaga nima xohlashimni so‘radi. Men shoshib turardim, o‘ylab o‘tirmay: tuxumli bir burda non, - dedim. Tomas Glan ham uyimizning bolaxonasida, naq tomning tagida yashar, ayni pallada mening oldimda o‘tirardi. U birdan mening bu luqmamdan zavqlanib ketdi va xoholashga tushdi. «Tuxumli bir burda non», deb u qayta-qayta takrorlab, zavqlanar, buning hech bir kuladigan o‘rni yo‘qligidan hayratga tushib o‘tirsamda, bir nima deb yubormaslikka tirishardim.
Men bu eski gaplarni xotirlarkanman, uning beo‘xshov, dag‘al, bemaza qiliqlari qatorida, u g‘animim bo‘lishidan qat’iy nazar har holda nimadandir meni ayanganday ko‘rinadi. Unga nima uchun kerak edi bu oliyjanobliklar? To‘g‘ri, u mast-alast bo‘lgandagina, bunaqa ahmoqgarchiliklarga berilishini aytishim kerak. Biroq qay holatda bo‘lganda ham bu baribir jirkantiradigan noqisliklar emasmi?
Men u bilan tanishgan 1859 yil kuzida u o‘ttiz ikkiga chiqqan, biz hamteng edik. O‘shanda u butun yuzini qoplagan soqolda, egnida to‘qilgan ko‘ylakda yurar, yoqasi hamisha ochiq bo‘lgan bu ko‘ylagining yuqori tugmalarini ham o‘tkazay demasdi. O‘shanda uning chehrasi menga favqulodda kelishimli ko‘rindi, ammo uni ko‘rishga ko‘zim bo‘lmay qolganda yaxshilab razm solsam, uning chehrasida ham menikidan ortiqcha o‘ziga tortadigan hech vaqosi yo‘q ekan, faqat men o‘zimni uningdek namoyishkorona tutmayman. Men u bilan kemada uchrashib qoldim, hali biz yo‘lda, ko‘zlagan manzilimizga yetmagan, temiryo‘lga yetmay yo‘lda qolib ketmaslik uchun darrov arava topishni kelishib oldik. Men atayin ul joyni aytmayapman, negaki yana xotiram tirnalib o‘tishini istamasdim; Glanning oilasidagilar buni vijdonan tushunishlari, shunga ko‘ra qidiruvni to‘xtatganlari durust, chunki bor haqiqat, Glan men nomini tilga olishni istamayotgan manzidda aynan qazo qilgandir.
Xullasi kalom, men Tomas Glan bilan uchrashganimcha ham u haqida nimalardir qulog‘imga chalingan, shu bois menga uning asli bir qadar tanish edi. Eshitishimga qaraganda, u shimoliy norvegiyalik hech kimi qolmagan, ammo juda dovruqdi va badavlat bir ofatijon yoshgina qizga ishqi tushadi, biroq qizning sha’ni allaqanday mubham tarzda bo‘lg‘angach, u bilan aloqani uzadi. U nodonlarcha qiz qasddan o‘zini shunday sharmisor holga solgan deb laqillarkan. Aftidan, uning o‘zi qizni bunga majbur qilgan bo‘lishi kerak. Chunki bundan Glan hech yutqizmasdi. Negaki, o‘shanda Tomas Glan ishratboz, aroqxo‘r, janjalkash sifatida otning qashqasidek dong‘i chiqqan, shuning orqasida xizmatdan bo‘shagan paytlari bo‘lib, bu ham unga ko‘ngil ochar o‘yinlarining qiyomidagidek tuyulgan, hatto alamiga bu qasos olishning manaman deb turgan imkoni bo‘lib ko‘ringan bo‘lishi ham mumkin.
Yosh juvon bilan uning orasida shunga o‘xshash voqealar bo‘lgan deb mish-mish qilishar, ammo boshqacha gap so‘zlar ham yurar, aytishlaricha, u hech ham qizning nasog‘iga tegmagan, balki qizning ota-onasi uni ko‘rarga ko‘zlari bo‘lmagan va hatto uni uylaridan quvib solishgan, qiz bo‘lsa bu munosabatga qarshi biror-bir tadbir ishlatmagan, qaytaga ularning xohish irodasi bilan Glan ismini eshitishdan hazar qiladigan, xullas bir shved grafiga turmushga chiqib ketganmish. Men bo‘lsa bu gaplarga hech ham ishonmayman, nazarimda Tomas Glandan nafratlanishim boismi birinchi mish-mish haqiqatga yaqin, menga boshqalardan ko‘ra, ul voqea bo‘lganday tuyuladi. Ammo bu voqealar qay tarzda kechganu uning mashhuri jahon ma’shuqasi kim edi? Bu xususda Glan menga lom-lim demagan, men ham bu xususda hech qachon biron narsa so‘rab-surishtirmaganman. Menga bu zaril qolibdimi?
Men shuni xotirlaymanki, kemada gurunglasharkanmiz, oramizdan birontamiz avval bo‘lmagan bo‘lg‘usi manzilimiz xususida so‘zlashdik.
- Unda mehmonxona bor ekan, - Glan haritadan o‘sha joyni ko‘rsata turib so‘zida davom etdi, - yetganimiz zahoti darrov joylashib olardik. Bu kabilar xususida menga qoni buzuq ingliz kampir aytib bergan, aytishicha borar manzilimiz oqsoqoli qo‘shni ovulda yasharkan, uning bir gala xotini bo‘lib, ayollari 10 yoshdan katta emas, dyogandi.
Ochig‘i, men bu haqda hech nima eshitmagandim, oqsoqolning xotinlari sanog‘i-yu, qishloqda mehmonxona bor-yo‘qligi tushimga ham kirmaganligidan lom-lim demadim. Glan bo‘lsa, g‘aroyib hikoyasi adog‘ida nim tabassum qilib qo‘ydi va bu iljayish o‘shanda menga juda ham ajabtovur ko‘ringandi.
Ha, darvoqe, men qariyib unutayozibman. Uning kelishgan qaddi-qomati ham nuqsondan xoli emasdi. O‘zining aytishicha, chap oyog‘ida ancha ilgaritdan tuzalmas o‘q jarohati bo‘lib, obi-havo o‘ynab turar, rutubatli kunlarda bu oyog‘i zirqirab chiqardi.

II

Bir hafta o‘tib biz kattagina kulbaga joylashdik. Eshitganimdek, duragay ingliz kampir uni mehmonxona, deb atardi. Oh, bu mehmonxonasini! Mehmonxona devorlarining katta qismi loy shuvoqli, ba’zi o‘rinlardan yog‘ochlar chiqib turar, bu yog‘ochli joylarda hamisha allaqanday hashoratlar g‘ujg‘on o‘ynar va odamga hech tinchlik bermasdi. Men yashagan xona zalning yonidagisi bo‘lib, uning xira, kambar derazasi ko‘chaga qaragandi. Glan bo‘lsa bolaxonadagi qorong‘u bir chaldevorni tanlagan, bu xonaning o‘zidan ham beshbattar - go‘rning og‘zidek xunuk derazasi borligi ham rost edi. Quyosh kulbamizning poxol tomini ayovsiz qizdirganidan, tunu-kun bu azobga Glan mahkum, chidab bo‘lmas bu jaziramadan tashqari uning xonasiga chiqishga rosmana zinapoya ham yo‘q, shunchaki tirkab qo‘yilgan, ag‘darilarday g‘arib yog‘ochlarg‘a tirmashib, uning o‘z xonasiga chiqishga majburligini aytmaysizmi? Albatta, bunda mening zarracha gunohim yo‘q. Men hali, joylashmasimizdan oldin uni gapga solib, avvalo tanlash imkonini unga havola qilgandim.
- Bu yerda xona ikkita ekan. Ko‘rib turganimizdek biri pastda, ikkinchisi tepada, xohlaganingizni tanlang.
U ikkisiga ham razm solib, yuqoridagisini tanladi. Men rozi bo‘la qoldim, ehtimol, menga xonaning yaxshisi qolgandir, lekin bu uchun unga tashakkur aytishim kerakmi? Biz shunday rozi-rizolik bilan orani ochiq qilib olgandik. Haddan jazirama kunlar biz ovga chiqmasdik. Uyda tanda qurardik: O, jaziramaning avjini, naq yondiradi o‘ziyam. Tunda esa to‘rlarni qurt-qumursqa, kemiruvchilardan muhofaza qilardik, yo piray, bir safar to‘rimizga ko‘rshapalak tushib qolgan va uning bir bo‘lagini kemirib tashlangandi; Glan bilan butsday tasodiflar kam bo‘lmas, buning ustiga u bechora issiqlarda bolaxona derazasini berkitishni ham hech ilojisini qilolmas, meni bo‘lsa hudoyimning o‘zi yorlaqagandi. Qunduzlari biz kulba oldidagi bo‘yrada cho‘zilib olardik. Chekishib, qo‘shnilarning hayotini kuzatardik. Lablari qalin qora tanli mahalliy aholining qora ko‘zlari hamisha yaltirab turar, quloqlarida sirg‘a; ular qariyb yalong‘och yurishar, faqat sonlarida latta yo shapaloq barglardan bog‘ichlargina ko‘rinar, ayollarining etaklari yanada kalta bo‘lardi. Bolalar tunu-kun sarpoychang chopishar, katta qornilari yaltirab ko‘zga tashlanardi.
- Ayollari bunchalik so‘lquldoq bo‘lmasa-ey, - Glan menga luqma tashladi.
Bahslashish shart emas, haqiqatdan ham ayollari semiz, deyilgancha bor. Hatto, buni Glan emas, birinchi bo‘lib o‘zim payqagan edim, ammo buni tilga olishni ep ko‘rmagandim; qolaversa, ularning hurmatini qilib, bir nima degim kelmagandi. Keyin hammasini ham badbashara va semiz deb bo‘lmas, aksincha men bir nim hundu, uzun kokil, marvarid tishli dilbar bilan tanishib qoldimki, u hammasidan alomat edi. Men unga ilk bora duch kelgan kechki pallada u sholipoya roshidagi bo‘liq o‘tlar ustida uzala tushib, chalqanchasiga yotgancha, oyoqlarini likillatib o‘ynatardi. Biz til topishgach, u uyiga ketmadi, ota-onasig‘a qo‘shni qishlokda tunab qoldim, deb yolg‘onlashga qaror qildi va biz subhi-sodiqdagina zo‘rg‘a ajrashdik. Glan o‘sha kechni, juda yosh, hali o‘nni ham to‘ldirmagan ikki o‘smir qiz bilan o‘tkazibdi. Ha, mana uning shu darajada jirkanchlikka borishi mumkinligini ko‘ring, yana bu sholi orog‘i totimi, uning toti sarxushligidan yuz bergan. bo‘lsa kerak bu.
Ikki kun o‘tib, biz ovga jo‘nadik. Biz choy plantatsiyalarini, sholipoyalarni, o‘tloqlarni ortda qoldirdik, qishloqlardan o‘tdik, tobora o‘zimizdan uzoqroq joylarga intilardik, shunda bizga qalin o‘rmonda mo‘‘jizaday, umrimizda hech ko‘rmagan daraxtlar uchradi. Bambuk, mango, tamarind, tik, tuz daraxt, kamed va xudo biladi yana allaqanday daraxtlar, lekin biz ular haqida qariyb o‘ylamasdik. Daryoning suvi jildirab oqar, bir tomchi yomg‘ir tushsa, bilingudek edi. Biz yovvoyi kaptar va xo‘rozlar otdik, asr palla, boshimiz ustida ikkita to‘ti uchib borar ekan, ikkita qoplon ko‘rindi. Glan mo‘‘jizaday nishonga urar, uning o‘qi hech qachon xato ketmasdi; merganlikda men ham undan qolishmasdim, biroq, sezishimcha, uning miltig‘i menikidan tuzukroq edi chog‘i, shundayam, men ham nishonga aniq urib turdim, lekin lof urish, maqtanchoqlik qilishga hech hushim kelmasdi; Glan esa aksiga olib, laqillashdan qolmasdi: «Bunisini boshidan, bunisini dumidan urib tushiraman». U navbatdagi o‘ljasiga o‘q uzishdan ilgari shunday der, qachonki, o‘lja qulab yotganda ko‘rilsa, u aynan boshi yo dumidan o‘qqa uchgani rost bo‘lib chiqardi. Biz ikki qoplonga duch kelganda, Glan sochma bilan ularni zo‘rg‘a nariroqqa haydadi; men bo‘lsa; qorong‘i ham tushdi; bor patronlarni ham ishlatib bo‘ldik, deya qaytishni xotirlatdim. Shu damda uning nigohlari yaltirab, ko‘rib qo‘y, men qanchalik dovyurakman, sochma bilan ham qoplonlarga hamla qilaveraman, - degudek edi.
- Eh, attang, paqillatib tashlamaganimni - u menga yeb qo‘yarday qarab, so‘zida davom etdi.
- Bu hammasi sizning chidab bo‘lmas darajada aql bilan ish tutishingiz oqibati. Bu uchun shunchalik boshqotirishning nima hojati bor? Yo shunchalik ham uzoq umr ko‘rishni istaysizmi?
- Agar siz meni o‘zingizdan aqlliroq hisoblayotgan ekansiz, bundan hursandman, - dedim kinoyaomuz.
- Ey, arzimas ishkallar uchun tortishib o‘tiramizmi, - dedi u shu onda o‘zgarib.
Bu mening emas uning luqmalari edi. Ovda u men bilan janjallashishga muvaffaq bo‘lmadi. Holbuki, tez o‘zgarmaganda, uning bemaza gaplaridan mening ham qonim qaynay boshlagan va shu tarzda ketsa, oxiri voy bo‘lishi ham hech gap emasdi. Nihoyat men baxayr xotirjam tortib, o‘z sohibjamolim oldiga jo‘nadim, ikkimizning ham kayfiyatimiz joyida desa bo‘lardi. Glan kulba oldida cho‘karkan, bizga qarab, bosh qimirlatdi va kulib qo‘ydi. Shundagina Maggi unga birinchi marta zingil solib qaradi, menga savollar berib, uni rosa so‘rab-surishtirdi. U qizning xayollarini to‘zg‘itib yuborib, xo‘b taassurot qoldirgandi, bu menga yomon ta’sir etdi va qizga javobim ham shunga yarasha bo‘lgach, tezda bir-birimizdan dillarimiz kuyib, ikki tomonga ajrashib ketdik.
Men bularning hammasini oqizmay-tomizmay Glanga hikoya qilganimda, u bularning bari mening xomxayollarim ekanligiga yo‘ydi. Biroq, men unga yana hammasini eslatdim. Chunki, biz kulba yonidan o‘tayotganimizda u menga emas, aynan Maggiga qarab iljaygandi. Glan qiziqib so‘radi:
- Namuncha u kavshangani-kavshangan?
- Bilmadim, - dedim men. - Rost, uning marvarid tishlari hech tinchimaydi.
Voy-buy, uning topgan yangiligini; buni mening o‘zim ham yaxshi bilardim. Ilk bor ko‘rganimdayoq diqqatimni tortgandi - haqiqatdan ham Maggi to‘g‘ri kelgan narsani og‘ziga solar, chaynar, uning oq marvarid tishlari hech tinmas ekan, bunda bo‘lak tot, maza bordek edi. Lekin u nima qulay bo‘lsa pulmi, qog‘ozmi, yana allam balo hammasini chaynaverardi. Balki bunda qandaydir uyat bo‘lishi mumkin-ku. Shunda ham u baribir bu yerning eng oldi go‘zali edi. Hammasi kunday aniq, Glan meni o‘z maqomiga yo‘rg‘alatmoqchi bo‘lgan.
Keyingi kech biz yana Maggi bilan yarashib oldik va Glan haqida boshqa churq etmadik.

III

Bir hafta o‘tdi, biz har ko‘ni ovga borardik va bir talay yovvoyi jonivorlarni qiyratardik. Bir ertalab endigina o‘rmonga kirgan edik ham, Glan meni qo‘li bilan to‘xtatib, shivirladi: «Qimirlamang!» U bir lahzada miltig‘ini oldinga o‘qtalib, tepkini bosib yubordi. U yoshgina qoplonni jahannamga jo‘natgani aniq edi.
Men ham uni naqd bo‘g‘zidan otishim mumkin edi, Glan bu imkoniyatni bermadi, otini ertaroq qamchilab qoldi. «Endi rosa ko‘kragiga uradi!» - xayolimga yarq etib shu fikr urildi. Biz yirqichning yoniga yugurgilab yetdik, o‘q uni joyida qulatgan, chap biqinini o‘pirib ketib, beliga o‘rnashgandi.
Buni men ham qoyillatardim, shuni bildirib qo‘ygim keldi:
- Men ham sizdaqa otaolardim.
Glan menga ko‘z tashlab qo‘ydi.
Men yana qaytardim:
- Yo siz merganligimga shubha qilasizmi?
Glan yana javob qaytarmadi. U bolalarcha anoyiligini yana bir bor ko‘rsatdi. O‘lik yirtqichni yana bir otdi va bu safar o‘q qoplonning boshini majaqladi. Men unga tamoman hayrat bilan anqayib qaradim.
- Qarang-a, - tushuntira ketdi u, - zo‘rg‘a biqiniga tekkanini, - buyam mening otishga noqobil cho‘qchiligimni ko‘rsatadi. Uning kesatishini, shu oddiy yumushda ham o‘zini maqtanchoqlikdan saqlay olmagani ko‘zida shundoq shu’lalanib turardi. Mana dumbullik. Biroq men o‘z dardim bilan edim, uni izza qilib o‘tirmadim
Kechki payt ortga qaytganimizda, qoplonning boshi atrofida bir talay shu yerliklar yig‘ilgandi. Glan ularga izoh uchun biz uni ertalab otgandik, deb qo‘ydi va boshqa chaynalib o‘tirmadi. Odamlar orasida Maggi ham hozir edi.
- Uni kim o‘ldirdi? - Maggi so‘rab qoldi.
- Ertalab biz otgandik, mana qara, uning ikki joyida jarohati bor, - u birdan yirtqichning jasadiga o‘girilib, uning boshi va biqinidagi jarohatlarni ko‘rsatdi.
- Mening o‘qim nakd shu yeriga tekkandi, - derkan u qoplonning biqinidagi o‘yiqni ko‘rsatdi, uning o‘ylamay laqillashdan shu kelib chiqdiki, go‘yo men qoplonning boshidan otgan bo‘lib chiqardim. Men esa bilmadim nima uchun, uning bu luqmasini to‘g‘rilaydigan ahvolda emasdim. So‘ng Glan qoravoylarni guruch arog‘i bilan siyladi-da, hech qachon o‘zida kuzatilmagan hafsala bilan hirgoyi qilishga tushdi.
- Bundan chiqdi, qoplonni ikkovi o‘ldiribdi-da, - Maggi sekingina g‘uldirab qo‘yarkan, uning fikri hayoli faqat Glanda, unga termulgani-termulgan edi.
Men unga ters bir harakat bilan dedim:
- Namuncha unga mahliyolanib qolding? Meni ko‘rmay qoldingmi deyman?
- Ko‘rib turibman, - qiz istamay javob qaytararkan, qo‘shimcha qildi, - men bugun albatta kelaman, eshitdingmi.
Glan aynan o‘sha kunlar xat olgandi. Kema orqali kelgan bu noma ta’siri haqida shuni his qilgandim-ki, mohiyatdan noma takdirni 180 mil o‘zgartirar darajada edi. Xatdan ayolning nafasi ufurar, payqashimcha, u Glanning bir paytlardagi qadrdon hamrozi, oliy maqom juvondan kelganligi begumon edi. Glan nomani o‘qirkan, asabiy xoholadi va o‘ziga notinchlik keltirgan bu holatni unutmoq maqsadida bo‘lsa kerak, bosib-bosib achchiq choy xo‘pladi. U ko‘p o‘tmay jimib qolgan bo‘lsa-da, chehrasi tundlashib, kun bo‘yi qo‘llarini bir-biriga xalpanja qilganicha, olisdagi bir nuqtaga termulib o‘tirdi. Glan o‘sha kechqurun kompaniyaning qari aroqxo‘ri, shu yerlik kaltabaqay va uning o‘g‘li bilan rosa bo‘kib ichib o‘tirarkan, bir payt menga ko‘zi tushib qoldi va ehtiros bilan bag‘riga tortib, holi- jonimga qo‘ymay, ichishga da’vat etdi:
- Bugun siz judayam odamning joni bo‘lib ketibsiz, sababini bilsak bo‘ladimi?! - so‘radim.
Shunda u qahqaha otib dedi:
- Biz siz bilan dunyoning bir chekkasi Hindistondayam o‘z yerimizdek ov qilib yurmayotirmizmi? Bu kulguli emasmi? Keling, butun dunyoga egalik qilishimiz uchun va barcha-barcha ofatijon erli va boshi ochiq ayollar uchun, olis va yaqin malaklar uchun qadah ko‘taramiz. Ha-ha! Tasavvur qiling! Erli ayol-a! Endi boshida eri bo‘laturib nomahram erkakka o‘zi o‘zini taklif qilayapti-ya!
- Grafiniyami! - Men istehzo bilan dedim. Mening kesatig‘im nishonga bexato tekkandi. U xuddi it kabi tishlarini irjaytirdi, chunki men ishonch bilan gapirgan sari, hanjar aynan yurakni topib borayotgan edi. Birdan uning chehrasi tundlashdi, qovoqlari uchishga tushdi, aftidan u o‘z xatosini ortiqcha laqillab qo‘yganini payqab qoldi. Uning badbaxt siriga kim ham zor edi, deysiz? Biroq shu payt aynan bizning kulbamizga bir necha bolachalar baqir-chaqir bilan yopirilishdi.
- Uh, yo‘lbarslar, yo‘lbarslar.
Shundoq qishloqning chetidagi butazorda, daryodan o‘tadigan joyda yo‘lbars bir bolaga chang solgandi. Glan bo‘kib ichganiga qaramay yana ichib oldi, nihoyat, nafsi qondi chog‘i, shu zahoti miltiqni oldi-da, boshiga biron narsa ilmay ham, butazorga otildi. Qiziq, anglash dushvor edi, nega u sochmadan olmay, yakka o‘qning o‘zi bilangina chiqdi yo shunchalik u dovyurakmidi? U daryoni kechib o‘tdi, bu xavfsiz, negaki, hamishagidek yomg‘ir oldidan daryo o‘zayi qup-quruq, bo‘m-bo‘sh edi. Hech qancha vaqt o‘tmasdan birin-ketin ikki o‘q ovozini eshitdim, ketidan uchinchi o‘q yangradi... «Bir yirtqich uchun uch o‘q otildi-ya, - o‘ylardim, ikki o‘q bilan, hatto sher ham qulashi shubhasiz, bunda esa bor-yo‘g‘i yo‘lbars...» Biroq uch o‘q ham xato ketgan, Glan yetib borganida, yo‘lbars bolani tilka pora qilib, qariyb yeb bo‘layozgan edi; Glanning bunchalik mast-alast ko‘rilmaganini ham xayoldan soqit qilib bo‘lmaydi.
Tun bo‘yi u qo‘shni hujrada, men kimligini bilmagan bir beva ayol va uning ikki qizalog‘i bilan aysh-ishrat qildi.
Ikki kun keyin ham Glan o‘ziga kelmagan, butun emin-ihtiyori shishadoshi ixtiyorida edi. U meni ko‘rib, oldiga chorlaganda o‘zini iroda qilolmas darajada bo‘lsayam, dona-dona qilib rashkchi ekanligimdan so‘zladi:
- Sizning aqlingizni rashk olib qo‘ygan!
- Rashk! Men-a rashk qiladigan!
- Baraka topkur, - deyman. - Men nimani sizdan rashq qilishim mumkin? Men-a!
- Yo‘q, yo‘q, albatta siz rashk qilmaysiz - javob berdi va bu javobiga aloqasizday dedi: - Aksiga men bugun ham Maggini ko‘rdim u hamishagidek kavshanib yuribdi.
Men tilimni tishlab qoldim va bundan tezroq uzoqlashdim.

IV

Biz yana ovga boradigan bo‘ldik. Glan mening oldimda o‘zini aybdor his qilganidan kechirim so‘radi.
- Umuman hammasi jonimga tegdi, qandaydir adashgan o‘q chakkamni bezasa yaxshi bo‘lardi.
Yana grafiniyadan kelgan xat uning halovatini buzgan chog‘i, shuni o‘ylay turib unga dedim:
- Nima eksang, shuni o‘rasan-da!
U kun o‘tgan sari tund va kamgap bo‘lib borar, ichishni bas qilgan, miq etmas, lab-lunjiga esa qarab bo‘lmasdi.
Kunlardan bir kuni men to‘satdan derazam oldida xurram ovozlarni eshitib qoldim, qarasam, tarallabedod Glan Maggi bilan shakarguftorlik qilib o‘tiribdi. Bari sir-asrorim xayolimdan ko‘tarildi. Aftidan, qiz to‘g‘ri uyidan kelgan, yengiltak Glan g‘araz bilan uni noma’qul bir ishga undamoqchi bo‘lardi. Ha, ular ayni mening derazam tagida dunyoni unutib, bir-birlariga suykalishardi.
Men birdan titrab ketdim, yulqinib miltiqni oldim-da, tepkini bosdim, biroq u o‘qsiz ekan. So‘ng tashqariga chikdim-da, Maggining qo‘lidan ushlab, uni butun posyolka oldidan olib o‘tdim; Glan esa bu orada xonasiga kirib, bekindi.
- Nega, sen yana u bilan gaplashding? - men Maggidan so‘radim.
U javob qilmadi.
Bu mening jonimni hiqildog‘imga keltirgan, yuragim anglovsiz tarzda tez urar, bu holatdan chiqishim juda mashaqqat edi. Men hech qachon Maggini bu darajada go‘zal ko‘rmagan, hatto oq tanli xuriliqolar ichida ham bunaqa ko‘hlisini uchratmagandaydim, rosti men uning qora tanlilarga mansubligini ham unutayozgan, undan bo‘lak dunyoi dun xayol imdan abas bo‘lgatsdi.
- Aytgin, - dedim men, - nega sen yana u bilan gaplashding?
- U menga yoqadi.
- U senga mendan ko‘ra ko‘proq yoqadimi?
- Ha.
Demak, qizga mendan ko‘ra Glan ma’qul ekan, mening Glandan qanday kam joyim yo kusurim bo‘lishi mumkin? Kunday ayonki, men hamisha ochiq ko‘ngillik bilan uning ko‘nglini ovlayman, doim qizni pul va sovg‘alar bilan siylayman, u-chi?
- Glan sening ustingdan kulgani-kulgan, aytishicha, qachon qarasa, og‘zingga bir narsani tiqib, kavshanib yurarmishsan, - dedim o‘chimni olayotgandek.
Avvaliga qiz bu kulgi sababiga tushuna olmadi, biroq men ham uqtirishdan qolmadim. Sening bu odating Glanga yoqmaydi, shu bois u seni mazah qilayotibdi. Oxiri uning fikri-tasavvurini sal o‘zgartirshga muvaffaq bo‘ldim.
- Maggi eshitib ol, - deb davom etdim men, - sen istasang, bir umr meniki bo‘lasan. Sen men bilan ketasanmi? Men doim shu haqda bosh qotiraman, eshitayapsanmi, men bundan ketsam seni ham birga vatanimga olib ketmoqchiman. Senga uylanmoqchiman. Unda maza qilib birga umri guzaronlik qilardik. Qanday, ma’qulmi?
Bu va’dalar ham unga ta’sir etmasdan qolmadi. Maggi yayrab ketdi va butun aylanish davomida chakagi tinmadi. Glanni u bor-yo‘g‘i bir safar esladi va so‘radi: .
- Glan ham biz bilan boradimi?
- Yo‘q, u biz bilan bormaydi! - qat’iy qilib aytarkanman, davom etdim. - Yo sen bundan afsuslanayotirsanmi?
- Yo‘q, yo‘q, - shoshib-pishib dedi u, - men xursandman.
Boshqa u Glan haqida gapirmadi, men tinchlandim. Va u men chorlasam bajonidil labbay deydigan bo‘ldi.
Ikki soatlardan keyin, men yolg‘iz qolganimda, urinib-surinib Glanning oldiga ko‘tarildim va uning nozik qamish eshigani qattiq taqillatdim. U xonasida edi. Men unga:
- Sizni ogohlantirish uchun keldim, ertadan boshlab birga ovga chiqmasak, - dedim.
- Nima uchun?
- Shuning uchunki, o‘zimni doim ham iroda eta olaman deb aytolmayman, to‘satdan ensangizni nishonga olib qo‘ysam ham ajab emas.
Glan hech narsa demadi, men ham o‘z xonamga tushib ketdim. Yana shuncha gapdan keyin yana nimaga deb so‘rashini, bu ogohlantirishimdan keyin u hech qachon men bilan ovga bormasligi kerak, derazam ostida bir-biriga suykalib, baland ovozda o‘yin-kulgi qilganini nima deb o‘ylash kerak. Umuman, agar xat kelib, haqiqatdan ham uni chorlashayotgan bo‘lsa, bu nega o‘z vataniga keta qolmaydi? Yo‘q, bunaqasi o‘tmaydi. U esa hamisha tishini g‘ichirlatib, hammasini boy berganday vishillaydi. «Arzimaydi! Arzimaydi, menga to‘rtdan biri bo‘lgandayam!»
Biroq bu voqeaning ertasi kuni, ogohlantirishimga qaramay, tongotarda Glan mening to‘shagim oldida paydo bo‘lib, baqirdi.
- U, boboy, qani bo‘ling, vaqt bo‘ldi. Havo ham a’lo darajada. Baayni ov uchun, kechaga so‘zlarni hayolingizga xam keltirmang. Siz o‘zi gart behuda gap qildingiz.
Hali soat to‘rt bo‘lmaganiga qaramay, men ham shu chog‘ o‘rnimdan sakrab turdim va kechaga gap-so‘zlarimga beparvo tayyorgarligimni ko‘rdim. Men uning ko‘z oldida miltiqni o‘qladim. U aytganday havo u qadar emas, yomgar tomchilab turar, u aynan tahqirlash uchun bu gaplarni o‘ylab topgandi. Biroq men ham qasdi-bastiga olib, churq etmadim.
Har kim o‘z xayoli bilan kun bo‘yi butun o‘rmoqtsa tentirab yurildi, biz qancha-qancha xilvat, ovga qulay joylar qolib, boshqa o‘rinlarda, tamoman boshqa bir yumushga mashg‘uldek kezindik. Kun yarimlab qolganda Glan mendan biroz oldinda, men uni saranjomlash uchun ayni qulay o‘rinda nima uchundir atayin ketib borardi. U aynan miltig‘im og‘ziga to‘fi joyda borar, bu ham o‘ylashimcha, faqat meni tahqirlash uchun edi. 
Har qalay, biz hech bir majorasiz ortga qaytdik. Hech qisi yo‘q, bu yog‘iga chidash qiyinmas, oz qoldi, hademay Maggini ko‘rish bilan bularning bari unutiladi.
- Hayotimdagi eng uzun kun bo‘ldi nazarimda bugun, - deb qoldi Glan kech palla, biz kulbalarga yaqinlashay deb qolganimizda.
Kun bo‘yi oramizda aytilgan gap bor-yo‘g‘i shu edi. Keyingi kunlarda u juda tushkun ruhda yurar, ehtimol bularning bariga o‘sha noma bois edi.
- Men ortiq chidolmayman. Yo‘q, qo‘limdan ham hech narsa kelmaydi. - Tunda u shunday deb hayqirib yuborgani butun uy ichiga eshitildi. U o‘zining badbin ruhida shu darajaga yetib borgandiki, sohibamizning eng xushmuomala so‘rab-surishtirishlariga ham javob qilmas, uyqusida alaqsirab chiqardi.
«Ha, rost, uning vijdoni toza emas! - o‘ylardim Men, - qarang, uyda ham tuz tortmadi. Qiynalishlari tushunarli, axir uni itdek haydagan Xonadonga yana qanday yuz bilan kirib boradi. Bunda hammadan ham ko‘p o‘z takabburligi halaqit berayotgani aniq!»
Maggi bilan hamishagadek Glanning oldida ko‘rishib yursam-da, u bu haqda gapirmasdi. Bunday qarasam, Maggining jag‘i qimirlamas, har doimgidek chapillatib yurishni u tashlabdi, men bundan quvonib ketdim. Xayolimda o‘zimcha o‘ylardim: qanday yaxshi bir kusurini tashlabdi, men bo‘lsa uni ikki barobar ko‘proq sevaman. U bir Glan haqida, shunda ham ehtiyotkorlik bilan so‘rab qoldi: - U hasta emasmi? Biron yoqqa ketgani yo‘qmi?
- Hali uning uni o‘chganicha yo‘q, demak hech qayokqa hozircha gumdon bo‘lmagan, - qo‘rslik bilan dedim men, - albaggta, xonasida ag‘anab yotgandir. Mening uchun buning hech bir qizig‘i yo‘q. U rosa ko‘nglimga tekkan!
Biroq biz uyga yaqinl ashib kelar ekanmiz, Glanga ko‘zimiz tushdi, u buyra ustida uzala tushib yotar, qo‘lini boshi ostaga bolish qilib, osmonga termulib o‘tarardi.
- Baxtga qarshi, ana u, yotibdi, - dedim men.
Maggi shunday deyar-demasimdan unga qarab chopdi, hatto men uni ushlab qolishga ham ulgurmadim. Maggi sevinch bilan halloslab dedi:
- Endi men og‘zimga na pero, na pul, na qog‘oz tiqaman, qarasangchi, men og‘zimni chapillatib, kavshanib yurishni butunlay tashladim.
Glan zo‘rg‘a qizga qaradi, yana tezda nigohini osmonga burdi, biz Maggi bilan ketdik. Men endigina haligi qilig‘i uchun uni koyishga kirishgan edimki, u bergan va’dasiga hilof ravishda yana Glandan gapiraverdi, uning yonida bo‘lishni xohlayotganini bildirdi.
- Him, demak, sen - bundan chiqdi uning uchungina chaynashni bas qilibsan-da, shunday emasmi??
- U miq etmadi. Bu qilig‘i yana nimasi, menga javob berishni ham xohlamasa?
- Javob ber, uning uchun shunday qildingmi?
- Yo‘q, yo‘q, - javob qaytardi u, - buni men sen uchun qildim.
Qani endi men ham shunday deb o‘ylasam.
Nega u Glanning ko‘nglini olish uchun bunchalar urinadi?
Kechqurun Maggi kelishga va’da berdi va keldiyam.

V

U o‘nlarda keldi, tashrifi qulog‘imga chalingan ovozidan bilindi.
Maggi qo‘lida bola ko‘tarib olganicha, go‘dakka qattiq-qattiq gapirardi. Nega u bola bilan kelibdi? Yana nega uyga ham kiray demaydi? Men uni zimdan kuzatarkanman, uning go‘dakka qattiq-qattiq so‘z aytishi, ogohlantirish qo‘ng‘irog‘iday menga tuyula boshladi va buning ustiga uning nigohi bolaxonadagi Glanning xonasidan uzilmayotganiga ham ko‘zim tushdi. Glan unga bosh irg‘ab qo‘ydimi, yo qo‘lini silkitdimi?
Pastdan bunga javobanday qizning ovozi yangradi. U bola bilan gaplashar, ammo nigohi tepaga qadalgandi, o‘zimcha hammasini anglab yetdim.
Men irg‘ib turib, uning qo‘lidan ushlab, xonaga olib kirgim keldi, biroq shu payt uning o‘zi bolani qo‘ynidan bo‘shatib yo‘lakdagi eshigimizga kirdi. Mana nihoyat hozir uning ta’zirini berib qo‘yaman.
Maggi qanday qilib ichkariga kirganini eshitib turdim. Xato bo‘lishi mumkyn emas, u qariyb xonam oldiga yetib qolgandi. Biroq, u mening oldimga kirish o‘rniga zinapoya orqali yuqoriga ko‘tarilayotganini, bir amallab bolaxonadagi Glanning hujrasiga yetganini juda aniq eshitdim. Men xonam eshigani lang ochganimda, Maggi qariyb ko‘tarilayozgandi.
So‘ng qamish eshik qattiq yopildi va hech sas eshitilmay qoldi. Bularning bari o‘nlarda bo‘ldi.
Men xonamga kirib, allamahal bo‘lishiga qaramay, miltiqni olib, o‘qladim. So‘ng tepaga ko‘tarilib, Glan eshigining ortidan quloq soldim. Unda Maggi borliga, ular allaqachon apoq-chapoq bo‘lib ketgani menga bilindi. Men pastga tushdim, birozdan keyin yana tepaga chikdim. Biroq hammayoq suv quyganday jim-jit edi. Men eshik ortida turib, ular uyg‘onishini kutardim. Soat uch bo‘ldi, to‘rtdan o‘tdi, beshlardagana ular uyg‘onishdi. Men ul voqea haqida o‘ylamasdan faqat hozir haqida xayol surib, «Ularning uyg‘ongani yaxshi bo‘ldi-da», deb pichirladim. Shu palla xonadon sohibasining vag‘ur-vag‘uri eshitilib qoldi, u-bu alfozda menga ko‘zi tushishidan, xavfsirab, pastga tushishga shoshildim. Qulog‘imga hamon Glan va Maggi uyg‘ongani, gaplari kirib turar, mana u ketmoqchiligiyam bilindi.
«Haligina u shu yerdan o‘tarkan, yelkasi xonam eshigiga tegib, o‘tgan, biroq eshikni ochmagan, zina bo‘yicha yuqoriga ko‘tarilgandi. Mana o‘sha chirik, to‘rt yog‘ochli zina, hademay uning o‘zi shundan pastga tushib ketadi». Xonamda o‘tirib o‘ylaganim-o‘ylagan edi. To‘shagim g‘ijim bo‘lib yotar, men bir zumga unga cho‘zilishni xayolimga ham keltirmasdan, deraza oldida o‘ltirguncha miltig‘im bilan mashg‘ul edim. Yuragim titrar, qovliqar, u ko‘ksimda yo‘q darajada edi.
Yarim soatlardan keyin zinada Maggining qadam tovushlari eshitildi. Men derazadan engashib, u qanday uydan chiqayotganini kuzatdim. Uning etagi tizzasiga ham kelmas, egnida kalta chit ko‘ylak, yelkasida Glanning sharfi solingandi. Afti angorida biron bir o‘zgarish sezilmas, faqat yubkasi g‘ijim edi. U hamishagidek, yuraymi-yurmaymi degandek nozli qadam bosardi. Yo piray, u mening derazamga qiyo ham boqmadi, shundy o‘tdi-ketdi.
Ko‘p o‘tmay Glan oldimga kirdi. Uning ov uchun hamma jihozi taxt, miltig‘i o‘qlangan, chehrasi esa nihoyat tund edi. Odatdagi muqomi menga ta’zim ham qilmadi. U did bilan yasan-tusan kiyingandi. «Sarupolarini, xuddi kuyovlarnikidek» - o‘ylardim men.
Men ham shoshib-pishib uning ortidan chiqdim, jim borardik. O‘ynab-o‘ynab u ikki tus tovuqni shafqatsizlarcha yo‘qlik olamiga jo‘natgandiyam, daraxt ostida nimadir qovurib, tushlik qilganda ham birovimizdan sado chiqmadi. Yarim kun shunday ado bo‘ldi.
Hech kutilmaganda Glan birdan baqirib qoldi.
- Syz o‘zi rostdan ham miltig‘ingizni o‘qladingizmi? To‘satdan birortasi hamla qilib qolsa, nima qilasiz?!
- Hammasi taxt, xotirjam bo‘ling, - javobiga men ham baqirib dedim. U shu on butalar orasiga kirib g‘oyib bo‘ldi. O, qanday alomat bo‘lardi, shu pallada uni xuddi itday otib tashlaganimda. Biroq qayga ham shoshadi, aftidan u ham xayolimda nima aylanib yurganini yaxshi bilardi, shu bois ham men miltiqni o‘qlaganimni qayta-qayta so‘rab, aniq bilmoqchiday edi. Oh, yangi ko‘ylagini kiyib olib, yasan-tusan qilib olganini; hech bo‘lmasa bugun o‘z kalondimog‘ligidan qolsa edi, bu bo‘lsa qanoti bo‘lmasa ham ko‘qda uchib yurgudek tutadi o‘zini.
Kunning belgisiz bir vaqtida u haddan qahrli, ranggida rang qolmagan alfozda menga qaradi va dedi: Yo‘q, yo‘q, bunisiga hech chidab bo‘lmaydi! Ha! Ha, siz o‘zi miltiqni o‘qlaganmisiz?
- Sizda o‘zi patronlar bormi?
- Yaxshisi o‘z miltig‘ingizning dardini yeng, - desamda uning betoqatlanayotgani menga ayon edi.
U yana old tomonga o‘tib ketdi. U jimgina, boshini xam qilib borarkan, men oramizdagi masofani aniq belgiladim. Oradan o‘tgan bir soatlar davomida kaptar otdim. Yana miltig‘imni o‘qlab oldim. Miltiqni o‘qlar ekanman, Glan daraxt oldida turib, menga zingil soldi va haqiqatdan o‘q joylayotganimning guvohi bo‘lgach, tasavvur qilasizmi, xuddi to‘ylardagidek hirgoyi qilishga tushdi. «Qarang marakaga kelgandek, yasan-tusan qilib olganini. Qo‘shiq aytmokda - o‘ylardim men, - ko‘rinib turibdi, bugun u o‘zini alohida, yengib bo‘lmas darajada tutmokda». Keyin u to‘g‘ri mening ro‘paramda paydo bo‘lib, boshini ko‘tarib oldi, mayda qadam tashlab, hirgoyisini davom ettirdi. U yana mening miltig‘im og‘zida borar, xuddi shu payt, to‘y ashulasini kuylayotganida hammasi yuz berishi kerak deb o‘ylayotgani shundoq sezilib turardi. Biroq hech narsa yuz bermadi. U hammasini sayri tomoshaga chiqqanday, tugatdi. Mayli hech qisi yo‘q.
- Ey, bugun hech omadimiz yurishmadi-da, - derkan, u menga go‘yo hirgoyi qilgani uchun hijolatli kulib qaradi. Uning bu beg‘ubor kulgisi ajoyib, aslida kulgisi ortida ko‘z yoshlari tiqilib turganini pirpirab uchayotgan qovoqlaridan ham bilsa bo‘lar, hatto namoyishkorona kulib turgan bo‘lsa ham bu shubhasiz edi.
Men unga bir ojiza emasligimni juda yaxshi bilar, bunaqa hazillar o‘tmasligini bilgani sari, asabiylashar, atrofda charx urib, goh o‘ngdan, goh chapdan paydo bo‘lar va to‘xtab, nimanidir aniq kutardi. Soat beshlarda yangragan o‘q tovushidan birdan qalqib tushdim, o‘q mening chap kulog‘im tepasidan chiyillab o‘tgandi. Men nigohimni ko‘tarib oldga qarasam, Glan bir necha qadam narida turib, menga termular va uning miltig‘i og‘zi tutab turardi. «Nima balo, u meni otmoqchi bo‘ldimi?» Men unga qarab:
- Shuncha ham uquvsizlik bilan otadilarmi, siz nishonga tegizaolmadingiz-ku, - dedim.
Biroq, u hech qachon yomon otmas, nishonga olishda hech ham adashmasdi, maqsadi, meni g‘azablantirishmi?
- Oh, yaramas-ey, nimaga qaraysiz, o‘ch olsangiz-chi, - u baqirib berdi.
- Hammasining o‘z vaqti-soati bor, - dedim men tishimni tishimga ko‘yib.
Shunday biz yuzma-yuz turib, bir-birimizga qararkanmiz, Glan yelkalarini qisib menga qichqirdi:
- Qo‘rqoq.
Oh, u yana meni "Ko‘rqoq" deb ham atadi- ya! Men miltig‘imga yopishib, uni naq yuziga to‘g‘riladim-da, tepkini bosdim.
Nima eksang shuni o‘rasan!
Glan oilasidagilarning bu odamni qidiruvni davom ettirayotganlari behuda. Meni marhum haqidagi almisoqdan qolgan ahmoqlarcha ma’lumotlar jahlimni chiqaradi. Tomas Glan Hindistondagi bir ovda, baxtsiz hodisa tufayli bir daydi o‘qdan paymonasi to‘lgan. Sud uning nomi va qazo kunini rasmiylashtirib, bir jildga tikib qo‘yibdi. O‘sha rasmiy qog‘ozda yozilganiga ko‘ra u o‘lgan, aynan bir daydi o‘q zarbidan o‘lgan, o‘lgan eshitdingizmi?

Vafo Fayzullo tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 1998 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.