OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lev Tolstoy. Asosiy qahramonlarim – haqiqat (kundaliklardan)

1851 yil

Aprel-may. Lamartin aytadiki, yozuvchilar xalq adabiyotini nazarga ilmaydilar, xolbuki kitobxon o‘quvchilar xalq orasida ko‘p, yozayotganlarning hammasi o‘zi yashayotgan muhitga moslab yozadilar, xalqning ichidagi ma’rifatga tashna odamlarda esa adabiyot yo‘q, xalq uchun maxsus yozilmaguncha bo‘lmaydi ham.

Men ko‘p o‘quvchi orttirish uchun yoziladigan kitoblarni nazarda tutayotganim yo‘q, ular asar emas, kosiblik mahsuli bo‘lib, chinakam she’riyat qatorida tura olmaydi.

Nasr bilan she’riyat orasidagi chegarani men sira anglay olmayman, so‘z ilmida bu masala mavjud, ammo javobini tushunib bo‘lmaydi. Poeziya – she’r, proza esa she’r emas; yoki: ish qog‘ozlari va darslik, kitoblardan boshqa hamma narsa – poeziya. Barcha asarlar yaxshi bo‘lishi uchun Gogol so‘nggi vidolashuv qissasida[1] aytganidek, muallif qalbidan otilib chiqmog‘i zarur.

1852 yil

2 yanvar. Har bir yozuvchi o‘z asarini qabul qiladigan ideal kitobxonlarni nazarda tutishi zarur. Bunday ideal kitobxonlar nimani xohlashini aniq tasavvur qilish lozim, agar butun dunyoda ikkita shunday o‘quvchi topilsa, – faqat ular uchun yozish kerak.

27 mart. “Otechestvennыe zapiski”ning fevral sonini o‘qidim. “Qishloq yo‘llari” juda yaxshi, ammo afsuski, taqliddan iborat[2]. Ertaga qayta-qayta yozaman...buni ikki kundan beri o‘ylayapman[3]. Ularni tuzatish mumkinmi yoki butunlay tashlab yuborish kerakmi? Mavhum, cho‘zilib ketgan, keraksiz, bir so‘z bilan aytganda, o‘zicha chiroyli ko‘rinsa ham, qoniqtirmaydigan barcha joylarni shavqatsiz yo‘q qilish kerak....

22 sentyabr. Zamonaviy Yevropa tarixining haqqoniy manzarasini yaratish kerak. Bu bir umrga tatiydigan maqsad.

24 sentyabr. Yozish va yozish zarur....

29 sentyabr. Yangi “Sovremennik”ni o‘qidim. Mening “Bolaligim”ga o‘xshaydigan yaxshi bir qissa chop etilgan, ammo qiyomiga yetmagan[4]. 

8 oktyabr. Tuzatmasdan yozaman degan xayolni miyadan chiqarib tashlash kerak. Uch-to‘rt marta qayta yozish – bu ham kam.

1853 yil

N.A. Nekrasovga

17 sentyabr. Beshtov

...Juranalingizda chop etish uchun kichik bir maqola yuboryapman[5]. Men uni “Bolalik” va “Bosqin” dan ko‘ra yaxshi deb bilaman va shunga ko‘ra uni chop etishga doir shartimni uchinchi marta takrorlayapman – u qanday yozilgan bo‘lsa, shunday chiqishi shart. Menga yozgan oxirgi xatingizda bu masalada xohish-istagimni inobatga olishga va’da bergan edingiz. Agar tsenzura yana biror joyini qisqartirgan bo‘lsa, xudo haqqi, maqolani menga qaytaring yoki nashr etishdan oldin xat orqali bu haqda ma’lum qiling. Maqolani daftarga qayd etilgan nom bilan chiqaring yoki: “Joniga qasd qilgan kishi. Hisobchi hikoyasi” deb o‘zgartirsangiz bo‘ladi – bu tomoni butunlay Sizning ixtiyoringizda...

27 iyul. Turgenevning “Ovchining maktublari”ni o‘qidim, undan keyin yozish nihoyatda qiyin.

1 noyabr. “Kapitan qizi” ni o‘qidim, xayhot, tan olishim kerakki, bugun Pushkin nasri anchayin eskirib qoldi – bu uslubda emas, bayon qilish tarzida ko‘rinadi. Hozir adolat yuzasidan aytish lozim – yangi yo‘nalishda hissiyotlarni batafsil tasvirlash o‘rniga voqealarning o‘zini ko‘rsatish tamoyili yetakchilik qiladi. Pushkin qissalari qandaydir yalang‘och....

Adabiy qoidalar

1853 yil dekabr – 1854 yil yanvar

1)Har qanday asardan maqsad – ezgulikka xizmat qilishdir.

2)Asar mavzusi yuksak bo‘lishi lozim.

3)Eskirgan uslublardan qochish kerak.

4)Asar bitgandan keyin qoralamasini qayta ko‘rib chiq, ortiqcha o‘rinlarni butunlay chiqarib tashla, biron narsani qo‘shma.

5)Har bir asarni kitobdan joziba izlovchi o‘quvchi nuqtai nazaridan tanqidiy qayta ko‘rib chiq.

1854 yil

N.A. Nekrasovga

19 dekabr. Eski O‘rda

...Sizga yozgan xatlarim yoki Sizning xatlaringiz har ikkalasi ham negadir yetib kelmayapti – olti oydan beri sukut saqlayotganingiz sababini boshqacha izohlay olmayman; holbuki, men siz haqingizda ko‘p narsalarni bilishga qiziqaman. Avgustdan beri “Sovremennik”ni ham olganim yo‘q. “Hisobchining maktublari” va “O‘smirlik” qachon bo‘lsa ham bosiladimi? Va nega “Sovremennik” menga yetib kelmayapti? Bu haqda, marhamat qilib, xabar bersangiz. Ishonchli bo‘lishi uchun kafolatli maktub yuborganingiz ma’qul.

Manzilim hamon o‘sha: Kishinyov, Janubiy armiya bosh qarorgohi. Yozganlarimni matbuot orqali o‘qish va boshqa narsalar bilan mashg‘ul bo‘lish, ularni unutish hamda hozir qalashib yotgan voqealar haqida jurnalimizga materiallar yuborib turish uchun ana shu ikki narsani bilishim zarur. Harbiy mavzudagi zamonaviy materiallarni saralab tayyorlab sizning jurnalingizga emas, Janubiy armiya huzurida nashr etish mo‘ljallaniyotgan “Askar varaqasi”ga, siz bu haqda Peterburgda eshitgan bo‘lsangiz kerak, havola etmoqchiman. Mening loyihamga nisbatan imperator hazrati oliylari katta himmat ko‘rsatib, uni o‘zimizning “Invalid”da[6] chop etishga ruxsat berdi.

Kundalikdan

5 yanvar. Ba’zan asar yaxshi yoki yaxshi ifodalangan fikrni shunchaki o‘tkazish istagi tufayli to‘xtab qoladi; shuning uchun bunday fikrni biron joyga yopishtirishga urinib o‘tirmasdan kundalikka yozib qo‘ygan ma’qul. Fikrning o‘zi joyini topib oladi.

8 iyul. Shu kunlarda Lermontov va Pushkinning shoirona topilmalarini kashf etdim. Birinchisida “O‘layotgan gladiator” (uning o‘limi oldidan o‘z uyi bo‘lishini orzu qilishi nihoyat darajada yaxshi) va ikkinchisining (ya’ni Pushkinning – Tarj.) ehtiyotsizlik qilib, do‘stini o‘ldirib qo‘ygan “Yanko Marnavich”i. U cherkovda kamoli ixlos bilan ibodat qilib uyiga qaytgach, o‘rniga yotadi. So‘ng xotinidan deraza tashqarisida biron narsani ko‘rmayapsanmi, deb so‘raydi, u yo‘q deb javob beradi. U yana savolini takrorlaydi, shunda xotini daryoning narigi tomonida shu’la ko‘rinayotganini aytadi; u uchinchi marta so‘raganda xotini shu’lani ko‘rayapman, u nihoyat katta bo‘lib qoldi va yaqinlashib kelmoqda, deydi. Maftunkor tasvir! Sababi neda? Shundan keyin badiiy hissiyot nimaligini tushuntirib ko‘ring-chi.

9 iyul. ...Gyote, Lermontov va Pushkinni o‘qidim. Birinchisini men yaxshi tushunmayman, qanchalik uringanimga qaramay nemis tilidagi kulgili jumlalar g‘ashimga tegadi. Ikkinchisida “Ismoilbek”ni yaxshi deb hisoblayman. Balki bu holat men kechikib bo‘lsa-da, Kavkazni nihoyatda sevib qolganimdan bo‘lsa kerak. Urush va erkinlikdek bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi hodisani ajib shoirona tarzda o‘z bag‘riga singdirib yuborgan bu yovvoyi o‘lka haqiqatan ham go‘zal. Pushkinning “Lo‘lilar”i meni asir qildi, uni shu paytgacha anglay olmaganimga hayron bo‘laman.

10 iyul. Lafonten va Gyoteni o‘qiyapman, o‘qiganim sari ularni yaxshi idrok etmoqdaman.

11 iyul. “Zamonamiz qahramoni”ni, Gyoteni qayta o‘qidim... Hozir Gyote va Lermontov dramasini o‘qiyapman. Ularda yaxshi, yangi jihatlar ko‘p, Dikkensning “Sovuq uyi”da ham.

1855 yil

I.I. Panayevga

14 iyun. Belbek daryosidagi istehkom

...Agar Turgenev Peterburgda bo‘lsa, undan so‘rab ko‘ring-chi, “Hisobchining maktublari”ga “Turgenevga bag‘ishlayman” deb yozishim uchun ruxsat berarmikin? Bunday xulosaga kelishimga sabab shuki, maqolani qayta o‘qigach, o‘zim bilmagan holda uning hikoyalariga taqlid qilganimni sezib qoldim.

I.I. Panayevga

8 avgust. Boqchasaroy

...Sizning maktublaringizni oldim va ayniqsa keyingisiga javob qaytarishga oshiqmoqdaman. “Bahor tuni”ni tsenzuradan himoya qilishga intilganingiz uchun Sizdan minnatdorman, marhamat, o‘chiring, mayli, yumshating, ammo, xudo haqi, hech narsa qo‘shmang, bu meni qattiq ranjitadi. Sizni ishontirib aytamanki, L.N.T.da qilcha ham izzattalablik yo‘q, ammo u adabiyotda o‘z yo‘nalishi va qarashlariga hamisha sodiq qolishni xohlaydi...

Kundalikdan

6 iyul. Bugun kun bo‘yi Balzakning qandaydir bemaza romanini o‘qidim[7].

11 iyul. Balzakning bemaza asarini o‘qidim.

17 sentyabr. Kecha “Tun” uzuq-yuluq holda bosilgani haqidagi xabarni oldim. Men, chamasi, maqolalarim uchun yashillarning qattiq ta’qibiga uchraganga o‘xshayman. Shunga qaramay, Rossiyada har doim ma’naviy jihatdan yuksak yozuvchilar bo‘lishini xohlayman; ammo men hech qachon qantdek shirin bo‘lolmayman, shuningdek, ichi bo‘sh, yuki yengil, eng muhimi, maqsadsiz hech narsa yozolmayman...

1856

D.V. Grigorovichga

5 may. Peterburg

Ko‘pdan, ko‘pdan beri sizga yozishni rejalashtirgan edim, birinchidan, sizning “Qo‘shchi” asaringizdan olgan g‘oyat ibratli taassurotlarimni bildirmoqchiman, men ham bu borada uncha-muncha narsalardan xabardorman, ikkinchidan, aprelda e’lon qilingan “Muhojirlar” romaningiz ham menda yoqimli taassurot qoldirganini aytishni istayman. Endi hech narsa yozmayman, sizni nihoyatda yaxshi ko‘rishim va tezda uchrashish niyatida ekanim bundan mustasno.

M.N. Tolstoyga

5 sentyabr. Yasnaya Polyana

...Uyga ertalab soat to‘rtda keldim, hamma uyquda edi, men balkonda o‘tirib, Pushkinning “Don-Juan”ini[8] o‘qib shunchalik sevinganimdan shu zahotiyoq Turgenevga o‘z taassurotlarim haqida maktub yozmoqchi bo‘ldim...

V.V. Arsenevaga

9 noyabr. Peterburg

...Sizga Turgenevning qissalarini ham yuboryapman, ularni o‘qing, agar zerikarli bo‘lmasa, menimcha, ular g‘oyat latofatli, lekin o‘z fikringizni, qandayligidan qat’i nazar, yozib yuboring. Shiller: “Mardona adashmoq va orzu qilmoq zarur!” – degan. Dahshatli darajada to‘g‘ri fikr, dadil, qat’iyatli, bardam bo‘lib adashishdan hayiqmasang, haqiqatga yetib borasan...

V.V. Arsenevaga

23-24 noyabr. Peterburg

...Sizga avval aytganim, ko‘pdan beri menga tinchlik bermay kelayotgan ishning bugunga mo‘ljallangan qismini bitirgach, qo‘limga kitob oldim va Gyotening ajoyib asari “Ifigeniya”ni o‘qidim. Siz hozir buni his qilmasangiz kerak, ammo poeziyani sevish va tasvirlashga qalam ojizlik qiladigan yuksak tuyg‘ular zavqi nimaligini ma’lum vaqtdan keyin anglab olasiz.

Kundalikdan

3 iyun. Pushkinning “Don-Juan”ini o‘qidim. Maftunkor. Pushkinda shu vaqtgacha ko‘rmaganim haqiqat va qudrat bor.

7 iyun. Pushkinning 2- va 3-qismini o‘qidim[9]. “Lo‘lilar” juda go‘zal. Boshqa dostonlari, “Onegin”ni hisobga olmaganda, bo‘lmag‘ur narsalar.

25 iyul. ...O‘lik jonlar”ni rohatlanib o‘qidim, mustaqil fikrga to‘la.

29 sentyabr. “Verter”ni o‘qidim. Jozibali.

28 oktyabr. Turgenevning “Faust”ini o‘qidim. Juda go‘zal.

10 noyabr. Kitoblar sotib oldim. Turgenevning barcha qissalarini o‘qidim. Yomon.

11 dekabr. “Lir”ni[10] o‘qidim. Ta’siri kam.

1857 yil.

A.A. Tolstoyga

18 avgust. Yasnaya Polyana

...Rossiyada rasvolik, rasvolik, rasvolik. Peterburg bilan Moskvada hamma nimadir deb baqiradi, norozilik bildiradi, nimanidir kutadi, chekka joylarda hamon ibtidoiy yovvoyilik, o‘g‘rilik, qonunsizlik hukm suradi. Ishonasizmi, Rossiyaga qaytib kelgach[11], o‘z diyorimga nisbatan nafratlanish tuyg‘usi bilan uzoq vaqt kurashdim va faqat endigina hayotimizning tarkibiy qismiga aylanib ketgan barcha dahshatlarga ko‘nika boshladim. Bu fikrlarimni ma’qullamasligingizni bilaman, ammo na iloj, Aflotun mening yaqin do‘stim, lekin haqiqat undan yuqori turadi, degan maqol bor. Bir hafta ichida men guvoh bo‘lgan narsalarni ko‘rsangiz edi: bir beka kap-katta ko‘chada cho‘ri qizni kaltakladi, daha boshlig‘i menga bir arava pichan keltirasan deb buyruq qildi, aks holda u xizmatkorimga qonuniy hujjatni bermas emish, mening ko‘z o‘ngimda bir amaldor o‘ziga qo‘qqisdan tegib ketgan 70 yoshli kasalmand qariyani o‘lasi qilib urdi, gumashtam esa menga xushomad qilish uchun maishatga berilgan bog‘bonni kaltaklashdan tashqari uni yalangoyoq holda yalang yerda jun qirqishga majbur qildi va bog‘bonning qonga belangan oyog‘ini ko‘rib, o‘zidan ketguncha shod bo‘ldi, bularning hammasini va boshqa tubanliklarni ko‘rganingizda menga ishongan hamda Rossiyadagi hayot doimiy qora mehnat va o‘z hissiyotlaring bilan kurashdan iborat ekanini anglagan bo‘lardingiz. Yaxshiyamki, najot yo‘li – ma’naviyat olami, poeziya singari ma’rifat vositalari bor. Bu yerda menga daha boshlig‘i ham, burmistr ham xalaqit bermaydi, tanho o‘tiraman, shamol uvillaydi, loy, sovuq, men esa aftodahol, to‘mtoq barmoqlarim bilan Betxovenni chalaman va ko‘nglim ezilib, ko‘z yoshi to‘kaman yoki “Iliada”ni o‘qiyman, yoki o‘zim odamlarni, ayollarni o‘ylab topaman, ular bilan yashayman, qog‘oz qoralayman, yo hozirgiga o‘xshab jonimdan ortiq yaxshi ko‘radiganim insonlar qismatini o‘ylayman...

N.A. Nekrasovga

11 oktyabr. Yasnaya Polyana

Yaqinda “Sovremennik”ning sentyabr sonini oldim. Maktubingiz menga ta’sir ko‘rsatgani ravshan: siz bilan gaplashgim keladi. Birinchidan, indallosini aytganda, mening maqolam[12] naqadar yaramas, yomon holda nashrdan chiqdi. Men, chamasi o‘zimni ham, sizni ham hijolatda qoldirdim. Avdotya Yakovlevnaning povestini hali o‘qiganim yo‘q. Endi she’rlaringiz haqida. Balki Sizga mulohazalarimning keragi ham yo‘qdir, negadir ularni o‘zingiz men bilan qanday samimiy gaplashsangiz, xuddi shunday e’tiboringizga havola qilishni xohlayman. Birinchi she’ringiz[13] yuksak darajada. Asl she’r, ajoyib she’r, qolganlari zaif va zo‘rma-zo‘raki yozilgan, harholda, menda shunday taassurot qoldirdi. “Sovremennoe obozrenie” o‘zicha qiziq bo‘lsa ham, men kutgan darajada chiqmagan.

Kecha “Peterburg xabarnomasi”da meni so‘kishganiga ko‘zim tushdi[14], to‘g‘ri qilishgan.

N.A. Nekrasovga

25 noyabr. Moskva.

Suyukli Nikolay Alekseevich, Sizga va’da qilingan povestni[15] yubormoqdaman, agar yaxshi deb topsangiz, dekabr kitobchasida bosib chiqaring. Butun korrekturani o‘zim qayta ko‘rishni judayam xohlar edim. Vaqt imkoni bo‘lsa, ularni menga jo‘nating. Ammo 8 va 9 qismlarning korrekturasini zudlik bilan yuborib, ular xususida fikringizni bildiring. Bu boblardan ko‘nglim to‘lmagan. Ayniqsa, keyingi paytlarda men qo‘lim tezroq bo‘shasin deb u bilan ko‘proq band bo‘ldim, u boshqa ishlarimga to‘g‘onoq bo‘lib turardi, ammo qayta qo‘lga olgach, jiddiy shug‘ullandim, chamasi, yomon chiqmagan joylari borga o‘xshaydi. 11-qism haqida ham fikringizni aytsangiz, u ham menga yoqmayapti...

Yana Beranjening vafotidan oldin yozgan she’rini ham sizga yuboryapman. Uni Fet tarjima qilgan. Tarjima yaxshi, she’rning o‘zi esa yuksak darajada. U fransuz jurnallarida chop etilmagan, rus tilida bosilib chiqsa yomon bo‘lmasdi...

Kundalikdan

2 yanvar. ...Belinskiyni o‘qidim, u endi menga yoqa boshladi.

3 yanvar. ...Pushkin haqidagi go‘zal maqolasini o‘qidim.

4 yanvar. Pushkin haqidagi maqola – mo‘‘jiza. Men nihoyat Pushkinni angladim.

5 yanvar. ...Pisemskiyning “Beka”si ta’sir ko‘rsatmadi.

11 yanvar. Chernishevskiy keldi, aqlli va qiziqqon.

12 yanvar. Grigorovichning povesti bemaza[16].

29 mart / 10 aprel. Injildagi “hukm qilma” so‘zi san’atga to‘la mos keladi: hikoya qil, tasvirla, ammo hukm qilma.

29 iyun / 1 iyul. Tushgacha “Lyutsern”ni qayta yozdim. Yaxshi. Dadil bo‘lish kerak, aks holda dabdababozlikdan boshqa hech narsa ayta olmaysan, men esa ko‘p yangi va foydali gap aytishim kerak.

2 avgust. Uydaman, o‘qiyapman. Saltikov jiddiy iste’dod.

15 avgust. “Iliada”ni o‘qidim. Qanday mo‘‘jiza!

17 avgust. “Iliada” meni “Qochqin”ni qayta ishlashga majbur qilmoqda.

24 avgust. Homerni o‘qidim. Go‘zal.

23 sentyabr. Gyote “Faust”da sovuqqon. Agar u yosh va kuchli bo‘lganda Faustning tafakkuri va shiddatini rivojlantirgan bo‘lar edi. Ammo endi rivojlantirilsa, avvalgi shakliga tushmay qoladi.

30 oktyabr. ...Vijdonan ishlash, barcha kuch-quvvatni ishga solish kerak, keyin mehrobga tuflasalar ham mayli.

28 noyabr. Tyutchevning she’rlari yaxshi emas.

1858 yil

N.A. Nekrasovga

21 yanvar. Moskva

Mening fikrimcha, “Asya” Turgenevning yozgan asarlar ichida eng zaifi hisoblanadi. Ostrovskiyning[17] narsasini oxirigacha o‘qimadim; uni o‘qish qi-yinligini bilaman...

1859 yil

A.A. Fetga

Oktyabrning boshlari. Yasnaya Polyana

...Men sizni sevaman, amakijon, qo‘lim ko‘ksimda. Ammo baribir qissalar yozishni yig‘ishtiraman. O‘ylab qarasang, uyat: odamlar yig‘laydilar, o‘ladilar, uylanadilar, men esa “unga qanday shaydo edi-ya” deb qissa yozaman. Telbalik, uyat.

A.V. Drujininga

9 oktyabr. Yasnaya Polyana

...Pisemskiyga, Goncharovga va boshqalarga aytib qo‘ying, mening aziz do‘stlarim, azaliy sobiq fikrdoshlarim meni unutmasliklarini xohlayman, shuni bildirib qo‘ying. Men ularni har doim qadrlayman. Rostdan ham aziz, sharafli Polonskiyning ahvoli og‘irlashib qoldimi? Fet Moskvaga jo‘nab ketdi, u bechoraning boshiga katta tashvish tushgan – singlisi og‘ir kasal.

Ha-a, Fet yaqin do‘stona munosabatlarda faqat foyda ko‘radi, uni qanchalik yaqindan bilsam, shunchalik yoqtiraman va hurmat qilaman. Turgenev esa uning teskarisi, oxirgi marta kelganida, u aqlli va iste’dodli bo‘lsa-da, dunyodagi eng toqat qilib bo‘lmaydigan odam ekaniga uzil-kesil ishondim. Ana shu xulosaga kelgan kunimdan boshlab unga nisbatan munosabatim o‘zgarli...

1861 yil

A.I. Gertsenga

8 / 20 mart. Bryussel

...Qadrdonlaringizning qo‘lini siqib qolaman. Sizdan yana bir narsani so‘rayman dedim-u, ammo ulgurolmadim, odamovi ingliz murabbiyangiz qanaqa odam o‘zi? Siz unga o‘rganib qolgansiz, u esa juda g‘alati. Nikolay Platonovichga[18] hurmatim balandligini yetkazib qo‘ying deb o‘tinaman. Kechagi oqshomda (u ijro etgan) Gunoning “Faust”ini tinglab, bu musiqiy asarmi yoki dunyodagi eng buyuk dramaga xos jozibami, buni aniq ajrata olmasam ham, nihoyatda kuchli va teran ta’sirlandim. U fransuzcha (opera) librettosiga aylanganiga qaramay, buyukligni saqlab qolgan. Ammo musiqasi haqiqatan ham ajoyib.

1865 yil

A.A. Fetga

3 yanvar. Yasnaya Polyana.

...Bilasizmi, Sizga g‘alati bir mo‘‘jiza haqida xabr yetkazmoqchiman. Yaqinda otdan yiqilib, qo‘limni sindirdim, hushim joyiga kelgach, o‘zimga o‘zim men – adabiyotchiman dedim. Ha, men adabiyotchiman, ammo xilvatda yashovchi, kamsuqum adabiyotchiman. 1805 yilning dastlabki boblari yaqinda chiqadi[19]. Marhamat qilib mulohazalaringizni batafsil yozib yuboring. Sizning hamda men yoqtirmaydigan kishining, men ham ulg‘ayib borayapman, Turgenevning mulohazalari, men uchun qimmatli. U tushunadi...

A.A. Tolstoyga

14 noyabr. Yasnaya Polyana

...Romanimning faqat 3-qismigina yozildi[20], yana olti qismini yozmagunimcha uni nashr ettirmayman, faqat shunda – besh yildan keyin – yaxlit asar sifatida bosib chiqarish mumkin. Ostrovskiy – menga yoqadigan yozuvchi – bir paytlar juda aqlli gap aytgan edi. Ikki yil oldin komediya[21] yozgan edim (nashrga bermadim), uni Rojdestvogacha Moskva teatrida sahnalashtirib bo‘ladimi, deb Ostrovskiydan so‘radim. “Qaerga shoshilasan, yaxshisi yanagi yilda sahnalashtir”, – dedi u. Men: “Hozir qo‘yilishini xohlayman, sababi komediya o‘ta zamonaviy, kelasi yili u muvaffaqiyat qozonmasligi mumkin”, – deb e’tiroz bildirdim.

 “Odamlar tez orada juda aqlli bo‘lib ketishadi, deb qo‘rqayapsanmi?

Romanimga kelganda xavotir oladigan joyim yo‘q”.

Kundalikdan

7 mart. Yozyapman, tuzatayapman. Hammasi aniq, ammo oldimdagi vazifalarning ko‘pligi vahimaga soladi. Qilinadigan barcha ishlarni puxta aniqlab olish zarur. Shunda katta ishlar oldida dovdirab qolmaysan va son-sanoqsiz mayda-chuydalarni qayta-qayta tuzatib o‘tirmaysan.

20 sentyabr. Merimening “Karl XII saltanati solnomasi”ni o‘qidim. U bilan Pushkin o‘rtasidagi aqliy bog‘lanish hayratlantiradi. Juda aqlli va hushyor, ammo iste’dodi yo‘q.

23 sentyabr. “Konsuelo”ni o‘qidim. Fan, falsafa, san’at, axloq iboralariga to‘la bemaza atala. Achigan xamir, sasigan qo‘ziqorin, chirigan baliq va ananas qo‘shilgan pirog.

1866 yil.

A.A. Fetga

10-20 may. Yasnaya Polyana

... Ko‘pdan beri yozilayotgan mana shu romanim. Sizga jo‘natgan dilkash maktubimdir. Qaysi bir fransuz: asar barcha notanish do‘stlarga yo‘llangan maktubdir, – degan ekan. Marhamat qilib, o‘z fikrlaringizni ochiqchasiga yozib yuboring. Mulohazalaringizni nihoyatda qadrlayman, ammo sizga aytganimdek, men qancha mehnat, vaqt va haddan tashqari ko‘p kuch-quvvatimni sarflaganim uchun bu asarimni, ayniqsa, hozir yozilayotgan 1812 yil voqealarini yoqtiraman. Faqat xayrixohikni emas, tanqidiy mulohazalarni juda qadrlayman. Masalan, Turgenevning NN qo‘lini qanday ushlagani haqida 10 bet yozish shart emas, degan mulohazasi menga katta yordam berdi, kelajakda bunday nuqsonlardan qutulaman deb umid qilaman. Marhamat, keskin bo‘lsa ham haqiqatni ayting...

Aristofanni o‘qiyotgan ekansiz. Men buni juda qadrlayman, o‘zim esa yangiroq narsalarni – “Don Kixot”, Gyote va keyingi paytlarda uzluksiz Viktor Gyugo asarlarini o‘qiyapman. Bilasizmi, V.Gyugo haqida hech kim gapirmaydi, hamma uni unutdi, sababi u hammaga Bayronlar, Valter Skottlarga o‘xshab tovlanib ko‘rinmaydi. Uning to‘la asarlar to‘plamidagi tanqidiy maqolalarini o‘qiganmisiz?

Bizdagi san’at sohasida o‘n yil oldin va hozirda ham ro‘y berayotgan hodisalarni u o‘ttiz yil avval keskin qoralab bildirgan mulohazalariga biron so‘z qo‘shish yoki olib tashlash mumkin emas...

A.A. Fetga

7 noyabr. Yasnaya Polyana

Aziz do‘stim Afanasiy Afanasich! Oxirgi maktubingizga 100 yildan beri javob qaytarganim yo‘q, buning uchun aybdorman, boz ustiga maktubingizda romanim xususida menga juda foydali maslahatlar berganingiz va yana badjahl shoirlar toifasi haqida yozganingiz yodimda. Men shundayman-da. Qahramonlarimdan biri, knyaz Andrey haqidagi mulohazalaringizdan xursand bo‘lganim ham esimda, men aytganlaringizdan zarur xulosalar chiqarib oldim. U butun 1-qism davomida bir tusda, zerikarli, ammo yoqimtoy qiyofada ko‘rinadi. Bu to‘g‘ri, ammo buning uchun u emas, men aybdorman. Xarakterlar harakati va xarakter to‘qnashuvini ko‘rsatishdan tashqari oldimda tarixni (to‘g‘ri) tasvirlash niyati ham turibdi, bu holat ishimni nihoyatda qiyinlashtirmoqda, chamasi men buni uddalay olmayotganga o‘xshayman. Shu tufayli men 1-qismda tarixiy jihatlarga ko‘p urg‘u berdim, xarakter esa harakatsiz turib qoldi. Sizning maktubingizdan keyin men bu nuqsonni to‘g‘ri anglay oldim va to‘g‘riladim deb umid qilaman. Marhamat, aziz do‘stim, men haqimda, ya’ni zaif mashqlarim xususida nimani o‘ylagan bo‘lsangiz, shuni (yashirmasdan) yozib yuboring. Bu menga juda katta yordam beradi, sizdan boshqa hech kimim yo‘q...

1870 yil

A.A. Fetga

17 noyabr. Yasnaya Polyana

...Sizni sog‘inaman, hech narsa yozmay qo‘ydim, ammo qiynalib ishlayapman. Men urug‘ sepiladigan dalani yana qaytadan chuqur haydashga majburman, buning uchun qanchalik og‘ir mehnatga duchor bo‘lganimni siz tasavvur ham qilolmaysiz. Bo‘lajak asarda ishtirok etadigan odamlarning taqdiri qanday kechishiga bog‘liq voqealar ichidan milliondan bir imkoniyatni tanlab olish va unga ishlov berish uchun o‘ylash va xayoldan qayta o‘tkazish dahshatli darajada qiyin. Men shu ish bilan bandman. Shu kunlarda Beranjening oxirgi jildi qo‘limga tushdi. Unda o‘zim uchun yangi bo‘lgan “Baxt” she’rini uchratdim. Uni tarjima qilasiz, degan umiddaman...

1873 yil.

P.D. Goloxvastovga

30 mart. Yasnaya Polyana

...Ko‘pdan beri bunchalik zavqlanmagan edim desam, ishonmasangiz kerak, so‘nggi paytlarda, sizdan keyin “Belkin qissalari”ni hayotimda yettinchi marta qayta o‘qiyapman. Yozuvchi bu noyob xazinadan muttasil bahramand bo‘lishi kerak. Yangidan o‘qiganimda u nihoyatda kuchli ta’sir qildi...

N.N. Straxovga

11 may. Yasnaya Polyana

Men Pyotr I ga hech qanday aloqasi bo‘lmagan roman yozyapman[22]. Bir oydan ko‘proq yozib, qoralamasini tamomladim. Bu roman – aynan roman, hayotimda birinchi marta o‘zimga ma’qul bo‘ldi, u butun borlig‘imni zabt etdi, shunga qaramasdan, bu yilgi bahorda falsafa masalalari ham qiziqtirmoqda. Sizga jo‘natmagan maktubimda bu roman ilohiy Pushkin tufayli xayolimga ixtiyorsiz kelib qolgani haqida yozgan edim, uni (Pushkin qissalarini) tasodifan qo‘limga oldim va oxirigacha yangicha zavq bilan o‘qidim...

1878 yil

I.S. Turgenevga

6 aprel. Yasnaya Polyana

Ivan Sergeevich!

Keyingi paytlarda oramizdagi munosabatlarni eslar ekanman, o‘zimdan hayratlanib va quvonib shuni sezdimki, sizga nisbatan hech qanday dushmanligim yo‘q ekan[23]. Xudo shohid, Siz ham shunday bo‘lsangiz kerak. To‘g‘risini aytganda, siz juda olijanobsiz. Oramizga tushgan adovat tuyg‘usiga siz mendan oldin barham berganingizga to‘la ishonaman.

Agar shunday bo‘lsa, marhamat, bir-birimizga qo‘l uzataylik va siz marhamat qilib oldingizda aybdorligimni butunlay kechirsangiz.

Men, tabiiyki, sizning faqat yaxshi fazilatlaringiz haqida o‘ylayman, chunki ana shu fazilatlaringiz o‘zaro munosabatlarimiz davomida ko‘p marta namoyon bo‘lgan. Siz tufayli adabiy shuhrat qozonganim yaxshi esimda, yozganlarimni va iste’dodimni ne chog‘li ardoqlaganingiz aslo yodimdan chiqmaydi. Balki siz ham men haqimda shunday o‘ylarsiz, chunki bir paytlar sizni nihoyatda yaxshi ko‘rganimni bilasiz.

Agar meni kechira olsangiz, kuchim yetganicha qadrdon do‘st bo‘lib qolar edim. Bizning yoshimizda odamlarga yaxshilik qilishdan ko‘ra yuksak martaba yo‘q. Oramizdagi shunday munosabat qayta tiklansa – nihoyatda baxtiyor bo‘lardim.

Gr. L.Tolstoy.

(Turgenev bu maktubga 8 mayda shunday javob yozadi:

“Bugun... xatingizni oldim. U meni qattiq sevintirdi va hayajonga soldi. Yuksak mamnuniyat bilan avvalgi do‘stligimizni tiklashga tayyorman va menga uzatgan qo‘lingizni qattiq siqaman. Sizga nisbatan hech qanday kek saqlamaganimni nihoyatda to‘g‘ri topgansiz, agar bo‘lganda ham ular allaqachon yo‘qolib ketgan, Siz haqingizda bir paytlardagi qadrdon do‘stligimiz, yozuvchi sifatida esa Sizni hammadan oldin tabriklaganim va har bir yangi asaringiz menda qizg‘in xayrixohlik uyg‘otgani haqidagi yaxshi esdaliklargina qolgan. Oramizdagi anglashilmovchiliklar bar-ham topganidan chin yurakdan quvonaman. Shu yozda Oryol guberniyasiga borish niyatidaman – shunda biz, albatta, uchrashamiz. Shungacha Sizga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman va yana bir bor qo‘lingizni do‘stona siqaman”.

(Ikki buyuk yozuvchi 1878 yil 8 avgustda Yasnaya Polyanada uchrashadilar).

N.N. Straxovga

5 sentyabr. Tula

...Agar men podsho bo‘lganimda, o‘zi ishlatgan so‘zning ma’nosini tushuntirib berolmaydigan yozuvchini yozish huquqidan mahrum qilar va yuz darra bilan kaltaklash haqida buyruq chiqargan bo‘lardim...

Turgenev hamon dilga yaqin va yorqin...

1888 yil

Kundalikdan

29 noyabr. Elsner romanini olib keldi[24]. Yana sokin telbalik.

13 noyabr. Kavkazda bo‘lgan Borozdinning mukofot olish umidida bir tatarni o‘ldirib, uning qo‘lini qanday kesishgani haqidagi hikoyasi yaxshi[25].

19 dekabr. Tunda o‘qidim. Chernishevskiyning Darvin haqidagi maqolasi go‘zal. Kuchli va tiniq.

22 dekabr. Leskovning “Kolivanlik erkak” hikoyasini o‘qiyapman, yaxshi. «Bolalar orasida” esa go‘zal.

1900 yil

Maksim Gorkiy (A.M. Peshkov)ga

9 fevral, Moskva

Qadrli Aleksey Maksimich, meni kechirasiz (agar ismingizni adashtirgan bo‘lsam, yana bir bor uzr), sizga o‘z vaqtida javob yozolmadim va suratni yuborolmadim. Sizni taniganim uchun juda-juda xursandman, sizni yoqtirib qoldim. Aksakov shunday degan edi: odamlar o‘z kitoblaridan yaxshi (u aqlli deb aytgandi) yoki yomon bo‘ladi. Sizning yozganlaringiz menga yoqdi, o‘zingizni esa yozganlaringizdan ham yaxshi deb hisobladim. Eng yaxshi fazilatingiz – samimiylik, sizni shunday deb erkalatib qo‘ymoqchiman. Xo‘sh, mayli, xayr, qo‘lingizni do‘stona siqaman.

Lev Tolstoy.

Maktubim sog‘ayib qolganingizda yetib boradi deb umid qilaman. Chexovning “Hayot”dagi[26] hikoyasi naqadar yaxshi. Men undan juda xursand bo‘ldim.

1901 yil.

Shahzoda P.A. Oldenburgskiyga

6 may. Moskva

...O‘tgan yili Siz bilan gaplashganimiz – uning asarlari Sizga juda manzur bo‘lgan edi, Gorkiy (haqiqiy ismi Aleksey Maksimovich Peshkov) hozir og‘ir ahvolga tushib qoldi: uni oilasidan yulib oldilar, homilador xotini tug‘ish arafasida, o‘zi o‘pka siliga chalingan, sud qilmay turib, sanitariya holatiga mutlaqo zid bo‘lgan Nijegorod turmasiga qamab qo‘yishgan. Uni yozuvchi va inson sifatida yaxshi bilaman. Shu tufayli xotini va do‘stlari mendan madad so‘rashmoqda. Men yozuvchi va uning oilasini bu og‘ir kulfatdan faqat Siz qutqara olasiz deb qattiq ishonganim uchun Sizga murojaat etayapman.

Ezgulik yo‘lida tug‘ilgan bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligingizga ishonaman[27].

Kundalikdan

1851 yil

Aprel-may. Yozuvchi qalbidan otilib chiqqan, hatto oliy shaklda o‘z ifodasini topgan badiiy lavhalarni ham omma tushunmaydi. Va aksincha, yozuvchi xalq anglasin deb omma darajasiga pasayib borganda ham uni tushunmaydilar.

Bu xuddi romanda tasvirlangan zo‘rlash manzarasini o‘qib, baxti qaro qizga achinish o‘rniga o‘zini ana shu ishratparast erkakdek his qilib rohatlanayotgan 16 yoshli bolaning holatiga o‘xshaydi – xalq sizning nima demoqchi ekaningiz-ni anglashga qodir emas. Nahotki xalq “Anton Goremika”[28] , “Jeneviyeve”ni[29] tushunadi deb o‘ylasangiz? So‘zlar unga tanish albatta, ammo u fikringizni anglab yetmaydi. Xalqning o‘ziga xos go‘zal, qo‘l yetmas adabiyoti bor; unga soxtalik yot, u xalq ichida pishib yetilgan. Yuksak adabiyotga unda ehtiyoj yo‘q, bunday adabiyotning o‘zi ham mavjud emas. Xalq bilan baravar yurishga urinib ko‘ring, u sizdan nafratlana boshlaydi.

Yuqori tabaqa oldinda yuraversin, xalq ham orqada qolib ketmaydi; u yuqori tabaqaga qorishib ketolmaydi, ammo orqada ham qolmaydi. Qanchadan-qancha katta vazifalar oldinda turganda, nazokat haqidagi gaplar kimga kerak?

Hamma odamlardagi zaif jihatlar va yomon illatlarni o‘zlari to‘qib chiqargan shaxslarga tiqishtirishadi, ular orasida yozuvchidagi iste’dod darajasiga ko‘ra ba’zan muvaffaqiyatli chiqqanlari ham uchrab qoladi, ammo ko‘pchiligi tabiiylikdan yiroq. Sababi nimada? Sababi shuki, odamlardagi nuqsonlarni o‘zimizga qiyoslab bilamiz, ularga to‘g‘ri baho bermoq uchun o‘z qalbimizni ochib ko‘rsatishimiz lozim, chunki katta illatlarni katta shaxslargina namoyon qila oladi...

3 iyul. Hozir lagerda yotibman. Ajoyib oqshom! Oy endigina tepalik orqasidan chiqib ko‘tarildi va pastlab suzayotgan ikkita ushoqqina, nafis bulutlar bag‘rini yoritdi; yonimda chirildoq tinimsiz mungli qo‘shig‘ini kuylaydi; olisdan qurbaqalar ovozi keladi, ovul tarfadan goh tatarlarning qichqiriqlari, goh itlarning vovullashi eshitiladi, so‘ng yana tinchlik, yana birgina chirildoqlar na’rasi; olis va yaqindagi yulduzlar yonidan sayr etib borayotgan harir bulutlar ko‘zga tashlanadi. Men ko‘rganlarimni qog‘ozga tushiraman deb o‘yladim. Ammo qanday qilib? Xonaga kirib, siyoh to‘kilgan stolga o‘tirsam, kulrang qog‘oz va siyohdonni olsam, ruchkani siyohdonga botirib, qo‘limni qimirlatib, harflarni qog‘ozga tushirsam – o‘z-o‘zidan yozilib ketaveradimi? Harflardan so‘zlar, so‘zlardan iboralar tiziladi, ammo ular tuyg‘ularni ifodalay oladimi? Tabiatdan olgan zavq-shavqlarimni boshqa biron yo‘sinda ko‘rsatishning iloji bormi? Tavsiflashning o‘zi kifoya qilmaydi. Nega nasr bilan nazm, baxt bilan baxtsizlik bir-biriga bu qadar qorishib ketgan? Qanday yashash kerak? Nazm bilan nasrni birlashtirishga urinish samara beradimi yoki bittasi bilan qanoatlanib, keyinchalik ikkinchisiga qo‘l urgan ma’qulmi?..

4 iyul. “Oras”ni[30] o‘qiyapman. Akam bu qahramon senga o‘xshaydi, deganda yanglishmagan ekan. Uning asosiy fazilati: tabiatidagi olijanoblik, hamma narsadan zavqlanish, shon-shuhratga intilish va har qanday mehnatga qobiliyatsizlik. Qobiliyatsizlik odatlanmaganlikdan kelib chiqadi, odatlanmaganlik esa tarbiya va ortiqcha kekkayish oqibatidir...

Knorring portretini chizishga urinmoqdaman. Menga shunday tuyuladiki, insonni shunchaki tasvirlab bo‘lmaydi, ammo u menga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida yozish mumkin. Buyuk odamni u o‘ziga xos tabiatli, yoqimtoy, aqlli, ahmoq, qat’iyatli va hokazo... deb ta’riflash mumkin, ammo bu so‘zlar ma’lum kishi borasida hech qanday tasavvur bermaydi, aksincha uni shunday ko‘rsataman deb o‘ylash yozuvchini yo‘ldan chiqaradi.

10 avgust. Chekinishlarga yomon mahliyo bo‘layotganimni sezayapman; fikriy teranlik o‘rniga ana shunga mahliyolik, dastlab men buni to‘g‘ri deb hisoblagandim, yozishga xalal berib, yozuv stolimdan turib ketishga va boshqacha yozishga majbur qilmoqda. Bu yomon odat! Hatto katta iste’dod egasi va maroqli to‘qimalar ustasi – men sevgan yozuvchi Sterndagi chekinishlarning ham og‘irligi seziladi.

1852 yil.

 “Bolalik” qissasidan

Balki men yanglishgandirman, ammo aql bilan yoza boshlaganimda har doim o‘zimni to‘xtatdim va faqat qalb amri bilan yozishga harakat qildim.

N.A. Nekrasovga

3 iyul. Starogladkovskaya qishlog‘i

...Iltimosim siz uchun zarracha qiyin emasligiga va uni rad etmasligi-ngizga astoydil ishonaman. Mana shu qo‘lyozmani[31] ko‘rib chiqing va bosib chiqarishga loyiq topmasangiz, menga qaytarib yuboring. Agar boshqacha bo‘lsa, uning bahosini aytib, o‘z mulohazalaringizni bildiring va jurnalingizda bosib chiqaring. Siz zarur deb hisoblagan barcha qisqartirishlarga avvaldan roziligimni bildiraman, faqat uni o‘zgatirmasdan uzluksiz chop etishingizni xohlayman...

Tajribali va vijdonli muharrir, ayniqsa Rossiyada, o‘z mavqeiga ko‘ra yozuvchi va o‘quvchi o‘rtasida doimiy vositachi bo‘lgani uchun asarning muvaffaqiyat qozonishi hamda ommaga yoqishi yoki yoqmasligini oldindan yaxshi biladi, deb ishonaman. Shuning uchun hukmingizni intizorlik bilan kutaman. U menga sevimli mashg‘ulotimni davom ettirishga yo‘l ochadi yoki ularni butunlay yoqib yuborishga majbur qiladi.

 N.A. Nekrasovga

27 noyabr. Starogladkovskaya qishlog‘i

Marhamatli muharrir!

Jurnalingizda nashr etish uchun yangi narsalar yuborish haqidagi iltimosingizni darhol bajara olmayotganimdan afsuslanaman; buning ustiga, mening oldimga qo‘yayotgan talablaringizni o‘zim uchun mutlaqo foydali deb hisoblayman va ularga to‘la qo‘shilaman.

Garchi nimalarnidir qoralagan bo‘lsam ham, ularning birontasini hozir jo‘nata olmayman, sababi, birinchidan, ilk asarim erishgan muvaffaqiyat mendagi shuhratparastlikni qo‘zg‘atib yubordi, va men keyingi yozganlarim ham avvalgidan kam bo‘lmasligini xohlayman, ikkinchidan, “Bolalik”dagi tsenzura tomonidan qirqib tashlangan holatlar bundan keyin yana takrorlanmasligi uchun yozganlarimni qayta-qayta ko‘rib chiqaman. 1) Ba’zi mayda o‘zgartirishlarni aytib o‘tirmasdan meni hayratga solgan ikki nuqtani alohida qayd etmoqchiman. Avvalo, bu Natalya Savishnaning sevgi tarixi asardan chiqarib tashlanganiga bog‘liq, u ma’lum darajada eski zamondagi turmush inson fe’l-atvoriga qay darajada go‘zal joziba baxsh etganini ko‘rsatar edi. “Bolalik” sarlavhasi va muqaddimadagi bir necha so‘z asar mohiyatini ochishga xizmat qilardi; “Bolalik tarixim” degan nom esa, aksincha, bunga zid keladi. Mening bolaligim tarixi kimga kerak? Mazkur o‘zgartirish menga mutlaqo ma’qul bo‘lmadi, sababi, men sizga yo‘llagan ilk maktubimda yozganimdek, “Bolalik” romanning birinchi qismi bo‘lishi, keyin O‘smirlik, Yoshlik, Yigitlik davri kelishi kerak edi.

Marhamatli muharrir, bundan keyin ham yozganlarimni jurnalingizga qabul qilsangiz, biron joyini o‘zgartirmasligingizni iltimos qilaman. Buni rad etmaysiz degan umiddaman. Menga kelganda, bosishga loyiq deb hisoblagan asarimni birinchi navbatda sizga jo‘natishga va’da beraman.

O‘z ismi sharifim bilan imzo chekaman, ammo bu tahririyat siri bo‘lib qolishi kerak.

Kundalikdan

7 iyun. “Sovremennik”ning aprel sonini o‘qidim, toqat qilib bo‘lmaydigan darajada tuban.

20 iyun. Doktor olib kelgan “Sovremennik”dagi “To‘quvchi ayol” qissasi juda yaxshi, ayniqsa rus tilining tozaligi jihatidan – raspukolka (g‘uncha) maftunkor.

29 iyun. “Savoy yepiskopi yordamchisining diniy iqrori”ni[32] o‘qidim. U ziddiyatlarga, mavhumliklarga va hayratda qoldiradigan go‘zalliklarga to‘la. Undan olgan asosiy sabog‘im – ruhning o‘lmasligidir.

7 iyun. Kavkazdan xatlar[33] satirasini[34] tezroq tugatishim kerak, satira mening ta’bimga to‘g‘ri kelmaydi.

12 iyul. “David Kopervild” naqadar go‘zal.

18 oktyabr. “Jigarband”ni [35]o‘qidim. Juda yaxshi.

19 oktyabr. Soddalik axloqiy go‘zallikning shartidir. O‘quvchilar qahramonga hamdard bo‘lmog‘i uchun uning siymosida imkon qadar o‘z zaifliklari va o‘z fazilatlarini ko‘ra olishlari lozim.

Romanning[36] g‘oyasi – baxtni ulug‘lash, u ham qiyomiga yetmagan, ammo har

doim foydali va olijanob kitob bo‘lishi mumkin.

“Rus zamindori qissasi”ning asosiy yo‘nalishi: Qahramon baxt haqidagi ideallarini qishloq hayoti zaminida amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Bu orzular sarobga aylangach, uni oilaviy baxt timsolida ro‘yobga chiqarishga urinadi.

Do‘sti idealning o‘zi baxt keltirolmaydi, o‘zgalarni baxtli qilish maqsadida yashagan odamgina baxtli bo‘ladi, degan fikrni unga singdiradi.

28 noyabr. Hech qachon foydani o‘ylab, maqsadsiz yoza olmayman.

3 dekabr. Ko‘p yozayapman. Chamasi, yaxshi bo‘ladi. Hajvdan voz kechdim. Qandaydir ichki tuyg‘u hajvni mutlaqo yo‘latmaydi. Shaxslar emas, butun bir sinfga xos illat haqida ham yozishni xush ko‘rmayman.

1854 yil

Kundalikdan

15 iyul. Shillerning “Fiaskoga qarshi fitna” dramasini o‘qidim. Dramani endi umuman tushuna boshladim. Garchi bu borada men o‘zgalardan butunlay bosh-qa yo‘ldan borayotgan bo‘lsam-da, menga yangi she’riy lazzat bag‘ishlayotgan bu vositadan (janrdan – tarj.) mamnunman.

21 iyul. Kecha Shiller o‘zining “Rudolf Gabsburgskiy” va bir qancha kichik falsafiy she’rlari bilan qanchalik zavq bag‘ishlaganini yozib qo‘yish yodimdan ko‘tarilibdi. Birinchidan, go‘zal soddalik, manzaraviylik va tabiiylik bilan sug‘orilgan sokin she’riyat. Keyingisida, Bartolomey aytganidek, meni fikr zabt etib, ko‘nglimga o‘rnashib qoldi, biron-bir ulug‘ ishni ado qilish uchun qalbdagi barcha kuch-qudratni bir nuqtaga yo‘naltirish kerak.

23 iyul. ...Bernarning[37] yaxshigina qissasini o‘qidim.

13 avgust. Ertalab yaxshi ishladim, ammo tushdan keyin Ostrovskiyning ajoyib “Qo‘ynidan to‘kilsa ko‘njiga” komediyasini hisobga olmaganda, bekorchilik qildim.

24 avgust. Nekrasovning “O‘smirlik”ni maqtab yozgan maktubini oldim. Har galgidek, u kayfiyatimni ko‘tarib, yangi mashg‘ulotlarga rag‘batlantirdi.

Nekrasovning maktubi bilan faxrlanaman.

(N.A.Nekrasov Tolstoyga shunday yozgan edi: “..so‘nggi asaringizni maqtash uchun munosib so‘z topolmayapman. “O‘smirlik” muallifining iste’dodi tug‘ma va yuksak darajada maftunkordir va yozdagi yo‘l, momaqaldiroq, yotoqxonadagi uchrashuvlar tasviri singari ko‘p fazilatlar bu hikoyani adabiyotimizdagi umri uzoq asarlardan biriga aylantiradi.”)

1856 yil

A.V. Drujininga

21 sentyabr. Yasnaya Polyana.

“Sovremennik” uchun va’da berganim “Yoshlik”ning yarmisini yozib bitirdim. Men uni o‘qish uchun hech kimga berganim yo‘q, shuning uchun qat’iy hukm yuritolmayman – hamma narsa miyamda alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Ammo, nazarimda, indallosini aytganda, u ancha yomon – ayniqsa e’tiborsizlik oqibatida tili g‘aliz, rasvo holda, bunga sabab shuki, yolg‘iz o‘zim hech kimga ko‘rsatmasdan ishlaganimda odatda yo butunlay yaxshi yozayapman, yo mutlaqo yomon degan fikrga boraman, hozir ko‘proq keyingisi to‘g‘ri deb o‘ylayman. Ammo men fikringizga qo‘shilaman, modomiki, adabiyotga qo‘l urgandan keyin bu sohada hazil ketmaydi, unga butun umrni bag‘ishlash kerak, shuning uchun men endi butunlay yaxshi narsalar yozishga, yomonlarini nashrga bermaslikka harakat qilaman. Iltimosim shundan iborat. Sizga qo‘lyozmani yuboryapman, – siz o‘qib, u “Bolalik”ka qaraganda yaxshi yoki yomonligi haqidagi keskin fikrlaringizni ochiqchasiga ayting, uni qayta ishlab yaxshi qilish mumkinmi yoki tashlab yuborgan ma’qulmi? Menga qolsa, keyingisi ma’qul, chunki yomon boshlab, uch oy behuda vaqt sarflaganimdan keyin u jonimga tegib ketdi...

(Drujinin 1856 yil 6 oktyabrda Tolstoyga yozgan xatida bir qator tan-qidiy mulohazalar bildirgan holda, umuman “Yoshlik”ka yuksak baho bergan.)

V.V. Arseneva va J.Verganiga

1 dekabr. Peterburg.

...Turgenevni madh qilib yozgan xatingizni kecha oldim; u haqda aytgan hamma gaplaringiz yaxshi. “Katta yo‘ldagi suhbat” sizlarga yoqmasligi kerak edi, sababi, birinchidan, u juda zaif, ikkinchidan, zamindorlar hayotining bo‘m-bo‘shligi va axloqsizligini tanqid qilib yozganman, buni esa hali anglab yetmagansizlar.

V.V. Arsenevaga

7 dekabr. Peterburg.

...Dikkens va Tekkerey haqida nega sukut saqlayapsiz, nahotki ular sizga yoqmagan bo‘lsa? Yana “Opera haqida mulohazalar”ni o‘qib nima qilasiz?

Avvalgi pochta bilan bir kitobni[38] yubordim, uni o‘qing, ajoyib. Qanday yashashni o‘rganasiz. Hayotga, muhabbatga turlicha yondashishni ko‘rasiz, ularning birontasiga ham qo‘shilmasligingiz mumkin, ammo fikringiz to‘lishib, tiniqlashib boradi...

Kundalikdan

19 aprel. “Otalar va o‘g‘illar”ni bitirib, tuzatib ham chiqdim, Nekrasovning maslahatiga ko‘ra uni “Ikki gusar” deb nomladim – yaxshi bo‘ldi.

8 may. Kechqurun Obolenskiynikida Aksakov, Kiriyevskiy va boshqa slavyanofillar bilan birga o‘tirdik. Ular yo‘q joydan dushman qidiradilar. Qarashlari nihoyatda tor, hayotdan uzoq, hatto rad etishgayam arzimaydi. Aslida, bunga hojat ham yo‘q...

13 may. “Dengizchilar to‘plami”ni o‘qidim. Pogodinning yuziga rohatlanib musht tushirgan bo‘lardim. Slavyanofillik bilan zaharlangan, g‘irt yolg‘on. Moskvadagi dabdababozliklar tasvirida ruslarga xos qiyofa yo‘q.

17 may. “Ortiqcha odam”ni[39] o‘qidim. Nihoyatda chuchmal, jilvagar, go‘yo dono, lekin oliftanamo.

22 may. ...Aksakovlarnikiga bordim, to‘rtinchi va beshinchi qismlaridan[40] parchalar tingladik. Yaxshi, ammo qariyani maqtadik.

26 may. Muallifga shuhrat keltiradigan birinchi omil – o‘zini yaxshi ko‘rsata olish, ya’ni o‘quvchi muhabbatini qozonishdir. Bu shunday muhabbatki, u o‘z ichki dunyosini butun borlig‘icha ko‘rsata olsin. Shuning uchun ham Dikkens yaratgan insoniy qiyofalar butun dunyodagi odamlarning do‘stiga aylanib qoldi; ular Amerika va Peterburgdagi insonlarni bir-biriga bog‘lab turadi; Tekkerey bilan Gogol qahramonlari ishonarli, yovuz, badiiy jihatdan kuchli, ammo suyukli emas.

9 iyun. Pushkinning tarjimai holini zavq bilan o‘qiyapman.

12 iyun. Tekkerey shu darajada xolislikka erishganki, qahramonlarining o‘zlari yolg‘on, bir-biriga mutlaqo zid qarashlarini zakovatli istehzo bilan yashirib turishadi.

13 iyun. Nikolenkaning nihoyatda ajoyib “Chechen qiz” hikoyasini[41] o‘qidim.

Iyul. Muallif predmetdan ozgina bo‘lsa-da yuqori turgani ma’qul, aks holda uning xolisligi yoki tarafkashligini bilolmasdan tinimsiz shubhalanasan.

Oktyabr-noyabr. Mening adabiyotchi do‘stlarim – eski bo‘ydoqlarda bitta qayg‘uli umumiy kamchilik bor: ular biron kishini ko‘rganda o‘zlaricha darhol uning xarakterini o‘rganish lozim deb hisoblaydilar va o‘z xulosalarini aqlning go‘zal mahsuli sifatida avaylab asrashga urinadilar. Bunday soxta, mayda bilimlar bilan odamlarni anglash va sevish mumkin emas.

4 noyabr. “Qutb yulduzi”ni[42] tugatdim.

5 noyabr. Teatrda “Aqllilik balosi”ni[43] ko‘rdim – a’lo.

1 dekabr. ...“Sarmen”ni[44] o‘qib tugatdim, zaif, fransuzlarga xos.

3 dekabr. ...Merimeni o‘qidim – yaxshi.

4 dekabr. ...Maftunkor “Oddiy voqea”ni o‘qiyapman.

1857 yil

A.N. Ostrovskiyga

5 yanvar. Peterburg.

...Pisemskiy kecha o‘zining “Keksa boyvuchcha”sini o‘qidi. Ajoyib asar, menimcha, uning barcha yozganlari ichida eng yaxshisi shu.

V.P. Botkinga

20-28 yanvar. Moskva.

Men Ostrovskiy bilan bultur tanishganimda uning tili shirali va kuchli edi. U yolg‘izlanib qolgan paytlarida ham bukilmadi va o‘z nazariy aqidalaridan chekinmadi. Qarashlari bir qadar mustahkamlandi-yu, tezda qovjirab so‘ldi[45]. Aksakov uning “Serdaromad joy” komediyasini bo‘sh deb hisoblaydi. Bu komediyani “Sovremennik” nashrga tayyorlab qo‘ygan, yaqin orada men uni tinglayman. Drujininning bu yerdagi tanqidchilari menga, ayniqsa Aksakovga juda- juda yoqadi. Uning Pisemskiy bilan munozarasi ham go‘zal. Ammo Fufligin naqadar iflos latta[46]. Uni shu holida “Sovremennik”da ko‘rishdan xudo saqlasin...

V.P. Botkinga

29 yanvar. Moskva.

...Ikkinchi ajoyib asar: S.T.Aksakovning bolalik xotiralari va Ostrovs-kiyning “Serdaromad joy”ini tingladim... Meningcha, Ostrovskiy yozgan komediya uning eng yaxshi asari, bu yerda ham xuddi “Bankrut”dagidek[47] hamda Sologublar, Shchedrinlar davrasi tasvirlashga intilgan zulmat dunyosi qa’ridan sadolar eshitilib turadi. Nihoyat bu illatlar haqida oxirgi va haqiqiy so‘zni eshitdik. Asarda “Bankrut”dagi kabi bugungi nuqsonlarga qarshi kuchli norozilik jo‘sh urib turadi. Bir paytlar “Aqllilik balosi”da yosh ish yurituvchi Famusov bu chirkin dunyoni fosh etgan edi, komediyada esa keksa poraxo‘r mirza Yusuv ana shu vazifani bajaradi. Bu shaxs naqadar maftunkor! Ammo... muallif to‘garaklar ichida emas, chinakam hayot qo‘ynida yashaganda edi, asar durdonaga aylangan bo‘lardi, hozir esa u musibatli og‘ir o‘ylardir. Ostrovskiy hazilakam dramatik yozuvchi emas, ammo u chinakam genial narsalar yaratmayapti, chunki noyob iste’dodligini his qilish darajasi o‘z sarhadlaridan chiqib ketdi. Bu sezgi endi uning iste’dodini harakatga soladigan kuch emas, balki har bir qilgan ishini oqlaydigan ishonchga aylanib qoldi. Men bu yerda Chicherin bilan yaqindan tanishdim, bu odam menga juda-juda yoqdi...

N.A. Nekrasovga

18 dekabr. Moskva.

Samimiy maktubingiz uchun, Nekrasov, sizdan juda, juda minnatdorman. Sizga yozganimdek, bu asardan ko‘nglim to‘q edi; uni qayta ishlab qariya Aksakovga ko‘rsatdim, u ham nihoyatda mamnun bo‘lgan edi; ammo hozir fikringizga to‘la qo‘shilmasam-da, sizga ishonaman; buning ustiga unga jiddiy qarshilik ko‘rsatmagansiz. Shunday bo‘lsa-da, uni bosib chiqarish mumkin emas, sababi, sizga yozganimdek, hali ko‘p joylarini tuzatish va o‘zgartirish lozim. 30-sanada uni qaytarib yuborishingizni so‘rab xat yozgan edim. Qaytarmasdan bekor qilgansiz. Bu qissa mazmuniga ko‘ra bayon uslubida emas, aksincha psixologik va lirik yo‘nalishda bo‘lgani uchun ko‘pchilikka yoqmasligi mumkin, bunga shubha yo‘q; maqsad qay darajada amalga oshgani, bu boshqa masala... Bu narsa ustida bir yil qattiq ter to‘kishimga to‘g‘ri keldi, ammo ko‘rib turibmanki, u boshqalarga ham manzur bo‘lmaydi, undan voz kechilgani ma’qul, shuning uchun sizdan bag‘oyat minnatdorman. Marhamat qilib, qo‘lyozmani yoki korrekturani qaytarib yuborsangiz, iliq-issig‘ida zarur joylarini tuzatib, ko‘zdan nariga tashlab qo‘yishdan yaxshisi yo‘q. Turgenev sizga qissa jo‘natgani haqida xabar yubordi[48]. Marhamat qilib, u nima haqida ekani va qaysi sonda bosilishini yozib yuborsangiz...[49]

1860 yil

A.A. Fetga

23 fevral. Yasnaya Polyana.

...“Arafa”ni o‘qidim. Mening fikrim shunday: doimo ma’yus yuradigan va hayotdan nimani izlayotganini o‘zi yaxshi bilmaydigan odamlar uchun asar yozishdan hech qanday naf yo‘q. Umuman, “Dvoryanlar uyasi”ga qaraganda “Arafa” ancha yaxshi, unda ajoyib salbiy shaxslar – jumladan, san’atkor va ota bor. Boshqalar tip darajasiga ko‘tarilmaganidan tashqari, ulardan ko‘zlangan maqsad ham, vaziyat ham tipik emas, hatto ular yaramas odamlardir. Umuman, bu Turgenevga tekkan ashaddiy kasallik. Asardagi qiz durust chizilmagan: oh, men seni qanday sevaman... uning kipriklari uzun edi... Umuman, men Turgenev shunchalik aqli va shoirona qalbi bilan bu qadar jo‘n, ibtidoiy usullardan o‘zini tiya olmaganiga hayron qolaman... Sirasini aytganda, yaxshi-yomonligidan qat’i nazar, hozir shu tarzda povest yozib bo‘lmaydi. Ostrovskiyning “Momaqaldirog‘”i ayanch asar, ammo u muvaffaqiyat qozonadi. Bunga Ostrovskiy bilan Turgenev emas, zamona aybdor...

1864 yil

S.A. Tolstoyga

6 dekabr. Moskva.

...Bugun, ertalab bir soatga yaqin Tanyaga osoyishta va hayajonsiz diktovka qildim, bu yaxshi emas, chunki hayajonsiz yozuvchilik ishlarimiz olg‘a siljimaydi...

S.A. Tolstoyga

11 dekabr. Moskva.

Bugun Jemchujnikovning huzurimga kelganim men uchun nihoyatda quvonchli voqea bo‘ldi, sen bergan maslahatga amal qilmasdan, unga bir necha bobni o‘qib berdim. Shu paytda hech kutilmaganda Aksakov ham kelib qoldi. Ularga Ippolit bir qiz haqida so‘zlaydigan joygacha o‘qib berdim. Har ikkalasiga, ayniqsa, Jemchujnikovga bu qismlar juda yoqdi. Ular parchani yuqori baholashdi. Men xursand bo‘ldim va mamnuniyat bilan davomini yozishga kirishdim. Maqtamasalar yoki yolg‘on gapirsalar yomon, ammo qanday kuchli taassurot olganlarini ko‘rib tursang katta foydasi tegar ekan[50].

1865 yil

M.N. Katkovga

3 yanvar. Yasnaya Polyana

Bir necha marta urinib ko‘rganimga qaramay, so‘zboshini[51] o‘zim o‘ylagandek qilib yoza olmadim. Aytmoqchi bo‘lgan gapim shundan iborat ediki, mazkur asar roman ham, qissa ham emas, unda yechilishi bilan tamom bo‘lib qoladigan va qiziqishni so‘ndiradigan bironta tugun ham yo‘q. Bularni sizga yozayotganimga sabab shuki, mundarijada ham, bo‘lajak e’lonlarda ham mening asarimni roman deb atamang. Bu men uchun juda muhim bo‘lganidan sizdan shuni iltimos qilayapman.

L.N. Volkonskayaga

3 may. Yasnaya Polyana

Suyukli knyaginya, Sizga meni eslashingiz uchun bahona tug‘ilganidan juda xursandman va buni isbotlash maqsadida, garchi bajarish mumkin bo‘lmasa-da, zudlik bilan savolingizga javob yozishga shoshilmoqdaman. Andrey Bolkonskiy asarda ishtirok etadigan barcha shaxslar kabi yozuvchi uchun hech kim emas. Agar mehnatlarim kimnidir portretini ko‘chirish, nasl-nasabini aniqlash va eslashga qaratilganda edi, ularni nashr ettirishdan uyalgan bo‘lardim. Janob Axsharumov iste’dodli mutaxassis sifatida buni yaxshi bilishi kerak. Ammo yuqorida aytganimdek, siz uchun eng qiyin vazifani ham bajarish istagida bo‘lganim tufayli mening Andreyim kimligini aytishga harakat qilaman.

Men tasvirlaydigan Austerlits jangida, romanning boshlanishida, yosh nav-qiron yigit o‘lmog‘i kerak edi; romanimning davomida menga keksa Bolkonskiy va uning qizi zarur bo‘lardi; keyinchalik romanga hech qanday aloqasi bo‘lmagan shaxsni tasvirlashdan ma’no yo‘qligini sezganimdan keyin boyagi navqiron yosh yigitchani keksa Bolkonskiyning o‘g‘liga aylantirdim. Keyin u meni qiziqtirib qoldi, unga romandan munosib o‘rin ajratildi, men unga shafqat ko‘rsatib, o‘ldirish o‘rniga qattiq yarador qilish bilan cheklandim. Suyukli kinyaginya, judayam aniq bo‘lmasa-da, Bolkonskiyning kimligi haqidagi bor haqiqat ana shundan iborat...

P.D. Boborikinga

Iyul-avgust. Nikolskoe-Vyazemskoe

...Badiiyat maqsadlarini (matematiklar aytganidek) ijtimoiyat mezonlari bilan o‘lchab bo‘lmaydi. San’atkorning maqsadi o‘tkir muammolarni uzil-kesil yechib berishdan iborat emas, balki butun murakkabligi, bitmas-tuganmas qirralari bilan hayotni sevishga da’vat etishga qaratilgandir. Agar menga o‘zimga ma’lum ijtimoiy masalalarga bag‘ishlab roman yozishni taklif qilsalar, men bunday roman uchun hatto ikki soat vaqtimni ham ajratmagan bo‘lardim, ammo-lekin menga hozirgi bolalar 20 yildan keyin o‘qib yig‘laydigan, kuladigan va hayotni sevadigan roman yozgin desalar, men buning uchun butun umrim va bor kuch-qudratimni bag‘ishlagan bo‘lardim.

1870 yil

A.A. Fetga

21 fevral. Yasnaya Polyana

Men siznikidan jo‘nab ketayotganimda hikoyangiz[52] mazmuniga ko‘ra juda yaxshi ekanini, uni tashlab yuborsangiz yoki bir qisminigina nashrga bersangiz, u uvol bo‘lishini yana bir karra eslatib qo‘yishni unutibman. Asar yana qo‘lga olishga munosib, mazmuni jiddiy va shoirona... faqat ortiqcha narsalarni chiqarib tashlash va Annenkov aytganidek, uni javohirga aylantirish kifoya. Oltinni ajratib oling. Faqat o‘tiring va tanqidiy ko‘zdan kechirgan holda uni qayta ko‘chirib chiqing, keyin o‘qish uchun menga bering...

A.A. Fetga

 11 may. Yasnaya Polyana

Qadrdon do‘stim Afanasiy Afanasich, men barcha soxtaliklar, ayniqsa o‘z ishimizdagi bema’niliklardan bezib, minglab chaqirim uzoqda yurgan kishi, qora terga botib ishlab, bolta va belkuragimni ko‘tarib uyga qaytgan chog‘imda maktubingizni oldim. Uni ochib, birinchi navbatda she’ringizni o‘qidim[53] va xotinimning oldiga kirib uni o‘qib bermoqchi bo‘lganimda, burnim achishib, ko‘zimdan yosh quyilib keldi-da, uni o‘qiy olmadim. Biron satrini o‘rnidan qo‘zg‘atib yoki o‘zgartirib bo‘lmaydigan noyob she’r bo‘pti. U o‘zicha jonli va go‘zal. Juda yaxshi va nazarimda shunchaki tasodifiy she’r emas, balki u bir paytlar to‘xtatib qo‘yilgan oqimning dastlabki tomchilari edi. Bu she’r menga shunchalik kuchli taassurot qoldirdiki, u qandaydir “Xabarnoma” qog‘ozida bosilib chiqqandan keyin Suxotinga o‘xshaganlar o‘qib: “Qaranglar-a, Fet ham yaxshi yozadi-ya”, deb hukm yuritishlarini o‘ylab, og‘ir qayg‘uga toldim.

“Sen nafissan va butun borlig‘ing go‘zal”. Sizning yaxshi narsalaringizni bilmayman. Hammasi ajoyib...

Kundalikdan

28 oktyabr. She’riyat inson yuragida yonayotgan olovdir. Bu olov yondiradi, isitadi, yoritadi.

Ba’zi odamlar haroratni his qiladi, ba’zilari iliqlikni, uchinchilari faqat yorug‘likni ko‘radi, yorug‘likni ham ko‘rmaydiganlar bor. Ko‘pchilik – omma – she’riyatga hakamlik qiladiganlar harorat va iliqlikni sezadilar, ammo nurni ko‘rolmaydilar. Ularning hammasi she’riyatning vazifasi faqat yoritish deb biladi. Shunday fikr yuritadiganlar yozuvchiga aylanadilar va hayotni yoritaman deb fonar ko‘tarib yuradilar. Ular, tabiiyki, qorong‘ilik va tartibsizlik bor joylarga yorug‘lik kerak deb o‘ylaydilar. Boshqalar esa hamma gap issiqlikda degan tasavvurga borib, sun’iy yo‘l bilan issiqlik tarqatishga urinadilar (ko‘ksida olov yonayotgan ba’zi shoirlar ham ko‘pincha shunday yo‘l tutadilar). Ammo chinakam shoirlar beixtiyor ravishda azob, zahmat chekib yonadilar va boshqalarni ham yondiradilar. Hamma gap mana shunda.

1871 yil

N.N. Straxovga

13 sentyabr. Yasnaya Polyana

...Siz ketganingizdan keyin temir yo‘lda Tyutchev bilan uchrashib qoldim va to‘rt soat gaplashib o‘tirdik. Men ko‘proq tingladim. Siz uni bilasizmi? U daho, ulug‘vor va bolajon qariya. Tiriklar orasida men o‘zimga o‘xshab his qiladigan va fikr yuritadigan siz bilan undan boshqa odamni bilmayman...

1872 yil

3 mart. Yasnaya Polyana

A.F. Pisemskiyga

Marhamatli janob Aleksey Feofilaktovich! Maktubingiz va yuborgan kitoblaringiz uchun chin dildan minnatdorman. Xatingizni ham, romaningizni[54] ham ikkinchi marta rohatlanib o‘qib chiqdim va bu ikkinchi o‘qish sizga avval aytgan taassurotlarimni yanada mustahkamladi. U paytda o‘qiy olmaganim uchinchi qism ham birinchi o‘qiganimda meni hayajonga solgan dastlabki boblar kabi juda go‘zal yozilgan...

1873 yil

A.A. Tolstoyga

Yanvarning oxiri-fevralning boshlari

...Tyutchevning kasali haqida eshitdim, bu menga qanchalik ta’sir etganini aytsam, siz ishonmaysiz. Men u bilan hayotim davomida o‘n martacha uchrashdim; uni men yaxshi ko‘raman va shu tufayli uni hamisha yolg‘izlikka mahkum etilgan baxtsiz odamlardan biri deb hisoblayman. U yaqinlashib kelayotgan o‘limini qanday qarshilar ekan?

Agar u o‘zini yaxshi his eta boshlasa, uni qanchalik sevishimni aytib qo‘ysangiz...

A.A. Tolstoyga

1 mart. Yasnaya Polyana

...Mening ishlarim yomon ketayapti[55]. Hayot nihoyatda yaxshi, yengil va qisqa, uning tasviri esa har doim xunuk, og‘ir va uzun kechadi.

N.N. Straxovga

25 mart. Yasnaya Polyana

 ...Bu yil qishdagi barcha ish vaqtlarimda Pyotr bilan shug‘ullandim, ya’ni u zamonlar ruhi bilan hamnafas bo‘ldim va birdan, bir hafta oldin – Seryoja – katta o‘g‘lim “Yuriy Miloslavskiy”ni[56] zavq bilan o‘qishga kirishdi. Men bu narsa hali unga erta deb hisobladim va birga o‘qiy boshladim, xotinim Seryoja uchun “Belkin qissalari”ni olib keldi, keyin esa, tabiiyki, unga hali erta deb hisobladi. Men ishdan so‘ng Pushkinning mana shu jildini (chamasi yettinchi marta) o‘qishga tutindim, xuddi yangidan o‘qiyotgandek kitobdan boshimni ko‘tarolmas edim. Bundan tashqari u barcha shubhalarimni tarqatib yubordi. Pushkindan boshqa, chamasi, men hech kimning asarini bunchalik zavq bilan o‘qimagan edim. “O‘q”, “Misr tunlari”, “Kapitan qizi”! Unda “Mehmonlar chorboqqa to‘plandilar” degan parcha bor edi. Men beixtiyor, negaligi va nima bilan tamom bo‘lishini o‘zim bilmagan holda shaxslarning qiyofalari va voqealarni ko‘z oldimga keltirib, o‘zimcha davom ettirishga kirishdim, so‘ng tabiiyki, ularni o‘zgartirdim, birdan ular bir-biri bilan g‘alati tarzda o‘zaro bog‘lanib, chiroyli bir romanga aylandi, uning qoralamasi kecha paydo bo‘ldi[57]. Roman juda jonli, haroratli va quyma chiqdiki, bundan o‘zim ham mamnun bo‘ldim, xudoyim salomatlik bersa, u ikki haftadan keyin qiyomiga yetadi. Bir yildan beri qiynalib yozayotgan narsamga uning hech qanday aloqasi yo‘q...

 Men “Urush va tinchlik”ning ikkinchi nashrini tayyorlashga kirishdim, birinchi jilddagi barcha ortiqcha narsalarni chiqarib tashlash, yangisini qo‘shish uchun qayta ko‘chirtirdim. Agar keyingi uch jildni ko‘rib chiqishga vaqtingiz bo‘lsa, mendan maslahatlaringizni ayamasangiz. Yomon deb hisoblagan o‘rinlarni menga eslatib turing...

1882 yil

I.S. Turgenevga

1-5 may. Moskva

Aziz Ivan Sergeich!

Sizni kasalligingiz haqida Grigorovichdan eshitdim, bu haqda yoza boshlaganlaridan keyin xastalik jiddiyligiga ishongach, qattiq xafa bo‘ldim. Sizni nihoyatda yaxshi ko‘rishimni his qildim. Yana sezdimki, agar mendan oldin vafot etsangiz, bu men uchun juda og‘ir bo‘ladi. Gazetalarda taskin beruvchi xabarlar chiqdi. Balki bularning hammasi doktorlarning vahimasi va behuda shubha-gumonlardir va biz siz bilan Yasnayada hamda Spasskiyda diydor ko‘risharmiz. Xudoyo, o‘zing madad ber!

Sizning og‘ir dardga chalinganingizni eshitgan ilk daqiqalarda umidvormanki, bu bekor bo‘lib chiqadi, Siz bilan uchrashish uchun Parijga yo‘l olsammikin, degan fikr kallamga keldi. Xastaligingiz haqida aniq va batafsil yozib yuboring yoki yozishga buyuring. Men juda minnatdor bo‘lardim. Aniq bilishni xohlayman.

Sizni, keksa, aziz va men uchun nihoyatda qimmatli inson va do‘stimni quchib qolaman.

Sizning Tolstoyingiz

1883 yil.

S.A. Tostoyga

30 sentyabr. Yasnaya Polyana

...Turgenev haqida ko‘p o‘yladim, uni dahshatli darajada yaxshi ko‘raman, achinaman va doim o‘qiyman. Men u bilan birga yashayman. Albatta uni o‘qiyman yoki u haqda yozaman va o‘qishga beraman...

...Hozir Turgenevning “Bas endi” asarini o‘qidim. O‘qib ko‘r, naqadar go‘zal...

(Tolstoy rus adabiyoti muxlislari jamiyati tomonidan Turgenev xotirasiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan kechada nutq so‘zlamoqchi bo‘lgan. Matbuot ishlari bo‘yicha Bosh boshqarma boshlig‘i Ye.M.Feoktistov Ichki ishlar vaziriga Tolstoyning chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, “u o‘rinsiz mulohazalar bildirishi mumkin” deb ma’lumot beradi. Qo‘rqib ketgan vazir “uzrli sabablarga ko‘ra Turgenevning xotirasiga bag‘ishlangan Jamiyat majlisi “noma’lum muddatga kechiktirilgani” haqida buyruq chiqaradi. Kecha o‘tkazilmasdan qolib ketadi).

1884 yil

A.N. Pipinga

10 yanvar. Moskva

Aleksandr Nikolayevich!

Siz bilan shaxsiy munosabatlar o‘ranata boshlaganimiz bilan juda xursandman. Men sizni ko‘pdan bilaman va e’zozlayman. Turgenevning xatlarini bajonu dil sizga yuboraman. Ko‘pchiligini topolmaymanmi deb qo‘rqaman. Men o‘ta palapartish odamman. Bahor ayyomida qishloqqa boraman. Shunda izlab ko‘raman va nimaniki topsam sizga jo‘nataman. Mening birovlardan yashiradigan hech qanday sirim yo‘q. Bu xatlarni nima qilsangiz – ixtiyoringiz.

...Turgenev haqida hech narsa yozmayman, sababi uning haqida bir-biriga bog‘liq juda ko‘p voqealarni aytishim mumkin. Men uni har doim yaxshi ko‘rganman, faqat vafotidan keyingina chinakam qadriga yeta boshladim. Ishonamanki, Turgenevning ahamayatini ikkimiz ham birdek his qilamiz, shuning uchun mo‘ljallagan ishingiz meni quvontiradi. Ayni zamonda, u haqidagi bir mulohazamni aytmasdan turolmayman. Undagi eng muhim fazilat haqqoniylik edi. Meningcha, har bir san’at asarida (badiiy ijodda ham) uch omil ko‘zga tashlanadi:

1.Kim va qanday odam gapiryapti?

2.Qanday – yaxshi yoki yomon gapiryaptimi?

3.U nimani o‘ylasa, mutlaqo o‘ylagani va his qilganini gapiryaptimi?

Mana shu uch omilga ko‘ra insoniyat tafakkuri yaratgan hamma badiiy asarlarga baho berish mumkin. Turgenev go‘zal odam (judayam teran emas, bir qadar zaif, ammo olijanob, yaxshi odam), u har doim o‘zi o‘ylagan va his qilgan narsalarni ochiqchasiga gapirar edi. Bu uch omil kamdan-kam yaxlit namoyon bo‘ladi va odamdan bundan ortiq narsani talab qilish mumkin emas. Turgenev adabiyotimizga juda yaxshi va samarali ta’sir ko‘rsatdi. U yashadi, izlandi va topgan narsalarining hammasini asarlari orqali bayon qildi. U o‘z iste’dodi (yaxshi tasvirlash mahorati)ni suiiste’mol qilmadi, ba’zilarga o‘xshab ko‘nglidagini yashirmadi, dilida borini ochiq aytdi. Uni qo‘rqadigan joyi yo‘q edi...

1905 yil

7 mart. Yasnaya Polyana

...Men 15 yoshimdan boshlab Russoni ustozim deb bilganman. Russo va injil – hayotimga juda kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatdi.

Russo eskirmaydi. Yaqinginada uning ba’zi asarlarini qayta o‘qishimga to‘g‘ri keldi va men yoshlik chog‘imda o‘qib ulardan qanday yuksak ruh va ilhom olgan bo‘lsam, hozir ham aynan shu tuyg‘ularni qayta his qildim.

 Rus tilidan Ortiqboy Abdullayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 11-son.



[1] “O‘lik jonlar” ning ikkinchi kitobi nazarda tutilmoqda. (Muh.)

[2] D.V.Grigorovichning pomeshchiklar hayotiga bag‘ishlangan “Qishloq yo‘llari” romani. Tolstoy bu asar Gogolning “Eski zamon pomeshchiklari”ga taqlid deb hisoblaydi.

[3] “Bolalik”ning ikkinchi qismi ( XVI bob, “She’rlar”dan keyingi sahifalar) nazarda tutilgan.

[4] “Sovremennik”ning 1852 yil 8-sonida bosilgan Nikolay M. (P. Kulish) ning “Ulyana Terentevna qismati” qissasi haqida gap boradi.

[5] “Hisobchining maktublari” hikoyasi.

[6] “Invalid” – Peterburgda 1813-1917 yillarda nashr etilgan rasmiy harbiy gazeta.

[7] Balzakning “Vodiydagi nilufar” romani.

[8] Pushkinning “Tosh mehmon” dramasi.

[9] Pushkin asarlarining 2-3-jildi.

[10] Drujinin tarjima qilgan V.Shekspir tragediyasi.

[11] 1857 yil yanvar-iyul oylarida L.N.Tolstoy chet elga birinchi marta sayohatga chiqib, Frantsiya, Shveytsariya va Germaniyada bo‘lgan edi.

[12] “Lyutsern” hikoyasi.

[13] “Jimjitlik” she’ri.

[14] Gazetada “Lyutsern” hikoyasi qattiq tanqid qilingan edi.

[15] “Albert” povesti.

[16] Grigorovichning “Poytaxtdagi qarindoshlar” povesti bo‘lsa kerak.

[17] “Mijozi to‘g‘ri kelmadi” komediyasi.

[18] N.P.Ogaryov.

[19] “Urush va tinchlik” romani nazarda tutilmoqda.

[20] “Urush va tinchlik” romani nazarda tutilmoqda.

[21] “Kasal tekkan oila” komediyasi.

[22] “Anna Karenina” romani.

[23] Ikki yozuvchi 1861 yilda qattiq janjallashib qolgan edi. Tolstoy 17 yil o‘tgandan keyin birinchi bo‘lib I.S.Turgenevga xat yozadi.

[24] A.O.Elsnerning “Sanam himoyasida” romani.

[25] Kavkaz xalqlariga doir tadqiqotlar yozgan K.A.Borozdinning hikoyasi.

[26] “Hayot” jurnali.

[27] A.M.Gorkiy 17 mayda uy qamog‘iga o‘tkazilib, so‘ng ozod etilgan. Bu ezgu ishda Tolstoyning maktubi katta xizmat qilgani ma’lum.

[28] D.V.Gigorovichning shu nomdagi qissasi.

[29] Lamartin asari.

[30] J.Sand romani.

[31] “Bolalik” qissasi.

[32] Jan Jak Russoning “Emil” asari.

[33] “Bosqin” hikoyasi dastlab “Kavkazdan xatlar” deb nomlangan edi.

[34] Bu yerda hajv emas, tanqidiy ruhdagi asar ko‘zda tutilgan. (Tarj.)

[35] Yevgeniya Turning romani. Dastlab “Sovremennik”da bosilgan, 1851 yilda alohida nashr etilgan.

[36] “Rus zamindori qissasi” asari nazarda tutiladi.

[37] Bernarning qaysi asari haqida gap ketayotgani noma’lum.

[38] IA.Goncharovnig “Odiiy voqea” romani.

[39] I.S.Turgenevning “Ortiqcha odamning kundaligi” asari.

[40] S.T.Aksakovning “Oila solnomasi” asari.

[41] N.N.Tolstoyning bu hikoyasi saqlanib qolmagan.

[42] Gertsen Londonda nashr eta boshlagan jurnalning ilk sonlari.

[43] Griboedovning asari.

[44] P.Merimening “Karmen” qissasi.

[45] Bu o‘rinda “Sovremennik”chilar va “sof san’at” tarafdorlari o‘rtasidagi bahs-munozaralar nazarda tutilmoqda.

[46] Pisemskiyning “Poytaxtdagi qarindoshlar” qissasi qahramoni.

[47] Ostrovskiyning “Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga” komediyasi dastlab shunday nomlangan edi.

[48] “Asya” qissasi.

[49] N.A.Nekrasov Tolstoyning “Albert” qissasi haqida ancha keskin xat yozgan edi. Adib shoirning barcha mulohazalarini qabul qilgan.

[50] Gap“Urush va tinchlik” romani haqida ketyapti.

[51] “Urush va tinchlik” romani uchun yozishga mo‘ljallangan so‘zboshi nazarda tutilmoqda.

[52] A.A.Fetning “Goltslar oilasi” qissasi.

[53] A.A.Fetning “May kechasi” she’ri.

[54] A.F.Pisemskiyning “Girdob” romani.

[55] Pyotr 1 davri haqidagi roman nazarda tutilgan.

[56] M.N.Zagoskin romani.

[57] “Anna Karenina” romanining ilk qoralamasi ko‘zda tutilmoqda.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.