OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lev Tolstoy. Faqirlar (hikoya)

Baliqchi kulbasidagi chiroq yonida Janna eski yelkanni yamab o‘tiribdi. Tashqarida shamol guvillaydi, o‘kiradi, to‘lqinlar chayqalib sohilga kelib uriladi, pishqiradi. Hovli qorong‘i va sovuq, dengizda bo‘ron o‘kiradi, ammo baliqchi kulbasi issiq va tinch. Kulba yaxshilab supurilgan: pechda olov hali o‘chmagan; tokchada idish-tovoqlar yaltiraydi. Oq chodir tortilgan karavotda besh bola dengiz hayqirig‘i ostida uxlab yotishibdi. Baliqchining o‘zi esa ertalab qayig‘ida dengizga chiqib ketganicha qaytib kelgani yo‘q. To‘lqinlarning guvillashi-yu, shamolning o‘kirishi baliqchining xotini qulog‘idan ketmaydi. Jannaning butun vujudini vahima chulg‘agan.
Eski yog‘och soat hirqiroq tovush chiqarib o‘nga, o‘n birga zang urdi… Eridan hamon darak yo‘q. Janna o‘ylanib qoldi. Eri jonini jabborga berib ishlaydi, sovuq demay, bo‘ron demay baliq ovlaydi. Janna ham ertalabdan kechgacha ishdan bosh ko‘tarmaydi, lekin na foyda? Tirikchilik zo‘rg‘a o‘tadi. Bolalarning hammasi ham yupun: yozin-qishin birday yalangoyoq yurishadi; bug‘doy nonini ko‘rish qayoqda – javdar nonining yetib turgani ham katta gap. Hamma ovqatlari — baliq. “Xudoga shukur, bolalarim sog‘-salomat, — deb o‘ylaydi Janna va yana bo‘ronga quloq soladi. — Hozir qaerlarda ekan-a? Xudoyo-xudovando, o‘z panohingda saqla!”, deydi u.
Yotay desa, hali vaqt erta. Ayol o‘rnidan turadi. Boshiga qalin ro‘molini tashlab, fonarni yoqadi-da, dengiz tinchidimikan, mayoqning chirog‘i o‘chib qolmadikan, erimning qayig‘i ko‘rinmayotganmikan, deya ko‘chaga chiqadi. Lekin dengizda hech nima ko‘rinmaydi. Shamol boshidagi ro‘molni yulqilaydi, allaqanday narsa bilan qo‘shni kulbaning eshigini taraqlatadi va boyagina bemor qo‘shnisini ko‘rib chiqmoqchi bo‘lganini eslaydi. “Bechoraning qaraydigan hech kimi yo‘q”, deb o‘ylaydi Janna va eshikni taqillatib quloq soladi… Javob bo‘lmaydi.
“Bevalik qursin, — deb o‘ylaydi Janna ostona yonib turib. — Bolasi ko‘p emas, ikkitagina, lekin hammasiga yolg‘iz o‘zi balogardon. Ustiga-ustak xastalik! Eh, bevalik qursin, bevalik. Kirib ko‘rib chiqay-chi”.
Janna eshikni qayta-qayta taqillatadi. Lekin javob bo‘lmaydi.
— Hoy qo‘shni! — deb qichqirdi Janna. “Bir nima bo‘lgan bo‘lmasin tag‘in” deb o‘yladi va eshikni itardi. Eshik lang ochilib ketdi va Janna ichkari kirdi.
Kulba zax va sovuq edi. Janna bemorning qaerda yotganini ko‘rish uchun fonarni ko‘tardi. Ko‘ziga eng avval tashlangan narsa, eshikning ro‘parasidagi to‘shakda yotgan bemor bo‘ldi. Qo‘shnisi chalqancha tushib, murda singari qimir etmay yotardi. Janna fonarini yaqinroq tutdi. Ha, bu o‘sha edi. Boshi orqaga tashlangan; sovuq, ko‘karib ketgan yuzida o‘lim sokinligi. Sarg‘ish, jonsiz qo‘l allanarsaga uzatilib, tushib ketgandek poxolda osilib yotardi. Shu yerning o‘zida, murda onaning yonginasida eski ko‘ylakka o‘ralgan jingalak soch, do‘mboq ikki go‘dak malla boshlarini bir-biriga suqishib uxlab yotishardi. Onasi jon berayotib ularning oyog‘ini eski ro‘mol bilan o‘rab, ustlariga ko‘ylagini tortib qo‘yishga ulgurgani ko‘rinib turardi. Go‘daklar bir me’yorda ravon nafas olar, shirin va qattiq uyquda edilar.
Janna bolalar yotgan belanchakni oldi, ustlariga ro‘molni yopib uyiga olib ketdi. Uning yuragi duk-duk urar, nega va qanday qilib bunday qilganini o‘zi ham bilmas, lekin bosh­qacha yo‘l tutolmasligini yaxshi bilardi.
Uyga kelgach, Janna uxlab yotgan go‘daklarni o‘z bolalari yoniga yotqizdi-da, chodirni tortdi. Uning rangi qum o‘chgan, hayajonlangan edi. Uni vijdon azobi qiynayotgan edi. “Erim nima derkan?.. — derdi o‘ziga-o‘zi… Ungayam oson emas, o‘zimizning besh bolamizning tashvishi oshib-toshib yotibdi. Ana, kelib qoldi!… Yo‘q-yo‘q, u emas. Nima qilib qo‘ydim-a? Rosa savalaydi meni. Shunday qilg‘ilikni qilganimdan keyin uraversin… Ana u! Yo‘q!… xayriyat, u emas ekan!
Eshik birov kirgandek g‘ijirladi. Janna seskanib ketib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
“Yo‘q. Yana hech kim yo‘q! E xudoyim-e, nima qilardim olib kelib? Endi uning ko‘ziga qanday qarayman?”. Janna o‘ylanib qoladi va ancha paytgacha karavot yonida jim o‘tiradi.
Yomg‘ir tinib, tong yorishadi, ammo shamol hamon uvillaydi, dengiz avvalgiday quturadi.
To‘satdan eshik lang ochiladi, kulbaga dengiz havosi yopirilib kiradi, baland bo‘yli, qorachadan kegan baliqchi dabdalasi chiqqan, ho‘l to‘rni sudrab, xonaga qadam qo‘yarkan:
— Mana, Janna, men keldim! — deydi.
— Voy o‘lmasam, keldingmi! — deydi Janna va erining ko‘ziga qarashga botina olmay.
— Rasvo tun bo‘ldi-da. Dahshat!
— Ha, havo yomon aynidi! Xo‘sh, ov qalay?
— Rasvo, asti qo‘yaver! Hech nima tutolmadim. To‘rni yirtganim qoldi. Ish pachava, juda pachava!… Senga nimasini aytay, judayam rasvo havo, judayam rasvo bo‘ldi-da! Bunaqa tunni hech ko‘rmaganman desam bo‘ladi. Ovniyam qo‘yaver! Eson-omon kelganimga shukur qil… Xo‘sh, o‘zing qalay, nimalar qilding?
Baliqchi to‘rni xonaga tortib kiritdi-da, pech yoniga o‘tirdi.
— Menmi? — dedi Janna rangi quv o‘chib. — nimayam qilardim… Yamoqchilik qildim… Shamol shunday guvilladiki, yuragim orqamga tortib ketdi. Sendan xavotir oldim.
— Ha, ha, — deb g‘o‘ldiradi er. — juda yomon havo. Nima ham qilardik! Ikkovlari ham jim bo‘lib qolishdi.
— Xabaring yo‘qdir, — deydi Janna, — qo‘shnimiz Simon o‘lib qolibdi-ya.
— Yo‘g‘-e?
— Qachon o‘lganini ham bilmayman, kecha o‘lgan bo‘lsa kerak. O‘lim oldidan ham toza ezilgandir, sho‘rlik. Bolalariga yuragi achishib, o‘zini qo‘yarga joy topolmagandir! Ikkala bolasiyam hali go‘dak… Birlarining hali tili ham chiqmagan, ikkinchisi endi emaklay deyapti.
Janna jim bo‘lib qoldi. Baliqchining qovog‘i solindi, chehrasi jiddiy, tashvishli tus oldi.
— Eh dunyo!… — deb g‘o‘ldiradi u chakkasini qashib. — nima ham qilardik endi! Borib ularni olib kelishga to‘g‘ri keladi, uyg‘onib qolishsa bormi, murda yonida hollari nima kechadi? Hay, bir kunimizni ko‘rib ketarmiz! Bor, darrov.
Lekin Janna joyidan qimirlamadi.
— Ha, nima deysan? Xohlamaysanmi, senga nima bo‘ldi, Janna?
— Mana ular — Janna shunday dedi-da, chodirni ochdi.

Xolida Ahrorova tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.