OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Liam O’Flaerti. Snayper (hikoya)

Uzun iyun tuni nihoyalanib, tongi shafaq ko‘rina boshladi. Dublinda atrof hali qorong‘u bo‘lsa ham osmonni qoplagan qalin bulutlar orasidagi oyning xira nurlari ko‘chalarni yoritib turardi. Atrofni miltiqlardan otilayotgan o‘q tovushlari tutib ketgandi. Shaharning u boshidan bu boshigacha eshitilayotgan miltiq va pulemotlarning tovushi hammayoqni buzardi. Respublikachilar va Erkin Davlat tarafdorlari fuqarolar urushini boshlashgandi.
 O’ Konnell ko‘prigi yaqinidagi binoning tomida Respublikachilar snayperi poylab yotardi. Oldida miltig‘i yotardi. Yelkasiga dala durbini osilgandi. Uning ozg‘in yuzi tarki dunyo qilgan talabaning yuzini eslatar, ko‘zlari bilan atrofga sovuq nazar tashlardi. Bu teran va o‘ychan ko‘zlar ajalga tik boqadigan odamning ko‘zlariga o‘xshardi.
 Snayper ishtaxa sendvich yerdi. U ertalab buyon hech narsa yemagandi. Sendvichini yeb bo‘lgach, cho‘ntagidan aroq solingan idishni chiqarib aroqdan bir xo‘plam ichdi. Keyin aroq idishini yana cho‘ntagiga soldi. Bir ozdan so‘ng sigareta chekkisi kelib qoldi. Bu xavfli edi. Qorong‘uda gugurt chaqsa dushmanlar payqab qolardi. Ammo u tavakkal qildi.
 Snayper gugurtni yoqishi bilan atrof bir zumga yorug‘lashdi. Shu payt uning oldidagi himoya to‘sig‘iga yashin tezligida bir o‘q kelib tegdi. U emaklab chap tomonga o‘tdi-da ehtiyotkorlik bilan o‘rnidan turdi. Uchqun chaqnab boshining tepasidan o‘q uchib o‘tdi. Snayper tezlik bilan boshini egdi. Uchqun chaqnagan tomonga qaradi. O‘q qarama qarshi tomondagi binoning tomidan otilayotgan edi.  Snayper bir dumalab orqa tomondagi mo‘rining oldiga bordi va sekin uning orqasiga bekindi. Qarama qarshi tomondagi tomda hech narsa ko‘rinmadi. Dushman g‘oyib bo‘ldi.
 Bir necha daqiqa o‘tib ko‘prikdan bir zirhli mashina kesib o‘tdi va ko‘chaga qarab yurdi. Mashina snayper turgan binoning qarshiga kelib to‘xtadi. Bu dushman mashinasi edi. Snayper uni otmoqchi bo‘ldi lekin buni foydasiz ekanini anglab fikridan qaytdi. Uning o‘qlari bari bir zirhni teshib o‘tolmasdi.
 Ko‘chaning bir burchagidan boshiga juldur ro‘mol o‘ragan bir kampir chiqib keldi.  U zirhli mashinadagilar bilan bir nimalarni gaplasha boshladi. Kampir snayper yotgan tomga qo‘li bilan ishora qildi.
 Zirli mashinaning eshigi ochildi va undan bir erkak boshi va yelkasini chiqarib snayper tomonga qaradi. Snayper miltig‘ini olib o‘q uzdi. Erkakning boshi mashina eshigiga qattiq urildi. Kampir ko‘chaning ichkarisiga qarab qochdi. Snayper yana o‘q uzdi. Kampir dodlaganicha ariq ichiga yiqildi. Birdan qarama qarshi tomondagi tomdan o‘q ovozi eshitildi va snayper so‘kinib miltig‘ini tashlab yubordi. Miltiq taraqlab tomga tushdi. Snayper o‘q uzgan kimsa bir oz avval g‘oyib bo‘lgan dushman ekanini faxmladi. Miltig‘ini olmoqchi bo‘lib egildi ammo uni ko‘tara olmadi. U bilagidan o‘q yegandi. – Yaralandim – deb ming‘irladi.
 Snayper tezda cho‘ntagidan pichog‘ini chiqarib yengini kesdi. O‘q suyakka qadalib qolgan ekan. Anjomlari orasidan tibbiyot xaltachasini oldi. Pichoq bilan o‘qni olib tashladi va xaltachadan yodni olib jaroxatiga surdi. Butun vujudi titrab daxshatli og‘riqni his qildi. Keyin jaroxati ustiga paxta qo‘yib bint bilan mahkam bog‘ladi. Yerga cho‘zildi va og‘riqni biroz bo‘lsada yengish uchun ko‘zlarini yumdi. Pastdagi ko‘chada jim jitlik hukm surardi. Zirhli mashina allaqachon xalok bo‘lgan askarining boshini osiltirib tezlik bilan jo‘nab qolgandi. Kampir esa hanuz ariq ichida yotardi.
 Snayper uzoq vaqt qo‘lini muolaja qildi. U bu yerdan tezroq qochishni rejalashtirdi. Qarama qarshi binoda uni dushman snayperi poylab turibdi. Dushman snayperini qanday bo‘lmasin yo‘q qilishi kerak. Lekin qo‘li yaralangani uchun merganlik miltig‘idan foydalana olmaydi. Bu ishni faqat to‘pponcha bilan amalga oshirishi mumkin. Snayper bir reja tuzdi.
 Bosh kiyimini yechib, miltig‘ining uchiga kiydirdi. Keyin bosh kiyimi qarama qarshi bino tomonga ko‘rinmagunicha miltig‘ini sekigina ko‘tardi. Bosh kiyimning markaziga tezlik bilan o‘q kelib tegdi. Snayper miltig‘ini pastga qarab egdi. Bosh kiyim pastga tushib ketdi. Bir oz o‘tib miltig‘ini ham tomdan tashlab yubordi. Emaklab tomning boshqa burchagiga bordi.
 Uning hiylasi ish berdi. Bosh kiyim va miltiqning pastga tushib ketganini ko‘rgan dushman snayperi raqibini o‘ldirdim deb o‘yladi. U endi xotirjamlik bilan himoya to‘sig‘ining oldida turardi. Respublikachi snayper tirjayib to‘pponchasini unga o‘qtaldi.Masofa tahminan ellik metr edi. U ishonch bilan nishonga oldi. Qo‘llari xayajondan qaltirardi. Lablarini maxkam bir biriga bosib, burni bilan nafas oldi-da dushmanga qarab o‘q uzdi.
 To‘pponchadan chiqqan tutun tarqalgach snayper qarama qarshi tomonga termildi va g‘olibona qichqirdi. O‘q dushmanga borib tekkandi. Dushman oldidagi himoya to‘sig‘i atrofida gandiraklardi. U o‘zini tutib qolmoqchi bo‘ldi biroq bari bir pastga quladi. Qo‘lidagi miltig‘i pastdagi do‘kon ustuniga urilib yo‘lakka taraqlab tushdi. Miltig‘ining ortidan o‘zi ham tomdan gurs etib yerga tushdi.
 Snayper dushmanining qulashini kuzatib turdi. Uni o‘ldirgani uchun vijdoni qiynaldi. Peshanasidan sovuq ter quyildi. Urushni, o‘zini, hammani lanatladi. Qo‘lidagi uchidan tutun chiqib turgan to‘pponchasiga qaradi va nafrat bilan uni oyog‘ini ostiga tashlab yubordi. Yerga urilgan to‘pponchadan o‘q otilib ketib yigitning boshi oldidan “shuv” etib o‘tib ketdi. U cho‘chib ketib orqaga tisarildi.Vujudini vaxima bosdi. Cho‘ntagidan aroq idishini chiqardi. Aroqni ichib idishdi bo‘shatdi. Keyin tomdan tushmoqchi va axborot berish uchun qo‘mondonini topmoqchi bo‘ldi. Atrofda hamma yoq jim-jit, ko‘chalarda endi xavf yo‘q edi. Snayper to‘pponchasini olib cho‘ntagiga soldi. Pastdagi uyning tarnoviga tirmashib tomdan tushdi.
 Yo‘lakka tushib olgach ko‘chaning narigi tomonidagi qarama qarshi binoning oldida yuz tuban bo‘lib yotgan boyagi dushman snayperiga qaradi. Bu snayper uning ko‘ziga juda tanish ko‘rindi. Ehtimol bu kimsa bilan urush boshlanib armiya ikkiga bo‘linmasidan avval bir safda xizmat qilgandir. Snayper unga yaqinroq borib qaramoqchi bo‘ldi. U O’ Konnell ko‘chasiga qaradi. Ko‘chaning boshida qattiq otishma ketayotgan bo‘lsa-da bu yer tinch edi. Snayper yugirib ko‘chani kesib o‘tdi. Yerga ko‘milgan pulemotlar uni o‘qqa tuta boshladi. Yigit o‘qlarga chap berib o‘zini qarama qarshi bino oldida yotgan jasadning oldiga tashladi. Pulemotlar otishdan to‘xtadi.
 Snayper jasadning yuzini o‘ziga qaratdi. Uning yuzini ko‘rib daxshatdan qotib qoldi. O‘z qo‘li bilan otib o‘ldirgan bu dushman snayperi uning o‘z akasi edi...

Ingliz tilidan Feruz Ziyodullayev tarjimasi
“7X7” gazetasi, 2015 yil, 26 noyabr soni

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.