OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lourens Blok. Bir so‘zga ming dollardan (hikoya)

Muharrirning ism-sharifi Uorren Juks edi. Bo‘yi baland, barmoqlari uzun, boqishlari jiddiy. Chakka sochlari oqara boshlagan. U odatdagidek stol ortida, urf bo‘lgan kostyum-shimda o‘tirardi. Trevaten uning oldida xuddi hozirgina inidan chiqqan ayiqdek ko‘rinardi.
-O‘tir, Jim,-iljaydi Juks.-Seni ko‘rishdan doimo xursandman. Faqat «yangi hikoya olib keldim» dema. Senga hayron qolaman. Hikoyani xuddi daraxtni silkitib terib olayotgandek juda tez olib kelasan. Foyani qaerdan olasan? Menimcha, bunaqa savollarga javob beraverib charchagan bo‘lsang ham kerak. 
Trevaten haqiqatan ham charchagandi, lekin bir xil savolga javob beraverishdan emas.  
-Yo‘q, Uorren. Yangi hikoya yozmadim.  
-Nahotki?
-Sen bilan oxirgisi haqida gaplashgani keldim. 
-Kecha bu haqda gaplashgandik-ku,-Juksning yuzida hayrat ifodasi paydo bo‘ldi.-Telefonda. Hikoyang yoqqanini, jurnalimizda bosishimizni aytdim. Nomi nima edi? Qandaydir so‘z o‘yini edi, esimdan chiqib qolibdi.  
-«Sirtmoqdagi jinoyatchi»,-eslatdi Trevaten.
-Ha-ha. Ajoyib sarlavha, yaxshi syujet va mohirona ifoda. Muammo nimada? 
-Pulda,-dedi Trevaten.
-Pul kerak bo‘lib qoldimi?-jilmaydi muharrir.-Yaxshi, bugunoq hisob yozib beraman. Kelasi haftaning boshida chekni olasan. Afsuski, bundan ortiq yordam berolmayman. 
-Men pulning qachon to‘lanishini aytmayapman,-dedi Trevaten.-Miqdorini aytmoqchiman. Hikoyam uchun qanchadan to‘laysan, Uorren?
-Har doimgidek. Unda nechta so‘z bor? Uch mingtami? 
-Uch yarim mingta.  
-Demak, besh tsentdan uch yarim mingta... Bir yuz yetmish besh bo‘ladi, shundaymi?
-Ha. 
-Kelasi haftaning boshida shuncha pul uchun chek olasan. Agar istasang, chekni menga keltirib berishlari bilan senga qo‘ng‘iroq qilib qo‘yaman. Pochta uyingga olib borib berishini ikki kunlab kutib o‘tirmaysan.  
-Bu kam. 
-Tushunmadim. 
-Narxini aytyapman,-Trevatenning og‘zidan bu so‘zlar zo‘rg‘a chiqdi. Juksning xonasiga kelguncha u suhbatlari qanday tarzda bo‘lishini xayolan pishitib olgan, o‘shanda so‘zlar og‘zidan osonlik bilan chiqqandi.-Menga ko‘proq to‘lashing kerak. Bitta so‘z uchun besh tsent... Axir bu arzimagan chaqa-ku. 
-Biz shunchadan to‘laymiz, Jim. Doim shunaqa to‘laganmiz.  
-To‘g‘ri. 
-Unda nimadan norozi bo‘lyapsan? 
-Sizlarga qanchadan beri yozaman, Uorren?
-Bir necha yildan beri. 
-Yigirma yildan beri, Uorren.
-Nahotki? 
-O‘tgan oyda senga birinchi hikoyamni sotganimga yigirma yil bo‘ldi. Ikki ming ikki yuzta so‘z bor edi. Menga bir yuz o‘n dollar to‘lagansan. 
-Nima, yomonmi? 
-Men yigirma yildan beri yozaman va o‘sha paytda qancha olgan bo‘lsam, hozir ham shuncha olaman. Hamma narsaning narxi oshyapti, mening daromadim esa o‘zgarishsiz qolyapti. Birinchi hikoyamni yozganimda bitta so‘zim uchun olgan besh tsentga shokolad sotib olishim mumkin edi. Sen shokolad sotib olmaganingga ancha bo‘libdi, shekilli, Uorren? 
Juks qorniga ishora qildi.  
-Agar shokolad yesam semirib ketaman. 
-Hozir shokolad qirq tsent turadi. O‘ttiz besh tsentlilari ham bor. Men esa hali ham bitta so‘zimga besh tsent olyapman. Shokoladni qo‘ya turaylik. 
-Mayli. 
-Kel, jurnal haqida gaplashamiz. Yigirma yil oldin jurnal gazeta do‘konida necha pul turardi? 
-Adashmasam, o‘ttiz besh tsent.  
-Adashyapsan. Yigirma ikki tsent. O‘ttiz besh tsentga olti oydan keyin chiqqan. Keyin ellik, oltmish, yetmish besh bo‘ldi. Hozir qancha turadi? 
-Bir dollar.
-Sen esa muallifingga hali ham bir so‘z uchun besh tsentdan to‘layapsan. Senda vijdon bormi, Uorren?
Juks og‘ir uf tortdi, stolga tirsagini tirab, kaftlarini birlashtirdi. 
-Jim, sen bir narsani unutib qo‘yyapsan. Jurnal hozir bundan yigirma yil oldingichalik daromad keltirmayapti. Rostini aytsam, undan ham oz. Sen qog‘ozning narxi qanchalik ko‘tarilib ketganini bilasanmi? Qog‘oz bilan shokoladni solishtiradigan bo‘lsak, ularning narxi o‘zgarmagan deyish mumkin. Bosmaxona xarajatlari-chi? Tarqatish xarajatlari? Senga eshitish qiziqarsiz bo‘lgan boshqa chiqimlar. Sen bir dona jurnal bir dollar ekanligini ko‘rib bizni pulga ko‘milib ketishyapti deb o‘ylaysan, aslida unday emas. Yigirma yil oldin bizga yaxshiroq edi. Daromad zo‘r edi. 
-Lekin bitta narsaning, eng asosiysining narxi o‘zgarmasdan qoldi.  
-Nimaning? 
-Jurnalning mazmuni uchun sen to‘layotgan pullarning. O‘quvchilar sendan sotib olayotgan narsaning. Hikoyalarning. Syujet va qahramonlarning. Dialoglarning. So‘zlarning. Ular uchun sen bundan yigirma yil oldin qancha to‘lagan bo‘lsang, hozir ham shuncha to‘layapsan. Bu boradagi xarajatlaring bir tsentga ham oshgani yo‘q.
Juks ruchkasini olib aylantira boshladi. Trevaten o‘z xarajatlari haqida gapirdi: kommunal to‘lovlar, oziq-ovqat... U jim bo‘lgach, Juks so‘z qotdi. 
-Talab va taklif, Jim.
-Nima, nima?
-Talab va taklif deyapman. Men uchun jurnalga material topish qiyin deb o‘ylaysanmi? Mana bu qo‘lyozmalarni ko‘ryapsanmi? Bularning hammasi bugun kelgan. O‘ntadan to‘qqizta hikoya havaskorlar tomonidan yozilgan. Ular ijod namunasi jurnalda chiqishi uchun qalam haqidan voz kechishga tayyor. Qolgan o‘n foiz hikoya  mahoratli qalamkashlarniki, ammo ular har bir so‘zi uchun besh tsentdan to‘laganimga ham xursand bo‘lishadi. Qo‘lyozmalarini qaytarmaganimga shukr qilishadi. Sen esa, Jim, nima olib kelsang ham sotib olaman. Menga hikoyalaring yoqadi, ammo bu yagona sabab emas. Sen biz bilan yigirma yildan buyon ishlaysan, biz esa qadrdonlarimizni e’zozlaymiz. Sen narxni oshirishimni xohlayapsan, ammo buning iloji yo‘q. Biz hech kimga har bir so‘z uchun besh tsentdan ortiq to‘lamaymiz. Birinchidan, xarajatni ko‘paytirishga yo‘l qo‘yolmaymiz, ikkinchidan mualliflarga ko‘p pul to‘lashga zarurat ham yo‘q. Narxni oshirgandan ko‘ra hikoyangni qaytarib berganim osonroq. Boshqa ilojim yo‘q. 
Trevaten jim qoldi. U yana bir nechta savol berishni o‘yladi. Masalan, muharrirning oyligi necha barobarga oshdi. Ammo foydasi yo‘q edi. Uning oldida ikkita yo‘l bor edi: har bir so‘zi uchun besh tsentdan yozish yoki umuman yozmaslik. Juks munozaraga nuqta qo‘ydi.  
-Jim? Buxgalteriyaga hisob varag‘ini beraymi yo «Sirtmoqdagi jinoyatchi»ni qaytarib olib ketasanmi?
-Olib ketib nima ham qilardim. Yo‘q, har bir so‘z uchun besh tsentdan olaman. 
-Agar ko‘proq to‘lashga imkonim bo‘lganida edi... 
-Tushunaman. 
-Sizlar kasaba uyushmasi tashkil qilishingiz kerak. Birlashinglar. Yoki yana boshqa biror narsa yoz. Moliyaviy ahvolimiz yaxshimas, agar mualliflarga qalam haqini ko‘proq beradigan bo‘lsak, jurnal allaqachon yopilib ketgan bo‘lardi. Ko‘proq pul to‘lanadigan boshqa janrlar ham bor-ku.
-Men yigirma yildan buyon detektiv hikoyalar yozaman, Uorren. Boshqasi qo‘limdan kelmaydi. O‘ziga yarasha obro‘im bor.  
-Albatta. Shuning uchun har safar hikoya olib kelganingda suyunaman. Bu jurnalda muharrir men ekanman, sening har bir hikoyangni sotib olaman.  
-Har bir so‘zini besh tsentdan.  
-Endi... 
-Bilaman, hammasi senga bog‘liqmas, Uorren. Faqat, qadrimga achinaman.  
-Sen aytding, men tushuntirdim,-Juks o‘rnidan turdi.-Bu yog‘ini o‘zing bilasan. Uyingga borib biror narsa yoz. Men senga yana bitta chek yozib beraman. Daromadni ko‘paytirishning yo‘li bor. Mahsuldorlikni oshir. Ko‘proq ijod qil.  
-Yaxshi fikr,-bosh silkidi Trevaten.
-Albatta. Balki boshqa janrda yozib ko‘rarsan? Faoliyat doirasini kengaytirishning kechi yo‘q. 
-Buniyam o‘ylab ko‘raman,-dedi Trevaten.
«Bir so‘z uchun besh tsentdan».  
Trevaten yozuv mashinkasi ro‘parasiga o‘tirdi va oppoq varaqqa qaradi. Bir o‘ram qog‘ozning narxi yiliga bir dollardan oshib borar, sifati esa yildan-yilga yomonlashardi. U teradigan so‘zdan boshqa hamma narsaning narxi oshib borardi. Uning tergan har bir so‘zi uchun besh tsentdan berishardi. 
Juks faoliyat doirasini kengaytirishni maslahat bergandi. Aytishga oson. U ilgari ham harakat qilib ko‘rgandi, ammo faqat detektiv hikoya yozish qo‘lidan kelardi, xolos. U roman yozishga urinib ko‘rdi, ammo yarmiga yetganda hafsalasi pir bo‘ldi. Uni faqat hikoyalari boqardi, lekin...
U chekdan chekkacha yashashdan, hikoya ketidan hikoya yozishdan to‘ydi. Buning ustiga, bir so‘zi uchun besh tsentdan ortiq pul ololmasligi haqidagi fikrdan uning ko‘ngli aynirdi. 
Unga qanchadan to‘lashlari kerak? 
Agar bir so‘ziga yigirma tsentdan to‘laganlarida, u qalam haqiga bundan yigirma yil oldin nechta shokolad sotib olgan bo‘lsa, hozir ham shuncha sotib olgan bo‘lardi. Yigirma yillik ijodkor sifatida u bundan ko‘proq pul olishga arziydi. Aytaylik, bir dollardan. Ammo miqdori olti xonali raqam bilan yoziladigan qalam haqi oladigan yozuvchilar ham bor.
Bir so‘zga ming dollardan.
Bu fikr uning miyasida yashindek chaqnadi va barmoqlari beixtiyor shu so‘zlarni terdi. U varaqdagi so‘zlarga tikilib qoldi.  
«Bir so‘zga ming dollardan».
Nimaga u bir so‘zi uchun ming dollardan ololmaydi? Nima uchun o‘zini boshqa sohada sinab ko‘rmasligi kerak? 
Nima uchun?  
U varaqni mashinkadan chiqarib oldi, g‘ijimlab, axlat chelakka tashladi. Oppoq varaq qo‘yib, unga uzoq tikilib turdi, o‘ylandi. Nihoyat, yozishni boshladi. 
Trevaten hikoyalarini kamdan-kam hollarda qayta yozardi. Bir so‘zi uchun besh tsentdan olgani uchun bunga ulgurmasdi. Bundan tashqari, muharrirni ilk qoralama ham qoniqtirardi. Ammo hozir u boshqacha holatda edi. Bir nechta so‘z yozilgan varaqlar birin-ketin axlat chelakka tashlandi. 
To‘rtinchi yoki beshinchi marta yozganini o‘qib ko‘rgach, u qog‘ozni mashinkadan chiqarib, yana bir marta o‘qidi. «Juda soz,-dedi u ichida.-Ortiqcha so‘z yo‘q».
U telefonni olib, Juksning raqamini terdi.  
-Uorren? Maslahatingga amal qildim.  
-Yana bitta hikoya yozdingmi? Xursandman. 
-Yo‘q. O‘zimni boshqa sohada sinab ko‘rmoqchiman.  
-Barakalla. Menimcha, bu sening qo‘lingdan keladi. Kattaroq narsaga qo‘l urdingmi? Romanmi? 
-Yo‘q, judayam qisqa.  
-Yaxshi to‘lashadimi? 
-Albatta. Har bir so‘zimga ming dollardan olishni mo‘ljallayapman. 
-Ming…-Uorren xoxolab kuldi.-Nima demoqchiligingni tushunmadim, lekin omad tilayman. Hazil tuyg‘usini yo‘qotmaganingdan xursandman. 
Trevaten yana qog‘ozdagi matnga qaradi. 
«Yonimda to‘pponcha bor. Marhamat qilib, mana bu xaltaga o‘n, yigirma va ellik dollarlik pullardan jami o‘ttiz ming dollarni joylang. Aks holda peshonangizdan darcha ochib qo‘yishimga to‘g‘ri keladi. Men hazillashayotganim yo‘q».
-Ha, hazil tuyg‘usini yo‘qotganim yo‘q,-dedi u o‘ziga o‘zi.-Nima qilmoqchiligimni bilasanmi, Uorren? Bankka yetib borgunimcha kulaman. 

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.