OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mark Tven. Mening qo‘l soatim (hajviya)

Mening chiroyli, yangigina qo‘l soatim o‘n sakkiz oy davomida na oldga chopib, na ortda qolib ishlaydi. Biron marta to‘xtab qolgani yo‘q. Go‘yo, uning mexanizmi abadiy.
Nihoyat, soatim to‘xtab qoldi. Aybdor o‘zim. Bu qan­daydir katta baxtsizlikdan dalolat deya kuyina boshladim. Eng yaxshi ustaxona tomon yo‘l oldim. Usta mening soatimni olib, tuzatishga kirishib ketdi.
“Soatingiz to‘rt daqiqaga ortda qolmoqda, uning mur­vatini biroz tezlatish kerak”, – dedi u birozdan so‘ng.
Men o‘zimcha qarshilik ko‘rsatdim. Millar vaqt­ni aniq ko‘rsatib turganiga ustani ishontirishga tirishdim. Ammo nodon usta o‘z bilganidan qolmadi.Oqibatda soatim tez yuradigan bo‘lib qoldi. Nazarimda, u kun sayin tezlashib borardi.
Ikki oydan so‘ng shahar soatlari menikidan ancha ortda qolib ketdi. Mening soatim o‘n uch kun oldinga o‘tib ketgan ekan! Qo‘l soatim hali endigina kech kuz barglari to‘kilayotgan bir paytda dekabr qorlaridan bahra olayotgan edi. U menga hamma mayda-chuyda to‘­lovlarni, alalxusus, ijara haqini to‘lashni ham tavsiya qilayotgandi. Bunga ortiq chiday olmadim. Yana uni ta’mirlashga otlandim. Soatsoz matohimni avval ham tuzatishga bergan-bermaganligimni so‘radi. Men esa uni hali usta ko‘rmagan, deb javob berdim.
Shundan so‘ng usta betoqatlarcha soatimni ochdi va ko‘ziga zarrabinini tutib, uning mexanizmini diqqat bilan kuzata boshladi. So‘ngra menga bir haftadan so‘ng kelishimni aytdi.
Men aytilgan vaqtda keldim.
Afsus, shuncha mashaqqatli mehnatdan so‘ng mening baxtsiz soatim endi ortda qola boshladi. U go‘yo ma’yus va horg‘in dafn qo‘ng‘iroqlarining zarbi kabi sekinlashib borardi. Men poezdlarga kechika boshladim, belgilangan uchrashuvlarimni o‘tkazib yubordim. Hattoki tushlik qilishni unutib qo‘ydim. Soatim avvaliga uch kun, keyin dabdurustdan to‘rt kunga ortda qola boshladi. Alam va g‘azabimning cheki yo‘q. Men kechagi, undan avvalgi kun bilan yashay boshladim. Xullas, yana ustaga borishga to‘g‘ri keldi. U hash-pash deguncha soatimni bo‘laklarga bo‘lib tashladi va keyin uch kun ichida tuzatib berishini aytdi.
Shundan so‘ng qo‘l soatim yaxshi ishlab ketdi. Ammo kun yarmidan so‘ng sho‘xlik qila boshlaydi: goh yo‘talga, goh hansirashga, ba’zan pishqiriqqa o‘xshash saslar chiqaradi. Borib-borib men o‘z ovozimni eshitolmay qoldim.
Xullas bu yaramasni uchinchi bor ustaga ko‘rsatish maj­buriyati paydo bo‘ldi.
U soatimning sterjeni singanini aytdi. Bu qu­sur nazarimda unchalik jiddiy emasdek tuyuldi. Qu­vondim. Ochig‘i, o‘sha sterjen deganlari aslida neligini ham bilmayman. Ammo bilmasligimni birov bilib qolishini ham istamayman.
Nihoyat sterjen ham tuzaldi. Lekin xursandchiligim uzoqqa cho‘zilmadi. Soatim ishlab turib, birdaniga to‘xtab qolardi. Keyin biroz vaqt o‘tib yana ishlab ketardi. U qachon ishlash va qachon ishlamaslikni o‘zi hal qiladigan bo‘lib qoldi. Har doim ishlashidan avval o‘q ovozidek qarsillagan tovush chiqaradi.
Hattoki bir necha kun ko‘kragim ustiga yumshoq narsa qo‘yib yotishimga to‘g‘ri keldi. Oxir-oqibat soatimni yana ustaxonaga olib bordim. Yana har doimgidek soatim bir necha bo‘laklarga bo‘lib tashlandi. Soatsoz ularni birma-bir ko‘zdan kechirib chiqqach, soatimning qil prujinasi lat yeganini aytdi. So‘ng uni tuzatib, mexanizmni ishga tushirdi.
Soatim yaxshi ishlay boshladi. Faqat har o‘n da­qiqada ikkita soat millari bir-biriga yopishib, birga aylanishini aytmaganda, albatta. Dunyoda hech bir donishmand mening qimmatbaho soatim qaysi vaqtni ko‘rsatayotganini aytib berolmas edi. Va men yana ta’mirlashga otlandim.
Bu safar endi soatimning kichik billur parchasi biroz qiyshaygani, harakatlantiruvchi prujinasi ham qayrilib qolganini aytishdi.
Hammasi ta’mirlanib, sozlandi. Soatim yax­shi ishlay boshladi. Lekin soatim bor-yo‘g‘i sakkiz soat yaxshi ishlagach, mexanizm ishdan chiqdi va ariga o‘xshab g‘izillay boshlardi. Soat millari esa shunchalik tez aylanardi-ki, tez orada ularni ko‘rib bo‘l­may qolardi. Go‘yo, tsiferblat o‘rgimchak to‘ri bilan qoplangandek edi. Besh-olti daqiqada bir sutka o‘tib ketar edi. Va nihoyat, soatim “shaqir-shuqir” qilib to‘xtadi. Qalbimda alam bilan yana navbatdagi ustaxona sari yo‘l oldim.
Biroz vaqt ustaning ishini kuzatib turdim. Soatim yana turli bo‘laklarga bo‘lindi. Bu safar endi men ustani qattiqqo‘llik bilan imtihon qildim. Chunki ish borgan sari jiddiylashib borayotgan edi. O‘zi soatimni ikki yuz dollarga sotib olganman, uni sozlash uchun esa ikki-uch ming dollar atrofida pul sarflabman. Ustaning ishni tugatishini kutib turib, uning bir vaqtlar paroxod mexanikigi bo‘lgan eski tanishim ekanligini esladim. Uning yaxshi soatsoz emasligini ham juda yaxshi bilardim.
U mexanizmning hamma bo‘laklarini oldingi us­talar kabi ehtiyotkorona tekshirib chiqdi va ishonchli ovoz bilan: “Par haddan ziyod ko‘payib ketgan, saqlovchi klapanga yana bitta gayka qo‘shish kerak”, – dedi. Men soatimni olib mayda-mayda qilib tashladim. Dafn marosimi ham o‘z hisobimdan.
 
Ingliz tilidan Charosxon Samadova tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.