background
logotype

Milorad Pavich. Dengiz to‘lqinlari rangidagi yomg‘irpo‘sh (hikoya)

Har bir insonning umri davomida qayta-qayta ko‘radigan tushi bo‘ladi. Masalan, mening tengqurlarim yetuklik shahodatnomasi olishga topshirilayotgan imtihon lahzalarini tez-tez tush ko‘radilar. Men bu holga tushmaganman. Bu yoshim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Meni shu kungacha bir tush ta’qib qiladi. Ota-onam 1872 yili meni – o‘n uch yashar bolani farang tilini mukammal o‘rgansin deb Shvetsariyadagi yozgi kurslarga o‘qishga jo‘natishdi. Qo‘limizga savdo-sotiq ma’lumotnomasi, kollej hayoti uchun zarur bo‘lgan buyumlar ro‘yxatini tutqazishdi. O‘g‘il bolalarga mo‘ljallangan ro‘yxat shunday boshlanardi:
* bayram va tantanalarda kiyish uchun kostyum – 1 dona.
* kamzul, uni buklaganda belbog‘ holida ishlatishga ham yarashi lozim – 1 dona.
* uyda kiyiladigan xalat – 1 dona.
* yomg‘irpo‘sh – 1 dona.
* yomg‘irda kiyishga mo‘ljallangan bosh kiyimi – 1 dona.
* bir juft rezina botinka – 1 dona
* dengiz to‘lqinlari rangidagi yomg‘irpo‘sh – 1 dona.
* bir juft alpinistlar kiyadigan tishli botinka – 1 dona.
* oyoq kiyimlari uchun qop – 1 dona.* shaxsiy gigiyena buyumlari solingan sumka – 1 dona. 
Ketish soatlari yaqinlashdi, uzun ro‘yxat bo‘yicha menda bo‘lmagan narsalarni xarid qilishga kirishdik. Ishning oxiri ko‘rinmasdi. Har kuni yangi xaridlar uchun do‘konga chiqardik: yangi kamzul, kalta shim, botinka...
Mashg‘ulotlarning boshlanish sanasi aniq belgilangan, shu bois ko‘rsatilgan buyumlarning katta qismini sotib olmasdanoq yo‘lga tushdik. Yoshim va bo‘y-bastim yangi-yangi murakkabliklarni keltirib chiqarardi. Hali uydaligimdayoq, safarga chiqishdan bir necha kun oldin, menga zarur hamda to‘g‘ri keladigan buyumlarni axtarayotganimizni tush ko‘ribman. Yo‘lda ham Italiya, Shvetsariya bekatlarida to‘xtaganimizda ro‘yxatda ko‘rsatilgan narsalarni sotib olishga urindik. Biroq xayolimda mening o‘lchamimdagi kiyimlar hech qachon mavjud bo‘lmagandek: o‘n uch yoshli bolaga to‘g‘ri keladigan ingichka yelka, uzun yengli uy xalatini topish qiyin edi. Mening yoshimdagi o‘spirinlarga mos shlyapa va dengiz to‘lqinlari rangidagi yomg‘irpo‘shni hech qayerdan topolmadik: cho‘ntagiga gerb tasviri tushirilgan sanoqsiz ko‘k yomg‘irpo‘shlarni kiyib ko‘rdim, birortasi to‘g‘ri kelmadi. Nihoyat, horib-charchab axtarganimizdan so‘ng belgilangan kuni Ollon qishlog‘iga yetib keldik. Zarur buyumlarning aksariyati – xalat, yomg‘ir uchun shlyapa, dengiz to‘lqinlari rangidagi yomg‘irpo‘sh ham menda yo‘q edi. Shundan buyon to hozirgacha peshonadagi o‘jar yozig‘imiz – 1972 yilda Italiya shaharchalari orqali Triyest, Venetsiya, Milan, Stres, Luganoga haydab solganini, dengiz to‘lqinlari rangidagi yomg‘irpo‘shni, tabiatda umuman bo‘lmagan g‘aroyib narsalarni Shveysariyaning nemis shaharchalaridan izlaganlarimiz tez-tez tushimga kiradi. 
Uzoq vaqtgacha bu tushlarni ma’nisiz va hatto yoqimsiz deb o‘ylab yurdim. Ma’nisiz narsalarga ko‘p e’tibor sarflash, hatto tushda bo‘lsa ham vaqt yo‘qotishning nima keragi bor? Kutilmagan mo‘‘jiza bois bu yo‘sinda fikr yuritishdan, o‘z tushlarimdan xijolat bo‘lishdan va dengiz to‘lqinlari tusidagi yomg‘irpo‘shni axtarishdan xalos bo‘ldim. 1983 yili men harbiy hujum chog‘ida Yunoniston yaqinidagi “Iblis ter tomchilari” qishlog‘iga borib qoldim. Kunlarning birida qismdagi askardan, garchi u mashg‘ulotlar davomida, undan so‘ng ham bir og‘iz gapirmagan bo‘lsa-da, bildirgi yozib berishini talab qilishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Askar har bir topshiriqni hech qanday e’tirozsiz bajarardi. Undan nega jim yurishini so‘raganimda, biz joylashgan yerning nomlanishini bilish-bilmasligimizga qiziqdi. Ajablandim. Qishloq nomi qanday ma’no anglatishini so‘ray turib yana askarning o‘zi qo‘shib qo‘ydi: 1355 yil dekabr oyida “Iblis ter tomchilari” qishlog‘ida serb imperatori Dushan vafot etgan ekan. Taqdir taqozosi bilan bu joyga kelib qolgan askar kun davomida marhum harbiy qo‘mondonni xotirlab, bir og‘iz gapirmasdan kunni tik oyoqda o‘tkazishga ahd qilibdi. U shu yo‘l bilan o‘zining harbiy qarzini ado etmoqchi bo‘libdi. Suhbat davomida biz bildirgidan tortib, “Iblis ter tomchilari” mavzusi atrofida aylandik. 
— Tangri uch qavat nur bilan qoplangani kabi inson ham uch qavat ter bilan o‘ralgan, – deya gap boshladi askar. – Uch ter o‘zida uch xil o‘ramni yoki aniqrog‘i, qoplama va astarni aks ettiradi. Bu o‘zida uch qavatli yomg‘irpo‘shni ifodalaydi, go‘yo. Birinchi ter yoki yomg‘irpo‘sh, mohiyatan, hammaning chekiga tushadi, umumiy asliyatimizdan andoza olgan. Bu ter insonlar vujudiga urushlar va buzg‘unchiliklar davrida quyilgan bo‘lib, egnimizdagi liboslarimiz shundan bichim olgan. Ter tomchilarining bu turini kitob mundarijasiga o‘xshatsa bo‘ladi, umuman, yangi kitob muqovasi ostida unga tamoman dahlsiz boshqa bir kitob joylashganday. Ikkinchi ter yoki o‘ram – oila va urug‘ning talablaridan kelib chiqqan. U birinchi terga shu qadar muvofiqki, har bir qoplama mohiyatiga ko‘ra ich kiyim ust kiyimga mos kelganiday to‘g‘ri kelishi lozim. Bu ayni paytdagi oila va nasl-nasabga taalluqli aloqalarning asli – halollik darsi yoki tahlikasidir. Sirli kitobni oshkor qilish kerak, xolos. Uchinchi ter yoki yomg‘irpo‘sh astari shaxsimizni o‘zida gavdalantiradi, vujudimizga qorishib ketadi. U umumiy emas, har kimning o‘z teri, yomg‘irpo‘shning eski qavatidan nazar tashlanganda ko‘zga chalinmaydi. 
Uchinchi ter ilohiy kitoblardagi kabi bizning ertangi kunimizni bashorat qila oladi. Odam — uch bora chop etiladigan kitob, biroq u nima sababli terga botganini hech kim bilmaydi.
Suhbatdoshimning kutilmagan fikrlarini tinglab, o‘zimni o‘rab turgan uch o‘ram, yomg‘irpo‘sh astarining sir-asrorlarini izlashga kirishdim.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi

 

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.