background
logotype

Milorad Pavich. Iblis ter tomchilari (hikoya)

Ilk o‘ram – hammamizni o‘rab turgan yomg‘irpo‘sh haqida tasodifan bilib qoldim. Avvalo, uni atrofimdan, serb imperatorining halokatiga sabab bo‘lgan, uning ramziga aylangan “Iblis ter tomchilari” qishlog‘idan izladim. Sibirda qishning 40 daraja sovug‘ida terga botgan odamni uchratgandim. U XVIII asrga oid eng sof dalil, shuning o‘zi to‘g‘ri yo‘ldaligimni ko‘rsatadi. 
Biz so‘z yuritayotgan odam 1664 yilda, dehqonlar hali-hanuz haydaladigan shudgorlardan qadimiy tangalar topib oladigan, chaqaloqning ilk qirqilgan sochi olovga tashlanadigan joyda– Gersegovinada tug‘ilgan. Bolaligini qum-tuproq bilan to‘ldirilib, uzum qalamchasi o‘tkazilgan qayiqchada o‘tkazgan. Har yili kuzda, uzum pishganida Neretve bo‘ylab dengizda, qarindoshlari nufuzli savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanadigan Dubrovnikka qarab yo‘lga tushadi. Bechir – pasha Chengich ularning oila a’zolarini qonga bo‘ktirganida hikoyamiz qahramoni Jitomislich monastirida o‘qirdi, o‘qishni davom ettirish uchun Dubrovnikka, u yerdan Konstantinopol, Rim, Moskva va boshqa shaharlarga jo‘nab ketadi. Bu yosh yigit ulkan oila merosi tarqab ketmasligini va ajdodlaridan o‘tib kelayotgan katta miqyosdagi savdo ishi to‘xtab qolmasligini istardi. Vatandan olisda yashar ekan turk hukmronligi ta’siri ostiga tushdi, o‘zi uchun g‘ayrioddiy, xavfli, biroq foydali mashg‘ulotni tanladi. Begona shaharda yollanma elchi, sayyohga aylandi. Nasroniylikka sharqona nazokatga to‘la e’tiqod bilan qarar, Portdagi nayrangli holatlarni tushunishga intildi, Konstantinopolda ingliz elchixonasi qoshida tilmochlik bilan shug‘ullandi, keyin uzoq yillar Rossiyada xizmat qildi. Uning ikkinchi diplomatlik mavqei chorak asr davom etdi, Rossiya imperiyasining muhim yig‘inlarida har doim ishtirok etdi. Buyuk Pyotr nomidan Yassada moldavan knyazi bilan hujjat imzoladi. Prut sultonlari bilan shartnoma tuzdi, Poltava jangida ishtirok etdi. Nihoyat, nasroniylar rusumlariga ko‘ra Virjiniya Trevizan bilan nikohlangach, Rimga ketdi. U yerda 14 noyabr 1720 yili Papa Kliment qabulida bo‘ldi. 1721 yilgacha – Papa Klimentning o‘limigacha Rossiya va butxonalar o‘rtasida muzokaralar olib bordi. Hayotidagi eng muhim missiyasi – oxirgi nafasgacha Trevizan sulolasiga mansub bo‘lgan rafiqasiga sadoqatli bo‘ldi. Buni Franchesko Gvardining Tintoretto porti, Del-Ravano ko‘prigi, Prokuratsio-vekko binosidagi kartinalarda ko‘rish mumkin. Keyinroq Peterburgga ko‘chib keladi, Buyuk Pyotrning birinchi qizining tug‘ilish sanasiga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etadi. 
Uning bir maromda kechayotgan hayotida 1725 yilga kelib o‘zgarishlar ro‘y berdi. Azal-azaldan Rossiyadan Xitoyga Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Bu yo‘llarda oxiri ko‘rinmaydigan karvonlar arqonday chiziq tashlab o‘tishgan. Buyuk Tartariya orqali Xitoyga gazlama, teri, qunduz va oqsuvsar mo‘ynasi, attorlik mollari, saxtiyon hamda qog‘oz olib borilgan. Karvonlar Mo‘g‘ulistondan to Pekingacha xitoy soqchilari tomonidan qo‘riqlangan, oradan vaqt o‘tib, chinni, paxta, tilla, olmosga to‘ldirilgan mollar bilan ortiga qaytgan. Xitoyliklar kutilmaganda, 1725 yili karvon yo‘llariga chek qo‘yishdi. Keyingi gal Xitoy va Rossiya o‘rtasida aniq bir chegara hududlarini belgilash, bu javobgarliklardan qaysi birini Xitoy, qaysi birini Rossiya savdogarlari o‘z zimmasiga olishi yuzasidan kelishmovchilik yuzaga keldi.
Podshoh saroyi uni barcha zaruriy hujjatlar bilan ta’minladi: diplomatik pasport, Ulug‘ Pyotrning vafot etganligi guvohnomasi, Yekaterina Birinchining taxtga o‘tirishi haqidagi ko‘rsatma, ikki imperator orasida ish yuritish ishonch yorlig‘i, nihoyat, 30 avgust 1725 yilda malikaning Xitoy imperatoriga o‘z qo‘li bilan yozgan maktubi. U o‘zi bilan birga kelib chiqishi Perast shahridan bo‘lgan, Boka-Kotorsk ko‘rfazida yashovchi, katolik mazhabini qabul qilgan shoir Ivan Krushalani, bir rus zobitini, Konstantinopol qul bozorida o‘g‘li bilan birga sotilib, provaslav mazhabiga cho‘qintirilgan arabni Buyuk Pyotrga sovg‘a tariqasida keltirgan edi. Arab chiroyli va xushbichim edi, ayni paytda katta rus harbiy qismini boshqaradi. Bu missiya 1728 yilgacha davom etdi, o‘tgan vaqt ichida mohir elchi soqchilar kuzatuvida Pekinga keldi. Xitoy imperatori tomonidan qabul qilindi, muzokaralar olib bordi, mahalliy elchilar, mahfiy politsiya xodimlari bilan aloqa o‘rnatdi. Xitoy vakillari bilan birgalikda 6 ming kilometrlik chegara masofasini bosib o‘tdi. U Sibirda hayotining eng og‘ir damlarini yashadi. Bu yerda uning peshonasiga hayot bilan vidolashuv terlari tushi, 40 darajali sovuqda gir-atrofini qorlar o‘rab olganida garchi Xitoy imperatori nomidan muzokaralar qilish uchun jo‘natilgan bo‘lsa-da, bular mutlaqo shaxsiy qiziqishlari tufayli ro‘y berayotganini his etdi. O‘z qiziqishlarini susaytirmay podsho qarindoshlaridan birining tutqun qilinishi sababli Pekinga chopar yuborib, uning Xitoy ofitserlari kuzatuvida ortga qaytishini kutdi. 
Hamma ish oxiriga yetgach, Sibirda Troitskosavsk qishlog‘iga asos soldi, Muqaddas Savva Serbskiy cherkovini qurdi. Chegarada yozuvli yog‘och but o‘rnatdi:
Xoch
Muqaddas
Belgi
Rossiya chegarasi va 
Xitoy imperiyasi o‘rtasida o‘rnatildi.
1727
yil
iyun oyi 
26
sanasi
Xochga bitilgan bu yozuv o‘sha kundan boshlab, Xitoy bilan Rossiya o‘rtasidagi chegaraga aylandi.
Flamandiyalik musavvir Antonis Van Deyk bu chegarani o‘rnatgan odam keksaygan chog‘larida Venetsiya libosida qanday ko‘ringanini, olmos to‘g‘nag‘ich bilan bezatilgan bosh kiyimini, o‘z-o‘zini tush ko‘rgan qora ko‘zlarini asarlarida ifodalab bergan. Keng qora yomg‘irpo‘sh kiygan. Unda Van Deyk* kartinasining nafis chiziqlari aks etgan. Asarda hammamizni o‘rab olgan ilk qavat ifodalangan bo‘lib, u olis Sibir kengliklaridagi abadiy qorlarday har birimizning yelkalarimizni egallab yotibdi. Bu – menga askar hikoya qilib bergan “Iblis ter tomchilari”. Uning so‘zlariga ishondim, shunda bu mening ham o‘z terimga aylandi.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi

______________
* Xitoy elchixonasining asoschilaridan bo‘lgan uch nafar shaxs adabiyotda o‘zining yorqin izlarini qoldirishgan: ulardan birinchisi elchining o‘zi – Savva Vladislavlevich, graf Raguzinskiy (1664-1738) bo‘lib, u o‘zining Xitoy sayohatlari asosida “Xitoy hukmronligining qudrat va holatlariga oid maxfiy ma’lumotlar” nomli memuar asarini yozib qoldirgan; xristianlikka cho‘qintirilgan Ivan Krushala Xitoyni o‘z she’rlarida tasvirlagan; yosh arab, elchixona kuzatuvchisi, harbiy otryad boshlig‘i Abram Petrovich Gannibal Aleksandr Sergeyevich Pushkinning ona tomonidan katta bobosi bo‘lgan.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.