OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixael Kryuger. Olti farzandim mening (hikoya)

Bolalarim ulg‘ayarkan, bu kimga tortdi ekan, qanaqa bo‘larkin deb ularga sinchiklab tikilgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Shunda ularning yaqin sifatlarini tez topgan, shuningdek, mana bu fe’li qay biriga ulanarkin deb uzoq o‘ylaganmiz. Bolalarimiz ana shunaqa kuzatuvlar ostida o‘sgan. Hayotimiz ham o‘tavergan. Mana shunday goh yaqin, goh yiroq bo‘lib, ya’ni yashashimizga ortiqcha xalaqit qilmay o‘sishganki, bu bizdan ko‘rgan mehribonchilikning o‘zimizga qaytarishlari kerak degan gap. Shubhasiz, er-xotin ikkimizga tuqqanlarimizdan irsiy bir nimarsalar o‘tgan, bizdan esa bolalarimizga-da yuqqan. Bunga qarshi fikr bildirib bo‘lmaydi. Ammo bizning xotinga bu gap yoqmaydi. Ba’zi-ba’zidagi vahimaga tushuvchi kayfiyat, sir tutishga moyillik, da’vatchilikka xos ko‘tarinki gaplar bularning bari, xotinimning fikricha faqat mendan o‘tgan emish, chunki uning ajdodlari bu kamchiliklardan bir necha avlod burun qutulib ketganmishlar.
Biroq, birmuncha vaqtdan beri er-xotinni tashvishga solgan o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Bir bo‘g‘inli ism qo‘yilgan o‘g‘illarim (Frits, Frans, Maks) ham, ikki bo‘g‘inli nomga ega (Anka, Xanna, Ulla) qizlarim ham: “Sizlarning madaniyat degan an’anaviy tushunchalaringizni biz inkor etamiz, bundan keyingi hayotimizda undan foydalanmaymiz”, deb hech ikkilanmay, ishonch bilan bayonot berdilar. Avvaliga bu oddiy maynavozchilik, ota-ona uyidagi ramziy kutubxona va royal bo‘lgan mumtoz madaniyatning kuchliligiga qarshi norozilik qilig‘i sifatida tuyuldi bizlarga. Ammo keyin, hatto universitetni muvaffaqiyatli tugallagan kenjamiz Maks kitob sotuvchiga aylanib, gazetalardagi adabiyotshunoslik mavzularini inkor etib, faqat oldi-sotdi xabarlariga mukkasidan ketganda, so‘ngra, kitoblarga estetik emas, sotilish raqobati va marketing nuqtai nazaridangina baho bera boshlaganda, suxandonligida kitob savdosining strategiyasi birinchi o‘ringa chiqqach, biz unga qo‘l siltadik- qo‘ydik.
Eng birinchi bo‘lib bolalarimizdagi o‘zgarish to‘ng‘ich qizimiz Ankada sezila boshladi. Ilgari u raqs teatrining yuz foizli shaydosi, muxlisi edi. Raqs-teatrining premeralari qo‘yiladigan Vena, Vuppertal yoki Essen shaharlariga borib kelish uchun necha kunlab darslarini qoldirardi. Biz muxlisi bo‘lgan an’anaviy drama teatrining “Hamlet”dan Xorvatning pesalarigacha qamragan repertuariga raqs teatrini qarama-qarshi qo‘yib bahs etar, jon-jahdi bilan uni himoya qilardi. Singlisi Xanka yangi sahnalashtirilgan “Torkvato Tasso”ga maqtov aytsa, Anka zaharli qah-qaha bilan mazax qilardi. To‘g‘risini aytish kerak, xotinim ikkimiz “Torkvato tasso”dan antrakt paytida qochib qolgandik. Bu voqeadan so‘ng Ankaga hamxona bo‘lib yashovchi Xanka, raqs teatri sha’niga aytilayotgan maqtovlar joniga tegib ketganini ro‘kach qilib, Ullining xonasiga ko‘chib o‘tishga ruxsat so‘radi. Singlisining xonani bo‘shatishi esa Ankani xursand qildi. Chunki maydon kengaygandi. Endi maktabdan keliboq o‘z gavdasida raqs teatrining almoyi-aljoyi, tasqara holatlarini jonlantirishiga hech kim xalaqit qilmasdi. Uning bu mashg‘ulotlari oilamizga yangidan yangi mojarolar tayyorlashi tayindek edi. Yo‘q, bir necha oy ichida qizimizning raqs teatriga qiziqishi sovidi-da, madaniyat sohasining iqtisodi va menejmenti xususida qaynay boshladi. Gaplarida raqs teatri mavzusi yo‘qolib, mabodo chiqib qolsa ham doimo o‘tgan zamon fe’lida aytilardi.
Xotinimning fikricha, qizimizning raqs teatriga butun vujudi bilan berilganlik davri o‘tgandi. To‘g‘risini aytsam, ilgari Ankaning g‘ayrioddiy siltanishlari, polda yotib qiyshanglashi, notanish odamlar yonida turib ham vahshiyona qichqirib yuborishlaridan qutulganimga xursand bo‘ldim. O‘shanaqa vaqtlarda qizimning teatr va raqs-ning bu g‘ayrioddiy qorishuviga butunlay berilib ketsa-ya, deb dahshatga tushardim. Lekin hozir, batamom diqqat bo‘lib, madaniy-menejment darsiga borguncha bitirishi lozim bo‘lgan biznes-rejalar ustida qiynalib o‘tirishlarini ko‘rib, o‘sha vahshiyona qiliqlari ham tuzuk edi shekilli, deb o‘ylab ham qolaman. Nima bo‘lgandayam hozir u, rosmana madaniyat menejmentiga san’at bilan bevosita aloqada bo‘lish zararlidir degan gaplarni ishonch bilan aytib, raqs teatrisiz yashab yuribdi. San’atsiz yashash mumkinligi xususida Maks ham u bilan hamjihat. Ikkovi madaniy-menejment loyihalari agentligini tuzib, ikki-uch yil ichida uni agentlik aksiyadorlik jamiyatiga aylantirib, uni birjaga kirgizib, o‘zlari umrlarining qolgan qismini O‘rta dengizning bironta orolida rohat farog‘atda o‘tkazmoqchilar. Erfurtda uch yuzta shoir. Zulsbaxda xor konkursi, Tyubingenda “Badan va madaniyat” ko‘rgazmasi. Madaniyat haqida an’anaviy tasavvurlarga ega xotinimni ularning bu kabi loyihalariyu gaplari dahshatga soladi. Nega endi orol? Nimaga orollarga intilishadi?– deb so‘raydi mendan.– Kattakon qit’ada jimgina o‘tirsalar bo‘lmaydimi?
Xonamizdagi dramatik teatrga bo‘lgan muhabbat ham havoga uchib ketdi. Yaqinginada butun olamda Hamlet, Tasso, Richard, Lir gaplaridagi ehtiroslar, pafoslar, sahna nutqining madaniyati, axloq, xomxayol orzular, chiroq rejissurasi, aktyorlarning sahnada xudbinlik bilan o‘zlarini tiqishtirish, ko‘rpani o‘zlariga tortish hollariga qarshi kurashdan boshqa narsa yo‘q edi. Uning ahvoliga qarab qizimizni aktrisa bo‘lmoqchi deb xotinim sarosimaga tushgandi. Xankaning kosmetika, grim anjomlarini ishlata turib hiringlab kulishlari, Vinniga* o‘xshatib peshonasidagi soch tutamini silkib qo‘yishlari, ovqatlanib bo‘lib talinkani surib qo‘yishlari, xullas, barcha-barchasi tez orada qizimizni sahnada ko‘rib qolishimiz mumkinligidan dalolat berardi. Ehtimol yalang‘och Dezdemona** bo‘lib chiqar hali, deb po‘ng‘illardi xotin.
Biroq, bir necha oydan so‘ng Xanka uchun teatr o‘ldi. Gapiga qaraganda, teatrning rivojlanish kuchlari so‘ngan emish. Endi Xanka rekrutyor, ya’ni ishga kirayotgan kishilarga maslahatchilik qilarmish. O‘lib bo‘lgan san’at, ya’ni teatr bilan umrni bog‘lashning zarurati yo‘q emish. Eng muhimi o‘z rolingni yaxshi bajarib, o‘zingni yaxshi ko‘rsatib, yaxshi sotish emish. Xullas, Xanka juda kelajagi ravnaqli ish beradigan “Kasblar menejmenti” bilim yurtiga o‘qish-ga kirdi. Xotinim rekrutyor nimaligini yaxshi tushunmasa-da, sal ko‘ngli joyiga tushdi: hech bo‘lmasa yechinmasa kerak bu ishida, deb o‘yladi u.
Kenjatoyimiz Ulla oilamizda ilgaritdan mashmashali bir a’zo edi. Ko‘p o‘ylaydigan, indamas bir qiz bo‘lib, ovqatni kam yer, kam uxlar, ammo negadir ko‘p suv ichardi. Maktab uning uchun deyarli yo‘q narsa edi. Soatlab rasm chizar, ularni tomosha qilar hamda uzoq termilib o‘tirardi. Syurrealizmning almoyi-aljoyi erotikasi qiziqtirardi uni. Qizimning akvarellaridagi mavjudotlarni oyog‘i osmondan kelib ishlashganiga qaramay, xotinimga u tasvirlarda jinsiy aloqa ko‘rinishlari bordek tuyulardi. Rasmlarni goh ostin, goh ustin qilib ko‘rishimizga qaramay, o‘zimiz chiqargan mazmunlarga o‘zimizning ishonchsizligimiz ortib boraverardi. Qizimning “Tug‘ilayotgan va la’natlangan” deb atalgan bir tasviri menga ayniqsa yoqardi. Nima chizilganligini anglamasak-da, hozirgacha o‘sha surat nazarimda juda antiqa tuyulardi. Buning nimaligi haqida so‘raganimizda qizimiz: “Ko‘rib turgan narsangiz tasvirlangan” deb javob berdi. Xotinim uning javobini surbetlik deb atadi.
Ulla tarbiyasi og‘ir bola edi-yu, odamlar bilan til topishishi oson kechardi. O‘tgan yil bahorining boshlarida uni gimnaziyadan haydashdi. Ammo may oyidayoq uni badiiy akademiyaga qabul qilishdi. Sababi, unga ustozlik qiladigan professor Karshga qizimning erotik akvarellari ma’qul tushgan ekan. “Xuddi shu ruhda davom etaver” degan maslahati noyabr oyigacha davom etdi. Sababi shundaki, professor o‘z ishlarining ko‘rgazmalarini tashkil qilishdan vaqt orttirolmasdi. Dekabr oyining boshlarida Ulla professorning Regensburgda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmasini tashkil etishda yordam berish sharafiga muyassar bo‘ldi. Uning yordamida atay olib kelingan qizil qumni Galereyaning burchaklariga chiroyli to‘p-to‘p qilib qo‘yib chiqishdi. Bu qizil qum Peruning seysmik jihatdan xavfli yerlaridan keltirilgan edi. Regensburgga yetib kelgunicha qumoq-qumoq qotib qolgani uchun uni maydalash va elaklashga to‘g‘ri keldi. Ko‘rgazmaning katalogida Ullaning nomi tilga olinib, minnatdorchilik bildirilgandi. Biroq, Isoning tug‘ilish bayramiga yetmay, Ulla badiiy akademiyadan ketib bir aslzoda ayolning San’at Menejerligi agentligiga ishga kirib oldi. Bu agentlik yirik-yirik firmalarga ofislarining devorlarini bezash uchun san’at asarlari sotarkan. Hozir qizimning maoshi menikidan ikki baravar oshiq. Xotinim xursand, qizim Regensburg ko‘rgazmasida ishlatilgan qumni mashina ishlab chiqaruvchi yirik biznesmenga sotvorishni epladi. Biznesmen qumni o‘z majlislar zalining burchaklariga sepib, keluvchilarning uni ushlab ko‘rish istaklaridan ehtiyotlab chegaralab qo‘ygan. Davrimiz ishbilarmonlarining zamonaviy san’atga bo‘lgan hurmatlarini ko‘rib qoyil qoladi kishi. Ulla esa xuddi mana shu sohada odamlarga yordam beradi, lekin bu yordamida qo‘lini sovuq suvga urmaydi.
Xo‘sh, bu yoqda endi Frits bilan Frans qoldimi? Ikkoviyam madaniyat desa burnini jiyirib, Frits falsafa bilan, Frans esa musiqa bilan shug‘ullanardi. Frits o‘zi aslida ham oilamizda daho hisoblanardi. Sinfdoshlari Mikki-Mauslarni tomosha qilib yurganda u “Ruh fenomenologiyasi”ni o‘qiyapman deb aytardi. Gim-naziyani a’lo baholar bilan bitirdi. Evaziga unga “Nemis xalqi fondi” va “Frausengof nomidagi nemis jamiyati”ning stipen-diyalari berildi. So‘ngra talabalar almashuvi shartnomasiga tushib, Garvard universitetida o‘qib keldi. Falsafa jurnallarida maqolalari, taqrizlari bosildi. Shuncha muvaffaqiyatlarga qaramay Fritsning bir ishkali borligi sezilib turardi. Buni xotinim birinchi bo‘lib sezib, dalil sifatida Frits o‘zining tugallanmagan “Falsafa tarixining tugashi” nomli doktorlik dissertatsiyasi qog‘ozlarining orqasini qora ishlar yozuviga ishlatilayotganini aytdi. Nihoyat bir kuni yemakxonada yig‘ilib o‘tirganimizda Frits kelib, “Lingvistik burilishni”*** qo‘ldan chiqarganini e’lon qildi.
“Qanday qilib bunga yo‘l qo‘yding?” deb kuyunardi xotinim. Biroq bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i singandi. Yana oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi yorug‘ degandek, Frits Internetda o‘ziga shaxsiy sayt ochib olib, u orqali odamlarga hayotiy masalalarda maslahatlar bermoqda. “Hech qanaqa nazariya-pazariya yo‘q. Lo‘nda aniq ish”, deb qo‘ydi xotinim ko‘ngli joyiga tushib. Bu yog‘ini aytsam, Frits universitetda “Lingvistik burilish” xususida ishlayotgan professorning uchta oyligiga teng maosh oladi. U, yashashining mazmuni nimaligini yo‘qotgan odamlarga kechasiyu kunduzi maslahat berish bilan shug‘ul-lanadi. Biz uni deyarli ko‘rmaymiz. Kompyuter tugmalarining shiqirlab turishidan uning hali ham tirikligidan xabardor bo‘lamiz, xolos. Kechalari ba’zan baqirib, hayqirib ovoz chiqaradi. Bunisiga ko‘nikib ketarmiz, degan umidimiz bor.
Frans o‘g‘limiz esa o‘zining uzun sochlari, qotma qomati, o‘tkir ko‘zlari, doimo kiyadigan qora paltosi bilan hamisha ko‘zimizga san’at olamining tipik vakili bo‘lib ko‘rinardi. Karnay va ikki fortepyano uchun yozilgan musiqa asari Barida mukofot olgan, “I – XII kompozitsiya”sining premerasi Leypsigda bo‘lib o‘tgan, so‘ngra esa Nyurnbergda o‘ynalgandi. Dirijyorlik supasida Fransning o‘zi turgandi. “IX Kompozitsiya”sida do‘l ustida burab yurgiziladigan o‘yinchoq – o‘rdakni sakratib qo‘ygani uchun uni yengil-elpi samara ketiga tushishda ayblashdi. Ammo u o‘z ijodiy topildig‘idan qaytishni istamadi. Xullas, u san’at bilan yashardi. Aytishicha, anglab yetib bo‘lmas narsalarni eshittira oladigan yagona narsa – musiqa san’ati edi. Har bir nota – sukunatning sovg‘asidir. Bu kabi bayonotlari bizni hayratga solardi. Biroq, bir yarim oy burun haqiqatan ham tunushib bo‘lmaydigan voqea yuz berdi. Nonushta paytida “Kimda-kim bittagina bo‘lsa ham musiqa notasi yaratgan bo‘lsa uni jinni deb hisoblash kerak”, deb “bayonot” berdi. Xotinim yum-yum oqayotgan yoshini yutib, o‘ziga kelguncha o‘g‘il yemak-xonadan chiqib ketdi. Hamma musiqa asboblarini pulladi, sochlarini kestirdi, “Armani”dan kostyum, so‘ngra “roleks” soat sotib oldi. Keyin xususiy televizion kanalga musiqa tahri-riyatining rahbari bo‘lib ishga kirdi. ”Musiqa konserva”larini boshqaradi. Hozir men ushbu satrlarni yozarkanman, televizorda o‘g‘limning “Jahon ovozi” degan dasturi ketayotir, unda to‘rt yashar bolakay, duxoba ayiqchasini ushlagancha “Ayo, Maryam”ni kuylamoqda. Xotinimning og‘zi qulog‘ida.
Isoning tug‘ilish bayramiga Fritsdan bo‘lak barchamiz yig‘ilganmiz. Fritsda ayni shu kunlarda saytiga bog‘liqligi ko‘payib qolgandi. Dasturxonga tortilgan g‘ozni tugatganimizdan keyin hammasi o‘zining kichkina kompyuteriga yopishib oldi. Biri elektron pochta orqali tanish-bilishlari ila xat yozisha boshladi, ikkinchisi mayda-chuyda narsalarni xarid qilishga tushib ketdi. Hayot davom etardi. Isoning tug‘ilish bayrami bilan yangi yil orasida, xotinim ikkimiz o‘ttiz yildan beri adabiyotdagi yangiliklar bilan quvontirib keladigan kitob klubiga bir marta kirib chiqdik, xolos. Bolalarimizning fikriga ko‘ra, hozir “books on demand” tizimi bilan hamkorlik qilish foydaliroq emish: kitoblarni uyga keltirib berish tekin ekan. Frans bizga kompyuter orqali musiqalarni “ko‘chirib olishni” o‘rgatib qo‘ygach esa, filarmoniya konsertlariga oladigan abonentlardan voz kechdik.
Teatrni umuman unutish kerak, deb tinmay uqtirardi Xanka qizimiz. Raqs teatridagi yangiliklarni bilib qo‘ysak bo‘lardi, degan fikrimizni aytgandik, Ankamizni kulgi jinisi tutib bosib anchagacha qo‘yvormadi. Ulla esa uyimiz devorlarini Bazelits rasmlaridan ko‘chirma qilingan videoproyeksiya bilan bezatishni maslahat berdi. Yoqmasa istagan paytda o‘chirib qo‘yish mumkinligi bilan qulay ekan. Oilaviy ziyofatimizning oxiridagi shirinlik-kagina chiqqan, ozib ranglari oqarib ketgan Frits esa, oddiy madaniy ma’naviyat yetishmovchiligidan tug‘ilajak ehtimoli bor tanglik kelsa maslahat uchun unga murojaat qilishimiz mumkinligini aytdi.
Xullas, bolalarimiz g‘amxo‘r, har narsani ta’minlab turishadi. Shunga qaramay, xotinim unga nimadir yetishmayotganligidan shikoyatlanib turadi. Kechqurunlari men pianino chalishga o‘tiraman, xotinim nayda jo‘r bo‘ladi. Ikkalamiz bolalarimiz haqida uzoq-uzoq miriqib suhbatlashamiz.

Rus tilidan Zohir A’lam tarjimasi

_______________
* V i n n i – aftidan gap teatr, kino, teleseriallarda ko‘p rollarni o‘ynagan atoqli va taniqli aktrisa Vinni Markus (1921–2001)haqida bormoqda.
** Berlindagi “Fraye folksbrone” teatrida janjal va bahslarga sabab bo‘lgan “Otello”ning sahnalashtirilishiga (1977 y.) shama.
*** Gap yangi falsafiy olamga asos solgan Amerika faylasufi Richard Rortining “Lingvistik burilish” asari haqida ketmoqda.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.