OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Zoshchenko. Bayonnoma (hajviya)

Navbatchi militsioner peroni siyohdonga botirdi-da, dedi:
– Jim-m, o‘rtoqlar... bir boshidan gapiring... kim kimni turtdi?
– Uni manavi turtdi, – dedi bir kampir, odamlar oralab stol yoniga kelarkan. – Uni o‘sha turtdi... Hu-u, shaytoni la’in, – dedi.
Xola ko‘rsatgan qop orqalagan kishi indamay turar va tez-tez pishillardi. Uning yonida jabrlanuvchi va bir nechta guvohlar turishardi. 
Jabrlanuvchi yelka qisgancha xijolatli alfozda ming‘irlardi:
– Men nima qipman?.. Hech nima... Guvohlar...
– Uni o‘sha turtdi, – takrorladi xola. – Turtib, keyin nima deydi, deng: hu-u, iblisning modasi dedi. Men tramvayda qarama-qarshi o‘tirgandim, deng. Smolenskoye qishlog‘iga, jiyanimnikiga ketayotib edim.
– Jim-m... – dedi navbatchi, – birpas sabr qiling, xola.
– Sabr qil, emish, – ranjidi xola. – Nega sabr qilarkanman-a? Kuppa-kunduz kuni odamlarni turtadigan vaqtlar o‘tib ketgan. Turta-turta turtilib bo‘ldik. 
– Birpas jim tursangiz-chi, – dedi navbatchi, peroni yana siyohga botirarkan. – Kimsiz o‘zi?
– Menmi? – so‘radi xola. – Guvohlarmiz biz... Jiyanimnikiga ketayotgan edik... Kunduz kuni turtkilashlariga chidab bo‘larkanmi. Qo‘yib bersang, o‘lgunicha turtgan bo‘larmidi... 
– Sabr qiling, xola, – dedi militsioner, – sizni turtishmabdi-ku... Sizga savol berishadi. Hozircha birpas jim tursangiz.
– Meni turtishmagan bo‘lsayam...
– Jim-m... Sizni turtishdimi? – so‘radi militsioner jabrlanuvchidan.
– Meni... – dedi jabrlanuvchi. – Xo‘sh, nima qipti... Hech nima. Xo‘p, turtishibdi. Shunga shunchami. Tramvayda bo‘p turadi-ku. Guvohlarning talabi bu – militsiyaga o‘zlari boshlab kelishdi.
– Avf eting, pardon, – dedi guvohlardan biri. – Men ham ko‘rdim... Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi... Bayonnoma tuzish kerak...
– Aytyapman-ku, – yana bidirlay ketdi xola, – bayonnoma, albatta, bayonnoma tuzish kerak... O‘rtoq militsioner esa menga o‘qrayadi... Naq markazgacha boraman... Kuppa-kunduz kuni-ya, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi...
Militsioner uchinchi marotaba peroni siyohga botirdi-da, bayonnoma yozishga tutindi, familiya... jinsi... sobiq unvonlarni so‘rab oldi. Nav-batchi militsioner uzoq vaqt yozdi, harflarni dona-dona qilib qatorlashtirdi. Keyin so‘radi:
– Qayerda bo‘ldi bu voqea? Qaysi joyda?
– Tramvayda, – dedi xola, – tramvayda. Aytyapman-ku, tramvayda, deb, o‘rgulay... Smolensk qishlog‘iga jiyanimnikiga ketayotgan edim...
– Joyi, ko‘chaning nomini ayting. 
– Semyonovsk ko‘chasidan ketayotgandik...
– Uf-f, – dedi militsioner, peroni qo‘yarkan. – Semyonovsk, dedingizmi? Bizning tuman emas bu. Bu, grajdanlar, ikkinchi tuman. O‘sha yoqqa boringlar...
– Qanaqasiga? – savol bera ketishdi guvohlar. – Yozuv-chizuv qilib bo‘lingan bo‘lsa, nima farqi bor...
– Ikkinchi tumanga boringlar, dedim-ku.
– Agar meni o‘ldirishganida-chi?
– Qayerda o‘ldirishgan?
– Qayerda bo‘lardi... Semyonovsk ko‘chasida-da...
– Ikkinchi tumanga borishingiz kerak. 
– Boramiz ham! – fig‘oni falakka chiqdi xolaning. – Boramiz ham. Buni shunday qoldirib bo‘lmaydi... Jabrlanuvchi qani?
Jabrlanuvchi ko‘rinmasdi. U yuz bergan g‘ala-g‘ovurdan foydalanib, juftakni rostlab qolgandi. Shu vaqtgacha jim o‘tirgan qop ko‘targan kishi norozi ohangda g‘o‘ng‘illadi.
– Sen-chi, sen, – dedi u, xolaga yuzlanarkan, – sen nega dumingni likillatasan?
– Kim likillatyapti? – nag‘masini boshladi xola, savatini yana stol ustiga qo‘yarkan. – Kim likillatyapti, deyapman?
– Sen likillatyapsan. Shu g‘alvani o‘zing boshlading, iblisning modasi...
Xolaning vajohati o‘zgardi. 
– O‘rtoqlar, bu nimasi, – dedi u, – haqoryat qilyapti-ku, axir.
– Mana endi mumkin, – dedi militsioner, peroni to‘rtinchi bor siyohdonga botirar ekan. – Voqea bizning tumanda ro‘y berdi. Bayonnoma yozamizmi? 
– Ma’zur tutasiz, – ming‘irladi xola, – bayonnoma deganingiz nimasi? O‘rtoq militsioner, xudo xayringizni bersin... Nima uchun... Biz tinchgina, jim suhbatlashyapmiz...
Xola savatini oldi-da, yo‘lak tomon yurdi. Guvohlar asta-sekin tarqalishdi. Qop ko‘targanning bir o‘zi qoldi. U zarurat bo‘lmasa-da, ancha vaqtgacha militsionerdan ikkinchi tuman qayerda ekanligini so‘rab-surishtirdi, so‘ng qo‘lini siltab, ma’yus pishillagancha chiqib ketdi.

Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.