OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Zoshchenko. Tirik murda (hajviya)

Bir ishchi g‘alati voqeani boshidan kechirdi. Bu shunaqa g‘alati voqeaki, undan xabar topganning yarmi, hoynahoy, ichishni tashlab yuborsalar kerak.
Lekin bo‘sh kelma, hurmatli o‘quvchi! Ichishni tashlash – bu unchalik qo‘rqinchli emas. O‘z vaqtida kerosindan boshqa hamma narsani ichgan muallif ham, masalan, bu zararli odatni tashladi. Endi qalay, deysanmi? Yashasa bo‘ladi.
Bu g‘alati voqeani esa Petrograd fabrikalaridan birining ishchisi aytib bergan edi. U familiyasini keltirmasligimizni iltimos qilgandi. Uyalaman, deydi. Nachora, familiyasini keltirmaymiz, shunchaki Fedya Jukov deb ataymiz.
– Endi men pivo ichmayapman, – dedi Fedya Jukov. – Ko‘ngil tortmaydi. Garchi o‘qimishli professorlar go‘yoki pivo organizm uchun juda foydali va go‘yo u sababli organizm semiradi, deyishsa-da, men buni tan olmayman.
Albatta, o‘qimishli professor bir stakangina pivoni tushlikka va yarim stakanginasini kechki ovqatga simiradi – unga foydali, uning organizmi semiraveradi ham. Stakanlarga qanoat qilmaydiganlar-chi, ular uchun pivodan yomoni yo‘q.
Men esa, masalan, pivodan hushimni yo‘qotaman. Va murdadan farqim qolmaydi. Hatto nafas olishim ham to‘xtaydi.
Shanba kunlaridan birida yigitlar ichishga otlanishdi. Men ham ergashdim.
Rosa ichibmiz, o‘ziyam. Faqat bir payt, beshinchisidan keyin, kayfim oshib qoldi va stulda oqargan ko‘yi o‘tiribman, deng, zerikyapman.
Yigitlar, albatta, tinchlik berishmaydi:
– Fedya, Fedya...
Fedyasi tushmagur esa og‘zini ochganicha lom-mim demaydi.
Yigitlar tananing zaifligi uchun xaloyiqdan uzr so‘rashdi, qo‘ltig‘imdan olishdi va uyga oborib tashlashdi.
Uyda kalavotga yotqizishdi, kalavotda esa o‘zimni yanada yomonroq his etdim.
Xotinim juda qo‘rqib ketdi, badanimni ho‘l sochiq bilan ishqalay boshladi, buyam kor qilmagach, vrachga yugurdi.
Kommunal vrach keldi. Meni ko‘zdan kechirdi va dedi:
– Uning organizmida pivoning ta’sirida allanima o‘rnidan ko‘chib ketganga o‘xshaydi. Ichagi buralib qolgandir, balki. Kasalxonaga olib boringlar. O‘sha yerda tekshirib ko‘rishadi.
Meni kasalxonaga olib borishdi, deng.
Keyin nima bo‘lganini eslay olmayman. Oldimda temir devor paydo bo‘lgandek edi go‘yo.
Faqat sovuq va ochlikdan o‘zimga kela boshladim.
Uyg‘ondim. Atrof zim-ziyo.
Nimaga qorong‘i ekan-a? Hammayoq zulmat. Bu nima maynavozchilik? O‘zi men qaerdaman?
O‘tirib oldim. Qarasam, taxtaning ustida qip-yalang‘och o‘tiribman. Atrofimda kasallar taxlanib yotibdimi-ey, yoki boshqa narsalarmi, yo bo‘lmasa marhumlarmikin, bilmadim.
Shu qadar hushimni yo‘qotayozdimki, shu qadar qo‘rqib ketdimki! Qaerda ekanman-a? Yo o‘lganmikinman-a? Yoki bo‘lmasa pivodan hushimdan ketganman-u, meni o‘ldiga chiqarishdimikan?..
Eh, ha! Ana xolos!
Gugurt chaqib, atrofni ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldim. Kissamga qo‘l yugurtirdim. Kissam yo‘q – faqat qip-yalang‘och oyoq. Gimnastyorkamga qo‘l cho‘zdim – qip-yalang‘och qorin.
Juda jasur odamlardanman, albatta, hatto o‘t-olovman, shu tobda esa, tan olaman, qo‘rqib ketdim.
Bir payt eshik yonida yo‘lakda kimningdir oyoq tovushini eshitdim. Keyin u tutqichni ushlab, eshikni ocha boshladi.
Eh, nima qilsam ekan-a? Qorovul kelayotgan bo‘lsa-chi? Uni qo‘rqitib yubormasam edi. Qorong‘ida o‘rningdan turib yoki qichqirib yuborsang bormi – naq yuragi yorilib o‘ladi. Eh, nima qilsam ekan?
Shu payt esa eshik ochildi va qorovul kirib keldi. Qorong‘u bo‘lsa-da, uning mosh-guruch soqolli, boshiga kartuz kiyib olgan qariya ekanini ilg‘adim.
Eh, nima qilsam ekan-a? Qimirlab bo‘lmaydi, ovoz chiqarib bo‘lmaydi, faqat lablarim orasidan “tss” degan ovoz chiqarayapman.
Bir payt qorovul “tss”ni eshitib qoldi-yu, g‘alati ohangda chiyillab yubordi-da, yiqilib tushdi, keyin jon vahmida emaklab eshik tomon oshiqdi.
Ana xolos! Qo‘rqitib yubordim-ku. Endi farqi yo‘q.
— To‘xta, ukatoy! Qo‘rqma! Bu men — Fedyaman! — deb baqirdim.
Qorovulning ortidan yugurib chiqdim, yuguryapmanu, oyog‘imdagi taxtacha, raqam yozilgan bo‘lsa kerak, shaloplaydi. Qorovul esa ortiga o‘girilib qaradi-yu, shataloq otib qochib qoldi.
Yo‘lak bo‘ylab yuguryapmiz deng, uchragan odam borki, har tomonga sochiladi. Mening esa hech nima bilan ishim yo‘q.
Qandaydir xonagacha yugurib bordim. Quladim.
– Birodarlar, bu men – Fedya Jukovman! Tirikman...
Meni kalavotga yotqizishdi, vino tutishdi. Men baqirdim:
– Yo‘q, yetar, ichmayman! Ichmayman!.. Hech qachon og‘zimga olmayman!
Shunday qilib, ichishni tashlab yubordim.
Qorovul esa sog‘ayib ketdi. Hatto meni ko‘rgani kirdi. Biz u bilan do‘stlashib ham qoldik va bir butilkadan porter ichdik.

Abduvohid Umr tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.