OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murodboy Nizanov. Qorangni o‘chir (hajviya)

Ba’zi birovlar ish topish oson deb o‘ylashadi. Aslida unday emas. Buni boshiga tushgan biladi. Ishxonada xodim qolmasa ham boshliq ish so‘rab kelganlarni qovog‘ini uyub qarshi oladi.
— To‘g‘ri, bizga odam kerak, ammo siz to‘g‘ri kelmaysiz, — deydi yoki:
— Afsuski, siz oliy ma’lumotli ekansiz, bizga o‘rta ma’lumotli xodim kerak, — degan bahonani aytadi.
— Yaxshi, men o‘rta ma’lumotli mutaxassis lavozimida ishlashga roziman, desangiz:
— Siz ishlashingiz mumkin, ammo vijdonimiz qiynaladi. Yaxshisi, keyinroq xabar olarsiz, — deydi-da gapga yakun yasaydi.
Yana boshqa birovlari mehnat daftarchangizni hijjalab o‘qib:
— Har ishdan bo‘shaganingizda “Arizasiga binoan vazifasidan bo‘shatildi”, deb yozishibdi, — deyishadi.
— O‘z arizamga binoan bo‘shaganimdan keyin shunday yozishadi-da, — deysiz hayron bo‘lib.
— Shunisi chatoq-da! Eng kamida loaqal bir martagina “Boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan degan buyruq bo‘lganida yaxshi bo‘lardi. Bunday yozuv sizning kamyob mutaxassis ekanligingizdan dalolat bergan bo‘lardi, birodar.
Xullas, qaysi ishga kirmayin yo boshliqqa, yo uning muoviniga yoqmay qolaman-da, bir-ikki oy o‘tmasdan bo‘shab ketaman. Ana undan keyin yana ish axtarib idorama-idora yuraman. Borgan joyimdagilar olgisi kelmaydi, sinalmagan otning sirtidan o‘tma, deganlariday, hadiksirashadi.
Bir gal tog‘amni o‘rtaga qo‘yib, ular o‘rinbosar bo‘lib ishlayotgan bilim yurtiga muallim bo‘lib oldim. Ishim ham, maoshim ham yaxshi, bo‘sh vaqtim yetarli. Ammo uch oy o‘tib-o‘tmay bu joydan ham kalishimni to‘g‘rilab qo‘yishdi.
— Aybim nima? — desam, direktor qovog‘ini uyub javob bermadi.
Boshqa muallimlardan:
— Meni nega bo‘shatadi, sababini tushunmadim, — deb so‘rasam, ular:
— Seni bo‘shashingni... Hay mayli, keyin aytamiz, direktorimiz kelyapti, — deyishadi-da o‘zlarini chekkaga urishadi.
— Sen bola, tartibni bilmas ekansan. Bo‘lmasa tunov kuni. Tish... anovini qara, yaramas, bizni kuzatib turibdi, direktorga yetkazadi. Qo‘y, men ketdim.
Xullas, jamoadagilar boshliqdan qo‘rqqanlaridan men bilan so‘zlashishmadi. Noiloj tog‘amning sanatoriyadan qaytishini kutib, uyda sarg‘ayib yotdim.
— Eshitdim, — dedi tog‘am dam olishdan kelgan kuni uyiga ko‘rgani borganimda. — Senga tushuntirib qo‘yarman devdim, ulgurmadim-da...
— Axir men direktorga hech narsa qilmadim-ku...
— Biror narsa qilish qo‘lingdan kelmaydiyam. Lekin unga yoqmaydigan biror ish qilgansan.
— Darvoqe, bir gal darsga o‘n besh minut kechikib boruvdim.
— U bunday mayda-chuyda ishlarga aralashmaydi.
— Ha, esladim, bir safar tanishining bolasini imtihondan yiqitib yuboruvdim.
— O‘zi chaqirib shunga yordamlash, deb aytuvdimi?
— Yo‘q.
— Aytmagan bo‘lsa, imtihondan yiqitish tugul derazadan otib yuborsang ham indamaydi.
— Aytmoqchi qaysi kuni, tanaffus paytida hamkasblar bilan latifa aytishib, xoxolab kulib yuboribman. Qarasam, direktorimiz zinadan ko‘tarilib kelayotgan ekan.
— Direktorimiz beg‘araz kulgini yoqtiradi.
— Unda nima bo‘lishi mumkin?
— Aytmoqchi, yaqin orada jamoada o‘tirish yoki ziyofat bo‘lmadimi?
— Bo‘ldi. Jumag‘ali og‘aning o‘g‘li askardan kelganiga ziyofat berdi.
— Xo‘sh?
— Borib, bitta ho‘kizni yeb qaytdik.
— Direktor bordimi?
— Bordi.
— Senga mabodo so‘z berishmadimi?
— Berishdi.
— Nima deding?
— Odatdagi tilakni aytdim.
— Odatdagini qo‘yib tur, tilagingni qaytarchi?
— Hm... Jumag‘ali og‘aning o‘g‘li yigitlik burchini o‘tab kelgan ekan, umri uzoq bo‘lsin, tezroq ota-onasini kelinlik qilsin, dedim.
— O‘sha vaqtda direktor qanday o‘tirdi?
— Bilmasam. Ammo “Manov bola...” deb Asqar og‘aning qulog‘iga bir narsa dedi.
— Unda tamom! “Manov bola” dedimi, buning davosi yo‘q. Jumag‘alining bolasi keladimi-kelmaydimi, necha pullik ishing bor, senga desa o‘sha yoqda ichburug‘ bo‘lib o‘lmaydimi!
— Bo‘lmasa nima deyishim kerak edi?
— Boshqalarning nima deyishiga qaramadingmi?
— E’tibor bermadim.
— E’tibor bermasang, yuraver. Qadahni qo‘lga ushlashing bilanoq “Hurmatli Qosim Do‘shimovich, siz bilan birga bunday martabali davrada ishtirok etayotganimdan o‘ta baxtliman. Albatta, bunda dono boshchimiz, hurmatli Qosim Do‘shimovichning mehnatlari beqiyos. Ularning sharofati bilan Jumag‘ali og‘aning o‘g‘li askarlik xizmatini o‘tab, ota-onasining quchog‘iga qaytdi...” demaysanmi.
— Jumag‘ali og‘aning o‘g‘li askarlik xizmatidan qaytganligiga direktorimizning nima aloqasi bor?
— Aloqasini nima qilarding? Aloqasi bo‘lmasa, sen bor qil!
— Bunisini bilmabman. Borib kechirim so‘raylik.
— Kechirmaydi.
— Kechirib qolar.
— Kechirmaydimi dedimmi, kechirmaydi. O‘g‘irlik qilsang, kechiradi, pora olsang, kechiradi, lekin tostga ismini qo‘shmadingmi, tamom — o‘limtigingni uzoqqa tashlayver! Endi esa, muhtaram jiyan, direktorning yaqinlari ko‘rib qolmasidan qorangni o‘chir!

Qoraqalpoqchadan Mansur Ahmedov tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.