OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murodboy Nizanov. Omadli xaridor (hajviya)

Bosh muharrir menga “Kim oshdi” savdosi to‘g‘risida reportaj yozib kelishni topshirdi. Har safar gazetaning yarmini egallab kelayotgan bu mavzuning nega zarur bo‘lib qolganini tushunmadim.
Peshinga yaqin birjaning savdo zaliga kirib bordim. Zal deganimiz nari borsa qirq-ellik odamga mo‘ljallangan choqqina xona ekan. Pastdagi o‘rindiqlarga qarama-qarshi yuqorida bir stol bilan bitta kursi qo‘yilgan. Stol ustida bolg‘a uriladigan temir qalpoqcha bilan kichkinagina tibbiy bolg‘acha turibdi.
Nazarimda, bugungi savdo uncha qiziqarli bo‘lmaydi-yov. Chunki, savdoga qo‘yilgan mulk — bankdan olgan kreditini to‘lay olmagan kishining garovga qo‘yilgan uyi ekan. Uy sotib olmoqchi bo‘lgan odam ko‘chama-ko‘cha yurib, saralab didiga mosini oladi. Biroq, savdo men o‘ylaganday bo‘lib chiqmadi. Belgilangan vaqtda zal odamlar bilan to‘lib ketdi. Birja vakilining aytishicha, bu uyga yigirma to‘rt kishi xaridor bo‘libdi.
— Nima, uy juda ketvorganmi? — deya so‘radim taajjublanib.
— Yo‘q, — dedi vakil, — oddiy uy, aksincha, shahardan ancha chetda.
— Unda shovqin-surondan olisda, deb qiziqishayotgandir-da?
— Bilmadim.
Men yana nimalarnidir so‘ramoqchi edim, ammo vaqt bo‘lib, bolg‘acha daranglab ketdi.
— Uyning bahosi besh million olti yuz ming so‘m. Oshadiganlar bormi?
Hech kim indamadi.
— Besh million olti yuz — bir!
— Olti million!
— Olti million — bir, olti mil... Yetti million. Kim oshdi? Yetti million — bir, yetti... Sakkiz million.
Million deganlari o‘yin bo‘lib qolganmi deyman-da! Odamlar og‘zining bir chetidan chiqib ketayapti.
— Sakkiz million! Kim oshadi? Sakkiz million — bir, sak... O‘n million!
Zaldan uch kishi ketdi.
— O‘n million — bir, o‘n million...
Mening yonimda boyadan beri jimgina o‘tirgan yigit bahoni birdaniga ikki millionga ko‘tardi.
— Imorat juda dahshatlimi? — so‘radim undan.
— Xalaqit bermay turing, keyin bilib olasiz, — dedi u menga o‘girilib.
— O‘n ikki million — bir, o‘n ikki... O‘n besh million!
Har kim savdoga qo‘shiladigan paytini o‘zi biladi shekilli, anchadan beri bir chetda miq etmay o‘tirgan bitta juvon narxni yana ko‘tardi.
— O‘n sakkiz million — bir... Zalda mendan boshqa uch kishi qolibdi. Haligi juvon, yonimdagi yigit va ortdagi o‘n besh millioni bor amaki. Men esa har birining yuziga yalt-yalt boqaman.
— O‘n sakkiz million — ikki. Yigirma million!
Ovozim chiqmay qoldi.
— Yigirma million — bir, yigirma million — ikki, yigirma million... oshadigan bormi? Yigirma million — uch! Sotildi!!!
Zaldagi uch kishi chapak chaldik.
Uy rasmiylashtirildi, borib ko‘radigan bo‘ldik. Tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, suratchi chaqirdim. Axir, reportaj surat bilan chiqsa yaxshi-da.
... Uyni ko‘rib og‘zimiz ochilib qoldi.
— Shu uymi? — hayron bo‘lib so‘radim.
— Ha, — dedi xaridor mamnun ohangda. Men esa alanglab yigirma millionlik uyni tomosha qilaman. Xom g‘isht, ayvonning yarmi bitgan, yarmi chala. Deraza oynalari sinib yotibdi.
Xaridor ahvolimizni tushundi, biroq negadir labidan tabassumi arimay bizga yuzlandi:
— Ha, yoqmadimi?
— Ha, endi, o‘zingizga yoqsa bo‘ldi-da.
— Sizlar tushunmabsizlar, — dedi yigit gerdayib. — Savdoda qatnashgan shuncha odam ahmoq emas. Biroq, omadlisi o‘zim bo‘ldim. Hu, anavi yo‘g‘on ko‘k trubani ko‘ryapsizlarmi?
— Qaysi?
— Uyning o‘ng burchagiga qaranglar. O‘sha trubadan tabiiy gaz o‘tadi. Xudo xohlasa, akang qarag‘ay, qahraton qishda ham maykachang o‘tirib televizor tomosha qilaveradigan bo‘ldi. Vah-vah...ha!!!
Shundagina bir narsa yodimga tushdi. Xaridorni yangi uyi bilan qutladim-da, uyimga qarab chopdim. Axir, qechqurun uyni isitish uchun o‘tin tayyorlashim kerak-ku!

Qoraqalpoqchadan Hidoyat Ahmedov tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.