OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nikolay Gumilyov. Osmondan tushmagan muhabbat (novella)

Anna Andreevna Gorenko (Axmatova) ga bag‘ishlanadi


Dilxun iztirob tuyg‘ulari Dante Aligeri yuragidagi nozik ilhom parisi Beatriche - mashhur Folko Portinarining qiziga bo‘lgan muhabbatini Florentsiyaga o‘zgacha siyratda ko‘rsatdi. Bu ishqning quvonch va qayg‘ulari olis sovuq samoviy kengliklarda emas, balki shu yerda - Italiyaning gullab-yashnayotgan quchog‘ida kechdi.Kimgaki, Yaratganning nazari tushib, shunday muhabbatning guvohi bo‘lgan, ko‘rgan bo‘lsa, baxtlidir. Inchunun, men ham oliyjanob Gvido Kavalkantining qaddi shamshod Primaveraga bo‘lgan muhabbatidan so‘ylamoqchiman.

I

Pinhoniy muhabbat dardiga mubtalo bo‘lgan Kavalkanti nihoyat sevgilisi navnihol Primaveraga ko‘nglini ochmoqqa qaror qildi. Unga o‘ylab chiqarilgan bir voqeani so‘zlab berib, qiz qalbini zabt etmoq, Venetsiya ustalari yasagan qimmatbaho uzuklar bilan to‘la nozik qo‘llarini ushlamoqni xayol qildi.Tasodif - sevishganlar orasiga suqilib -kirib oladigan g‘arazli hodisa! - ne baxtki, bu gal unga yordamga keldi. Kavalkanti do‘stinikiga bordi, alqissa, u Primaveraning eng yaqin qarindoshidan biri bo‘lib chiqdi. Ular zallardan birida suhbatlashib o‘tirishar,u hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmay, yaqindagina o‘qib chiqqan, bundan hayratga tushgan ritsarlar tarixidan bittasini aytib berishga izn so‘radi. Do‘sti hayajonga tushdi, Primavera esa ko‘zlarini yerga tikib, jilmaydi va unsizgina roziligini bildirdi. Uning bu xush xulqi oliy nasab qizlargagina xos bo‘lib, ayni paytda, qiz ko‘ngli fazilatlarini ham ochib berardi. 
Kavalkanti bir sinor haqida so‘z boshladi. Sinor go‘zal xonimga oshiq bo‘lib, xonim uning tuyg‘ulariga javob bermas, hatto u bilan hech qaerda - ko‘chalar, qizlar davrasida ham uchrashish niyati yo‘qligini aytardi.Shunda ritsar barcha qayg‘ularini yuragiga solib, olislarga yo‘l oldi.Ritsarning uzoqdagi bu qasrida g‘alati voqealar ro‘y berib turardi. U mashhur rassomga sevgilisi siymosi jonlantirilgan oltin haykalchani yasattirdi. Yolg‘izlik kunlari uzaygandan-uzaydi, xarobalarda yashaguvchi boyqushlar singari g‘amgin va o‘ychan damlari uchib ketdi. Bu o‘ylar yerto‘lalarda yashirinib olgan zaharli va qora ilonlar singari sudralib yurardi. Erta tongdan to tun yarmigacha baxtsiz oshiq jonsiz haykalchasi yonida turar, uning nolalari va o‘tli nafaslari zallarni to‘ldirib, yangrab ketardi. Oshiqning lablaridan uchgan ehtirosli so‘zlar faqat sevgilisidan so‘zlar, unga atalardi. Oradan qancha og‘ir yillar o‘tganini hech kim bilmaydi, bilmasdi. Buyuk muhabbat mo‘‘jiza yaratmaganida,ehtimol, bu beshafqat taqdirning olovlari hademay o‘char, oshiq ritsarning yarim-ochiq ko‘zlaridan oqqan yoshlar mangulik tuni qadar singib ketarmidi!... 
Oshiq ritsar qalbini sevinch tuyg‘ulari butunlay qamrab, chirmab olgan kunda lablaridan mayin so‘zlar uchayotgan damlarda haykalchaning qo‘llari titrab ketdi va u oshig‘ini quchmoqchi bo‘lganday qo‘llarini uzatdi. Shunda oshiq ritsar uni quchdi, lablari bilan quchdi. Nurafshon shodliklar qalbining chuqur joylariga qadar yetib, jaranglab ketdi. U o‘rnidan turdi - kuchli, dovyurak.Yangi hayot ishtiyoqi bilan to‘ldi ko‘zlari, ruhi, vujudi va butun borlig‘i.
Haykalcha hamon qo‘llarini uzatgancha qotib turardi.
So‘zlarkan, Kavalkantining ovozi titrab ketdi, Primavera tomonga tez-tez o‘tli nigohlarini tashlab qo‘yardi. Qiz ko‘zlarini yerdan uzmay, jimgina tinglardi. Do‘sti go‘zal xonimlarning berahmligi haqida so‘zlay ketdi. Primavera muhabbat haqidagi bu o‘tli hikoya qanchalik qiziqarli bo‘lmasin, barcha ritsarlik romanlari va sevgi novellalaridan ko‘ra, nazokatli, ayniqsa, Frantsisko Assizskiyning «G‘unchalari»ni afzal bilishini aytdi-yu,o‘rnidan turdi. U shunday ajib g‘urur, nazokat ila chiqib ketdi-ki, buning ta’rifiga ma’budalar qadamlarini kuylagan qadimgi shoirlarning she’rlarigina yarashardi.
Yuragini allalagan umidning bu qadar tez puchga chiqqanini ko‘rib, Kavalkantini qalbi o‘rtanib ketdi, o‘zini tutib o‘tirishga ko‘zi yetmadi, uni kuzatmasliklarini so‘radi. Quyosh botib borar, zallar bo‘ylab shom ranglari suzardi. Eshikning oldiga yaqinlashib qolgan Kavalkanti kutilmaganda navnihol Primaverani ko‘rib qoldi. Qiz marmar polga engashib, nimanidir izlardi. «Uzugimni tushirib yubordim,-dedi u mayin ovozda,- topishga yordam berishni istaysizmi?»
U engashdi, qizning nozik, mayin qo‘llari go‘yoki tasodifan uning yuzlariga tegib ketdi, bir lahzaga lablarida qotib qoldi. U boshini ko‘taraman deguncha Primivera og‘ir,eman daraxtlaridan tayyorlangan eshiklar ortida ko‘rinmay ketdi. Shunda Kavalkanti angladiki, uzuk Adriatika dengiziga cho‘kib ketgan taqdirda ham u hech qachon topolmaydi, yuragi eng oliy, eng baland tuyg‘ularga to‘lib, to‘lib, uyiga qaytdi.

II

So‘nggi vaqtlarda Kavalkanti go‘zal Primavera bilan tez-tez ko‘rishib turar, uning kabi yosh yigitlar yosh xonim qizlarga iltifot ko‘rsatishar, ularning e’tiboriga tushishni sharaf deb bilishardi. E’tiborli kechalar, qizning ota-onasi uyidagi uchrashuvlarda Primaveraning beparvo nigohlari yigitning na otash qarashlari, ho‘rsiniqlari ,na sevgi sonetlarini so‘ndirolmadi. Bu paytda butun Florentsiya tilida tashrif buyurayotgan venetsiyalik e’tiborli sin’or, uning go‘zal Primaveraga alohida ehtiromi, go‘zalligi oldidagi hayratlari edi. Bu venetsiyalik to‘tiqo‘shlarga o‘xshab kiyinib olgan, buzib-buzib kuylar, uning so‘zlari, hikoyalari, qo‘shiqlarini faqat qo‘pol askarlargina tinglashi, qabul qilishi mumkinday edi. U o‘z vatandoshi Marko Poloning sayohatlarini maqtanib gapirar, o‘zi esa bu sayohatlarda qatnashishini xayol ham qilolmasdi. Kavalkantiga bexosdan Primevara bu kalondimog‘ ahmoqqa iltifot ko‘rsatganday ko‘rindi. Venetsiyalik sinor kuylagan sonetda qizning go‘zalligi kulgili va beo‘xshov so‘zlar bilan tilga olinardi: nigohlari yovvoyi Tartariyada yashovchilarning og‘uli tig‘lariga,qalbida uyg‘ongan sevgi Buyuk Mo‘g‘o‘llar sarhadlarida yiliga minglab odamlarni yutib yuboradigan dahshatli mahluq Simlaga qiyoslanardi. 
Qo‘shiq matni, so‘zlari, qofiyalari shu qadar chalkashib, buzilib ketgan ediki, bu qo‘shiqmi yoki uzuq-yuluq so‘zlarni ohanggga solib aytib-aytolmaslikmi, anglab bo‘lmasdi.Bunday g‘amg‘in lahzalarda Kavalkanti qalbini hasrat qamrab oldi, rashk alangalandi. Rashk tuyg‘usi zobitning eski, namxush, sovuq yerto‘lalarda zanglab yotgan qilichiga o‘xshab ketardi. U qayg‘ular uyida yolg‘iz yashar, bir kuni bu yerlardan bosh olib, olislarga ketgisi, hayotining eng mahzun daqiqalarini uzib yuborgisi kelardi. 
Qadimgi Florentsiyaning sokin ko‘chalari kech kirishini kutib, mudrashardi. Sal o‘tmay, bu ko‘chalarni dilbar yosh xonimlar to‘ldrib yuborishadi, ularni olisdan kuzatib turgan navqiron oshiq yigitlar nigohlari lovillaydi. Kavalkanti og‘ir o‘ylarga ko‘milib borarkan, kutilmaganda Lorentsoni ko‘rib qoldi. Bu keksa g‘aribning ayyorligi yoshlar orasida ovoza bo‘lib ketgan edi. U oshiqlarning uchrashuvlarini sovuq shamollardan asrar, do‘qillagan hassa zarblari sevishganlarni xavfdan ogoh etardi. Keksa Lorentso lablarida kinoyali tabassum , egnida keng etakli qalin matoli yomg‘irpo‘sh, yonida esa xijolatdan qizarib ketgan navnihol Primaveraning ipak ko‘ylaklari tovlanib ketardi. 
Kavalkanti nigohlari o‘tkirlashdi, kuchlandi. Kutilmagan paytda olovli rashkning shubhalari qirmizi bulutday qoplab oldiki, u o‘zini qo‘lga olaman deguncha, Lorentso qo‘shni muyulishga yashirindi. Primavera esa shitob bilan qadam tashlab, uyiga yo‘l oldi. Uni ikkalasi ham sezishmadi. Yuragida achchiq alam, rangida qon qolmagan Kavalkanti Primaverani ortidan chopdi, yetib oldi. Titroq ovoz bilan dil izhorini boshladi. O‘,u qachondan buyon uni sevadi, qanday sevib qoldi, uning iztiroblari nechog‘lig‘ ulug‘ va ulkan! U so‘nggi bora shafqat so‘raganday keksa Lorentso qaysi baxtli odamgan undan maktub olib ketganini so‘radi. U qizning ko‘ngli munosib insonga bog‘langanligiga ishonar, bu sirni hech kimga aytmaslikka , shu bugunoq shu sir bilan birga o‘lib ketishga qasam ichdi. 
Primavera boshini ko‘tarmay, ketib borar, ming xijolatda nozik barmoqlari xushbo‘y tasbehlarni terardi. Kavalkanti so‘zlagani sayin uning lablari titrab ketdi, yonoqlari alvonlandi. Yigitni oxirigacha tinglamay, qizg‘in va tez-tez so‘zlay ketdi. Nima uchun, qanday qilib bu yigit Primavera xat yozgan degan xayolga bordi? Bundan hayratlandi ham. Oliynasab qizlar hech qachon bunday yo‘l tutishmaydi. Bunday ishlar Neapol ko‘chalari yoki qo‘rg‘onlarni kezib yuruvchi daydi qo‘shiqchi ayollarninggina qo‘lidan keladi. Buni Kvalkanti juda yaxshi biladi o‘zi ham o‘shanday ayollar bilar tanish-ku! Qizning tassavvuriga yigit qanday qilib ko‘chada qizga yaqin kelishga jur’at etgani, ustiga ustak, sevgi izhor qilgani sig‘masdi, tushunolmasdi. 
Oliynasab qiz uchun bunday so‘zlarni eshitish va tinglash nihoyatda og‘ir, ayni damda noqulay ekanligini nahotki u bilmasa?! So‘zlarini tugatmay, binafsharang hind marvarididay uyatdan qizarganicha uyi tomon uchib ketdi. O‘z qilmishidan o‘zi uyalib, asossiz rashkidan xijolatga tushgan Kavalkanti uyiga qaytdi. Bu hilqatga hech kim erisholmaydi degan o‘ylar bilan o‘zini ovutdi. Bundan buyon uni noqulay ahvolga solmaslikka, undan kechirim so‘rab, aybini yuvishga qarar qildi, o‘ziga o‘zi so‘z berdi. Uning o‘ylarini uyi atrofida anchadan buyon katta uchar kalamushday aylanib yurgan keksa Lorentso tarqatib yubordi. «Bu - go‘zal Primaveradan, -dedi u avaylabgina xatni uzatarkan.- U menga butun boshli dukat berdi».

III

Oradan ko‘p o‘tmay, Kavalkanti og‘rib qoldi va Yaratganning hohishi bilan mangulik sari yo‘l oldi. Navnihol Primavera yig‘lab qoldi uning ortidan. Qizning ko‘z yoshlari sevgilisi yotgan qabrni parchalab o‘tar, sin’orlar qayg‘u bilan marhum shoir Italiya she’riyatini qanday baland pardalarga olib chiqqanini eslashar, sonetlari, balladalari va tabiatga bag‘shlangan ajoyib bitiklarini tilga olishardi. O‘ychan Florentsiya motam libosini kiydi. 
…Nurli chehra farishta Kavalkantini jannat eshiklari oldiga olib bordi. Devorlarga yashil nur bilan shunday so‘zlar bitilgan edi:
«Sizlarga - kirib keluvchilarga adabiy orom, abadiy baxt. Sizlar endi - barhayotsizlar». 
Va farishta dedi : Istasang, seni Bokira Mariyani qurshab olgan qizlar davrasiga olib boraman. Ular orasida ipak bulutday husniga hatto farishtalar ham havas qilguday dilbar Beatricheni uchratasan». 
Va Kavalkanti dedi: « O, nurli chehra, seni qay til bilan olqishlay! Sen dardli yuraklarga darmon topguvchisan. Meni go‘zal Beatrichening oldiga olib bor, olislardan bir lahzaga bo‘lsa-da, ipak liboslarda tovlanayotgan bu hilqatga nazar tashlashga jur’at ber. Axir, u - Primaveraning dugonasi-ku!
Va farishta dedi: « Istasang, seni jannatning kumush o‘tloqlarida tiniq quyosh nurlarida Sharq nilufarlari ichra kezib yurgan Iso Masihning oldiga olib boray. Ul Zot huzuriga qaytib kelgan har bir odamni mehr bilan siylaydi.».
Va Kavalkanti dedi: « O, nurli chehra, himmatlaring tilaklarimni ijobat qilmoqda. Men Iso Masihdan Sharqning uchta donishmand shohlari tomonidan Unga olib kelingan oltinni so‘rayman, undan naqshin marvarid ko‘zli uzuk yasab, ichiga kirib olaman. Bu uzuk tunda ko‘zlarga ko‘rinmay, Gefsiman bog‘lariga tushib qoladi. Bu yerga Primavera kelsa, unga shuni tuhfa qilaman». 
Va farishta dedi: « Istasang, seni yorug‘ ruhlar qurshovidagi Kuch-qudrat va shon-shuhrat qo‘shinlari Xudolar Otasining taxtiravoni atrofida suhbat qurishayotgan joyga olib boraman. Boshda oltin gulchambar, yelkasida oltin mantiya, poyida oltin zinapoyalar. Bu yerdan farishtalar yerga tushadilar, haqgo‘ylar qalbi jannat rohatlari qadar ko‘tariladi».
Va Kavalkanti dedi: « O, nurli chehra, eng sohir tilagimni ado etmoqchi bo‘lsang, o‘sha yerga boraylik, qadamlarimizni tezlataylik. Oltin zinapoyadan yerga tushay-da, Primavera yashaydigan joyga yetib olay».

Oygul Suyundiqova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.