OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nimesh Patel. Labdan o‘quvchilar (hajviya)

Kollejda o‘qib yurgan kezlarimizda, biz uchta o‘rtoq – tirishqoq o‘quvchilarning «uchligi» edik. Bunday «uchlik» lotinchadagi kabi kuchning uch markazda bo‘linishi ma’nosida emas, balki o‘ta sezuvchanlik qobiliyatining uch kishida bo‘linishini anglatardi. Sinfimizda rejali suhbat, gipnoz qilish, yuz ifodasidan ichdagi gapni o‘qish kabi odamni hayratga tushiradigan «noakademik» ta’qiblarga qiziqish va bunday «hunarlar» bilan shug’ullanish avj olgandi. Garchi bu borada omadimiz chopavermasa-da, lekin sir boy bermay, hunarimizni ko‘rsatishda davom etaverardik. Xuddi qayta-qayta harakat qilib, Everest Cho‘qqisiga chiqishni xohlagan, chunki «maqsadi aynan o‘sha!» bo‘lgan Malloriga o‘xshab, biz ham  ana shunaqa g’ayrioddiy hunarlardan birini qoyilmaqom ijro etishni, aqalli bir bora bo‘lsa ham, nomiga rasmiy ravishda ovoza bo‘lishni juda-juda istardik.
O’tgan safar rejali suhbat uyushtirishga harakat qilarkanmiz, osmonga otganimiz tanga bir marta «ha», ikki marta «yo‘q» tomon bilan tushdi. Lekin boshqa tomondan, bunga sabab to‘rttalovimiz ham birgalikda va bilgan holda tangani birortamiz yutqazishimizdan umid qilib aylantirganimiz bo‘ldi. Darhaqiqat, rejali suhbat deganlari rejali tanga otishga aylanib ketdi.
Bir kuni oramizda gipnozchi bo‘lib tanilgan Sidrat yotoqxonada ikkinchi kurs talabasini gipnoz qilishga uringanda, u talaba ham Sidrat buyurgan hamma narsani xuddi sehrlanganday bajardi. Boladan o‘mbaloq oshishni so‘ralganida, gipnozlangan talaba o‘z tanasini shunday ko‘ttarib urdiki, radio, o‘tgan yillardagi kinoning mag’lub bo‘lmaydigan qaqajon qizi – yulduz Madhubalaning ramkali surati va xonadagi boshqa bir qancha narsalar asl va qonuniy turgan joyidan uchib-uchib tushdi. Biz hatto Kishor Kumarning ruhi Madhubalaning suratini uchirib yuborganini xuddi baxtiyorlarga o‘xshab, Sidratning gipnozchi bo‘lib yangicha qahramonlik ko‘rsatganiga yo‘yib qo‘ya qoldik. Gipnozchi, yana qanaqa deng: tan olingan va tasdiqlangan, sehrgarning naq o‘zi! Eng qizig’i, bunday qobiliyatga ega kishi bizning bittamiz edi…
Sidrat talabadan klassik filmdagi qo‘shiqni xirgoyi qilib berishni so‘radi. Xirgoyi ham xirgoyi bo‘ldi-da! Talaba Mannadeyning «Laga chunri me dag»ini shu qadar qoyilmaqom ijro etdiki, gipnoz qilingan bizmi yo u ekanini bilmay qoldik.
Keyin men unga kuylagini yechishga buyruq berdim. U buyruqqa jon deb «itoat qilarkan», xotirjam ohangda birdaniga: «O’mbaloq oshish, mumtoz qo‘shiq kuylash va kuylakni yechish juda ajoyib ekan-a, lekin ko‘pam xomtama bo‘lavermang, hozircha shunday, bundan keyin bunaqasi ketmaydi!» dedi. Bu gapga hangu mang bo‘lib, unga termuldik. Sidrat o‘zicha gipnoz qilyapman deb o‘ylagan narsasiga haligi talaba atayin o‘zini bilmaganga solib, buyruqlarni bajarib turgani endi bizga ayon bo‘ldi-qoldi. Eng yomoni, bu bilan Sidratning gipnozchilikdagi mavqeini muddatidan ilgari yo‘qqa chiqardi va mahv etdi u bachchag’ar!
Biroq, yana bir ixtirochi, topqir og’aynimiz Manish, huquqshunoslik bo‘limi talabasi, Sidratning inqirozidan qo‘rquvga tushmadi. U o‘zini odamlarning yuziga qarab ichidagini o‘qish bo‘yicha bilimdon deb yurardi. Manish bunday hunarni egallashni kelgusidagi huquqiy faoliyati uchun zarur deb bilarmidi, bunisi aniq emas. Bilganimiz shu ediki, u yuziga qarab fol ochadigan kishilarning ko‘pchiligi unga allaqachon tanish edi.
Biroq, bu safar endi qovun tushirmaslikka qaror qildik. Biz odamlarning labiga qarab ichidagini topish bo‘yicha qobiliyatni rivojlantirishga qaror qilib, shu mavzuga tegishli «O’zing qilib ko‘r!» nomli kitobni sotib oldik. Shundan so‘ng, tovush chiqishiga qarab, lablarning qimirlashini, burilishlarini o‘rganishni boshladik. Taajjubki, insonning lablari so‘zlarni talafffuz qilganda turfa harakat qilar va bu harakatlarni o‘rganish biz uchun o‘ta qiziq bir mashg’ulot edi. Bu ish nutqimizni qo‘riqlashning yana bir sababi, deya oqilona o‘yladik biz. Shu tariqa labdan o‘qishning g’aroyib olamiga «hujumimiz» boshlanib ketdi.
Bir hafta davom etgan mutolaa va ayrim amaliy mashg’ulotlar labdan o‘qish bo‘yicha o‘zimizga ishonchni orttirdi. Hatto televizor o‘rnatilgan umumiy xonamizda yangiliklar dasturini ko‘rishda «kar va soqov» bo‘lib, boshqa talabalarni o‘zimizga jalb etdik. Tez fursatda hech ikkilanmay suhandonning lab harakatlari  va ular talaffuz etayotgan bo‘g’inga qarab, sinxron tarjima qilishga kirishdik. Bir gal televizorning ovozini o‘chirib, berilayotgan filmdagi aktyorlarning lab harakatlariga qarab, ularni «gapirtirish»ga urindik. Ammo tomoshabinlar qovog’i uyilishi hamono televizor ovozini yana chiqarib qo‘ydik. 
Axiri labdan o‘qishning mashqini oldik, degan qarorga keldik va buni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldik. Yangi egallangan malakani shu yaqin oradagi qahvaxonada sinashga kelishildi. 
Kollej hududidagi qahvaxona turli ma’nodagi uchrashuv joyi sifatida tanilgan. Unda talabalar muhim bo‘lgan imtihon haqida, muhimroq bo‘lgan ko‘ngil sirlari bilan o‘rtoqlashish va o‘ta muhim bo‘lmagan kollej hayoti to‘g’risida suhbatlashishga yig’ilishadi. Shuningdek, bu o‘qishga bog’liq bo‘lmagan uchrashuvlar, ya’ni «qalbimda sizga nisbatan anglab bo‘lmas tuyg’ular uyg’ondi…» degan gapga stolning narigi tomonidan qizargan yuz bilan javob berish yoki «juda soz, lekin…» degan javoblar quloch yozadigan yoxud yigitlarning qizlarga oyni olib berish bilan bog’liq quyuq va’dalari davom etadigan antiqa bir joydir. 
Biz atayin qahvaxonadagi yoshi o‘zimiz bilan teng bo‘lgan juftliklarni sinovimiz uchun tanlaganimiz yo‘q, chunki o‘zimiz allaqachon guvohi bo‘lgan so‘zlarni labdan uqib olishni istamadik. Shuning uchun 3-4 stol narida o‘tirgan o‘rta yoshlardagi erkak va ayolni tanladik. Ular bir-biri bilan erkin va quvnoq holda gaplashib o‘tirishardi.
«Xotirjamgina o‘tirgan juftlik» dedi oramizda o‘ziga «yuzdan o‘quvchi» nomini bergan Manish. Bu gap bizni haligi erkak va ayoldan qayrilib, Manishning yengiga qarashga majbur qildi; bir necha kun avval uni dazmolda kuydirib olgan, natijada tikuvchi bir necha joyidan chatib tikib qo‘ygandi.
«Labdan o‘quvchilar uchun eng ma’qul usul. Qani, endi boshlaylik!», dedim men sinovni o‘zim uchun urg’ulaganday ohangda.
Haligi juftlik hamon o‘zaro bir nimalarnidir gaplashib o‘tirar, atrofdagi voqelar bilan ishi yo‘qday edi. 
Erkak ayolga «Men yigirmani to‘g’irladim» deb aytdi, deya kuldi gipnozchilikdan labdan o‘quvchiga aylangan Sidrat. – Lekin uning oxirgi so‘zlarini eshita olmadim.»
«U balki uyda yigirmata mixni to‘g’irlaganini aytgandir» dedim men va kulib yubordim. «U uydagi mashg’ulotlarga qo‘shgan hissasini aytayotgan bo‘lishi mumkin.» Shunday qilib, labdan o‘qish bo‘yicha shuncha qilgan harakatimiz taxminga asoslangan «balki», «ehtimol»dan nariga o‘tmadi, jumladan, boyagi ayol va erkakni er-xotinga ham chiqarib qo‘ya qoldik. 
Ayol endi erkakning so‘ziga diqqat bilan quloq tutdi, so‘ng tezdan nimadir deb erkakka gapirdi.
«U «birinchidan» deya gap boshladi, lekin keyingi so‘zlarini ilg’ay olmadim» dedi bizning labdan o‘quvchimiz. – Ehtimol, u «o‘sha paytda» degan so‘zni ishlatdi.»
Yengilishni istamaganim uchun uning gapini bo‘ldim: «Balki ayol erkakka birinchi gal uchrashuvda qattiq hayajonlangani uchun tanbeh berayotgandir.» «Balki», «ehtimol» degan so‘zlar sheriklarim oldida meni uyalishdan qutqarardi. 
«Bo‘lishi mumkin…», pichirlashdi Sidrat bilan Manish fikrimga qo‘shilganday.
Juftlik suhbatini tugatib, qahva uchun ofitsiantga pul to‘ladi va sekin o‘rnidan qo‘zg’aldi. Stolimiz oldidan o‘tarkan, erkak bizga yaqinroq keldi va shunday dedi: «Bizning so‘zimizning ba’zisini to‘g’ri angladingiz, faqat ba’zisini xolos. Ya’ni men uyda yigirmata mixni to‘g’irladim, deganim yo‘q. Men bugun o‘zimni yigirma yoshga yasharganday his qilyapman, dedim.»    
«Men ham unga tanbeh bermayotgandim, qo‘shildi ayol kulimsirab, - men unga yigirma yilcha avval birinchi marta mana shu qahvaxonada uchrashgandik, deb aytayotgandim. Siz bo‘lsa, men fikringizni o‘qigunimcha, aytmoqchi bo‘lganimni bilishni istadingiz.»
Erkak shunday deb gapini tugatdi: «Bizlar uchchiga chiqqan labdan o‘quvchilarmiz. Omon bo‘ling!»    
                   

Inglizchadan A’zam Obidov o‘girdi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.