OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodar Dumbadze. Jinlar va Manavela bobom (hikoya)

Jinlar uch xil bo‘ladi.
Biri – quloqlari dikkaygan, echkituyoq va ech­ki­soqol, jimjiloqdek muguzchali va o‘ynoqi g‘ilay ko‘zli bo‘ladi. Echkiga juda o‘xshaydi. Ammo u jin. Dunyoda bor hamma jonzot tovushida gapira oladi: xohlasa – ayol, xohlasa erkak yoki bola ovozida so‘zlaydi, turli hayvonlar tovushini o‘xshatadi, hamma qushlarga qoyillatib taqlid qiladi.
Ikkinchi xil jin dumli, badburush, beso‘naqay va xunuk. Oyoq kaftlari tepaga qayrilib ketgan, qirg‘iyburun bo‘ladi, og‘zida bitta so‘yloq tishi ko‘­rinib turadi, manglayidagi yakka-yagona ko‘zi yashil rangda yonadi, badani – baroq, jundor.
Uchinchi jinning to‘rtta qo‘li va to‘rt oyog‘i bo‘ladi. Har birida – oltitadan panja. Uning yuzi ikkita, har birida bir juftdan ko‘zi bor. Yag‘rini umuman yo‘q. Gavdasining har ikki tarafi – qorin. Ya’ni, ikki qorinli va ikki kindikli. Ikki tomonidan ham bir xil ko‘rinadi. Qisqasi, u ikkita bir xil jinni tutib, ketini ketiga yopishtirib qo‘ygandek bir maxluq.
Rost, yana bir jin bor, lekin... u haqda keyinroq so‘zlab beraman, eng oxirida.
Anov uch jinni men ko‘rmaganman, ammo bobom Manavela Sintsadze o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.
Echkiga o‘xshagan jinni – Ayiq darasida.
Dumli-yungdor jinni – Lashis-geleda.
Orqa-oldidan bir xil ko‘rinadiganini – Satap­lia tog‘ida.
Bu uch jin bilan to‘qnashuvdan Manavela bobomda dahshatli izlar saqlanib qolgan.

* * *
...Haytovur, savat to‘qishga po‘stloq g‘amlab kelish uchun Ayiq darasiga borgandim. Kun adog‘iga yetayozgan, qosh qorayar mahal edi.
Xo‘sh, men ishni tugatdim, talay po‘stloq archdim, yuvindim, tosh ustiga o‘tirdim, chubug‘imni chiqazib, tamaki soldim – kel, bir-ikki tortay, so‘ng uyga jo‘­nayman, deb o‘yladim.
Chaqmoqtoshni ishqalab turuvdim, qarasam, u ha­romi ho‘ naridagi tosh ustida o‘tiribdi, menga qing‘ayib qaraydi, de. Belimni paypasladim. Xudoga shukur, bolta joyida ekan.
– Tuf-ey, shayton! – deb yubordim. Hushim boshimdan uchib irg‘ib turdim, uch marta cho‘qindim va boltaga yopishdim.
– O‘zing shaytonsan, agar bu kam bo‘lsa, itvachchasan! – dedi u menga.
– Sen o‘zing kimsan bo‘lmasa? – kekirdagimni cho‘zdim men va tag‘in cho‘qinmoqchi bo‘ldim, lekin eplay olsam qani!
Almoyi-aljoyi harakat qilaman, qo‘limni peshonamga oborish o‘rniga kindigimga uzalamanmi-ey. Anov alvasti esa menga qarab turibdi, hiringlab qo‘yadi tag‘in.
– Hop! – qichqirdim men. Lekin bu faqat menga qichqiriqdek tuyuldi, aslida esa shunchaki og‘zimni ochgandim xolos.
– Manavela, rosa merovsan-da, tashla boltangni, kel, yonimga o‘tir, so‘zlashamiz.
– Sen bilan nimani so‘zlashaman, iblisdan tuqqan, – jerkidim men, ammo ichimda cho‘chib “haytovur, xafa bo‘lmasin-da” deb qo‘ydim. Ranjish qayoqda! Bu uning uchun, masalan, birov-yarim menga “sen, Manavela, Afanasiy o‘g‘lisan” deganday gap-da. Xullas, nimayam qilardim, borib yoniga o‘tirdim, u meni shundoq avradi, shundoq avradiki!
– Manavela Sintsadze, deydi, sen basavlat, ko‘r­kam, o‘ktam va uchtasi farang yigitsan... Nimaga kulasan, itvachcha, o‘sha paytlar men hozirgidaqa emasdim, chindan ham ko‘rgan odamning suqi kirguday yigit edim! Tag‘in, aytadiki, haytovur, seni kuyov qilmoqchiman, deydi. Qizimga uylan, Manavela, deydi, zotu nasabimizga sherik bo‘lasan. Zarga ko‘maman, oyog‘ingni uzatib yotasan, istasang, yetti qavat ko‘rpacha ustida maza qilib yotib, “Xasanbeguru” va “Krimanchuli”ni1 xirgoyi qilasan.
– Avval ayt: insmisan, jinsmisan? Qolganini o‘ylab ko‘ramiz.
– Odamman, Manavela, odam, sen bilan odam kabi gaplashib turganimni ko‘ryapsan-ku.
– Agar odam bo‘lsang, nega echkiga o‘xshaysan? – so‘radim men, o‘zim qo‘rqqanimdan sovuq terga botganman.
– Nima qipti, to‘ng‘iz yoki eshakka o‘xshagan odamlar ozmi dunyoda, hech kim ularni ko‘ksidan itarmaydi-ku? – javob beradi u gazanda. Men nima derdim, miq etolmadim, chunki gapi rost edi, ayni haqiqat.
– Menga qizingni ko‘rsat-chi, – dedim unga iltifotu nazokat bilan.
Shunday deyishimni bilaman, chunon ma’radiki! Echki bo‘lib ma’radi! Ma’ragan edi, orqasidagi qoya qoq ikkiga bo‘linib, orasidan bir qiz chiqib keldi, shunaqa go‘zal! Baxmaro cho‘qqisidan quyosh chiqishini tomosha qilganmisan? Qilmagansan! Zim-ziyo tunda qora bulutlar orasidan to‘lin oy chiqqanini ko‘rgan joying bormi? Yo‘q! Yoyinki, bog‘da hamma atirgul butalari birvarakayiga ochilganini ko‘rganmisan? Ayt, ko‘rganmisan? Yo‘q, ko‘rmagansan!
U men bilan so‘zlasha boshladi, ovozi biram yoqimli ediki! Minglab ko‘zachalardan to‘q qizil “Iza­bella” vinosi shildirab quyilganini eshitganmisan? Yo‘q, eshitmagansan! Ko‘klam chog‘i oy balqib turgan tunda Guriyadagi2 bari bulbullar, qorayaloqlar, maynalar xonish qiladi, eshitganmisan? Yo‘q, eshitmagansan...
Shunday qilib desang, ta’rifga sig‘mas nozanin, husniga ko‘z to‘ymas sohibjamol anavi badbashara, ta’viya otasining yonida mo‘‘jiza misol turibdi, menga ko‘z tashlab qo‘yadi har zamonda...
– Xo‘sh, endi nima deysan, Manavela Sintsadze, ko‘zing qamashib ketdimi? – deydi menga u battol.
Men-chi – men nimayam derdim! Ochig‘i, bir nima­lar deb ming‘irlamoqchi bo‘lardimu? lekin tilim qurg‘ur tanglayimga chippa yopishib qolgandi.
– Sen uni bekordan-bekorga bermasang kerak menga, evaziga bir nima so‘raysan, albatta, – dedim ba­zo‘r, anchadan keyin tilga kirib.
– Sendan nima unardi, bir juldurvoqi bo‘lsang! Kolxozda mehnat kuningga bir paysa jo‘xori olasan, bor buding shu! Qurbing yetmagani uchun menga iymoningni sotasan, xo‘pmi?
Bu gapdan keyin o‘pkam og‘zimga tiqilib qolgandek bo‘ldi.
– Menga bunday deyishga qanday hadding sig‘di! – hayqirdim men va boltani oldimu iflos kallasini mo‘ljallab, uloqtirdim... Hay attang!..
Bobom ishtonini himarib, oyog‘idagi chuqurligi ikki barmoq qalinligicha keladigan, boldirigacha cho‘zilgan chandiqni ko‘rsatadi.
– G‘oyib bo‘ldi, dardisar mal’un, bir zumda yo‘q bo‘ldi-qo‘ydi! Bolta boyagina u o‘tirgan toshga tegib sapchidiyu shu yerimga, chandiqni ko‘rding-ku, tegdi. Qon favvora bo‘lib otilyapti, men, sening bobong Manavela Sintsadze, hushdan ketib yerga quladim... O‘shandan beri maraz jinning chinqiroq kulgisiyu “Iymoningga hazir bo‘l, Manavela! Qochib ketmasin tag‘in! Ha-ha-ha”, deb qichqirgani qulog‘imda shang‘illab turadi.
Boshqa hech nimani eslay olmayman.

* * *
Narigi jini Lashis-geleda daf qilgan. So‘zan­baliq ovlash mavsumi edi, men tungi ovga chiqqandim – poylashga, ular urug‘ tashlash uchun Gubazoulidan La­shaga suzadigan payt edi-da. Suvni bo‘g‘ib, baliq o‘tishi uchun kichkina tuynukcha qoldirdim va endigina chubug‘imga tamaki solgan edimki, suv shalopladi. Ana, dedim, baliq o‘ta boshlayapti. To‘r tashlashga shaylanib turdim va negadir yonboshimga o‘girildim. Nimani ko‘rdim de? O‘tiribdi u, g‘addor! O‘tirgan ko‘yi yakka yashil ko‘zini menga tikkan, xuddi teshib yuborguday!
Razm solib qarasam, Ayiq darasida oyog‘imni po‘la qilgan jinga sira o‘xshamaydi.
...Ayiq darasidagi jin kabi, bir ko‘zli jin ham bobomga o‘z qizini xotinlikka olishni taklif qilibdi va evaziga iymonini so‘rabdi. Qizining sepi tariqasida bobomga kolxoz raisligini va yana tag‘in bir botmon oltin ham va’da qilganmish...
– Bunisini sog‘ qo‘yib bo‘pman! – dedim.
Qulochkashlab u iblisga to‘r tashladim. To‘rni men o‘zim tomonga, u o‘ziga tortdi. Yana tortdim, u tag‘in tixirlik qildi. Qochib qutula olmasdi baribir: to‘r xuddi tishiga ilinib qolgandi, tishi og‘zidan baayni ilgakday chiqib turardi-da, o‘ziyam. Men to‘rni bo‘shatish uchun uning jag‘iga qo‘l cho‘zdim, shu payt... – Manavela bobom sekingina o‘ng qo‘lini uzatib, menga jimjilog‘i va so‘fi barmog‘ini ko‘rsatdi. O‘sha qo‘lida boshqa barmoqlari yo‘q uning. – Mal’unning jag‘idan shu ikkita barmog‘imni sug‘urib oldim xolos. Meni g‘aflatda qoldirdi, la’nati, baxtimga, qo‘limni butkul uzib olmadi! Shunisigayam rahmat...

* * *
Uchinchi jin, yoki, anavi, orqa-oldi bir xili, Manavela bobomga Sataplia tog‘ida, u asalarilaridan xabar olish uchun borganida yo‘liqqan.
U jin ham bobomga qizini olib bermoqchi bo‘libdi, agar iymonini sotsa, Choxataur rayoni sekretari lavozimiga mindirishni ham va’da qilibdi. Bobom esa uni xo‘p mazax qilibdi.
– Ko‘zlaring oqib tushsin, Manavela, noshukur banda, qizimning husni jamoli qadriga yetmading, – uvilladi jin bir mahal va barmog‘ini ko‘zimga suqmoqchi bo‘ldi.
Qo‘lim bilan ko‘zimni to‘smoqchi bo‘lgandim, qo‘­limda ikkita barmoq qolgani yodimga tushdi. Xullas, u la’nati axiyri o‘ng ko‘zimni o‘yib oldi...
– Nimaga kulasan, kampir, ochib qo‘yiptimi, bola “Manavela bobom aljirab qopti” deb o‘ylamasin tag‘in! – bobom shu mahal xonaga kirib kelgan buvimga o‘dag‘ayladi.
– Ishonma unga, toylog‘im, ishonma! Aldayapti. Erga tekkanimda ham shunaqa edi. O‘zi shayton-ku, jin bas kelarmidi bunga, – pinagini buzmaydi buvim va stol ustidagi bo‘sh ko‘zachalarni olib, chiqib ketadi.
– Jinlar bilan jiqqa-musht bo‘lib nima qi­lardingiz, birining qiziga uylansangiz edi, hozir qishloqning oldi odami bo‘lardingiz, – deyman men, “Izabella”dan ho‘plab.
– Iymon-chi, itvachcha, iymon nima bo‘ladi? – ach­chiqlandi bobom va ikki barmog‘ida boshimga chertdi.
– Iymoningiz shunchalar qadrlimi, buncha avaylaysiz! – dedim men va nojo‘ya gap qilganimni payqab tilimni tishladim.
– Ajinaning nevarasi bo‘lsang, nima, xursand bo‘larmiding? – so‘radi bobom, yagona ko‘zi bilan menga yeb qo‘ygudek o‘qrayib.
– Ha, to‘g‘ri aytasiz, bu tomonini o‘ylamabman, – aybdor odam tovushida dedim men.
– O‘ylamaganmish! Bo‘ydan Xudo bergan senga, o‘ylab gapirishni ham o‘rganish kerak endi, – ta’na qildi bobom, vinodan og‘irlashgan boshini chayqab va kamindagi serko‘z g‘o‘lani to‘nkarib qo‘ydi.
Buvim kirib, qora “Izabella”ga limmo-lim to‘latilgan ko‘zachani stol ustiga qo‘ydi.
Birdan xuddi shu ko‘zacha ichidan kichkina, judayam mitti jincha chiqib keldi. Shu qadar jajjiki, kaftingga bemalol sig‘adi. Lekin burni kattagina ekan, yirik kartoshka misoli uning g‘arq pishgan pomidordek qip-qizil yuzida do‘ppayib turardi. Badani tap-taqir, bitta ham tuk yo‘q, buning ustiga shaffof edi. Unga razm solib, erkak jinsidanmi yoki ayolmi, farqlay olmadim. Qisqasi, na unisi, na bunisi. Qo‘llarida – oltitadan panja, oyoqlaridagini sanay olmadim, chunki chipta kovush kiyib olgandi. Bu jinni Manavela bobom ko‘rmaydi, chunki u mening jinim, o‘zimniki. Ana, u ko‘zachaning og‘zidan sakrab tushib, stakanim qirrasiga joylashib o‘tirib oldi.
– Xohlasang, Manavelaning nevarasi, menga iymoningni sot – evaziga asl haqiqatni senga so‘zlab beraman, – dedi u, kulib.
Kulgisi shu qadar sodda ediki, iymon tugul jismu jonimni ham qo‘shqo‘llab tutqazardim unga. May elitgan yuzi mayin jilmayib turardi.
– Olaqol, menga uning nima keragi bor! – javob berdim eshilib.
Mening jinim hikoyasini boshladi.

* * *
Manavela Sintsadzeni og‘a-ini Shalikashvililar o‘rmonga sudrab kirib, bahaybat qayin daraxtiga bog‘­lashdi. Uch aka-uka edi ular: Fridon, Mamia va Katsia.
Manavela Sintsadze ularning kenjasi Katsianing qaylig‘i, beshikdanoq unga unashtirilgan qizni olib qochgandi – Tinatin Nakashidzeni.
Olib qochdi deganimni qandoq tushuntirsam ekan: Tinatin Nakashidze uni Baxmarodagi bayramda ko‘rgan edi. Yigit qora choxa3 kiyib, gijinglagan oq oti Shamilni minib kelgandi. Dastavval u besh chaqirimga poygada hammadan o‘zib, birinchi bo‘ldi. Tulpori abjir chavandoz tagida ko‘pikka botgancha turardi. Shundan so‘ng to‘rt sarjinlik xoda ustiga o‘rnatilgan billur kubokni bir o‘q bilan chil-chil qildi. Va nihoyat, beligacha yalang‘och bo‘lib, sirtiga moy surilgan, balandligi uch sarjin archa ustuniga bir urinishda tirmashib chiqdi. Ustunning tepasiga mahkamlangan kumush kubokni olib tushib, xaloyiqning tahsinu olqishlari ostida, oftobdek balqib turgan sohibjamol Tinatin Nakashidzening yoniga keldi, bir tizzasida cho‘k tushib, uning ko‘ylagi barini o‘pdi va xijolatdan qizarib ketgan qizga kubokni tortiq etdi.
O‘sha damlar Tinatin Nakashidze o‘n beshga ham to‘lmagandi hali, Manavela Sintsadze esa endigina o‘n to‘qqizni qoralagan bo‘lib, dilovarlikda unga kimsa bas kelolmasdi.
Bir hafta o‘tgach Manavela Sintsadze Nakashidzening qizi Tinatindan maktub oldi.

"Abad oying bo‘lgum, quyosh, sen-la ichgayman qasam
Taslim bo‘lmam, gar ortimdan uchta quyosh kelsa ham,
Qoya uzra ko‘z tashlagum, zulmat haddan oshgandan,
Qanotli bir tilak ayt, yor, najot endi samodan!"

Boshida maktub Manavela Sintsadzeni gangitib qo‘ydi. So‘ng shodligidan esi og‘ib, hovuchlab tuproq oshadi va – nima bo‘lsa bo‘lar! – o‘tirib, javob xatini yozdi.

"Jondan aziz maktubingga ko‘zlarimni qadadim,
Va dedimki: “Quyosh sendan kecholgaymi, qamarim?
Xudo shohid, ranjitmasman, sen – kecham, sen – saharim,"
Hayotmanmi, jon berdimmi, yo tushmi bu, bilmagum.”

O‘n to‘rtinchi oktyabrga o‘tar kechasi, to‘lin oy tikkaga kelgan mahal Nakashidzening qizi Tinatin Chormix qishlog‘iga eltuvchi yo‘lning muyulishiga, ulkan eman daraxti yoniga keldi. Kuch bilan emas, o‘z ixtiyori bilan, sevgisini deb keldi. Oyog‘i yalang, bitta ko‘ylakda edi qiz.
Manavela Sintsadze quvonchini dast ko‘tarib yerdan uzdi, chakmoniga o‘radi va egarlanmagan otining oldiga o‘tqazdiyu qamchi bosdi.
Uch aka-uka Shalikashvililar izidan quvishdi.
Manavela ularga o‘q uzdi.
Shalikashvililar o‘qidan yaralangan oti yiqildi. Manavela to o‘rnidan turgunicha o‘rab olishdi uni.
Og‘a-ini Shalikashvililar Manavela Sintsadzeni qalin o‘rmon ichkarisiga olib kirib, eman og‘ochiga bog‘ladilar.
– Qani, Manavela Sintsadze, kelinimga maktub yozgan qo‘llaringni ko‘rsat-chi! – dedi ularning to‘ng‘ichi, Fridon Shalikashvili.
Orqasiga chandib bog‘langan qo‘llari uvishib, shishib ketgan, Manavela ularni sezmasdi hatto.
Shunda Fridon Shalikashvili daraxt ortiga o‘tib, sovuqqonlik bilan Manavela Sintsadzening avval o‘ng qo‘li boshmaldog‘ini, so‘ng ko‘rsatkich barmoqni va nihoyat, o‘rta barmog‘ini kesib tashladi. Qon sharillab otildi. Manavela og‘riq o‘rniga yengil tortganini his qildi, uning ko‘ksidan shodon hayqiriq otilib chiqdi.
– Ana qahramonu mana qahramon! – zaharxanda qildi Fridon Shalikashvili.
– Nakashidzelar uyi ostonasini hatlab o‘tmoqchi bo‘lgan oyoqlaringni ko‘rsat-chi! – dedi o‘rtancha Shalikashvili, Mamia, qilichini yalang‘ochlab.
Manavelaning ko‘zi oldi xiralashdi.
– Meni mayib qilma, knyaz, – do‘rildoq ovozi tit­radi uning.
– Baxmaroda ot gijinglatib oliftalik qilgan chog‘laringda mayib bo‘lsang soz bo‘lmasmidi? – achchiq kuldi Mamia Shalikashvili va Manavela Sintsadzening o‘ng boldiriga qilich soldi. Manavela qilich suyakni qirqqanini sezdi va hushidan ketdi.
– O‘ziga keldimi? – so‘radi bu gal kenja Shalikashvili, Katsia, Manavela ko‘zini ochganini ko‘rib. – Qani, qaylig‘im Tinatinga olaytirgan ko‘zlaringni ko‘rsat-chi menga...
Manavelaning tepa sochi tikka bo‘ldi, tili kalimaga kelmay qoldi.
Katsia Manavela picha o‘zini o‘nglab olishini kutdi.
– Nima qilyapsizlar, vahshiylar! Isoni ham bunchalik azoblashmagan, gunohim nima axir...
– Ko‘zlaringni ko‘rsat, Manavela, ko‘zlaringni!
– Niyatingdan qayt, Katsia, yorug‘ olamni ko‘rishdan mahrum etma meni! – Manavela yig‘lamoqchi emasdi, biroq ko‘z yoshlari o‘z-o‘zidan quyildi.
Ish juda puxta bajarildi: Katsia Shalikashvili o‘tkir qilichini Manavelaning qovog‘iga olib bordi va suqdi... Chalajon gavdani Chormix qishlog‘i odamlari ertasiga o‘rmondan topishdi.
Yarim yil to‘shakka mixlanib yotdi Manavela Sintsadze. Olti oy davomida na bir so‘z dedi, na oh-voh qildi. Olti oydan so‘ng qo‘shnilar torko‘chada abgoru oqsoq Manavela Sintsadzeni ko‘rdilar. O‘shandan beri uni “O‘lmas Manavela” deb atashadi. Bu uning laqabi bo‘lib qolgan.
Oradan bir yil o‘tgach, Ayiq darasining narigi yog‘idagi qishloqda yashovchi Levarsiy Tavberidze daradan Fridon Shalikashvilining jasadini topdi. Uning ochiq ko‘zlari hayrat va dahshatdan qotib qolgandi. Fridonning badanida na bir o‘q izi bor edi, na tig‘ izi va na o‘zga jarohat. U qo‘rquvdan yuragi yorilib o‘lgandi.
– Tun yarimdan og‘ganda Ayiq darasidan allaqanday o‘kirik eshitiluvdi, ayiq bo‘lsa kerak deb o‘ylovdim... – derdi Levarsiy Tavberidze.
Yana bir yil o‘tdi, va Lashis-geleda Mamia Shalikashvilini topishdi. Qilichda bir zarb bilan yelkasidan kindigigacha chopilgandi uning. Shak-shubha qolmadi: O‘lmas Manavela Shalikashvililarning qonini ichmoqda edi.
O‘lmas Manavela o‘rmonga yashirindi.
Og‘alarining kushandasidan intiqom olish qasdida yurgan Katsia Shalikashvilining o‘ligiga qorovullar Sataplia tog‘ida duch kelishdi. Piltamiltiqdan merganona uzilgan o‘q miyasining qatig‘ini chiqazib yuborgandi. U orqa-oldi bir xil jin Manavela bobomning ko‘zini o‘yib olgan joyda – jo‘ka daraxti tagida yotgan ekan.
1918 yilning bahorida Manavela o‘rmondan chiqdi.
– Inqilob hammaning hamma aybini kechirgan, bobongni boshqalardan kam joyi bormi? – deydi mening jincham, qiqir-qiqir kulib.
– Tinatin, qimirla, bizga yana bir ko‘za “Izabella” keltir, tomoqlarimiz qurib qolmasin, – kampirini chaqiradi bobom. Tinatin buvim tag‘in bir ko‘za vino keltiradi va choliga erkalagansimon jilmayib, uning yoniga o‘tiradi.
Bobom jinlar haqidagi cho‘pchaklarini davom ettiradi biroq u mening o‘z jajji jincham borligidan bexabar. Ana, u oyoqchalarini osiltirgan ko‘yi stakanim qirrasida o‘tiribdi. Bobomning poyma-poy gaplari uning dimog‘ini chog‘ qilib yuboradi, u maza qilib kuladi va aslida qanday bo‘lganini so‘zlab beradi menga.
Tun yarimlashar mahalda jincham ko‘zachaga tushib oladi, va biz – jinlar, haqiqatu rivoyatlar, bobom va buvim – hammamiz chirsillab turgan kamin atrofida uyquga ketamiz.

Izohlar:
1. “Xasanbeguru” va “Krimanchuli” – gruzin xalq qo‘shiqlari.
2. Guriya – Gruziyadagi viloyat.
3. Choxa – Kafkaz xalqlarida erkaklarning milliy kiyimi, lekin u har bir xalqda boshqa-boshqa nomlar bilan ataladi.

Rus tilidan Oybek Mo‘minov tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.