OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodar Dumbadze. Ko'rnamak (hikoya)

Guduli Berejiani yuz yoshga to‘lganda uning sha’niga birov ikki og‘iz iliq so‘z aytmadi. Shunga ham ota go‘ri qozixonami — ana, qishloq qabristonida salkam yuz ellik yil yashab o‘tganlardan qanchasi yotibdi! Shundoq bo‘lgandan keyin qo‘ni-qo‘shnilar Gudulini tabriklashni unutgan bo‘lsa unutgandir-da. U yog‘ini so‘rasangiz, tug‘ilgan kuni o‘zining ham esiga kelgani yo‘q.
...O’sha kuni Gudulini sahari mardonda "Longinoz" lakabli xo‘rozi uyg‘otdi. Qariyaning ko‘zi eng avval qo‘shnining itiga tushdi:
— Ha-a, padari qusur, yana tuxum o‘g‘irlagani keldingmi? Yo‘qol, o‘ralashma bu yerda, ochofat!
Keyin qo‘noqdan tushgan xo‘roziga o‘dag‘ayladi:
— Kallai saharlab meni uyg‘otguncha anovi haramingga qarasang bo‘lmaydimi, lattamaxsum! Sening dodingni Ardalion Brokishvilining xo‘rozi bersin-da!
Guduli xo‘rozga tanbeh berib bo‘lgach, ayvondan tushib, oshxonaga kirdi. O’choq oldida cho‘kkalab, kul bosgan ko‘mirni beri tortdi-da, ustiga shox-shabba tashlab puflay boshladi. Quruq shoxchalarga o‘t ilashganidan keyin qumg‘on qo‘ydi. Suv iligach, sut sog‘iladigan xurmachaga quyib, molxona tomon yurdi. Oxur yonida yotgan :igir egasini ko‘rib bir "mo‘"lab qo‘ydi.
— Hozir, hozir! — dedi Guduli sigirning sag‘zisini silab. Sigir kavshdan to‘xtab, o‘rnidan turdi. Guduli o‘ng qo‘lini bilagigacha shimarib, uch eyoqli pastak kursichani sigirning yonboshiga yaqin turdi-da, o‘tirib, quruqshab qolgan yelinga qo‘l cho‘zdi. Xurmachaga ipday nozik sut tolasi tizillab tusha boshladi. Sut ko‘p chiqmadi.
— Tamom bo‘psan, sho‘rlik jonivor! — dedi Guduli.
— Nima qilay, otaxon, men ham qaridim-da, — deya o‘zini oqlagan bo‘ldi sigir.
Guduli molxona eshigini lang ochib, sigirni jo‘xorisi o‘rib olingan dalaga haydadi.
— Bor, qorningni to‘yg‘iz! Sen sigir emas, to‘qol echkidan battar maxluq ekansan. Iloyo, bo‘rilarga yem bo‘lgin... Bor, boraqol!
Sigir sudralgancha chiqib ketdi...
— Salom, Guduli!
Guduli sut sog‘ilgan xurmachani tizzasiga ko‘ygancha yog‘och kulbasining pillapoyasida o‘tirar, ikki tog‘ orasidan ko‘kka talpinayotgan quyosh gardishiga nigohini qadagan, hech narsa haqida o‘ylamas edi.
— Salom, Guduli!
Guduli ovozdan cho‘chib ketdi. Nok daraxti tagida boshini qashlab Ucha Melimonadze turardi.
— Guduli emas, Guduli bobo! Nechchi marta aytishim kerak, mishiqi!
— Salom, Guduli bobo!
— Ha, barakalla.
— Oyim aytdilar, menga murabbo berarkansiz. Guduli jilmaydi:
— Balki sut icharsan?
— Yo‘q, murabbo yeyman.
— Bo‘pti, oldin sut ichasan, keyin murabbo beraman.
— Qani, ko‘rsating-chi... Guduli xurmachani uzatdi.
— Oyim, xom sut ichma, deganlar. Kasal bo‘pqolarmishman. Ichmayman.
— E-e, oying nimani bilardi! Xotinlarning aqli to‘g‘risidagi maqolni eshitmaganmisan? Mayli, eshitmay qo‘yaqol. Ihm, xom sut emish! Mana, men tug‘ilganimdan beri xom sut ichaman, tirik yuribman-ku?! Kasal bo‘pqolarmish!
— Bo‘pti, ichsam ichaqolay...
Ucha nafasini ichiga tortdi, shu zahoti...
Sut bolaning qornini qult-qultlab to‘ldira boshladi.
Guduli kulgidan o‘zini arang tiyib turardi. Nihoyat, Ucha xumchani og‘zidan oldi, lablarini yengiga artib, uni Guduliga uzatarkan, asta ming‘irladi:
— Ozgina yordamlashvoring...
Guduli indamay xumchani bolaning qo‘lidan oldi.
— Menga qara, Ucha, bugun maktabga bormaysanmi?
— Bugun yakshanba-ku!
— Shanba bugun! — dedi Guduli bamaylixotir.
— Nega shanba bo‘larkan? Yakshanba! — deb takrorladi bola.
— Nahotki... Yo alhazar! Qarib, miyam ham suyulib qopti shekilli... — deya Guduli tizzasiga shapati urdi.
— Sizga nima farqi bor, Guduli bobo? Maktabga bormasangiz, ishga bormasangiz...
— Shoshma! Chislo nechchi?
— Chislo — 28, kun — yakshanba, oy — noyabr, yil — 1970! — dedi Ucha so‘zlarni chertib-chertib.
— Yo tavbangdan ketay! — deya sapchib o‘rnidan turdi Guduli. Angrayib qolgan bolaga e’tibor ham bermay xonaga kirdi, karavoti tepasiga ilib qo‘yilgan yirtma taqvimga ko‘zini qadagancha uzoq turib qoldi, keyin ustki varag‘ini shartta uzib olib, haligi joyiga qaytdi.
— Nima bo‘ldi sizga, Guduli bobo? — Ucha qariyaning yoniga cho‘kib, boshdan-oyoq unga hayratomuz nigoh tashlab chiqdi. Guduli bolaning savoliga parvo qilmay cho‘ntagidan ko‘zoynagini oldi-da, taqvimdagi yozuvni hijjalab o‘qiy boshladi:
28 noyabr Yakshanba
Quyosh chiqishi - 8.06
Quyosh botishi - 17.32
Kunning uzunligi    - 9.26
Yangi oy chiqadigan kun — 24 noyabr
Oy chiqishi    - 10.55
Oy botishi - 20.31
Keyin varaq orqasidagi matnni ham sinchiklab o‘qib chiqdi:
Bilasizmi?
Bir kunda odam qariyb 20 ming marta qadam bosadi, bir yilda — qariyb 7 million, 70 yilda — qariyb 500 million, bu — taxminan Yerdan Oygacha bo‘lgan masofani tashkil etadi.
Guduli osmonga qarab, quyoshni ko‘rdi, keyin nigohi g‘arb tomon siljib so‘nayotgan oyga qadaldi. Qiziq, bir vaqtning o‘zida ko‘kda ham oy, ham quyosh bor edi. Guduliga o‘sha lahzada negadir oy juda ham olisda turganday tuyuldi.
Yana o‘qishda davom etdi:
Yer bilan Oy orasidagi masofa 384 ming kilometr — ekvator uzunligidan 9 marta ortiq. Demak, inson 70 yil mobaynida yer kurrasini ekvator bo‘ylab 9 marta aylanib chiqishi mumkin ekan.
Gudulining boshi aylanib ketdi...
— 70 yilda — 9 marta... Yuz yilda-chi? O’n, o‘n bir, o‘n ikki marta... U xiyol titrab turgan qoqsuyak tizzalariga nazar tashladi. Va birdan, xuddi ekvatorni hozirgina o‘n ikki marta aylanib chiqqan odamday, vujudida qonni ayovsiz simirayotgan dahshatli bir horg‘inlik sezdi.
Keyin oyoqlariga qarab so‘zini davom ettirdi:
— Eshityapsizlarmi? Agar biz shu yuz yil mobaynida qishlog‘imizdan chiqib, Ozurgeti orqali Batumiga, Moskvaga, keyin Germaniyaga, u yoqdan Amerikaga, so‘ng Yaponiya orqali yana Ozurgeti va uyimizga qaytib kelsak, ona sayyoramizni o‘n ikki marta aylanib chiqqan bo‘larkanmiz... A? Zo‘r-a?
Guduli tizzalarini bir siypalab qo‘ydi.
— Lekin bunday bo‘lmadi... Yer sharini aylanib chiqolmadik... Ammo, Xudo shohid, biror daqiqa tinim bilganimiz yo‘q... — Qariya siniq jilmaydi. — Buni qandoq tushunish kerak? Bir joyda depsinavergan ekanmiz-da? Yo‘q, unaqa emas. Biz ko‘p yo‘l bosdik! Nolimayman! Yuz yil davomida meni hormay-tolmay qishloq oralab, uyma-uy, hovlima-hovli ko‘tarib yurganingiz uchun sizdan mingdan-ming roziman! Rahmat, ko‘pdan-ko‘p rahmat! — Guduli yana tizzalarini siladi.
1970 yil 28 noyabr kuni ertalabki soat sakkizda Guduli Berejianining tug‘ilganiga yuz yil to‘ldi. Qariya shuni eslashi bilan yuragi tuzoqqa ilingan bedanaday tipirchilashga tushdi. Guduli qo‘rqib ketdi. Ilgari, yoshligida — otish yoki poyga musobaqalari boshlanadigan paytda shunaqa bo‘lardi. Tag‘in, kurash bo‘yicha musobaqa oldidan ham yuragi dukurlagani rost. Uning doimiy raqiblari Kerkadze degan aka-uka egizaklar edi, doimiy tomoshabin esa ularning singlisi — Taliko. O’shanda baquvvat yuragi qinidan chiqib ketayozgan. Lekin qo‘rqmagan. Endi bo‘lsa... Guduli yuragini changallagancha tosh qotdi. Bir lahzada butun yoshligi kino tasmasiday shig‘illab ko‘z o‘ngidan o‘tdi. Saldan so‘ng hammasi joyiga tushdi. Yurak tinchib, bir maromdagi odatiy va beminnat vazifasini bajarishga kirishdi. Guduli chuqur nafas oldi, shunda o‘pkasi musaffo havoga limmo-lim to‘lganini his etdi. Yengi bilan peshonasiga tizilgan terni artib, xushnud jilmaydi:
— Qulluq, yuragim, minnatdorman! — dedi u va chap ko‘ksini beozor siypalab qo‘ydi.
Guduli hovliga tushdi, yolg‘izoyoq yo‘ldan azamat nokning soyasiga borib o‘tirdi. Ucha ham uning izidan qolmasdi.
— Joni og‘rimaydimi? — deb so‘radi bola daraxtga sanchib qo‘yilgan boltani siltab tortarkan.
"Boshlandi, — dedi ichida Guduli, — endi savoli urchiyveradi!.."
— Qiziqsan-a. Daraxtlar ham og‘riqni sezadigan bo‘lsa, odamzot u dunyo-bu dunyo gunohdan forig‘ bo‘lolmaydi-ku!
Guduli navbatdagi savolni kutdi, ammo Uchadan sado chiqmasdi. U boltaning damiga asta barmog‘ini tegizib, to‘ng‘illab qo‘ydi:
— Og‘riydi, qattiq og‘riydi!
Guduli bolani chaqirib yoniga o‘tqazdi, uning mallarang-qizg‘ish boshiga kaftini qo‘yib, sekin gap qotdi:
— Ucha, bugun Guduli bobong yuz yoshga to‘ldi...
Ucha qariyaga ishonqiramay bir nazar tashladiyu xaholab kulib yubordi.
— Nega kulasan, tentak?
— O’tgan yili, undan oldingi yili ham yuzga kirmaganmidingiz?
— Voy g‘alcha-ey! Qanaqqib o‘tgan yili yuzga kirishim mumkin?
— Nechchiga kirgansiz?
— Tavba! O’tgan yili to‘qson to‘qqiz, undan oldingi yil — to‘qson sakkiz! Mana, bu yil — yuz yosh-da!
— Yo‘g‘-e! Doim bir xilsiz.
— G’irt chulchut ekansan!
— Oyim aytadilarki, sizning yoshingizga yosh ham qo‘shilmasmish, kamaymasmish ham... Bu choli tushmagur vaqtni to‘xtatib qo‘ygan, deydilar.
Guduli jilmayib turgan Uchaning ko‘ziga qarab, bu nigohda o‘zining "borsa kelmas"ga ketgan bolaligini ko‘rganday bo‘ldi. Yuzini chetga burib, sekin so‘radi:
— Azroil bundan qochib yuradi, demadimi oying?
— Aytdilar.
— Vaqtni to‘xtatib qo‘yibmanmi? Shundoq dedimi?
— Ha.
— Eh, bo‘talog‘im, vaqtni to‘xtatishga mingta ho‘kizning ham kuchi yetmaydi.
— Kimning kuchi yetadi?
— Hech kimning fursati kelganda vaqtning o‘zi to‘xtaydi. Ucha chalqancha tushib yotib oldi.
— Qarang, osmonda ham quyosh, ham oy bor-a! — deya xitob qildi u bir mahal.
— Ko‘rdim, o‘g‘lim, ko‘rdim.
— Qiziq, quyosh bilan oy bir vaqtda chiqadimi?
"Tinkamni kuritadi bu takasaltang!" deya ko‘nglidan kechirdi Guduli.
— Nega indamaysiz? Shunaqasi ham bo‘ladimi?
— Bo‘ladi. Osmon — Xudoning ko‘zi. Unga kun ham, tun ham sig‘averadi! — deb tushuntirdi qariya.
— Xudoning ko‘zi bormi?
— Obbo! Muncha ezmalanasan! — Gudulining jahli chiqib ketdi. 
— Ayting-da!
— Mana, sening ko‘zing bormi?
— Albatta.
— Qani, yum-chi! Bo‘laqol. Nimani ko‘ryapsan?
— Hech narsani. Qop-qorong‘i.
— Endi och! Nimani ko‘ryapsan?
— Hammayoq yop-yorug‘.
— Ha, barakalla. Xudoning ko‘zi ham shunaqa. Bir vaqtning o‘zida baravariga kunni ham, tunni ham ko‘raveradi.
— Xudo Xudo-da! — Ucha turib o‘tirdi. — Xudo bilan men baravarmi?
— Albatta, o‘g‘lim, baravarsan-da! Butun olam seniki! — deya Guduli bolani bag‘riga mahkam bosdi. Ucha yana bir nimani so‘ramoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edi, uni gapirtirmadi: — Bo‘ldi, bas qil! Boshim og‘rib ketdi.
Ucha cholning bag‘ridan chikdi.
— Yana bitta savol! Oxirgisi!
— Qani, ayt-chi!
— Ertalab oyim, dadang ablah, razil odam, senlar uchun u o‘lgan hisobi, dedilar... Shu rostmi?
Guduli garangsib qoldi.
— Rost, o‘g‘lim... — dedi o‘ychanlik bilan. Keyin xato qilganini payqadi. — Lekin sen unaqa deyishing to‘g‘ri emas! Nima bo‘lganda ham — otang!
— Nega bo‘lmasa rost dedingiz?
— Axir, shunday o‘g‘ildan yuz o‘girgan odamni yana nima deyish mumkin?! Ucha indamay o‘rnidan turib, darvoza tomon yura boshladi. "Chakki qildim shu gaplarni gapirib! — deya o‘kindi ichida qariya.
— Farzandga ota farishtaday ko‘rinadi... Uning razilligini bu norasida qayoqdan bilsin?!"
— Ucha! — deb qichqirdi Guduli. Bola orqasiga qaramay ketaverdi.
— Ucha, qayt, o‘g‘lim! Ucha to‘xtadi.
— Menga qara, chirog‘im. Otang yomon odam emas. Mana biz ablahmiz, boshqalar ablah! Nima, hazilni ham tushunmaysanmi?
Ucha unga ishonqiramay yer ostidan qarab qo‘ydi.
— Bu yoqqa kel, o‘g‘lim! — deya qo‘l silkib, bolani yoniga chorladi Guduli.
Va birdan serraygancha qotib qoldi... Avvaliga, menga shunday tuyulyapti, deb o‘yladi. Ammo... ikki soni orasida makkor, sharmsiz bir harorat paydo bo‘lganini aniq-ravshan his etganidan so‘ng... intihoning ibtidosi boshlanganiga aqli yetdi.
— Yo Tangrim, sharmanda qilma! — deya ingradi qariya. Ammo Tangrining qulog‘i tom bitgan edi. Oldini shilta qilib bo‘lgan qaynoq peshobi endi tizzalaridan pastga qarab o‘rmalayotgan edi.
— Ucha, yordamlash! — dedi Guduli ihrab. Bola u tomon chopdi-yu, yetib kelolmadi. Qariya tiz cho‘kib, ho‘ngrab yubordi.
Oradan bir soatcha o‘tgach, Guduli sal o‘ziga keldi.
— Endi uyingga bor, o‘g‘lim.
— Oyimni chaqiraman!
— Yo‘q, keragi yo‘q. Boraver.
— Oyimga aytaman!
— Yo‘q, dedim-ku!
— Nega yig‘ladingiz bo‘lmasa?
— Shunchaki hazillashdim, aldadim seni. Qani, bir sinab ko‘ray-chi, Ucha Guduli bobosini yaxshi ko‘rarmikin-yo‘qmi, dedim-da.
— Bugun kun bo‘yi meni aldamoqchimisiz?
— Yo‘-o‘q. Esim kirdi-chiqdi bo‘pqolgan-da, qarichilik... Bor, o‘g‘lim, endi meni xoli qo‘y... Bir oz dam olay...
Ucha keta boshladi. Darvozaga yetganda orqasiga o‘girildi.
— Boraversang-chi, qaysar! Ucha chiqib ketdi.
Guduli daraxtga suyangancha bo‘shliqqa loqayd nazar solardi. Miyasida hech qanday o‘y yo‘q — faqat hadsiz-hududsiz bo‘shliq... Butun borliq sukutda. Qishloq ham, yer ham, osmon ham sukunat ummoniga g‘arq bo‘lgan. U shundoqqina oyoqlari ostiga pishib o‘tib ketgan noklar to‘kilib, yorilayotganini ko‘rib turardi-yu, lekin paqillagan tovushlarni eshitmasdi. Uzun tarnovda chopqillayotgan buloq suvi naqd ro‘parasida, ammo uning jildirashi qulog‘iga kirmasdi. Ana, shabada jo‘xorining qovjiragan barglarini oldiga solib quvib yuribdi, lekin ularning shitir-shitirlarini qani eshitsa! Ko‘rib turibdi: daladan to‘yib qaytgan sigiri darvoza oldida "mo‘"layapti, xo‘rozi Longinoz chetan devorga chiqvolib qanot qoqyapti, "qu-qu"layapti, ammo Guduli sigirning "mo‘"lashini ham, xo‘rozning qichqirig‘ini ham eshitmas edi. Hammayoq jimjit. Tiq etgan sado yo‘q. Faqat intiqlik, so‘ngsiz, yurakni ezadigan mubham bir intiqlik. Nokka suyanib toshqotgan Gudulining o‘zi ham shu tobda bolta ko‘targan odamni intizorlik bilan kutayotgan va qurt-qumursqalar dastidan tanasi ilma-teshik bo‘lib ketgan ko‘hna daraxtga o‘xshardi. Holingga voy, Guduli Berejiani, sho‘ring qursin!
...Tushkunlik iskanjasida qolgan Guduli shu alfozda yana ancha vaqt o‘tirdi. Keyin asta-sekin o‘ziga kela boshladi. Qalbida umid uchqunlari yiltilladi. Yuragi yana ishga tushib, tomirlarida qon yugurdi. Guduli oldin yurak urishini, keyin sigirning "mo‘"lashi, suvning jildirashini, so‘ng esa xo‘rozi Longinozning qa-qag‘laganini eshitdi. Guduli hayotga qaytdi.
— Xudoga shukr!.. — deb pichirladi u va bitta-bitta bosib uyiga qarab yurdi. — O’zingni tut, Guduli! Hech narsa bo‘lgani yo‘q... Hali hech narsa bo‘lgani yo‘q... Tasodif bu... Rostdan ham hech narsa bo‘lmagandir? Menga shunday tuyulgandir, xolos?..
Guduli quyoshga qaradi — oftob xiyla g‘arbga siljigan edi. Keyin asta zinapoyaga oyoq qo‘ydi. Birinchi zina... Ikkinchi... Uchinchi...
Beshinchi... Shunda birdan dunyo yana ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Yana olamni sukunat bosdi. Guduli yana boyagiday makkor va sharmsiz haroratni tuydi. "Choli tushmagur vaqtni to‘xtatib qo‘ygan..." Bu gapni kim aytganini eslashga ulgurolmadi — guppa zinapoyaga ag‘darildi.
— Salom, muhtaram Guduli! Guduli ko‘zlarini ochdi.
— A? Nima deysan, Kseniya? — deb so‘radi chol aftini burishtirib. Shu tobda birovga ko‘rinishni sira ham xohlamasdi.
— Ucha hovliqib kelib, Guduli bobomning mazasi qochib qoldi, dedi. Shunga...
— Hechqisi yo‘q, azizim! Yurak erkalik qilib turadi-da... Mana, o‘tib ketdi...
— BalKi biror yordam kerakdir, muhtaram Guduli? Yo do‘xtir chaqiraymi?
— Yo‘q, yo‘q, Kseniya! Shart emas!
"Boshlanadi endi — do‘xtir, kasalxona, ming xil poroshogu tabletka, jiqqa-jiqqa ukol... E, Parvardigor!.."
— Valeryanka beraymi?
— Yo‘q, yo‘q.
"Kimga keragi bor bunaqa hayotning? Valeryanka emish!"
— Validol-chi?
— Kerak emas validol!
— Nima qilay bo‘lmasa, muhtaram Guduli? — dedi ayol toqatsizlanib.
— Hech narsa kerak emas menga, azizim! Bor, uyingga bor.
"Bu hali holva... Hademay uzun-qisqa bo‘lib boshqa qo‘shnilar kirib keladi... Yana shu savol-javob... yugur-yugur... E, Xudo!"
— Yaramas Ucha o‘lim to‘g‘risida bir nimalar deb valaqlagandir-da... Hoynahoy, oyim aytdi, degan... Shoshmay tursin, ko‘radi ko‘radiganini!
— Qo‘ysang-chi, Kseniya, qo‘ysang-chi!
"Namuncha chakagi ochildi... Ilgari og‘ziga talqon solib yurar edi shekilli..."
— Kimdan chiqdi o‘zi bunaqa gap? Iloyim chipqon chiqsin unaqa tilga!
"Nega o‘zini qarg‘ayapti? Ucha yolg‘on gapirmaydi-ku!"
— E, bo‘ldida endi! Uyingga borsang-chi!
— Bugun tug‘ilgan kuningiz ekan, muhtaram Guduli! Yana yuzga kiring!
— Rahmat, rahmat, Kseniya!
— Nahotki, shahardagi jigarlaringiz kelmasa? Yuz yosh-a! Hazil gapmi?!
— Kelishadi, albatta kelishadi!
"Bir oy o‘tar, ikki, uch oy o‘tar... Keyin hammaning joniga tegaman... Kasal boqish kimga yoqadi..."
— Bu dunyoda farzandlari bilan maqtanishga haddi sig‘adigan odam bor bo‘lsa, o‘sha — sizsiz, muhtaram Guduli! Biri Botumida, biri Potida, yana birovi Kutaisida, to‘ng‘ichingiz Tbilisida. To‘rtovi ham olim, obro‘-e’tiborli... Darvoqe, nevaralar nechta, muhtaram Guduli?
— Avlodimiz hammasi bo‘lib yigirma uch kishi, lekin bundan nima naf? Yonimda hech kim yo‘q.
— Unaqa demang, muhtaram Guduli! Baxtli odamsiz.
— Ha, albatta...
"Qachon gapi tugaydi bu vaysaqining?"
— Hozir borib bolani oldingizga chiqarvoraman.
— Tashvishlanma, Kseniya. Bir oz cho‘zilsam, o‘zimga kepqolaman.
— Zarur bo‘lib qolsam — tortinmang, o‘z qizingizday chaqiravering.
— Rahmat, azizim!
— Tuzalib keting, muhtaram Guduli!
— Omon bo‘l, Kseniya!
Ayol ketdi. Guduli uni ma’yus nigoh bilan kuzatib qoldi. Ana, ketyapti — yosh, durkun... Guduli bo‘lsa zinapoyada yalpayib, kuz oftobining zaif taftida ishtonini quritib o‘tiribdi. E, Xudo! Qodir Egam! Nega meni bunchalik sharmanda qilding?!
...Insonning tabiati g‘alati! Yosh va sog‘lom odamni ko‘rganida o‘zining qari va xastaligidan o‘kinadi. Lekin boshqa birov undan ham qariroq va dardmandroq ekanini o‘ylab, xotirjam bo‘ladi, ko‘nglida umid yolqinlanadi. Mana, bugun ham Uchani bag‘riga bosib turganida "E, Parvardigor, shu bolaning yoshligini menga berginu evaziga xohlagan narsangni olaver!" degan o‘y Gudulining ko‘nglidan necha bor o‘tdi ekan? Hozir esa, uzoqlashib borayotgan Kseniyaga qarab turib "Yo Rabbim, menga shu ayolning yoshini berginu o‘rniga nimani istasang olaver!" degan gap o‘tdi ko‘nglidan.
Va shu zahoti o‘zidan jirkanib ketdi. Xudo unga yuz yil umr ato etganiga shukr qilmaganidan qattiq xijolat bo‘ldi.
Quyosh botgunga qadar ertalabki uyatli holat yana uch marta takrorlandi... Shundan keyin Guduli Berejiani, yer ko‘ksini yuz yil tepkilagan mo‘ysafid g‘arb tomonga qarab cho‘kkaladi va boshini egib, oftobga ta’zim qildi:
— Alvido, quyosh, beadad minnatdorligimni qabul et!
— Ey inson, ne sababdan menga minnatdorlik izhor qilyapsan? — deya ajablandi oftob.
— Mehribonliging uchun, mana yuz yilki, har tun adog‘ida meni tong quvonchidan bahramand etganing uchun!
— Arzimaydi, tabarruk inson! — dedi quyosh va ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Rahmat senga, olam charog‘i!
Guduli darvoza oldida "mo‘"lab turgan sigirni hovliga kiritdi. Sigir odatdagiday to‘ppa-to‘g‘ri molxonaga borib, sog‘ilishini kutdi. Guduli uning sag‘risini uzoq siladi-yu, lekin sog‘madi...
— Bugun damingni ol, jonvor, bemalol kavsh qaytarib yotaver. Ikkilamchi, tashakkurimni ham qabul et!
— Nima uchun tashakkur aytyapsiz? — deya hayron bo‘ldi sigir.
— Loaqal har kuni ertalab og‘zim sutga tegib turgani uchun!
— Osh bo‘lsin! — dedi sigir va oxur yoniga cho‘kdi.
— Rahmat senga, govmishim!
Guduli orqa hovliga o‘tdi, uxlash uchun qo‘noqqa tizilgan tovuqla-riga nazar soldi, tovuqxona eshigini yopib chiqib ketishdan oldin Longinozning qip-qizil tojini mehr bilan siypaladi.
— Ertaga meni xohlagan paytingda uyg‘otaver. Endi xayrlashamiz, mingdan-ming rahmat senga!
— Ie, nega rahmat deysiz? — deya taajjublandi xo‘roz.
— Har kuni ertalab, kanda qilmay meni uyg‘otib turganing uchun!
— Arzimaydi! — dedi xo‘roz va uyquga ketdi.
— Tashakkur, Longinoz!..
Guduli ischiroqni xum yoniga qo‘ydi, keyin xum og‘ziga bosilgan loyni avaylab ko‘chirdi-da, cho‘kkalab qopqoqni ochdi. O’ttiz pudli xumda uzoq vaqt dimiqib yotgan toza musallas vishillab atrofga o‘tkir hid taratdi. Guduli odamni elituvchi mana shu hid omuxta bo‘lgan havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi. So‘ng shoshmasdan qovoq cho‘michni yonboshlatib xumga botirdi. Qulq, qulq, qulq — cho‘mich sharobga to‘lib borarkan, qariya tanish va qadrdon bu tovushga entikkancha quloq solib turdi. Keyin cho‘michni olib, unga asta labini tekkizdi:
— Ofarin senga, ey bodai nob! Ofarin senga, bebaho tokning sehrli sharbati! Minnatdorligimni qabul et!
— Nega unaqa deyapsiz? — Xumdan chiqqan ovoz aks sadoday eshitildi.
— Shuning uchunki, sen yuz yil mobaynida yaxshi kunlarimda ham, yomon kunlarimda ham menga sodiq habibu hamnafas bo‘lding!
— Kayfingiz tarqamasin! — dedi xum uh tortib.
— Tashakkur senga!..
Guduli pastakkina stol yonida o‘tiribdi. Qo‘lida musallas to‘la piyola. Ayvon ustuniga ilib qo‘yilgan ischiroqning xira shu’lasi qariyaning boshiga tushib turibdi. Ikki yuzidan oqayotgan ko‘zyoshlari soqolini yuvib, stoldagi zog‘ora non bilan pishloq ustiga tomchila-yapti — Guduli Berejiani yig‘lardi...
Bir soat burun Guduli hovlini aylanib chiqdi. Omochni ushlab ko‘rdi — yeyilib ketibdi. Boltani qo‘liga oldi — o‘tmaslashgan. O’roqqa ko‘zi tushdi — o‘rishga yaramaydi. Belkurakka qaradi — chirib, uchi qayrilib yotibdi. Hatto oldida, stolda turgan pichoq ham piyozning po‘stiday bo‘pqopti... Temirki vaqt zug‘umiga chidamabdi, inson qancha chidashi mumkin?!
Mana shu ilohiy sharobni o‘rtaga qo‘yib qasam ichishga ham tayyor — Guduli umriga achinmaydi. Guduli biladi — u kasal emas. Shunchaki charchagan, yeyilib tamom bo‘lgan — vassalom! Anovi omoch, bolta, belkurak va pichoq kabi yaroqsiz holga kelgan.
Hamma narsa — yer va osmon, uy va hovli, sigiru tovuqlar bilan xayrlashib bo‘ldi. Ammo tengdoshi nok daraxti bilan uzoq, juda uzoq vidolashdi.
— Alvido! — dedi u nok tanasini quchoqlab. — Oramizda eng bardoshli mavjudot sen ekansan! Ildizlaring baquvvat, yelkalaring osmonni tutib turibdi... Sulolamning uch avlodini soyangdan bahra-mand etding, yana qanchasiga xizmat qilishingni Xudoning o‘zi bila-di! Mana, salkam bir asrdirki, har yili bexato hosil berasan, hamon durkun, tetik va bardamsan. Sen hovlimning yupanchi va ko‘rkisan, qishlog‘imning jamiki qushlariga bag‘ri keng oshyonsan. Rahmat senga, qadrdonim!
— Qulluq! — deb qo‘yaqoldi daraxt. U o‘zining izzatini bilardi. "Shon-sharaf senga, tabiat, — deya ko‘nglidan kechirdi Guduli, —
donoligingga balli! Sendan keyin mana shu daraxt, yer, osmon va quyosh barqaror bo‘lishini his etish — qanday baxt!.."
So‘nggi minnatdorligini Guduli o‘z yuragiga, ko‘zi, quloqlari va aql-idrokiga izhor etdi,
— Nima uchun? — deb so‘radi yurak taajjublanib.
— Nima uchun bo‘lardi? — dedi Guduli. — Yuz yil davomida menga biror marta ham.xiyonat qilmading. Ko‘zim, quloqlarim, qo‘l va aql-idrokim ham shuncha yil beminnat xizmat qildi. Bu kammi?
— Arzimaydi, Guduli, arzimaydi! Endi dam olay... Juda toliq-qanman, Guduli!
— Rahmat senga, yuragim!..
"Xo‘-o‘sh, endi ona-bola bilan xayrlashish qoldi. Ha-a qurgur-ey, ismlari nima edi-ya?.. Bu yog‘i yaqin qolganda xotiramdan judo qilma, Parvardigor! Onasi-ku mayli, bolaning ismi nima edi? Qodir Egam, xijolatga qo‘yma, bolaning ismini eslat!"
Ammo Xudodan sado chiqmadi. Guduli na onaning, na bolaning is-mini xotirlay oldi.
Shundan keyin ayvon panjarasi yoniga borib, qichqirdi:
— Ho-oy, qo‘shni!
— Qulog‘im sizda, muhtaram Guduli!
— Kimsan?
— Kseniyaman, kim bo‘lardi! Tanimadingizmi? "Kseniya... Kseniya... Xayriyat-e... Kseniya..."
— Bola uydami?
— Uchami?
"Ucha! Ha, ha, Ucha edi ismi..."
— Kseniya, hozir uyimda bir voqea bo‘ladi... Qisqasi, shundoq qilginki, bola o‘ksib qolmasin...
— Nimalar deyapsiz, muhtaram Guduli?
— Iltimos, qo‘shnilar yig‘ilmaguncha bolani oldimga qo‘yma...
— U nima deganingiz, muhtaram Guduli? Hazillashyapsizmi?
— Xayr endi, Kseniya! Xudo shohid, hammangizni yaxshi ko‘rardim, minnatdorman sizlardan! Rahmat!
— Guduli, otaxon, nima bo‘ldi sizga?! Guduli xonaga kirib, eshikni berkitdi.
— Guduli!!!
Birdan qarsillab o‘q uzildi. Shunaqa qattiq paqilladiki, atrofdagi uylarning derazalari zirillab ketdi...
Guduli Berejianini dafn etishga butun qishloq ahli keldi. Izdihom orasida qarindosh-urug‘lar ham ancha-muncha edi-yu, ammo ularning qayg‘urayotgani ko‘pam sezilmasdi. Buning ustiga, to‘ng‘ich o‘g‘il Dimitriy tobut tepasida emas, hovlidagi nok tagida xo‘mrayib turar, shu yerda qaqqayib, kelganlarning ta’ziyasini qabul qilardi.
Dimitriyning yoniga men ham bordim.
— Bandalik. Xudo sabr bersin.
— E, qo‘ying-e, Nodar Vladimirovich! — dedi u zarda bilan. — Bandalik, deysiz-a! Choli tushmagur yuzimizni yerga qaratdi! Odamlarning ko‘ziga qanday qaraymiz endi?
— Nachora, ko‘rgilik. Kutilmagan ish bo‘ldi-da...
— Sekin aytasizmi! Qip-qizil sharmandalik! O’rtoqlarimga nima deyman? Nima deb tushuntiraman? Tbilisida biz bilan birga turing, desam, ko‘nmadi. Oyingning qabrini tashlab ketmayman, dedi. Qayoqdagi sigir, tovuqlarni ro‘kach qiladimi-ey! Xudo saqlasin! Tirraqi bir sigir bilan olapes xo‘rozni deb umrini o‘tkazdida shu yerda! Uy ham to‘kilay deb turibdi qarang. Uchasiz yashayolmas emishlar! Tavba! O’z otang shunaqa deb tursa-ya!..
— Ucha? Kim u?
— Qayoqdan bilaman. Qo‘shnining bolasi emish. Otasi tashlab ketgan. Bu yokda tayyor homiy bor-da! O’sha mishiqiga ota o‘rnida ekanlar. E, bunaqa tirik yetimlar Gruziyada son mingta!
Nima deyishga ham hayron bo‘pqoldim. Ketmoqchi edim-u, Dimitriy hali gapini tugatmagan edi:
— Hech narsadan zoriqqani yo‘q. Xotinim Parijdan issiq ko‘ylak-ishton keltirib berdi. E, qay birini gapiray! Dafn marosimini ko‘rdingizmi? Qishloq qishloq bo‘lib bunaqa marosimni ko‘rganmikan? Ko‘rmaydi ikki dunyoda ham! Otam qaysar edi, qaysarligicha ketdi!..
— Sizga nima deb tasalli berishni ham bilmayman...
— Tasallining keragi yo‘q. Minnatdorman sizdan!
— Omon bo‘ling...
— Qayoqqa? Xafa bo‘laman-a. Iltimos, anovi stolga, soyabon tagida o‘tirganlarning yoniga o‘ting. Ho‘ Mitusha, mehmonga qara!
Ta’ziyaxonaga radiokarnaylar o‘rnatilgan, ularning tovushi Motsartning motam kuyidan ham balandroq yangrayotgani sababli Dimitriy ovozini ko‘tarib gapirayotgan edi.
Kayfi oshib qolgan Mitushaga bir amallab chap berdimu hovlini tark etdim. Darvozaga yetganimda yerda o‘tirgan yetti yoshlar chamasida-gi mallasoch bolaga ko‘zim tushdi. U tizzasiga bosh qo‘ygancha yum-yum yig‘lardi.
— Isming nima, bolakay? — deb so‘radim engashib.
— Ucha Melimonadze! — dedi u menga yer ostidan qarab, keyin birdan ho‘ngrab yubordi.
— Boshing toshdan bo‘lsin, o‘g‘lim! — dedimu tomog‘imga bir narsa qadalib, hovlidan tez chiqib ketdim.
Keyin beixtiyor orqaga bir o‘girildim. Bu paytda ko‘rnamak o‘g‘il ikkala qo‘lini silkitib nutq so‘zlamoqda edi. Ta’ziyaxonaga o‘rnatilgan radiokarnaylar g‘ovuri Motsartning motam kuyidan ham balandroq bo‘lgani bois uning so‘zlarini eshitmadim.

Nizom Komil tarjimasi,
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil, 2-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.