OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘g‘uz Atay. Otamga maktub (hikoya)

Aziz otajonim!
 Ehtimol eslamassiz, ammo bugun bu dunyoni tark etganingizga roppa-rosa ikki yil bo‘ldi. Ming afsuski, bu vaqt mobaynida men zarra qadar o‘zgarmadim. Na yaxshi odam bo‘ldim, na aqlim kirib qoldi. O‘tgan vaqtdan foydalanishni ham eplay olmadim. Holbuki, avvallari mening qo‘limdan ko‘p narsa kelishiga ishonardingiz. Endi esa ayb o‘zimda ekanligini tan olishga majburman.
 Sizga ba’zi narsalarni aytolmagandim. Bir-ikki yil yana yashaganingizda yoki bu dunyoga (bir necha kunga bo‘lsa ham) qaytib kelganingizda edi, hammasi boshqacha bo‘larmidi?
 Chorasizlik tufayli ko‘p narsalarning ma’nosi yo‘qolib bormoqda. O‘zingiz bo‘lmaganingizdan keyin sizga yozilgan maktub nima ishga yarardi? Faqat men ham bir ishning boshini tutdim, otajon. Yon-verimdagilarga siz haqingizda gapirib bersam, “Qanday yaxshi” deyishadi, “Bu narsalardan biron joyda foydalanishing kerak” deya tavsiya qilishadi. Shu sabab sizdan uzr so‘rayman, otajon. Sizdan “biron joyda” masalan, maktubda foydalanishga majburman. O‘tib ketgan vaqt faqat shu tarzda qiymat qozonarkan. Odamzodning o‘tmishi shu shaklda ma’no kasb etarkan. Men siz bilan bog‘liq xotiralarimni gapirib berayotganimda aslida sizning qanday inson ekanligingizni bildirmaslikka harakat qilaman. Go‘yo shunday qilsam, mengagina ayon bo‘lgan fe’llaringizni hammadan asragan bo‘laman. Keyin sizni tushunmaganligi uchun ulardan xafa bo‘lib ham qo‘yaman. Mendan jahlingiz chiqsa, “sen oynada ko‘radigan narsani men duvolda ko‘raman” derdingiz. Onam bilan birga “duvolda” deyishingizga kulardik. Men ham endi yoshlarga qarab (mendan yoshlar ham bor endi, ota) shu gapni aytsam kulishadi. Bu gapni aytayotganda asl maqsadim nima ekanligini bilishmaydi, albatta. Otasining ustidan kulyapti yoki kattalarni masxaralayapti, deb o‘ylashadi. Harholda men ochiq oydin tushuntirolmayapman shekilli, nima demoqchi ekanligimni. Tabassumni, ichimdagi sevgini, demakki, anglataolmayapman.
 Hozirgi yoshlar butunlay boshqacha, ota. Har bir so‘zdan bir ma’no chiqarishadi. Mana shu narsa mening g‘ashimni keltiradi. Maqsadimni unutib, sizni ularning ham yaxshi ko‘rishini istay boshlayman.
 Aslida bu harakatlarimning ma’nisizligini sezib turaman. Yurtning eng badavlat odamlari sizning paltongizni tutib turganda yoki “Lutfan, Jamil Bey, marhamat qiling” deya shaxsan paltongizni kiygazib qo‘yishga mushtoq bo‘lib turganda o‘zlarini sizday his qilolmagandan keyin, sizni yoqtirishlarining qanday ma’nosi bo‘lishi mumkin?
 Bularning bari o‘zingizga ma’lum gaplar, ota. Sizga biroz bilmagan narsalaringizdan gapiray. Masalan, janoza marosimi qanday bo‘ldi? Kimlar keldi? Janoza nomozi qanday qilindi? Umuman olganda, kamchilik bo‘lmadi, otajon. Men yig‘ladim. Maktabda u paytlar e’tiborim bo‘lgani uchun bir avtobus bo‘lib o‘qituvchilar kelishdi, gulchambar ham olib kelishdi. Umringiz bino bo‘lib ko‘rmagan ba’zi odamlar qo‘llarini qovushtirib, boshlarini egib o‘limning tushunarsiz haqiqatini idrok etayotgandek bir muddat sukut saqlashdi, qabringiz boshida. Tobut lahadga qo‘yilgandan keyin ustiga katta beton bloklarni qo‘yishdi. (Bu odatni sira yoqtirmayman, ota. Oshib bo‘lmaydigan to‘siqlarni aslo yoqtirmayman.) Sizni, onam yotgan qabristonga qo‘ya olmadik. Ba’zi qarindoshlar shuni ma’qul ko‘rishdi. Go‘yo insonlar o‘lib ketgandan keyin ham ularning orasidagi tushunmovchiliklar davom etadigandek... Mening xafaligimdan foydalanib sizni qabristonda ham onamdan ajratgan yaqinim aslida u dunyoga umuman ishonmaydi. Holbuki menga, “Onang shunday bo‘lishini xohlagandi” deyishdi. Siz bu odamni yoqtirmasdingiz. Lekin unga o‘zingizni yaqin ko‘rsatardingiz. Shu sababdan uning hech qanday haqqi bo‘lmasa ham sizga “otaxon” derdi. Endi men qarindosh bo‘lmaganlarning bir-birlariga “otaxon, onaginam...” deyishlariga butunlay qarshiman. Endi haqiqiy qarindoshim qolmagani uchun butun bu soxtagarchiliklarga qarshiman. Hamma bir-biriga ismini aytib murojaat qilsin. Mantiqni yoqtiradigan bir inson sifatida sizning ham bu fikrimga qarshi chiqmasligingizni bilaman. Siz o‘lgandan keyin borgan sari so‘finamo bo‘lib qolyapman, otajon. Masalan, “Olloh hech kimni erta ota-onasiz qoldirmasin” va hokazo, deb duo qilyapman. Siz haqingizda gapirganda, ko‘pincha, “munavvar bir zot” deb g‘ururlanganim uchun yoki o‘zimni shunday deb o‘ylaganim uchun bu jumlaga ham “va hokazo”ni ilib qo‘yishni unutmadim. Ichimizda “ma’rifat” jihatidan (zohiran) bir farq borligi aniq. Siz bunday narsalarini tasavvur qilolmaydigan darajada sof va sodda edingiz. Ya’ni menday “zid kuchlarning hosilasi” bo‘lmaganingiz uchun ehtimol bu yozganlarimni qabul qilishingiz ham qiyin bo‘lar. Aslida butun ziddiyat ichimda. Bu maktubni yozish istagi ham ruhiyatmning o‘ziga xos bir isyoni. Bu isyon ham sizning vafotingiz bilan bog‘liq. Ichimda kun sayin shiddatlanib, kuchayib borgan “Jamilbeyni yashatish istagi” bilan bog‘liq. Ichimda mendan ayri bir Jamilbeyning mavjudligiga siz “tazyidi shaxsiyat”[1]mi yoki “taqsimi shaxsiyat”[2]mi deysiz, bilolmayman.
 O‘xshash tomonlarimizning borligi aniq. Siz ust-boshingizga uncha ahamiyat bermasdingiz. Men esa na kiyim-kechagimga, na mashinamga ahamiyat beraman. Hayotimizning kattagina qismi o‘tgan bu shahar ko‘chalarida ikkovimiz ham pala-partish kezib yurdik. (Onam bu gaplarimni eshitmasin.) Ba’zan mashinamni bir tor ko‘chaga qo‘yib kichik va qorong‘i mayxonaga kiraman. Sizning tilingiz bilan aytganda bir navi “tadriji intihor”[3]. Shu bilan birga u-bu narsalarni qoralaganim uchun (shu maktubga o‘xshash) oshna-og‘aynilar orasida (ichkilik va parishonxotirlik kabi barcha be’maniliklarimga qaramay) katta e’tiborim borligini ayta olaman. Hayotda bo‘lganingizda edi, men yozgan narsalardan bitta jumlani ham tushunmaganingiz holda baribir men bilan g‘ururlanib yurardingiz. Menimcha, ota, biz bir-birimizni doim mana shunday tushunmasdan sevdik. Yozganlarim aslida “bema’ni” (sizning ta’biringiz) narsalar. Xuddi onam serial tomosha qilayotib yoki o‘qigan romanlaridan ta’sirlanib yig‘lagani kabi “boshdan oyoq bema’ni” (bu ham sizning ta’biringiz) narsalardir. Sizga yozayotganim ushbu maktubning ham bir qismi “bema’ni” bo‘lishi mumkin. Izohi qiyin bo‘lgan ba’zi narsalarni siz tushunadigan tilda yozish uchun haqiqatdan bir qadar uzoqlashishga majburman. Bundan tashqari, haqiqat yoki yolg‘on bo‘lgan bu satrlarni men his qilgan shaklda tushunishingizga ham ishonchim komil emas. Hatto tushunib tushunmaganingizni ham bilolmayman.
 Shunaqa gaplar, otajon. Ba’zan haqiqat girdobiga tushib qolaman. Shuning uchun ham sizga haqiqatdan, sizning ham qarshi chiqishingiz mumkin bo‘lmagan haqiqatlar haqida yozgim keladi. Bugunlarda, xususan, entsiklopedik haqiqatlar modaga aylangan. Shu bois, o‘zim ko‘rgan-bilgan kishilarning ko‘pchilik nazarida ahamiyatsiz hisoblangan hayot hikoyalaridan iborat entsiklopediya yozishni xohlayman. Shunga o‘xshash narsalar yozdim. Biroq, ular ham sizning ta’biringiz bilan aytganda, “g‘irt bema’ni” narsalar edi. Shu sababdan, otajon, hammaga qisqa va lo‘nda qilib e’lon qilaman: 1892 yilda tug‘ildingiz. Mamlakatdagi o‘rtacha yoshdan ancha uzoq yashadingiz. Eshitishimcha, Shvetsiyadagi o‘rtacha yoshni bo‘ylagan ekansiz. Qishloqda, markazdan uzoq hududlarda unib-o‘sdingiz. Voyaga yetgan chog‘ingizda mamlakatni boshqarganlar “ko‘pchilik bo‘lib ko‘rinsin” deb chekka hududlardan olib kelib safiga qo‘shishdi. “Partiya umumiy kotibi”ning yoki yana bir boshqa “akobir”ning nazariga tushish uchun kursiga chiqib tomoq yirtib laganbardorlik qilishni uddalay olmaganingiz uchun tarix o‘z sahifalariga sizni yozmadi. Hatto bugun men tuzayotgan maxsus entsiklopediyadan ham tuzukroq joy ololmaysiz, deb qo‘rqaman. Sassiz fazilatlar uchun haykal o‘rnatishmaydi. Yoki shunga o‘xshash gaplar...
 Katta shaharda davlatni boshqarganlar to‘plangan zalda nega o‘tirganingizni hech tushunolmayman. Bundan tashqari, insonning koinotdagi o‘rni haqida o‘yga tolganingizni ham tasavvur qilolmayman. Faqat (bu aytganlarim chindan ham bor gap) men butun bularni o‘ylaganim holda o‘z o‘rnimni topolmadim. Meni yanada yaxshi tarbiyalaganingizda edi, masalan, bilmadim chet ellarga yuborganingizda edi, bugungidan katta farq qilmasa ham harholda o‘zimni ifoda qilish va moddiyatga munosabatimni tayin va borliqdagi o‘rnimni sobit qilish xususida anchagina tajribaliroq bo‘larmidim... Siz har doim mantiqli bo‘lgansiz. Qanday bo‘lsangiz shunday ko‘rinishdan chekinmasdingiz, harakatlaringiz ham tabitingizga mos edi.
 Men esa hoyu xavaslar peshida ovoraman. Sizning ta’biringiz bilan aytganda, “ikki masjid orasida benamoz” bir bandaman. Yoki sizdan avval bu olamni tark etgan rahmatli No‘‘monbey “jangu jadal tokaygacha; hoji Muhammad yer ostida” deganidek benomu benavo bir bandaman. “Tadriji inxitot”[4] bo‘lyapman, o‘zingizga ma’lum buyog‘i. Ko‘ryapsizmi, siz haqingizda hikoya qilish o‘rniga o‘zim haqimda gapirib yotibman. Sizning asolatingizni tavorus[5] qilmaganim uchun fursat topildi deguncha o‘zimni peshlashday zillatga tanazzul qilmoqdaman.
 Mayli, sizga qaytaylik, ota. Hech qanday urushga qatnashmadingiz. Va so‘zning ma’lum ma’nosi bilan hech qanday qahramonlik ham ko‘rsatmagansiz. Shuning uchun orden va medallarga sazovar bo‘lmaganingiz kabi molk-mulk orttirish payida ham bo‘lmadingiz. Siyosat ichida yashaganingiz holda siyosatni bilmaganingiz uchun tinch zamonda ham muvaffaqiyatli bo‘lolmadingiz. Bu jihatdan sizga nisbatan aytishim mumkin bo‘lgan eng katta tanqid shu: o‘zingizni taqdim qilishni uddalay olmadingiz, ota. Shaharda katta mavqega ega hamyurtlaringizni ziyorat qilib, ularga tashrif qog‘ozingizni tarqatmadingiz. Mahallada saylovchilar bilan uchrashib ularning e’tiborini qozonishga urinmadingiz. Qilgan eng katta ishingiz, saylov uchastkasiga borganingizda, agar ramazon oyiga to‘g‘ri kelsa, tashqarida sigaret chekmaslikka harakat qilardingiz. O‘zingizni juda yoqtirsangiz ham kamchiligingizni bilmaganingiz kabi imkoniyatlaringizni ham chamalay olmagansiz. Odatda qattiqqo‘l, hissiz va xudbin ko‘rinardingiz.
 Bu fe’lingiz ba’zan tarbiyasiz bolaga o‘xshab ketardi. Bola deyapman, chunki badfe’llikdan qandaydir “manfaat ta’min etish”ni ko‘zlamagansiz. Menga qolsa, doim har qanday mavzuda bolalarga xos samimiy fikr aytardingiz. Shu bilan birga bu bolalarcha harakatlaringiz uyda ba’zan “bachkanalik” sifatida qabul qilingan, “manfiy natijalar tavlidi[6]”ga yo‘l ochgan holatlar ham bo‘lgan. Men bunday xulosa chiqarishlariga qarshi edim va bu munosabatim tufayli “osiy farzand” deya atalgandim. Birga yashagan kunlarimizda, nimani yoqtirgan bo‘lsam, hammasi sizga qarshi harakatim natijasida shakllandi. Siz uchun turk klassik musiqasi “ming‘irlash”dan boshqa narsa emas. G‘arb musiqasiga bo‘lgan munosabatingizni “o‘chir shuni” deyish bilan namoyon qilardingiz. Siz shunday qilganingiz uchun men har ikkisini ham yoqtirishni o‘zim uchun bir burch deb qabul qilgandim. Madaniyat haqidagi fikrlaringiz ham ko‘ngilni ko‘taradigan darajada emas edi. Indallosini aytganda, atrofingizdagi hamma narsani ikkiga ajratar edingiz. (Bu jihatdan sizga o‘xshashimni e’tirof etishim zarur.) Sizningcha, bu yorug‘ dunyodagi hamma narsa yo yaxshi yo yomon bo‘ladi. Odamlar ham yo aqlli bo‘ladi, yo ahmoq. Sizga o‘xshab mag‘rur bo‘lmagan insonlarning hammasini laganbardorlikda ayblardingiz. Sizga o‘xshamagan, ziyoli va madaniyatli kishilarning barchasini olifta atardingiz.
 Biz (onam bilan birga) sizga e’tiroz qilardik. Faqat men o‘zim farq qilmagan holda sizning o‘rta yo‘l qoldirmagan shafqatsiz tasnifingizni yuqtirib olibman, otajon. Ustiga ustak (eng yomoni ham shu edi men uchun) shunday bo‘lganimdan ichimdan g‘ururlanib qo‘yardim. Men shuni tushunolmay qiynalaman. Chunki men oz bo‘lsa ham tuyg‘ularimning “romantik” tomonini (sizning jahlingiz chiqishi tayin ammo) onamdan meros qilib olganman. Xususan, ba’zi kitoblarni o‘qigandan keyin ichimdagi bu olchoq ziddiyatlarning farqiga borib, siz umuman anglamaydigan bir tarzda sobit nazar bilan bo‘shliqqa boqib qolaman. Sizning ishingiz bir tomondan oson edi, otajon. Ko‘p narsaga ko‘z yumib muayyan intizom asosida umrguzaronlik qilardingiz.
 Kinoga bormasdingiz. Umringiz bino bo‘lib bironta roman o‘qimagansiz. Zaytun yog‘ida pishirilgan enginor[7]dan biron marta tatib ko‘rmadingiz. Xorijiy mamlakatlarga sayohatni ixtiyor qilmadingiz. Sovg‘a berib birovning ko‘nglini olishni bilmay yashadingiz. Uyda sarsabildan boshqa o‘simlik parvarish qilmadingiz. Eshitganingz faqat xalq qo‘shiqlari bo‘ldi. Mahdud zavqingizning ba’zan meni ajablantiradigan jihatlari ham topilardi. O‘rnak keltirish joiz bo‘lsa:
 To‘lg‘on Qora dengiz to‘lg‘on
 Kemalar ochdi yelkan...
ga o‘xshash menga yoqqan ertak qo‘shiqlari bilan birga
 Yakta yavrum yakta
 Surgo‘shtlaring qayoqda...v.h.
ga o‘xshash maza-matrasiz qo‘shiqlarni ham bemalol tinglayverardingiz. Men quloqqa quyma tarbiyam natijasida ikkinchi toifa qo‘shiqlarga masxaraomuz qo‘shiqlar sifatida qarab ishning ichidan osongina chiqishga harakat qilar ekanman. Shu “va hokazo” deb tugatgan jumlalarim ham aslida mensimaganimni bildirish uchun ishlatilgan va hokazo... Endi nima bo‘lsa ham bu dunyoda yo‘qsiz, otajon. Siz umr bo‘yi qobig‘ingizdan chiqmay yashadingiz. Mendan so‘rasangiz, butunlay mavhum tarzda yashadingiz va vafotingiz ham shunga mos bo‘ldi.
 Sizni endi o‘zgartirishning iloji yo‘q, otajon. Shu jihatdan, o‘zimni o‘zgartirishning ham ilojsizligini bilaman. Sobit nazar bilan bo‘shliqqa boqib turgan paytlarimda, ko‘pincha, tamaldagi o‘xshashligimizni yashirish uchun umidsiz o‘ylar bilan o‘zimni charchatayotgan ekanman. Siz tushunadigan tilda aytsam, otajon, siz olifta deb atagan insonlarning ichki soxtakorligini yashirish uchun asilzoda qiyofasiga kirib olganlariga ko‘r-ko‘rona ergashayotgandekman. Sizdek mantiqli bo‘lmaganim uchun ko‘pincha shubhaga tushib shoshib qolaman va ma’lum muddat dazmolsiz shimu kir ko‘ylaklar bilan xayrlashaman.
 Bugun sizni mendan boshqa eslaydigan odam yo‘q, otajon. Bu dunyoda bo‘lmaganingiz uchun bilmaysiz bularni. Ammo sizga ochiqcha aytishim kerakki, atrofingizni o‘ragan quruq olamonning yarmidan ko‘pi hali hozirdan tarix sahifalariga kirishga ulgurdi. Dars kitoblarida sizga o‘xshagan insonlarning yashash tarzi namuna qilib ko‘rsatilgani holda, ularning ikkovimizga ham ma’lum bo‘lgan kichik va qorong‘i hayoti o‘qitiladi. Siz bo‘lmaganligingiz uchun sizning nomingizni qo‘llanib, balandparvoz nutqlar, yolg‘on maqolalar, xayoliy munozaralar to‘qib sizning ismingizni ularning xayollari ham yetib borolmaydigan yuksaklarda to‘lqinlantirishni istayman. Agar saylov o‘tkazilsa va sizni chin ma’noda tanigan o‘n kishi ovoz berishi talab qilinsa, ularning to‘qqiz nafari ovozini sizga berishlari aniq, buni ismim kabi bilaman.
 Ko‘rasiz, otajon. Bir o‘zim yozadigan entsiklopediyamni bir boshlab olsam, hammasi izga tushadi. Hech biri to‘g‘ri-durust bilmaydigan bu mamlakatda undan-bundan (ya’ni chet ellik yozuvchilardan) olib bir asar yozolmasmidingiz?! Tarjimalarni men qilardim. Onam sizga o‘qib berardi. (Hech yo‘q shunga iqror bo‘lishingiz kerakki, otajon, ko‘pincha faqat onam o‘qigan narsalarni tushunardingiz xolos. Sizning tilingizni ham zohirdagi ziddiyatlarga qaramay, faqatgina onam anglardi.)
 Oramizda hech qachon boshqalarga o‘xshagan ota-o‘g‘il munosabati bo‘lmadi. Na men boshqa qiziquvchan bolalar kabi hamma narsani sizdan so‘radim. Na siz meni yoningizga olib ba’zi narsalarni o‘rgatishni lozim topdingiz.
 Shu sababli ko‘plab voqealarning asosini vaqtida o‘rganolmaganim uchun bu dunyoning ko‘pgina sirlaridan voqif bo‘lolmadim. Ba’zi voqealarning sababini ham ancha keyin o‘rgandim. Masalan, ovqat yeb bo‘lgandan keyin hammadan oldin qo‘l yuvishga chopardingiz. “Men sigaret chekishim kerak” deya meni turtib shoshardingiz. Men ham siz kabi sigaret cheka boshlagunimga qadar bu harakatingizning ma’nosini tushunmas edim. Keyin birga o‘tirib chekishadigan bo‘ldik. Bir kuni dabdurustdan “oyog‘ini otasiga uzatgan holda o‘tirib sigaret chekadigan bebosh o‘g‘ilni” boplab ta’zirini berdingiz. Hamma narsada xuddi shunga o‘xshab doim kech qolib yurardingiz. Xotinim bilan ajrashib sizning yoningizga qaytganimda ham “sayoq yurmasdan uyga barvaqt kel” deb yillar avval ta’kidlashingiz kerak bo‘lgan tanbehlaringizni qaytarib asabimni buzardingiz.
 Holbuki, otajon, men uylanib ajrashgan ham edim. Hatto bolam ham bor edi. Ya’ni bir qaraganda xuddi sizning vaziyatingizda edim. Siz ham yillar avval ba’zi ishlarni bahona qilib katta shaharga ketib bizni bir necha kun yolg‘iz qoldirmasmidingiz? Men ham shunday holda edim, otajon. “O‘zim istaganday yashash” umidida bir nimalarni bahona qilib uydan chiqib ketdim.
 Men o‘shandan keyin uyga qaytmadim, otajon. Ba’zi hollarda sizga nisbatan oshirib yuborganga o‘xshayman. Balki bu dunyoda o‘z o‘rnimni topish maqsadida fikrlarimni amalga oshirish payiga tushgandirman. Siz esa buni aslo o‘ylab ham ko‘rmadingiz. Shu bilan birga bu dunyoda sizday e’tibor topganimdan ham shubhadaman. Shu sababdan ham asabiy, besabr va jizzaki bo‘lib qoldim. Bilasiz siz bilan ham ko‘p trotishib qolardim. Eshikni qarsillatib yopib chiqib ketardim, bunday mahallarda. Menga nisbatan haqsizlik qilyapti, degan o‘y ichimni kemirardi. Nazarimda, nuqul meni tergashdan zavq olardingiz. A’lochi o‘quvchi bo‘lganim holda “Bu bolaning kitobni varaqlaganini ko‘rmadim” deb koyir edingiz. Menga umuman yarashmagan kiyimlarni olib berardingiz. O‘zimga yoqmagan maktabga yuborardingiz. Shikoyatimni tinglashga tobingiz yo‘q edi.
 Bugun balki siz oramizda bo‘lmaganingiz uchun menga bir zamonlar haqsizlik qilganingiz haqida o‘ylashni xohlamasam-da, menga haqsizlik qilingani haqidagi fikr ichimda shu daraja g‘ovladiki, endi faqatgina sizni emas butun dunyoni ayblay boshladim. Bu jihatdan... Bu jihatdan ham o‘z istaklarimga mos bo‘lmagan joylarga keldim. Endi butun dunyoning yuziga eshiklarni qarsillatib yopib ketishga odatlandim.
 Sizni xudbin deyishardi. Meni ham shunday deyishadi orqa-vorotdan. Onam vafotidan keyin siz ham bir muddat yolg‘iz qolgandingiz-ku, shuning uchun yolg‘izlikning nima ekanligini bilasiz, degan umiddaman. Men ham yolg‘iz qolganda sizga o‘xshab qoldim, otajon. O‘zimga o‘zim ovqat pishiraman. Sizning g‘ijim ro‘pdo‘shambir[8]ingizga o‘xshagan bir nimalarni ustimga ilib bir qarich soqol bilan uy ichida huzursiz bir holda aylanib turaman. Ochiq qolgan chiroqlarni o‘chiraman. Tinmay pul sanayman, nimalarningdir hisob-kitobini qilaman. O‘zimni tuzukroq his qilganimda bozorga chiqib aylanib tanlab-saralab savdolashib ul-bul olaman.
 Borgan sari sizga o‘xshab qolyapman, otajon. Hech kimni jinim suymaydi, odamovi bo‘lib qolganman. Oynaga ham ko‘p qaramayman. Men yoqtiradigan narsalardan gapirishganida sizga o‘xshab ensa qotirib qo‘yayotganimni ham his qilyapman. Biron kishinikiga borsam, ovqat yeb ketishim uchun yetarli manzirat qilishmasa ham xuddi siz singari, balki sizdan ham badtarroq g‘ashim keladi. Faqat taom mazali chiqmagan bo‘lsa sizday oshkora tanqid qilolmayman. Nima ham derdim, bu fe’lim onamdan o‘tgani aniq. Baribir taom haqidagi fikrimni u yoki bu shaklda aytib o‘tishdan chekinmayman. Hamma mening injiq tabiatimni bilib qo‘yishini istaganim uchun shunday qilayotgandayman, ota. Sizning boshingizga kelgan ko‘rguliklarni o‘ylaganda hech qanday tuyg‘uning ichimda qolib ketmasligi kerakligiga, hech qanday xafagarchilikning ichimda palak otishiga rozi bo‘lmayapman, ota. Men ham sizday tilimga kelganini baralla aytishni odat qildim.
 Avvalgi pismiq o‘g‘lingizni ko‘rib endi g‘ururlanasiz, demoqchi emasman. Chunki hamsuhbatlarimning munosabatiga qaraganda, g‘ururlanishga arziydigan hech qanday xususiyatim yo‘q deb o‘ylayman, ota. Odatda, mavhum bir isyon ichida yurgandek his qilaman o‘zimni. Aytishlaricha, siz ham oqshom uyga kirganda onangizni topa olmasangiz, darrov ko‘chaga qaytib chiqib ketar ekansiz. Agar qo‘ni-qo‘shninikiga chiqqan bo‘lsa, qidirib borib o‘sha xonadonning derazasiga mayda toshlardan otib chaqirar ekansiz. Men sizga o‘xshab qishloqda emas, shaharda o‘sib-ulg‘aydim. Yolg‘iz tashlab ketishsa, o‘zimcha bir muammoni o‘ylab topman va qaytib kelishganida tashlab ketishgani uchun pushaymon qilaman.
 Holbuki, hozir siz haqingizda o‘ylab o‘z-o‘zimcha kulib o‘tiribman. Sizni siz bo‘lib yashagim kelyapti. Xohlardimki, uyda onamga o‘xshagan biri bo‘lsin. Men oshxonaga o‘tib: “Muazziz! Oshxonangga qarab qo‘y, bir nimalar toshyapti...” – deb baqirsam. Menga: “Toshayotgan bo‘lsa, gazni o‘chirib qo‘ya qolmaysizmi, Jamilbey!” desin. Men esa hech nimaga qo‘l urmay sekingina xonamga kirib ketsam. Balki, qanday odam bo‘lganingizni hozir ham to‘liq tasavvur qilolmayotgandayman. Ochig‘i, bugun, siz bilmaydigan ba’zi narsalardan boxabar bo‘lgach, sizning qanday inson bo‘lganingiz haqida chuqurroq o‘ylay boshladim.
 Qiziq, ong osti sezgisi haqida bilarmidingiz, ota? Menga ba’zan bunday narsalar siz yashagan davrda hali ijod qilinmagandek tuyuladi. Go‘yo usmonlilarda bunday narsalar bo‘lmaydigandek... Sizning fes[9] va redingot[10] kiyib tushgan rasmingizni ko‘z oldimga keltiryapman-da... Bu surat bilan "ekzistentsialist tushkunlik"ni tasavvur qilolmayapman, ochiqchasi... Aslida bugungi avlod taqlidga o‘ch. Biz shu taqlidchilik balosidan qutulolmayapmiz. Ba’zi masalalar shu sababli mubolag‘ador bo‘lib ko‘rinmoqda. Qiziq, agar hamma masalalarni sizga tushuntirsam, siz bularni qanday qarshi olgan bo‘lardingiz? Yozganlarimni o‘qisangiz nima deb o‘ylardingiz? Hammasini “bema’ni, ahmoqona” deb otib yuborarmidingiz?
 Sizning davringizda harholda bunday qiyinchiliklar bo‘lmagandir, otajon. Ovqatlanish va krossvord yechish eng asosiy ish. Keyin radiodan zamonaviy qo‘shiqlarni mening injiqligim tufayli tinglashga majbur bo‘lardingiz. Pashshalarning derazalarni kirlatib yuborishi... Gazeta sahifalaridagi salomatlik bilan bog‘liq maqolalarga munosabatingiz... Oilaviy kirim-chiqim hisoblari... Ertangi kun pishiriladigan ashura[11]ga nimalar solish kerakligi... Va shunga o‘xshash... Aloqasiz barcha tushunchalaringizning “ong oqimi” deb ataladigan bir murakkab qatlamda to‘planishini tasavvur qilganingizda edi, menimcha, ovqatdan keyin oromkursingizga cho‘kib uyquni boshlab yubormasdingiz. Moddaning asosida tuzatib bo‘lmaydigan nuqsonlarning namoyon bo‘lishi yoki ba’zi tabiat qonunlarining avvalgidek aynan takrorlanmayotganini ko‘rsangiz andishaga tusharmidingiz?
 Aslida, “ruhiyat bilan bog‘liq yangiliklarni men ham to‘g‘ri-durust bilolmayapman, otajon. “ (Masalan, xudbin bo‘lganingiz holda siz ham “ego” haqida hech nimani bilmasdingiz) Biron joyda o‘qigan taqdiringizda menga: “O‘g‘lim, senda Oedipus kompleksi[12] bormi?” deb so‘rasangiz nima deb javob berishni bilolmay kalovlanardim. Eslaysizmi, men sizdan achchig‘lansam yoki noma’lum bir sababdan xafa bo‘lsam tashqariga chiqib bo‘kkuncha ichardim... Hozirgilar unday qilishmaydi, ota. Ular siz eshitmagan “ong osti” bilan bog‘liq muammo deb tashxis qo‘yishadi-yu to‘ppa-to‘g‘ri doktorga murojaat qilishadi. Men esa borgan sari sizga o‘xshab boryapman, ota. Endi ichkilik ham dardimni yengillatmay qo‘ydi. Shunday paytlarda “oromkursiga boyqushday o‘tirib” uxlab qolyapman.
 Demakki, sizning qishloqcha tabiatingiz menga meros qolibdi, ota. Madaniyatni yoqtirmayman. Bu kunlarga yetib kelganingizda edi, siz ham menday televizordan nafratlanardingiz. Men siz ulg‘aygan qishloqqa qaytishni xohlayman. Ya’ni, soxta dengiz oshuftalari kabi sohilda baliqchilar bilan suhbatlashishni istamayman. Baliq ovi bizga to‘g‘ri kelmaydi, ota. Men sizning bepayon dalalar orasidagi mittigina qishlog‘ingizda (atrofda bir-ikki daraxt bo‘lsa kifoya) yog‘och to‘sinli paxsa devor uyda yashashni istayman. Xayolimdagi uyning tarxini ham tanish bir me’morga chizdirdim. (Bu borada ham yoshlarga ishonchim qolmagan.) Sizga tushuntirishim qiyin, ammo menga haqsizlik qilgan dunyoga nisbatan bir isyonimdir, bu harakatlarim. Ya’ni, men u yerga ketish bilan “taraqqiyot deganingizning hammasini ko‘rdim va aslimga qaytmoqdaman” (ya’ni Jamilbeyga qaytmoqdaman) deyman ammo ular buni tushunishmaydi.
 Siz buni Ziyo Posho[13]ning yoki Mehmed Akif[14]ning munosabatiga o‘xshatishingiz mumkin. Onam eshitsalar tinmay yig‘lagan bo‘lardilar. Siz qanday qabul qilasiz, bilolmayman. Harholda bu harakatimni ham sizga qarshi atayin qilingan isyon deb yoqtirmagan bo‘lardingiz. Meni bu ko‘yga o‘qigan kitoblar boshlaganini ta’kidlardingiz. Lukianos[15]ni o‘qiyotgan paytimda kitobni qo‘lingizga olib varaqlagandingiz va tangrilarga qarshi aytilgan satrlarni o‘qib “mana shuning uchun bu bola Ollohgayam ishonmaydi, menga ham doim gap qaytaradi” degandingiz. Menga bu fikrlaringiz mantiqli tuyulmagandi, o‘shanda. O‘zingiz ham Ollohga (buni e’tirof etishingiz qiyin, albatta) umringizning so‘nggi pallalarida ishona boshlagan edingiz, ota.
 Oxirgi yillarda juma kunlari hech kimga bildirmay masjidga qatnaganingizni bilardim. Qiziq, avvalroq, menga o‘xshab yosh bo‘lgan paytingizda “imon buhroni”ni boshdan kechirganmidingiz? Ha, mayli, oxirgi damlarda bu darajada o‘zgarganingizni ham qabul qilmadingiz. Har doim “namoz-niyozni” kanda qilmaganingizni aytib taskin topardingiz. Mening bu uzlatnishinligimni ham balki eski inonchlarga bog‘lab izohlashga harakat qilardingiz. Holbuki, men modasi eskirgan biri sifatida “shakllanganim uchun” sizning bolaligingizga sig‘inyapman, ota. Bu harakatlarimning onamdagi kabi hissiyotga moyillik bilan aloqasi yo‘q.
 Ya’ni, endi haddimni bilyapman. Oldida “haybat” deb ataladigan harsang tosh turgan tog‘ etagidagi uyimda vaqtida sezmagan ruhiy ehtiyojlarimni qondiryapman. Quduqdan suv tortib, eshagimga yuklangan o‘tinlarni tashib o‘choq yoqyapman. Buni hozirgilar “qochish” deb atashadi. Jamiyatdagi bir qator muammolarni yechishni uddalay olmagan “oliftalar”, ya’ni shaharda yashab, shahar hayotini yoqtiradigan ziyolilar shunday qilishadi. Siz bunday gaplarga e’tibor qilmang, ota. O‘g‘lingizni ulardan so‘rab o‘rganadigan odam emassizku! Siz ham onamga o‘xshab mening hech qachon yomon ish qilmasligimga ishonasiz, to‘g‘rimi? Bir paytlar g‘oyaviy kitoblarni o‘qib, uyga turqi sovuq tanishlarimni yetaklab kelib baland ovozda talashib-tortishar edim. Shunday paytlarda onam bir baloga ilakishib qolishimdan tashvishlanar edi, ammo uni ogohlantirgan qarindoshlari oldida meni himoya qilardi. Endi meni himoya qiladiganim qolmadi. Ikkovingiz ham bu dunyoni tark etdingiz.
 Mana men ham yolg‘iz qoldim. Yolg‘izligimni bilish uchun ko‘pincha (sobit nazar bilan bo‘shliqqa qaraganimda) paxsa uy haqida yanada jiddiy o‘ylay boshlayman. Men bu turqi sovuq ziyolilarga sira o‘xshamayman, ota. Ularga qarshiman va sizning samimiyatingiz tomonidaman. Ba’zi kitoblar tufayli biroz aqlim qorishgan bo‘lsa ham bugun sizning samimiyatingizni ichimda tashiyotganimdan quvonaman. Ammo baribir sizga butunlay o‘xshab qolishdan ham qo‘rqyapman, otajon. Ya’ni alal-oqibat men ham sizga o‘xshab o‘lamanmi? Maktubimni shu yerda tugatib hurmat bilan qo‘lingizdan o‘paman.
O‘g‘lingiz.
_______________
[1] Inson ruhiyatida ota-bobolarga xos fe’l-atvorning namoyon bo‘lishi haqidagi falsafiy-psixologik holatlar uchun ishlatiladi.
[2] Butun-bo‘lak munosabatining bir ko‘rinishi.
[3] Sekin-asta o‘zini o‘ldirish, hayotiga yakun yasash.
[4] Sekin asta yo‘q bo‘lib borish, cho‘kish, g‘arq bo‘lish.
[5] Meros, meros qilib olmoq.
[6] Tavlid – paydo bo‘lish, tug‘ilish, ko‘payish.
[7] Artishok (Supaga) — ko‘p yillik va bir yillik sabzavot ekini.
[8] Uy ichida kiyiladigan erkaklar xalati
[9] Qizil matodan tikiladigan bosh kiyim
[10] Bir paytlar siyosiy doiralarda moda bo‘lgan erkaklarning rasmiy ust kiyimi
[11] Hijriy taqvimga ko‘ra muxarram oyining o‘ninchi kunida pishiriladigan shirinlik. Rivoyatga ko‘ra, Nuh alayhissalom to‘fondan keyin qo‘lida qolgan don-dunlarni qaynatib bu shirinlikni pishirgan ekan.
[12] Zigmund Freyd ilgari surgan “Edip kompleksi”.
[13] Ziya Paşa (1825-1880). Turk yozuvchisi, shoiri va siyosat arbobi.
[14] Mehmet Âkif Ersoy (1873 - 1936). Turk shoiri va siyosat arbobi.
[15] Lucianus (125 – 180). Suryoniy notiq, siyosatchi va hajviy asarlar muallifi.

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.