OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O’Genri. Kaktus (hikoya)

Vaqt shunday shafqatsiz hakamki, u o‘tgan har bir daqiqani o‘tmishga va xotiraga aylantirib ketaveradi. Hayot o‘zanida misoli cho‘kayotgan odam esa har bir qilgan xatosini noiloj tan olmasdan boqa chorasi ham yo‘q. Afsuski, o‘tib ketgan xatoliklarni qo‘lqopni almashtirgan kabi tag‘in qaytadan o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Bo‘ydoqlik uyidagi stol yonida o‘ychan turgan Trisdalning boshidan ayni chog‘da ana shunday xayollar kechardi. Uning oldidagi stol ustida esa barglari osmonga dadil bo‘y cho‘zib o‘sayotgan bir tuvak yam-yashil o‘simlik turardi. Bu o‘simlik kaktus gulining turlaridan biri bo‘lib, nozik yaproqlari yengil esayotgan shabbodada nafis tebranar, chayqalayotgan barglari bilan go‘yo kishini o‘zi tomonga chorlab, ishora berayotgandek bo‘lardi.
Trisdalning do‘sti, ya’ni o‘sha kuni to‘yi bo‘layotgan kelinning akasi, xonadagi javon yonida bir o‘zi yolg‘iz ichayotganidan norozi bo‘lib, zorlangancha gapirayotgandi. Ammo Trisdalning qulog‘iga uning gaplari kirmas edi. Har ikkala erkak ham kechki bazm uchun yaxshilab yasanib olishgandi. Qimmatbaho kostyumlarining yaltiroq tugmalaridan chaqnayotgan nur nimqorong‘u xona bo‘ylab ajib shu’lalar taratardi.
Trisdal asta qo‘lqopining tugmalarini yecharkan, ayni damda ko‘z oldidan o‘tgan oxirgi kunlar lavhalari birma-bir, juda tez tarzda o‘ta boshladi. Go‘yo hozir ham dimog‘iga ibodatxona ichiga bezak sifatida ilingan turli xil gullarning muattar bo‘yi urilib turar, quloqlari ostida to‘yga yig‘ilgan minglab mehmonlarning shodon qichqiriqlari jaranglar, po‘rim liboslarning yengil shitirlashi va nihoyat ruhoniyning uning sevgan mahbubasini o‘zga yigit bilan nikohlagan duosi tinmay sado berib turardi.
Bir dunyo adog‘siz hasratga botgancha o‘y surarkan, Trisdal sevgan qizini qanday qilib qo‘ldan boy bergani sababini hech topolmasdi. Murosasiz bir asosni qo‘pollik bilan tan olarkan, u o‘zining sirli va mag‘rur, anchagina dimog‘dor va olifta bo‘lganiga chin dildan o‘kinib ketdi. Mana endi o‘sha xudbinligi va takabburligi ortidan kelgan baxtsizlikni ko‘rib turibdi. Ammo hozir barcha pushmonlik va nadomat tuyg‘ularining bari bekor, ustidagi yaltiroq kiyimlar kabi ko‘ksida urib turgan yuragi shodlikdan porlamas edi. Manmanlik va kibru havo! Mana shu betamiz xulqlar Trisdalning eng muhim va yaramas qiliqlari edi. Eh, nahotki endi Trisdalning ko‘ngil qo‘ygani boshqaniki bo‘lib ketaversa? Axir u doim g‘olib bo‘lgan edi-ku? Nega…
Kelinchak ibodatxonaning bezatilgan yo‘lakchasidan shohona mehrob tomonga purviqor yurib borarkan, Trisdalning yurak-bag‘ri kuyib, benihoya ezilib ketdi, u o‘ziga o‘zi dalda beradigan bironta kuch topa olmadi. Unga avvaliga qizning chehrasi biroz so‘lg‘inday, jindek ma’yusday bo‘lib ko‘rindi, u qaylig‘iga negadir sovuq qarayotganday bo‘lib tuyuldi. Lekin Trisdalning ko‘zlari aldayotgan edi. U kelinchakning bo‘lajak eriga mehr bilan, samimiyat bilan jilmayib boqayotganiga ko‘zi tushdi-yu, o‘zini tamomila unutilganini tushunib yetdi. Bir payt qizning Trisdalga tushib qolgan nigohi ham bu fikrni tasdiqlab qo‘ydi. Chindanam, Trisdalning o‘ziga bino qo‘yishi orzularini barbod etdi, uning so‘nggi tirgagi – ardoqli muhabbati barham topdi endi. Lekin Trisdal munosabatlarining nega ana shunday yakun topganiga hanuz bir yechim topolmasdi. Nega bunday bo‘ldi axir? Na bir janjal va na bir tortishuv, g‘alvasiz hammasi tugadi-qo‘ydi. Qalbi vayron bo‘lgan yigit o‘z yog‘iga qovrilgancha oxirgi kunlar voqealarini ko‘z oldida gavdalantirar va sira ularga tayinli javobni topa olmasdi.
Qiz hamisha Trisdalga nihoyatda iltifotli edi, unga shohona mulozamat ko‘rsatar, hurmatini doimo joyiga qo‘yardi. Yigitning qoshida shunaqangi latif qiliqlar qilar ediki, Trisdalning mag‘rurona qarashlari qizning bolalarcha sodda, itoatgo‘y chehrasidan zumda erib ketardi. Trisdal hammavaqt eng yuqori sifatlar hamda afzalliklar bilan tilga olinar, yuqori baholanar, xuddi suvsagan qaqroq cho‘lga yoqqan yomg‘irdan so‘ng tuyqus ochilgan bir dona gulday tengsiz qadrlanardi.
Qo‘lqopining oxirgi tugmalarini bo‘shatayotgan paytda Trisdalning avvalgi xudbinlik xislati bilan kechikkan motamsaro kibru havosi shu chog‘da yana unga qaytib keldi. So‘nggi tundagi uchrashuv yigitning xayolida jonlanarkan, uning haqiqatdanam juda boshi qotib qoldi. Shu bilan birga o‘sha oqshomgi qizning mayin nigohlari, sochlarining yengil mavj urishi, ko‘zlaridagi yumshoq va bokira bir joziba Trisdalning ko‘nglini yana-da jo‘shdirib yubordi. Uning so‘zlari yigitning quloqlari ostida hamon jaranglab turardi. Qiz unga shunday gaplarni aytgandi o‘shanda:
“Darvoqe, men bitta gap eshitib edim. Kapitan Karuzersning aytishicha, siz ispan tilida xuddi ispanlardek so‘zlay olarmishsiz. Nega shunday noyob iste’dodingizni mendan yashirdingiz? Xo‘a, mendan berkitgan yana qanday qirralaringiz bor?”
Yo tavba, bu Karuzers jinni-pinni bo‘lib qolmaganmi mabodo? Shubhasiz, u Trisdalni g‘irt aybdor qilib qo‘ygandi, axir Trisdalning chet tillarini u qadar yaxshi bilmasligi, har doim lug‘atdan foydalanishini u binoyidek bilardi shekilli. O‘sha Karuzers Trisdalning ozgina qobiliyati va bilimini o‘ta oshirib yuborgani aniq.
Ammo, o, Xudoyim-ey, qarishisida gul-gul bo‘lib ochilgancha hayajondan yengil titrab so‘zlayotgan qizning hayrati va tasannosi shu qadar kuchli ediki, Trisdal Karuzersning yolg‘on ta’rifini hech bir raddiyasiz qanday qilib qabul qilib qo‘yganini o‘zi ham bilmay qoldi. E’tiroz bildirish o‘rniga u ispanchadan bo‘lgan soxta bilimini yana-da bo‘rttirib ko‘rsatishga urindi. O‘zicha qizni beshbattar qoyil qilaman, deb noo‘rin ishlatgan bu yolg‘on tasdig‘i keyinchalik Trisdalning o‘ziga achchiq tikon kabi kelib sanchildi.
O‘sha tun mahbubasi qanchalar suluv va shaffof edi-ya! O‘shanda u misoli tuzoqqa tushib qolgan qushchaday potirlar, hayajonlanar, birdan jim qotib tinglar ham edi. Trisdal o‘sha oqshom bor mag‘rurligini tark etib, qizga dil izhori qilgandi. U sevganining uyalgan, qizaringan chehrasiga boqib turib, qizning hech bir inkorsiz uning sevgisini qabul qilishiga butkul ishongan edi ham. “Javobimni ertaga aytaman”, — deb ketgandi qiz hayo bilan jilmaygancha. Uning tabassumi Trisdalga cheksiz umid payg‘omlarini taqdim etgandi o‘shanda.
Shu tarzda u ertasi kun sabrsizlanib mahbubasining javobini intiqlik bilan zor kutdi. Peshin payti bo‘lganda, qizning uyida otboqar bo‘lib ishlaydigan kishi qip-qizil tuvakda g‘alati bir kaktus gulini tashlab ketdi. Ustiga qandaydir tilda yozilgan yorliqdan tashqari, gultuvak ichida na bir so‘z va na bir xat bor edi. Yigit hayron qolib, yarim tungacha yana kutdi, lekin qizning javobi yetib kelmadi. O‘sha damda Trisdalning baland g‘ururi va toptalgan manmanligi uni qizni qidirishdan tiydi. Oradan ikki kun o‘tgach, ular ittifoqo bir kechki bazmda uchrashib qolishdi. Ko‘rishuvlari har doimgiday oddiy, ortiqcha gap-so‘zsiz kechdi ammo qizning ko‘zlari nimagadir mushtoq, betoqat va ajablanib boqardi. Trisdal bo‘lsa uning kechikkan javobi uchun izoh berishini kutib turardi. Biroq qiz unga tushuncha berish o‘rniga yuzini ters o‘girgancha ketib qoldi. Shu taxlit ular hech bir sababsiz, hech bir izohsiz indamay ajralishdi. Lekin baribir Trisdal sira-sira tushunolmasdi: uning gunohi nima edi? Bu yerda kim aybdor o‘zi? Ana endi cheksiz qayg‘uga botgancha, o‘zining nokerak bo‘lgan mag‘rurligi orasidan javob axtararkan, Trisdal mushkul ahvolda qattiq azob tortmoqda edi. Agarda…
Birdan javon oldida turgan ikkinchi erkak, kelinning akasining ovozi Trisdalning xayollarini parday to‘zg‘itib yubordi.
“Menga qarang, Trisdal, namuncha o‘yga cho‘mib qoldingiz? Xuddi bo‘yniga ola xurjun ilinayotgan kuyovto‘raday qovoq-tumshuq qilib olibsiz. Siz bor-yo‘g‘i bir ishtirokchisiz-ku bu to‘yda, do‘stim. Bilasizmi, men bugun g‘oyatda suygan, ardoqlagan jonu jigarimni uzatyapman. O‘zi bittagina singlim bor edi, endi mana, uyam ketyapti. Ha, mayli, baxtli bo‘lsin! Qani, keling, bunaqa xomush o‘tirmang, ko‘nglingizni chog‘ qiling. Mana, buni oling, birga-birga ichaylik bugun!”
“Hozir hech narsa ichgim yo‘q, rahmat”, — dedi Trisdal boyagiday kayfiyatda.
“Sizlarning brendiyingiz”, — deya gapini davom ettirdi Trisdalning do‘sti, “judayam yoqimsiz ekan. Biror kun bizning taraflarga borib, uyimizdagi ichimliklardan bir totib ko‘rsangiz bo‘larkan. Ana o‘shalar ichishga ming karra arziydi”.
Bir mahal kelinning akasi Trisdalga hayrotomuz kulgancha boshqa gap qotdi:
“Eh-he! Mana buni qaranglar! Bu gul biz tomonlardan-ku! Mana bu kaktusni aytayapman, Trisdal! U sizga qaerdan kelib qoldi?”
“Bu sovg‘a”, — deb javob berdi Trisdal, “bitta do‘stimdan. Siz buning turini bilasizmi?”
“Bilganda qandoq”, — dedi do‘sti faxrlanib, “bu kaktus gulining tropik iqlimga moslashgan turlaridan bo‘ladi. Siz biz taraflarda bunaqasidan yuzlabini uchratishingiz mumkin. Mana bu yerga gulning nomi ham yopishtirib qo‘yilibdi-ku! Siz ispanchani bilmaysizmi, Trisdal?”
“Yo‘q”, — dedi Trisdal achchiq kulimsiragancha, “bu ispanchamidi hali?”
“Ha-da. Ispanlar kaktusning mazkur turining yaproqlarini go‘yoki siz tomon qo‘llarini cho‘zib, nimagadir ishora berayotganday, deb faraz qilishadi. Ular bu kaktusni “Ventomerme”deb atashadi. Inglizchada qanday ma’no anglatishini bilasizmi siz? “Ventomerme” – inglizchada “Kelib, meni olib ket”, degani bo‘ladi”.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.