OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Onore de Balzak. Dahriyning ibodati (hikoya)

Fanni qimmatli fiziologik nazari bilan boyitgan, yoshligidayoq ma’rifat markazi — Parij tibbiyot kulliyotining shuhrati hisoblangan, Yevropa tibbiy xodimlarining ehtiromiga noil bo‘lgan doktor Byanshon terapevt bo‘lmasdan avval uzoq vaqt jarrohlik qilgan edi. Talabalik yillarida u dong‘i ketgan buyuk frantsuz jarrohlaridan biri, fanda iste’dodini chaqindek zuhur etgan Deplen rahbarligida ishlardi. Hatto Deplenning dushmanlari uning boshqa birovga meros qoldirish imkoniyati bo‘lmagan usulini ham o‘zi bilan go‘rga olib ketdi, deb e’tirof etishardi. Chunki Deplen tabiatidagi hamma narsa shaxsiy xususiyatga asoslangan edi: undagi mag‘rurlik hayotligidayoq yolg‘izlanib qolishiga sabab bo‘lgandi, aynan shu mag‘rurlik uning o‘limidan keyingi shuhratini so‘ndirgan edi. Uning qabri uzra kelajak avlodga fidoiy dahoning izlanishlari natijasida kashf etilgan sir-asrorlardan voqif etuvchi dabdabali haykal yo‘q. Balki, Deplenning iste’dodi uning e’tiqodiga mos kelgandir, shuning uchun ham u foniy bo‘lgandir.
Deplenning nazdida zaminiy muhit o‘zida hayot vujudga keltiradigan bo‘shliq bo‘lib, yer esa po‘stiga burkangan tuxumga o‘xshash narsa, shu boisdan u “avval tovuq paydo bo‘lganmi yoki tuxum?”, degan savolga javob berish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi uchun tovuqni ham, tuxumni ham inkor etgan. U ibtidoiy tiriklik olamining yaratilishiga ham, inson jonining o‘lmasligiga ham ishonmasdi. Deplen shubhalanmasdi, inkor qilardi. Bu ko‘p olimlarga xos bo‘lgan oshkora, kunday ravshan bo‘lgan dahriylik edi: bular ajoyib kishilardir, lekin ular butun vujudi bilan dahriy bo‘lib, dahriylikni dindor kayfiyatdagi kishilar qanday e’tiqod bilan rad etsalar, ular ham shunday targ‘ib etuvchilardir. Deplenda boshqacha e’tiqodlarning tarkib topishi ham mumkin emasdi: axir u yoshligidan tiriklik olamining gultoji bo‘lmish odamni dunyoga kelguncha ham, hayot paytida ham, o‘lgandan so‘ng ham, o‘z tig‘i bilan yorgan, uning butun a’zoi badanini miridan sirigacha sinchiklab o‘rgangan edi, uning biror joyida ham diniy ta’limotlar uchun juda vojib bo‘lgan o‘sha “vohid jon” degan narsani uchratmagandi. Kishi uzviyati (organizmi)dagi miya, asab, nafas olish — qon yurishi kabi uchta markazni, ulardan miya va asab bir-birining o‘rnini bosa olish qobiliyatiga molikligini bilib olgach, Deplen hatto umrining so‘nggida ko‘rmoq va eshitmoq uchun ko‘z va quloqning bo‘lishi mutlaqo zarur emas, degan xulosaga keldi: ularning o‘rnini so‘zsiz quyosh o‘rilmasi*  bosadi. Shu tarzda inson uzviyatida ikkita jon topgach, garchi, bu dalil bilan Xudo haqidagi masalaga tegib ketmasa-da, Deplen bunda o‘zining dahriyona qarashlarining isbotini ko‘rdi. Aytishlaricha, mashhur jarroh yo‘l qo‘ygan xatolari uchun sira pushaymon qilmasdan o‘lgan ekan, taassufki, daholarning ko‘pchiligi shunday olamdan o‘tishgan.
Deplen shuhratini xiralashtirishga uringan dushmanlari bu yirik olim ko‘p sohada bachkanalik qiladi, deyishardi. Uning tashqi tartibotidagi ziddiyatlarni bachkanalikka yo‘yardilar. Hasadgo‘y va kaltafahmlar buyuk aql egalarining qanday maqsadlar bilan ijod qilayotganini tushunib yetmaydilar; shuning uchun ham ular ana shunday yuzaki ziddiyatlarni ko‘rib qolsalar, bas, darhol o‘shalarga yopishib olishadi-da, ular asosida aybnoma tuzadilar va aybdorni qoralayveradilar. Shuncha ta’nayu malomatlarga sabab bo‘lgan komronlik uddaburonlikni oqlayversin, vosita va maqsad muvofiqligini kashf etaversin, lekin bo‘htonlar bilan yuz bergan nizoli to‘qnashuvlar asoratsiz qolmaydi. Bizning davrimizda Napoleonni o‘z burgutini Angliya uzra parvoz qildirgani uchun qoralagan edilar: 1822 yilgina bizga 1804 yilning va Bulon desantlar kemasining mohiyatini ravshanlashtirdi.
Deplenning shuhrati va bilimi g‘oyat ustuvor edi, binobarin, dushmanlari uning xulqidagi g‘ayritabiiylikni nishonga olgan edilar. Darvoqe, Deplenda inglizlar shunchaki ekstsentrizm (g‘aroyiblik) deb ataydigan xususiyat bor edi, xolos. U goh fojianavis Krebilondek bashang, goh beparvolarcha kiyinar, bir qarasangiz izvoshda, bir qarasangiz piyoda yurardi. U  gohida cho‘rtkesar, ba’zan ochko‘z, mo‘min-qobil, ayrim hollarda esa xasis ham edi, ammo ayni zamonda o‘ziga ehtirom ko‘rsatib, sal vaqtda yordam qo‘lini cho‘zgan quvg‘indi hokimlarga o‘z bisotini taqdim etishga tayyor bo‘lib, hech kimga xos bo‘lmagan, eng ziddiyatli xulosalarga sabab bo‘lardi. To‘g‘risi, qandaydir qora orden tasmasini qo‘lga kiritish payiga tushish unga — shifokorga munosib emas, bundan tashqari, saroyda cho‘ntagidan duolar kitobini tushurib yuborishga ham jur’at etgan, lekin amin bo‘lingki, u hayotda hamma narsa ustidan xufiyona kulardi. Deplen kishilarning yuzaki yaltiroqligini ham hech bir mubolag‘asiz kuzatish imkoniyatiga ega edi. U odamlarni hayotda qanday bo‘lsa, shunday, ya’ni eng tantanali va eng odatdagi vaziyatlarda ko‘rardi. U johil odamlarni o‘lguday yomon ko‘rardi. Ulug‘ kishining ma’naviy xislatlari ko‘p hollarda bir-biriga muvofiq tarzda namoyon bo‘ladi. Bordi-yu, bu buyuk namoyandalarning birortasida aqldan ko‘ra iste’dod ustun bo‘lsa, u baribir oddiygina “bu odam zakovatli” deyilgan kishiga nisbatan aqlliroqdir. Zakovatlilik botiniy ko‘rish qobiliyatiga tayanadi. Bunday ko‘rish qobiliyati muayyan bir sohani bilish bilan chegaralangan bo‘lishi ham mumkin: lekin gulni ko‘rgan kishi quyoshni ham ko‘radi. Kunlarning birida o‘zi tomonidan xalos etilgan diplomatning og‘zidan: “Imperatorning salomatligi qalay?” degan savoliga, Deplen: “Saroy a’yoniga jon kirdi,  odamga ham jon kirdi”, deb javob bergandi. Shunday fikr bildirgan kishi faqat jarroh yoki faqat shifokorgina emas, balki katta aql egasi hamdir. Ana shuning uchun insonga xos narsani sabr-toqat bilan sinchiklab qarashga odatlangan kuzatuvchi uning o‘zini hammadan yuqori qo‘yishini kechiradi va buyuk jarrohdan uning o‘zi bunga ishongandek, buyuk ministr chiqishi mumkinligiga ham ishonadi.
Deplenning hayotida zamondoshlari kuzatib yurgan bir qator jumboqlardan eng qizig‘ini tanladik: hikoyamizning so‘nggida uning yechimi beriladi, xuddi shu yechim Deplen xotirasini uning ba’zi bir bema’ni gunohlardan soqit qiladi.
Oras Byanshon Deplenning suyukli shogirdlaridan biri edi. Otel-De shifoxonasiga kirishdan avval Oras Byanshon tibbiyot talabasi sifatida Lotin mahallasidagi “Voqe uyi” nomi bilan mashhur bo‘lgan pansionda  faqirona hayot kechirardi. Sho‘rlik yigit u yerda og‘ir muhtojlikning azob-uqubatlarini boshidan o‘tkazardi, lekin qudratli iste’dod sohiblari hayot doshqozonidan musaffo va mustahkam olmos yanglig‘ har qanday zarbaga bardosh beradigan bo‘lib chiqishi lozim edi. Ular ehtiroslarining shiddat ila lovullayotgan alangasida obdon chiniqib, o‘z ishlariga vijdonan beriladilar, o‘zlarining aldangan hirslarini muttasil mehnat pardasiga burkab, dastavval daholar qismatini belgilaydigan o‘sha kurashga ko‘nikib ketadilar. Oras rostgo‘y odam bo‘lib, vijdon, or-nomus bobidagi murosalardan hazar qilar, va’dabozlik emas, balki amaliy ishni ma’qul ko‘rardi, u do‘sti uchun so‘nggi yoping‘ichini ham ayamaydigan, uning uchun vaqti va shirin uyqusidan kechadigan kishilardan edi. Muxtasar qilib aytganda, u berganining evaziga qancha olarkan deb o‘ylaydigan do‘stlardan emasdi, zero ularni o‘zlari berganiga nisbatan ko‘proq olishga ishonchi komil edi. Oras do‘stlarining ko‘pchiligi unga nisbatan soxtalikdan xoli bo‘lgan botiniy ehtiromini bajo keltirardi, lekin ularning ba’zi-birlari uni ayblashdan hayiqardilar. Ammo, Oras o‘z vazifalarini ozgina bo‘lsa-da, bachkanalikka yo‘l qo‘ymasdan namoyon etardi. Uning puritanizm (sipolik) yoki va’zgo‘ylikka mutlaqo hushi yo‘q edi: maslahat berarkan, uni tumtaroq so‘zlar bilan muzayyan etar, kezi kelganda ichish va tamaddi qilishni ham do‘ndirardi.
Quvnoq ulfat, sovut kiygan askardek, uncha rasmiyatparast ham emas, rostgo‘ylik va ochiqlikda dengizchiga o‘xshamaydi, chunki hozir dengizchilar — ayyor diplomatlarning naqd o‘zi, o‘z hayotida odamlardan hech narsani sir tutmaydigan yoqimtoy bu yigit esa ko‘zlaridan kulgu, boshini baland ko‘targan holda olg‘a qarab bormoqda edi. Agar buni bir so‘z bilan ifodalamoqchi bo‘lsak: u ko‘plab Oraslar uchun Pilad*  edi, axir, bizning davrimizda qadimgi qasoskor ilohalarni o‘zlarida chinakam mujassam etgan kishilar nasiya beruvchilardir. Oras o‘z qashshoqligi ustidan jasoratning asosiy belgilaridan biri bo‘lgan ko‘tarinki ruh bilan g‘olib kelardi, u hech narsasi yo‘q kishilar singari boshqalardan qariyb hech qachon qarz olmasdi. U tuyaday sabr-qanoatli, ohuday chaqqon bo‘lib, o‘zining qat’iy e’tiqodliligi va jiddiyligi bilan o‘zgalardan ajralib turardi. Mashhur jarroh doktor Oras Byanshonni do‘stlari uchun yanada qadrdon qilgan o‘sha fazilatlari va nuqsonlarini bilib olganda Orasning hayotida baxtli davr boshlanayotgan edi. Klinikaning bosh shifokori yosh yigitni o‘z homiyligiga olarkan, demak, yosh yigitning mansabi ta’minlangan deyavering. Odatda Deplen shifokor sifatida boy xonadonlarga tashrif buyurganida Byanshonni o‘zi bilan birga olib borardi. Bu qishloqi yigitning tobora Parij hayotining sir-asroridan voqif bo‘lib borishidan tashqari, bunday tashrif paytlarida tushgan mablag‘ning muayyan bir qismi ham odatda assistentga tegardi. Deplen bemorlarni uyida qabul qilgan vaqtida ham assistenti Byanshonning yordamiga tayanardi, u ba’zi bir bemorni mineral suvga olib borishni gohida unga topshirardi, qisqasi, u Byanshonga mijozlar tayyorlardi.
Oqibatda sal muddat o‘tgach, mustabid jarroh yonida Zayd*  paydo bo‘lgandi. Biri sha’n va bilim cho‘qqisini zabt etgan, katta boylik va shuhratga erishgan, boshqasi na boy va na mashhur. Parij osmonida zo‘rg‘a miltillagan bu ikki kishi bir-biriga yaqin bo‘lib qolishdi.
Buyuk Deplen o‘z assistenti Byanshondan hech narsani yashirmasdi. Ustozi yonidagi o‘rindiqda yoki Deplenning xonasidagi mashhur divanda qandaydir ayolning o‘tirgan-o‘tirmaganligi ham Byanshonga ma’lum edi: Byanshon o‘zida sherga xos g‘ayratlilik, ho‘kizga xos kuchlilikni mujassamlashtirgan bu mijoz sohibining, uning o‘limiga sabab bo‘lgan (Deplen yurak xurujidan o‘lgan), ko‘ksini haddan tashqari keng ochgan buyuk inson mijozining barcha tilsimotidan ogoh edi. Assistent bu bag‘oyat zahmatkash zotning hulq-atvoridagi g‘alati odatlarni, arzimas boyligini, bu ilm sohibida mujassam bo‘lgan sayohatchining pinhoniy umidlarini o‘rganib oldi va shu bilan birga Deplenni asfalasofilinga jo‘natadigan, faqat uning yuragi dosh beradigan tuyg‘uni oldindan ko‘ra bildi, chunki  har holda u cho‘yandan bo‘lmasdan, balki tashqi tomondan cho‘yanga o‘xshardi, xolos.
Bir kuni Byanshon Deplenga Sen-Jak mahallasida yashovchi bechora meshkobchining toliqish va muhtojlikdan og‘ir kasallikka chalinganini hikoya qilib berdi: ma’lum bo‘lishicha, sho‘rlik overnalik 1821 yilning uzoq cho‘zilgan qishini faqat kartoshka yeyish bilan o‘tkazgan. Deplen o‘zining barcha bemorlarini tashlab, Byanshon bilan birga otini holdan toydirgudek choptirib, Sen-Denida mashhur Dyubua tomonidan ochilgan shifoxonagacha yetib keldi. Deplen overnalikni davoladi, u tuzalib ketgach, Deplen unga ot va bochkalar sotib olish uchun pul berdi. Keyinchalik o‘sha overnalik o‘zining bir xususiyati bilan o‘zini ko‘rsatgan edi. Uning do‘stlaridan biri og‘rib qolganida, overnalik uni darhol Deplenning huzuriga boshlab keldi va o‘z xaloskoriga dedi:
— Uning boshqa birovga murojaat qilishiga sira-sira toqat qilolmagan bo‘lardim.
Deplen o‘zining qo‘rsligiga qaramasdan, overnalikning qo‘lini siqarkan, unga dedi:
— Ularning hammasini oldimga boshlab kelaver.
U kantallikni* Otel-De kilinikasiga qabul qildi va unga nisbatan katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi. Byanshon o‘z ustozining overnalik meshkobchilarga bo‘lgan xayrixohligini bir necha bor ko‘rgan edi. Lekin, Deplenning Otel-De klinikasidagi ishi o‘ziga xos g‘urur manbai bo‘lganligi tufayli assistenti uning hulqidan g‘ayriodatiy hech narsa sezmasdi.
Bir kuni ertalab soat to‘qqizlarda Byanshon avliyo Sulpitsiy maydonidan o‘tib borarkan, ustozini ko‘rib qoldi. Deplen o‘sha maydon nomidagi cherkovga kirib ketayotgan edi. Hamisha kabriolet (ikki g‘ildirakli yengil arava)dan foydalanadi Deplen bu gal negadir yayov kelib, cherkovga Pti-Lion ko‘chasidagi eshikdan, go‘yoki shubhali bir uyga kirayotgandek, o‘g‘rincha kirib ketdi. Ustozining  e’tiqodini, uning moddiyunligini, so‘zida qat’iy turishini bilgan shogirdning ajablanishi o‘rinli edi, u ko‘rinmaslikka harakat qilib, o‘zini cherkovga urdi va hayratga sazovor manzaraning guvohi bo‘ldi: buyuk Deplen — ushbu dahriy, jarroh tig‘ini o‘zlariga yaqin yo‘latmaydigan farishtalarni beshafqat haqoratlaydigan bu bebok masxaraboz shikastanafs bir alpozda tiz cho‘kib turardi... tag‘in qaerda deng? Bibi Maryam butxonasida! U o‘sha yerda ibodat bajo keltirar, yo‘qsil-bechoralarga xayru  ehson ulashardi, uning bu amalida soxtalikdan nom-nishon ko‘rinmayotgandi.
“Turgan gapki, u cherkovga Bibi Maryamning ko‘zi yorishiga doir masalani oydinlashtirish uchun kirgan emas, — o‘yladi ajablangancha Byanshon. — Basharti men uning Vujud-ul-iloh hayitida serhasham o‘rtukning biror shokilasidan tutib turganini ko‘rsaydim, bu kulgili bo‘lur edi, xolos. Ammo shu topda cherkovda uni tanho o‘zini guvohlarsiz ko‘rish chindan ham ajab-da!”
Uni birov Otel-De klinikasi bosh jarrohi ortidan poylab yuribdi, deb o‘ylamasin deya Byanshon iziga qaytib ketdi. Tasodifan o‘sha kuniyoq Deplen uni restoranga tushlikka taklif etdi. Tushlik oxirida Byanshon suhbatni ustalik bilan ibodatga burarkan, uni riyokorlik deb atadi.
— Ha, bu riyokorlik nasroniylik dunyosi uchun Napoleonning barcha zuluklari so‘rgan qonlaridan ham qimmatga tushadi, — dedi Deplen.
— Ibodat bu papaning ixtirosi bo‘lib, oltinchi asrdan buyon mavjud; uning zamirida: “Ushbu mening vujudim erur” so‘zlari yotadi. Uch yuz yil mobaynida cherkovga qarshi fitna uyushtirib kelgan bid’atchilar ustidan qozonilgan g‘alabani nishonlamoqchi bo‘lgan papa taxti muqaddas in’omlarni to‘g‘ri taqdim etish borasida dovlashib, Vujud-ul-iloh marosimini joriy etish jarayonida ozmuncha qon to‘kishga to‘g‘ri keldimi. Papa joriy qilgan yangi tartib Tuluza grafi bilan albigoychilar o‘rtasida urushlar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi: valdenslilar va albigoychilar uni e’tirof etishni xohlamasdilar.
Shunda Deplen dahriylarga xos piching qilarkan, uning og‘zidan volterona istehzolar yomg‘irday yog‘ilardi: ochig‘ini aytganda, bu “Sitator”ga*  bo‘lgan bir xunuk taqlid edi.
“Yo ajabo, nima bo‘lyapti o‘zi? — o‘ylardi Byanshon. — Ertalab ko‘rgan xudojo‘y qani?”
U Deplenga hech narsa demadi, uni chindan ham avliyo Sulpitsiy cherkovida ko‘rdimmi deya shubhalandi. Deplen Byanshonni aldamasa kerak: ular bir-birini juda yaxshi bilishadi, ular qancha-qancha muhim muammolar haqida necha bor fikr almashishgan, “narsalar tabiati haqida” talqin etadiga turfa tizimlarni muhokama qilishgan. Uch oy o‘tdi. Byanshonning xotirasiga mahkam o‘rnashib qolgan bo‘lsa-da, u boshqa bu mavzuga qaytmadi. O‘sha yilning o‘zida bir kun Otel-De klinikasining shifokorlaridan biri Byanshonning oldida savol bermoqchi bo‘lgandek Deplenning qo‘lidan ushladi:
— Ayting-chi, muhtaram ustoz, nechun avliyo Sulpitsiy cherkoviga kirgandingiz?
— Men bemor ruhoniyning huzuriga kirgandim, uning tizza qopqog‘ida yiringli yallig‘lanish paydo bo‘lgan, — javob qaytardi Deplen, — Gertsoginya Angulemskaya menga hurmat bajo keltirib, uni davolashni o‘z zimmamga olishimni iltimos qildi.
Hujum qaytarildi. Berilgan izoh shifokorni qanoatlantirgan bo‘lsa-da, ammo Byanshon ishonqiramadi.
“Hali shunaqami! U cherkovga bemor tizzalarini davolash uchun borarmish!” — dedi shogird o‘z-o‘ziga.
Byanshon Deplenning orqasidan kuzatib yurishga qaror qildi; u Deplenning avliyo Sulpitsiy cherkoviga qaysi kun va soatda kirganini esladi va bir yildan so‘ng xuddi shu paytda uning tag‘in cherkovga kelish-kelmasligini tekshirib ko‘rish uchun aynan shu vaqtda kelishga qaror qildi. Haqiqatdan ham, Deplen kelib tursaydi, cherkovga bu taxlit muntazam qatnashi muayyan holni ilmiy tadqiq qilish uchun asos bo‘lur edi, zero bunday kishining tafakkuri va harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyat bo‘lishi mumkin emasdi. Kelgusi yili aynan shu kun va shu shu soatda, Byanshon o‘shanda Deplenning assistenti emasdi, jarrohning kabrioleti Turnon va Pti-Lion ko‘chasi muyulishida to‘xtaganini hamda o‘z kabrioletidan tushib, iezuitlarga xos ehtiyotkorlik bilan cherkov tomonga yo‘nalganini, so‘ngra Bibi Maryam mehrobi oldida yana ibodat bajo keltirayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bu Deplen edi, ha, shaxsan o‘zi! Bosh jarroh, qalban dahriy, tasodifan xudojo‘y. Ahvol jiddiy tus olmoqda edi, mashhur olimning qaysarligi hamma narsani ostin-ustin qilib yubordi. Deplen ketgach, Byanshon cherkov anjomlarini yig‘ishtirayotgan ridoxona boshlig‘i oldiga kelib, undan xozirgina chiqib ketgan janob cherkovga muntazam ravishda kelib turadiganlardanmi, deb so‘radi.
— Mana, yigirma yildirki, shu yerda ibodat qilaman, — deya javob berdi ridoxona boshlig‘i, — ana shu ibodatga janob Deplen bir yilda to‘rt bor keladi, bu uning buyurtmasi bilan bajo keltiriladi.
“Deplen buyurtma qilgan ibodat! — o‘yladi ketayotib Byanshon. — Bu (bir hisobda) muayyan darajada er ko‘rmagan ayolning homilador bo‘lishiday muhim gap, har qanday shifokorni shakkokka aylantirish uchun shu sirni bilib olish kifoya”.
Vaqt o‘tmoqda edi. Garchi doktor Byanshon Deplenning do‘sti bo‘lsa-da, ammo uning hayotining o‘ziga xos xususiyati haqida gaplashishga sira qulay fursat topolmas edi. Odatda, ular tabobat yoki kiborlarga xos bo‘lgan bir vaziyatda uchrashardilar; lekin, bunday vaziyatda do‘stlar yumshoq o‘rindiqqa yastanib, kamin oldida oyoqlarini isitayotib, bir-birlariga o‘z sirlarini oshkor etgan samimiy suhbatlarga imkoniyat bo‘lmaydi, albatta. Nihoyat, oradan yetti yil o‘tgach, olomon arxiepiskop borgohini tor-mor etgan, 1830 yil inqilobidan so‘ng uning respublikachilar tashviqoti ta’siri ostida ko‘z ilg‘amas son-sanoqsiz uylar uzra yaltiragan yashindek zarhallangan saliblarini mahv etganida, ko‘chalarda shakkoklik va isyon hukm surganda Byanshon Deplenni tag‘in o‘sha avliyo Sulpitsiy cherkoviga kirayotganda tasodifan ko‘rib qoldi. Uning ortidan kirib, u bilan yonma-yon turib oldi. Do‘sti zig‘ircha bo‘lsa-da, hayratlanmadi, qiyofasida hatto hayrat alomati sezilmadi. Deplen buyurtma qilgan ibodatni ikkalasi bajo keltirishdi.
— Taqvodorona munofiqligingizning sababini bayon etolmaysizmi, do‘stim? — so‘radi Byanshon Deplendan ular cherkovdan chiqqanlarida. — Men sizni, ha, sizni bu yerda ibodat chog‘ida uch bor ko‘rganman! Siz bu sirni menga oshkor etishingiz, sizning e’tiqodingiz va axloqingiz o‘rtasidagi oshkora ziddiyatni izohlab bermog‘ingiz lozim. Siz xudoga ishonmaysiz, ayni paytda ibodatga kelib turasiz! Qadrdon ustoz, lutfan javob bersangiz.
— Men sirtdan o‘ta dindor odam bo‘lib ko‘ringanim bilan, haqiqatda esa sizning o‘zingizga o‘xshagan dahriyman.
Shunda Deplen Moler “Tartyuf”ining yangi noshiri singari siyosiy arboblarni haqoratlab, rosa pichinglar yog‘dirdi.
— Men sizdan bu haqda so‘rayotganim yo‘q, — dedi Byanshon. — Men sizning nega bu yerga kelganingizni va nima sababdan ibodat buyurtma qilganingizni bilmoqchiman.
— Xo‘p, aziz do‘stim, — dedi Deplen. — Mening bir oyog‘im to‘rda, bir oyog‘im go‘rda, binobarin, men endi hayotimni qanday boshlaganimni sizga hikoya qilib berishim mumkin.
Byanshon va o‘sha ulug‘ inson shu daqiqada Girdibod ko‘chasi yoxud Parijning eng jirkanch ko‘chalaridan birida edi. Deplen Byanshonga darvozadan aylana zinagacha uzun yo‘lak orqali kiriladigan haykalni eslatuvchi o‘sha uylardan birining yettinchi qavatini ko‘rsatdi; odatda o‘sha pastak derazalar zinani zo‘rg‘a yoritar, darhaqiqat, qoqilib-suqilib yashovchilarning haqoratlariga beparvo edi. Bu uy yashil tusli edi; birinchi qavatlarda mebel sotuvchi savdogar yashardi, qolgan qavatlarda turfa qashshoqlar kun kechirardi. Deplen qo‘lini keskin baland ko‘tararkan, Byanshonga dedi:
— Men o‘sha yerda, balandda ikki yil yashaganman.
— Bilaman d’Artez ham o‘sha yerda turardi. Men ilk yoshligimda u yerda qariyb har kuni bo‘lardim. Bizlar bu boloxonani “daholar qiyomiga yetadigan banka” deb atar edik.
— Xo‘sh keyin-chi?
— Hozir ikkalamiz tinglagan ibodat hayotimdagi  ayrim hodisalar bilan bog‘liq. Ular o‘sha, siz aytgandek, d’Artez yashagan boloxonada o‘tkazgan vaqtimga to‘g‘ri keladi; huv anavi, tepasida ko‘ylak osilgan, gullar solingan tuvak turgan joy. Qadrdon Byanshon, Parij qiyin sharoitda yashashga bardosh berishga majbur etdi. Men ochlik, yupunlik, yalangoyoqlik, pulsizlik — qisqasi, shafqatsiz muhtojlikni boshdan kechirganman. Ana shu “daholarni qiyomiga yetkazadigan banka”da cho‘pday qotib qolgan barmoqlarimni nafasim bilan zo‘rg‘a ilitardim, o‘sha tomonga siz bilan birga ham bir nazar tashlagim kelib ketdi. Qish shunday dahshatli keldiki, ishlayotganimda boshim uzra ko‘tarilayogan bug‘ni, sovuq paytlarda otlardan ko‘tarilayotgan bug‘dek sezilarli darajada chiqib turgan nafasimni ko‘rardim. Shunday hayot bilan kurashish uchun tayanchni qaydan topishni ham bilmaysan kishi. Men yolg‘iz edim, ko‘maklashadigan hech kimsam yo‘q, kitob sotib olish va tibbiyotdan olayotgan sabog‘im uchun to‘lashga bisotimda bir su* ham yo‘q edi. Qiziqqonlik, shakkoklik va tinib-tinchimaslik xususiyatiga molik bo‘lganligim uchun do‘stlarim ham yo‘q edi. Mening serzardaligim turmush mashaqqatlari va me’yoridan ortiq mehnat qilganligim bilan izohlanishini hech kim tan olmasdi: axir, men ijtimoiy hayotning eng quyi qatlamida edim, lekin uning ustki qatlamiga chiqishni xohlar edim. Shunga qaramasdan, sizdan yashiradigan sirim yo‘q, sizning oldingizda riyokorlik qilishning ham aslo hojati yo‘q, men muhtojlik botqog‘iga botib, uzoq vaqt tentirab yurgan bo‘lsam-da, har qanday cho‘qqiga ko‘tarila oladigan iqtidorli kishilarga xos bo‘lgan mehribonlik va o‘sha ezgu his-tuyg‘ularni qalbim to‘rida asrab keldim. Men olayotgan arzimas nafaqamdan boshqa narsani na qarindoshlarimdan, na jonajon shahrimdan kutishim mumkin edi. Men o‘shanda nonushta uchun qotib qolgan nonni (u yangisiga ko‘ra arzonga tushardi) Pti-Lon ko‘chasidagi novvoydan sotib olar va sutga solib ivitar edim: shunday qilib ertalabki yemagim ikki suga tushar edi. Pansionda qiladigan tushligim kun osha bo‘lib, u 16 su turardi. Shu zaylda har kuni o‘n su xarajat qilardim. Engil-bosh va poyabzalga qanchalik ahamiyat berganligim o‘zingizga ravshan. Bilmadim, keyinchalik u yoki bu hamkasbimizning xiyonatkorona harakatlarini ko‘rganda boshdan kechirganimiz ranju alamni titilib ketayotgan boshmog‘imizning ustimizdan makkorona iljayishini ko‘rib qolganimizda yoki syurtugumizning qo‘ltiqdan chok-chokidan ketishi quloqqa chalinganda boshdan kechirgan ranju alam bilan qiyoslasa bo‘larmikan?
Men faqat suv ichardim, ammo ayni zamonda Parij qahvaxonalariga bo‘lgan hurmatim g‘oyat baland edi. Faqat Lotin mahallasining Lukullarigina kirishi mumkin bo‘lgan Soppi qahvaxonasi menga nimasi bilandir jannatmakon tuyulardi. “Nahotki, biror kun menga ham o‘sha yerda bir finjon qaymoqli qahva ichish va bir qur domino o‘ynash nasib etadi?” — uylardim men. Muhtojlik tug‘dirgan o‘zimdagi g‘azabni men mehnatga almashtirdim. O‘z qadrimni oshirish va jamiyatda egallamoqchi bo‘lgan o‘rnimga munosib bo‘lish maqsadida men imkoni boricha chuqur bilim olishga harakat qildim. Yegan nonimdan ko‘ra yoqqan lampa yog‘i ko‘proq bo‘lgan: tunlarni oqartirib mehnat qilgan paytimda ko‘z o‘ngimda yongan chiroq menga hamma narsadan ko‘ra qimmatga tushgan. Bu davomli, beshafqat olishuv edi. Men hech kimda o‘zimga nisbatan achinish hissini uyg‘otolmadim. Axir, do‘st orttirish uchun yoshlar bilan tanish bo‘lmoq kerak, ular bilan talabalar boradigan joyga borib, mayxo‘rlik qilish uchun bisotingda bir necha su bo‘lmog‘i lozim. Mening esa hech vaqom yo‘q edi! Ammo Parijda hech kim biror narsani tasavvur qilolmaydi. Qanaqa muhtojlikda yashayotganimni birovlarga hikoya qilib berishga to‘g‘ri kelganda men ko‘pincha tomog‘imga allanarsa tiqilib qolgandek, o‘zimni noqulay sezardim. Keyinchalik menga boy oilada tug‘ilib, hech narsaga muhtoj bo‘lmagan hamda bu masalaning uchlik qoidasidan bexabar kishilarni uchratishga to‘g‘ri keldi: yosh yigitcha besh  frankli chaqa ekyuga qanday munosabatda bo‘lsa, jinoyatga o‘shanday munosabatda bo‘larkan. Ana shu boyvachcha ovsarlar menga: “Nega qarzga botib ketdingiz? Nega zimmangizga muncha mushkulotni oldingiz?”, deyishardi.
Ular menga xalqning ochlikdan o‘layotganini eshitib, nega u yog‘li nonlardan sotib olmaskan, deb so‘ragan malikani eslatardi. Non topish uchun bosh va qo‘llardan boshqa na do‘stlari, na bir miri mablag‘i, na obro‘yi bo‘lgan, Parijda tamoman yolg‘iz kun kechirayotgan, tag‘in jarrohlik uchun juda qimmat oladi deb shikoyat qilgan boylardan birortasini ko‘rsam degandim! Uning holi ne kechardi? O‘ziga ovqat izlab qaerga borardi? Mening jahlim chiqqan va rahm-shafqatsiz  kunlarim bo‘lganini siz yaxshi bilasiz, Byanshon. Men bu bilan oqsuyaklar jamiyatiga xos bo‘lgan yoshlikdagi beparvolik iztiroblari o‘sha kibru havo uchun o‘z-o‘zimdan qasos olardim; mening shuhratga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimga nafrat, hasad va bo‘htonning qanchalik g‘ov bo‘lganini eslardim. Parijda ayrim kishilar sizning endigina egarga o‘tirishga shaylanayotganingizni ko‘rsa, birov kelib baringizdan tortadi, sizni yiqilib, boshi bilan yerga urilsin deb o‘shaning o‘zi ayilni bo‘shatadi; boshqa birov esa otingizning tuyog‘idan taqasini sug‘uradi. Tag‘in o‘zgasi qamchiningizni o‘g‘irlaydi; eng rostgo‘yi — qo‘lidagi to‘pponchasi bilan sizni qoq manglayingizdan otmoqchi bo‘ladi. Azizim, sizda iste’dod bor, ammo hademay o‘rtamiyona zotlar o‘zlariga ustunlik qilayotganlarga nisbatan qanday dahshatli kurash olib borayotganini bilib olasiz.
Kechqurun siz yigirma besh luidor yutqazsangiz bormi, ertasiga sizni qimorbozlikda ayblaydilar, eng yaxshi do‘stlaringiz esa yigirma besh ming frank yutqazdi deb gap tarqatishadi. Boshingiz og‘risa bormi, sizni aqldan oza boshladi, deydilar. Mabodo og‘zingizdan biror nojo‘ya gap chiqib ketsa, naq sho‘rtumshuqqa chiqaradilar. Bordi-yu, siz ana shu olchoqlar to‘dasi bilan kurashga jahd qilsangiz, eng yaxshi do‘stlaringiz sizni hech kimni yoqtirmaydi, o‘zim bo‘lsam deydi, deb dod solishadi. Xullasi kalom, sizning fazilatlaringiz kamchilik va nuqsonga, ezgu harakatlaringiz jinoyatga yo‘yiladi. Basharti, siz birovni qutqarishga muvaffaq bo‘lsangiz, sizni qotilga chiqaradilar. Garchi bemor rosmana hayotga qaytgan bo‘lsa-da, siz uni sun’iy yo‘l bilan tuzatgansiz, u kelajakda buning uchun jazosini tortadi, mabodo u hozir o‘lmagan bo‘lsa, keyinroq o‘ladi, deyishadi. Qoqilib ketsangiz bormi: “Yiqildi” deyishadi. Bordi-yu, biror narsani ixtiro qilib, o‘z huquqlaringizni himoya qilmoqchi bo‘lsangiz, yoshlarning olg‘a intilishiga to‘sqinlik qiladi deydilar, mug‘ambir degan nom chiqarasiz. Shunday qilib, do‘stim, modomiki xudoga ishonmas ekanman, demak, odamga ishonish to‘g‘risida gapirmasa bo‘ladi. Mening tanimda qanchadan-qancha bema’ni gaplarga sabab bo‘lgan, Deplenga mutlaqo o‘xshamagan Deplenning yashashini siz yaxshi bilasiz, axir. O‘tgan ishga salavot. Shunday qilib, men birinchi imtihonga tayyorlanayotib, sariq chaqaga zor bo‘lib, mana shu uyda yashardim va ishlardim. Bilasizmi, men sira ilojini topolmay “Askarlikka borganim bo‘lsin” deya qaror qilgan kishi holatiga tushgan edim. Menda yakkayu yagona ilinj qolgan edi: “Men o‘sha o‘zim tug‘ilgan shahardan Parij hayoti haqida mutlaqo tasavvurga ega bo‘lmagan, oyiga o‘ttiz frank olayotgan, jiyanining nuqul buldiriq go‘shti bilan kun kechirayotganiga qat’iy ishongan, endi bo‘lsa uning ust-boshi haqida g‘amxo‘rlik qilayotgan keksa qishloqi xolalarimning sovg‘asi bir chamadon ichki kiyimni olishim lozim edi. Chamadon men uyda bo‘lmagan paytda kelgan ekan, men universitetda edim: ma’lum bo‘lishicha, kira haqi qirq frank turarkan. Zinapoya tagidagi hujrada turuvchi darvozabon etikdo‘z nemis o‘sha qirq frankni to‘lab, chamadonni olib qolgan ekan. Qanday qilib oldindan kira haqini to‘lamay chamadonimni qo‘lga kiritish haqida bosh qotirib, Fosse-Sen-Jermen-de-Pre va Tibbiyot fakulteti ko‘chasi bo‘ylab uzoq vaqt sanqib yurdim, holbuki, men ichki kiyimimni sotib ham kira pulini to‘lashim mumkin edi. Mening befahmligim, birdan-bir iste’dodim, jarrohlik ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Do‘stim, nozik qalb egalari, birmuncha yuksak doirada faoliyat ko‘rsatish uchun tug‘ilgan iqtidorli kishilar ko‘pincha bachkana odamlarga xos hiyla-nayrang, topqirlik, chapdastlik kabi xususiyatlardan mahrum bo‘lishadi: bu taxlit mo‘min-qobil daholar homiysi — tasodif, ular izlamaydi, ular topadi.
Men uyga kechroq qaytdim; sen-fluralik Burja ismli meshkobchi qo‘shnim ham shu paytda qaytgan edi. Bizlar shunchaki devor-dormiyon qo‘shniday bir-birining uxlayotganini, yo‘talayotganini, kiyinishlarini eshitib turadigan, pirovardida bir-biriga o‘rganib qolgan tanish edik. Qo‘shnim xo‘jayin meni ijara haqini uch marta orqaga surganim uchun haydamoqchi ekanini aytdi; men ertasigayoq jo‘nab qolishim darkor edi. Ma’lum bo‘lishicha, xo‘jayin ko‘shnimni ham kasbi ma’qul bo‘lmaganidan ko‘chib ketishga majbur qilayotganmish. Men hayotimdagi eng mashaqqatli tunni o‘tkazdim. Arzimas uy anjomlari va kitoblarimni olib chiqish uchun hammolni qaydan topaman? Hammol va darvozabonga qaerdan pul to‘layman? Qaerga borib bosh ursam ekan? Unsiz yig‘larkanman, telbalarcha o‘z-o‘zimga faqat shu savollarni berardim. Oxiri uxlab qoldim. Muhtojlikda kishiga turfa tushlar baxsh etuvchi uyqu hamdard bo‘ladi. Ertasiga ertalab nonimni suvga botirib tamaddi qilayotganimda xonamga Burja kirib keldi.
— Janob talaba, — dedi u menga baland ovoz bilan, — men bir bechora, tashlandiq bola edim, Sen-Flurada panoh topib o‘sdim, na otam, na onamni bilaman. Bunaqa bisotim bilan uylanishim mumkin emas. Sizning ham jonkuyarlaringiz uncha ko‘p emas, molu davlatingiz ham yo‘q hisobi. Gapimga quloq soling: pastda mening qo‘l aravacham turibdi, uni har soatiga ikki su kira haqi berish sharti bilan ijaraga olaman; unga hamma anjomlarimizni joylashtirsa bo‘ladi. Modomiki, bizni bu yerdan haydab chiqarishgan ekan, xohlasangiz turar joyni birga qidiramiz. Bu yer ham aytgulik jannatmakon joy emas-ku, axir.
— Bilaman, qadrdonim Burja, — dedim men, — lekin bir narsa xalal beryapti; pastda ekyu turadigan ichki kiyimlarim bor, o‘sha puldan uy haqini ham, darvozabonga to‘lanadigan qarzni ham to‘lashim mumkin edi. Biroq cho‘ntagimda sariq chaqa ham yo‘q.
— Yaxshi! Mening biroz tanga pulim bor, — javob berdi Burja menga o‘zining eskirgan va yog‘ bosgan charm hamyonini salmoqlab ko‘rsatarkan. — Ichki kiyimingiz o‘zingizga kerak bo‘ladi.
Burja mening xonam uchun ham, o‘z xonasi uchun ham to‘ladi, darvozabonning qirq frankini ham berib qo‘ydi. Keyin u ko‘ch-ko‘ronimizni va mening ko‘ylaklarim joylashgan chamadonni aravachaga yukladi-da, uni ko‘chalardan g‘ildiratib ketdi, xonalar ijaraga berilishi haqida e’lon yopishtirilgan uylar oldidagina to‘xtardi, xolos. Men bo‘lsam o‘sha uylarning har biriga kirib chiqar va ijaraga beriladigan xonani ko‘zdan kechirardim. Tush bo‘lib qoldi, ammo bizlar hamon boshpana izlab Lotin mahallasida behuda sanqirdik. Qayga bormaylik, ijara haqi oyoqdan olardi. Burja meni vino do‘koniga taklif etdi. Aravani eshik oldida qoldirdik. Kechga yaqin Rogan ko‘chasining tijorat muyulishida men bir uyning eng so‘nggi qavatida zinapoya maydonchasi bilan bir-biridan ajratilgan ikkita xona topdim. O‘shalarni ijaraga oldik. Har birimiz yiliga oltmish frankdan ijara haqi beradigan bo‘ldik. Endi menda ham, do‘stimda ham boshpana bor edi. Birga tushlik qildik. Burja bir kunda ellik sugacha topar edi. Uning yuz ekyuga yaqin puli bor edi. Burja ot va bochka sotib olishdek orzuni amalga oshirish arafasida edi. U mug‘ambirona o‘smoqchilab, mening barcha sir-asrorimdan voqif bo‘lib oldi, qanday ahvolda ekanligimni bilib olgach, bir umrlik ezgu orzusidan vaqtincha voz kechdi, ana shuni eslasam, hanuzgacha butun vujudimni hayajon bosadi. Burja yigirma ikki yil suv tashidi, lekin u o‘zining yuz ekyusini mening kelajagim uchun qurbon qildi.
Shunda Deplen Byanshonning qo‘lini qattiq siqib qo‘ydi.
— U o‘sha pullarni menga berdi, ular mening imtihonga tayyorgarlik ko‘rishim uchun g‘oyat zarur edi! Do‘stim, bu odam hayotdagi burchimni, mening aqlu zakovatim, ehtiyojimning uning ehtiyojlaridan muhim ekanligini fahmladi. U menga g‘amxo‘rlik qilar, meni “o‘g‘ilcham” deb atar, kitob sotib olishim uchun pul qarz berar, ba’zan esa qanday ishlayotganimni ko‘rish uchun sekingina xonamga kirib kelar edi. Nihoyat, u menga onalarcha mushfiqlik ko‘rsatib, men mahkum etilgan o‘sha qashshoqlik va maza-matrasiz yemakni foydali va to‘kin ovqatga almashtirish imkonini berdi. Burjaning yoshi qirqlarda edi. Uning aft-angori o‘rta asrlardagi shaharlikni eslatardi, manglayi bo‘rtib chiqqan, rassom unga qarab bemalol Likurgni* chizishi mumkin edi. Boyoqish yuragida yig‘ilib qolgan mehrni kimga izhor etishni bilmasdi. Hayotida unga mehr qo‘ygan yagona jonzot bundan sal ilgari o‘lgan baroq iti edi; Burja menga o‘z barog‘i haqida to‘xtovsiz gapirar, cherkov unga janoza o‘qish uchun ijozat bermasmikan, bu to‘g‘risida mening fikrim qandayligini bilmoqchi bo‘lardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu baroq it haqiqiy nasroniy bo‘lib, o‘n ikki oy mobaynida Burja bilan cherkovga borgan, u yerda hech qachon hurmagan, jim turib organ ovozini tinglagan, xuddi xo‘jayini bilan ibodat qilgandek u bilan yonma-yon o‘tirgan. Bu odam yolg‘izligimni, iztiroblarimni tushunib, butun mehru sadoqatini menga qaratdi, uning qo‘lidan keladigan narsa shu edi, zotan. U men uchun eng mehribon ona, hech qachon birovga ziyon-zahmat yetkazmaydigan eng ardoqli va fazilatli kishi bo‘lib qoldi. Gapning lo‘ndasini aytganda, u ezgulik timsoli bo‘lib qoldi, o‘zi bunyod etayotgan yaxshilikdan qoniqish hosil qilgan odam edi. Men Burjani har gal ko‘chada uchratganimda, u menga aql bovar qilmaydigan olijanoblik bilan farosatli nigoh tashlar edi; u yelkasida yuki yo‘q kishiday qomatini tik tutib yurishga intilardi; meni sog‘lom va yaxshi kiyingan holda ko‘rganidan o‘zini baxtli his etayotganga o‘xshardi. Bu bir jihatdan oddiy kishining fidoyiligi bo‘lsa, ikkinchidan, birmuncha yuqori muhitga ko‘chirilgan yengiltak qizning muhabbati edi. Burja mening barcha topshiriqlarimni bajarar, meni belgilangan soatda uyg‘otar, chirog‘imni tozalab qo‘yar, zinapoyamiz maydonini supurib-sidirar edi; u pokizaligi bilan har qanday ingliz oqsoch ayoli bilan bahslashishi mumkin edi.
Bizning butun xo‘jaligimiz uning gardanida edi. Filopemen* ga o‘xshab yog‘och ham arralardi. Mehnat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini takomillashtirganini anglaganday, u hamma narsani jo‘ngina, ammo qoyilmaqom qilib ado etardi. Otel-De klinikasiga assistent-amaliyotchi bo‘lib ishga kirganimda Burja bilan ajralishga to‘g‘ri keldi, chunki men klinika qoshida yashashim darkor edi. U chuqur g‘amga botardi, lekin mening dissertatsiya ustida ishlayotganimda talab qilinadigan xarajatlar uchun pul yig‘ayotgani uchun o‘zini yupatar va bo‘sh vaqtlarimda unikiga borib turishimni iltimos qilar edi.
Burja men bilan faxrlanar va jon-dildan yaxshi ko‘rardi. Agar siz mening dissertatsiyamni izlab topsangiz edi, uning Burjaga bag‘ishlanganini ko‘rgan bo‘lardingiz. Shifoxonada ishlash muddatimning so‘nggi yilida unga ot bilan bochka sotib olish va bu mard overnalikning qarzini uzishga yetadigan darajada mablag‘ga ega edim. Men unga pullarimni sarflaganimni bilgach, rosa jig‘ibiyron bo‘ldi, shunga qaramasdan xo‘p suyundi, uning eng ezgu orzusi ushalgan edi-da, axir. U kuldi va meni koyib qo‘ydi; u o‘zining bochkasiga, o‘z otiga qarar va ko‘z yoshlarini artarkan, dedi: “Yaxshi emas! Qanday ajoyib bochka! Lekin siz bunday qilmasligingiz kerak edi... O‘zi ham ketvorgan ot ekan, naq overna zotiga o‘xshaydi”.
Kishi ko‘nglini eritadigan voqeani sira ko‘rmaganman. Mening qarshilik qilishimga qaramasdan, Burja men uchun eng qimmatbaho narsa, siz xonamda ko‘rgan — g‘ilofiga kumushdan sayqal berilgan jarrohlik asboblari to‘plamini, albatta, sotib olish istagini bildirdi. U men dastlabki muvaffaqiyatlarimdan o‘zida yo‘q shod edi, lekin uning “uni men odam qildim” deganini, hatto bunga ishora ham qilmagan. Gapning  ochig‘ini aytganda, u bo‘lmaganda muhtojlik hayotimga zomin bo‘lgan bo‘lar edi-ku, axir. Boyaqish hayotini men uchun qurbon etdi: ma’lum bo‘lishicha, u tungi mashg‘ulotlarimni deb men uchun qahva sotib olarkan-da, o‘zi nonga sarimsoq surtib yer ekan. U kasal bo‘lib qoldi. Tunlarni uning boshida o‘tkazganimni aytib o‘tirmasam ham bo‘ladi. Umrimda birinchi bor uni saqlab qolishga muyassar bo‘ldim. Lekin ikki yil o‘tgach, kasallik yana qaytaladi, qanchalik tirishib parvarish qilmaylik, tabobatdagi barcha vositalarni ishga solmaylik, Burja vafot etdi. Birorta qirol ham bunchalik parvarish qilinmagan bo‘lsa kerak. Ha, Byanshon, bu hayotni o‘lim changalidan tortib olish uchun misli ko‘rilmagan darajada harakat qildim. Uning o‘zi amalga oshirgan ishlarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishini istagandim; uning barcha istaklarini ijro etsam degandim, hayotimda shu paytgacha sira takrorlanmagan, qalbimni batamom chulg‘agan, tashakkur tuyg‘usini izhor etishni nihoyasiga yetkazishni istagandim, hanuzgacha meni yondirib kelayotgan o‘tni o‘chirmoqchi edim!
— Mening ikkinchi otam Burja o‘z qo‘limda jon berdi, — deya davom etdi Deplen ozgina sukut saqlagach, uning hayajonlangani shundoqqina bilinib turardi. — U qoldirgan vasiyatnomaga binoan, barcha molu-mulki menga o‘tmog‘i darkor edi; bu vasiyatnomani unga har xil xujjatlar tuzish idorasida yozib berishgan ekan, unda ikkalamiz Rogan ko‘chasiga birga ko‘chib borgan yil qayd qilingan edi. Unda sofdil dindor kishining timsoli mujassamlashgan edi. Bibi Maryamni shunday sevar ediki, kishi ma’shuqasini shunday sevishi mumkin, xolos. Garchi, u ehtirosli dindor katolik bo‘lsa-da, mening dahriyligim haqida lom-mim demagan edi. Kasalligi xatarli tus olganda u mendan o‘zi uchun cherkov yordamini uyushtirishda hech narsani ayamaslikni iltimos qilgan edi. Men uning uchun kuniga ikki martadan duoi fotiha o‘qishni buyurtma qildim. U kechalari tez-tez o‘zining oxiratdagi qismatidan qo‘rqayotganini hikoya qilardi: unga hayoti uncha taqvodorlik bilan o‘tmaganga o‘xshab ko‘rinardi. Boyaqish! U ertadan-kechgacha mehnat qilardi. Agar bordi-yu, behisht bor bo‘lsa, unga bu kishidan boshqa kim ham munosib bo‘lishi mumkin? U avliyo sifatida cherkovning so‘nggi xayrbodini qabul qilgan edi (u chindan ham avliyo edi); uning o‘limi hayotiga mos edi: Burjaning tobuti ortidan faqat bir kishi borardi: bu men edim. Yakkayu yagona valine’matimni dafn etgach, menga qilgan yaxshiliklari evaziga nima qilsam ekan, deb o‘ylardim. Uning na oilasi, na do‘stlari, na xotini, na bolalari bor edi. Lekin u dindor edi, unda diniy e’tiqod mavjud edi, buning uchun u bilan bahslashishga haqqim bormidi? U bir kuni menga qo‘rqa-pisa bo‘lajak duoi-ibodat haqida yorilgan edi; qilgan yordamini pesh qilmaslik uchun u mening zimmamga bunday majburiyatni yuklamoqchi emasdi. Dastlabki imkoniyat tug‘ilganda men avliyo Sulptsiy cherkoviga kerakli miqdorda pul to‘plab, bir yilda to‘rt bor oxirat ibodatini buyurtma qildim. Burja uchun amalga oshiriladigan yagona narsa — uning taqvodorlik istagini bajo keltirish. Shu boisdan bir yilda to‘rt marta — ko‘klam, yoz, kuz va qishda cherkovga kelaman va shakkokka xos samimiyat bilan deyman: “Yo xudovandi karim, tasarrufotingda o‘lgandan so‘ng taqvodor kishilar yig‘iladigan maskan bo‘lsa, mo‘min-qobil Burjani unutma, agar u azob-uqubatni boshidan kechirmog‘i kerak bo‘lsa, o‘sha musibatlarni mening gardanimga yukla, toki u tezda jannat atalmish ma’voga erishgay”. Mana, azizim, fikrlash tarzi menikidek kishining qarori shunday bo‘ladi. Qasamyod etamanki, Burjaning e’tiqodi mening miyamda qaror topsaydi, bor-bisotimni bergan bo‘lur edim.
Deplenni so‘nggi marta davolagan Byanshon mashhur jarrohni dahriy sifatida vafot etgan deb aytishga botinolmaydi. Nahotki, bir vaqtlar peshtoqiga “Buyuk odamlar uchun umidbaxsh diyor” degan so‘zlar yozilgan o‘sha zaminiy ma’bad qopqalarini ochgan kishiga royish overnalik jannat qopqalarini ochmagan bo‘lsa? Ha ochgan — aynan shunday deb o‘ylash dindorlar uchun quvonchli emasmi, axir?!

Ruschadan Poshali Usmon tarjimasi.


_______________
* Q u y o sh  o‘ r i l m a s i — anatomiyada qorinda tutashgan vegetativ asablar tizimi. (Tarj).
* Qadimgi grek adabiyotida Orest va Pilandning bir-biriga sadoqatli bo‘lganlariga ishora. (Tarj).
* Zayd — Muhammad Payg‘ambarning quli bo‘lib, keyinchalik Islom dinining ashaddiy targ‘ibotchisiga aylangan.
* K a n t a l — Frantsiyadagi bir viloyat nomi.
* «S i t a t o r» — frantsuz adibi Pigo-Libren asari bo‘lib, unda katolik cherkovining illatlari fosh etiladi.
*  S u — XIX asr frantsuz pul birligi.
* L i k u r g — yarim afsonaviy qonun chiqaruvchi davlat va jamoat arbobi.
* F i l o p e m e n — qadimgi yunon qo‘mondoni, odil va mehnatsevar kishi bo‘lgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.